Tariximiz koʻzgusi

Mamlakatimiz yoshlarini yetuk va barkamol shaxs etib tarbiyalash, ularga buyuk ajdodlarimiz maʼnaviy merosini chuqur oʻrgatish har birimizning insoniy burchimizdir.

Buning uchun esa farzandlar bilan birga yurtimizning qadimiy kentlari, u yerdagi tarixiy obidalar, yodgorliklar va ziyoratgohlarga sayohatlar uyushtirish maqsadga muvofiq. Ana shunday maskanlardan bir poytaxtimiz markazidagi Temuriylar tarixi davlat muzeyidir.

Muzey koʻrkam va hashamdorligi va eksponatlarining boyligi bilan alohida ajralib turadi. Bino oʻzida Temuriylar davri va zamonaviy meʼmorchilik sanʼati uslublarini mujassamlashtirgan.

Amir Temur va uning avlodlari tarixidan soʻzlovchi ushbu maskan nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham maʼlum va mashhur. Muzey mustaqillik davrida bunyod etilgan boʻlib, “Davlat noyob ilmiy obʼyektlari” roʻyxatiga kiritilgan.

Uning xazinasida Oʻzbekiston tarixini aks ettiruvchi 3 mingdan ortiq eksponatlar saqlanadi. Qolaversa, bu yerda oʻzbek davlatchiligi tarixi, Temuriylar davri tarixi va qadriyatlarini aks ettiruvchi koʻrgazmalar ham mavjud. Amir Temur hayotidan lavhalar, qoʻlyozmalar, kitoblar, kumush va mis tangalar, oʻsha davrga oid musiqa asboblari, Buxoro zardoʻz kiyimlari, sopol idishlar har bir tashrif buyuruvchini befarq qoldirmaydi.

Bugunga qadar muzeyga jahonning turli davlatlaridan mingga yaqin rasmiy mehmon tashrif buyurib, ular oʻzlarining eng samimiy dil izhorlarini “Muzeyning faxriy mehmonlar kitobi”ga yozib qoldirgan. Ular asosida muzeyda “Dasxatlar” koʻrgazmasi yaratilgan.

Ushbu maskanga farzandim bilan qilgan sayohatim orqali buyuk bobokalonimiz hayot yoʻli bilan yaqindan tanishdik. Nazarimda har bir ota-ona oʻz farzandlari bilan birgalikda vaqt topib, ushbu qutlugʻ maskanga kelish lozim, deb oʻylayman.

– Muzey respublikamizga kelayotgan sayyohlar uchun, avvalo, Oʻzbekiston tarixining qisqacha “darsligi”, sayohat yoʻnalishlarini belgilab beruvchi xarita hisoblanadi, – deydi muzey xodimi, tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madraimov. – Shuningdek, muzey binosi oʻzining muhtashamligi va oʻziga xos arxitekturasi bilan alohida ajralib turadi. Prezidentimiz tomonidan ichki turizmni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ezgu saʼy-harakatlar natijasida ayni vaqtda bu yerga keluvchilarning soni kundan kun ortib bormoqda.

Bundan tashqari bu maskanda bolalar va oʻquvchi-yoshlar uchun talaygina imtiyozlar yaratilgan boʻlib, ular yaqinlari bilan haftada ikki kun muzeyni bepul aylanishlari mumkin. Qolaversa, yaqinda muzeyga Bobur dasxati tushirilgan qoʻlyozmalar, “Boburnoma”ga chizilgan rasmlar kitobi taqdim etildi.

Shu kunlarda yurtimiz boʻylab Sohibqiron tavalludining 682 yilligi keng nishonlanmoqda. Buyuk bobokalonimiz qilgan xayrli ishlarni bundan keyin ham davom ettirish, oʻgitlarini farzandlar ongiga chuqur singdirish yoshlarni yurtga sadoqat, ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

 

Dilfuza AZIMOVA

 

“Sogʻlom avlod” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/tariximiz-kozgusi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x