Ulugʻlarga munosib ehtirom

Yaqindagina Prezidentimizning «Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay ­Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisida»gi qarori chiqqan edi. Oradan hech qancha fursat oʻtmay «Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida»gi qaror eʼlon qilindi. Har ikki hujjat qoʻshni qardosh xalqlarning ulugʻ siymolariga xalqimizning ulkan mehr-muhabbati, eʼtirof va ehtiromi, davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlanganining yorqin ifodasi boʻldi.
Qarorda taʼkidlanganidek, Chingiz Aytmatov nafaqat qirgʻiz eli, ayni payt­­da butun turkiy mamlakatlar, jumladan, oʻzbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymodir. U Oʻzbekistonning ulkan doʻs­ti, mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni ­mustahkamlash, ularni asrash yoʻlida fidokorona mehnat qilgan adolat va haqiqat kuychisi edi. Xalqimizning shaʼni va obroʻ-eʼtiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilgan bu zot davlatimiz tomonidan «Doʻstlik» va «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangani ham buning ­yaqqol isbotidir.

Besh banddan iborat qarorda yubileyni yuqori saviyada nishonlash belgilangan boʻlib, jumladan «Chingiz Aytmatov va Oʻzbekis­ton» nomli xotira kitobi tayyorlash va nashr etish, adib hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish, asarlari asosida yangi spektakllar sahnalashtirish va badiiy film suratga olish, poytaxtimizning markaziy koʻchalaridan biriga uning nomini berish, Parkentdagi 33-maktabda byustini oʻrnatish, ilmiy konferensiya, Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida ijodiy kecha, joylarda taniqli shoir, yozuvchi, olimlar ishtirokida uchrashuvlar oʻtkazish, tadbirlarni keng yoritib borish koʻzda tutilgan.
Chingiz Aytmatov asarlari 200 ga yaqin mamlakatda katta nusxada chop etilgan. Bu ish hozir ham davom etmoqda. «Jamila», «Boʻtakoʻz», «Birinchi oʻqituvchi», «Sarviqomat dilbarim», «Momo yer», «Alvido, Gulsari!», «Oq kema», «Erta qaytgan turnalar», «Sohil boʻylab chopayotgan olapar», «Chingizxonning oq buluti», «Bolaligim» qissalari, «Asrni qaritgan kun», «Qiyomat», «Kassandra tamgʻasi», «Choʻqqida qolgan ovchining ohu zori», «Ruh ulugʻvorligiga qasida», «Togʻlar qulaganda» romanlari nashrdan chiqishi hamonoq nafaqat oʻz yurti, balki jahon miqyosida muhim madaniy-maʼrifiy voqea deya eʼtirof etilgan, boshqa tillarga oʻgirilib, koʻplab nufuzli mukofotlarga sazovor boʻlgan edi. Adib koʻp­lab hikoyalar, oʻtkir publitsistik maqolalar, dramatik asarlar, kinossenariylar muallifi hamdir.
Yana bir maroqli fakt. Chingiz Ayt­matov ijodi, hayotiga bagʻishlab yozilgan maqola, esdalik, esse, dissertatsiya, kitob va tadqiqotlar jamlanib, ustma-ust taxlansa, adibning boʻy-bastidan ham oshib ketishi aniq. Oʻzbekistonlik yozuvchi va shoirlar Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Zulfiya, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Asqad Muxtor, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Said Ahmad, Ahmad Aʼzam, Muhammad Ali, olimlardan Izzat Sulton, Ozod Sharafiddinov, Hamidulla Boltaboyev, Ibrohim Gʻafurov, jurnalist Ahmadjon Meliboyev va boshqalarning mashhur adibga bagʻishlangan maqola, tadqiqot, maʼruzalari va tarjimonlarning mehnatlarini alohida taʼkidlab oʻtish joiz.
Chingiz Aytmatovning deyarli hamma asari peshma-pesh oʻzbek tiliga tarjima qilingan va nashr etilgan. Adib oʻz vaqtida «Men ixlos bilan kitoblarimni oʻzbek tiliga oʻgirgan doʻstlarimga, ayniqsa, adabiyotshunos, tarjimon Asil Rashidovga tashakkur aytmoqchiman. Chunki mening asarlarimni Asiljon oʻzbekchaga xuddi men qirgʻiz tilida yozganday jarangli tarjima qildi. Mana shuning oʻzi ham doʻstlikning kuch-qudratidir», deya eʼtirof etgandi.
«Oʻzbek xalqining taqdirini oʻz taqdirimdan ajratib qarolmayman», «Qadim oʻzbek madaniyatining Oʻrta Osiyoga koʻrsatgan taʼsirini koʻhna Vizantiyaning Rusga koʻrsatgan taʼsiri bilan qiyoslash mumkin», «Agar Oʻzbekistonning hamma paxtasini jamuljam qilib vagonlarga ortiladigan boʻlsa, Yerdan to Oyga qadar yetadigan eshelon zarur boʻlardi, buning mubolagʻa joyi yoʻq»… Tomchida quyosh aks etgani singari aforizmga aylangan ushbu purhikmat soʻzlar adibning yurtimizga, xalqimizga buyuk muhabbati, sadoqati ifodasidir.
Shu oʻrinda adibning publitsistikasiga alohida toʻxtalib oʻtmaslikning sira iloji yoʻq. Negaki, davrning razvedkachisi, soʻzi, ovozi, solnomachisi boʻlgan bu janr keyingi yillarda yanada muhim ahamiyat, dolzarblik kasb etayotir.
Chingiz Aytmatov qishloq xoʻjalik ins­titutida oʻqib yurgan kezlaridayoq gazetalarga xabar, lavha, maqolalar yozib, qalamini charxlab borgan va ne saodatki, umrining oxiriga qadar jurnalistikaga, publitsistikaga sodiq qoldi. «Literaturniʼy Kirgiʼzstan» jurnaliga bosh muharrir, «Pravda» gazetasining Oʻrta Osiyo respub­likalari boʻyicha oʻz muxbiri boʻlib ishlagan kezlari yosh, gʻayratli, izlanuvchan Chingiz mintaqa boʻylab koʻp kezar, intervyular olar, mahoratini oshirib borar, korrespondensiya, ocherk, maqola, lavhalar yozardi. Yon daftariga tushgan bitiklar, maroqli suhbatlar, monolog, dialoglar hikoya, qissa, roman, drama va ssenariylar yozishida ham qoʻl keldi, xarakterlar tiliga koʻchdi. Ilk qissalari bosilib, ayniqsa, «Jamila» «Noviʼy mir» jurnalida eʼlon qilinib, fransuz, oʻzbek, qozoq va boshqa tillarga oʻgirilib, muallifni taniqli qilgach, endi koʻproq undan intervyu oladigan, suhbatga chorlaydigan boʻlishdi. Tabiatan odamoxun, koʻng­­li ochiq, feʼli keng, suhbatlashishga moyil adibga gazeta, jurnallar, radio, televideniye, kinoxronikadan muxbirlar, hamkasb yozuvchi, munaqqid, tarjimonlar tez-tez murojaat etib turishar, har bir intervyusi, suhbati oʻziga xos voqea sifatida ovoza boʻlib ketardi. Maqola, suhbatlari sobiq Ittifoq, xorijning bir qator nufuzli nashrlarida bosilar, oʻzi koʻpgina nashrlarning tahririyat jamoatchilik kengashi aʼzosi edi. Adibning publitsistikasi maxsus kitoblar holida nashr etilgan, shuningdek, uch jildlik, yetti jildlik, oʻn jildliklaridan oʻrin olgan.
1989 — 1990 yillarda Aytmatov ­Mos­k­­­­­­vada nashr etiladigan «Inostrannaya literatura» jurnalini boshqaradi. Qizigʻi shundaki, tahririyatning 17 nafar aʼzosi, qirgʻiz adibining oʻzi ishtirok etmagan boʻlsa ham, uni gʻoyibona bosh muharrirlikka saylashgan, katta ishonch bildirishgan.
Chingiz Aytmatov publitsistikasi badiiy asarlari singari maftunkor va jozibador, qamrovli va huzurbaxsh, maroqli va purhikmat, bir soʻz bilan ayt­ganda, jasoratu mahorat hosilasi. Ocherk va esselari, maqola va xatlari, suhbat va nutqlari qamrovi kengligi, maʼnosi teranligi, ohori toʻkilmagan, kutilmagan dalil va misollar, bosiq, ehtirosli, choʻng va choʻgʻdor fikrlarga, sanʼatkorona mushohada, falsafiy muhokama, publitsistik mulohazalarga boyligi, tili soddaligi, shiradorligi, obrazliligi, rangdorligi, soʻz va iboralarning aniqligi, mantiqan dalillangan va ishonarliligi kabi koʻplab fazilatlari bilan ajralib turadi. Va bu publitsistika hayotiy va ijodiy taj­ribasi katta, bilimi, saviyasi juda keng, jahon adabiyoti xazinasini koʻp va xoʻp oʻqib magʻzini chaqqan, fuqaroviylik tuygʻusi kuchli, insonlar, mamlakatlar taqdiriga daxldor, dunyo voqealaridan yaxshi xabardor, olam zarbini yuragi qaʼridan oʻtkazgan, dalil, hodisa, jarayonlarga zamonaviy ong, sayyoraviy tafakkur ufqi va yuksakligidan qarab hukm chiqargan, baho bergan yetuk, isteʼdodli yozuvchining dilnomalari edi. «Oltin darvozalar», «Anʼanalarning oʻzaro aloqadorligi», «Maʼnaviy tayanch», «Bari barchaga daxldor», «Odamiylik… defitsitmi?», «Ona tili moʻjizasi», «Soʻzga ajratilgan bir soat», «Hayot qadr-qimmati», «Insonga ishonaman», «Koʻzimiz ochilishi bahosi», «Qayta qurish, demok­ratiya — omonlik daraxti», «Zaminimizga zil ketyaptimi?», «Toʻxtatib qolingan vaqtmi? Uzaytirilgan hayot» kabi koʻp­lab maqola, suhbatlari fikrimiz dalilidir.
Ekologiya, ahloq, maʼnaviy qadriyatlar, madaniyatlar hamkorligi, milliylik va baynalmilallik, lisoniy siyosat, tarix, Amir Temurga munosabat kabi jiddiy, nozik masalalar, ularning turli jihatlari xususida eng eʼtiborli, asosli, adolatli, halol, maqbul gapni sobiq markaziy matbuot sahifalari, efir va ekranda birinchilardan (koʻpincha birinchi) boʻlib Chingiz Aytmatov jasorat bilan aytgandi. Odatan qisqa, bir necha sahifalik intervyu janrini yapon va qozoq shoirlari Daysaku Ikeda hamda Muxtor Shoxonov bilan intervyu-qissa, intervyu-romanga aylantirgan ham Chingiz Aytmatov boʻldi.
Mashhur adib badiiyati, publitsis­tikasi, insoniy fazilatlari haqida yurtimiz olim, adib, jurnalistlari koʻp narsa yozishgan, yozilyapti. Oʻzim ham bir necha maqolalar yozganman. 2004 yil Moskvada nashr etilgan «Kovcheg Chingiza Aytmatova» nomli kitobdan «Sayyoraviy tafakkur adibi» nomli salkam ikki bosma taboqli maqolam oʻrin olganidan, yozuvchining oʻzi nazardan oʻtkazib, maʼqul topganidan baxtiyorman.
Adib yubileyini «Chingiz Aytmatov ­publitsist va munaqqid» degan yangi kitob bilan kutib olmoqchiman. Zero, jahonga mashhur adib va jamoat arbobining hayoti va ijodi bilan daxldorlikdan hamisha faxrlanaman.

 

Saydi UMIROV,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi,

yozuvchi, publitsist

 

“Ishonch” – “Doveriye” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/uluglarga-munosib-ehtirom/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x