0099 raqamli yolgʻonchi

Qoʻngʻiroq oʻgʻrisi

Tugʻilganligimiz toʻgʻrisidagi guvohnoma biz odamlar uchun eng asosiy hujjat hisoblanadi. Agar shu narsamiz boʻlmasa, bizni kuyib-pishib boqayotgan, tarbiyalayotgan kimsalarning ota-onamiz ekanligini, haqiqatan ham shu yurt, shu millatga mansubligimizni birovlar xohlasa tan oladi, xohlamasa yoʻq. Fermadagi hayvonlarga bunaqa nodir qogʻoz berilmaydi. Chunki, oʻsha shildiroq qogʻozni avaylab asrash uchun u shoʻring qurgʻurlarda na zangkalitli sandiq bor, na pistonli choʻntak. Jonivorlarning qulogʻiga har xil raqamlar yozilgan yum-yumaloq mis tamgʻalar muhrlab qoʻyiladi xolos.

“Babachoq” fermasida ham tartib shunaqa: hayvon dunyoga keldi deguncha, birinchi galda uning qulogʻiga yopishishadi. Ushbu qissadagi barcha hangomalarning bosh sababchisi boʻlgan jangari Uloqcha ham bu marosimni allaqachon boshdan kechirgan. Baldoq taqishning oʻziga yarasha azob-uqubati borligini oʻgʻil bolalarga aytib, yana bir janjalli bahsni qoʻzib oʻtirmaylik. Buni isirgʻa taqib olib, oʻzini oynakka soladigan qizaloqlar yaxshi bilishadi.

Xullas, Uloqchamizning qulogʻiga 0099 raqamli baldoqcha osishib, uni hammaga taniqli qilib qoʻyishgan. Shunday qilishmaganda-ku, bu diqqinafas fermadan tezda juftakni rostlagan, birorta tinchroq xonadondagi erkin hayvonlar orasiga sekingina qoʻshilib olgan boʻlardi.

Umuman olganda, “Babachoq” fermasida hamma narsa oshib-toshib yotibdi. Ombor toʻla yem, gʻaram-gʻaram pichanlar, issiqqina ogʻilxona. Buning ustiga, ular yotgan joylarni oʻz vaqtida tozalab, taglariga yumshoqqina arratoʻpon sepib qoʻyishadi. Shunga qaramay, Uloqcha fermani oʻlgudek yomon koʻrar, bir xil turmush va qattiq tartib-intizom uning jon-joniga tegib ketgandi. Ayniqsa, har kuni erta tongda uning shirin uyqusini buzib, majburan yaylovga haydashgan paytda tomorqasi kengroq dehqonning xonaki echkisi boʻlib tugʻilmaganidan judayam afsuslanardi.

Dunyoga keliboq onasidan ayrilgan bu zumrasha ur-toʻpalon hayotga boshqalardan oldinroq moslashishga urindi, hech bir mulohaza qilib oʻtirmay, duch kelgan qoʻy-echkini aralash-quralash emib ketaverdi. Oʻzga uloq-qoʻzilarning rizqini qiyayotgan bu ochofatning biqiniga takalar ayamay kalla solishar, achchigʻini bosolmagan qoʻchqorlar uni tiraqaylatib quva ketishardi. Yetim Uloqcha taka-yu qoʻchqorlarning zarbli suzishlaridan uch-toʻrt yumalanib, yana diriklab oʻrnidan turar, tanasidagi ogʻriqlarni birpasda esdan chiqarib, andishasizlik bilan qaytadan oraga suqilardi. Ishtahang karnay boʻlib turganda tortinchoqlikka balo bormi?

“Babachoq” fermasidagi hayvonlar oxiri bu surbet Uloqcha bilan oʻchakishmaydigan boʻlib qolishdi. Oʻzining qoniqarsiz xulqi bilan hammaning jigʻiga tegib yuruvchi olgʻir qahramonimiz boʻlak tengdoshlariga nisbatan ikki hissa koʻp sut emib, baquvvat ulgʻaya boshladi.

Tartib bor joyda uni buzuvchilar ham uchrab turadi. Aks holda, “intizom” degan soʻzning sariq chaqalik qadr-qimmati qolmagan boʻlardi. Bu gaplarni men ichimdan toʻqib aytayotganim yoʻq. “Babachoq” fermasidagi podaga bir necha yildan beri oqsoqollik qilib kelayotgan Nayzashox ismli Serkaning fikri ana shunday.

Nayzashox qanchalar qattiqqoʻl boʻlmasin, baʼzan hatto kap-katta qoʻy-echkilar arzimagan narsa ustida san-manga borib qolishar, yoshlar esa oʻyinqaroqlik qilib, oʻzlariga yem solinadigan oxurni pachoqlab qoʻyishar yoki endigina boʻrtib chiqayotgan muguzchalari bilan yaqindagina oqlangan devorni chalama-chakki chizib tashlashardi.

Lekin, 0099 raqamli Uloqcha oyoqqa mustahkamroq turib olgan kundan boshlab, oxurni pachoqlash, devorga chizish singari ishlar mayda bezoriliklar qatoriga tushib qoldi. Endigi yigʻilishlarda birovlarning ovqatini zoʻravonlarcha tortib olish, oʻz fermadoshini eti momataloq boʻladigan darajada doʻpposlash, yaylovda oʻzboshimchalik bilan podadan ajrab qolish kabi katta masalalar muhokamaga qoʻyila boshlandi. Uloqcha hali toʻrt oylik boʻlmay turib, besh marta “hayfsan” olishga ulgurdi. “Hayfsan” oldingmi, uch kun davomida maʼramay yurishga majbursan. Shunchaki “mi” deb qoʻysang ham, kechqurungi kepakli teritdan mahrumsan. Uch kun jim yurishga chidash – oʻlimdan sal mundogʻroq-da.

Uloqchaning yoshi ulgʻaygan sayin uning nuqsonlari ham kattaya bordi. Manmanlik, yolgʻonchilik va muttahamlikdan tashqari unda xudbinlik, amalparastlik alomatlari shakllana boshladi. Avvaliga, podaning oldingi safida yuruvchi keksa hayvonlar orasiga suqilib kirdi. Keyinchalik, yanayam oldiroqqa oʻtib, oqsoqol bilan deyarli yonma-yon odimlaydigan qiliq chiqardi. Hatto oqsoqolning fermadagi birinchi laganbardori hisoblanmish Sulla laqabli Taka ham shu mahalgacha bunday qilishga botinolmagan edi.

Qattiqqoʻl Nayzashox, negadir, bu betamizlikka ortiqcha ahamiyat berib oʻtirmadi. Balki uning soʻqqabosh yetimchaga ozor bergisi kelmagandir, balki qandaydir tirmizak bilan hadeb xirillashaverish meʼdasiga tekkandir, uyogʻi bizga qorongʻi.

Hovliqmachilik va mansabparastlik juda yomon narsa. Bu dardga duchor boʻldingmi, oʻz boshingga keladigan balolarga oʻzing zamin hozirlayotganingni payqamay qolasan. Kunlardan bir kuni 0099 raqamli Uloqcha qoʻrsayganicha oqsoqoldan oldinga oʻtib, oliftanamo odimlay boshladi. Bu endi eng uchchiga chiqqan intizomsizlik edi. Nayzashox asta ortga oʻgirilib, Sullaga maʼnodor koʻz qisib qoʻydi. Nihoyat xoʻjayinning toqati toq boʻlganini fahmlagan Sulla bora solib, tartibbuzar Uloqchaning chap qovurgʻasiga gupira-qars kalla qoʻydi. Ana endi osmonda tipirchilab aylanishni koʻring-u, gupillab yerga tushishni tomosha qiling!

Beti bezlashib ketgan qahramonimiz shundan keyin ham podaning oldingi qatorlarida oʻralashishdan voz kechmagan boʻlsa-da, harqalay boshliqdan ilgariroqqa oʻtib yurishga yuragi chopmay qoldi.

Uloqcha oʻtaketgan kekchi edi. U biqinidagi ogʻriqlar tiyilganidan soʻng ham Sullani kechirolmadi. Qayerdandir bir boʻlak kirsovun topib, uni depsib maydaladi va raqibining oxuridagi yemga sekingina aralashtirib qoʻydi. Koʻp oʻtmay, Sullaning junlari tullab, tasqara bir qiyofaga kirdiki, yaqin oshnalari ham undan jirkanib, nariroqda yuradigan boʻlishdi.

“Bu kuningdan battar boʻl! – deya ich-ichidan quvonib qoʻyardi Uloqcha, Sullaning ahvolini koʻrib. – Xoʻjayinga yaxshi koʻrinaman deb, boshqalarni tepalashning oqibati shunaqa boʻladi”.

Navroʻz oyining soʻnggi tongi “Babachoq” fermasiga bezovtalik olib keldi. Ilk sahardayoq misli koʻrilmagan toʻs-toʻpalon boshlandi. Nayzashoxning boʻynidagi kumush qoʻngʻiroq tuyqus yoʻqolgani haqidagi xabar ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, hammani notinch qildi. Oqsoqolning Sulla boshchiligidagi bir toʻp xushomadgoʻylari fermadagi barcha kavak-kandiklarni, oʻra-xandaqlarni, oxur va chelaklarni erinmay tintib chiqishdi. Qoʻngʻiroq hech qayerdan topilmadi. Shundan keyin, fermadagi borliq qoʻy-echkilar bola-baqralari bilan maydonga saflansin, degan buyruq berildi. Hayvonlar belgilangan joyda yigʻilib, yoʻqlama oʻtkizilgach, 0099 raqamli bevosh Uloqchaning oʻz oʻrnida emasligi maʼlum boʻldi.

– Aha! Ana, qoʻngʻiroq kimda ekan! – xirqirab qichqirdi, terisiga qoʻtir tusha boshlagan Sulla. – Bilardim shunaqa boʻlishini!

Serkaning qoʻngʻiroqsiz qolishi qirolning tojdan ayrilishi singari katta koʻngilsizlik hisoblanadi. Podada nima koʻp – taka koʻp. Biroq, ana shu erkak echkilardan faqatgina bittasi Serka deyiladi. Serka boʻynidagi qoʻngʻirogʻini jingillatib qayoqqa yursa, oʻzga hayvonlar unga ergashishga majbur. Qoida shunaqa.

Hammaning koʻzi oqsoqolda edi. Nayzashox motamsaro qiyofada bir zum sukut saqlab turgach, mungli tovushda dedi:

– Ikkita nol-u ikkita toʻqqiz raqamli qaroqchi endi shafqatimizdan mahrumdir. Uni tutib keltirgan jonivor besh paqir kunjara bilan mukofotlangay. Ammo, mukofotdan

boʻkib oʻladigan boʻlsa, uyogʻiga javobgar emasmiz.

Bu gapdan hammaning nafsi jikillab, yaloqilarcha tamshanib qoʻyishdi.

 

Bilimdon

Shudringlar quyosh taftidan bugʻlana boshlagan sari maysalardagi yoqutrang nurlar asta-sekin soʻnib, yaylov yana odmi tusga kirdi. Xuddi shu pallada oʻziga bino qoʻygan shalpangquloq bir maxluq oʻtloqqa tashrif buyurdi. Bu Bilimdon laqabli Eshak edi.

Bilimdon juda koʻp narsaga qiziqar, hamma narsani bilishni istar, ayrim jumboqlar ustida kechalari bilan mijja qoqmay bosh qotirardi. Masalan, “Nima uchun yoz faslida qor yogʻmaydi”, degan chigal bir savol uni uzoq vaqt bezovta qilib yurdi. Tinmay oʻylayverib, oxiri shunday xulosaga keldi: “Qor yozda ham yogʻadi, ammo issiqdan osmonning oʻzidayoq erib ketaveradi”.

Keyin u “Toki yer yuzida Ot bilan Eshakday mukammal hayvonlar bor ekan, Xachir degan bachkana narsa nima maqsadda yaratilgan”, deyiluvchi savoldan iborat ulkan masala ustida fikr yurita boshladi. Fikrlay-fikrlay, nihoyat joʻyali javob topdi. Uning aytishiga qaraganda, dunyo shunday sirli tuzilgan ekanki, ikkita zoʻr narsaning oʻrtasida bitta qandaydir silqindining ham boʻlishi tabiiy hol emish. “Chunonchi, maʼdanga boy togʻlar bilan mevazor bogʻlar oraligʻida tap-taqir adirlar bor”, deya fikrini isbotlashga tirishardi u.

Hayot juda qiziq narsa. Oʻlib-tirilib bitta jumboqni hal qilganingda, oʻsha zahoti oldingda boshqasi koʻndalang boʻlib turaveradi. Eshak soʻnggi paytlarda behad chalkash bir masalani oʻylab, miyasining qatigʻini qaynatib yuribdi. Uning zahmatkash kallasida: “Odamlar nima uchun Mushukni quchogʻiga oʻtqazib erkalatishadi-yu, Eshakni esa minishadi”, degan savol charxpalakdek aylangani-aylangan. Afsuski, hali-hozir bunga javob topolgani yoʻq.

Shu topda ham, ishtaha bilan ajriq kavshab, ana shu toʻgʻrisida oʻylay boshlagan edi, “Vey, Eshshak!” – degan haqoratomuz tovushni eshitib, jahllanib ortga oʻgrildi. Uning qarshisida boʻyniga qoʻngʻiroq ilib olgan oʻyinqaroq Uloqcha turardi. Eshak kalondimogʻlik bilan burnini jiyirib, oʻshqirdi:

– Bir tepishda toʻrttala tuyogʻingni osmondan qilgayman! Meni “eshak” deyishga qanday tiling bordi?

Eshakning baqirishidan ne-ne hayvonlar talvasaga tushmagan deysiz. Uloqcha boʻlsa, miq etib qoʻymadi.

– Meni aldab boʻpsan, – deya bamaylixotir javob qildi u. – Yoʻlbars emasliging shundoqqina koʻrinib turibdi. Xex-xex-xe…

– Senga aytib qoʻyayin, tirrancha, – koʻkrak kerib hangradi Eshak. – Meni Bilimdon deydilar! Bundan keyin ogʻzingga qarab gapirgaysan. Maylimi?

Eshak oʻzini aqlli mavjudot qilib koʻrsatishga urinayotgani Uloqchaning kulgisini qistatdi.

– Hoʻ, oʻqimagan! – tap tortmay gapni davom ettirdi u. – Oʻzing eshaksan-u, nega endi oting Bilimdon boʻlarkan?

Eshak gerdaygan kuyi unga yaqinroq keldi:

– Chunki, men hamma narsani bilaveraman. Hatto oʻngacha sanashniyam bemalol eplashtiramiz. Mana, eshit: bir, olti, uch, sakkiz, oʻn! Qoyilmisan endi?

– Toʻgʻri sanading, – sir boy bermay chimrildi Uloqcha. – Sanashni men ham bilaman. Ishonmasang, bir bogʻ xashakdan garov oʻynaymiz.

Eshak chiranchoq Uloqchaga diqqat bilan boshdan-oyoq nazar solib chiqdi. Keyin uning qayoqdan kelib qolganini surishtirdi. Uloqcha burnini yuqori koʻtarib, boʻynidagi qoʻngʻirogʻini faxr bilan jiringlatdi:

– Kumush qoʻngʻirogʻimni koʻryapsanmi? Fermadan yuborishdi meni. Endi shu yaylovga oqsoqollik qilaman.

– Qarang-ga, qarang-ga! – uni masxaralab tirjaydi Eshak. – Boʻlak oqsoqol qurib ketganakan-da, a, echkivachcha?

Bu gapni eshitib, Uloqchaning feʼli aynidi. Eshakni suzmoqchidek, boshini pastga egib, tuyogʻida yerni timdaladi.

– Qaytib “echkivvachcha” deydigan boʻlsang, seni yaylovda hangrash huquqidan mahrum qilaman! – deb oʻdagʻayladi u. – Shalpang quloqlaring bilan uqib olginki, bugundan boshlab meni “hurmatli oqsoqol”, yo boʻlmasa, “hukmdorim” deb chaqirishing kerak!

Eshakning birdan dumi qisilib, koʻzi bejo oʻynadi. Uloqcha endi qittak yumshab, muloyimroq ohangda soʻz qotdi:

– Agar-r… chizgan chizigʻimdan chiqmaslikka soʻz bersang, aytaylikki… seni oʻzimga yordamchi qilib olishim ham mumkin.

Eshak beqiyos aql-u farosati bilan shu yoshgacha biron-bir mansabga ega emasligidan juda oʻksinib yurardi. Hozirgi shaʼmadan keyin uning boʻzraygan koʻzlari toʻsatdan yorqin chaqnab ketdi. Gapni choʻzib oʻtirmay, yordamchi degan lavozim unga qanaqa foyda keltirishini surishtirdi. Uloqchaning “boshliq bilan yordamchi yaylovning eng seroʻt joyida tamaddilanish huquqiga ega boʻladi”, degan soʻzini eshitib, quvonchdan dumi oʻynadi.

– Manavi boshqa gap! – gijinglab turib, dimogʻida poʻngʻilladi Eshak. – Agar vaʼdangda tursang, hozirdan boshlab gapingdan chiqmagayman, echkivachcha.

– Nima deding? – chaqchaydi Uloqcha. – He, tiling kesilgur!

– Ke… ke… kechirgaysiz, – aybini yuvishga urinib, Uloqchani sizlay boshladi Eshak. – M… men “hukmdorim” demoqchi boʻluvdim. Ha, manashunaqa!

Uloqcha yengil tin olib, Eshakning koʻzlariga sinchiklab tikildi.

– Mana, sen bilan kelishib oldik, – dedi u, haqiqiy boshliqlardek miyigʻida jilmayib. – Endi boshqalarni tartibga solishimiz kerak.

Uloqcha sopolrang koʻzlarini jovdiratib, atrofga alangladi-da, takroran Eshakka yuzlandi:

– Aytganday, boshqalar qani?

– Bugun yakshanba boʻlsa kerak, – axborot berdi Eshak. – Mendan boʻlak hamma hayvon yakshanba kuni dam olgay.

Buni eshitib, Uloqchaning achchigʻi chiqdi:

– Nima-nima? Yaylovdagilarga yakshanbada dam olishni kim qoʻyibdi? Butun qish boʻyi ogʻilxonadan chiqmay yem chaynashgani kammi ularga? Oʻzboshimchalik

bu! Tushundingmi?

– Tushunganda qandoq! – askarchasiga qaddini gʻozladi Eshak. – Nima, kallam oshqovoqmidi?

Kumush qoʻngʻiroqli boshliq hozirgina lavozimga tayinlangan shalpangquloq yordamchisiga dastlabki topshiriqni berdi.

– Gʻirillab borib, oʻsha yalqovlarni tezda yaylovga yetaklab kel, – shohona qiyofada buyurdi u. – Katta yigʻilish oʻtkazamiz. Kelgunlaringcha, men tevarak-atrofni aylanib, yaylovning ahvoli bilan tanishib turaman.

Eshak yana qaddini rostladi:

– Xoʻp boʻladi, hukmdorim!

Eshak bir shattalab ortga burildi-da, soʻqmoqni changitganicha, qishloq tomonga poyga qoʻydi. Uloqcha labining chetida mamnun iljaydi.

“Mana, bu toʻs-toʻpalon yaylovdayam tartib oʻrnatadigan boʻldik, – boʻynidagi qoʻngʻiroqni siypalab oʻyladi u. – Endi ahmoqlarga oz-moz aql oʻrgatamiz. Aqllilarning tilini tiyib qoʻyamiz. Mahmadanalar bizga toʻgʻri kelmaydi. Gap degani oʻzimizdayam yetarli”.

Uloqcha yaylovni koʻzdan kechirishga kirishdi. Yoʻl-yoʻlakay uyer-buyerdagi oʻtlarni labida chimdilab, har qaysi joyning taʼmini imkon qadar eslab qola boshladi.

 

Tanishuv

 

Eshshaklarga kulmanglar,

Ular bari polvondir.

Eshshaklarning aqli kam –

Degan gaplar yolgʻondir,

Eshshaklarga kulmanglar.

Eshshaklarga kulmanglar,

Ogʻir yukni tortishsa.

Aslo kulmas edingiz

Yukni sizga ortishsa,

Eshshaklarga kulmanglar-a-r…

 

Eshak ashula aytganicha qishloqqa kirib kelib, hammadan oldin bu atrofdagi eng keksa va obroʻli hayvon hisoblangan Hoʻkiz ogʻaning huzuriga bordi. Daraxtning ostiga yonboshlab olib, boʻyni yetadigan joylardagi oʻt-oʻlanni ermak qilib yotgan Hoʻkiz ogʻa Eshakning salomiga erinibgina bosh qimirlatdi.

– Ha, Bilimdon, nima gap?.

– Fermadan bizga oqsoqol yuboribdilar, – deb hangradi Eshak. – Hammamiz yaylovga marhamat qilgaymiz. Katta majlis boʻladurmish.

Hoʻkiz ogʻa peshanasini tirishtirib, sekin oʻrnidan turdi. Yelkasini daraxtga ishqalab qashlarkan, oʻzicha gʻudrandi:

– Oʻlay agar bu dunyoning ishlariga tushunsam. Fermasi qayerda-yu, oqsoqoli kim boʻldiykin? Ishqilib, qarigan paytimda meni yana omoch sudrashga majbur qilishmasin-da…

Eshak hangira-hangir qilib yurib, boshqa hayvonlarni ham bir zumda yigʻib keldi. Hoʻkiz ogʻa ularga qoʻshilib, yaylov sari noxush odimlab borarkan, yoʻl-yoʻlakay Eshakdan soʻradi:

– Menga qara, Bilimdon. Oʻsha oqsoqoling kim oʻzi?

Eshak har ehtimolga qarshi tevarakka olazirak elovlab olib, pastroq tovushda dedi:

– Ochigʻini aytgaymizki, oʻzi koʻrimsizgina bir Uloq. Lekin, qarangki, oʻsha echkivachchaning boʻynida kumush qoʻngʻirogʻi bor!

– Qoʻngʻiroq rostdanam oʻzinikimikin, hov? – deya tilini osiltirib gap qistirdi Olapar ismli It. – Menimcha, seni laqillatgandir-ov, vov!

Koʻpdan buyon shubhasini aytishdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib turgan qiziqqon Boʻtaloq bu gapdan keyin tiliga erk berib, dangal soʻz boshladi:

– Olapar toʻgʻri aytyapti. Oʻsha echkivachchaning shartta dumini tugib, kelgan joyiga qaytarib quvish kerak. Borib ammasiga oqsoqollik qilsin!

– Toʻgʻri! – dedi Qoʻzichoq, Boʻtaloqning fikrini maʼqullab.

– Menimcha, bunday qilish yaxshimas, – oʻz odatiga koʻra, bosiqlik bilan munosabat bildirdi Hoʻkiz ogʻa. – Avval u bilan toʻgʻrilikcha gaplashib koʻrganimiz tuzuk. Qani, maqsadini bilaylik-chi.

Qoʻzichoq bu safar ham boshini qimirlatdi:

– Toʻgʻri!

– Hoʻkiz ogʻaning gapida jon bor, – Boʻtaloqdan koʻra mulohazaliroq ekanini barchaga bildirib qoʻyish uchun ataylab salmoqli tarzda soʻzladi Eshak. – Oldin yaxshilikcha fikrlashib koʻrgaymiz. Agar mendek polvonniyam aldashga botingan boʻlsa, oʻsha echkivachchani shaxsan oʻzim…

Eshakning karillashi kekirtagida qoldi. Doʻnglik ortidan Uloqcha chiqib kelayotganini koʻrib, darrov oʻzini oʻngladi va shaxdam odimlab, uning istiqboliga yurdi:

– Podani yigʻib keldim, hukmdorim!

Uloqcha: “Senga rahmatnoma eʼlon qilaman, Bilimdon”, deya Eshakni ogʻzaki ragʻbatlantirgan boʻldi. Soʻng, boshqa hayvonlarga yuzlanib, ularga naridan-beri razm solgach, dabdabali ohangda murojaat qildi:

– Salom, hayvonlar!

Hayvonlar birin-ketin maʼrab-moʻvrab alik olishdi. Eng oxirida Olapar choʻziq vovullab qoʻydi. Oqsoqol aftini burishtirib, unga hafsalasiz tikildi.

– Yaylov bu oʻtxoʻr hayvonlarning joyi, – Olaparni zarracha mensimasdan soʻz qotdi u. – Sen bu yerda nima qilib yuribsan, itdan tarqagan?

Boʻribosar ajdodlarining arvohini bezovtalantiruvchi muomaladan jahli chiqqan Olapar burnini titratib, qulogʻini dikkaytirdi. Lekin, vakolati hozircha nomaʼlum boʻlgan oqsoqolga oʻchakishishdan oʻzini tiyib, vazifasi Qoʻzichoqni yaylovda qoʻriqlab yurishdan iborat ekanligini yotigʻi bilan tushuntirishga intildi.

– Qoʻzichoqqa poyloqchilik qilishingga ruxsat berishim mumkin, – deya Itga biroz yon bosgan boʻldi Uloqcha. – Biroq, seni yaylovda akillash huquqidan mahrum qilaman!

Biz qorinni toʻydirib dam olayotganimizda, sen atrofimizda ulib yurishing tartibga xilof narsa.

Nima deyishini bilmay qolgan Olapar Hoʻkiz ogʻaga zimdan iltijoli qarab qoʻydi. Olaparga qolsa-ku, bunaqa betasir xoʻjayinlardan oʻntasini birpasda piypalab tashlagan boʻlardi. Ammo, koʻpchilikning, koʻpchilik boʻlgandayam, eski qadrdonlarining rayiga qaramay ish koʻrish butkul odobsizlik hisoblanardi. Shuni oʻylab, tishini tishiga qoʻyib turardi.

Hoʻkiz ogʻa Itning ahvoliga tushunib, sabringga balli, degandek, unga maʼnodor bosh likillatdi. Soʻng Uloqchaga yuzlanib, dedi:

– Bu adolatdan emas, oqsoqol. Olapar koʻpdan beri biz bilan birga yashaydi. Barimiz aka-ukadek boʻpketganmiz.

– Judayam notoʻgʻri moʻvrayapsiz, – deya Hoʻkiz ogʻaga eʼtiroz bildirdi Uloqcha. – Siz ukam deb atayotgan bu It bir kunmas bir kuni birontamizning suyagimizni “qirt-qirt, qirt-qirt, qirt-qirt” qilib gʻajishi mumkin. Xoʻsh, shumi adolat?

Hoʻkiz ogʻaning birdan gʻashi kelib, bezanglaganicha yerni tepkilay boshladi. Uloqcha unga taajjublanib boqayotganini koʻrgan Eshak, shosha-pisha izoh berdi:

– Iltimos, hukmdorim, Hoʻkiz ogʻaga bundan keyin “xoʻsh” degan gapni ishlatmagaysiz. Bu zot “xoʻsh” degan gapni yomon koʻradurlar.

– Sizdan qaytarib soʻrayapman, Hoʻkiz ogʻa, – deya oʻzini yana qozilikka soldi Uloqcha. – Suyagimizni rohatlanib gʻajiydigan mahluq bizga doʻst boʻlishi mumkinmi?

Oʻzining ortiqcha donoligi bilan emas, balki salobati bilan birovlarga soʻzini oʻtkazishga oʻrganib qolgan keksa Hoʻkiz mahmadana Uloqchaning unchalar qaltis boʻlmagan savoliga javob topolmay, tili

tutilib qoldi. Bundan foydalangan oqsoqol hukmini koʻpchilikka tasdiqlatib olishga urindi:

– Shunday qilib, hammamiz bir qarorga keldik, yaʼni Olapar yaylovda vovillash huquqidan mahrum etildi. Bugundan boshlab, uning bu oʻrtada akillaganini eshitmasligimiz kerak.

Yangicha tartibning birinchi qurboni boʻlgan It, tarafimni oladiganlar topilib qolar, degan umidda koʻzini jovdiratib, turganlarga bir-bir qarab chiqdi. Qishloqdoshlari undan koʻzlarini olib qochishayotganini koʻrib, birdan maʼyus tortdi.

– Ir-r, xap! – deb alam bilan soʻz boshladi Olapar. – Demak, endi men gʻing demasdan yurishim lozim. Shunaqami?

Olaparning qishloqdoshlari unga oʻngʻaysizlanib qarab qoʻyishib, yana boshlarini egishdi.

– Men bunday yasholmayman, ogʻaynilar, – xazin soʻzlashda davom etdi Olapar. – Oʻzlaring oʻylab koʻringlar, yaylovdan begonalar oʻtib qolgudek boʻlsa, qanday qilib ularga akillamasdan tura olaman? Yo boʻlmasa, bironta lochin Qoʻzichoqning ustida aylanib qoldi deylik. Bunaqada hurimasdan boʻladimi? Aytinglar, hov, vov-vov! Meni kechqurunlari zanjirga bogʻlab qoʻyishgani ham yetar. Hech boʻlmasa, vovullab turmasam bu kunimdan oʻlganim ming marta yaxshi. Endi sizlar bilan yaylovda yurolmayman, ogʻaynilar. Men qishloqqa ketaman. Xayr, ir-r!

Oʻzining itlik shaʼnini barcha narsadan ustun qoʻyib oʻrgangan Olapar noshud doʻstlaridan arazlab, shartta orqaga burildi-da, xafagarchilikdan dumini sudraganicha qishloqqa qaytib ketdi.

Hoʻkiz ogʻa tahqirlangan Olaparning ortidan bir necha fursat xomush termilib turgach, Uloqchaga bosiqlik bilan moʻvradi:

– Baribir yaxshi ish boʻlmadi, oqsoqol. Bu It umrida hech birimizga dushmanlik qilmaganidi.

– Lekin, doʻst ham emas! – tagʻin oʻzinikini maʼqulladi Uloqcha. – Oʻtxoʻr oʻtni oʻylaydi, suyakxoʻr – suyakni. Ikkala gala aralashgan joyda qon toʻkiladi.

Hoʻkiz ogʻa picha mulohazalanib olib, dedi:

– Toʻgʻri, It – suyakxoʻr, ammo yirtqich emas. Shu narsaning farqiga bormading shekilli, oqsoqol…

 

Janjal

Tuyalar kenglik va erkinlikni, hattoki, hayot uchun eng zarur boʻlgan toʻqlik va halovatdan ham ustun qoʻyishadi. Karvonboshilarning gapi chin boʻlsa, tuyalar saksovulni avliyo oʻsimlik hisoblashar, uning qarshisida choʻk tushishib, “Bizni tor koʻchalarda yurish-u, sassiq ogʻilxonalarda yotishdan asragin”, deya iltijo qilishar ekan. Ota-bobolarining bu xususiyati Boʻtaloqqa ham qon orqali ozmi-koʻp oʻtgan boʻlib, har qanday taʼqib va cheklashlarni oʻlgudek yomon koʻrardi.

Baxti qora Olapar oʻksinganicha qishloq tomon yoʻl olganidan soʻng, oqsoqolning poyqadami yaylovga qutlugʻ kelmaganini sezgan Boʻtaloq tajanglanib pixilladi. Hoʻkiz ogʻa: “Shu narsaning farqiga bormading shekilli, oqsoqol”, deya bosh tebratganida, yana oʻzini tutib turolmadi.

– Bu qanaqasiga oqsoqol boʻlsin, Hoʻkiz ogʻa? – deb jirilladi u. – Bizni bir-birimizga gij-gijlash uchun oramizga kirvolgan gʻalamis bu!

– Toʻgʻri! – dedi Qoʻzichoq.

Endigina amalga mindim deganida, ishning chappasiga ketayotganidan tashvishlangan Eshak gʻalayonchi Boʻtaloqning tilini tiyib qoʻyishga oshiqib, koʻzini ola-kula qildi:

– Oʻpkangni bosvol, Boʻtaloq! Oqsoqol toʻgʻri qildilar. Biz oʻt yegaymiz, It yemagay. Bunaqa oliftachilik bizga hurmatsizlikdur.

Qoʻzichoq bu gal Eshakning yonini oldi:

– Toʻgʻri!

– Mugʻambir echkivachcha Bilimdonni oʻziga ogʻdirib olganga oʻxshaydi, – atrofdagilarni hushyorroq boʻlishga chorladi Boʻtaloq. – Eshak bizga sotqinlik qilyapti, birodarlar.

– Toʻgʻri! – oʻylanib oʻtirmay qichqirdi Qoʻzichoq.

Eshakning koʻzlari tuyqus bejo oʻynab ketdi. Siri ochilib qolishidan choʻchib, Boʻtaloqqa bor ovozda davara qildi:

– Nimalar deyapsan, bukri? Meni hali hech kim bozorga solmagan. Men biror marta sotilmaganman. Va sotilmagayman!

Boʻtaloq pandavaqi Eshakning gaplariga parvo qilmay, bu jikkak Uloqchaning haqiqiy oqsoqolligiga baribir ishonmasligi, boʻynidagi qoʻngʻiroqni biron joydan oʻmargan boʻlishi mumkinligini aytib, oʻz fikrida turib oldi. Boshqalarda ham ikkilanishga oʻxshagan kayfiyat paydo boʻldi.

Uloqcha hali juda yosh esa-da, sal narsaga dovdirab qoladiganlar toifasidan emasdi. U, qay vaziyatda boʻlmasin, raqibini chalgʻitishga, undan ustun kelishga urinar, taxlikaga tushganini na koʻzidan, na xatti-harakatidan sezib boʻlardi. Tabiiyki, bu safar ham boʻsh kelmadi.

– Vey, beli doʻngalak! – deya Boʻtaloqqa sapchilandi u. – Ming marta shukur qilginki, “Babachoq” fermasida emassan. Yoʻqsa, oqsoqolni tan olmaganing uchun allaqachon goʻshtga tortilgan boʻlarding!

– Tupurdim oʻsha fermangga! – tap tortmay boʻkirdi jizzaki Boʻtaloq. – Fermang ham, hayvonlarni goʻshtga tortadigan tarozing ham oʻzingga buyursin.

Mabodo, bu jinqarchaning fermadan yuborilgan oqsoqolligi rost boʻlsa, uni haqoratlashning oqibati yaxshilikka olib bormasligidan xavfsiragan Hoʻkiz ogʻa avjlanayotgan janjalni bosishga, masalani shovqin-suronsiz hal etishga urindi. U tumshugʻining uchini Boʻtaloqqa toʻgʻrilab, “picha jim boʻl” degandek, koʻzini loʻq qilib turgach, Uloqchaga yuzlanib, muloyim tarzda gap boshladi:

– Koʻnglingga olmagin-u, uka, seni yuqoridan xoʻjayin qilib yuborishganiga jamoatning ishongisi kelmayapti. Sen boʻyningdagi qoʻngʻiroqni pesh qilyapsan. Kim biladi, balki uni haqiqatanam biror joydan oʻgʻirlagandirsan. Bunaqa narsani baʼzan yoʻldan topvolish ham mumkin. Oqsoqolligingni isbotlovchi boshqa durustroq dalil koʻrsatsang, yaxshi boʻlardi.

Hanuz qoni qaynab turgan Boʻtaloq poʻpisa aralash gap qistirdi:

– Bilvol! Boshqa daliling boʻlmasa, ketingga tepib haydaymiz!

Uloqcha qanchalar surbet boʻlmasin, oldiga qoʻyilgan yangi talabni eshitib, andak esankirab qoldi. Ahvolini boshqalarga sezdirmaslik uchun oʻzini iloji boricha xotirjam tutishga tirishib, koʻz suzganicha xiyol iljaydi. Bu turishidan “boshqa dalil ham bor, lekin uni sizlarga koʻrsatish shartmikin”, degan maʼnoni uqish mumkin edi.

– Boshqa dalil kerak denglar? – deya, turganlarga pisandsiz koʻz yugurtib chiqdi u. – Obbo, sizlar-ey…

Uloqcha shunday dedi-yu, gapni qanday davom ettirishni bilmay, boshini qashladi. Qashinayotganida oldingi tuyoqchasi bexosdan qulogʻidagi mis tamgʻaga tegdi. Shu zahoti Uloqchaning boshida yarq etib bir fikr chaqnadi-yu, chehrasi yorishdi.

– Dalil bor! – deb qichqirdi u. – Mana, boshqa dalil! Qulogʻimdagi misni koʻryapsizlarmi? Oqsoqollik tamgʻasi bu. Raqamlariyam bor.

Uloqcha tegrasida turganlarga qulogʻini bir-bir koʻrsatib: “Ishonmasanglar, oʻqib koʻringlar. Oralaringda savodlilar topiladimi?!” – deb davrani aylanayotganida, Eshak: “Savod, mana, bizda bor, oʻngacha sanashni bilgayman”, deya oldinga chiqib, tamgʻaga uzoq tikilib qoldi. Eshakning bezovtalanayotganini koʻrib, hamma hayvonlar singari u ham gʻirt savodsiz ekanini payqagan Uloqcha oʻz yordamchisiga koʻmaklashgisi keldi:

– Nol, nol, toʻqson toʻqqiz deb yozilgan. Toʻgʻrimi?

Bu soʻz Eshakning joniga ora kirib: “Qarang-ga, shunaqa deb yozishibdi-ya”, deya hangradi. Uloqcha endi qulogʻini Hoʻkiz ogʻaga tutdi:

– Bu tamgʻani fermada yopishtirishgan. Yana qanaqa dalil kerak, xoʻsh?

Hoʻkiz ogʻaning birdan burni titrab: “Yana “xoʻsh” deydi-ya, yana “xoʻsh” deydi-ya”, deb, joyida depsina boshladi. “Babachoq” fermasida faqat qoʻy-echkilargina boqilar, Uloqcha boshqa turdagi hayvonlarni koʻrmay ulgʻaygan, shu bois, ularning feʼl-atvoridan ham bexabar edi.

Endi, hoʻkizlar “xoʻsh” degan soʻzni nega yoqtirmasligiga toʻxtalib oʻtaylik. Odamlar bu jonivorlardan asosan dehqonchilikda foydalanishadi, yaʼni ularga omoch qoʻshib, yer haydashadi. Omochni sudrab borayotgan hoʻkiz mabodo izdan sal chetga chiqadigan boʻlsa, qoʻshchi: “Xoʻsh! Xoʻshka!” – deb uni bir qamchilab qoʻyadi. Hoʻkiz zoti “xoʻsh” degan gapni eshitganda, bir sapchib tushishi shundan.

– Sizga aytuvdim-ku, hukmdorim, – Uloqchani takror ogohlantirgan boʻldi Eshak. – Hoʻkiz ogʻa “xoʻsh” desalar achchigʻlangay.

– Uzr, bilmasdan “xoʻsh” devoribman, – deya Hoʻkiz ogʻani tinchlantirdi Uloqcha va qulogʻini unga yaqinroq tutdi. – Mana, tamgʻani yaxshilab koʻrvoling.

Hoʻkiz ogʻa oʻzini bosib olib, tamgʻaga bor diqqatini jamlab tikildi. Misni oldin hidladi, keyin sal yalab koʻrdi, “um-m” deya picha mulohazalanib turdi.

– Tamgʻa quloqqa judayam oʻxshatib chaplangan, – dedi u, nihoyat sheriklariga yuzlanib. – Bunaqa nozik ish ancha-muncha hayvonning qoʻlidan kelmaydi. Uloqchaning fermadan yuborilgani, menimcha, toʻgʻri.

Eshak bu gapdan yanada jonlandi:

– Aytuvdim-ku, bu oqsoqol haqiqiy deb. Nima, kallam oshqovoqmidi?

Boʻtaloqning koʻngli battardan xijillashdi. Uning tanasidagi har bir tomchi qon erkka tashna, badanidagi har bir tuk taʼqibga dushman edi. Qandaydir echkicha boʻynidagi kumush qoʻngʻiroq va qulogʻidagi mis tamgʻaga asoslanib, endilikda ularga xohlagan buyrugʻini berishi mumkinligi Boʻtaloqqa behad alam qilayotgandi.

– Sizlarga tushunmayapman, birodarlar, – belini qayishtirib, gavdasiga qaraganda juda qisqa koʻrinuvchi dumini tikkaytirdi u. – Haqiqiymi, qalbakimi, oʻzi bizga oqsoqolning nima keragi bor? Oqsoqol degani bizga qoʻshimcha yem yoki xashak berib tursa, boshqa gap edi. Buyruqni yeb boʻlmasligini hammamiz bilamiz. Shunday ekan, bunaqa xoʻjayinni bir tepib, fermasiga uchirvorsak-chi!

Boshqa hayvonlardan biron-bir sado chiqmadi. Shunda, Uloqcha Boʻtaloqqa salmoqlanib yaqinlashdi-da, dagʻdagʻani kuchaytirdi:

– Hoʻ, oʻqimagan! Siyosiy tomondan gʻirt jinni ekansan! Oʻz yaylovingdan tashqarida nimalar boʻlayotganini bilasanmi? Hamma joyda ahvol shu – har kim xohlaganday yashashga chek qoʻyilib, jamoa boʻlib kun koʻrishga oʻtilyapti, tartib-intizom oʻrnatilyapti. Mabodo, meni haydasanglar, mendan kuchlirogʻini yuborishadi. Masalan, qulogʻiga oqsoqollik tamgʻasi yopishtirilgan Yoʻlbars sendaqalarni tezda mulla qipqoʻygan boʻlardi.

– Qanaqa tartib-intizomni gapiryapsan? – jirillashdan tiyilmadi Boʻtaloq. – Sen kelmasingdan burun tinchgina tirikchilik qilib yuruvdik. Oramizga qoʻshilding-u, yaylovda toʻpalon boshlandi. Shumi tartib oʻrnatish?

Uloqchaning oʻrnida boshqa hayvon boʻlganida, mantiqqa tayanib aytilgan bu soʻzdan esankirab, joʻyali javob topolmay qolishi hech gap emasdi. Biroq, bizning qahramonimiz “mantiq”, “asosli fikr” degan narsalar bilan hisoblashib oʻtiradigan anoyilar sirasiga kirmasdi. Shu bois, qittay ikkilanmasdan, dangal javob qildi:

– Tinch joyda tartib oʻrnatib boʻlarkanmi, xumbosh? Tartib oʻrnatish uchun, qoidaga koʻra, oldin toʻpalon chiqarish kerak boʻladi!

– Qarang-ga! – Uloqchaning donoligiga qoyil qoldi Eshak. – Mana gap qayerda ekan!

Boʻtaloq bir surbet Uloqchaga, bir qoʻrqoq va goʻl sheriklariga qarab qoʻyib, jahl bilan chetga tufladi.

 

Eng baxtli hayvon

Qoʻzichoq sodda va lallaygan boʻlishiga qaramay, tili juda erta chiqdi. Buning sababi bor. Uning ota-onasi bor-yoʻgʻi bittagina gapni, yaʼni “toʻgʻri” degan soʻznigina bilishar, buni oʻrganib olish uncha qiyin emasdi.

Ha, qoʻylar oʻzlarini eng baxtli hayvon deb bilishadi. Chunki, ular ortiqcha gapirishdek kulfatdan nari yashaydilar. Koʻp gapirish uchun koʻp oʻylash kerak. Koʻp oʻyladingmi, hech qachon semirmaysan. Oriqlik esa – gʻirt sharmandalik. Dunyoga bir kelgan ekansan, lorsilloqligingni hammaga koʻz-koʻz qilib, seni toʻyga yetaklab borishmasa, shuyam hayotmi?

Bizning qoʻngʻir yungli Qoʻzichogʻimiz ham tugʻilganidan buyon shu hikmatga amal qilib kun kechirardi. Oqsoqol kelishi munosabati bilan yaylovda boshlangan mashmashalarda u toʻliq ishtirok etib, bir-biriga qarama-qarshi gaplarni diqqat bilan tinglayotganiga qaramay, hamma toʻgʻri soʻzlayotganiga ishonchi komil edi.

Uloqcha oʻzining fermadan joʻnatilgan oqsoqolligini toʻla-toʻkis isbotlab boʻlgach, shu kungacha palapartishlik hukm surib kelgan yaylovda barcha toʻliq boʻysunishi lozim boʻlgan tartib-intizomni joriy etish haqida taklif kiritdi. Bu taklifni birinchi boʻlib oʻzi maʼqullab, yangicha turmush qonun-qoidalari yuzasidan soʻzlashga kirishganida, Qoʻzichoq zoʻr qiziqish bilan uning sholgʻomrang ogʻziga tikildi.

– Eng avvalo, har kim koʻngli tusagan joyda oʻtlashiga chek qoʻyamiz, – deya gapni juda nozik masaladan boshladi oqsoqol. – Siz, Hoʻkiz ogʻa, bugundan eʼtiboran soyning yoqasidagi oʻtlarni xoʻrdalaysiz. Qoʻzichoqqa doʻngning orqasidagi kurmakzorni ajratamiz. Adirning etaklari – Boʻtaloqqa.

– Tupurdim adirning etagiga! – deb qatʼiy norozilik bildirdi Boʻtaloq. – U tomonda yantoqdan boʻlak hech vaqo yoʻq.

Qoʻzichoqning Boʻtaloqqa rahmi kelib, “toʻgʻri” deb oʻylab qoʻydi ichida.

Boshliqlikni qoʻlga kiritib, koʻngli taskin topib turgan Uloqcha, pinagini buzmasdan, sokin javob qildi:

– Ota-buvang yantoq chaynab kelgan. Ajriq yeyishni senga kim qoʻyibdi?

Qoʻzichoqning nazdida oqsoqol ham toʻgʻri gapirgandek tuyuldi.

– Xoʻsh, bu yerda kim oʻtlaydi? – yaylovning markazidagi barra maysalarga suqlanganicha soʻradi Boʻtaloq. – Bu yerni gapirmading-ku.

Uloqcha bir tomoq qirib olib, sipolik bilan chimrildi.

– Bu joylarning bir qismi menga, – gap otasidan qolgan meros haqida ketayotgandek, zarracha ikkilanmasdan soʻzladi u. – Ikkinchi qismida yordamchim Eshak… hm… Bilimdon tirikchilik qiladi.

Qandaydir bir kelgindi hammaning koʻzini baqraytib turib, bemalol loʻttibozlik qilayotganidan Boʻtaloqning figʻoni falakka chiqdi:

– Bu qanday gap, birodarlar? Mana shu yaylov azaldan bizniki. Tayinsiz bir echkivachcha bugun keliboq, eng seroʻt joylarni oʻzlashtirib olsa, jim qarab turaveramizmi?

– Toʻgʻri! – deb maʼradi Qoʻzichoq.

Boʻtaloqning jirrakiligiga koʻnika boshlagan Uloqcha, bu gal ortiqcha qizishmasdan, baland ruhda poʻpisa qildi:

– Hoʻ, beli doʻngalak! Meni yana “echkivachcha” deydigan boʻlsang, yaylovda boʻrash huquqidan mahrum qilaman. Tartib-qoida nimaligini bilasanmi, oʻqimagan? Qoidaga koʻra, oqsoqol yaylovning markazida turishi kerak. Bu yerdagi oʻtlar boʻliq boʻlsa, menda nima ayb?

– Ha, ha, bu gapda jon bor, – deya bosh irgʻadi Eshak. – Boshliqlar markazda turishadi, deganlarini bir eshitganidim. Markaz deyilganda, biz yaylovning qoq oʻrtasini tushungaymiz.

– Toʻgʻri! – dedi Qoʻzichoq.

Baʼzida, koʻp gapirish ham qorinni ochiradi. Oshqozoni jizillab, ichaklari shildirayotganini his etgan Uloqcha, tezroq tamaddilanish hozirligini koʻrdi. Yordamchisiga toqatsizlangan kepatada yuzlanib, dabdabali ohangda murojaat qildi:

– Bilimdon!

Eshak qaddini gʻozladi:

– Qulogʻim sizda, hukmdorim!

– Podani safga tizib, joy-joyiga tarqat.

– Xoʻp boʻladi, hukmdorim!

Eshak atrofidagi hayvonlarga quloq dikkaytib turib, tovushining boricha hangradi:

– Olti qator boʻlib safla-a-n!

– Ie, kallang joyidami? – oʻshqirdi Boʻtaloq. – Oʻzimiz bor-yoʻgʻi uchtamiz, qanaqasiga olti qator boʻlib saflanamiz?

– Amaldorga aql oʻrgatilmasin! – deya koʻzini chaqchaytirdi Eshak. – Birin-ketin safla-a-n!

Hoʻkiz ogʻa, Boʻtaloq va Qoʻzichoq, istab-istamay, qatorga tizilishdi.

Eshak: “Mening orqamda-a-n hangu-u hang!” – deb baqirdi-da, joyida bir shattalab olib, oldinga yurdi. Qatordagilar pala-partish qadam tashlashib, nochor unga ergashdilar.

Mansabdor Eshak amali yoʻq hayvonlarni joy-joyiga tarqatib qaytganida, katta boshliq serajriq maydonga yonboshlab olib, qandaydir qoʻshiqni oʻzicha hirgoyilab yotgandi:

 

Shamol kelsa, koʻk maysalar

Qiltil-qiltil-qiltillaydi.

Osmondagi oq bulutlar

Hilpil-hilpil-hilpillaydi.

Oftob chiqsa, shoʻx toʻrgʻaylar

Jilpil-jilpil-jilpillaydi.

Mening kumush qoʻngʻirogʻim

Yiltil-yiltil-yiltillaydi…

 

“Qorinni allaqachon nogʻora qilvolibdi, – yon-veridagi kemtik ajriqlarga ochkoʻzlarcha qarab qoʻyib, koʻnglidan oʻtkazdi Eshak. – Bu joylarda yordamchim ham ovqatlangay deb oʻylamaganini qarang-ga”.

U, nafasini rostlab olish uchun Uloqchaning yoniga agʻanayotib, hech narsa boʻlmagandek, bamaylixotir gap boshladi:

– Nonushta qilib oldilarmi, hukmdorim? Oʻtlogʻimizning maysalari hang-mang qoladigan darajada shirali. Tortinmagaylar.

– Shuyam maysa boʻptimi! – deya tuyogʻini siltadi Uloqcha. – Eshitishimga qaraganda… Yoʻq… oʻz koʻzim bilan koʻrganman! Olatogʻning etagidagi maysalar chinordek-chinordek boʻlib, tarvaqaylab yotibdi. Chaynasang, bodring gʻajigandek yayraysan.

Bu gapni eshitib, Eshakning ogʻzidan chak-chak soʻlak tomchiladi:

– Qarang-ga, qarang-ga!

– Sen nima deysan, Bilimdon, – yordamchisiga maslahat soldi oqsoqol. – Oʻsha tomonga turizm qilsakmikin?

Eshak qorniga kelib qoʻngan pashshani dumida ayamay urib, xoʻshshayganicha soʻradi:

– Kechirgaylar… Nima u… toʻrayzim degani?

– Sayohat-da, – izoh berdi Uloqcha. – Ham sayl qilamiz, ham maysaga toʻyamiz. Xoʻsh, nima deysan?

Doʻng yonida oʻtlab yurib, amaldorlarning suhbatiga jimgina quloq solayotgan pismiq Qoʻzichoq dono oqsoqol gʻoyatda toʻgʻri taklif kiritayotganini darhol fahmlab yetdi. Soʻng, Eshakning nima deyishini kutib, maysa chaynashdan toʻxtaldi.

– Eha-a, eha-a, – deya koʻzini pildiratib, togʻ tomonga xavotirli qarab qoʻydi Eshak. – Birinchidan, Olatogʻ bu yerdan ancha uzoq. Oltinchidan, uyoqda Ashqal-Dashqal degan egizak boʻrilar yashagay. Ikkalasiyam gʻirt bezori.

Boʻrilarning oʻtkir-oʻtkir tishlarini koʻz oldiga keltirgan Qoʻzichoq, Eshak boʻlishiga qaramay, Bilimdon toʻgʻri gapirayotganini his etdi. Ayni chogʻda, boʻrilar haqidagi vahimali gaplardan keyin ham oqsoqolning avzoyida hech qanday oʻzgarish sezilmagani uni taajjubga soldi.

– Seni qara-yu, – Eshakni mazaxladi Uloqcha. – Egizak suvaraklardan qoʻrqib yuribsanmi hali? Yaqinda men ularni tutvolib shunaqayam poʻstagini qoqdimki, oxiri kaltakka chidamasdan: “Jon aka, bizni qoʻyvoring. Yana sizga pashshalashadigan boʻlsak, mayli, suyagimizni it gʻajisin”, deb, rosa oh-voh qilishdi. Qarasam, koʻzlari moʻltillab, hoʻng-hoʻng yigʻlab turishibdi. Rahmim kelib, ikkalasiniyam qoʻyvordim. Oʻsha Ashqal bilan Dashqaling meni duo qilib, tuyoqlarimni yalashdi.

Bilimdonning koʻzlari qinidan chiqqudek boʻlib olaydi:

– Yopiray! Rostini aytsam, bu gapga eshak ham ishonmagay, hukmdorim.

– Hoʻ, oʻqimagan! – birdan uni jerkib berdi Uloqcha. – Sen menga yordamchimisan, yo dushmanmisan?

– Yordamchiman! – oʻrnidan sakrab turib, qomatini gʻozladi Eshak.

Uloqcha ham asta oʻrnidan turdi va Eshakka nigohini nayzadek qadab, ogohlantirdi:

– Yordamchi boʻlsang, vazifangni halol bajargin! Boshliqning gapini yolgʻon deydigan yordamchi ishdan haydaladi. Tushundingmi?

– Tushunganda qandoq! Nima, kallam oshqovoqmidi?

Uloqcha Eshakka burnini bir jiyirib qoʻyib, yonga oʻgrildi va oraliqdagi masofani oʻzicha chamalamoqchidek, koʻzlarini xiyol qisgan kuyi, Olatogʻ tomonga uzoq tikilib qoldi.

– Gap shu! – dedi u togʻ tomondan koʻzini uzmay. – Kelasi hafta sayohatga joʻnaymiz. Bu dunyo oʻtkinchi, oʻlar jonga koʻproq shataloq otib qolish kerak.

Hech nimani bilmagandek, beparvo kurmak chaynayotgan Qoʻzichoq, oqsoqolning oxirgi gapini eshitib, “toʻgʻri” deb qoʻydi oʻzicha.

 

Olatoqqa sayohat

Quyonning biron-bir jonivorga xuruj qilganini hali hech kim koʻrmagan. Hatto, Olatogʻda oʻrmalagan jon borki, ularning barcha ikir-chikirlaridan xabardor boʻlgan durbinkoʻz Ukki ham bunday voqeani eslay olmaydi. Biroq, Quyonning payiga tushganlar shunchalik koʻpki, ularni sanab chiqish uchun qoʻl va oyoqlarimizdagi barmoqlar ozlik qiladi: boʻri, tulki, qoplon, burgut, silovsin, lochin, qashqir… Bular yetmaganidek, bir qarashda ogʻziga kattaroq qoʻngʻiz sigʻmaydigandek koʻrinuvchi boʻgʻma ilonlar ham quyon goʻshti kalamushnikidan totliroq ekanini farqlay bilishadi.

Ota-onasining uyidan koʻchib ketishga majbur boʻlib, bor-yoʻgʻi yarim yildan buyon mustaqil hayot kechirishga oʻtgan Dingirvoy boshqa quyonlar kabi har kuni u yoki bu raqibining taʼqibiga uchrar edi. Bunday paytlarda sportning uzoq masofaga yugurish turi bilan murgʻaklikdanoq muntazam shugʻullanib kelgani asqotib qolardi.

Ertalab nayzatirnoq boʻrilar changalidan zoʻrgʻa qochib qutulgan kulrang Quyonning yuragidagi titroq bosilib ulgurmasidan, u yashirinib yotgan inning ustida pala-partish qadam tovushlari eshitildi. U “tapira-tupir”larga choʻchib-choʻchib quloq solib turgach, tepadan oʻtayotganlar qandaydir notanish hayvonlar ekanini sezib, hayrati oshdi.

Qadam tovushlari uzoqlashganidan soʻng, Quyon qorongʻi inidan astagina chiqib, quyoshdan yoshlangan koʻzlarini bir-ikki ishqalab qoʻydi-da, diqqat bilan tevarakka alangladi. Butalar ortida shubha tugʻdiradigan hech qanday sharpa sezilmadi. U, yuragi poʻkillaganicha, begona hayvonlarning izidan biqinib borarkan, koʻp oʻtmay, nordon shoʻralarni kirtillatib chaynayotgan Eshakni uchratdi. Eshakdan nariroqda esa jikkak bir Uloq boʻynidagi qoʻngʻiroqchasini jingillatgan asno toshdan-toshga sakrab oʻynar, chamasi, bu uning eng sevimli mashgʻuloti edi.

“Nazarimda, hayvonlar koʻproqqa oʻxshab tuyulganidi, – deb oʻyladi Quyon. – Qolganlari qayoqda boʻlsaykin?”

Quyon atrofga jalang-julang boqayotganida, Toʻqmoqtosh deb ataluvchi kattakon qoya ortidagi maydon tomonda qandaydir hayvonning kuylayotgani quloqqa chalindi.

 

Chiroylidir sahrolar,

Sahrolarda oʻrkach bor.

Chiroylidir daryolar,

Daryolarda oʻrkach bor.

 

Chiroylimish togʻlar ham,

Oʻrkachlarin koʻraylik.

Ammo mening oʻrkachim

Hammasidan chiroylik.

Boʻ-boʻ-boʻ, boʻ-boʻ-boʻ,

Boʻ-boʻ, boʻ-boʻ, boʻ-boʻ-boʻ…

 

Quyon oʻsha yoqqa qarab yurdi. Toʻqmoqtoshni aylanib oʻtib, toʻq qoringa ashula aytib yurgan Boʻtaloqqa duch keldi. Tuyalar yirtqichlarning toifasiga kirmasligini bilsa-da, har ehtimolga qarshi oʻzini panaga oldi. Boʻtaloq uni koʻrmasdan, yaqinidan oʻtib ketdi va qoyaning salqinida hordiq chiqarib yotgan Hoʻkiz bilan Qoʻzichoqqa yaqinlashdi.

– Tfu! Shuyam sayohat boʻldimi? – sheriklarining yoniga choʻk tushib, gʻudrandi u. – Uyoq-buyoqqa qarasang, hammayoq goʻzal! Qadam bosaman desang, hammayoq tikon!

Qoʻzichoq toshlarga qoqinaverib shilinib ketgan tuyoqlariga yigʻlamsirab boqarkan, “Toʻgʻri!” – deb mingʻirladi.

Podadagi eng qari hayvon, hayotda eng koʻp qiyinchilik koʻrgan Hoʻkiz ogʻa oʻtkir til boshga balo keltirishini oʻzgalardan tuzukroq tushunardi. Shu bois, Boʻtaloqning haqligini bila turib, uni sabr-toqatli boʻlishga, murosasozlikka undadi:

– Tilingni kaltaroq qilsang, yaxshi boʻlardi, Boʻtaloqjon. Yuqoridan joʻnatilgan xoʻjayinlarni tanqid qilaverishning xosiyati yoʻq.

– Toʻgʻri! – deya Hoʻkiz ogʻaning gapini maʼqulladi Qoʻzichoq.

Boʻtaloq baribir tajanglanishini qoʻymadi:

– Oʻsha echkivachchani sizga oʻxshaganlar haddidan oshiradi, Hoʻkiz ogʻa! Oʻzimga qolsa-ku, uni betiga bir tupurib…

Boʻtaloq soʻzini oxiriga yetkizolmadi. Shoʻra kavshayverib, lablari koʻkarib ketgan Eshak qoya ortidan chiqib keliboq, unga oʻshqirdi:

– Hoʻ, bukri! Bu qanaqa majlisbozlik? Gapirishni senga kim qoʻyibdi… biz turganda?

– Kim boʻpketibsan? – ogʻzidan tuprik sachratib bobilladi Boʻtaloq. – Bilvol, yuzta amaling boʻlgandayam, baribir eshaksan!

– I! I! I! – oʻzini Boʻtaloqning fahmsizligidan hayron boʻlganga soldi Eshak. – Menga boʻyin choʻzishga qanday hadding sigʻdi, amali yoʻq?

Ortiqcha gʻalvani yoqtirmaydigan, har qanday janjalning oldini olishga urinadigan Hoʻkiz ogʻa bu gal ham Eshakni chalgʻitishga tirishdi:

– Hoy, Bilimdon! Iltimos qilaman, menga bir narsani tushuntirib qoʻygin. Bu sayohatdan maqsad nima oʻzi?

Bu gapdan soʻng Eshakning tuyqus dimogʻi koʻtarilib, donishmandlardek havolanib suzildi.

– Mayli, Hoʻkiz ogʻa, aqlingiz yetadigan qilib, buni sizga soddagina tushuntirib bergaymiz, – dedi u. – Bu dunyo oʻtkinchidur. Sayohatdan maqsad – oʻladigan jonga bir shataloq otib qolish. Buni toʻrayzim deydilar!

Hanuz panada turgan Quyon, bu gapni eshitib, oʻzini kulgidan tiyolmadi, buta ortidan irgʻishlab-irgʻishlab qiqirlaganicha chiqib kelib, Eshakka tanbeh berdi:

– Xi-xi-xi, xi-xi-xi… “Toʻrayzim” emas, “turizm”… Turizm! Xi-xi-xi…

Hamma tengdan Quyon tomonga oʻgrildi. Quyon qorin quchib kulishda davom etardi. Xudo dumdan qisgan bir chalamaxluqqa ermak boʻlayotgani Eshakka alam qildi.

– Yoʻqol koʻzimdan! – deya Quyonga koʻzini olaytdi u. – Bir tepsam, Amerikaga borib tushgaysan!

Quyon jikillab iljaydi:

– Hay-hay-hay, ikkalamiz janjallashsak uyat boʻladi-ya, qarindosh. Qara, sen ham shalpangquloqsan, men ham. Xi-xi-xi…

Atrofdagi hayvonlarning birdan kulib yuborishgani Eshakni battardan achchigʻlantirdi.

– Kim bilan gaplashayotganingni bilasanmi, xarip? Yaylov oqsoqolining yordamchisidurman! Qoʻlimda oʻzimga yarasha huquqlarim bor! Esing boʻlsa, boshingga ofat yogʻilmasidan joʻnab qolgaysan. Uqdingmi, gʻilay?

– Birinchidan, meni otim “gʻilay”mas, Dingirvoy, – doʻqlarga parvo qilmay, xotirjam soʻz qotdi Quyon. – Ikkinchidan, meni haydasang, oʻzingga yomon boʻladi. Men sizlarga yaxshilik qilmoqchi boʻlib keldim.

Eshak: “Qarang-ga, qarang-ga, shu jinqarcha bizga yaxshilik qilarmish”, deya kulishni boshlagan edi, Hoʻkiz ogʻa: “Mayli, gapini eshitaylik-chi”, deb, Quyonga savol nazari bilan koʻz qadadi. Quyon shu atrofda egizak boʻrilar izgʻib yurishgani, ertalab ularning panjasidan zoʻrgʻa qochib qutulgani haqida gapirib, podadagilarni xavf-xatardan ogohlantirib qoʻymoqchi ekanligini aytdi. Shunda Eshak: “Egizak deganlaring Ashqal-Dashqallar boʻlmasin tagʻin?” – deb soʻragan edi, Quyon: “Bilarkansan-ku, xuddi oʻshalar!” – deya tasdiqladi.

– He atta-a-ng, – bosh chayqab, afsuslandi Hoʻkiz ogʻa. – Hozir Olapar yonimizda boʻlganida, boʻrilardan bunaqa qoʻrqib oʻtirmagan boʻlardik.

– Kim u Olapar deganingiz? – nahotki xonaki hayvonlar ichida ham boʻridan zoʻrrogʻi boʻlsa, degandek taajjublanib savol berdi Quyon.

Hoʻkiz ogʻa Olaparning Chimtepa deb atalmish qishloqdagi eng aqlli, eng dovyurak it ekanligini, boshqa ovullardagi koʻppaklar uning ovozini uzoqdan eshitgandayoq, qoʻrqqanlaridan ogʻzidagi suyakni apil-tapil tuproqqa yashira boshlashlarini taʼriflab kelib, yaylovda oqsoqol paydo boʻlganidan keyin u taʼqibga uchraganini, hammadan arazlab qolganini afsus bilan maʼlum qildi.

Shu mahal qoʻngʻiroqning “jingir-jingir”i eshitildi. Toshdan-toshga sakrayverib terga botib ketgan Uloqcha qoyaning yonidan dikillab chiqib keldi, podadagilarning nimadandir bezillab turishganini payqab, Eshakka yuzlandi:

– Nima gap, Bilimdon?

– Ashqal-Dashqallar shu atrofda izgʻib yurishganmish, hukmdorim.

– Kim aytdi?

– Anavi gʻilaydan eshitdik.

Uloqcha mensimagan qiyofada Quyonga boshdan-oyoq nazar solib chiqdi.

– Shu igʻvogarga ishondilaringmi? – deb oʻpkalandi u. – Karam oʻgʻrisi-ku bu!

– Oʻzing karam oʻgʻrisi! – tilini chiqarib, Uloqchani masxaraladi Quyon. – Hovliqma! Agar boʻrilar kepqolsa, birinchi boʻlib oʻzing poyga qoʻyasan.

– Men-a? – tuyogʻini koʻksiga tirab gʻoʻdaydi Uloqcha. – Bir bogʻ xashakdan garov oʻynashim mumkinki, Ashqal-Dashqallaring meni koʻrdi deguncha, sichqonning uyini ijaraga olishadi. Yaqinda ularni tutvolib, shunaqayam savalaganmanki…

– Savash ham gapmi, – deya laganbardorlik bilan ilova qildi Eshak, – dabdalasini chiqarganman desangiz-chi, hukmdorim.

– Keyin koʻzlaridan bir hovuz yosh toʻkishib, sizga boshqa ilashmaymiz deb qasam ichishdi, – loflashda davom etdi Uloqcha.

– Tuyogʻingizni yalashganini gapirmadingiz-ku, hukmdorim, – deb yaltogʻlandi Eshak. – Kamtarinlik qilmagaysiz endi.

Uloqcha bu gapni joyida ilib ketdi:

– Ha, tuyoqlarimni “chilip-chilip, chilip-chilip, chilip-chilip” qilib yalashayotganda, birdan koʻnglim boʻshashdi. Rahmim kelib, ularni qoʻyvordim.

– Qoʻyvorib chakki qilganakansiz, hukmdorim, – tilyogʻlamalikni avj oldirdi Eshak. – Mana, ular yana bezorilik qilib yurishganmish.

– Sen haqsan, – dedi Uloqcha. – Endi ushlavolsam, tomoqlaridan atalayam oʻtmaydigan qip tashlayman!

Uloqchaning soʻzlarini eshitib, Quyon qotib-qotib kuldi.

– Voy maqtanchogʻ-ey, voy chiranchogʻ-ey! – deya xandon otdi u. – Umrim bino boʻlib, sendaqa opqochadiganni birinchi koʻrishim. Xi-xi-xi, xi-xi-xi…

Tagʻin birpas qoʻyib bersa, bu Quyon obroʻyini ikki pul qilishidan choʻchigan Uloqcha Eshakka oʻgirilib, oʻqraydi:

– Hoʻ, Bilimdon! Menga yordamchimisan, dushmanmisan?

– Yordamchiman, hukmdorim!

– Unda nimaga anqayib turibsan, oʻqimagan? Koʻrmayapsanmi, qandaydir ogʻzi bor narsa boshligʻingni ayamay mazax qilyapti.

Eshak: “Xato bizdan oʻtdi va uni tuzatgaymiz”, dedi-yu, odatdagidek koʻzini gʻildiratib, Quyonga yaqinroq bordi:

– Yaylov oqsoqoli mayna boʻptimi senga! Bilasanmi, hozir seni nimalar qilgayman?

Eshak raqibiga qoʻqqisdan ketini oʻgirib, jon-jahdi bilan shattalashga tushganida, Quyon tepkilarga zoʻrgʻa chap berib, oʻzini butalarning orasiga urdi. Keyin nariroqdagi burganlar ortidan boʻy koʻrsatib: “Kallavaramlar! Yaxshilikni bilmasalaring, oʻzlaringdan koʻringlar!” – deb qichqirdi-yu, zumda koʻzdan gʻoyib boʻldi.

 

Ashqal bilan Dashqal

Egizak boʻrilar ochlikdan sulayganlarida ham, toʻqlikdan gʻoʻdayganlarida ham koʻhna Toshqoʻrgʻon darvozasi yonida yotishga odatlanishgandi. Ular hozir ham shu yerdagi maymanchaklar soyasiga choʻzilishib, oʻlikday uxlab yotishardi.

Ashqalning tushida zaharli ilonlar uni toʻrt tomondan oʻrab kelaverdi. Qochib qutulishning iloji yoʻq edi. Joni shirinlik qilib: “Aylanib ketay, oshnajonlar, oʻrgilib ketay, oshnajonlar, istasalaring, sizlarga ka-a-tta toʻngʻizni ushlab beray. Meni oʻldirmanglar”, deb yalinishga tushdi. Ilonlar yo uning tiliga tushunishmadi, yo boʻlmasa, nasiyadan naqdini maʼqul koʻrishdi-yu, birin-ketin ustiga sapchishdi…

Ashqal gʻingshib tipirchilaganicha, seskanib uygʻondi.

– Padariga laʼnat bunaqa hayotning! – kayfiyatsizlanib gʻudrandi u. – Na oʻngingda halovat bor, na tushingda.

Ochlikdan puchmoqlashgan qornini osmonga qilib uxlayotgan Dashqalning “xir-r, xir-r” nafas olayotgani Ashqalning battardan gʻashini keltirdi, “E, tur-e!” deb, ukasining biqiniga tepdi. Dashqal shaytonlagudek boʻlib koʻzini ochdi.

– Indamasa, yotaverarkansan-da! – doʻq urdi Ashqal. – Bor, sichqon-pichqon boʻlsayam ushlab kel!

Akasining haddan ziyod qonsirab turganini sezgan Dashqal tezda qaddini koʻtarib, gapni koʻpaytirmasdan, asta joyidan siljidi. “Ortiqcha jigʻiga tegsang, bunaqa vaqtda ukam deb oʻtirmay, oʻzimniyam yeb qoʻyadi bu maraz”, deb oʻyladi u. Soʻng, yoʻl-yoʻlakay kavak-kandiklarni iskagan kuyi sichqon oviga joʻnadi.

Kelib-kelib, tugʻilgan kunida och yotish Ashqalga juda ogʻir botayotgan edi. Eng yomoni shuki, birorta nafsing qurgʻur uni tabriklagani kepqolsa, nima boʻladi? Mehmonning oldiga chumolini qoʻyadimi?

“Hech boʻlmasa, ertalabki Quyonni tutganimdayam, xumorbostiga yarab qolardi, – soʻlak yutib oʻyladi u. – Hamma ayb Dashqalda. Shu befarosat aralashgan ish borki, chappasiga ketadi”.

Changalzorda ivirsib yurgan Quyonni koʻrgan zahotiyoq, uning ini oʻsha atrofda ekanini Ashqal darhol fahmlab yetgandi. Shuni eʼtiborga olib, oʻljaning Toʻqmoqtosh yonidagi yalanglikka chiqishini kutish kerak, degan qarorga keldi. Yalanglikning ikki tomoni baland qoyalardan iborat boʻlib, Quyonni bu yerda osongina iskanjaga olish mumkin edi. Dashqalning esa kutishga sabri chidamadi, “Gap ayiq-payiqni boʻgʻizlash haqida ketayotgan boʻlsa, boshqa masala. Xashaki Quyonni ushlashgayam kallani ishlatib oʻtiramizmi”, dedi-yu, nafsi hakillab, oldinga tashlandi. Natijada, toʻlpoqqina Quyonni qoʻldan chiqarishdi.

Ashqal uzoqni oʻylab ish qiladigan tullak boʻrilardan edi. Dashqal boʻlsa, burnidan narini koʻrmasdi, akasining “Ertaga qilinadigan bayram uchun bugungi mayda maishatdan kechish kerak”, degan falsafasini sariq chaqagayam olmasdi. Uning oʻz shiori bor edi: “Koʻrdingmi – quvla, tutdingmi – gʻaji!”

Ashqalboʻri laqma va pandavaqi jonivorlardan qanchasini tuzogʻiga osongina aldab ilintirgani, uning hiyla-nayranglari koʻpgina boʻrilar uchun darslik boʻlib qolgani haqida oʻylab, oʻzining ustamonligidan faxrlanib yotarkan, Shirmonqirda yuz bergan bir voqea tuyqus yodiga tushdi.

Navroʻz kirib, maysalar endigina shira yigʻa boshlagan chogʻlar edi. Egizak boʻrilar Shirmonqir yaylovida oʻtlab yurgan podadan is olib, oʻsha atrofda kechgacha izgʻishdi. Qoʻy-echkilarning tevaragida boʻribosar itlar akillab yurgani bois, podaga yaqinroq borishga yuraklari dov bermadi.

Oxiri, bu yerdan biron naf chiqishiga koʻzi yetmagan egizaklar loaqal yumron yoki boʻrsiqni “tuxumyutdi” qilib olish maqsadida jarning yoqasiga kelishdi-yu, pastdagi buloqda ketvorgan bir Uloqchaning suv ichib turganini koʻrib, quvonchdan tillari osildi.

– Manavini omad desa boʻladi, – deya ketini likillatdi Dashqal. – Qani, bosdik echkibolani!

Ashqalning koʻpdan beri miyasida pishitib yurgan bir rejasi bor edi. Bu rejasi amalga oshgan taqdirda, u hali biron-bir boʻri galasiga nasib etmagan katta goʻshtxoʻrlik bazmini uyushtirgan, ayni paytda, aql-u farosati beqiyosligini barchaga koʻz-koʻzlab, manaman degan yirtqichlarniyam angraytirib qoʻygan boʻlardi. Itlarning koʻzini shamgʻalat qilib, podadan ajralib chiqishga jurʼat topgan oʻzboshimcha Uloqning oʻta qaysar va takabburligi bir qarashdayoq koʻzga yaqqol tashlanib turar, Ashqal oʻylab qoʻygan razil ishni aynan shunga oʻxshagan tarbiyasiz maxluqlargina amalga oshira olardi.

Akasi yana qandaydir chalkash ish boshlamoqchi ekanini eshitib, Dashqalning yuragi siqildi.

– Bu ishni boshqa safar qilarmiz, – Uloqdan koʻz uzmay yalanar ekan, panjasini siltadi u. – Hozir bunaqa narsani gapirmay turgin, judayam ochman.

U, haddan ziyod ochligini isbotlamoqchidek, oldiga kelib qoʻngan chigirtkani bir urishda chalajon holatga keltirdi-da, yamlamasdan yutdi.

Ammo, Ashqal oʻz soʻzida qattiq turib oldi. Oxiri ukasini yon berishga majbur qilgach, ikkalasi maslahatni bir joyga qoʻyib, sekingina pastga tushib bordilar.

Boʻrilarni koʻrib, avvaliga Uloqchaning yuzi boʻzarib ketdi. Egizaklar muloyim jilmayib turib, quyuq salom berishganidan keyin ham uning oyogʻidagi qaltirogʻi bosilmadi. Boʻrilar yuksak madaniyat bilan boʻyin choʻzishib, oʻzlarini tanishtirishdi.

– Kaminani janob Ashqal deydilar.

– Janob Dashqalni koʻrib turibsiz. Xex-xex-xe…

Uloqcha qaltirayotgan tuyogʻini ularning panjasiga bir-bir bosib: “Me… men… Uloqman”, dedi.

– Oʻ-oʻ, Uloqvoy deganlari sizmisiz? – hayratomuz tikildi Ashqal. – Taʼrifingizni biz koʻ-oʻ-p eshitganmiz.

– Mana, nihoyat oʻzingizniyam koʻrdik, – deb soʻz qistirdi Dashqal.

Bu maqtovlardan soʻng Uloqchaning koʻzidagi sarosima birdan gʻoyib boʻlib, burni oʻz-oʻzidan yuqoriga koʻtarildi.

– Qarab turi-i-b, sizga nihoyatda havasim kelyapti, Uloqvoy, – deya xushomadni koʻpirtirdi Ashqal. – Koʻzingizdan aql yogʻilyapti-ya, aql!

– Qomatiga qarab, koʻzim kuyib ketyapti, – dedi Dashqal. – Pahlavonlikni qarang, pahlavonlikni!

Uloqcha oʻzini iymangandek koʻrsatishga urindi:

– Yoʻgʻ-e… Jindaygina oshirib maqtayapsizlar…

– Kamtarinlik qilmasinlar, – nihoyat ishqov berishga tutindi Ashqal. – Kamtarinlik boshga bitgan balo. Oʻrningizda boshqa uloq boʻlganida, shuncha kuch, shuncha es bilan podaning changiga belanib yurmagan boʻlardi.

Dashqal afsuslangan boʻldi:

– Sizdek donolar changga belanib yuribdi-yu, qandaydir kallavaram Serka podaga oqsoqollik qilyapti. Chunki, uning boʻynida kumush qoʻngʻirogʻi bor.

– U muttahamdan qoʻngʻiroqni olish kerak, Uloqvoy, – shartta asosiy masalaga oʻtdi Ashqal.

Amalparast Uloqcha vahshiylarning orasida turganini tugal unutib, “Berib boʻpti!” deya alamzadalik bilan labini burishtirdi.

– Siz haqsiz, Echkibola, – dedi Dashqal. – Yaxshilikcha bermaydi u.

Ashqal darhol yoʻriq koʻrsatdi:

– Yaxshilikcha bermadimi, qoʻngʻiroqni shippa oʻgʻirlash lozim, Uloqvoy.

Uloqcha qoʻngʻiroqni oʻgʻirlashdan foyda yoʻqligi, “Babachoq” fermasidagi savodsiz va laqma hayvonlar uning zoʻrligini baribir tan olmay turvolishlarini, oqibatda Nayzashoxning qahriga uchrab, maʼrash huquqidan bir umrga mahrum boʻlishi mumkinligini aytgan edi, Ashqal unga yoʻl koʻrsatishga tushdi:

– Qoʻngʻiroqni oʻgʻirlaboq, fermadan qochasiz, toʻgʻri kunchiqarga qarab yurasiz. Yoʻlda Chimtepa degan qishloqning yaylovi uchraydi. Qoʻngʻiroqni pesh qilib, yaylovdagi hayvonlarga oqsoqol boʻlvolasiz.

– Keyin madaniyatli boshliq ekanligingizni koʻrsatib qoʻyish uchun Olatoqqa turistik sayohat uyushtirasiz. Buni turizm deydilar.

– Zarur boʻpqolsa, polvonligingiz haqida mishmish tarqatib, “men borakanman, Ashqal-Dashqal degan boʻrilardan xavotir olmanglar”, deb koʻngillarini tinchiting. Ularni moldek savalaganman desangiz ham mayli, Uloqvoy.

Nodon Uloqcha haqiqatan ham shu ishni qilgandek havolanib turib: “Aytganim bilan, qishloqilar bu gapimga ishonisharmikin”, deya hadiksiragan edi, Ashqal: “Unaqa boʻlsa, zoʻrligingizni amalda koʻrsatib qoʻyaqolasiz-da”, deb dalda berdi.

– Mana, bir-birimizga yoqib qolib, doʻst boʻlvoldik, – dedi u. – Endi sizning hamma choʻchib turadigan oqsoqol boʻlishingizga yordam bermasak uyat-da.

– Toqqa borganlaringda, biz tasodifan duch kelgandek boʻlamiz, doʻq uramiz, yemoqchi boʻlamiz, – deya irshaydi Dashqal. – Shunda siz bizni toʻsatdan doʻpposlashni boshlaysiz. Qarabsizki, olam sizga qoyil boʻpturibdi-da! Xex-xex-xe…

Shundan soʻng Ashqal Chimtepa etagidagi soʻqmoq toʻgʻri Olatoqqa olib borishligi, togʻning boshlanishidagi Toʻqmoqtoshdan tushlikka qarab yurilsa, Toshqoʻrgʻon degan eski qalʼa uchrashligi, boʻrilar yolgʻondakamdan kaltak yeyish uchun ularni oʻsha yerda kutib olishligini uqtirishga kirishdi…

Ashqal hozir shular haqda xayol surib yotarkan, agar rejasi amalga oshmay qolsa, maynavoz Dashqalga bir umr masxara boʻlib yurishini oʻylab, ichida ijirgʻanib qoʻydi. Buni boshqalar ham eshitgudek boʻlsa, battardan izza boʻladi.

Shu mahal soʻqmoq tarafdan toshchalarning shildiragani quloqqa chalindi. Ashqal zogʻlanib boshini koʻtardi va nimadandir yashirinayotgandek, ortiga oʻgrila-oʻgrila, Toshqoʻrgʻonga yaqinlashayotgan Dashqalni koʻrdi. U biqinganicha akasining yoniga kelib, uni xushchaqchaq kayfiyatda turtkiladi:

– Farosatingga ofarin, Ashqal! Aqlingga besh ketdim!

– Hovliqmasdan gapir-e! – ukasiga koʻz chaqnatdi, ochlikdan zardasi qaynab turgan Ashqal. – Bir-ikkita qoʻngʻiz yedingmi deyman?

– Echkibolani koʻrdim, – Dashqal suyuqlanib, akasining boʻynidan quchdi. – Xuddi aytganingdek boʻldi-ya! Olim boʻpket-e!

Ashqal bu safar ukasini turtkilamay, koʻziga umidvor tikildi:

– Aldamayapsanmi? Naq dumingni yulvolaman-a!

– Aldayotgan boʻlsam, burnimga puchak chiqsin! – qasam ichdi Dashqal. – Oʻsha oʻzimizning laqma Echkibola kelyapti. Ketida sheriklariyam bor.

– Sheriklariyam bor? – ogʻzi qulogʻiga yetgudek suyunib soʻradi Ashqal. – Qani, birvoshdan sanavor-chi.

Dashqal tamshana-tamshana, xuddi sheʼr oʻqiyotgandek ohangdor qilib sanashga tushdi:

– Eng oldinda kelyapti Echkibola likonglab.

– Oh, oh, oh! – tumshugʻini yuqori koʻtarib, mayingina uvladi Ashqal.

– Echkimizning ketida – goʻlaygan bir Eshakvoy.

– Tfu! – hafsalasi pir boʻlib, chetga tufladi Ashqal. – Qayoqdan qoʻshilibdi u sassiq?

Dashqal bunga parvo qilmay, sanashda davom etdi: “Eshakvoyning ketida – lorsillagan Hoʻkizjon”. Ashqalning qaytadan bahri ochildi:

– Vay, vay, vay!

– Hoʻkizjonning ketida – toʻlpoqqina Boʻtaloq.

– Hay, hay, hay!

– Boʻtaloqning ketida – barragina Qoʻzichoq.

– Voy joningdan-ey! – deb gijingladi Ashqal. – Gʻajib-gʻajib qoʻysang!

“Xayriyat, qovoqbosh Dashqalning oldida yuzim shuvit boʻlmadi, – deya sevinib oʻyladi Ashqal. – Mana endi dovrugʻim butun bir Olatoqqa yoyiladigan boʻldi. Bunday ishbilgichlikni eshitganda, hatto ayyor tulkilarning ham ogʻzi lang ochilib qolishi turgan gap”.

Dashqal ilondek sudralib borib, qiyalikdagi harsang ortida biqinib turganicha, dara tarafga moʻraladi.

– Ular toʻgʻri qoʻrgʻonimizga kelishyapti, – akasiga oʻgirilib, mamnun tirjaydi u. – Echkibola bizni rostdanam doʻpposlamoqchi shekilli? Xex-xex-xe…

Ashqal ham askiyaga qoʻshildi:

– Biqinni ehtiyot qil, biqinni! Vax-xax-xa…

Egizaklar koʻhna Toshqoʻrgʻonning darvozasini kattaroq ochib qoʻyishib, oʻzlari maymanchakning ortiga berkinishdi. Picha vaqt oʻtgach, soʻqmoq tomonda yana toshchalarning shildiragani eshitildi.

 

Tuzoq

Dashqal ilgarilari akasi haqida yaxshi fikrda emas edi. Uni oʻzicha “xudo qargʻagan xayolparast” deb atardi. Bugungi voqeadan keyin esa akasining oʻnta boʻri toʻdasiga ham boshchilik qilsa arziydigan donishmandligini anglab yetdi. Ammo, shu damgacha uni har qadamda ermak qilib kelganidan xijolat ham tortmadi, kechirim ham soʻramadi.

Soʻqmoqdagi toshchalarning “shildir-shildir”i kuchayib, qiyalikdagi harsang yonida Uloqcha boshchiligidagi poda paydo boʻldi. Oqsoqolning ortidagi Eshak boshqa hayvonlarni ergashtirgan asno quvnoq bir ashulani maroq bilan kuylab kelayotgandi.

 

Qari Eshshak toqqa ketdi,

Quyosh chiqqan yoqqa ketdi,

Hang, hang!

Hang, hang!

Magʻrur tutib borar boshni,

Ushlab kelay deb quyoshni,

Hang, hang!

Hang, hang!

Borgan chogʻi Olaytoqqa,

Quyosh qochdi boʻlak yoqqa,

Hang, hang!

Hang, hang!

Eshshak shoʻrlik quruq qaytdi…

Tanishlarga salom aytdi:

“Hang!”

 

Eshak Toshqoʻrgʻon darvozasi yaqinida qoʻshiqni tugatib, oqsoqolga qoʻshilib taqqa toʻxtadi. Podadagilar eski qalʼani qiziqib tomosha qila boshladilar.

– Siz koʻrib turgan bu qoʻrgʻon bundan yuzlab yil ilgari qurilgan, – deya sheriklariga tushuntirishga kirishdi Uloqcha. – U zamonlarda hozirgidek shinam molxonalar boʻlmagan. Sizlarga oʻxshagan oddiy hayvonlarni shunaqa tomi yoʻq binolarga qamab, qordayam, yomgʻirdayam gʻing demay yashashga majbur qilishardi.

– Qoloqlikni qarang-ga! – deb hangradi Eshak.

– Ota-bobolarimiz qanday ogʻir kun kechirganini ichkariga kirganda yanayam aniq tasavvur qilamiz, – deb maʼruzasini tugatdi Uloqcha.

Koʻngli nimadandir bezillay boshlagan Hoʻkiz ogʻa oyogʻini yerga mahkam tirab turib, oqsoqolga murojaat qildi:

– Menga qaragin, uka, bunaqa joyni tashqaridan tomosha qilib qoʻyaverganimiz yaxshimi deyman-da. Balki, Ashqal-Dashqallar ichkarida poylab yotishgandir.

– Toʻgʻri! – dedi Qoʻzichoq.

– Bu qoʻrgʻon mengayam boʻrilarning tuzogʻiga oʻxshab koʻrinyapti, – deb tixirlandi Boʻtaloq.

Uloqcha yana chiranishni boshladi:

– Qoʻrqmanglar degandim-ku sizlarga. Oʻsha isqirt egizaklar meni koʻrdi deguncha, toshbaqani kira qilib qochishadi.

– Toʻgʻri! – bu gapni ham maʼqulladi Qoʻzichoq.

Uloqcha gʻolibona qiyofada Eshakka yuzlandi:

– Bilimdon! Podani qoʻrgʻonga boshla!

– Xoʻp boʻladi, hukmdorim, – qaddini rostladi Eshak. Soʻng, podaga qarab, tantanavor hangradi. – Safla-a-n! Mening orqamda-a-n hangu-u hang!

Poda oʻz qalʼasiga qaytayotgan lashkardek qatorlashib, ichkariga kirib ketdi. Kirib, qoʻrgʻon oʻrtasida toʻxtalishdi va ustki qismining uyer-buyeri nuragan tosh devorlarni, qor-yomgʻirlardan chirib ketgan yogʻochlar qoldigʻini koʻzdan kechirgan boʻlishdi. Egizak boʻrilar darvoza yonida ularni tirjaygan holda picha kuzatib turishgach, Ashqal birdan qahqah urib kulishga tushdi:

– Sayohatga chiqibsizlar-da, a, kallavaramlar? Vax-xax-xa…

– Endi biryoʻla narigi dunyoga sayil qilasizlar. Xex-xex-xe…

Ashqalning qahqahasini eshitiboq, baravariga shattalab ortga oʻgrilgan hayvonlar, dong qotgan holda joylarida turib qolishdi. Uloqcha ham avvaliga beixtiyor qoʻrqib ketdi-yu, keyin bu boʻrilarning Shirmonqirda bergan vaʼdalari yodiga tushib, tezda oʻzini oʻngladi.

– Meni tanimayapsizlar shekilli? – deya gerdayib dagʻdagʻa qildi u. – Poʻstaklaringni qoqqanim darrov eslaringdan chiqibdi-da?

Dashqal ahmoqlarni kalaka qilish-u, oʻzidan ojizlarni mazaxlashni juda yoqtirardi. Qulay fursat kelganida, yana xumorini yozib olishga tirishib, yolgʻondakamdan shumshaydi:

– Ie, bu pahlavon Echkibola-ku! Tanimaganimizni qarang!

– Ha, kallam qursin, – peshanasiga shapillatib urib, goʻyo qoʻrqayotgandek, orqaga tisarildi Ashqal. – Men ham tanimabman. Biz omilarni kechirasiz-da endi, Uloqvoy.

“Xayriyat, gapida turadigan boʻrilar ekan, – deb oʻyladi Uloqcha. – Mana endi xomaki musht-mushtni boshlaymiz”.

U oʻzini dadil tutib, Dashqalga oʻqraydi:

– Qoʻyvoring, akajon, deb elanganing esingdami?

– Esimda, Echkibola, esimda.

– Sen tuyogʻimni yalaganiding shekilli? – bu gal Ashqalga davara qildi Uloqcha.

– Toʻgʻri, Uloqvoy, rosayam yalaganman.

– Unda, nimaychun yana jigʻimga tegyapsanlar? Hozir ikkalangniyam biqiningdan darcha ochaman!

Uloqcha “tashvishlanmanglar, qattiq suzmayman”, degan maʼnoda boʻrilarga yashirincha koʻz qisdi. Soʻng kalla qoʻymoqchi boʻlib oldinga sapchigan edi, Dashqal chaqqonlik bilan uning yelkasidan tishlab oldi-da, boshi ustida bir-ikki aylantirib turib, zarb bilan chetga uloqtirdi. Maqtanchoq oqsoqol havoda koptokdek uchib borib, gursillaganicha Hoʻkiz ogʻaning oyoqlari ostiga tushdi.

– Tuyoq yalashni koʻrsatib qoʻyamiz senga! – vahshiyona irilladi Dashqal. – He, itkana!

Ashqalning ham avzoyi yovuzlashdi:

– Anavi laqmalarni tuzogʻimizga yetaklab kelguningcha oʻz holingga qoʻyib berdik. Bizni istaganingcha haqorat qilding. Bundan keyin ortiqcha aljiramasliging uchun, seni boshqalardan oldinroq gumdon qilamiz.

Egizaklarning hazillashmayotganini sezgan Uloqcha katta xato qilib qoʻyganini angladi. Boʻrilarga nafratli tikilib turgach, Hoʻkiz ogʻaning pinjiga suqilib turib qichqirdi:

– Qonxoʻrlar! Yolgʻonchilar!

– Kim yolgʻonchi? – kinoyali tirjaydi Ashqal. – Biz bitta seni aldagan boʻlsak, sen birvarakayiga toʻrttasini laqillatding-ku. Eng katta yolgʻonchi oʻzingsan.

Uloqcha oʻzining ham, boshqalarning ham oʻlimi yaqin ekanligi va bu fojiaga uning esi pastligi, oʻzbilarmonligi sababchi boʻlayotganini payqab, yuragini vahima qopladi. Hoʻkiz ogʻaga gunohkorona kepatada boqib, mungli maʼradi:

– Ogʻajonim! Bu oʻqimaganlar qadrdon doʻst boʻlamiz, deb boshimni aylantirishdi. Oʻshanda meni yemasdan qoʻyib yuborishgani uchun, gaplariga ishongan edim.

Hoʻkiz ogʻaning ichi toʻliqib, pishillab qoʻydi.

– Eh, sodda Uloqcha! – kuyinib pishqirdi u. – Yirtqichlar xonakilarga doʻst boʻlishi mumkinmas. Axir, ular bizni tinch qoʻyishsa, oʻzlari ochlikdan oʻlib ketishmaydimi? Shuni vaqtida tushunganingda, yaxshi boʻlardi.

– Sen bu farosating bilan koʻp ulugʻvor ishlar qilishing mumkin edi, – endi Hoʻkiz ogʻani mazaxlashga oʻtdi Dashqal. – Lekin, aqling bilan kuchingdan oʻrinli foydalana olmading. Chunki, qoʻrqoqsan. Boʻysunuvchanliging seni shu tirmizak echkibolaga tobe qilib qoʻydi. Natijada, anavi nimjon Qoʻzichoqdan hech qanaqa farqing qolmadi. Endi hammang bitta qozonda qaynaysan.

– Yoʻq, – dedi Ashqal. – Hoʻkizni koʻpchilik boʻlib “qargʻachoʻqish” qilamiz. Zoʻr tomosha boʻladi.

Dashqal nechogʻli befahm boʻlmasin, taqsimlash vaqtida qancha kam tumshuq ishtirok etsa, oʻljadan tegadigan ulush shuncha koʻp boʻlishini yaxshi bilardi. Akasining gapidan uning dili gʻashlandi.

– Qanaqa koʻpchilik? – dedi u achchigʻlanib. – Yangi gʻalvani boshlamay turgin.

Ilgari aytib oʻtganimizdek, Ashqal oʻzining dono va ustamonligini butun Olatoqqa ovoza qilishni istardi. Qolaversa, toʻdaboshilikka boʻladigan saylovlarda bu narsa asqotib qolishi hech gap emasdi. Boʻrilar esa, shunaqa ovsar toifaki, oʻzlari yeb koʻrmagan narsalar haqidagi quruq mishmishlarga sira ishonishmaydi.

– Nima, bugun tugʻilgan kunimiz ekanligi esingdan chiqdimi? – ochkoʻz ukasini yoʻlga solish uchun qulay bahona izlab topdi Ashqal. – Oshna-ogʻaynilarni toʻplab, kattakon bazm qilmaymizmi?

– Hm… shunaqa degin? – oʻylanib bosh qashladi Dashqal. – Ha, mayli, bazm boʻlsa, bazm-da…

Ular moʻltirab turgan xonaki hayvonlarga masxaraomuz tirjayishdi. Soʻng qoʻrgʻondan chiqishib, yogʻoch darvozani jipslab berkitishdi-da, orqasiga katta-katta toshlarni tirab qoʻyishdi.

– Sen borib, obroʻli-obroʻli boʻrilarni ziyofatga aytib kel, – deya ukasiga tayinladi Ashqal. – Men bularga koʻz-quloq boʻpturaman. Eng oldin toʻda boshligʻiga uchrash. Kechqurun Toshqoʻrgʻonda goʻshtxoʻrlik boʻladi degin.

– Bazm-ku yaxshi narsa-ya, – ichga tortib ketgan qornini silab, paysallandi Dashqal. – Harqalay, avval oʻzimiz chalaziyofat qilvolsak, savob boʻlardi.

Ukasiga qoʻyib bersa, uning chalaziyofati uch kunga choʻzilishi mumkinligini Ashqal yaxshi bilardi. Shu bois avaylabgina raʼyini qaytardi:

– Oldin aytganlarimni bajarib kel. Qaytganingdan keyin, yolgʻonchi Uloqvoyni ikkovimiz “arra” qilarmiz.

Akasi loaqal bitta oʻljani ikkiga taqsimlashga rozi ekanidan quvonib ketgan Dashqal, oyogʻi olti boʻlib chopqillaganicha, dara tomonga yoʻl oldi. Tungi ovga kuch toʻplab, oʻz gʻorlarida shirin tushlar koʻrib yotgan boʻrilarni Toshqoʻrgʻondagi bazmdan ogoh etishga oshiqarkan, yumshoqbadan Uloqchani koʻz oldiga keltirgan kuyi yoʻl-yoʻlakay shodon ashula aytib borardi.

 

Uloqchaning ulogʻidan,

Choʻzish kerak qulogʻidan.

Baʼzi birov qoʻrqar emish

Uning baland dimogʻidan.

Uloqchaning ulogʻidan,

Choʻzish kerak qulogʻidan.

Uloqchani yegan tuzuk,

Osib qoʻyib tuyogʻidan…

 

Qaqshatqich jang

Boshqalardan koʻra olgʻir va surbet boʻlgani uchun oʻzini hammadan aqlli deb bilgan 0099 raqamli Uloqcha qoni boshqa yovvoyilarning makriga uchib yanglishganidan qattiq azob chekib, boshini quyi solganicha chetda yolgʻizlanib turar, sheriklarining koʻziga qarashga botina olmayotgan edi.

“Oʻzim-ku, fermani oʻlgudek yomon koʻrardim-a, – pushaymonlanib oʻylayotgandi u.

 

Yaylovga kelib, nega yana oʻsha laʼnati tartiblarga yopishib oldim? Erkin podaga qoʻshilvolib, tinchgina tirikchilik qilib yuraversam boʻlmasmidi?”

Uloqcha hali juda yosh edi. Takabburlik, faqat oʻz nafsi-yu, oʻz quvonchini oʻylash, oddiy hayvonlarning nafsoniyatini toptash oʻziga nisbatan ashaddiy dushmanlik ekanini toʻliq idroklab ulgurmagandi. Buni endigina oz-moz anglay boshladi. Afsuski, ancha kech boʻlgandi.

– Nega soʻljayib qolding, echkivachcha? – Uloqchaga yaqinlashib, alamini sochdi Boʻtaloq. – Boʻrilarning poʻstagini qoqmading-ku. Qiziq! Ular tuyogʻingniyam yalashmadi.

Kutilmaganda Eshak ham jahllanib, sobiq boshligʻiga davara qila ketdi:

– Kimsan oʻzing? Sendaqa xoʻjayinlardan koʻpini koʻrganman! He yolgʻonchi!

– Toʻgʻri! – deb hoʻmraydi Qoʻzichoq.

– Kelib-kelib, bitta buloqdan suv ichib yurgan birodarlarini aldadi-ya, – qoni qaynab depsindi Boʻtaloq. – Oʻz qondoshlarini begonalarga yem qilayotgan senday sotqinga tupurdim!

Hoʻkiz ogʻa odatdagidek royish va mulohaza bilan gapga qoʻshildi:

– Hozirgi qaltis vaziyatda bunaqa janjaldan foyda yoʻq. Undan koʻra, ahil fikrlashib, qanday qutulishni oʻylaylik. Uloqchaga kelsak, ana, qilgan ishidan oʻziyam mulzam boʻpturibdi.

– Toʻgʻri! – Uloqchaga birdan rahmi kelib, Hoʻkizga yon bosdi Qoʻzichoq.

Boʻtaloq Hoʻkiz ogʻaning oʻgitiga quloq solgisi kelmay, battardan qizishdi:

– Tupurdim uning uyalishiga!

– Qarang-ga, sotqinlik qildi-ya, – deb shovqin soldi Eshak. – Bundaylarni tepib oʻldirmoq kerakdur!

– Toʻgʻri – dedi kallani ishlatib oʻtirmay Qoʻzichoq.

Alamzada bandilar Uloqchani yana koʻp gapboʻron qilishlari mumkin edi-yu, qoʻrgʻon darvozasi ochilib, ichkariga egizak boʻrilar kirib kelishgach, soʻzlari boʻgʻzida qoldi. Dashqal podadagilarga tirjayganicha birma-bir koʻz tashladi:

– Shapaloqbazm boshlanishining ustidan chiqdik shekilli? Mehmonlarimiz ziyofatga yetib kelguncha, bir-birlaringni yeb qoʻymanglar tagʻin, ogʻayni chalishlar. Xex-xex-xe…

– Agar janjal kim birinchi boʻlib ustixonga aylanishning ustida ketayotgan boʻlsa, bunga hojat yoʻq, – toʻkilajak qon haqida vahshiylarcha xotirjamlik bilan gapirdi Ashqal. – Biz eng oldin baxtiyor Uloqvoyning tuzini totishga qaror qildik.

Qoʻrqib ketgan Uloqcha chopib borib, qaytadan Hoʻkiz ogʻaning pinjiga kirdi. Tuyoqlari qaltirab, oʻz-oʻzidan choʻkkalab qoldi.

Dashqal: “Muncha tarang qilasan, uka? Qani, buyoqqa yugurvor-chi!” – deya Uloqchani oʻziga imladi. Ashqal esa: “Nima, biz seni qassobga berarmidik? Shunaqayam avaylab yeymizki, oʻzing ham bilmay qolasan”, deb uning koʻnglini koʻtargan boʻldi.

– Xomtama boʻlma! – qahr bilan Ashqalga pishqirdi Hoʻkiz ogʻa. – Toki men tirik ekanman, Uloqchaga yaqinlashish xayolinggayam kelmasin!

– Nima balo, bu gaping bilan, meni hammadan oldin yenglar demoqchimisan? – Ashqal qonga toʻlgan koʻzlarini Hoʻkiz ogʻaga qadadi.

Nayrangvoz Dashqal esa, masalani boshqa yoqqa burib, oʻzga hayvonlarni Hoʻkiz ogʻaga qarshi qayramoqchi boʻldi:

– Doʻstlaringni hurmat qilsang-chi, uyatsiz! Nega zoʻravonlik bilan oʻzingdan kichiklarning navbatini olyapsan? Qoʻyvor bechora Echkibolani!

– Loʻttivozlikni yigʻishtir! – gʻazabnok moʻvradi Hoʻkiz ogʻa. – Uloqdan umidingni uz!

Egizaklar biri: “Shunaqami hali?” – deb, ikkinchisi “Unda, oʻzingdan koʻr!” – deya poʻpisalab, qonsiragan vajohatda Hoʻkiz ogʻani ikki yoqdan iskanjaga ola boshladilar. Hoʻkiz ogʻa bor kuchini boʻyin va tuyoqlariga jamlab, hayot-mamot jangiga hozirlandi.

Dashqal raqibining kekirtagini moʻljallab turib, bor basti bilan oldinga otildi. Ammo, Hoʻkiz ogʻa qoʻpol gavdasiga xos boʻlmagan chaqqonlik ila uni shoxlari orasiga qoʻndirib oldi-yu, chirpiraklatib chetga uloqtirdi. Dushmanining bir lahza himoyasiz qolganidan foydalangan Ashqal bir tumshuq urib, Hoʻkiz ogʻaning chap biqinidan parcha goʻsht uzib olishga ulgurdi. Garchi, Boʻtaloq bilan Eshak ham beixtiyor bu olishuvga kelib qoʻshilishgan boʻlsa-da, jangdagi asosiy ogʻirlik hanuz Hoʻkiz ogʻaning zimmasida turar, boʻrilar birinchi galda uni safdan chiqarishga harakat qilishayotgandi.

Jang qizib boraverdi. Boʻtaloqning junlari toʻzib, Eshakning lunjidan oq koʻpik sachray boshladi. Qoʻzichoq orqa tuyoqlarida yerni timdalab, yirtqichlarga mayda toshchalarni yogʻdirar, Uloqcha boʻlsa, qoʻrgʻonning ichki devorchalari ustida dik-dik sakrab, egizaklarning boshiga gʻishtlarni nuratish bilan ovora edi.

Boʻrilarning asosiy hujumini qaytarayotgan Hoʻkiz ogʻa, tanasidagi jarohatlar koʻpaygani sayin, tobora holsizlanayotgan edi. Koʻp qon yoʻqotgani bois, koʻzlari tinib, boshi aylana boshladi.

“Tamom! – deb oʻyladi u, gandiraklaganicha olishuvni davom ettirayotib. – Endi hammasi tamom boʻldi!”

Uning koʻz oʻngida tuyalardek oʻrkachdor adirlar, adirlar etagiga borib tutashuvchi koʻm-koʻk yaylov, dengizsimon oʻtloqdagi turfarang chechaklar, chechakdan-chechakka giz-gizlab yurguchi bolari-yu kapalaklar suratdek jonlandi. Keyin ola sigirning biqiniga ishqalanib erkalanayotgan novvoschani esladi. Bu uning yoshlik chogʻlari edi. Birdan nigohi qarshisida nimadir yarq etib chaqnadi. Omoch shekilli bu. Nahotki, uni yana qoʻshga qoʻshishmoqchi?

Tanasi “Jiz!” etdi-yu, Hoʻkiz ogʻa hushini yigʻdi. Boʻrilardan biri uning koʻksidan yana bir parcha etni uzib olgandi.

“Oʻladigan boʻlsam, loaqal bitta yirtqichni tilkalab oʻlishim kerak! – deya xayolidan oʻtkazdi u. – Shuncha qoʻrqib yashaganim yetar!”

Hoʻkiz ogʻa oxirgi kuchini toʻplab, Ashqalga tashlandi, uni burama shoxlariga ilib olib, shartta devorga qisdi. Bunday sharoitda oʻzini ikkinchi boʻridan himoya qila olmasligi, Dashqal birinchi hamladayoq uning qornini yorib tashlashligini sezib tursa-da, dushmanini bor basti bilan devorga niqtashda davom etdi.

Dashqal changak tishlarini bir-biriga qayrab, Hoʻkiz ogʻaning yon tomoniga oʻtdi. Biroq, raqibini chavaqlab tashlashga ulgurmadi, tuyqus paydo boʻlgan Eshakning tepkisidan miyasi qattiq lat yeb, yumalaganicha devorga borib urildi. Boshini silkib-silkib, gandiraklagan holda oʻrnidan turarkan, qari Hoʻkizning baquvvat shoxlari orasida uvillab jon berayotgan akasiga endi yordamning hojati yoʻqligini angladi. Qochishdan oldin, bora solib, Uloqchaga yopishdi, boʻynining tepasidan tishlab, yelkaga oʻngardi-yu, jon halpida darvoza tomonga yugurdi.

– Hoʻkiz ogʻa! Hoʻkiz ogʻa! – Dashqalning yelkasida tipirchilab borayotib, bor ovozda zorlandi Uloqcha. – Yordam beringlar!

– Uloqni opqochdi-yov! – hayajonlanib baqirdi Eshak. – Ushlagaymiz oʻgʻrini!

Qoʻzichoq qoʻrqqanidan qattiq maʼrab yubordi. Boʻtaloq jahl bilan yerga tupurib, Eshakning ortidan tashqariga qarab chopdi. Hoʻkiz ogʻa allaqachon tinchib qolgan Ashqalni chetga uloqtirib, Eshak va Boʻtaloqning ketidan yugurmoqchi boʻlganida, uch-toʻrt qadam bosib-bosmay, birdan tentiraklab yiqildi. Qoʻzichoq uning ustiga kelib, maʼrab-maʼrab yigʻlashga tushdi.

0099 raqamli Uloqchani yelkalagan kuyi tashqariga otilib chiqqan Dashqal soʻqmoqni changitganicha dara tarafga chopdi. “Akamning oʻlgani ajab boʻldi, endi Uloqni bitta oʻzim xap-xap qilaman”, deya yoʻl-yoʻlakay oʻylab borayotganida, qarshisidan oʻqdek uchib kelayotgan Olaparni koʻrib, koʻzlari olaydi. Oʻljasini chetga otib, tomogʻi yirtilgudek irillagan asno itga tashlandi.

Olapar bir necha chaqirim joydan chopib kelib, hansirab qolgan boʻlishiga qaramay, boʻrini dastlabki hamladayoq tagiga bosib oldi, hali u, hali bu yeridan tishlab, mushukka oʻxshatib piypalashga tushdi. Dashqal oʻtkir tirnoqlarini doʻlayib, uning koʻziga chang solmoqchi boʻlganida, Olapar raqibining oldingi oyoqlarini ayamay gʻajib tashladi. Toshqoʻrgʻondagi hayvonlar oqsab-toʻqsab tashqariga chiqib kelishgan mahalda, aʼzoyi badani qonga belangan yirtqich Dashqal chalajon sulayib yotardi.

– E, qoyilman! – Olaparga yaqinlashayotib, quvonch bilan qichqirdi Boʻtaloq. – Birpasda surobini toʻgʻrilab qoʻyibsan-ku.

– Bormisan, akasi boʻyidan? – iljaydi Eshak. – Gʻalaba muborak boʻlgay!

Qoʻzichoqni yetaklab olgan Hoʻkiz ogʻa zoʻrgʻa odimlab kelib, bir sulayib yotgan Dashqalga, bir gʻolibona koʻkrak kerib turgan Olaparga koʻz tashlagach, dedi:

– Vaqtida yetib kelganing yaxshi boʻldi, Olapar. Rahmat senga.

Qoʻzichoq diriklab kelib Itga suykandi-yu, yana yigʻlab yubordi.

– Sizlar menga emas, Quyonga rahmat aytinglar, – kamtarinlandi Olapar. – Agar u menga xabar qilmaganida…

Birdan uning gapi boʻlinib, tevarakka alangladi va: “Hov! Vov! Qayoqdasan, Quyonjon?” – deb akilladi.

– Kak-ku! – Quyon oldin ovoz qildi, soʻng qiyalikdagi harsang yonidan moʻralab, turganlarga gʻilaylanib jilmaydi. – Mana men!

– Qarang-ga, qarang-ga! – toʻlqinlanib ketdi Eshak. – Bu oʻzimizning azamat ukamiz-ku! Salomat boʻlgaysan, Dingirvoy!

– Koʻnglimga havotir tushib, orqalaringdan poylab kelganidim, – dedi Quyon. – Boʻrilarning qopqoniga tushganlaringni koʻrdim-u, Olapar toʻgʻrisidagi gaplaringni eslab, Chimtepa qishlogʻiga qarab chopdim.

– Umringdan baraka top, Dingirvoy, – uni duo qildi Hoʻkiz ogʻa. – Bagʻoyat aqlli Quyon ekansan.

– Toʻgʻri! – deb bosh irgʻadi Qoʻzichoq.

Ozodlik tekin ovqatdan ham zoʻr narsa. Yirtqichlarning xoʻrlovlaridan xalos boʻlishgach, sobiq bandilarning zardobga toʻlgan dillari tuyqus yashnab, tund chehralari birpasda yorishib ketdi. Faqat 0099 raqamli shoʻrpeshana Uloqchagina nariroqdagi chagʻir tosh ustida koʻzlarini yerga qadab, jimgina mungʻayib turardi. Quvonchli damda eng kekchi jonivor ham eski gina-kuduratni butunlay unutib yuboradi deyishardi. Boʻtaloqda yuz bergan oʻzgarish bu soʻzning toʻgʻriligini yana bir bor tasdiqladi. U yon-veridagilarni jilmayganicha turtkilab, Uloqcha tarafga imo qildi. Hayvonlar bir-birlariga qarab, maʼnodor kulib qoʻyishdi. Hoʻkiz ogʻa oqsab Uloqchaning yoniga bordi va xotirjam qiyofada soʻz qotdi:

– Nimaga bir chekkada shumshayi-i-b turibsan? Bunaqa qilishing yaxshimas.

– Nimadan xursand boʻlay, Hoʻkiz ogʻa? – yigʻlamsirab javob qildi Uloqcha. – Oqsoqollik qoʻldan ketgani mayli-ya, endi men bilan hech kim oʻrtoq ham boʻlmaydi.

– Qoʻysang-chi, – deya eʼtiroz bildirdi Hoʻkiz ogʻa. – Men bu podadagilarni juda yaxshi bilaman. Bari ochiqkoʻngil. Agar, chinakam baxt boshqalarning baxti uchun yashashda ekanligini tushunib yetgan boʻlsang, menimcha, ular seni kechirishadi. Xohlasang, hoziroq hammasi bilan yarashtirib qoʻyaman.

Uloqcha picha oʻylanib turgach, bir sakrab, toshdan tushdi.

– Yoʻq, Hoʻkiz ogʻa, – dedi u birdan dadillashib. – Ular bilan yarashishga oʻzim urinib koʻraman.

Hoʻkiz ogʻa bu gapdan quvonib ketib: “Balli! Juda yaxshi oʻylabsan”, deya uning yelkasiga tumshuq bosdi.

Uloqcha oʻngʻaysizlangan qiyofada hayvonlar davrasiga yaqinlashdi. Turganlarga bir-bir qarab olib, duduqlanganicha gap boshladi:

– Osh… oshnajonlar! Bir bogʻ xashakdan garov oʻynashim mumkinki, men endi… endi men…

– Qiynalmay qoʻyaqol, – uning gapini boʻldi Quyon. – Nima demoqchi boʻlayotganingni hammamiz bilib turibmiz.

– Akkash ham tushunib turibdi, – gerdaydi Eshak. – Nima, kallam oshqovoqmidi?

Kayfiyati ochilib turgan Boʻtaloqning yanada zavqi joʻshdi:

– Tupurdim bunaqa hafagarchilikka! Biz bilan birga quvonsang-chi, birodar!

– Toʻgʻri! – iljayib qichqirdi Qoʻzichoq.

Olapar Uloqchaning yoniga kelib, uni oʻz oʻrtoqlari safiga qabul qilganini bildirib qoʻyish uchun uning tumshugʻi va tamgʻali qulogʻini mehribonlarcha hidladi. Soʻng yangi doʻstining boʻyni ustidagi qonlarni avaylab yalashga tushdi. Itning soʻlagi har qanday yaraga oʻtkir malham boʻlishligini yaxshi bilgan Uloqcha unga minnatdorchilik bilan koʻz tashlab qoʻydi.

– Hechqisi yoʻq, ogʻayni, – sobiq oqsoqolga taskin berdi Olapar. – Begonalarning badanimizda qoldirgan yaralari ertami-kech bitib ketaveradi. Ishqilib, bir-birimizning yuragimizni jarohatlamasak boʻlgani. Bunisi yomonroq, hov, vov!

Uloqcha kumush qoʻngʻirogʻini boʻynidan yulqib olib, uni jon talvasasida xirillab yotgan yirtqich Dashqalning tumshugʻi ostiga itqitdi. Koʻngli birdan yengil tortdi. Bu paytda boshqalar ham oʻzlarini qayta tugʻilgandek his etishib, toʻyib-toʻyib nafas olishayotgandi.

 

1979 yil

 

Anvar OBIDJON

https://saviya.uz/ijod/nasr/0099-raqamli-yolgonchi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x