Tabiat va qadriyat talqini

Globallashuvning murosasizligi, degradatsiyalanishning jiddiy tahdid sifatida tobora kuchayib borishi nomoddiy madaniy merosni kelajakda yoʻqolib ketish xavfini jadallashtirmoqda. Bunday sharoitda asrlar davomida shakllangan milliy oʻziga xoslik, urf-odatlar, qadriyatlarni saqlab qolish davlat va jamiyat oldiga dolzarb vazifalarni koʻndalang qoʻyadi. Ushbu vazifalarni ado etishda mamlakat OAV, xususan, matbuot nashrlari nomoddiy madaniy merosning ahamiyatini aholiga tushuntirish, jamiyatdagi turli ijtimoiy institutlarning xabardorligini oshirish, ijtimoiy birdamlik, barqaror taraqqiyot va ehtimoliy ziddiyatlarni oldini olish vositasi sifatida faol ishtirok etish zaruratini davrning oʻzi taqozo qilmoqda. Ayniqsa, OAV nomoddiy madaniy merosning estetik va maʼnaviy jihatlariga koʻproq eʼtibor qaratish, odamlar ongini milliy urf-odatlar, anʼana va udumlarga bogʻliq bilimlar bilan boyitish, uni saqlab qolishning muhim shartlaridan biridir.

Eʼtirof etmoq joizki, mamlakatimiz mustaqillikni qoʻlga kiritgandan soʻng, yoʻq boʻlib ketgan yoki yoʻqolish xavfi boʻlgan milliy urf-odatlarimiz, anʼanalarimizni qayta tiklashga jiddiy eʼtibor qaratildi. Bu jarayonlarda OAV, xususan bosma nashrlari ham baholi qudrat ishtirok etib, xalq maʼnaviyatini yanada yuksaltirishda samarali faoliyat olib bormoqda. Biz mazkur mavzuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi muassisligida nashr etib kelinayotgan “Sharq yulduzi” jurnali hamda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi faoliyati misolida oʻrganishni lozim topdik.

Mazkur nashrlarning mustaqillik yillari (1991–2015yy) taxlamlarini tadqiq qilar ekanmiz, tabiat va koinot bilan bogʻliq milliy udumlar, urf-odatlarga bagʻishlangan maqolalarga alohida oʻrin ajaratilganiga va mazkur mavzu rejali ravishda muntazam yoritib borilganiga guvoh boʻldik.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, tadqiqot jarayonida jurnalning 1991–2015 yillarda chop etilgan 156 dan ortiq sonini, gazetaning 25 yil davomidagi 1250 dan ortiq sonini koʻrib chiqdik. Mazkur nashrlarda nomoddiy madaniy meros mavzusiga doir 200 dan ortiq maqola chop etilgan boʻlib, shundan 30 ga yaqini aynan tabiat va koinotga oid bilim va urf-odatlarga bagʻishlangan maqolalar tashkil etadi. Xususan, oʻzbek xalqining eng aziz va qadimiy bayrami “Navroʻz” va u bilan bogʻliq urf-odatlar, udum va marosimlar, bahoriy taomlarni tayyorlash sirlari, shuningdek, anʼanaviy xalq taqvimlari, kunning botishiga qarab kelgusi kunning qanday boʻlishi, oyning turishiga qarab ob-havoni belgilash, hayvonlar harakati orqali sodir boʻladigan voqealarni bashorat qilish, xalq tabobati haqidagi maqolalar ana shular jumlasidandir.

Tahlilga tortgan maqolalarni mavzular boʻyicha tasniflaganimizda, eng koʻp chop etilgani, Navroʻz bayrami hamda uning shoh taomi Sumalak haqidagi maqolalardir. Bu bejiz emas, albatta. Chunki milliy bayram va u bilan bogʻliq urf-odatlarning eng qadimiysi, shubhasiz Navroʻzdir. 2009 yilda Ozarbayjon, Hindiston, Eron, Qirgʻiziston, Pokiston, Oʻzbekiston va Turkiya singari davlatlarning tavsiyanomasiga koʻra, Navroʻz YUNYeSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritildi va BMT tomonidan 2010 yilda 21 mart Xalqaro Navroʻz kuni deb eʼlon qilindi.

Xususan, “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan Muhammad Rajabning “Jodir baxshi qoʻshiqlari” (1991 yil, 2-son), Muzaffar Ahmadning “Qirq mingi baxshidir, qoʻlinda sozi” (1992 yil, 2-son), Naim Karimovning “Alpomishning qatli om etilishi” (1992 yil, 12-son), Abdulla Oripov va Murod Mansurning “Navroʻziy tozaruv…” (1994 yil, 3-4-qoʻshma sonlar,), Usmon Azimning “Xalqning mangu gʻururi. “Alpomish” kinodostoni” (1999 yil, 1-2-3-4-sonlar), Jumaboy Yusupovning “Ertakdagi qoʻshiq” (2000–2001 yillar, 1-son), Bahodir Rahmonovning “Ertak va zamon” (2006 yil, 3-son), Xoʻjaqul Muhammadiyevning “Orzugul” dostonida mifologik obrazlar” (2006 yil, 5-6-qoʻshma sonlar), Bahodir Rahmonovning “Anʼanaviy folklor muammolari” (2007 yil, 2-son), Abdusamad Mamayusupovning “Samarqand baxshichilik maktablari: kecha va bugun” (2007 yil, 3-son), U. Hoshimov, N. Alimova, D. Yoqubovlarning “Hunarlarga zeb bergan makon” (2007 yil, 4-son), Oltinoy Tojiboyevaning “Dovrugʻi doston “Alpomish” (2008 yil, 5-6-qoʻshma sonlar), Oxunjon Safarov “To tonggacha soʻylagum ertak” (2009 yil, 4-son), Sultonmurod Olimning “Xalq, meros va maʼnaviyat” (2010 yil, 3-son), Yoʻldosh Norboʻtayevning “Oʻzbek milliy cholgʻulari tarixidan” (2010 yil, 5-son), Omonulla Madayevning “Xalq dostonlari genezisiga doir” (2013 yil, 4-son), Dilmurod Islomovning “Moziydan sado” (2014 yil, 5-son), Rahimjon Doʻsanovning “Oʻzbek askiyachiligi sardori” (2015 yil, 2-son), Norqizil Kengboyevning “Shomurod shoir kuylaganda” (2015 yil, 5-son), Shahodat Imomnazarovaning “Xalq oʻlanlarida poetik takror” (2015 yil, 3-son) kabi maqolalari shular jumlasidandir.

Yuqoridagi maqolalar ichida Murod Mansurning Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bilan “Navroʻziy tozaruv…” sarlavhasi ostidagi suhbati (1994 yil, 3-4-qoʻshma sonlar, 3-bet) nomoddiy madaniy merosning tabiat va koinot bilan bogʻliq bilim va urf-odatlar yoʻnalishi mavzusiga bagʻishlangan. Maqola suhbat janrida yozilgan boʻlib, unda oʻzbek xalqining chin yangi yili, tabiat yasharishi boʻlmish – Navroʻz haqida soʻz boradi. Bolalikning shirin xotiralarini Abdulla Oripov shunday eslaydi: “… Navroʻz deganda mening xotiramga kitoblarda oʻqiganim emas, oʻzim bolalik yillarida aynan guvoh boʻlgan maʼrakayu marosimlar kelaveradi. Bu gaplar 40 yillarning oxiri, 50 yillarning boshiga taalluqli. U mahallarda Navroʻz haqida hech kim hech qanday rasmiy maʼlumotga ega emas edi. Lekin xalqning yurak tubiga bitilgan Navroʻz kanda qilmay oʻtkazilardi. Yangi yil, yaʼni Navroʻz arafasida kechqurun qishloq maydonchasining uch joyida uchta katta gulxan yoqilardi. Xonadonlardan mundimi, darz ketgan koʻzami, kemtik tuvakmi, obdastami, xullas, eski-tuski idishlarni olib chiqib, biz bolalarning qoʻllariga tutqizishardi. Biz esa, haligi hisobdan chiqqan eski-tuski “inventarlar” ni gulxanga zarb bilan urib, olov ustidan ketma-ket sakrab oʻtar edik. Bu, albatta, chuqur ramziy maʼnoga ega. Yaʼni, eski-tuski, qalangʻi-qasangʻi narsalarimiz eski yilda qola qolsin, degan niyatda shunday qilinar edi…”.[1]

Shoir Navroʻz bilan bogʻliq urf-odat va marosimlarni yodga olib: “… Navroʻzning birinchi kuni qishloqdagi har bir xonadon oʻzining himmatiyu qudratiga yarasha biror taom tayyorlab qishlogʻimiz yonidagi ulkan tepalikka olib chiqishardi. Koʻm-koʻk chimzor ustida kattayu kichik, xotin-xalaj jam boʻlishib, haligi taomlarni bab-barobar talashib-tortishib tanovul etishardi. Oʻsha joyning oʻzida, qishloq podachisi saylanardi. Avvalgi podachidan xalq rozi boʻlsa, xoʻp-xoʻp, yoʻqsa unga rahmat aytib, podachilikni yangi odamga topshirishardi…”[2] – deydi.

Abdulla Oripov Navroʻzni beozor, chin tabiat bayrami deb ataydi. Navroʻz va uning urf-odat, anʼanalari, marosim va udumlari tabiat bilan bogʻliq boʻlib, juda ham qadim zamonlarga, otashparast ota-bobolarimizga borib tutashishi haqida alohida toʻxtaladi.

Shuningdek, “… Men paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom fazilatlarini oʻrgana turib, quyidagi lavhaga duch keldim…” – deb yozadi shoir, “… Kunlardan birida paygʻambarimizning zavjalari antiqa bir taomni hazratga taklif qiladilar. Rasuli akram haligi taomdan tatib koʻrib, bu nima oʻzi, degan savolni beradilar. Bu qoʻshni ellarning bayram kuni pishiriladigan taomi, deb javob qilishadi. Albatta, bu taom sumalak edi. Shunda hazratimiz lutf qilib, ushbu taomni qay munosabat bilan pishirurlar, deb soʻraydilar. Navroʻzda, yilning yangi kuni boshlanishida pishirurlar, deb javob qilishadi. Sumalakning mazasini totgan paygʻambar: – Unday boʻlsa har kunlaring Navroʻz boʻlaqolsin,  – degan ekanlar.

Xuddi ana shu lutfni Navoiy bobomiz ham baytga solganlar:

Har tuning qadr oʻlibon,

Har kuning oʻlsin Navroʻz.”[3]

Abdulla Oripov xalqimizning bebaho urf-odat, marosim, udum va anʼana hamda bayramlarini istiqlol sharofati bilan tiklanib, rivoj topayotganidan behad quvonchga toʻlib shunday yozadi:

“… Navroʻz atrofida qancha gʻavgʻoli gaplar boʻlganini hozir eslash shartmasdir. Hanuzgacha Navroʻz kunida, jumladan, turkiy zaminda oʻz-oʻzidan tabiat qoʻynida boshlanib ketadigan xalq sayllarini kuzatar ekanman, xalqning xotirasi metindan mustahkam, undagi birikmalar oltindan qimmat ekanligiga imon keltiraman. Axir oʻylang, boshqa bayramlar har holda tashviq qilinadi. Navroʻz esa yoʻlini qanchalik toʻsishmasin, bahor selidek, toʻlib-toshib yoʻlida davom etaveradi.”[4]

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida mazkur mavzuda yozilgan M. Joʻrayevning “Yil boshiga tengdosh oʻyin” (2003 yil, 12-son), J. Jabborovning “Navroʻz safosi” (2006 yil, 12-son), Sh. Salomning “Qoʻzigul bahorning koʻzlari” (2010 yil, 10-son), “Hulkarni kutgan kiyik”, B. Normurodovning “Barhayot qadriyatlar” (2013 yil, 11-son), B. Aminov “Quvvatijon sumalak” (2013 yil, 12-son), A. Jumanazarning “Sumalak” (2014 yil, 13-son) sarlavhali maqolalarni misol sifatida keltirish mumkin. Sanab oʻtgan ushbu maqolalarning shu mavzudagi chop etilgan boshqa maqolalardan farqli jihatlari bor. Avvalo, bu maqolalarning katta qismi olimlar tomonidan yozilganida. Demak, ular qayerda Navroʻz boʻlgani, qanday oʻtkazilgani haqidagi shunchaki axborot emas, balki oʻquvchiga Navroʻz va u bilan bogʻliq milliy urf-odatlar, anʼanalar va udumlarning kelib chiqishi tarixi, mazmuni, oʻziga xosligi, qonuniyatlari haqida tadqiqotga asoslangan yangi bilimlarni beradi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborovning “Navroʻz safosi” sarlavhali maqolasida Navroʻz bayrami mustaqil Oʻzbekistonning umumxalq tantanasi sifatida muhim siyosiy va maʼnaviy ahamiyatiga eʼtibor qaratadi. “… Yaxshi bilamizki, Navroʻz bayrami oʻz tarixiy, olis yoʻllarida ancha-muncha qiyin, mashaqqatli sinovlarni ham oʻz boshidan kechirdi. Uning yoʻlida bemaʼni toʻsiqlar, tazyiqlar ham uchradi. Chinakam xalq sayli sifatida dunyoga kelgan Navroʻzimizga oʻtmish sarqiti, diniy marosim, ortiqcha dahmaza degan tamgʻa bosilib, uni hayotimizdan surib tashlashga urinishlar ham boʻldi. Lekin xalq hech qachon jonajon bayramidan voz kechgan emas. Navroʻz zamirida mujassam boʻlgan xalq sayillari degan oliy tushuncha istiqlolimiz sharofati bilan oʻz jozibasini, oʻz maʼnolar dunyosini topdi…”[5]

Maqola esse janriga mansub boʻlib, muallif bayram xususida koʻngil kechinmalari, his-hayajonlarini oʻquvchi bilan oʻrtoqlashadi. “… asosiy maqsad, Navroʻzni chinnakam xalq sayliday oʻtkazish. Xoʻjakoʻrsinga oʻtadigan majlislar, nutqlar yoʻq. Navroʻz – xalq sayli. Odamlar yayrasin, eng yaxshi liboslarini kiyib chiqib, chiroyli davralar tuzib, tabiat bagʻrida goʻzal insoniy bazm tuzsinlar”, deb yozadi shoir.

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida chop etilgan ushbu mavzudagi maqolalar sirasiga tabiat va koinotga aloqador milliy urf-odatlar, udumlar, xalqona qarashlar, ular zamiridagi bilimlarga bagʻishlangan maqolalarni ham kiritish mumkin. Jumladan, A. Nabiyevning “Savobga yoʻgʻrilgan anʼana” (1991 yil, 16-son), A. Joʻrayevning “Qirdagi suluv” (1992 yil, 51-son), A. Ashirov va A. Qayumovlarning “Boysun – ochiq muzey” (2002 yil, 18-19-sonlar), A. Otaboyevning “Tibet tabobati sirlari” (2003 yil, 44-son), Q. Sodiqovning “Kun burji sobit turur” (2007 yil, 50-son), N. Norqobilovning “Togʻdagi koʻpkari” (2010 yil, 47-son), S. Davronovning “Milliy taomlar dovrugʻi” (2014 yil, 47-son) kabi maqolalar ana shunday mazmunni ifoda etadi.

Gazetaning 2010 yil, 10-sonida chop etilgan Shodmonqul Salomning “Qoʻzigul bahorning koʻzlari”, “Hulkarni kutgan kiyik” sarlavhali maqolalarida tabiat va koinotga oid bilim va urf-odatlarni yaqqol aks etadi. Xususan, “… bir choʻpon aytdi: “Kun qoʻtonladi, endi kunda yomgʻir yogʻadi”. Ikkinchisi: “Kecha oy qoʻtonladi, oyda yogʻadi”, dedi. Uchinchi keksa choʻpon bir muddat jim turgach, osmonga qarab: “Kun qoʻtonlasa kuragingni olib qoʻraga bor. Oy qoʻtonlasa, aygʻir otingni minib ovga bor. Lekin bulut emas, boʻyruq yogʻadi”, dedi. Choʻponlarning bu gurungining maʼnosi shunday: quyosh atrofida aylana, gʻuborli halqa paydo boʻlsa, kun qoʻtonlagan hisoblanib, har kuni yogʻingarchilik boʻlishidan darak beradi. Shu sabab, chorvadorlar qoʻtonlarini bu mavsumga hozirlashi kerak. Oy atrofida gʻuborli halqa esa, kamida bir oyda yomgʻir yogʻishini anglatib, bemalol uzoq safarga, jumladan, ovga borish ham xavf tugʻdirmasligini bildiradi. Ammo keksa choʻpon aytganidek, osmonda bulut qancha koʻp va quyuq boʻlsa-da, ilohiy buyruq boʻlmasa, yomgʻir yogʻmaydi…”[6]

Gazetada chop etilgan nomoddiy madaniy merosga bagʻishlangan maqolalar tasnifida tabiat va inson munosabatining milliy xalq qoʻshiqlari, oʻyinlarda aks etishi mavzusi ham katta oʻrin tutadi. Masalan, Sharqshunoslik instituti talabasi Botir Normurodovning “Barhayot qadriyatlar” sarlavhali maqolasi tabiat uygʻonishi bilan bogʻliq boʻlgan marosim qoʻshiqlari, milliy oʻyin va tomoshalarga bagʻishlangan. Unda tabiat qoʻynida boʻladigan Navroʻz saylida ijro etiladigan maxsus chorlov qoʻshigʻi “Bor ho, kel ho…”, qadimiy marosim qoʻshigʻi “Sust xotin”, milliy oʻyinlar “Halinchak”, “Har xilcha”, “Beshtosh”, “Bosma nom”, “Mir-mir”, tomosha oʻyinlaridan “Kim oladi-ya”, “Laylak ilonni ovladi” kabilar tahlilga tortilgan.

Oʻtgan yillar davomida gazetada chop etilgan mazkur mavzudagi maqolalar ichida bahoriy taomlarni tayyorlash bilan bogʻliq bilimlar va ularning koinot va tabiatga aloqadorligigiga bagʻishlagan maqolalar ham oʻrin olgan. Bunga misol sifatida etnograf olim Bilol Aminovning “Quvvatijon sumalak” (2013 yil, 12-sonida) sarlavhali maqolasida tabiat va koinotga oid bilimlarning, xususan sumalak pishirish udumi, uning shifobaxsh xususiyatlari haqida gap boradi. “Navroʻz paydo boʻlibdiki, uning tengdoshi sifatida sumalak taomi ham tayyorlana boshlangan. Sumalakni dardlarda darmon, quvvatijon taom deyilishi bejiz emas. Boisi, bugʻdoy tarkibida “tokoferol” deb ataluvchi modda boʻlib, darmondorilik xususiyati bilan jenshen, yaʼni “Ye” darmondorisining oʻzi ekanligini aniqlashgan. Shuning uchun ayni ilik uzildi payti tabiblarimiz sumalakni koʻproq isteʼmol qilishni tavsiya etadlar” deb yozadi muallif. Yoki OʻzRFA Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Abdusattor Jumanazarning “Sumalak” sarlavhali maqolasida (2014 yil, 13-son) bu taomning kelib chiqishi tarixini manbalar asosida tadqiq etgan.

Ashurali Joʻrayevning “Qirdagi suluv”, Normurod Norqobilovning “Togʻdagi koʻpkari” maqolasida tabiat bilan bogʻliq urf-odatlardan biri koʻpkari-uloq, uni oʻtkazish tartibi haqida gap borsa, OʻzRFA Tarix instituti ilmiy xodimlari A. Ashirov va A. Qayumovning “Boysun – ochiq muzey” sarlavhali maqolasida tabiat bilan bogʻliq qoʻshiqlar mazmuniga eʼtibor qaratiladi “… etnografik kuzatishlardan maʼlum boʻladiki, xalq hamisha oʻzining turmush tarzi, ruhiyati, milliyligidan kelib chiqib ogʻzaki ijod namunalarini yaratadi. Xalq ogʻzaki ijodida “Doʻrsi-doʻrsi” qoʻshigʻi shinni tayyorlovchi xalqning ish uslubi haqida maʼlumot beradi. Masalan, Boysunda xoʻjalar “Toifi” navli uzumdan shinni tayyorlash boʻyicha ustasi farang boʻlganlar va ish jarayonida ushbu qoʻshiqni hirgoyi qilganlar…”[7] Shuningdek, mualliflar “Turna keldi” va “Shohmoylar” qoʻshiqlari mazmuni, ularning shoʻx-shodon kayfiyat emas, balki xalq donishmandligi, xalqona qarashlarda ifoda topganligini taʼkidlaydilar.

Gazetaning 2007 yil, 50-sonida chop etilgan Qosimjon Sodiqovning “Kun burji sobit turur” sarlavhali maqolasida koinotga oid bilimlarni Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” dostonining “Yetti kavokib va oʻn ikki burj” boʻlimidagi maʼlumotlar bilan qiyosiy tahlilga tortilgan. “… har bir istiloh koinot jismlarining koʻrinishi, holati va harakatidan kelib chiqqan holda yasalgan. Bu hodisani oʻsha kezlardagi ayni sohaning taraqqiyoti, qadimgi turkiy tilda istiloh yasash prinsiplarining puxta ishlab chiqilgani hamda til anʼanasining uzoq asrli takomiliga bogʻlaganimiz maʼqul”[8], deb yozadi muallif.

Gazetaning 2014 yil 47-sonida muallif Sanjar Davronovning “Milliy taomlar dovrugʻi” sarlavhali maqolasi oʻzbek milliy taomlari va ularning tasnifiga bagʻishlangan. Maqolada muallif taomlarni: hududiy kaloritga (Jizzax somsasi, Qashqadaryo jizi, Gʻijdivon kabobi, Qoʻqon palovi va hokazo), tayyorlash jarayonini oʻz nomida mujassam etgan taomlar (qiyma kabob, choʻzma lagʻmon, dimlama, qaynatma shoʻrva), maʼlum bir narsaga chogʻishtirish orqali nomlangan taomlar (gulxonim, beshpanja kabob, qushtili), tarkibidagi mahsuloti ifodalangan taomlar (koʻk somsa, jigar kabob, tuxum doʻlma, moshkichiri) kabi guruhlarga ajratib koʻrsatadi. Shuningdek, asrlar davomida saqlanib kelayotgan taomlar bilan bogʻliq “tuz yegan joyga qirq kun salom bermoq”, “luqmai halol”, “minnatsiz osh”, “birovning non-tuziga xiyonat qilmaslik”, “mehmonga osh-suv tutish” singari oʻzbek millatiga xos boʻlgan ramziy ibora va tushunchalar mazmuniga alohida toʻxtaladi.

Ushbu maqolalarda koʻtarilgan mavzular xalqimizning milliy bayramlari, mehnat faoliyati yoki oʻyinlari, milliy sanʼat koʻrinishilari kabi urf-odatlar, anʼana va udumlarning tabiat va koinot haqidagi bilimlarga bogʻliq ekanligini kuzatish mumkin. Bu borada ushbu nashrlar ana shu bilimlarni xalqimiz eʼtiboriga havola qilib, ularni asrash, muhofaza qilish va kelajak avlodga yetkazishda katta hissa qoʻshib kelmoqda.

 

 

REZYUMYe

 

Maqolada xalqlarning asrlar davomida yaratgan, milliy oʻzlikning asosi hisoblangan nomoddiy madaniy merosning bir yoʻnalishi – tabiat va koinotga oid urf-odatlar “Sharq yulduzi” jurnali hamda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi materiallari misolida tahlil qilingan. Ushbu bilim va urf-odatlarni kelajak avlodga bus-butun yetkazishda matbuotning ahamiyati qanday ekanligi koʻrib chiqilgan.

 

Avtor dannoy stati na primere materialov jurnala “Sharq yulduzi” i gazetiʼ “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” analiziruyet natsionalniʼe obryadiʼ, osnovanniʼe na prirodniʼe yavleniya i zakoniʼ vselennoy, stavshimi vekoviʼmi traditsiyami i odnim iz napravleniy nematerialnogo kulturnogo naslediya. Takje v statye rassmatrivayetsya rol pressiʼ v peredache etix znaniy i traditsiy molodomu pokoleniyu.

 

This article analyzes the knowledge about nature and the universe, the tradition that considered as a national identity which have being created by the people for centuries as the basis of the intangible cultural heritage according the materials of magazine “Star of the East” and the newspaper “Literature and Art of Uzbekistan”. The article also examines the role of the press in transmission of the these knowledge and traditions to the young generation.

 

Yoqutxon ERKABOYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–12

 


[1] Abdulla Oripov va Murod Mansur. Navroʻziy tozaruv. “Sharq yulduzi” jurnali, 1994 yil, 3- 4-qoʻshma sonlar, 3-bet.

[2] Oʻsha yerda. 3-bet.

[3] Oʻsha yerda. 4-bet.

[4] Oʻsha yerda. 5-bet.

[5] Jabborov J. Navroʻz safosi // “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi 2006 yil, 24 mart, 12- son, 2-bet.

[6] Salomov Sh. Qoʻzigul bahorning koʻzlari // “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi 2010 yil, 5 mart, 10- son, 3-bet.

[7] Ashirov A., Qayumov A.. Boysun ochiq –  muzey // “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi 2002 yil, 3 may , 18-19 qoʻshma sonlar, 2-bet.

[8]  Sodiqov Q. Kun burji sobit turur//“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi 2007 yil, 14 dekabr, 50-son, 4-bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tabiat-va-qadriyat-talqini/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x