Xalq dostonlarida istiora

Maʼlumki, istiora oʻzbek adabiyotshunosligida bir narsani oʻxshashlik asosida boshqa bir nom bilan atash, qisqa oʻxshatish kabi taʼriflar bilan izohlanadi.[1] Natijada, istioraning haqiqiy tabiati, badiiy matnda bajargan vazifalari ham ana shu doirada oʻrganiladi. Holbuki, istiora badiiylikni nobadiiylikdan, obrazlilikni obrazli boʻlmagan narsalardan farqlashda yetakchi mezonlardan biri vazifasini oʻtaydi. Chunki har qanday istiora matnda belgilangan, obrazli hissiy tasvirlash va baholash vazifalarini ado etadi.

Obrazli hissiy, yaʼni emotiv istioralar tinglovchi yoki oʻquvchida tasvirlanayotgan obraz yoki voqeaga nisbatan hissiy baho tugʻdirishdan iborat. Dostonlar badiiyligini, obrazli tilini taʼminlashda bunday koʻchimlarning oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Chunki dunyoni keng epik miqyosda koʻrish, xalq ommasi va baxshi (ijodkor) nigohining uygʻunlik darajasini baholash mezoni faqat badiiy koʻchimlar, ayniqsa, istioralar tahlili orqali amalga oshadi.

Istiora biror narsa yoki holat asosida inson ongida chaqnagan yangi narsa yoki holatning oʻxshash nomlanishidan, uning obrazli tasvirlanishidan yoxud ifodalanishidan iboratdir. Mana shundan kelib chiqib aytish mumkinki, istiora real voqelikdagi narsa va hodisalar taʼsirida inson tafakkurining chuqur qatlamlarida tugʻiladi. Shuning uchun maʼnoda har bir istioraning tugʻilishi zaruriy lisoniy badiiy hodisadir. Chunki istiorasiz inson ongida chaqnagan tasavvurni, qalbida tugʻilgan tuygʻuni aniq va taʼsirchan tasvirlab yoki ifodalab boʻlmaydi. Shuning uchun istiora inson ongi va tili uchun zaruriy, muqarrar hodisa sanaladi. Jiddiyroq qaralsa, istiora mubham, tarqoq va tumanli tushunchalarni aniq qiyofa, aniq nom bilan ataydi, shu tufayli hissiyotimizga kuchli taʼsir koʻrsatadi. Shoiru adiblarning, umuman, ijodkorlarning istioralarga murojaat etishlari asosida asar qahramonlari ruhiy olamidagi murakkab kechinmalarni jonli tasvirlash yoki ifodalash ehtiyoji yotadi. Istiora uni tashkil etgan boʻlaklar anglatgan lugʻaviy maʼnolardan uzoqligi bilan belgilanadi. Masalan, Hasanxon Dallini olib qochgach[2] uning ortidan quvib kelgan lashkarga katta qirgʻin soladi va oʻzining qilgan ishidan magʻrurlanib, manmanlikka beriladi. Bu manmanlik esa uni falokatga yetaklaydi. Mana shu holat tasvirida istioraviy obraz qoʻllanilgan:

 

Manmanlikning zangi koʻnglin boyladi,

Kishini falokat bossa koʻp yomon.

 

Keltirilgan qoidaga alohida hissiy ohang, ramziy maʼno bagʻishlagan narsa birinchi misrada ikkita, ikkinchi misrada bitta istioraviy obraz qoʻllanilishidir. “Manmanlik zangi” insondagi manmanlik kasali boʻlib, istioraning mohiyatini “zang” obrazi belgilab beradi. Odatda, metall buyumlarda roʻy beradigan zang boylash ana shu buyumlarning chirib, yoʻqolishiga olib keladi. Manmanlik zangi inson ongini chulgʻab olsa, bu illat oxir-oqibat uni halokatga olib keladi. “Koʻnglini boylash” esa manmanlik zangining inson qalbini egallab olishini anglatadi. Ikkinchi misradagi “falokat bossa” istioraviy iborasi esa “manmanlik zangi”ning inson boshiga soladigan yomon oqibatlarini ifodalashga xizmat qiladi.

Romanga oʻxshagan dostonlardagi anʼanaviy epik qoidalarda yana shunday istioralar istifoda etiladiki, ulardan ayrimlari ham nomlash, ham hissiy, ham konseptual vazifalarni ado etadi. Masalan:

 

Toza gulsan, oftob tegib soʻlmagin,

Mavj urib daryoday toshib toʻlmagin.

 

Ushbu qoidaning birinchi misrasidagi “toza gul”, “oftob” soʻzlari ramziy maʼnoda murakkab va hissiy istioralarni tashkil etadi. Chunki yosh, kuch-gʻayratga toʻla Hasanxonning nomaʼlum yurtga, xatarli safarga joʻnashi yangi, yosh gʻunchaning kuchli oftob nuri, issiqligi taʼsirida soʻlishiga ramziy ishora qiladi. Misrada ifodalangan asosiy fikrni oʻxshashlik asosida mutlaqo boshqa obrazlar orqali ramziy ifodalash epik qoidaga boʻlgan tinglovchining qiziqishini kuchaytiradi.

Epik qoida taʼsirchanligi ulardagi istioraviy obrazlar hisobiga ortadi. Chunki ulardagi har bir istioraviy obraz mazmunan oʻzidan keyin keladigan epik bayon bilan ramziy aloqadorlikka ega.

Avazxon xiyonat qilib, parilar bilan til biriktirib, Gʻirotni olib qochgan va bu xiyonati uchun Yunus hamda Misqol paridan munosib “taqdirlangan” (koʻzlari oʻyilib, bir vayronaga tashlab ketilgan) Gajdumxon oldidan chiqib, yoʻlida davom etadi. Shunda bir qizil ravot ichidan chiqib kelgan kampir Avazxonning qaddi-bastini, siyogʻini koʻrib, uning oddiy yoʻlovchi emasligini bilib, sen qaysi mamlakatdan, qaysi bekning oʻgʻlisan, deb soʻraydi. Mana shu soʻrovni u oddiy qilib emas, balki jamolini bahorda ochilgan gulga, chamanda erkin uchib sayrayotgan bulbulga tenglashtirib tavsiflash orqali amalga oshiradi. “Gul” va “bulbul” istioralari Avazning qiyofasini taʼriflashga xizmat qiladi. Mana shu ikki metafora esa oʻzlaridan oldin kelgan “bahor” va “bogʻ”, “chaman” kabilarni ham istioraviy talqin qilishga olib keladi. Chunki birinchi misradagi “bahor” qahramonning yoshligiga, “bogʻ” va “chaman” esa unib-oʻsgan mamlakati hamda xonadoniga ishora qilib turibdi. Shu tariqa epik qoida va keyingi epik bayon misralari oʻzaro bogʻlanishga kirishadi. Bu bogʻlanish esa istioraviy obrazlar mohiyatini oydinlashtirishga xizmat qiladi. Agar epik qoidadan keyingi ikki misra keltirilsa, qoidadagi istioraviy obrazlar mohiyati toʻla ochilmaydi, boshqacha aytganda, istioralar emotiv hamda konseptual vazifa ado etmay, faqat belgilangan mohiyat doirasida qoladi. Belgilangan istioralarning taʼsirchanligi u qadar yuqori boʻlmaydi. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, epik qoida va asosiy epik bayonni ifodalovchi misralar oʻzaro mazmunan bogʻlanganidagina qoida tarkibidagi istioralar jonlanadi va keyingi misralar bilan ramziy aloqadorlik vujudga keladi:

 

Bahorda ochilgan bogʻning gulisan,

Chamanning sayragan sen bulbulisan.

 

Epik qoidaning oʻzi yuqoridagiday alohida olinsa, uning tarkibidagi istioralar qahramonni istioraviy koʻchim vositasida faqat qayta nomlash uchun xizmat qiladi. Biroq personajni qayta nomlashga xizmat qilayotgan istioralardagi ikkinchi shaxsga taalluqli shaxs-son qoʻshimchalari mazmunan keyingi misralarni va ana shu misralarda aniq qahramon bilan bogʻlanishni talab etadi. Bu esa qahramon va uning epik qoidadagi tavsifiy nomlanishi oʻrtasida ramziy bogʻlanish boʻlishini taqozo etadi. Mana shu tariqa oddiy nomlash vazifasidagi istioralar emotiv hamda konseptual vazifalar ado etishga ham xizmat qiladilar:

 

Tarzing koʻrib, mamlakating soʻrayman

Qay shaharda, qaysi bekning ulisan?

 

“Tarzing koʻrib” – “bahorda ochilgan bogʻning guli” bilan, “chamanning sayragan bulbuli” esa “qay shaharda, qaysi bekning ulisan” bilan ichki ramziy aloqadorlikka ega. Mana shu ichki aloqadorlik tufayli epik qoida qoʻllanilgan bandlar hissiy jihatdan yuksak, taʼsirchan, ramziy va sehrli ifodalanish xususiyatiga ega boʻladi.

Romanga oʻxshash dostonlarda shunday epik qoidalar borki, ular bir-biriga uygʻun qofiyalangan ikkita istioraviy obraz orqali hissiy taassurot uygʻotadi va qoidaga ramziy xarakter bagʻishlaydi. Masalan, “Ravshan” dostonidagi bir epik qoidaning ikkala misrasi ana shunday istioraviy obrazlar “qunduzim”, “yulduzim” vositasida bogʻlanib, yaxlit bir mazmun kasb etadi. Eng xarakterli joyi shundaki, istioralar oldidan aniqlovchi boʻlib kelgan narsalar ham istioralarga asoslangan. Demak, epik qoidaning tarkibi istiora ustiga qurilgan istioraviy obrazlar tavsifidan iborat:

 

Ulugʻ daryolardan chiqqan qunduzim,

Falak peshtoqidan uchgan yulduzim.[3]

 

Birinchi misradagi “qunduz” soʻzi lugʻaviy maʼnodagi qunduz emas, balki Ravshanning istioraviy nomlanishi. Ana shu istioraviy obrazning aniqlovchilari ham istioraviy sifatlarga asoslangan. Ravshan ota-onasi, Goʻroʻgʻli uchun katta qadr-qimmatga, mehr-shafqat va eʼtiborga loyiq farzand. Shu bois, u oddiy anhor yoki koʻllarda yashovchi qunduz emas, balki ulugʻ daryolarda kamol topgan qunduz. Ikkinchi misra xam xuddi shunday xarakterga ega. Chunki falak peshtoqidan uchgan yulduz – Hasanxon va Xon Dallining peshonalariga bitgan yolgʻiz yulduz. Darhaqiqat, ota-ona manglayiga bitgan bu yulduz falak peshtoqida charaqlagan yulduzdir. Uning yor izlab musofir yurtlarga safar qilishi, qismatining qorongʻiligi istioraviy yoʻl bilan “falak peshtoqidan uchgan yulduz”ga oʻxshatilgan.

Romanga oʻxshash dostonlarda yana shunday epik qoidalar borki, ular besh misrali sheʼriy bandning toʻrt misrasini tashkil etadi. Koʻp misrali epik qoidalar ramziy maʼnodagi istioraviy obrazlardan tashqari purhikmat fikr  – xulosalar ifodalash uchun majoziy tasvirga ham yoʻl bergan. Quyidagi besh misrali band buning yorqin misoli boʻla oladi:

 

Xazon boʻlsa, gʻozlar qoʻnar gulshanga,

Ajalli kasratki tegar ilonga,

Indin chiqib pishak bilan hazillar,

Magar ajal qamsab kelsa sichqonga,

Men chirpib otarman seni osmonga.

 

Epik qoidaning birinchi misrasida “xazon”, “gʻoz”, “gulshan” kabi uchta istioraviy obraz bor. Ularning biri “xazon” umrning oʻtkinchiligiga ishora. Shu sababli har qanday umr gulshani xazon faslida zogʻlar maskaniga aylanadi. Mana shuni aytish orqali Avaz “umring barvaqt zoye boʻlmasin, umr gulshaningni zogʻlar egallamasin” deb devni ogohlantiradi.

Demak, epik qoida tarkibidagi istioraviy obrazlar devning ajali yetganligiga ramziy ishora vazifasini oʻtaganlar. Biroq bu ishorani yanada kuchaytirish, koʻp hollarda, epik qoidadagi ramziy-majoziy tasvirni yanada oshirish orqali amalga oshadi. Mana shuning uchun bandning ikkinchi misrasida “kasratki” va “ilon”, uchinchi va toʻrtinchi misralarda esa “sichqon” va “pishak” majoziy obrazlari qoʻllanilgan. Agar diqqat qilinsa, kuch-qudrat jihatidan bir-birining kushandasi boʻla oladigan jonvorlarning tilga olinishi orqali Avazxon oʻzining devning kushandasi ekanligini aytishni nazarda tutgan. Banddagi oxirgi misraning “men chirpib otarman seni osmonga” doʻq-poʻpisa bilan yakunlanishi fikrimizning tasdigʻi boʻla oladi.

Barqaror epik qoidalar muayyan syujet bilan mazmunan aloqador boʻlmay, eposda tasvir hamda ifoda uchun obrazli asos vazifasini oʻtaydigan, tasvirning turli vaziyat va holatlarda qoʻllanishga xoslangan universal uslubiy hodisalardir. Ulardagi obrazlilik esa istioraviy koʻchimlar vositasida yuzaga keladi.

Epik qoidalar epik ijod va ijroning muhim sharti hisoblangan epik xotira, epik bilimni baxshilar ongida mustahkam saqlab turuvchi, ularni badiha qilishlari uchun imkon yaratib, jonli ijro jarayonini izchil yoʻnaltirib boruvchi poetik hodisa hisoblanadi. Qoidalarning xotirada mustahkam saqlanib qolishlari hamda barqarorlashuvlarida esa istioraviy obrazlar yetakchi rol oʻynaydi.

Epik qoidalar tarkibidagi istioraviy obrazlar turli epik vaziyatlar tasviri, personajlarning nutqlariga kuchli hissiy taʼsirchanlik baxsh etadi. Shu bois, ular xalq eposida ijod va ijroning muhim badiiy sharti boʻlib xizmat qiladi.

 

Salima MIRZAYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–12

 


[1] Homidiy H., Abdullayeva Sh., Ibrohimova S. Adabiyotshunoslik terminlari lugʻati. – T.: Oʻqituvchi, 1967. – 110-111-betlar; Hotamov N., Sarimsoqov B. Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-oʻzbekcha izohli lugʻati. – T.: Oʻqituvchi, 1979. – 180-181-betlar; Qobuljonova G.K. Metaforaning sistemaviy, lingvistik talqini: Fil. fanlari nomzodi … dis. avtoref. –T., 2000.

[2] Dalli // Bulbul taronalari. Besh jildlik. 2-jild. – T.: Fan, 1972 y.

[3] Ravshan //Bulbul taronalari. Besh jildlik. 2-jild. – T.:Fan. 378-bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/xalq-dostonlarida-istiora/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x