Kavkaz kuychisi

Sheʼriyat shaydosi boʻlgan oʻzbek kitobxoni nazarida Rasul Hamzat XX asr shoirlarining eng yorqinlaridan biri. Shuning uchun, uning asarlari kitob doʻkonlarimizda uzoq yotmaydi. Ammo, oʻzbek tiliga tarjimalar maqtanarli darajada koʻp emas. Ular, bor-yoʻgʻi, Rasul ogʻa qoldirgan ijodiy merosning maʼlum foizinigina tashkil qiladi, xolos. Ha, beqiyos isteʼdod sohibining umuminsoniy qadriyatlar bilan sugʻorilgan merosi oʻzbekning mohir tarjimonlarini kutmoqda…

Rasul Hamzat Dogʻistonning chekka qishlogʻida umrguzaronlik qilgan avarlarning zabardast shoiri Sadasa oilasida, 1923 yilning 8 sentyabrida dunyoga keldi. Badiiy ijod ulugʻlangan oilada tugʻilib oʻsgan Rasul, kelajakda “hunar” qilib, ota kasbini tanlamogʻi tabiiyday edi. Shunday boʻldi ham! Sadasa oilasidagi muhit bilan atrof tabiatdagi hamohanglik Rasul ongini har jihatdan oʻstiribgina qolmay, Yaratguvchi ato etgan iqtidorini ham tinmay sayqallashtirishiga imkon yaratdi. Shu tariqa, pirovard natijada, iqtidor egasini oʻzi tanlagan maydonda javlon urushiga asos boʻlib xizmat qildi.

Oʻz xayolot mevasini beqiyos yuksak choʻqqiga koʻtargan Rasul ogʻa havas qilsa arzigudek ijodkor darajasiga yetdi. Bu haqiqatni taʼkidlar ekanman, oʻz-oʻzidan “ijodkor kim?” degan savol tugʻiladi.

Ijodkor, maʼlum bir xalq vakili. Mohiyatan esa, u borliqning uzluksiz rivojlanish zanjiri halqalaridan biri hisoblanmish, kishilik jamiyatining zamon talab qilgan mahsuli. Yana-da aniqroq aytsam, oʻsha kishilik jamiyatida tiriklik tashvishi domiga tushganlar hayoti va ularni oʻrab turgan muhit rang-barangligini badiiy ifodalovchi shaxs. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Rasul ogʻa asarlari menga kechayotgan davr, tabiat, u bilan chambarchas bogʻliq hayot silsilalari iskanjasida jon olib, jon berayotganlar hamda ulargagina xos insoniy yashash tartibini anglashda badiiy manzara chizayotganga oʻxshardi.

Menga taqdir nasib etgan neʼmatlardan biri – Rasul ogʻa bilan uchrashganim. Qalbi keng ul zot mavzuga serqirra yondoshuvi, koʻpqatlamli, jonli, qaynoq mulohazalari, asarlari orqali menga yaxshi tanish. Lekin uchrashuv, shoir Rasuldan suhbatdosh Rasul ogʻa yanada jozibaliroq inson ekanligini koʻz-koʻz qilardi. Bunday ilkis xulosam keyingi uchrashlarimizda ham oʻz isbotini topganidan beadad quvonardim. Shu-shu uning asarlarini oʻrganishga ishtiyoqim kundan-kun ortar, har bir bitigini qayerdan boʻlsa-da topib, mutolaa qilishga vaqt ajratardim.

U ijodga kirib kelganidan, to hayotining soʻnggi damlarigacha oʻzi tugʻilib oʻsgan yurti, inson qadri, xalqi ichida shakllangan urf-odatlaru feʼl-atvorni baland pardalarda kuyladi.

Rasul ogʻa sheʼriyatining jozibasi nimadan iborat?

Shoir ijodini oʻrgangan tanqidchilar fikricha, u oʻz asarlarini insonda koʻtarinki ruh uygʻotadigan, kishini ulugʻlikka yetaklovchi qoʻshiqlarga yoʻgʻriltirganida. Boshqacha aytganda, shoir sheʼriyatining quvvati, oʻzaro tenglik va inson qadrini ulugʻlovchi milliy taronalarga sodiq qolganligida. Haqiqatan ham Rasul ogʻaning biror bir asari yoʻkki, unda Dogʻiston xalqining milliy madaniyati, togʻ tabiati, togʻlilar urf-odatlariyu, feʼl-atvori oʻz aksini topmagan boʻlsin.

Bu tuygʻular uning “Bulbul qoʻshigʻi “sheʼrida beqiyos darajada oʻz aksini topgan:

 

Eshitdingmi bulbul qoʻshigʻin?

Qoʻshigʻida bayram jarangi.

Lek, nimani kuylamoqda ul?

Afsus, buning yoʻqdir anigʻi.

Ammo, amindirman men:

Vatanini kuylamoqda ul.

Oʻzgasi joniga tegardi butkul!

 

Elining sodiq farzandi Rasul ogʻa uchun azizu betakror boʻlgan yurti va ona tilini, butun imkoni darajasida kuyga solib, madh etgan asarlarini oʻqigan har bir oʻquvchi ularda jahon uzugining bebaho koʻzi hisoblanmish inson zakovatini sheʼrga solish qiyomiga yetkazilganiga guvoh boʻladi.

Inson uchun togʻda kun kechirish, tekislikdagiga qaraganda, birmuncha ogʻir. Asosan tosh qoplagan zaminda tiriklikka kerakli ehtiyojni yaratish, xoh u oddiy soʻqmoq yoʻl solish boʻlsin, xoh bir parcha yerni toshdan holi qilib ekin-tikin oʻstirish boʻlsin, oʻta mushkul kechadi. Togʻliklar feʼl-atvori ham oʻsha sharoitga yarasha. Bu xususiyat sabab, togʻliklardagi odatlardan biri, erkaklarni har qanday holatda ham yigʻi-sigʻiga berilishlarini maʼqul emas deb bilishlarida. Ammo, erkak ham inson-da! Hayotda erkak gardaniga tushgan shunday qiyinchilik va yoʻqotishlar boʻladiki, u oʻzini qanchalik qoʻlga olishga harakat qilmasin, beixtiyor koʻzyosh toʻkkan onlari ham uchrab turadi. Rasul ogʻa sheʼrlarining birida erkaklar yigʻisiga toʻxtalib, bunday holat erkak voyaga yetishida duch kelgan xushnud va qaygʻuli damlar inʼikosi ekanligini mohirona tavsiflaydi.

 

Uch bor koʻzyosh toʻkdim ushbu jahonda,

Lekin egilmadim nazari pastga.

Turardi choʻqqilar nur emgan holda,

Aksi qotgandayin koʻzim yoshida.

 

Rasul Hamzat ovuldagi oʻrta maktabni bitirib, Boʻynoqdagi pedagogik bilim yurtida oʻqishini davom ettirdi. Keyin ovulda oʻqituvchi, xalq teatrida artist, respublika gazetasida xodim boʻlib ishladi. Uning birinchi kitobi, yigirma bahorni qarshilaganida chop etildi. Rasul, 1945 yilda Moskvadagi Gorkiy nomli adabiyot oliy ilmgohiga oʻqishga kirdi. Oʻris tilini yaxshi bilmaydigan Rasul uchun oʻqish oson kechmadi. Oʻta tirishqoqligi bilan boshqalardan ajralib turgan 22 yoshli navqiron yigit rus va jahon adabiyotini qunt bilan oʻrgandi. Avar xalq ogʻzaki ijodi hamda milliy taronalarni oʻzaro uygʻunlashtirgan shoirning “Togʻ qoʻshiqlari”, “Men tugʻilgan yil”, “Mening qalbim togʻlarda” kabi sheʼriy toʻplamlari birin-ketin ixlosmandlar hukmiga havola etildi. Ijtimoiylik, mulohazaga undash, sevgiga sadoqat, ayolni eʼzozlash, insoniy oliyhimmatlik kabi gʻoyalar, insonni ruhlantiruvchi betakror nazm oʻquvchilarni befarq qoldirmadi. Shu asnoda, uning dostonlarini oʻrus tiliga mohirona tarjima qilgan Xelenskiy, Grebnev, Kozlovskiy kabi shoirlarni tilga olmoq zarur.

Nafosat olamiga boshlovchi shoir dostonlaridan biri “Besh barmoq”dir. Besh boʻlimdan iborat bu dostonda, oddiy sanoq vazifasini oʻtovchi 1,2, 3,4 va 5 sonlari oʻquvchini oʻziga rom qiladigan darajada “tilga kirishib”, kundalik turmushda koʻplab uchraydigan hodisa-yu, ajoyibotlarni badiiy ifodalashga xizmat qiladi:

 

Yulduzlar koʻp, oy esa, bitta,

Chaqirim koʻp, yurt esa, bitta,

“Vatan” deb atalmish nodir tushuncha,

Umring boʻyi – bitta-yu, bitta.

 

Yana xavotirlik oh yoki urush

Yoxud shoxqadahni boʻshatmoq, xuruj,

Doʻstim! Xudo haqqi, esdan chiqarma,

Ayol zoti serob. Ona – esa, bitta!

 

Nazm janrlarini mukammal egallagan Rasul ogʻa, oʻzining toʻrtlik va sakkizlardan iborat mitti asarlarida ham kitobxonni lol qoldiradigan mazmun teranligi va badiiy nafosatga erishdi.

Nazmning barcha janrida tinmay mehnat qilib, ajoyib asarlar yaratgan Rasul ogʻa qirq yoshga toʻlganida, “Yuksak yulduzlar” kitobini nashr qildirdi.

Rasul Hamzat avar adabiy merosiga zamonaviy ohanglarni uygʻunlashtirish orqali jahon adabiyoti xazinasiga ulkan hissa qoʻshdi.

Xuddi Mashrabdek insonning sevgiday goʻzal tuygʻuga boʻlgan munosabatini kuyib-yonib tarannum etdi. U his etgan sevgi kishi borligʻini egallovchi tuygʻu, uning yolqini qamragan har bir inson buyuk ishlarni amalga oshirishdek shashtga qodir. Agar sevgi haqiqiy boʻlmasa, u qorongʻi tundan-da zimiston boʻlishi, natijada, inson uchun gʻam-alam va kulfat oʻchogʻiga aylanishi mumkin. Sevgining shunday oʻzaro qarama-qarshi xususiyatlarini talqin etarkan, bir sheʼrida quyidagicha ifodaladi:

 

Sevgim – bir chinorning ikkita shoxi,

Biri qurimoqda, biri yam-yashil.

Sevgim – moda burgut ikki qanoti,

Biri qayrilganu, biri takomil.

 

Shoirning sheʼriyat maydoniga togʻ burgutisimon shoʻngʻishi, uni Kavkaz choʻqqilari monand yuksaklikka erishish baxtiga muyassar etdi. U davr bilan hamnafas boʻlibgina qolmay, balki uning rivojini yangi va yangi sarhadlarda koʻra oldi.

 

Oʻzim dildan sevgan qoʻshigʻimni men

Yoʻq, ovunmoq chun, yozmayotibmen.

Istagim – qoʻshigʻim doʻstlarga hamkor,

Kurash chogʻlarida boʻlsa madadkor.

 

Rasul ogʻa oʻz zamonining jahongashta shoirlaridan edi. Shoir butun hayoti davomida xalqlar doʻstligini ulugʻladi insonlar tinch-totuv, baxtiyor yashashlari lozimligiga eʼtibor qaratdi.

Rasul ogʻaning nasrda yozilgan, ammo shakl jihatidan biron adabiy janrga mansub boʻlmagan “Mening Dogʻistonim” asari mohiyatan nodir asarlar qatoridan joy olganini taʼkidlamoqchiman. Muallif bir vaqtning oʻzida ham bayonchi, ham asar qahramonidir. Asar kichik hikoyatlar toʻplamidan iborat. Har bir hikoyat Dogʻiston xalqining yashash tarzi, koʻp asrlik tajribasi, tarixi va taqdirini qaynoq dil bilan bayon qiladi, ularni oʻqigan har bir oʻquvchi, oʻzini xuddi oʻsha xalq vakiliday his etadi.

 

Egamberdi MUSTAFOYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–12

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kavkaz-kuychisi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x