Tabiat moʻjizasi

Lope de Vega tirikligidayoq afsonaga aylangan ijodkorlardan edi. Uning ijodi shu qadar sermahsulki, boshqa biron bir dramaturgni bu borada u bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Shoir zamondoshlarining guvohligicha, uning 1800 ta koʻp pardali, 400 ga yaqin bir pardali pyesalari mavjud boʻlib, oʻz davrida “Teatr sanʼatining sultoni” sifatida tan olingan. Lope de Veganing inson dardi, alami, orzu-istaklari madh etilgan ijodi ispan uygʻonish davri teatrining choʻqqisiga aylandi.

Lope de Vega 1562 yilning 25 noyabrida Madridda dehqon oilasida tugʻilgan. U tili chiqar-chiqmas sheʼrlar toʻqishi, besh yoshida ispancha, lotinchada oʻqiy olishi, nafosat olamiga favqulodda qiziqishi bilan koʻzga tashlangan. “Ilhom parisi Feb qistovida uchi toʻmtoq ruchkamda, sariq tumshuqli joʻjalarimga atab pyesalar yozganman”, deb eslaydi u bolalik chogʻlarini.

Lope de Veganing yoshligi gʻaroyib sarguzashtlarga boy boʻldi. U teatr rahbarining qizi Yelenani sevib qoladi, unga tegajogʻliq qilgani uchun oqsuyak yigitni duelga chaqiradi, qizni esa xiyonatda ayblab, achchiq, zaharxanda sheʼrlar yozib masxara qiladi. Shu qilmishi uchun uni avaxtaga tashlaydilar va oxiri Madriddan quvgʻin qiladilar. Mazkur voqeadan soʻng yosh dramaturg Valensiya shahridan qoʻnim topadi. Ilm-fan, sanʼat ancha taraqqiy etgan bu shahar adibning ijodiy takomilida alohida ahamiyat kasb etadi. “Anjelikaning husni-jamoli” nomli dostoni ayni shu shaharda yaraladi (1588 yil).

Madridda esa Lope de Vega ijodining yangi davri boshlanadi. U erishilgan tajribalarga suyanib shunday izlanishlar qiladiki, natijada shoirona ruh bilan yoʻgʻrilgan insonparvarlik gʻoyalariga limmo-lim chinakam milliy dramaturgiya dunyoga keladi. Uning fikricha, sahnada aks etgan inson hayoti asl holatini yoʻqotmagan holda yangi shoirona tus-tarovat ila aks etishi kerak. Uning pyesalarini qahramonlik dramalari va komediyalarga boʻlish mumkin. Ularda zodagonlar va dehqonlar obrazlari or-nomus va axloqiy komillik nuqtai nazaridan idrok etilgan. Nomus masalasi asarlarda insonning shaxsiy fazilati, chin insoniyligi mezoni tarzidagina emas, balki butkul asarning konseptual asosini belgilovchi gʻoya tarzida namoyon boʻladi. Masalan, “Seviliya yulduzi” dramasida qirolga sodiqlik tuygʻusi bilan or-nomus tuygʻusi qarama-qarshi qoʻyilgan. Unda oʻz hirsini jilovlay olmay Esterepya xonasiga bostirib kirgan hukmdorning xalq oldida sharmanda qilinishi hamda oʻz singlisi or-nomusi himoyasi yoʻlida qirolga qarshi kurasha olgan aka jasorati tasvirlanadi. Pirovardida, qirol xalq oldida izza boʻlib, kechirim soʻrashga majbur boʻladi.

Lope de Vega asarlarida shoh obrazi tez-tez uchrab turadi. Uning zamonida yakka hokimlik shoh timsolida mamlakatni birlashtiruvchi kuch sifatida namoyon boʻlgan. Yozuvchi shohni axloqiy jihatdan tanqid ostiga olsa-da, uni inkor etish tarafdori boʻlmagan. “Qoʻzibuloq” (“Fuente ovexuna”) Lope de Veganing eng yirik ijtimoiy dramalaridandir. Asar tarixiy voqea asosida yaratilgan boʻlib, unda Qoʻzibuloq qishlogʻi dehqonlarining boshliq beboshligiga qarshi isyoni va uning oʻldirilishi haqida hikoya qilinadi. Bu yerda or nomus gʻoyasi ijtimoiy erkinlik gʻoyasi bilan uygʻun tarzda ifoda etilgan. Lope de Vega unda inson shaʼni, vijdoni, eʼtiqod tuygʻusini ajoyib tarzda ifoda etadi. Asardagi syujetga koʻra, Laurensiya sevgilisi Frondoso toʻyi chogʻida zoʻrlik bilan olib ketiladi. Oʻzaro uyushmagan, parokanda dehqonlar qarshilik koʻrsatmaydi. Bu – dramaturg oʻzlarini himoya qila olmagan dehqonlarni vijdon azobiga roʻbaroʻ qilib, or-nomus tuygʻularini junbishga keltiruvchi oʻziga xos ifoda usuli edi. Shu usul orqali uchinchi pardada qonga botgan jabrdiyda Laurensiyaning xalqqa qarata aytgan monologi ulkan ijtimoiy daʼvatga aylanadi. “Fuente ovexuna” asari Hamza nomli oʻzbek davlat akademik drama (xozirgi Oʻzbek Milliy akademik drama) teatrida S. Siddiq tarjimasida 1931 (rej. O. Devetev) va 1944 (rej. Sh. Qayumov) yillari sahnaga qoʻyilgan. Asar keyinroq Hamid Gʻulom tarjimasida nashr etildi.

Lope de Vega asarlarining mavzu doirasi gʻoyatda keng. Pyesalarining bir qismini tarixiy dramalar tashkil etadi. Ular orasida qadimgi Rim, Italiya, Fransiya tarixiga oid asarlarni uchratish mumkin. Bu asarlar ijtimoiy mazmuni bilan eʼtiborli.

Dramaturgning butun diqqat eʼtibori oʻz zamini tasviriga qaratilgan edi. “Raqs muallimi”, “Oʻziga dono, oʻzgalarga tentak”, “Valensiya bevasi”, “Sodda mugʻombir maʼshuqa”, “Koʻza tutgan qiz” kabi pyesalarida uygʻonish pallasining shukuhi, manzarasi keng koʻlamda ifoda etilgan.

Oʻzaro tenglik gʻoyasi sevgi mavzusidagi asarlarida oʻz ifodasini topgan. “It yemas, otga bermas” komediyasida grafinya Diana oʻz xizmatkori, quyi tabaqadan chiqqan Teodoroni sevib qoladi. Lekin oliy tabaqali qizning oddiy xizmatkor bilan nikohga kirishishi mumkin emas. Diana tabaqa taomiliga rioya qilishga qanchalik harakat qilmasin, sevgi, koʻngil xohishiga qarshi borolmaydi va oʻz xizmatkoriga turmushga chiqadi. Diananing ishqiy sheʼrlar oʻqib, nozik imo-ishoralar, nozu karashmalar bilan Teodoroni oʻziga rom etishi, kutilmagan muloqotlarda uni taʼqib qilishi bu yuguruk syujetga yana ham joziba bagʻishlaydi. Shu yengil, shukuhbaxsh hodisa ostida insonning oʻz taqdirini oʻzi belgilay olishi gʻoyasi yaqqol aksini topadi.

Gumanist Lope de Veganing inson qadr-qimmati va muhabbat mavzusidagi komediyalarida xotin-qizlar obrazlari feodal tutqinlikdan qutilib, oʻz taqdirlarining chin egalari boʻlishga intilgan ayollar timsolida namoyon boʻladi.

Dramaturg “Bizning davrimizda komediya yozishning yangi usuli” risolasida oʻz ijodi tabiatidan kelib chiqib, ispan dramasini mustaqil va erkin ijod mahsuli deb baholaydi. Komediya inson xulq-atvorini ifoda etib, oʻtkir mazmuni, kinoya-qochirimlari bilan kishida his-hayajon, oʻy-fikr uygʻotishi kerak, deydi.

Lope de Vega ijodi tub mazmun-mohiyatiga koʻra oʻsha davrda hukmron uslubga aylangan klassitsizm poetikasiga zid ravishda, jonli insoniy timsollar orqali hayotni keng koʻlamda aks ettiruvchi ijod namunasidir. Klassitsizm uslubi tragediyani sof ifoda etilishi, qahramonlarning yuqori tabaqa vakillaridan tanlanishini talab etadi. Lope de Vega asarlarida esa fojeaviy voqealar atrofida kulgili holatlar, epizodlar ham uchrab turadi. Shuningdek, oddiy dehqonlar, hunarmandlar qatorida aslzoda zodagonlar obrazlari ham yonma-yon gavdalanishi mumkin. Insonning ulugʻvorligi, or-nomus va maʼnaviy yetuklik – Lope de Vega asarlarining eng muhim jihatidir. Bu xususiyat dramaturg ijodining asosini tashkil qiladi. Uning ijodkor sifatidagi noyob, moʻjizakor qudrati asarlarida mujassam. Darhaqiqat, Servantesning uni “tabiat moʻjizasi” deb atagani bejiz emas.

Lope de Vega 1635 yili hayotdan koʻz yumdi. Uning koʻpqirrali, sermazmun ijodiy faoliyati, boy adabiy merosi, shubhasiz, umumjahon adabiyoti va sanʼatining tarixiy rivojlanish bosqichlarida muhim ahamiyat kasb etdi.

Sotimboy TURSUNBOYEV,

sanʼatshunoslik fanlari nomzodi, professor

“sarguzashtlari” haqida “Tayms” gazetasi oʻzining ilk hikoyasini chop etdi. Otasi gersog Cherchill koʻp asrlik amaldor aristokratlar sulolasining davomchisi sifatida faoliyat koʻrsatar, asli amerikalik onasi esa koʻproq saroy hayoti bilan ovora edi. Kichik Uinston Spenserning tarbiyasi bilan oʻsha davrdagi kibor jamiyatida urf boʻlgandek enagasi shugʻullanar edi. Askotdagi maktabda Cherchill juda qiynaldi, u yerdagi tartib-qoida, bolalarga, ayniqsa bebosh Vinniga (Cherchilni bolaligida shunday atashgan) qaratilgan dashnomlarni qabul qila olmadi. Bolaligida eng yoqtirgan oʻyini soldatchalar boʻlib, oʻyinchoqlar “urushi”da hamisha britaniyaliklar gʻolib kelar edi.

Balogʻat yoshiga kirgan Uinstonni universitetga tayyorlash uchun kiborlar oʻqiydigan Xarrou yopiq maktabiga joylashtirishadi. Ammo u yerda ham Uinston bilganidan qolmaydi: oʻzicha kerak emas deb hisoblagan fanlarni umuman oʻqimaydi. Xotirasiyu fikrning zoʻrini faqat oʻqituvchilarning darsidan kamchilik topish uchun sarflardi. Otasining oʻgʻlidan advokat yoki huquqshunos chiqsa degan orzusi tobora tumanlashib borardi. Ot poygasi, polo va notiqlikdan piyoda oʻspirin Cherchill uchun oxirgi “ota-ona orzusi” – harbiy soha qolgan edi, xolos.

Sarxerst harbiy bilim yurtiga uchinchi urinishda zoʻrgʻa qabul qilingan Uinston kavaleriya ofitserligiga oʻqidi. Ammo 1895 yil kutilmaganda otasi Rendolf vafot etadi-yu, oʻgʻlining ofitserlik qabul qilishi ham sarobga aylanadi. Ana oʻshanda birinchi marotaba Uinston otasining uning hayotidagi roli nechogʻli ekani va uning izini bosishi lozimligini anglab yetadi.

Yosh ofitser oʻz martabasi uchun urush koʻrmogʻi lozim edi. Ammo Buyuk Britaniya ham, qoʻshnilar ham tinch edi. Shuning uchun tanish-bilishchilik qilib Uinston ispanlarning mahalliy aholi bilan toʻqnashuvlari boʻlayotgan Kubaga yoʻl topdi. Oʻsha davrlar u oilani tebratish maqsadida ofitserlikdan tashqari Londondagi gazetalardan biriga gonorar ishlash uchun harbiy muxbir sifatida ham ishga qabul qilingan edi. 21 yoshini talotoʻplar maydonida qarshi olgan Uinston oʻz koʻzi bilan koʻrgan voqea-hodisalarni kuchli ehtiros bilan yozardi. Bu albatta oʻz natijasini koʻrsatdi. Qaytganidan soʻng britaniya gazetalaridan bir nechtasi uni ishga taklif qildi. 1896 yil u xizmat qiladigan polkni Hindistonga joʻnatishganida, Cherchill ana shu gazetalardan ham bir nechta maqolalar uchun buyurtmalar oldi. Ammo u yerdagi pushtun qabilalarining qoʻqqisdan boshlab yuborgan isyonini maqolalar koʻrinishida emas, ancha tajribasi oshib qolgan Uinston kitob holida nashrga tayyorladi.

1899 yil Britaniya imperiyasi Gollandiya koloniyasi boʻlgan Janubiy Afrikani oʻz ixtiyoriga olish uchun urush boshlaydi. Cherchill esa u yerga yuksak mahoratli jurnalist sifatida borishga qaror qiladi. Bu yurish britaniyaliklar uchun omadsiz kechdi. Cherchill esa burlarga asir tushib qoladi. Biroq u bir amallab tutqunlikdan qochadi. Omadni qarangki, uni oʻsha yerdagi bir ingliz koʻmir shaxtasida bir necha kun saqlab, soʻng poyezdga solib joʻnatib yuboradi. Uinstonning mashhur “Mardlik – balo-qazo tahdid qilganda oʻzligingni saqlay olish sanʼatidir” iborasi ana oʻshanda tugʻilgan edi. Ushbu xatarli safar tafsilotlarini eʼlon qilgan “Morning Post” Cherchillni butun Angliyaga dongʻini taratdi.

Birinchi jahon urushiga Cherchill siyosiy arbob sifatida kirib kelgan boʻlsa, Ikkinchi jahon urushi u uchun siyosat osmonida haqiqiy yulduzli damlarni boshlab berdi. Kommunizm mafkurasiga boshidanoq qarshi boʻlishiga qaramay Cherchill AQSH prezidenti Ruzvelt va sovet davlati rahbari Stalin bilan fashistlar Germaniyasiga qarshi birgalikda kurashish uchun xalqni safarbar qildi. 1941 yil 22 iyun kuni Germaniya SSSRga bostirib kirgan kuniyoq radio orqali chiqish qilgan Cherchill “natsistlar hukumatiga kommunizmning eng yomon xususiyatlari xos” ekanini aytadi.

Cherchillga siyosatchi emas, “faol jamoatchi” nomi koʻproq yoqardi. Uning taʼbiricha, faol jamoatchining siyosatchidan farqi kelgusi saylovni emas, kelajak avlod haqida qaygʻurishidir.

“Men hamisha bir qoidaga amal qilaman: turishning imkoni boʻlganda yugurma, oʻtirishning imkoni boʻlganida turma; yotishning imkoni boʻlganida oʻtirma”. U hamma isbotsiz qabul qiladigan odat va aqidalarga ishonmasdi. Cherchillning mashhur iboralaridan “Koʻp yashashning siri – kuniga besh-olti sigara, uch-toʻrt stakan viski va hech qanday badantarbiya qilmaslik” ham fikrimizning isbotidir.

Cherchillning istagan noxush vaziyatdan ham foyda chiqarishdek noyob fazilati bor edi. 1931 yil Nyu-Yorkka maʼruza oʻqish uchun borgan Cherchill avtofalokatga uchraydi. Oʻn besh joyidan singan Uinston oʻziga sal keliboq “Kolyerz” jurnaliga intervyu berib, barcha amerika gazetalarida qayta bosilgan ushbu material uchun yaxshigina gonorarga ega boʻladi. Xotini va qizini olib, shu pulga Bagama orollarida 3 hafta dam oladi.

Inglizlar jamiyatida pul haqida gapirish odobsizlik sanaladi. Umuman ser Uinston esa ingliz jamiyatining yopiq konservatorcha tutumlariga tamoman teskari nihoyatda erkin odam edi. Hatto u sigarasi uchun qancha pul sarflaganiyu, kazinoda yutib olgan yutuqlari haqida oshkora soʻzlashdan tap tortmasdi. Bu ham kamdek aktyorlardan u yoki bu roli uchun qancha gonorar ishlaganini soʻrab, “buncha pul toʻlashganida men oʻzimni sendan yaxshiroq oʻynab berardim” deya soʻz ham qotgan.

U yoki bu mansabdan mosuvo qolganda har safar tushkunlikka tushadigan Cherchill bunday paytlarda sigaralar uchun gilotinkalar, kuldonlar yigʻish, gazon kesish, peyzaj suratlari chizish yoki yuzinchi marotaba boʻlsa ham sevimli “Gamilton xonim” filmini tomosha qilish bilan andarmon boʻlardi. Urush arafasida boqib olgan toʻtisiga esa fishistik armiyani soʻkishni ham oʻrgatgan. Hozirda Surrey grafligi oranjereesida yashovchi koʻhna toʻti Gitlerning hamon “onasini koʻrsatmoqda”.

Eng sevimli mashgʻuloti esa faoliyatida koʻrgan-bilganlarini hikoya qiluvchi maqola, kitoblar yozish edi. “Men ushbu jildni “Zafar va tragediya” deb nomladim, chunki urushdagi gʻalaba ogʻir tashvishlarni ortgan yer yuziga hanuz tinchlik olib kelmadi”. Mashhur Fulton nutqi dunyo siyosatini oʻzgartirib yubordi. Uning tarixiy ahamiyatini sharhlashda barcha mamalakatlar oʻz manfaatidan kelib chiqib yondoshsalar-da, ushbu nutqda sovet davlatining urushdan keyingi totalitar, zolimona hukmronligi davom etajagini, uning yangi tus olajagini oldindan koʻra olib, jahon afkor ommasini ushbu xavfdan ogohlantirdi.

1946 yil 5 mart kuni Amerikaning Fulton shahrida irod qilgan ushbu nutqqa u butun umr tayyorlandi. Balki “sovuq urush davri”ni boshlab bergan bu nutq aytilmay qolganida ham Sharqiy va Gʻarbiy Yevropa oʻrtasida “temir parda” tushgani rost edi.

1951 yil 25 oktyabrda konservatorlar saylov kampaniyasida gʻolib keldi, keyingi kuni esa Cherchill yana Angliya bosh vaziri lavozimini egalladi. Endi Cherchill oldida atom xavfini solib sovet davlati turardi, u shuning uchun ham AQSH bilan bu sohada birlashib harakat qilishni maʼqul topdi. Biroq uning AQSHga uyushtirgan bir necha vizitlari kutilgan natijani bermadi.

1953 yil Uinston Cherchillga adabiyot yoʻnalishi boʻyicha Nobel mukofoti topshirildi. Ser Uinstonning faoliyatidagi tanaffuslar payti u darrov yozuvchilikdan taskin topardi. Bu harakatlari natijasi oʻlaroq harbiy faoliyatiga doir “Maloqanddagi urush maydoni”, “Daryo jangi”, koʻp jildlik “Jahon inqirozi, 1916–1918”, avtobiografiyasi boʻlgan “Hayotimning ilk yillari”, oilaviy epopeyasi “Malboro hayoti” asarlarini yozib tugatdi. Harbiy-memuar adabiyotiga koʻrsatgan xizmatlari uchun ham uni ana shu yuksak mukofotga munosib deb topishdi. Umrining oxirgi yillari Cherchill na jismonan, na maʼnan yozuv-chizuv ishiga yaramadi. Eng oxirgi asari toʻrt tomli “Ingliz tilida gaplashuvchi xalqlar tarixi” kitobidir.

1955 yil konservator siyosatdon yosh avlodlar taʼsiri tufayli ser Uinston oʻz lavozimini tark etishga majbur boʻldi. Qolgan oʻn yillik umrini nafaqaxoʻr sifatida yashab oʻtdi. Juda zerikib ketsa sayru sayohatga joʻnardi. 1965 yil avvaliga shamollab qoldi, 15 yanvar kuni miyasiga qon quyildiyu, soʻng oʻziga kelmadi…

24 yanvar kuni “Tayms” ser Uinston haqidagi “turkum” sarguzasht hikoyasiga xotima yasadi. Gazeta anʼanaga xilof ravishda sobiq bosh vazirning suratini bosh sahifaga katta hajmda joylashtirib, bir sonini Cherchillga toʻliq bagʻishladi.

Dafn marosimida “meni oddiy askar kabi koʻminglar”, deb vasiyat qilgandi. Hammasi u aytgandek boʻldi, ammo Buyuk Britaniya buyuk askarini qirollarga xos sharaf bilan oxirgi manzilga kuzatishdi.

Oʻgʻli ser Rendolf otasining adabiy merosini koʻp jildlik toʻplam shaklida yigʻib, Arxiv markazi ochdi. Qizi ledi Sara otasi tugʻilgan, ishlagan joylarda muzeylar tashkil qilishga bosh-qosh boʻldi.

 

Dilnoza UMAROVA,

OʻzDJTU oʻqituvchisi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–11

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/tabiat-mojizasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x