“Olmon Shekspiri”­ yoxud abadiylik tantanasi

Buyuk nemis shoiri Fridrix Shiller 1759 yil 10 noyabrda sartarosh, hammomchi, jarroh, tabib Kaspar Shiller xonadonida 7 yillik urush ayni avjiga chiqqan paytda “urush farzandi” boʻlib dunyoga keladi. Unga ona qornidayoq oʻgʻil boʻlsa, Frits deb ism qoʻyishni niyat qilishadi. Biroq, u Fridrix I ga qarshi jang paytida tugʻilgani uchun (dushmanligiga qaramasdan), unga shu ismni qoʻyadilar. Fritsning bolaligi Lorxda oʻtadi. Oʻqish, yozishni shu yerda oʻrganadi. Lorx diqqatga sazovor tarixiy obidalarga boy joy boʻlib, Frits atrof-muhitni, tarixiy voqeliklarni bolaligidan shoirona idrok qila boshlaydi. Yoshlikdagi pishib yetilmagan xayollari keyinchalik teranlashib borib, muhit va zamon koloriti uning tragediya, dramalarida oʻz aksini topadi.

Frits bolaligidan lotin tili va grek tillaridan boshlangʻich saboq oladi. Sakkiz yoshida esa Lyudvigsburgdagi mavqei baland lotin maktabiga qabul qilinadi. U oʻn yoshga toʻlmasdanoq Shtutgartda davlat imtihonini muvaffaqiyatli topshirib, lotin, grek va qadimgi yaxudiy tillariga ixtisoslashgan yuqori sinfga oʻtkaziladi.

Frits oʻsha paytlardan joʻshqin sheʼrlari bilan atrofidagilarning eʼtiborini torta boshlaydi.

Shillerlar oilasi cherkovda oʻtkaziladigan fortepyano konsertlari, musiqa nazariyasi boʻyicha maʼruzalar, adabiyot haqidagi suhbatlarda doim qatnashib turardi. Bu boʻlajak shoirning ijodiy oʻsishiga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Keyinchalik Frits cherkovning bunday tadbirlarida oʻz sheʼrlari bilan faol ishtirok eta boshlaydi, eʼtiroflarga sazovor boʻladi. Uning sheʼrlari ilk bor oʻn yetti yoshida “Oqshom”, “Shvabiya jurnali”da eʼlon qilinadi.

U Lyudvigsburgdagi maktabni bitirgach, Karl Yevgeniyning “Karlsshule” (“Qullar plantatsiyasi”) harbiy akademiyasida tahsilni davom ettiradi. Fritsning bu yerda fransuz tili, matematikadan oʻzlashtirishi biroz susaygan boʻlishiga qaramay, grek tilini yuqori darajada chuqur egallaydi. Tarix, antik adabiyot, nemis klassik yozuvchilarining asarlari, Shekspir ijodi, Klopshtok va Gyote asarlari bilan yaqindan tanishadi. Ezop masallaridan tarjimalar qiladi.

Akademiyani tugatgach, Shtutgart garnizonida polk vrachi boʻlib ishlay boshlaydi, adliya va tabobat ilmi bilan shugʻullanadi. U bu faoliyati bilan qanoatlanib qolmay, oʻzini hamisha adabiyot dunyosiga daxldor sezadi. Shiller Shekspir ijodidan dramaturgiyani oʻrgangan boʻlsa, Volter, Didro, Russo, Lessing, Gyote asarlari uning dunyoqarashining shakllanishiga, badiiy tafakkurining boyishiga xizmat qilgan. Ayniqsa Gyote bilan doʻstlashuvi uning ijodkorlik salohiyatiga katta taʼsir koʻrsatgan.

Shillerning dramaturgik faoliyati “Qaroqchilar” romantik dramasi bilan boshlanadi. Bu paytda Shiller oʻn sakkiz yoshda edi. Asar 1782 yilda Mannhaym teatrida ilk bor sahna yuzini koʻradi. Pʼyesa keyinroq Parij teatrida ham sahnalashtiriladi. Shillerning “Genuyada Fiyeskoning fitnasi” – birinchi tarixiy dramasi esa “Qaroqchilar”dek muvaffaqiyatli chiqmaydi. 1784 yilda “Luiza Miller” dramasi nashr qilinadi va Frankfurtda teatr direktori Dalberg taklifiga koʻra “Makr va muhabbat” nomi bilan sahnalashtiriladi.

U 1790 yilda otasining yaqin birodarlaridan birining qizi Sharlotta fon Lengfeldga uylanadi. Ular Karl, Ernest, Karolina, Emiliya ismli toʻrt farzand koʻradilar.

Shiller “Musen-Almanach” jurnalini tashkil qiladi. Oʻsha davrda shoirning “Shodlikka”, “Gorn sadolari”, “Shunday yoqimliki”, “Prolog”, “Muhabbat tantanasi”, “Qoʻshiq qudrati”, “Hayot poeziyasi”, “Asoratdagi Pegas”, “Metafizik”, “Daho”, “Zamin taqsimoti”, “Umid”, “Hero va Leandr”, “Qoʻlqop”, “Riʼsar Togenburg” singari betakror sheʼrlari va balladalari yoziladi. Germaniyadagi 30 yillik urush tafsilotlari ifodalangan “Vallenshtayn” trilogiyasi Vaymar teatrida sahnalashtiriladi. Pyesalari oʻz davrida yaratilgan yuksak asarlar boʻlgani uchun ham nemis munaqqidlari Shillerni “Olmon Shekspiri” deb ataydilar.

Shiller “Mariya Styuart” tragediyasini 1800 yilda yozib tugatadi. Shekspirning “Makbet” tragediyasini nemis tiliga oʻgiradi. 1802 yilda “Orlean qizi” tragediyasi dunyoga keladi. Shundan soʻng dramaturgning “Messinalik kelin”, “Vilhelm Tell” kabi dramalari yaratiladi. Shiller rus tarixidan olingan soxta shahzoda Dmitriy taqdirini yoritishga kirishadi. Biroq asarni tugatish Shillerga nasib etmadi. Asarning birinchi pardasini toʻla, ikkinchi pardasining uch koʻrinishinigina yozishga ulgurgan adib 1805 yilning 12 mayida 45 yoshida vafot etadi. Gyote bu dramani nihoyasiga yetkazishga urinib koʻradi, biroq keyinchalik niyatidan qaytadi.

Shillerning shuhrati Oʻzbekistonga oʻtgan asrning boshlarida yetib keldi. Uning asarlarini Shamsiddin Sharafiddinov – Xurshid birinchilardan boʻlib oʻzbek tiliga oʻgirdi. 70-yillarda “Qaroqchilar” dramasi Asqad Muxtor tarjimasida hozirgi Milliy Akademik drama teatri sahnasida uzoq vaqt oʻynaldi. Rejissyor Bahodir Yoʻldoshev va uning avloddosh aktyorlari nomini elga tanitgan dasturiy spektakl boʻlib jarangladi. 80-yillarga kelib, Shiller adabiy merosini oʻrganishda Oʻzbekistonda yangi davr boshlandi. Shoir ijodi boʻyicha izlanish va tarjimalar qilish izchil tus oldi. Tarjimon va tadqiqotchilarning safi kengaydi. Erkin Vohidov, Omon Matjon, Muhammad Alilar tomonidan uning sheʼrlari oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Shoirning 250 yilligiga bagʻishlab,”Jahon adabiyoti” jurnalida bu tarjimalardan namunalar eʼlon qilingan.

Shiller ijodining oʻrganilishini Oʻzbekistonda 3 bosqichga boʻlish mumkin. Birinchi bosqich 1920–1950 yillarni oʻz ichiga oladi. Bu davrda ikki tendensiya koʻzga tashlanadi. Birinchisi, Shiller asarlarining ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilinishi, sahnaga qoʻyilishi bilan xarakterlanadi. Ikkinchi bosqich 1960–1990 yillarni qamrab oladi. Mazkur bosqichda Shillerning dramatik, tragik va poetik asarlari tarjima qilinishi bilan ajralib turadi.

Uchinchi bosqich Mustaqillik davriga toʻgʻri keladi. Oʻtmishda shoir ijodidan bilvosita (rus, tatar, ozarbayjon) tarjimalar qilishga, asarlarini sahnalashtirishga eʼtibor qaratilgan boʻlsa, bu davrga kelib asl nusxadan tarjima qilina boshlandi. Dramaturg ijodi yuzasidan maʼruzalar qilishga, ilmiy va ommabop xarakterdagi maqolalar, risola va monografiyalar yaratishga eʼtibor qaratildi.

Shillerning madaniy hayotimizga kirib kelish tarixi oʻzbek professional teatri va dramaturgiyasining shakllanish arafasiga toʻgʻri keladi. “Makr va muhabbat” Hamza nomidagi teatr jamoasining taklifiga koʻra, K. Yashin va M. Hakim tomonidan ruscha M. Mixaylov variantidan qayta tarjima qilingan. Asar 1939 yilda lotin alifbosida nashr qilingan. 30-40 yillar oʻzbek teatr tarixida Shekspir va Shiller davri boʻlgan. Xalq Shekspir va Shiller asarlarini tomosha qilish uchun teatrlarga intilgan. Bugungi kunga qadar Shillerning “Qaroqchilar”, “Makr va muhabbat”, “Mariya Styuart” singari asarlari sahnalashtirildi. “Qaroqchilar” oʻzbek sahnasida qariyb 100 yilga yaqin vaqt mobaynida yashab kelmoqda. Ilk bor 1920 yillarning boshlarida rejissyor Mannon Uygʻur tomonidan sahnaga qoʻyilan boʻlsa, 1955 yil rejissyor A. O. Ginzburg, 1974 yilda esa B. Yoʻldoshev sahnalashtirgan. Samarqand davlat rus drama teatrida “Orlean qizi” dramasi asosida spektakl yaratildi. 2009 yilning 27 sentyabrida Toshkentdagi Gyote instituti Nemis akademik ayirboshlash xizmati rahbarligida asarning yangicha talqini nemis tilida oʻzbek sahnasiga chiqdi. Spektakl OʻzDJTU talabalari tomonidan “Ilhom” teatrida nemis tilida ijro etildi.

Shiller jahon adabiyotida ijtimoiy-falsafiy va badiiy-estetik tafakkur kamolotiga ulkan hissa qoʻshgan soʻz sanʼatkoridir. Nobel mukofoti sovrindori H. Hesse Shiller ijodi masalasida toʻxtalib: “… inson sifatida uning ruhi hamda hayoti men uchun gʻoyatda ardoqli va ulugʻ hodisadir”, degan edi. Ayni chogʻda aytmoq joizki, Shiller ijodining koʻp qirralari hali ochilmagan, uning talaygina asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan. “Don Karlos” pyesasi, “ozodlik madhiyasi” boʻlib yangragan “Vilhelm Tell” dramasi, falsafiy va lirik ruh bilan yoʻgʻrilgan sheʼriyati, elegiyalari, xatlari, bugungi kun oʻquvchisi uchun nihoyatda muhim boʻlgan estetikaga oid ishlari oʻz tadqiqini kutmoqda.

 

Roviyajon ABDULLAYEVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–11

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/olmon-shekspiri-yoxud-abadiylik-tantanasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x