Sergiy ota

 Lev TOLSTOY

 

1

Peterburgda qirqinchi yillarda kishini lol qoldiradigan bir voqea roʻy bergandi: kelishgan barno yigit – knyaz, hamma imperator Nikolay I huzurida fligel-adʼyutantlikka va yuqori mansabga erishishini bashorat qilgan, zirhpoʻsh askarlar – yaʼni kirasirlar polkining komandiri, husnda tengsiz parichehra qiz bilan nikoh toʻyiga bir oy qolganda isteʼfoga chiqdi, qayligʻi bilan munosabatlarini uzdi, chogʻroq mulkini singlisiga qoldirdi va rohib boʻlish niyatida monastirga yoʻl oldi. Voqea uning ichki sabablarini bilmaganlar uchun kutilmagan va mavhum boʻlib qoldi; bovujud knyaz Stepan Kasatskiyning oʻzi uchun bu boshqacha yoʻl tutib boʻlmaydigan oxirgi qaror sifatida tabiiy ravishda amalga oshirildi.

Stepan Kasatskiyning otasi, isteʼfodagi gvardiya polkovnigi olamdan oʻtganda oʻgʻli oʻn ikki yashar oʻsmir edi. Onasi oʻgʻlini bagʻridan qoʻyib yuborish qanchalik qiyin boʻlmasin, oʻzi vafot etgan taqdirda farzandini uyda ushlab turmay, harbiy korpusga topshirish haqidagi marhum erining vasiyatiga qarshi bora olmadi va uni korpusga topshirdi. Beva ona qizi Varvara bilan oʻgʻli qayerda boʻlsa, oʻsha yerda yashash va oyim kunlari uni oʻzi bilan olib ketish uchun Peterburgga koʻchib keldi.

Bolaning aft-andomidan zoʻr qobiliyatliligi va ancha magʻrurligi shundoq koʻrinib turardi. Oqibatda, fanlardan oʻzlashtirish, xususan, oʻzi ayricha qiziqadigan matematika, harb mashgʻulotlari hamda otda chopish boʻyicha birinchi deb tan olindi. Qomati dur-daroz boʻlishiga qaramay, kelishgan va chaqqon edi. Bundan tashqari agar jizzakiligi boʻlmaganda, namunali kadet darajasiga erishishi ham mumkin edi. U ichmas, qingʻir yoʻllarga yurmasdi va haddan tashqari haqiqatgoʻy edi. Biroq uning toʻkis boʻlishiga bir narsa xalaqit berardi: botinidagi gʻazab alangasi yuzaga chiqqanda oʻzini boshqara olmay qolar, butkul yovuzlashib ketardi. Bir marta uning maʼdanlardan tayyorlagan toʻplami ustidan kula boshlagan kadetni derazadan irgʻitib yuborishiga oz qolgan. Boshqa safar bir kishini sal boʻlmasa oʻldirib qoʻyayozgan: kotlet toʻla laganni iqtisodchiga qarab irgʻitgan; soʻzidan tongan, hammaning yuz-koʻzicha yolgʻon gapirgan zobitga tashlangan va, aytishlaricha, unga musht tushirgan. Agar korpus direktori hammasini bosti-bosti qilmaganda, iqtisodchini haydab chiqarmaganda, uning darajasi pasaytirilib, oddiy askarlar safiga qoʻshib qoʻyilgan boʻlardi.

U oʻn sakkiz yoshida kiborlar gvardiya polkiga zobit qilib yuborildi. Imperator Nikolay Pavlovich uni korpusdalik paytidan bilar, unga alohida eʼtibor bergandi, shuning uchun keyinroq uning polkda fligel-adʼyutantlik darajasiga koʻtarilishini bashorat qilishgandi. Kasatskiy izzattalablik uchungina emas, asosiysi, korpusdalik paytidanoq Nikolay Pavlovichni qalbdan, aynan qalbdan yaxshi koʻrganligi uchun ham shunday boʻlishini jon-dildan xohlardi. Nikolay Pavlovichning korpusga har bir tashrifi davomida – u tez-tez qadam ranjida qilib turardi – baland boʻyli, oʻmrovdor, chiroyli moʻylovliyu qirgʻiy burunli, tekis kuzalgan chakka soqoli oʻziga yarashgan harbiy libosdagi bu zot, yaʼni Stepan Kasatskiy, shaxdam qadamlarda chiqib kelib, kadetlar bilan yoʻgʻon ovozda salomlashar ekan, xuddi keyinchalik muhabbat ilohasiga duch kelganda boʻlganidek, Kasatskiy sevimli kishisiga oshiqlik shavqini his etdi. Ammo Nikolay Pavlovichga nisbatan muhabbat hayajoni undan-da kuchliroq edi. Oʻzining cheksiz sadoqatini namoyish etishni, oʻzidagi nimanidir unga qurbon qilishni xohlardi. Nikolay Pavlovich ham undagi bu otashin sadoqatni bilar, uni ataylab alangalatar edi. U baʼzan bolalarcha soddalik, baʼzan doʻstona, baʼzan kibru havo bilan muomalada boʻlib, kadetlar bilan chaqchaqlashar, ularni atrofiga toʻplardi. Kasatskiyning zobitlar bilan oxirgi gʻalvasidan keyin Nikolay Pavlovich Kasatskiyga hech narsa demagan, u yaqin borganida esa oʻzini namoyishkorona olib qochgan, xoʻmrayib, barmogʻi bilan doʻq qilgan va keta turib:

– Bilib qoʻygin, hammasi menga maʼlum, biroq baʼzi narsalarni bilishni xohlamayman. Ammo ular mana bu yerda, – degan.

U shu gapni ayta turib, yuragini koʻrsatgan.

Oʻqishni tugatgan kadetlar uning huzurida boʻlganlarida u bular haqida eslatishni ep koʻrmagan, faqat odatlanib qolganlaridek mening oʻzimga murojaat etaveringlar, menga va vatanga vijdonan xizmat qilsalaring boʻldi, men sizlarning eski doʻstingiz boʻlib qolaveraman, deb aytgan. Hamma har doimdagidek toʻlqinlanib ketgan, Kasatskiy esa boʻlib oʻtgan gap-soʻzlarni eslab, koʻziga yosh olgan va sevimli shohga sidqidildan xizmat qilaman, deb oʻz-oʻziga soʻz bergan.

Kasatskiy polkka koʻtarilgach, onasi va singlisi avval Moskvaga, undan keyin qishloqqa koʻchib oʻtdi. Kasatskiy yarim mulkini singlisiga berdi. Qolgan yarmi esa hozir xizmat qilayotgan dabdabali polkda kun koʻrishi uchun unga yetarli edi.

Zohiran Kasatskiy olgʻa intiluvchi chinakam gvardiyachiga oʻxshab koʻrinsa-da, biroq uning botinida murakkab va shiddatli tuygʻular nish urardi. Bu tuygʻular unga bolalikdan hamroh edi, ular xilma-xil boʻlsa-da, biroq mohiyati bir xil edi, yaʼni umr yoʻlidagi barcha ishlarni shu qadar pishiq-puxta ado etib, goʻzal yutuqlarga erishsinki, odamlar hayratdan yoqa ushlab qolsin. U bir soha yoki fanni tanlardi-da, shuning ustida ter toʻka boshlardi, to uni maqtab, boshqalarga oʻrnak qilib koʻrsatishmaguncha bir zum tinim bilmasdi. Bir muvaffaqiyatga erishgach, u boshqasining payidan tushardi. Shunday qilib, fanlarni oʻzlashtirishda korpusda birinchi oʻringa koʻtarildi, birdaniga fransuzchada soʻzlashi yaxshi emasligini sezib qolgach, bu tilni ona tili darajasida egallamagunicha tinchimadi va bunga ham erishdi; shunday qilib, keyin shatranj bilan shugʻullana boshladi va korpusdalik vaqtidayoq aʼlo darajada oʻynaydigan boʻldi.

Hayotidagi shohga va vatanga xizmat qilish burchidan tashqari uning oldida yana boshqa bir maqsadlar koʻndalang turardi, bu maqsadlar qay darajada kichik boʻlmasin, to ularni roʻyobga chiqarmaguncha oʻshalar bilan yashardi. Biriga erishgach, tezda uning xayolida boshqasi paydo boʻlar va oldingisining oʻrnini egallar edi. Bu oldiga qoʻyilgan maqsadga erishishdagi saʼy-harakatlar uning hayotini toʻldirar edi. Binobarin, zobitlik darajasiga yetgach, xizmat malakasini oshirishga jon-jahdi bilan kirishdi va tez orada, garchi oʻzini tuta olmaydigan jizzakiligi xizmatda pand berib, yutuqlariga soya tashlab tursa-da, namunali zobit degan nomga sazovor boʻldi. Keyin davra suhbatlarida dunyoviy bilimlarining chalaligini sezib qolgach, kitoblar olamiga shoʻngʻidi va bunda ham koʻzlagan maqsadiga erishdi. Soʻng u kiborlar davrasida porlash fikriga tushib qoldi, birdaniga mahorat bilan raqs tushishni oʻrgandi hamda tezda shunga erishdiki, uni oliy darajali kiborlarning ballari va ayrim tantanalariga taklif qiladigan boʻlishdi. Kasatskiy bu bilan ham qanoatlanib qololmasdi. U birinchi oʻrinda turishni xohlardi, bunday nasibaga erishish unga qiyin emasdi.

Oʻsha paytlarda oliy tabaqa, mening oʻylashimcha, har doim va hamma yerda odamlarning toʻrt toifasidan iborat edi: 1) boylar va saroy aʼyonlari; 2) uncha boy emas, biroq saroyda tugʻilgan va oʻsgan odamlar; 3) saroy aʼyonlariga taqlid qiluvchi boy odamlar; 4) uncha boy emas va saroy aʼyonlaridan boʻlmagan, biroq birinchi va ikkinchi toifalarga taqlid qiluvchi odamlar. Kasatskiy birinchi toifaga mansub emasdi. Kasatskiyni keyingi ikki toifaga jon-jon deb qoʻshishardi. U oqsuyaklar davrasidan joy olar ekan, oʻz oldiga hatto kibor ayollar bilan aloqa oʻrnatish maqsadini qoʻydi va kutilmaganda bunga tezda erishdi ham. Biroq hayal oʻtmay koʻrib ulgurdiki, u aylanayotgan davralar darajasi quyi davralar ekan, yuqori davralar esa, yaʼni boylar va saroy aʼyonlari davrasi, garchi uni taklif qilib turishsa-da, u ularga begona ekan; ular yoʻliga nazokat-la muomala qilsalar-da, lekin barcha munosabatlar shuni koʻrsatardiki, ularning oʻz davralari bor, u esa ularniki emas. Kasatskiy oʻzining ularniki boʻlishini xohlardi. Buning uchun esa yo fligel-adʼyutant boʻlish kerak – u hozircha shu darajani kutyapti yoki shu davradan uylanish lozim. Yigit bir toʻxtamga keldi: uylanadi, vassalom. U goʻzal, yana saroy aʼyonlaridan shunday bir qizni tanladiki, nafaqat u intilgan davraning kishisi, balki undan yuqorida turuvchi barcha tabaqa vakillari ham shu qizga intilardi. Bu grafinya Korotkova edi. Kasatskiy faqat amal ilinjida unga xushomad qilmayotgan edi, Korotkova haddan tashqari jozibador edi va u qizni tezda sevib qoldi. Boshda qiz unga sovuq muomalada boʻldi, keyin birdan bari oʻzgardi, iltifot koʻrsata boshladi. Oyisi esa yigitni xonadonlariga sidqidildan taklif qilar edi.

Kasatskiy qizning qoʻlini soʻradi va bu ijobat boʻldi. U bunday baxtning oson qoʻlga kirganidan, onaning va qizining oʻzgacha va qizgʻin munosabatidan hayron esa-da, butun vujudi bilan hech narsani koʻrmaydigan va eshitmaydigan darajada oshiq boʻlib qoldiki, natijada, sevgilisi bir yil oldin Nikolay Pavlovichning maʼshuqasi boʻlganini va buni butun shahar bilishini ham sezmadi.

 

2

 

Belgilangan toʻy kunidan ikki hafta oldin Kasatskiy qalligʻining Sarskoye Selodagi bogʻchasiga tashrif buyurdi. Mayning iliq kuni edi. Kuyov va qalliq bogʻni aylanishdi, soyador joʻkalar xiyobonidagi kichkina kursida qoʻnim topishdi. Meri oq harir kuylakda oʻzgacha latofatli koʻrinardi. U oʻzini iffat va sevgi ogʻushida sarmastdek tutardi. Boshini quyi solib oʻtirar, baʼzan qarshisidagi oʻziga ehtiyotkorlik va nazokat bilan muomalada boʻlayotgan, biror harakati yo soʻzi bilan kelinning farishtalardek sofligi nogahon daxl qilishdan hadiksirayogan xushsurat pahlavonga koʻz qirini tashlab qoʻyardi. Kasatskiy hozir uchramaydigan, qirqinchi yillar kishilariga mansub edi, ular qizlarning jinsiy ishratdan nopok boʻlishlari mumkinligini xayollariga ham keltirmas edilar, ular ayoldan ilohiy, samoviy poklikni talab etganlar, bu samoviy poklikni har bir qizning oʻz davrasi ham tan olgan va unga ham shunga yarasha munosabat koʻrsatishgan boʻlardi. Bunday munosabatda erkaklar oʻzlarini qoʻyib yuborgan axloqsizlik holatlarida koʻplab ishonchsizlik va xatar yuzaga kelardi, biroq har bir qizda oʻziga shunchaki ermak izlovchini koʻrgan hozirgi yigitlarning qarashidan farqli oʻlaroq, bunday qarash, oʻylashimcha, ayollarga nisbatan ijobiy edi. Qizlar ham oʻzlaridan iloha yaratuvchi bunday munosabatlarga javoban iloji boricha ilohalardek boʻlishga intilardilar. Kasatskiy ayollarga shunaqa nazar bilan yondashar va oʻzining qalligʻiga ham shunday nigoh bilan qarayotgandi. Bu damda u benihoya oshiq edi va maʼshuqasiga tirnoqcha ham gʻayirlikni his qilmay, yetib boʻlmas yulduzga qoʻl choʻzgandek butun vujudi bilan unga talpinardi.

U barvasta qomatini namoyish etib oʻrnidan qoʻzgʻaldi va ikkala qoʻli bilan qilichiga tayangancha qizning qarshisida gʻoz turdi.

– Men ayni damda insonga nasib etishi mumkin boʻlgan baxtni his qilyapman. Buni siz, ha, siz… – dedi u jurʼatsizgina jilmayib, – hadya etdingiz.

U bu paytda “sen”lab gapirishga odatlanmagan edi, biroq qizga axloqan pastdan turib qaraganda, “sen”sirab murojaat qilish mazkur farishtaga nisbatan qoʻrqinchli tuyulardi.

– Men oʻzimni… – kutilmaganda yigit dadillashdi, – sen tufayli angladim, angladimki, men oʻzimni bilganimdan afzalroq ekanman.

– Men buni allaqachon bilaman. Aynan shular uchun sizni sevdim.

Shu atrofda bulbul chah-chahlab sayray boshladi, tuyqus esgan shabada harir yaproqni titratib oʻtdi.

U qizning qoʻlini oldi va uni oʻpdi, koʻzlariga yosh qalqdi. Qiz tushundiki, sevishini tan olib aytgan soʻzi uchun yigit minnatdorchilik bildirmoqda. Yigit nariroq ketdi, jim boʻldi, keyin qaytib keldi va oʻtirdi.

– Bilasizmi, bilasanmi, ha, hammasi baribir. Men senga begʻaraz yaqinlashdim, men yuqori davralar bilan munosabat oʻrnatmoqchiydim, keyinchalik… Seni bilgach, bu hol sen bilan tenglashtirganda hech narsa boʻlib qoldi. Buning uchun mendan xafa boʻlmaysanmi?

Qiz javob bermadi, faqat uning qoʻlini ushladi.

Yigit tushundiki, bu bilan “Yoʻq, xafa boʻlmayman” demoqchi.

– Ha, mana, sen aytding… – yigit soʻzini yoʻqotib qoʻydi, bu oʻziga ancha noqulay tuyuldi, – sen meni sevishingni aytding, lekin meni maʼzur tut, men ishonaman, biroq bundan tashqari nimadir seni bezovta qilyapti va xalaqit beryapti. U nima?

“Ha, hozir yoki hech qachon, – oʻyladi qiz. – Baribir u biladi. Endi esa u keta olmaydi. Eh, agar u ketib qolsa, bu dahshat boʻladi!”.

Qiz sevgiga toʻla nigohlari bilan oshiqning koʻrkam, baquvvat qomatiga nazar tashladi. Ayni damda uni Nikolaydan qattiqroq sevib ketdi, agar imperatorligi boʻlmaganda uni bunga almashtirmasdi.

– Bilasizmi, men yolgʻon gapira olmayman. Men hammasini aytishim lozim. Siz, u nima deb soʻrayapsiz. Bu shuki, men birovni sevar edim.

U yalinchoq harakat bilan yigitning qoʻliga qoʻlini qoʻydi.

Yigit jim edi.

– Kimni sevganimni bilishni istaysizmi? Ha, uni, shohni.

– Hammamiz uni sevamiz, men tasavvur qilamanki, sizlar institutda…

– Yoʻq, keyin. Bu shunchaki havas edi, soʻngra oʻtib ketdi. Men shuni aytib qoʻyishim kerak edi.

– Xoʻsh, nima qilibdi shunday boʻlsa?

– Yoʻq, bu shunchaki emas.

Qiz qoʻllari bilan yuzini yopdi.

– Nima, siz unga taslim boʻlganmisiz?

Qizdan sas-sado chiqmadi.

– Maʼshuqasimisiz?

Qiz hamon jim.

Yigit irgʻib oʻrnidan turdi, murdadek oqarib ketgan, yonoqlari pir-pir uchar, qizning qarshisida tosh qotgan edi. Nikolay Pavlovich uni Nevskiyda uchratib qolganida, erkalatib tabriklagani yodiga tushdi.

– Ey Xudoyim, nima qilib qoʻydim, Stiva!

– Tegmang, tegmang menga. Oh, qanday azob!

Yigit qayrildi-da, uyiga tomon ketdi. Uyda onasiga duch keldi.

– Nima boʻldi, knyaz? Men… – ona oʻgʻlining basharasini koʻrib, mum tishlab qoldi.

– Siz bilgansiz buni va mendan yashirmoqchi boʻlgansiz. Agar ayol boʻlmaganingizda, – bosiq qichqirib dedi u onasining boshi uzra toʻqmoqdek mushtini koʻtarib, soʻng shart burildi-da, yugurib chiqib ketdi.

Agar uning qalligʻini boshqa mardum bir kishi yoʻldan urganida, uni oʻldirgan boʻlardi, bu esa kimsan – olampanoh.

Ertasi kun kasalligini bahona qilib, taʼtilga chiqdi, butunlay isteʼfo berdi va hech kimni koʻrmaslik uchun qishloqqa ketdi

Yozni oʻz ishlari bilan mashgʻul boʻlib qishloqda oʻtkazdi. Yoz tugagach, Peterburgga qaytmadi, balki monastirga bordi va rohiblikni qabul qildi.

Onasi uning bu qatʼiy qaroridan qaytarishga urinib, xatlar yozdi. U javob berdiki, Xudoning irodasi hamma narsadan yuqoridir, u shuni his qilyapti. Faqat akasi singari magʻrur va izzattalab singlisigina uni toʻgʻri tushundi.

Singilning tushungani shuki, oʻzlarining yuqoriligini koʻrsatib qoʻymoqchi boʻlganlarga akasi oʻzining ulardan qanchalik baland ekanini koʻrsatish uchun rohiblikni tanlagan. Haqiqatan ham shunday boʻlgan edi. Rohiblikni qabul qilib, vaqtida boshqalar uchun juda muhim boʻlgan narsalardan nafratlanishini isbotladi, endilikda shunday yuqori darajaga koʻtarildiki, u yerdan turib, bir paytlar havas qilgan odamlariga bemalol qarashi mumkin boʻldi. Singlisi Varenka oʻylaganidek, akasi faqat bitta tuygʻuning asiri boʻlib qolmagandi. Unda yana boshqa bir asror, haqiqiy diniy tuygʻu bor ediki, buni Varenka bila olmasdi, bu diniy tuygʻu faxr hissi va birinchilik xohishi bilan chatishib ketib, uning ongu shuuriga hukmronlik qilardi. Uning farishta deb tasavvur qilgani – Meri (kelin) ga nisbatan gʻazab va tahqir tuygʻusi shunchalik kuchli ediki, uni umidsizlik girdobiga gʻarq etdi, umidsizlik qayerga olib borardi? – Xudoning huzuriga, buzilmagan vujudida hamon bokiraligini yoʻqotmay saqlab kelayotgan maʼsum bolaliligiga olib keldi.

3

 

Kasatskiy birinchi qor munosabati bilan ibodat kuni monastirga qadam qoʻydi.

Monastir boshligʻi (igumen) dvoryan, olim, yozuvchi, saylab qoʻyilgan rahbar va ustozga soʻzsiz boʻysunadigan, Valaxiyadan chiqqan rohiblar avlodidan boʻlgan qariya edi. Igumen taniqli qariya Amvrosiyning shogirdi edi, Amvrosiy Makariyning shogirdi edi, Makariy qariya Leonidning, Leonid Paisiy Velichkovskiyning. Kasatskiy ana shu igumenga oʻz qariya ustoziga boʻysungandek boʻysunar edi.

Kasatskiy monastir yumushlarini bajarishdagina emas, tafakkurda ham oʻzining boshqalardan yuksakligini sezdi. Ham botiniy, ham zohiriy barkamollikka erishganlik sevinchi monastirda ham unga yor boʻldi. Polkda nafaqat bekamu-koʻst zobit boʻlgandi, balki talab etilganidan koʻproq narsaga erishib, mukammallik koʻlamini kengaytirgandi, monaxlikda ham shunga intildi: hammavaqt mehnatchan, tamizli, murosasoz, yuvosh, faqat ishda emas, tafakkurda ham toza va boʻysunuvchan. Ayniqsa, soʻnggi fazilati, aniqrogʻi, mukammallik uning hayotini yengillashtirdi. Monastirning poytaxt yoki gavjum shahar hayotiga oʻxshab ketadigan talablari injiqligi bilan vasvasaga solib, unga yoqmay qolgan vaqtlarda bularning hammasini moʻmin-qobillik bilan yengdi: muhokama qilish mening vazifamga kirmaydi, balki itoat etishni oʻrinlatishdir, janoza paytida tobut yonida turish boʻladimi, ibodatga kelganlar qatorida qiroat qilish yoki musofirxonada hisob-kitob olib borish boʻladimi, farqi yoʻq. Ustozining u yoki bu narsadan ozmi-koʻpmi shubhalanishini shu moʻminligi bilan bartaraf etib bordi. Mutelik boʻlmaganida cherkov xizmatining uzluksizligi va bir xilligi, muxlislarning hovliqmaligi, birodarlarning ahmoqona qiliqlari ostida ezilib ketgan boʻlardi; endi esa bularning hammasi quvonchli tuyulmoqda, hatto hayotiga mamnunlik va kuch-quvvat baxsh etmoqda edi. “Har kuni bir oyatni qayta-qayta eshitish nima uchun kerakligini bilmayman-u, biroq shu narsa kerakligini bilaman. Kerakligini bilgach esa undan qoniqish his etaman”. Qariya unga moddiy hayotni tutib turish uchun moddiy ozuqa qanchalik lozim boʻlsa, ruhiy hayotni ushlab turish uchun ruhiy ozuqa – cherkov ibodati shunchalik lozimligini uqtirgandi. U bunga ishondi, haqiqatan, cherkov amaliyoti, baʼzan ertalab turishga qiynalsa ham, unga farogʻat va quvonch baxsh etardi. Qariya tavsiya etgan amallar sabr-halovati va qatʼiyligi bilan shodlik bagʻishlardi. Hayotga qiziqish oʻz irodasini yana va yana namoyish etish, doimiy sabr-bardoshdagina emas, balki dastlabki vaqtlarda juda joʻn, osongina egallash mumkindek tuyulgan jami nasroniycha ezguliklar, qadriyatlarda ham namoyon boʻlar ekan. U butun borligʻini monastirga topshirdi va bundan ranjimadi, unda zarracha yalqovlik yoʻq edi. Ibtidoiy narsalarga toqat qilish qiyin boʻlmadi, aksincha, quvonch hadya etdi. Hatto shahvatdek tugʻyonni yengish xasislik yoki buzuqchilikdan qutulish kabi oson kechdi. Qariya uni bu balodan alohida ogohlantirgandi, biroq Kasatskiy undan tez xalos boʻlganiga shodlandi.

Uni faqat qayligʻi haqidagi xotiralar qiynar edi. Faqat xotiralar emas, roʻy berib qolishi mumkin boʻlgan jonli tasavvur – bexos duch kelib qolish uni xavotirga solardi. Beixtiyor uni shohning hamma taniydigan jazmanlaridan biri, keyinchalik boshqa erga tekkan va qoyilmaqom xotin boʻlib, oilaning onaxoniga aylangan ayol tarzida tasavvur qildi. Er yaxshi mansabda, hokimiyat, hurmatga musharraf, yana qulluq qilib turadigan xotin bor.

Xush daqiqalarda Kasatskiyni bu fikrlar xijolatga solmasdi. Shodon damlarda bularni eslasa, oʻsha vasvasalardan qutulgani uchun shukur qilardi. Goho shunday ham boʻlardiki, yashagan kunlari qarshisida koʻndalang kelsa, shu damlarni boshdan kechirganiga ishongisi kelmas, biroq ishongisi kelmagan narsalarni koʻrib turardi, xotiralar va – soʻz yuritish ham dahshat – pushaymonlik uning butun borligʻini qamrab olardi.

Bunday holatdan qutulishning yoʻli itoat etmoq boʻlardi – ish va kun boʻyi ibodat bilan mashgʻullik. U, odatdagidek, ibodat amallarini bajarar, tavba-tazarru qilar, hatto keragidan ortiqcha choʻqinardi, biroq bu amallarda faqat vujudi ishtirok etar, qalb esa chetda edi. Shuni sezib qolsa, qattiq qiynalardi. Bu bir kun, baʼzan ikki kun davom etar va soʻng oʻzi oʻtib ketardi. Lekin oʻsha bir yo ikki kun dahshat boʻladi. Kasatskiy sezdiki, u na oʻzining, na Xudoning amrida, balki boshqa bir kuchning ixtiyorida. Shu kunlarda nima aytilgan boʻlsa, hammasini bajardi, baʼzida qariya toshdek qotishni, hech tadbir qoʻllamay, faqat kutish lozimligini maslahat berib turdi. Umuman, shu vaqt mobaynida oʻzining xohishi bilan yashamadi, balki qariyaning irodasiga boʻysundi, bilʼaks, shu mutelikda alohida xotirjamlik bor edi.

Shu tariqa Kasatskiy birinchi qadam qoʻygan monastirida yetti yil yashadi. Uchinchi yilning oxirida pop martabasidagi rohib huzurida Sergiy nomi bilan soch kuzash boʻldi. Soch kuzash Sergiy uchun muhim botiniy voqeaga aylandi. U oldin taranganda yoqimli halovat va ruhiy koʻtarinkilikni his etardi; endi ibodat qiluvchilarga bosh boʻlib, amallarni bajarar ekan, bu unga ulugʻvorlik, rahmdillik va dilbarlik hissini baxsh etdi. Ammo birinchi marta kechirgan bunday koʻtarinki kayfiyatu amallar takrorlanavergach, yana va yana oʻtmaslashib bordi va sezdiki, bu ham oʻtkinchi ekan. Haqiqatan, hissiyotlar zaiflashib bordi, biroq koʻnikma saqlanib qoldi.

Umuman, Sergiyning monastirdagi yettinchi yilgi hayoti zerikarli kechdi. Nimani oʻrganish lozim boʻlsa, nimaga erishish shart boʻlsa, hammasiga ulgurdi, qiladigan boshqa ishi qolmaganga oʻxshardi.

Lekin baribir vaziyatga tobelanish, bogʻlanish holati kuchaydi. Shu yillarda onasining vafoti va Merining turmushga chiqqanligi haqidagi xabarlarni eshitdi. Ikkala yangilikni ham loqayd qabul qildi. Uning hamma eʼtibori, jaʼmi qiziqishlari oʻzining ichki olamiga boʻysundirilgandi.

Rohibligining toʻrtinchi yilida arxiyerey alohida iltifot koʻrsatdi, qariya aytdiki, agar uni yuqori vazifaga tayinlamoqchi boʻlsalar, rad etmagaysan. Shunda rohiblarga xos shuhratparastlik bosh koʻtardi – bu narsa ularda dahshatli tarzda mavjud edi. Uni poytaxtga yaqin joydagi monastirga tayinladilar. U rad etmoqchi boʻldi, ammo qariya taklifni qabul qilishni soʻradi. U taklifni qabul qildi, qariya bilan xayrlashdi va yangi monastirga oʻtdi.

Poytaxtdagi monastirga oʻtishi Sergiyning hayotida muhim voqea boʻldi. Bu joyda turli tashvishlar koʻp edi, Sergiy bor kuchini shu faoliyatga yoʻnaltirdi.

Oldingi monastirda ayollarning yoʻldan ozdiradigan qiliqlari Sergiyni kam qiynagandi, bu joyda esa bunday injiqliklar dahshatli kuchga aylandi va shungacha yetib bordiki, u bilan hazillashib boʻlmasdi. Oʻzining nomaqbul qiliqlari bilan tanilgan bir boy xotin boʻlardi, oʻsha Sergiyga xushomad qila boshladi. Ayol u bilan gaplashdi va xonadoniga tashrif buyurishini soʻradi. Sergiy buni qatʼiy rad etdi-yu, biroq xohishlarining roʻyoga chiqayotganidan, bosh koʻtarayotganidan vahimaga tushdi. U shunchalik qoʻrqdiki, uyatni ham yengib, oʻz zaifligini tan oldi, bu haqda qariyaga xat yozib, joyini qisqartirishini, oʻzining yosh muridini insofga chaqirishini hamda toat-ibodat va someʼlikdan boshqa yumush bilan shugʻullanmasligini kuzatib borishini soʻradi.

Bundan tashqari, eng katta tashvish shundan iborat boʻldiki, ushbu monastirning igumeni dimogʻdorlik kasb etgan oqsuyak, olgʻir ruhoniy boʻlib, Sergiyga butunlay xayrixoh emasdi. Sergiy oʻzi bilan qancha kurashmasin, bu sovuq munosabatni yenga olmadi. U murosa qildi, biroq qalbining toʻrida norozilik bor edi. Oxir oʻsha ahmoqona tuygʻu junbishga keldi.

Bu yangi monastirga kelganining ikkinchi yilida roʻy berdi. Voqea shunday sodir boʻldi. Birinchi qor ibodati katta cherkovda boʻlib oʻtdi. Chetdan kelganlar ham koʻp edi. Marosimni igumenning oʻzi boshqardi. Sergiy ota odatdagi joyida turar va sajda qilar, oʻzi xizmatda boʻlmagan va xususan katta cherkovdagi ibodatlar paytidagi kurashchan holatda edi. Kurash shundan iborat ediki, tashrif buyurganlar, mansabdorlar, ayniqsa, xonimlar uning jahlini chiqarishardi. U hech kimga nazar solishni, ularning yaramas qiliqlarini: askar odamlarni turtib, qanday tartib oʻrnatayapti, ayollar rohiblarni, inchunun, yaxshi tanish boʻlib qolgan xushroʻy rohibni bir-birlariga qanday koʻrsatishayapti, bilishni xohlamasdi. U oʻzini boʻgʻayotgan xayollaridan qochib, shamlarning shuʼlasidan, ikonalar va xizmatchilardan boshqa narsalarni koʻrmaslikka; kuylayotganlar ovozini-yu, ibodat soʻzlaridan boshqa narsani eshitmaslikka; allaqachon qalbining ehtiyojiga aylangan ibodat oyatlarini qayta-qayta eshitaverib va botinida takrorlayverib paydo boʻlgan oʻz-oʻzini unutish tuygʻusidan boshqa hisni kechirmaslikka intilardi.

U shu holda turdi, rukuga bordi, qayer lozim boʻlsa, oʻsha joyga choʻqindi, fikr va hissiyotlarni toshdek qotiradigan tarzda mulohaza yuritib, botinida kurashdi. Shu choq libosbardor Nikodim ota, – u ham Sergiyga taqdirning katta sinovi boʻldi, Nikodim beixtiyor igumenga sodiq va tarafdorligini sezdirib qoʻygandi, – yaqinlashdi-da, ikki karra chuqur taʼzim etib, uni mehrobda igumen chaqirayotganini maʼlum qildi. Sergiy ota ridosining etagidan tortib toʻgʻriladi, kepchigini kiydi va izdihom orasidan odimlab ketdi.

– Lisa, regardez a droit, c’est lui[1] – ayolning fransuzcha gapirgani eshitildi.

– Ou, ou? Il n’est tellement beau[2] – javob boʻldi.

Bildiki, bu soʻzlar oʻzi haqida aytilayapti. U eshitdi va bir daqiqa shuurida zalolat gʻulu qildi, soʻng darhol istigʻfor keltirdi: “Bizni zalolatdan Oʻzing xalos et, Tangrim!”, – boshini egib va nigohini yerdan olmay, minbar yonidan yurib oʻtdi, bu paytda ikonostas[3]ga yaqinlashib qolgan goʻyanda maddohlarni aylanib oʻtib, shimoliy eshikka kirdi. Mehrobga qadam qoʻygach, tartib boʻyicha, ikona qarshisida ikki bor bukilib ruku qildi, keyin boshini koʻtardi va igumen tarafga nazar soldi, turganlar qatorida yaltirab porlagan qomatga tikilmay, koʻz qirini tashladi, xolos.

Igumen ibodat kiyimida devorga qapishib, kalta, dumboq qoʻllarini semiz gavdasiga osilgan toʻnidan chiqarib va qorni ustiga chalkashtirgancha, toʻnining uqasini silab, ogʻzi qulogʻida, venzil[4] va akselbantlari[5] osilib turgan general libosidagi kibor harbiy bilan gaplashib turardi, uni Sergiy odatdagi harbiycha nazar bilan tez koʻzdan oʻtkazdi. General ular polkining sobiq qoʻmondoni edi. Shubhasiz, u ayni paytda yaxshigina mavqega ega edi, chamasi, Sergiy ota buni tezda payqadi, taqir boshli igumen ham buni bilardi chogʻi, mamnun qip-qizil boʻgʻriqqan yuzi yaltirardi. Bu Sergiy otaning izzat-nafsiga tegib, bu keraksiz kayfiyat boʻlsa-da, jahlini chiqardi, general uni eslab qolganida, uning koʻngli taskini uchun oʻzining sobiq xodimini aynan unga koʻrsatish maqsadida chaqirganini igumendan eshitib, battar figʻoni oshdi va buni yashirib oʻtirmadi.

– Sizni farishta timsolida koʻrganimdan juda mamnunman, – dedi general qoʻlini uzatar ekan, – umid qilamanki, siz qadrdon xizmatdoshingizni esdan chiqarmagansiz.

Igumenning generalning lutfini tasdiqlayotgandek tuyuluvchi oq tolalar qurshovidagi qizil va kulib turgan ruxsori, generalning dimogʻdor tabassum balqib turgan chehrasi, ogʻzidan anqib turgan vino va chakka soqolidan ufurayotgan sigara hidi – bularning hammasi Sergiy otaning zardasini qaynatib yubordi. U igumenga yana bir taʼzim qilib, dedi:

– Sizning xohishingiz meni chorlashga izn berdimi? – U butun yuz-andomi va turish-turmushi bilan bir soʻroqni takrorlab qotib turardi: nega?

Igumen dedi:

– Shunchaki, general bilan yuz koʻrishish.

– Eʼtiboringiz uchun, men oʻzimni tashvishlardan ozod etish ilinjida dunyodan yuz oʻgirganman, – dedi u lablari titrab, rangi oqargancha. – Nega meni ular bilan roʻbaroʻ qilasiz? Xudoning dargohida, ibodat mahalida tagʻin.

– Ket, ket, – dedi igumen gʻijinib va qovoq solib.

Ertasiga Sergiy ota oʻzining dagʻalligi uchun igumen va birodarlardan uzr soʻradi, shuning barobarida, bir tunni ibodat bilan oʻtkazgach, qaror qildiki, bu monastirni tark etishi va bu haqda qariyaga xat yozib, yana oʻzining monastiriga qaytarishini iltimos qilishi kerak. Bir oʻzi tashvishlarga qarshi kurashishda qariyaning yordamisiz ojizlik qilayotganini, bu yumush qoʻlidan kelmayotganini ochiq yozdi. Magʻrurligidan orttirgan tashvishidan pushaymonligini bildirdi. Keyingi pochta bilan javob keldi va unda qariya hammasiga sabab kibr ekanini aytgandi. Qariya undagi gʻazabning oʻt olishi ruhoniy qadriyatlarga Xudoni tanish uchun emas, balki oʻzining “Afsuski, men shundayman – hech narsaga zarurat sezmayman” qabilidagi magʻrurligi uchun boʻysunganini va bunday ibodatning hech qanday nafi boʻlmasligini bayon etgandi. Shu tufayli u igumenning harakatlariga chiday olmagan. “Men hammadan Rabbini izlayman, menga esa hayvonni duch qiladi”. “Agar sen shuhrat uchun Rabbingga sajda qilgan boʻlsang, takabbur ekansan. Senda hamon dunyoviy gʻurur oʻlmagan. Sen haqingda oʻyladim, boʻtam Sergiy, seni duo qildim va Yaratgan menga sen haqingda, mana qanday xabar berdi: “Burungidek yasha va iqtido ayla”. Ayni paytda maʼlum boʻldiki, ovloq joydagi kichkina monastirda zohid Illarion omonatini topshiribdi. U oʻsha joyda oʻn sakkiz yil yashadi. Tambin igumeni mendan oʻsha joyda yashashni xohlaydigan birodarlardan bormi, deb soʻradi. Shu paytda sening xating kelib qoldi. Sen Tambin monastiridagi Pansiy ota huzuriga bor, men ham unga xat yozaman, sen Illarion hujrasini egallashni soʻra. Bilmadim, Illarion oʻrnini bosa olasanmi, yoʻqmi, biroq senga gʻururingni jilovlash uchun yolgʻizlik lozim. Seni Xudo qoʻllasin”.

Sergiy qariyaning fikrlariga qoʻshildi, xatni igumenga koʻrsatdi va uning roziligi bilan oʻz hujrasini va monastirga tegishli boshqa ashyolarini topshirib, Tambin biyoboniga yoʻl oldi.

Tambin biyobonida savdogarlardan chiqqan binoyidek xoʻjayin – nozir Sergiyni joʻngina va osoyishta kutib oldi va Illarionning hujrasiga joylashtirdi, boshida mahram berib, keyin esa oʻzining xohishiga koʻra uni yolgʻiz qoldirdi. Hujra togʻdan kavlangan gʻorda edi. Unda Illarion yashagan va shu joyda dafn etilgandi. Gʻorning orqa boʻlmasida Illarion koʻmilgan, yuzadagi xonada esa somon tiqilgan toʻshak tashalgan taxta, kursi, ikonalar taxlangan javon va kitoblar qoʻyilgan edi. Javon tashqi eshikka taqalib turardi; tokchaga rohib har kuni bir marta monastirdan keltirgan ovqatni qoʻyib ketardi.

Shunday qilib, Sergiy ota zohidga aylandi.

 

4

 

Sergiy tarki dunyo qilganining oltinchi yili maslenitsa kunlaridan birida qoʻshni shaharda oʻziga toʻq boy oilalardan erkak va ayollar jam boʻlib, quymoq va vinodan soʻng troykalarda sayrga chiqishdi. Toʻda ikki oqlovchi, bir boy zamindor, zobit va toʻrt ayoldan iborat edi. Ayollarning biri zobitning xotini, boshqasi – zamindorniki, uchinchisi zamindorning qiz singlisi, toʻrtinchisi esa eridan ajralgan, suluv, boy va shaharni oʻzining antiqa qiliqlari bilan lol qoldirib yuruvchi satang.

Havo yoqimli, yoʻl xuddi taxtadek tekis. Shahardan oʻn chaqirimlar chiqishgach toʻxtadilar va qaysi tomonga yurish haqida maslahat boshladilar: orqagami yoki oldingami?

– Bu yoʻl qayerga olib boradi? – soʻradi suluv beva ayol Makovkina.

– Tambinoga, bu yerdan oʻn ikki chaqirim, – dedi unga ilakishib qolgan oqlovchi.

– Xoʻsh, undan keyin-chi?

– Undan keyin monastir orqali L. ga.

– Sergiy ota yashayotgan joygami?

– Ha.

– Kasatskiymi? Oʻsha biyobon barnosi-da?

– Ha.

– Xonimlar! Janoblar! Kasatskiyni koʻramiz. Tambinoda dam olamiz, ovqatlanamiz.

– Lekin biz tunash uchun uyga qaytishga ulgurmaymiz.

– Hechqisi yoʻq. Kasatskiyning mehmoni boʻlamiz.

– E, ha, u yerda monastirga qarashli juda yaxshi mehmonxona bor. Men Maxinani himoya qilgani kelganimda u yerda boʻlganman.

– Yoʻq, men Kasatskiynikida tunab qolaman.

– Bu osmon uzilib tushsa ham mumkin emas.

– Mumkin emas? Garov boylashaman.

– Boʻladi. Agar siz tunab qolsangiz, men nima xohlasangiz, bajaraman.

– A discretion.[6]

– Siz hammi?

– Ha-da. Ketdik.

Aravakashlarga sharoblarni koʻtartirdilar. Oʻzlari boʻgʻirsoq, qandolat qutilarini oldilar. Ayollar oq moʻynali poʻstinlariga oʻranishdi. Aravakashlar kim birinchi yurishi ustida bir oz tortishib turdilar, yoshrogʻi yelkasi osha chapani yigitlarcha qarab, uzun qamchin dastasini silkitdi-da, qiyqirib yubordi, – va qoʻngʻiroqchalar jiringlab, gʻildiraklar gʻijirlagancha toʻda yoʻlga tushdi.

Shatakchi otlar quyushqon iplari bilan sagʻrinlari osha bogʻlangan, qaltirab, chayqalib turgan aravalarni rohatbaxsh bir tarzda tekis va ravon tortib ketdilar. Erta bahor, loy izlar tez ortda qolardi. Aravakash tizginni silkitar, oqlovchi va zobit yuzma-yuz tanda qoʻyib, qoʻshnilari Makovkina bilan nimalarnidir vaysashar, lekin ayolning oʻzi poʻstiniga mahkam oʻrangancha qimirlamay oʻtirar va oʻylardi: “Hammasi bir goʻr bularning, hammasi yaramas: vino va tamaki hidi urib qolgan qizil, yiltillagan basharalar, oʻsha soʻzlar, oʻsha xayollar, bari oʻzlarining yaramasligi atrofida aylanib yurishadi. Ularning barchasi mamnun, shunday boʻlishi kerakligiga va oʻlguncha shunday yashashlariga ishonchlari komil. Men bunday boʻla olmayman. Menga buning qizigʻi yoʻq. Men shunday narsani xohlaymanki, bularning hammasi ostin-ustun, teskari boʻlib ketsin. Ha, hech boʻlmaganda Saratovdagidek, borgan ekanmiz-u, qotgan ekanmiz-da. Xoʻsh, biznikilar nimalar qilishmagandi? Oʻzlarini qanday tutishgandi? Ha, ehtimol, uyatlidir. Har kim oʻzi bilan oʻzi ovora edi. Ha, men ham oʻzimni yomon tutgandim. Men, har nechuk, yaxshiman. Buni ular ham bilishadi-ku. Ha, anov rohib-chi? Nahotki, u buni haliyam tushunmasa? Boʻlmagan gap. Bu narsalarni ular yaxshi tushunishadi. Xuddi kuzda haligi kadet bilan. U qanchalar ahmoq boʻlgandi…”

– Ivan Nikolayevich! – dedi u.

– Buyursinlar?

– Uning yoshi nechada?

– Kimning?

– Kasatskiyning.

– Qirqdan oshib qoldi-yov.

– Nima boʻladi, u hammani qabul qiladimi?

– Hammani, biroq hamma vaqt emas.

– Oyogʻimni yopib qoʻying. Bunday emas, qanaqa uquvsizsiz! Ha, yana, yana, ana shunday. Mening oyoqlarimni bosish mumkin emas.

Shunday hangomalar bilan ular hujra joylashgan oʻrmonga yetdilar.

Makovkina pastga tushdi va ularning ketishini xohladi. Qolganlar uni koʻndirmoqchi boʻlishdi, lekin Makovkinaning jahli chiqib, oyoq tirab oldi. Shundan soʻng aravalar qaytdi, u esa oq poʻstinini yopinganicha soʻqmoq boʻylab yurib ketdi. Oqlovchi yerga tushib, uni kuzatganicha qoldi.

 

5

 

Sergiy otaning uzlatda yashayotganiga olti yil boʻldi. Uning yoshi qirq toʻqqizda edi. Hayoti mashaqqatli kechardi. Bu mashaqqat ibodat va duoxonlikdan emasdi, bularni mashaqqat ham deb boʻlmasdi, bu mashaqqat u hech qachon kutmagan ichki kurashda edi. Kurashning manbasi ikkita edi: shubha va shahvoniy hirs. Baʼzan ikki yov birdan bosh koʻtarardi. Uningcha, bu bir vaqtlar yagona dushman boʻlgan turli-turli ikki yov edi. Qachonki shubhani oʻldirsa, hirsni ham yengardi. U, ular ikki xil shayton va ularga qarshi turlicha kurashiladi, deb oʻylardi.

“Xudoyim! Xudoyim! – mushohada qilardi u. – Nima uchun meni eʼtiqoddan qisasan? Ha, hirs, u bilan avliyo Antoniy va boshqalar kurashdi, eʼtiqod-chi? Ularda bu bor edi, menda daqiqalar, soatlar, kunlar oʻtayapti hamki, hamon undan darak yoʻq. Agar u zalolat boʻlsa, nega jumla olam, jumla nazokat ungadir va undan nega qutulmoq lozim? Nega bu vasvasani yaratding? Vasvasa? Mening dunyo quvonchlaridan voz kechganim, nimagadir hozirlanayotganim, balki u joyda hech narsa yoʻqdir, shu vasvasa emasmi? – oʻzicha gapirib turib, birdan vahimaga tushdi, oʻzini laʼnatladi. – Yaramas. Laʼnati. Avliyo boʻlishni xohlaysan” – oʻzini qargʻay boshladi. Va ibodatga berildi. U ibodatni boshlar ekan, monastirda qanday boʻlgani shundoq koʻz oldiga keldi-qoʻydi: chepchikda, ridoda, ulugʻvor koʻrinishda. Boshini irgʻab qoʻydi. “Yoʻq. Bunday emas. Bu aldov. Lekin oʻzimni emas, Xudoni emas, boshqalarni aldayapman. Men izzatli odam emasman, mayda, kulgili shaxsman”. U ridosi barlarini ikki tomonga ochib, ishtoni pochasidan chiqib turgan oʻzining akashak oyoqlariga qaradi. Va kulib yubordi.

Keyin barlarini qoʻyib yuborib, ibodat qilishga, choʻqinishga va duo oʻqishga tutindi. “Nahot shu toʻshak menga tobut boʻladi?” – qiroat qildi u. Shayton unga bir narsani shipshigandek boʻldi: “Yakka toʻshak, bu – tobut. Yolgʻon”. U tasavvurida tanish bevaning yelkasini koʻrgandek boʻldi. Bir seskanib tushdi-da, oʻqishda davom etdi. Qoidani oʻqib boʻlib, Injilni qoʻliga oldi, tez-tez zamzama qiladigan va yoddan biladigan joyini ochdi: “Ishonaman, Rabbim, meni imonsizlikdan qutqar”. U fikriga qutqu solgan barcha shubhalarni olib tashladi. Xuddi qimirlab turgan tarozi pallasini toʻgʻrilagandek, oʻz eʼtiqodini tebratayotgan poyani mahkamladi-da, unga yana teginmaslik, qimirlatib yubormaslik uchun asta uzoqlashdi. Shubhalar tarqaldi va u tinchlandi. Oʻzining bolalikdagi duolarini takrorladi: “Yaratgan, oʻzing qoʻlla, qoʻlla meni” va bundan nafaqat yengillashdi, balki dili farah va karamga toʻldi. Choʻqindi va boshining tagiga yozgi uzun choponini qoʻyib, ensiz taxtadagi poʻstakka uzandi. Kasatskiy tezda uyquga ketdi. Qush uyqusi ichida tushiga qoʻngʻiroqchalar kirib, ularning ovozini eshitgandek boʻlibdi. Biroq bular hushidami, tushidami boʻlayotganini bilmasdi. Birdan eshik taqillab, choʻchib uygʻonib ketdi. Oʻziga ishonmay, boshini koʻtardi. Eshik yana taqilladi. Ha, eng yaqindagi eshik taqillar va ayol ovozi eshitilmoqda edi.

“Xudoyim! Nahotki ertaklarda oʻqiganimdek, shayton ayol qiyofasida namoyon boʻlsa… Ha, bu ayolning ovozi. Yoqimli, latif va mayin ovoz! – U koʻksiga tufladi. – Yoʻq, menga shunaqa tuyulayapti, shekilli”, – iztirob bilan dedi-da, qarshidagi shamdon turgan burchak tomon ketdi. U odatdagidek xotirjam odim tashladi. Tiz choʻkdi, sochlari yuzini qopladi va allaqachon taqir boʻlib qolgan peshonasini nam, sovuq tovaga bosdi. Yerdan gʻir-gʻir shabada esardi.

Buzruk Pimen ota aytgan shayton vasvasasidan qutulishga yordam beruvchi oyatni oʻqidi. U oʻzining ozgʻin, yengil gavdasini sertomir oyoqlari ustiga tikladi va yana oʻqishni davom ettirmoqchi boʻldi, ammo oʻqimadi, ovozni eshitish uchun beixtiyor unga quloq tutdi. U eshitishni xohlardi. Hamma yoq suv quyganday jimjit edi. Tomdan burchakka qoʻyilgan idishga chakkilar tushardi. Hovlidagi qor koʻrinmas, hammayoqni tuman qoplagandi. Birdan deraza oldi qitirladi va baralla ovoz yangradi – oʻsha mayin, ishvali ovoz, bunday ovoz faqat koʻzga yaqin ayollarda boʻlishi mumkin. Notanish ayol yalinardi:

– Iso haqi, ichkariga qoʻyib yuboring…

Jami qon yurakka quyilib, toʻxtab qolgandek boʻldi. Uning nafasi chiqmasdi. “Yaratganning oʻzi asrasin va baloni daf qilsin…”

– Men shayton emasman… – chamasi kulib soʻz qotdi tashqaridagi ayol. – Men shayton emasman, faqat gunohga botgan ayolman, yoʻldan ozdim – aldamayapman, toʻgʻrisini aytayapman (u kulardi), sovuqda qotib qoldim, boshpana bering…

Kasatskiy yuzini oynaga qoʻydi. Jinchiroqdan taralgan nur butun oynani yoritib turardi. U kaftlari bilan yuzining ikki tarafidan qisdi va zehn soldi. Tuman, gʻubor, daraxt, mana oʻng taraf. Ayol. Ha, ayol, egniga junlari uzun poʻstin, boshiga telpak kiygan, nozikdan nozik, samimiy, chehrasi hadikli, oʻsha joyda, uning yuzidan ikki qarichcha narida, unga moʻltayib qarab turibdi. Ularning koʻzlari toʻqnashdi va bir-birini tanishdi. Ular bir-birlarini koʻrganga oʻxshamas edilar: ular hech qachon bir-birlarini koʻrmaganlar, biroq ularning toʻqnashgan nigohlaridan ular (ayniqsa erkak) sezdilarki, ular bir-birlarini taniydilar, bir-birlarini tushunadilar. Bu nigohlardan keyin oddiy, samimiy, nazokatli bu ayolni shayton deb gumon qilish mumkin emasdi.

– Kimsiz? Sizga nima kerak? – soʻradi Kasatskiy.

– Ochsangiz-chi, – karashma bilan dedi ayol. – Muzlab qoldim. Sizga aytayapman, yoʻlni yoʻqotib qoʻydim.

– Tushunsangiz-chi, men rohibman, xudojoʻy odamman.

– Nima boʻlibdi, oching. Ibodatingizni tugatguningizcha men deraza tagida turib muzlaymi? Sizga shu kerakmi?

– Sizni tushunib boʻlmaydi…

– Sizni yeb qoʻymayman. Xudo haqi, eshikni oching. Jahlimni chiqarmasangiz-chi!

Ayol qaltirab borardi. U bu soʻzlarni deyarli yigʻlagudek boʻlib aytdi.

Rohib derazadan nari ketdi, togʻolcha gulchambari bilan oʻralgan Iso siymosiga yuzlandi. “Yaratgan, menga yordam ber, yaratgan, menga yordam ber”, – choʻqinib va sajda qilib, oʻzicha gapirib, eshikka yaqinlashdi, uni dahliz tomon itardi. Dahlizda paypaslab loʻkidonni topdi va uni surishga urindi. Narigi tomondan qadam tovushlari eshitildi. Ayol deraza oldidan eshik tomonga oʻtdi. Birdan “Voy!” deb qichqirdi u. Bildiki, ayol ostona yaqinidagi koʻlmakka duch kelgan. Sergiyning qoʻllari qaltirar, loʻkidonni hadeganda surolmayotgan edi.

– Qanaqa odamsiz? Ruxsat eting. Men butunlay shalabboman. Muzlab qoldim. Siz toat-ibodatingiz bilan ovorasiz, men esa muzlab boʻldim.

U eshikni oʻziga tortib, loʻkidonni surdi hamda tavakkaliga eshikni tashqariga itardi va beixtiyor ayolni turtib yubordi.

– Ie, kechirasiz! – dedi u nogoh allaqachon unutilgan, xonimlarga odatdagi murojaat qilish ohangiga oʻtib.

Ayol “kechirasiz” soʻzini eshitib, yoyilib kuldi va oʻyladi: “Ha, u hali unchalik qoʻrqinchli emas”.

– Hechqisi yoʻq, hechqisi yoʻq. Siz meni maʼzur tuting, – dedi ayol qiyalab oʻtar ekan. – Men hech oʻylamagandim. Biroq esda qoladigan ajoyib tasodif.

– Marhabo, – dedi mezbon unga yoʻl berar ekan. Butunlay esidan chiqqan oʻtkir atirning nastarin hidi uni dovdiratdi. Ayol dahlizdan mehmonxonaga oʻtdi. U loʻkidonni joyiga surmay, tashqi eshikni yopdi-da, mehmonxonaga kirdi.

“Hazrati Iso Masih, meni gunohdan saqla, Yaratgan, meni gunohdan saqla”, – faqat botinida emas, balki zohirida ham lablari qimirlab, toʻxtamasdan ibodat qilardi.

– Marhabo, – dedi u.

Ayol xonaning oʻrtasida turar, kiyimidan polga suv tushar va buni jim kuzatardi. Uning koʻzlari kulardi.

– Meni maʼzur tuting, sizni bezovta qilib qoʻydim. Koʻryapsiz-ku, qanday holatdaman. Shunday boʻldiki, biz shahardan sayrga chiqdik, bir oʻzim Vorobyovkadan shahargacha yetib bora olaman, deb garov oʻynadim, ammo yoʻlni yoʻqotib qoʻydim. Yaxshiyamki, sizning hujrangizga yetib oldim, boʻlmasa… – yolgʻon gapirishni boshladi ayol. Biroq erkakning chehrasiga koʻzi tushib, undan uyalib ketdi va shundan keyin gapini bu tarzda davom ettira olmasligini bilib, jim boʻldi. Uni bu holda koʻraman, deb oʻylamagandi. Oʻylaganiday xushroʻy emasdi-yu, biroq koʻziga yoqimli koʻrinib ketdi. Oq oralay boshlagan sochlari va soqoli, toʻgʻri, ingichka burni, tik qarab turuvchi chaqnoq koʻzlari ayolni maftun etdi.

Erkak mehmonning yolgʻonlaganini koʻrib-bilib turardi.

– Ha, shunday, – dedi u ayol tomonga qarab va nigohini yerga tikib. – Men bu yoqqa oʻtaman, siz esa bemalol dam olavering.

Shunday deb jinchiroqni oʻchirdi, shamni yoqdi va unga taʼzim qilib, toʻsin ortidagi kulbaga chiqdi, ayol esa u yoqda rohib nimanidir qoʻzgʻatib, oʻrnidan surayotganini eshitdi. “Ehtimol, mendan oʻzini toʻsib olmoqchidir”, oʻyladi kulib va oq rotondasini[7] tashlab, telpagini va uning tagidagi sochlarini oʻrab turgan toʻqima roʻmolini yechdi. Unga hech qanday nam tegmagandi, faqat ichkariga kirish uchun shuni oʻylab chiqargandi. Biroq eshik oldida haqiqatan chuqurchaga tushib ketgandi, chap oyogʻi toʻpigʻigacha nam, botinkasi va qoʻnjli kalishi suvga toʻla edi. U gilamcha bilan yopilgan Sergiyning karavotida oʻltirar, oyoq kiyimlarini yecha boshlagandi. Hujracha unga maʼqul tushdi. Torgina, eni uch, boʻyi toʻrt arshinli xona, hamma yogʻi yogʻ tushsa yalagudek toza edi. Hujrada faqat u oʻtirgan karavot bor edi, undan yuqorida kitoblar toʻla javon. Burchakda minbarcha. Eshik yonidagi qoziqlarga poʻstin va uzun chopon iligʻlik. Minbarcha tepasida togʻolcha gulchambarda Iso timsoli va shamchiroq. Moy, ter va tuproqning oʻtkir hidi anqirdi. Bularning hammasi unga yoqdi. Hatto hid ham.

Nam oyoqlari, ayniqsa, bittasi uni bezovta qilayotgandi, shoshib, ogʻzining tanobi qochgancha poyabzalini yecha boshladi, uning quvonchi faqat maqsadga erishganidangina emasdi, balki uni koʻrganidan, shunday jozibador, ajoyib, gʻalati, maftunkor erkakni vasvasaga solib qoʻyganidan edi. “Ha, javob bermadi, bu qanday koʻrgulik”, oʻziga oʻzi gapirdi ayol.

– Sergiy ota! Sergiy ota! Sizni shunday atash lozimmi?

– Sizga nima kerak? – javob berdi sokin ovoz.

– Iltimos, uzlatdagi oromingizni buzganim uchun meni maʼzur tuting. Biroq, toʻgʻrisi, bundan boshqa yoʻl tuta olmasdim. Shamollab qolishim mumkin edi. Hozir esa bilmayman. Butunlay shalabbo boʻlganman, oyoqlarim muzga oʻxshaydi.

– Meni maʼzur tuting, – javob berdi sokin ovoz, – men hech qanday yordam bera olmayman.

– Men buning uchun sizni bezovta qilmadim. Tonggacha chidasam boʻldi.

Erkak javob bermadi. Ayol uning nimalarnidir shivirlayotganini eshitdi, – har qalay ibodat qilayotgan boʻlsa kerak.

– Siz bu tomonga kirib qolmaysizmi? – soʻradi ishva bilan, – Kiyimlarimni quritish uchun yechinishim kerak-da.

Rohib javob bermadi, bir maromda duolar oʻqishni davom ettirdi.

“Ha, bu odam” – oʻyladi ayol sirpanchiq oyoq kiyimini yechishga urinib. U shuncha tortsa ham botigi tushmagur qani yechilsa, bu kulgili edi, albatta. U sal eshitarli qilib kuldi, buni erkak eshitishini va unga oʻzi kutgandek taʼsir qilishini xohlardi, soʻng undan balandroq kulgandi, bu quvnoq, tabiiy va samimiy kulgi erkakka endi u orzu qilgandek taʼsir etdi.

“Ha, bunday odamni sevsa arziydi. Koʻzlarini aytmaysizmi?! Ibodat vaqtida har qancha qimtinmasin, sodda va oliyjanob chehrasidan nur yogʻilib turadi, – oʻyladi u. – Biz, ayollarni aldab boʻlmaydi. U yuzini oynaga olib kelganda meni koʻrdi-yu, hammasini tushundi, hammasini bildi. Hissiyotlari koʻzlarida shuʼla berib, aks etdi. U meni sevgan, sogʻingan. Ha, sogʻingan.” Oxiri botigini oyogʻidan chiqarib oldi-da, soʻng paypogʻiga tutindi. Bu lasdan tikilgan uzun paypoqlarni yechish uchun yubkasini koʻtarishi shart edi. Bundan uyaldi shekilli, ovozini chiqarib:

– Kirmang, – dedi.

Lekin deraza ortidan hech qanaqa javob boʻlmadi. Bir maromdagi qiroat va allaqanday harakat ovozlari kelib turardi. “Shubhasiz, sajda qilayapti, – oʻyladi ayol. – Baribir u eplay olmaydi, – hukm chiqardi. – Aniq, men haqimda oʻylayapti. Xuddi men u haqida oʻylaganimdek. Oyoqlarim haqida esa oʻsha tanish tuygʻu bilan xayol surayapti”. Ayol hoʻl paypoqlarini yechib, yalang oyoqlari bilan toʻshakni gʻijimlagancha u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Soʻng oʻtirdi-da, tizzalarini quchoqlab, oʻyga choʻmdi, bu uzoqqa choʻzilmadi. “Ha, bu biyobon, bu osudalik. Hech kim hech qachon bilmagan boʻlardi…”

U oʻrnidan turdi, paypogʻini pechka yaqiniga olib bordi-da, moʻriga osib qoʻydi. Moʻri qandaydir oʻziga xos edi, uni aylantirdi va keyin yalang oyoq bilan yengil qadam tashlab, karavotga qaytdi va yana oyoqlarini yigʻib, oʻtirib oldi. Devor ortiga butunlay jimlik choʻkdi. Ayol boʻyniga osilgan jajji soatga qaradi. Ikki boʻlibdi. “Biznikilar uchga yaqin kelishi kerak”. Bir soatdan kamroq vaqt qolibdi.

“Nima bu, bir oʻzim bu joyda oʻtiraveramanmi? Bu qanaqa noz boʻldi? Oʻrgildim nozidan. Hozir uni chaqiraman”.

– Sergiy ota! Sergiy ota! Sergey Dmitrich. Knyaz Kasatskiy!

Eshik ortida jimlik.

– Bilib qoʻying, bu shafqatsizlik. Agar menga kerak boʻlmaganingizda men sizni chaqirmas edim. Men betobman. Bilmayman, menga nima boʻlayapti. – Iztirobli ovozda nolidi ayol. Soʻng voyvoylagancha oʻzini karavotga tashladi. Dahshatli holat, ayol rostdan ham oʻzini shunday seza boshlagandi – holdan toydi, badani zirqirayapti, hamma joyi ogʻriyapti, qayeridadir qaltiroq turgan, bezgak tutyapti.

– Eshitayapsizmi, menga yordam bering. Menga nima boʻlayapti, bilmayman. Voy! Voy! – U tugmalarini yechib, siynasini ochdi, yalangʻoch bilaklarini har tomonga tashlab, yana voyvoylay ketdi.

Bu vaqt davomida erkak oʻz qaznogʻida turib, ibodat qilardi. Barcha kechki oyatlarni xatm qilib, endi koʻzlarini burnining uchiga qadagancha qimirlamay oʻtirar va koʻngliga kelgan duolarni takrorlab, zamzama qilardi: “Hazrati Iso Masih, Parvardigor, oʻzing madad ber”.

Oʻzi zikrda boʻlsa ham hammasi qulogʻiga kirib turardi. Ayolning egnidagi shohi libosining sirpanishi, kuylagini yechib, yalang oyoqlari bilan yerga tushgani, qoʻli bilan oyoqlarini artgani – barchasini eshitib turardi. U oʻzining zaifligini his etar, istalgan daqiqada sharmanda boʻlishini bilib, ibodatdan toʻxtamasdi. U ertak qahramoni koʻz solmay, hammasini his qilishi va tusmollab yurishi lozim boʻlgan holatga oʻxshash tuygʻuni kechirmoqda edi. Shunday qilib, Sergiy xavf, yaʼni mahv boʻlish xavfi shu yerda, shu atrofda ekanligini eshitdi, tuydi, faqat undan qutulish uchun ayolga bir daqiqa ham nazar solmaslik shart. Birdaniga ayolga bir qarash istagi paydo boʻldi. Shu daqiqada ayol soʻz qotdi:

– Menga qarang, bu qanday insofsizlik?! Axir men oʻlib qolishim mumkin.

“Xoʻp, men boraman, xuddi oʻsha ota bir qoʻlini fohishaga qoʻyib, ikkinchisini manqalga toblagani kabi. Biroq manqal yoʻq”. U burildi. Jinchiroq. U barmogʻini alanga ustiga qoʻydi va qovogʻini solib oldi, ancha vaqtgacha hech narsa sezilmayotgandek tuyuldi unga. Hali bir toʻxtamga kelmagandi, qanchalar ogʻriqli boʻlishini bilib ulgurmadi hamki, birdan afti burishdi va qoʻlini siltab, tortib oldi. “Yoʻq, men bunday qila olmayman”.

– Xudo haqi! Voy, oldimga keling! Men oʻlaman, dod!

“Rostdan ham men oʻlamanmi? Yoʻq, bu mumkin emas”.

– Hozir boraman oldingizga, – gʻudranib dedi u va eshigini ochdi, ayolga qaramasdan yonidan dahlizga oʻtdi, u yerda oʻtin yorar edilar, u oʻtin yoriladigan gʻoʻla va devorga suyab qoʻyilgan boltani paypaslab topdi.

– Hozir, – dedi u va boltani oʻng qoʻliga olib, chap qoʻlining koʻrsatgich barmogʻini gʻoʻla ustiga qoʻydi, soʻng boltani qulochkashlab, barmogʻining ikkinchi boʻgʻinidan pastga qattiq zarb tushirdi. Barmoq shunday yoʻgʻonlikdagi oʻtindan ham oson qirqildi, avval gʻoʻlaning chetiga, keyin bir aylanib yerga tushdi.

U ogʻriqni sezishdan oldin “doʻp” etgan ovozni eshitdi. Biroq roʻy bergan voqeadan, ogʻriq yoʻqligidan hayrati tugamay, u zirqiroqli oʻtkir ogʻriqni va oqayotgan issiq qonni sezishga ulgurdi. U qirqilgan barmogʻini choponining etagiga yashirdi va oyoqlari orasiga qisib, orqa eshikdan kirdi, ayolning qarshisiga kelib toʻxtadi-da, koʻzini yerga qadagancha asta soʻradi:

– Sizga nima boʻldi?

Ayol chap qovogʻi pir-pir uchib, rangida rang qolmagan basharani koʻrib, xijolat tortdi. Shart oʻrnidan turib, poʻstinini oldi-da, yelkasiga solib, unga oʻrandi.

– Ha, ogʻriqqa chidolmadim… shamollab qolganman… men… Sergiy ota… men…

U ayolning osuda orombaxsh yolqin porlab turgan koʻziga qaradi va dedi:

– Jonim singlim, nima uchun oʻzingning boqiy qalbingni qurbon qilishga jazm etding? Vasvasalar doxil boʻlishi lozim, biroq fojea shundaki, vasvasalar kim orqali doxil boʻladi… Iltijo qilamanki, Yaratgan bizni magʻfirat qilsin.

Ayol uning soʻzlarini tinglar ekan, raqibga nazar soldi. Shu top allaqanday suyuqlikning chak-chak tomayotgan ovozi eshitildi. Qarasa, chopon yoqasidagi qoʻldan qon sizib oqmoqda edi.

– Qoʻlingizni nima qildingiz? – U qulogʻiga chalingan sasni eslab qoldi, jinchiroqni tutamlab, dahlizga yugurdi va yerda qonga boʻyalgan barmoq boʻlagini koʻrdi-yu, rangi oʻchib qaytib keldi, koʻrganini rohibga aytmoqchi boʻldi; rohib esa jimgina qaznoqqa oʻtib ketdi va eshikni mahkam yopib oldi.

– Meni maʼzur tuting, – dedi ayol. – Gunohimni nima bilan yuvay?

– Ket.

– Yarangizni bogʻlab qoʻyishga izn bering.

– Bu yerdan yoʻqol.

Ayol churq etmay shoshib kiyindi. Poʻstinga oʻranib, jim kutib oʻtirdi. Hovlidan jingʻildoqlar ovozi eshitildi.

– Sergiy ota. Meni kechiring.

– Ket. Xudo kechirimli.

– Sergiy ota. Men hayotimni oʻzgartiraman. Meni yolgʻiz qoldirmang.

– Ket.

– Kechiring va meni duo qiling.

– Ota va oʻgʻilning muqaddas ruhi nomi bilan takrorlayman, – degan soʻzlar eshitildi toʻsin ortidan, – ket.

Ayol uvvos tortib yubordi va hujradan chiqdi. Unga oqlovchi peshvoz kelardi.

– Ha, yutqazdim, nachora. Qayerda oʻtirasiz?

– Farqi yoʻq.

U aravaga chiqdi va uyga yetguncha bir ogʻiz ham gapirmadi.

 

* * *

Bir yildan keyin ayol rohibalikka qabul qilishning kichik marosimida sochini kalta qilib kestirdi va bir paytlar oʻziga ahyon-ahyonda xatlar yozib turgan zohid Arseniy rahbarligida monastirda uzlatnishin hayot tarzini qabul qildi.

 

6

 

Tarkidunyochilikda Sergiy ota yana yetti yil yashadi. Boshida u oʻziga keltirilgan koʻp narsani olardi: choy, qand, oq non, sut, kiyimlar, oʻtin-choʻp. Vaqt oʻtgan sayin oʻz hayotiga qatʼiy talablarni oʻrnatib borib, barcha ortiqcha narsalarni rad etdi va shungacha bordiki, faqat haftada bir marta qora nondan boshqa hech narsani olmaydigan boʻldi. Oʻziga hadya qilingan narsalarni huzuriga kelgan hojatmandlarga ulashishni odat qildi.

Butun vaqtini hujrasida ibodat bilan oʻtkazar yoki tobora koʻpayib borayotgan ziyoratchilar bilan suhbatlashardi. Sergiy ota yilda uch marta zarurat boʻlib qolganda suv yoki oʻtin uchun cherkovdan tashqariga chiqardi.

Ana shunday hayot tarzining beshinchi yilida roʻy bergan Makovkina bilan bogʻliq shov-shuvli voqea – uning tundagi tashrifi, shundan keyin sodir boʻlgan oʻzgarishlar, ayolning monastirga borganligi haqidagi gap-soʻzlar hamma yoqqa tarqalib ketgandi. Oʻshandan beri Sergiy otaning obroʻsi oshgandan-oshdi. Murid va muxlisalar koʻpayib bordi. Uning hujrasi yaqinida esa rohiblar cherkov va mehmonxona barpo etdilar. Har doim boʻlganidek, Sergiy otaning jasorati qoʻshib-chatishlar bilan boʻrttirilib, uzoq-uzoqlarga yoyildi. Endi odamlar oʻlkaning narigi chetidan ham keladigan, uning qudratiga sajda qilib, dardlariga shifo topadigan boʻlishdi.

Bemor bilan dastlabki yuzlashuv zohidlikdagi hayotining sakkizinchi yili roʻy berdi. Bu shunday muolaja boʻlgandiki, bir ona oʻn toʻrt yashar bolasini olib kelib, Sergiy otadan oʻgʻliga malham boʻluvchi duo yozib berishini soʻradi. Sergiy ota kasallarni davolashni oʻylayotgani ham yoʻq edi. U buni oʻz shaʼniga katta gunoh deb hisoblardi; biroq bolasini keltirgan ona tinmay yalinar, oyoqlarini quchoqlab, iltijo qilardi, Iso haqqi-hurmatini oʻrtaga solar, barchaga teng qarang, deb uni hol-joniga qoʻymasdi. Sergiy otaning faqat Xudo shifo berishi mumkinligi haqidagi gapiga javoban atiga bir marta qoʻlini tekkizishni va duo qilishni soʻrardi. Baribir Sergiy ota koʻnmay, hujrasiga kirib ketdi. Ammo boshqa bir kuni (allaqachon kuzda edi, kechalari sovuq boʻlib qolgan) u suv keltirish uchun hujradan tashqariga chiqqanida yana onani koʻrdi va oʻsha iltijoni eshitdi. Darhaqiqat, oʻgʻlining mazasi battar qochib, ozib-toʻzib ketgandi. Sergiy ota qoʻlida yetarli asosi boʻlmay, rad etadigan adolatsiz qozi haqidagi rivoyatni esladi va rad etishida shubha sezdi, shubhalangach, duo qilishni boshladi va toki koʻnglida bir qaror uygʻonmaguncha ibodatini toʻxtatmadi. Qaror shu ediki, onaning istagini bajo etish bilan uning eʼtiqodi oʻgʻlini qutqarishi mumkinligiga ishontirish edi; bunday vaziyatda Sergiy ota oʻzini shunchaki vosita emas, balki Xudo tomonidan ato etilgan arzimagan qurol sifatida koʻrdi.

Binobarin, onaning huzuriga borib, Sergiy ota uning xohishini ado etishga kirishdi, qoʻlini bolaning boshiga qoʻydi va duo oʻqiy boshladi.

Ona oʻgʻlini olib ketdi va bir oydan keyin bola tuzaldi, viloyatda esa buzruk Sergiyning, endi uni shunday atay boshlashgandi, ilohiy shifobaxsh kuchi haqidagi maqtovlar tarqalgandan-tarqaldi. Shundan soʻng hafta oʻtmayoq, Sergiy otaning qabuliga kasallar selday bostirib kela boshladi. Hamma narsa bir boshlanguncha ekan, bittasini qaytarmagach, boshqasini ham rad etmas, koʻplarga qoʻlini qoʻyib duo oʻqir, shifo tilar va shu bilan Sergiy otaning shuhrati uzoq-uzoqlarga yoyilardi.

Monastirdagi toʻqqiz yil, uzlatdagi hayotining oʻn uchinchi yili shunday oʻtdi. Sergiy otaga keksalik nuqsi urdi: soqoli kindigiga tushib, oq oraladi, ammo siyrak sochlari qora va jingalak edi.

 

7

 

Sergiy ota bir necha hafta zilday bir fikr bilan yashadi: u faqat oʻzining ixtiyori bilan emas, arximandrit[8] va igumen yaratgan vaziyatga boʻysunib, toʻgʻri qilayaptimi? Hammasi oʻsha oʻn toʻrt yashar bolaning sogʻayib ketishidan boshlandi, muttasil muolajalardan soʻng har oy, har hafta, har kun sayin Sergiy ota ichki olamining tarovati vayron boʻlib borayotganini, botiniy nafosat ohanraboli tashqi dunyo bilan almashganini sezmoqda edi. Uning avrasini astarga aylantirib qoʻyishgani aniq.

Sergiy oʻzi monastirga muxlis va homiylarni jalb etish uchun jonli qurol boʻlib qolganini koʻrib turar, monastir rahbarlari unga yana ham foydaliroq boʻlish shartini taqashdi. Masalan, unga mehnat qilish imkoniyatini cheklab qoʻyishdi. Nima lozim boʻlsa, hammasini muhayyo qilishdi-yu, faqat huzuriga keluvchilardan oʻz marhamatini ayamaslikni talab etishdi. Odamlarni qabul qiladigan joyda barcha sharoitni yaratib berishdi. Erkaklarga va huzuriga tashrif buyuradigan ayollarga boshqalar toptab tashlamasligi uchun panjara bilan toʻsib, keluvchilarni duo qiladigan qabulxona tayyorlashdi. Dedilarki, Isoning muhabbat haqidagi qonunlarini ijro etish yoʻlida u odamlarga lozim ekan, odamlarni ularning xohishiga koʻra koʻrishni rad etishi mumkin emas, ulardan uzoqlashish shafqatsizlik, u bunga yoʻl qoʻya olmaydi, biroq bunday hayotga singib ketar ekan, botinidagi quvvat yuzaga urganini, obi hayot manbai qurib borayotganini, nima qilayotgan boʻlsa, hammasi Xudo yoʻlida emas, balki odamlar uchun ekanligini sezib turardi.

U odamlarga pand-nasihat oʻqir, shunchaki duo qilar, kasallarga shifo tilar, mardumlarga toʻgʻri yoʻl-yoʻriq koʻrsatar, dardiga shifo boʻlib yoki maslahatlari bilan yordam bergan kishilardan minnatdorchilik soʻzlarini qabul qilar ekan, uning shodlanmasligi, oʻz faoliyatining samarasidan taskin olmasligi, uning Tangrining bandalariga taʼsiridan xursand boʻlmasligi mumkin emasdi. U oʻzini yonayotgan sham deb oʻylar, binobarin, buni qanchalik toʻla his etib borgan sari oʻzida mujassam ilohiy haqiqat nurining zaiflashib, soʻnib borayotganini ham his qilardi. “Men qilayotgan amallar qanchalik Tangri yoʻlida va qanchalik odamlar uchun?” – mana uni faqat javob qaytarishda emas, hisob berishda ham qiynayotgan savol. Iblis qalbining toʻrida uning Xudo yoʻlidagi faoliyatini odamlar xizmatiga burib yuborganini his qilardi, buni shundan ham his etardiki, uni yolgʻizlikdan mahrum aylaganlaridan soʻng uning oʻziga yolgʻiz qolish qiyin kechadigan boʻlib qoldi. U tashrif buyuruvchilar tomon intilardi, ulardan toliqardi, biroq, ne ajabki, oʻzini qurshab olgan oʻsha izdihomdan, hamdu sanoyu olqishlardan ich-ichidan xursand boʻlardi.

Hatto qochib ketishni, yashirinishni moʻljallagan paytlari ham boʻldi. U hatto bularning hammasini qanday amalga oshirishni xayolida puxtalab ham oldi. Oʻziga erkaklar koʻylagi, boshmoq, chakmon va telpak hozirladi. Qiziqqanlarga bu ashyolar soʻrab kelganlarga asqotishini maʼlum qildi. U bu liboslarni qanday kiyishi, sochini oldirishi va chiqib ketishini xayolidan oʻtkazgancha oʻzida saqladi. Dastlab poyezdda ketadi, uch yuz verst[9] yoʻl yurgach, tushib qoladi va qishloqlar oralab sangʻiydi. Keksa askardan qayerlarda yurish mumkin, qanday sadaqa qilishadi, boshpana berishadi, – soʻrab oldi. Askar qayerda va qanday yaxshi sadaqa qilishlarini, boshpana berishlarini aytib berdi va Sergiy ota shunday yoʻl tutishini tushuntirdi. Bir kechasi hatto liboslarni kiyib, ketmoqchi boʻldi ham, biroq nima qilsa yaxshi boʻlishini: qolishmi yoki qochishmi ekanini aniq bilmadi. Dastlab arosatda qoldi, keyin arosat oʻtib ketdi, u iblisga mute boʻldi va bosh egdi, erkaklar libosi unga shaytonning fikri va tugʻyoni boʻlib tuyuldi.

Kundan-kun odamlar uning huzuriga koʻplab kelar, unga esa ruhiy poklanish va ibodat qilishga kam vaqt qolardi. Baʼzan, nurafshon daqiqalarda, bir qur xayol qilardi: u shunday joyni ixtiyor etdiki, oldin bu joyda chashma boʻlgandi. “Mendan hayot oqayotgan, men orqali oqayotgan sokin suvning zaifgina chashmasi bor edi. Oʻsha chinakam tunda “ayol” (u oʻsha kechani va ayolni – endi u Agniya ona hayajon bilan eslardi) uni tugʻyonga keltirdi. U ana shu toza suvga taʼm qoʻshdi. Shundan beri tashna odamlar keladi, bir-birini turtib-surtib unga intiladi. Buloq esa toʻlishga ulgurmaydi, ular hammasini soʻrib olishdi, faqat balchiq qoldi”. U kamdan-kam boʻladigan yoniq tafakkur lahzalarida shu xilda xayol qilardi; uning doimiy ahvoli esa toliqish va shu toliqish qarshisida oʻzini gʻamga chogʻlash edi.

 

* * *

Fasli bahor, pasxa[10] va troitsa[11] oʻrtasidagi bayram arafasi edi. Sergiy ota oʻzining gʻordagi cherkovida tun boʻyi ibodatini ado etdi. Somelar yigirma chogʻli, qancha sigʻsa, shuncha odam edi. Satta janoblar va savdogar-boylar. Unga berilgan rohib, har kuni monastirdan uning chilla joyiga yuborilar saralanganlarga ruxsat etardi. Sakson nafar makonsizlar, asosan, ayollardan iborat toʻda Sergiy otaning chiqishi va ibodat qilishini kutib, tashqariga intildilar. Sergiy ota ibodat qildi, u oʻzining oʻtmishdoshi (Illarion)ning marqadiga oyat oʻqib chiqdi-da, kutilmaganda toyib ketdi va agar orqasida turgan savdogar, undan keyin dʼyakon oʻrnida turgan xizmatdagi rohib ushlab qolmaganda, yiqilib tushardi.

– Sizga nima boʻldi? Otaginam! Sergiy ota! Azizim! Janoblar! – Ayollarning sarosimali ovozi yangradi. – Dastroʻmolga oʻxshab qolibsiz-a.

Sergiy ota tezdan oʻzini oʻngladi, rangi qum oʻchgan boʻlsa ham oʻzidan savdogar va rohibni uzoqlashtirdi hamda qiroatda davom etdi. Serapion ota, dʼyakon va qiroatdoshlari, boy xotin Sofya Ivanovna undan ibodatni toʻxtatishni soʻradilar.

– Hechqisi yoʻq, hechqisi yoʻq, – miyigʻida tabassum qilib dedi Sergiy ota, – ibodatni uzib qoʻymanglar.

“Ha, avliyolar shunday qiladi”, – oʻyladi u.

– Iloh! Xudoning farishtasi! – orqadan Sofya Ivanovna va uni tutib qolgan savdogarning ovozi eshitildi. U gaplarga eʼtibor bermadi va ibodatni davom ettirdi. Yana battar qisilib, hamma kichik cherkov ortidagi yoʻlakka oʻtishdi, bu yerda bir oz qisqartirib boʻlsa-da, Sergiy ota tun boʻyi ibodatini tamom qildi.

Xizmatdan keyin Sergiy ota hozir boʻlganlarni duo qildi va gʻor ogʻzida oʻsgan qayragʻoch tagidagi ayvonga chiqdi. U dam olish, toza havoda nafas rostlash lozimligini sezdi, biroq chiqishi bilan odamlar duo qilishini, maslahat berishini soʻrab, koʻchkidek oʻrab oldilar. Ular orasida muqaddas joylarni qadam-baqadam kezib yuruvchi, buzruklardan buzruklarga oʻtib turuvchi va hamma vaqt har xil buzrukvorlar-u buzruklar qarshisida sajda qiluvchi notavon ayollar bor edi. Sergiy ota bu odatdagi, gʻayridin, sovuq, xira pashshadek qavmni bilar edi: ular daydilar, katta qismi yoshi oʻtgan, oʻtroq hayotdan voz kechgan askarlar; qashshoq, koʻpchiligi ichkilikka mubtalo boʻlgan, qorin toʻydirish uchun monastirdan monastirga sangʻib yuruvchi qariyalar; oʻzlarining dardiga davo boʻlish yoki eng shubhali amaliy ishlar: qizini uzatish, doʻkonni ijaraga berish, yer sotib olish yoki oʻzidan voz kechgan yoki oʻtib ketgan bolasining gunohini kechirish singari xudbinona talablarini pesh qilib yurgan siyqa dehqonlar va dehqon ayollar edi. Bularning hammasi Sergiy otaga allaqachon tanish va qiziq emas. U bu qiyofalardan biror yangilik anglamasdi, bu yuzlar unda tariqcha diniy hissiyot uygʻotmasdi, biroq uning duolari, uning soʻzlari zarur va qimmatli ekanini bilgan toʻda sifatida ularni koʻrishni sevardi, shuning uchun bu toʻdaga intilardi va bu unga yoqar edi. Sergiy ota charchaganligini vaj qilib Serapion ota ularni quvalay boshlagandi. U Injildagi shu soʻzlarni esladi: “Ular (bolalar)ga mening huzurimga kelishiga xalaqit bermang” va shu bilan oʻzida shafqat uygʻotuvchi xotiralarni tiklab, talabgorlarga ruxsat berishlarini soʻradi.

U rostlandi, odamlar toʻplanib turgan panjara yaqiniga bordi va tovushlarga hazinlik singigan zaif ovoz bilan ularni duo qilish, savollariga javob qaytarishni boshladi. Biroq ularning barcha istaklarini mustajob qilish niyati qancha kuchli boʻlmasin, eplay olmadi: yana koʻz oldi qorongʻulashib ketdi, qaltiroq turdi va panjarani ushlab qoldi. Yana u boshi aylanganini sezdi, avval rangi oqardi, keyin esa toʻsatdan jahli chiqdi.

– Ha, koʻrinib turibdi, ertagacha. Endi boʻlmaydi, – shunday deb, hammani duo qildi va kursi tarafga yoʻl oldi. Savdogar yana uni ushlab oldi va bilagidan tutib, oʻtirgʻizib qoʻydi.

– Ota! – toʻda shovqin soldi, – Ota! Otaginam! Sen bizni tark etma! Biz sensiz yasholmaymiz!

Savdogar Sergiy otani qayragʻoch ostidagi kursiga oʻtirgʻizib, oʻziga mirshab xizmatini oldi va odamlarni quvishga jiddiy kirishib ketdi. Toʻgʻri, u Sergiy ota eshitmaydigan past ovozda gapirardi, ammo qatʼiy va jahl bilan buyurdi:

– Yigʻishtiring, yigʻishtiring! Duo qildi, xoʻp, yana sizlarga nima kerak? Joʻna. Boʻlmasa, rosti, boʻyningni qayiraman. Ha, ha! Sen, xola, qora paytava, boʻshat, boʻshat. Sen qayerga chiqmoqchisan? Aytildi, boʻldi. Ertaga Xudo poshsho, bugun esa hammang ket.

– Otaginam, tirqishdan uning yuzginasini bir koʻray, – dedi bir qari kampir.

– Men koʻrsataman, qayerga burningni suqayapsan?

Sergiy ota sezdiki, savdogar qoʻpollik qilayapti. Zaif ovozda mahramga odamlarni quvmaslikni tayinladi. Sergiy ota baribir quvib yuborishini bildi, bir oʻzi qolishni hamda dam olishni istadi, mahramni shunchaki yomon taassurot qoldirmaslik uchun uzr soʻrashga joʻnatdi.

– Yaxshi, yaxshi. Men quvmayapman, maslahatlashyapman, – javob berdi savdogar, – qarang, ular odamni yeb qoʻyadi. Ularda insof yoʻq, ular faqat oʻzini oʻylaydi. Mumkin emas, aytildi. Bor. Ertaga.

Savdogar hammani quvib yubordi.

Savdogarning jahli chiqqani rost, chunki u tartibni, odamlarni haydab solishni, ularni xoʻrlashni yaxshi koʻrardi, asosiysi – Sergiy ota unga kerak edi. Xotinidan judo boʻlgan savdogarning kasalmand, hali turmushga chiqmagan yagona qizi boʻlib, bir ming toʻrt yuz verst naridan Sergiy otadan shifo istab, uning huzuriga olib kelgandi. Qizining dardini ikki yil davomida turli joylarda davolatdi. Dastlab guberniya universitetining shahardagi klinikasida – hech nafi boʻlmadi; keyin Samara guberniyasidagi tabibga olib bordi – bir oz yengil oshdi; keyin Moskvadagi doktorga qatnadi, koʻp pul sarfladi – hech qanday yordam bermadi. Unga Sergiy otaning davolashini aytib qolishdi, mana, uning huzuriga kelib oʻtiribdi. Shunday qilib, savdogar hamma odamni quvib yuborgach, Sergiy otaga yaqinlashdi, birdaniga eshilib qulluq qilgancha, baland ovozda dedi:

– Avliyo ota, mening notavon qizimni duo qil, dardlaridan forigʻ boʻlishiga koʻmak ber. Sening marhamatli dargohing tuprogʻini oʻpaman. – Shunday deb kaftini uning qoʻliga qoʻydi. U goʻyo aniq va qatʼiy oʻrnatilgan tartib talablariga boʻysungandek, nima qilgan va aytgan boʻlsa, aslo bundan boshqacha emas, xuddi shunday tartibda najot soʻrash lozimdek oʻzini tutdi. U shunday ishonch bilan harakat qildiki, hatto Sergiy otaga ham bularning hammasi xuddi shunday boʻlishi, shunday aytilishi va bajarilishi lozimdek tuyuldi. Nima boʻlganda ham u mehmonning oʻrnidan turishini va gap nimada ekanligini soʻzlashini soʻradi. Savdogar gapirib berdiki, nomahramning nazari tushmagan yigirma ikki yashar qizi ikki yil oldin onasining bevaqt oʻlimidan keyin dardga chalindi va gumgurs yiqildi – u shunday dedi. Shundan beri halovat yoʻq. Umid bilan qizini bir ming toʻrt yuz verst naridan olib keldi, bemor hozir mehmonxonada Sergiy otaning taklifini kutib turibdi. Kunduz kunlari uydan chiqmaydi, yorugʻlikdan qoʻrqadi chogʻi, faqat quyosh botgandan soʻng tashqariga chiqadi.

– Nima boʻlgan, u juda zaifmi? – soʻradi Sergiy ota.

– Yoʻq, u oʻzida zaiflikni sezmaydi, toʻlagina, faqat doktor asabi zoʻriqqan, – deb aytgan. Agar hozir Sergiy ota olib kelishni buyursa, men uchib borib, olib kelardim. Avliyo ota, gʻarib bandaning yuragiga taskin ber, uning zurriyodini qutqar – oʻzingning duolaring bilan bemor jigarporasiga najot ber.

Savdogar yana qulochini keng yozib, tiz choʻkdi, bir yonga qiyshaygan, boshini ikkala qoʻlining hovuchi ustiga qoʻygancha tosh qotdi. Sergiy ota yana uni turishga undadi va oʻz mashgʻulotining qanchalik ogʻir ekanini, shunga qaramasdan sadoqat bilan eplab kelayotganini oʻylab, ogʻir nafas oldi, bir necha daqiqa jim boʻlgach, dedi:

– Yaxshi, uni kechqurun olib keling. Duo qilaman, hozir esa charchadim. – Shunday deb koʻzini yumdi. – Oʻzim xabar joʻnataman.

Savdogar qum yoʻlakda salobat bilan yurganidan etigining gʻijiri baralla eshitilib, uzoqlashdi va Sergiy ota yolgʻiz qoldi.

Sergiy otaning butun umri ziyoratchilarga xizmatda oʻtdi, ammo bugun hammasidan ogʻir kun boʻldi. Ertalab tashrif buyurgan martabali amaldor bilan uzoq suhbatlashdi; undan keyin boy xotin oʻgʻli bilan keldi. Oʻgʻil – yosh professor, dahriy; ona esa Sergiy otaga oʻta ixlos qoʻygan, oʻgʻlini gaplashib koʻrish uchun huzuriga olib kelgan. Suhbat juda ogʻir kechdi. Koʻrinib turibdi, yosh yigit rohib bilan bahslashishni xohlamadi, xuddi zaif odamga rahm qilgandek hamma narsani maʼqulladi, biroq Sergiy ota guvoh boʻldiki, u ilohiy narsalarga ishonmaydigan dahriy boʻlsa ham uning uchun hammasi yaxshi, oson va shundan xotirjam edi. Sergiy ota hozir shu suhbatni gʻijinib esladi.

– Tamaddi qilasizmi, otaginam? – soʻradi mahram.

– Ha, biror narsa keltiring.

Mahram gʻor ogʻzidan oʻn qadamcha narida qurilgan mahramxonaga ketdi, Sergiy ota bir oʻzi qoldi.

Sergiy otaning tanho yashagan, oʻzi uchun hammasini oʻzi bajargan, faqat ibodat kulchasi va non bilan kun koʻrgan damlari qachonlardir oʻtib ketdi. Mana, allaqachon uni oʻz sogʻligʻi haqida qaygʻurish huquqiga egaligiga ishontirishgan, shundan boshlab zohidona, ammo toʻyimli ovqatlar bilan siylashardi. Taomlarni kam, biroq oldingidan koʻp, gʻijinib, gunoh-azobini his qilib emas, chuqur mamnuniyat bilan tez-tez isteʼmol qilardi. Hozir ham xuddi shunday boʻldi. Boʻtqani paqqos tushirdi, bir piyola choy ichdi va oq nonning yarmini yedi.

Mahram ketdi, u yana qayragʻoch ostidagi kursida yolgʻiz qoldi.

Ajoyib may oqshomi, qayinlar, togʻterak, togʻolcha, qayragʻoch, shumur va emanlar endi barg yozmoqda. Qayragʻoch ortidagi shumur shoxlari butunlay gul bilan qoplangan, ular hali toʻkilishga ulgurmagan. Bulbullar, biri juda yaqinda, ikki yoki uchtasi pastda daryo boʻyidagi butalarda shoxdan-shoxga sakrab, chah-chah urmoqda. Daryo tomondan daladan qaytayotgan ishchilarning kuylagan qoʻshigʻi elas-elas quloqqa chalinadi; quyosh oʻrmon ortiga oʻtib, olataroq nurlari bilan maysalar boshini silaydi. Chor taraf oq-yashil rangda, tarovatli, qayragʻoch atrofi esa qoramtir, sirli. Qoʻngʻizlar uchadi, gʻoʻngʻillaydi, shoxlarga uriladi.

Kechki ovqatdan keyin Sergiy ota maʼrifiy ibodatga kirishdi: “Hazrat Iso Masih, bizni asra”, – keyin oyatlar oʻqishga tutindi, ittifoqo, oyatning oʻrtasida, qayerdan paydo boʻldi, bir chumchuq shoxdan uchib tushib yerga qoʻndi, chirq-chirq qilgancha va dikkillagancha u tomonga sakradi, nimadandir hurkib, uchib ketdi. U bandasining dunyodan voz kechgani haqida soʻzlovchi oyatlarni oʻqirdi va uni tezroq tugatishga oshiqdi; savdogarning bemor qizi uni qiziqtirib qoʻygan edi, unga odam joʻnatishni moʻljalladi. Qiz uni shunisi bilan qiziqtirib qolgan ediki, bu bir ovunish edi, yangi qiyofa, boz ustiga uning otasi va oʻzi uni duosi ijobat boʻladigan xaloskor sifatida bilishayotgan edi. Xaloskorligiga shubhalandi, biroq ich-ichidan oʻzini shunday hisobladi.

U bir narsaga tez-tez hayratlanardi, unga, Stepan Kasatskiyga qanday qilib gʻayritabiiy bashoratchilik va chinakam moʻjizakorlik nasib etdi, u hozir shunday edi va bundan boshqacha emasdi, bunga zarracha shubha yoʻq: oʻsha nimjon boladan tortib uning duosidan soʻng koʻzi ochilgan oxirgi kampirgacha roʻy bergan, oʻzi guvohi boʻlgan moʻjizalarga ishonmaslik mumkin emasdi.

Qanchalik ajablanarli boʻlmasin, bu hol haqiqat edi. Shunday qilib, savdogarning qizi yangi odam boʻlganligi, unga ishonganligi bilan qiziqtirib qoldi, boz ustiga u orqali oʻzining shifokorlik mahoratini qayta namoyish etishi, shu bilan shuhratini oshirish imkoniyati toʻgʻri kelib qolgandi. “Minglab chaqirim yoʻl bosib kelishadi, gazetalarda yozishadi, podsho xabar topadi, Yevropada, dahriy Yevropada bilishadi,” – oʻyladi u. Birdan uning shuhratparastligi qoʻzib qoldi va bundan tashvishga tushib, yana Xudoga sajda qila boshladi. “Yaratgan, osmondagi hukmdor, tinchlantiruvchi, qalb haqiqati, kel va makon tut, koʻnglimizni har xil qutqulardan xalos et, qalbimizni qutqar, rohat-farogʻat bagʻishla. Meni xarob qiluvchi odam zotiga xos nafs balosidan panoh ber”, – takrorladi u va esga oldiki, bu mazmunda qancha ibodat qilmasin, uning iltijolari hozirgacha behuda boʻlib qolayotgandi: uning duolari boshqalarda moʻjiza yaratar, oʻzi uchun esa girdobiga tushib qolgan mayda hislardan ozod qilishini Xudodan soʻrab, najot ololmasdi.

U zohidlikdagi dastlabki paytlarda oʻziga poklik, orom va muhabbat tilab qilgan ibodatlarini esladi, unga shunday tuyulgan ediki, Xudo uning iltijolarini eshitadi, u pok edi va shu his tazyiqida oʻzining barmogʻini qirqib, xashaklar orasidan qiyqimlanib, chandiqlanib ketgan holda uni topgan va olib, qoniqish bilan labiga bosgan edi; yana oʻshanda u itoatda edi, gunohlaridan qattiq iztirob chekardi, yana oʻsha paytlar qalbida muhabbat bor edi, bir safar huzuriga pul soʻrab kelgan mast askarni va… ayolni qanday mehr bilan kutib olganini esladi. Hozir-chi? U oʻzidan soʻradi: kimnidir sevadimi, Sofya Ivanovnani, Serapion otani sevadimi, huzuridagi shu odamlarning hammasiga, oʻsha erinmasdan suhbatlashgan, oʻzining aqli toʻliqligini va maʼlumotli ekanini koʻrsatishga astoydil tirishgan olim yigitga muhabbat hissini sezganmi? Zotan, ulardan mehr qabul qilish, biroq ularga muhabbatini sezdirmaslik uning uchun yoqimli edi. Endi unda muhabbat ham, itoat ham, poklik ham qolmadi.

Unga savdogarning qizi yigirma ikki yoshda ekanligini eshitish xush yoqqandi, uning husni qanday ekanini bilishni xohlardi. Uning zaifligi haqida soʻraganda, u aynan qizning ayollarcha malohati bor-yoʻqligini koʻrishga qiziqqandi.

“Nahot men shu darajada past ketdim? – oʻyladi u. – Rabbim, menga yordam ber, yaratgan ilohim meni oʻzimga qaytar”. U qoʻllarini bukdi va ibodat qilishni boshladi. Bulbullar chah-chah urardi. Qoʻngʻiz unga tomon uchdi va gardaniga qoʻndi. Uni olib tashladi. “U bormikan? Xoʻsh, men tashqaridan bekitilgan uyni taqillataman… Eshikda qulf bor, men uni koʻra olishim lozim. Qulf, bu – bulbullar, qoʻngʻizlar, tabiat. Yigit haqdir, balki”. U boshini bu xayollardan qutqazmaguncha, oʻzini yana osoyishta va bardam his qilmaguncha uzoq vaqt ovoz chiqarib ibodat qildi. Soʻng qoʻngʻiroqni jiringlatdi va kirib kelgan mahramga qizi bilan savdogar hozir kelishi mumkinligini bildirdi.

Savdogar qizini qoʻlidan tutib keldi, uni hujraga joylashtirdi-da, shu zahoti iziga qaytib ketdi.

Qiz oq badan, haddan ziyod oppoq, qonsiz, toʻla, baqaloq, yuziga bolalarcha hadik singib qolgan, biroq qomatida ayollik alomati juda boʻrtib turar, siynalari boʻliqqina edi. Sergiy ota poygohdagi ayvonda qoldi. Qiz kirib kelar va yaqinidan oʻtar ekan, duo qildi-yu, uning qomatiga tushgan nazaridan dahshatga tushdi. Qiz oʻtib ketdi, lekin u oʻzini birov chimchilab olgandek his qildi. Yuz qiyofasidan bildiki, qiz hissiyotli va bir oz ovsarroq. U joyidan jildi va hujraga yoʻl oldi. Qiz uni kutib, kursida oʻtirardi.

U qaytib kirib keldi. Qiz oʻrnidan turdi.

– Men otamga borishni xohlayman, – dedi qiz.

– Qoʻrqma, – dedi u, – Nima, biror joying ogʻriyaptimi?

– Mening hamma joyim ogʻriydi, – dedi qiz va birdan yuzini kulgisi yoritib yubordi.

– Sen sogʻayib ketasan, – dedi u. – Ibodat qil.

– Qanaqa ibodat, men ibodat qilganman, hech foyda bermaydi. – Qiz yana yoyilib kuldi. – Siz qoʻlingizni menga qoʻyib ibodat qiling. Men sizni tushimda koʻrganman.

– Qanday koʻrgansan?

– Koʻrganman, siz mana bunday qilib, qoʻlingizni koʻkragimga qoʻygansiz. – Sergiy ota unga oʻng qoʻlini tutqazdi. Qiz uning qoʻlini oldi va oʻzining koʻksiga bosdi. – Mana bu yerga.

– Sening isming nima? – butun gavdasi bilan qaltiragancha soʻradi rohib. Sezdiki, u yengildi, hirs tugʻyonga keldi, shahvat butunlay ixtiyoridan chiqib ketdi.

– Marya. Nimaydi?

Qiz uning qoʻlini oldi va oʻpdi, keyin esa bir qoʻli bilan Sergiy otaning belidan quchoqlab, mahkam bagʻriga bosdi.

– Senga nima boʻldi? – dedi u. – Marya. Sen shaytonsan.

– Ha, bu shunchaki oʻyin xolos.

Qiz uni quchoqlagancha oʻrindiqda vobasta turardi.

 

* * *

Tongda rohib zinapoyaga chiqdi.

“Nahotki shunday boʻldi? Otasi keladi. Hammasini aytib beradi. U – shayton. Nima qilib qoʻydim? Mana u, oʻsha barmogʻimni chopgan bolta”. – U boltani qoʻliga oldi va hujra tomon ketdi.

Unga mahram duch kelib qoldi.

– Oʻtin yorishni buyuradilarmi? Boltani uzating.

Rohibga boltani berdi. Hujraga kirdi. Qiz uxlab yotardi. Unga dahshat bilan qaradi. Hujradan oʻtdi, erkakcha koʻylakni topdi, uni kiydi, qaychini olib, sochini qirqdi va togʻ pastidagi soʻqmoqdan daryo tomon ketdi. Bu joylarga toʻrt yildan beri qadam bosmagandi.

Daryo boʻyidan yoʻl uzangandi; u shu yoʻlning boshini tutdi va tushgacha yurdi. Tush payti bir oʻtloqqa kirdi va unda choʻzildi. Kechga yaqin daryo boʻyidagi qishloqqa yuzlandi. Qishloqqa kirmay, daryo tomon, jar qaʼriga qarab ketdi.

Quyosh chiqishiga yarim soat qolgan. Subhi sodiq vaqti edi. Hamma narsa nam va gʻamgin, shu choq gʻarbdan tonggi muzdek shabada esdi. “Ha, hammasini tugatish shart. Xudo yoʻq. Qanday tugatay, oʻzimni suvga tashlaymi? Suzishni bilaman, choʻkmayman. Oʻzimni osaymi? Ha, mana shoxga osilishga kamar”. Bular aniq va yaqindek tuyuldi va u dahshatga tushib ketdi. Hayajonli shu daqiqalarda ibodat qilishni xohladi. Biroq sigʻinadigan zot topilmasdi. Xudo yoʻq edi. U bir qoʻlini tagiga bosib, yonboshi bilan yotardi. Shu payt uxlagisi kelib ketdi, boshini boshqa changallab tura olmadi, qoʻlini boʻshatib, boshi ostiga qoʻydi-yu, shu choq uyquga ketdi. Ammo bu uyqu bir lahza davom etardi; u birdan uygʻonib ketar, tush koʻrayotganini ham, xotiralarni eslayotganini ham bilmasdi.

Mana, onasining qishloqdagi uyi, u qariyb oʻzini bola sifatida koʻrdi. Unga arava yaqinlashadi va undan yoyilgan, ketmonday qora soqolli Nikolay Sergeevich togʻa, u bilan qisiq koʻzlari ayanch ila boquvchi yuzi ozgʻin qiz Pashenka tushadi. Mana, oʻrtoqlari Pashenkani boshlab kelishadi. U bilan oʻynash kerak, boʻlmasa zerikib qoladi. Qiz kaltafahmroq. Mashvarat shu bilan tugaydiki, uning suzishni bilishini koʻrsatishga qistashadi, qiz esa yerga yotib olgancha “suzadi”, bu hammaning kulgisini qistatadi. Hamma qahqaha otadi, uni masxara qilishadi. U bularni koʻrib turadi va yuzining dogʻlarigacha qizarib ketadi, nochor, shunday nochor holga tushadiki, vijdonan aytganda, uning qiyshaygan, samimiy, itoatkorona kulgisini unutish mumkin emas. Sergiy uni shundan keyin qachon koʻrganini esladi. Uni ancha keyin, rohiblikni qabul qilishidan oldin koʻrgandi. U butun bud-shudini behuda sovurgan va ayovsiz doʻpposlaydigan qandaydir zamindorga erga chiqqandi, uning ikki nafar farzandi bor edi: oʻgʻil va qiz. Oʻgʻli goʻdakligida oʻlib ketgandi.

Sergiy u baxti qaroni qanday uchratganini yodga oldi. Keyin uni monastirda beva holda koʻrdi. Oʻshanda ham oldingidek edi – ovsar emas-u, lekin koʻrimsiz, bechora va ayanchli. U qizi va kuyovi bilan kelgandi. Ularning qashshoqligi koʻrinib turardi. Keyin eshitdiki, ular bir uyezd shaharchasida juda nochor yashashar ekan. “Men nima uchun u haqida oʻylayapman? – oʻzidan soʻradi Kasatskiy. Biroq oʻylashdan tiyila olmadi. – U qayerda? Nimalarni boshidan kechirdi? Hozir ham oʻshanday – yerda yotib suzishni koʻrsatgandagiday nochormikan? U haqda oʻylash menga zaril kelibdimi? Menga nima? Tugatish kerak”.

Unga yana ahvoli qoʻrqinchli tuyuldi, yana bunday xayollardan forigʻ boʻlish uchun Pashenka haqida oʻylay boshladi.

U goh oʻzining muqarrar qismati, goh Pashenka haqida oʻylab, uzoq yotdi. Pashenka unga najot manzilidek tuyuldi. Oxiri u uxlab qoldi. U tushida bir farishtani koʻrdi, farishta unga yaqin kelib dedi: “Pashenkaning huzuriga bor va bundan keyin nima qilishing, gunohing nimada, najot qayda ekanligi haqida undan bilib ol”.

U uygʻonib, bu Rabbining ilohiy paygʻomi ekanini bildi va tushda koʻrganini amalga oshirishga ahd qildi. U ayol yashayotgan shaharni bilardi, – bu yerdan uch yuz verst narida, – oʻsha yoqqa qarab yoʻl oldi.

 

8

 

Pashenka qachonlardan beri u Pashenka boʻlmay, qari, qoq suyak, ajinlarga oʻrangan, omadsiz, ichuvchi amaldor Mavrikyevning qaynonasi Praskovya Mixaylovnaga aylangan edi. U kuyovi oxiri kelib qolgan uyezd shaharchasida yashar, oilasini: qizi, ruhiy vasvasaga chalingan kasal kuyovi, besh nabirasini bir amallab boqardi. Tirikchilik manbai amallab soatiga oʻn besh rubl toʻlanadigan, savdogarning qiziga oʻqitiladigan musiqa darslari edi. Kuniga baʼzan toʻrt, baʼzan besh soat dars berar, daromadi ham shunga yarasha boʻlar edi. Bu joyda oʻz boshpanalarini kutib, omonat turishardi. Boshpana soʻrab, Praskovya Mixaylovna hamma yaqinlariga, jumladan, Sergiyga ham xat yozgandi. Biroq bu xat unga kelib yetmagan.

Shanba edi va Praskovya Mixaylovnaning oʻzi yogʻ, sut solib tayyorlangan nonni uzum bilan aralashtirardi, buni otasining qarol oshpazi juda yaxshi tayyorlaydi. Praskovya Mixaylovna ertangi bayramda nabiralarini siylash niyatida edi.

Qizi Masha kichkintoylarga qarab turar, katta nabiralar – bola va qiz maktabda edi. Kuyov tuni bilan uxlamagan, hozir uyquda edi. Praskovya Mixaylovna kechasi bilan qizining eriga boʻlgan gʻazabini yumshataman, deb uzoq vaqt uxlay olmagandi.

Koʻrib turardiki, kuyovi – zaif maxluq, boshqacha gapirishi ham, yashashi ham mumkin emas, xotinining diydiyosi naf bermaydi, shuning uchun qaynona butun kuchini janjal chiqmasligi, yomonlik boʻlmasligi uchun ularning murosasiga sarflardi. Ayol amalda odamlar orasidagi noxush holatlarni jismonan koʻtara olmasdi. Unga bu vositachiligidan biror yaxshilik chiqmasligi, aksincha, ahvol battar boʻlishi aniq edi. Bu haqda oʻylamasdi, faqat yovuzlikdan badboʻy hid, qattiq shovqin yoki badanni jarohatlashdan qoʻrqqandek qoʻrqardi.

U Lukeryaga oshgan xamirni qanday aralashtirishni hafsala bilan oʻrgatib turganda oshxonaga peshband taqqan, qiyshiq poyabzal, yirtiq paypoqda olti yashar nabirasi Misha vahima bilan yugurib kirdi.

– Buvi, sizni bir qoʻrqinchli chol izlab yuribdi.

Lukerya egilib qaradi:

– Shunday, qandaydir tilanchi chol.

Praskovya Mixaylovna ozgʻin tirsaklarini bir-biriga ishqab, qoʻlini peshbandiga artib tozaladi-da, uyga kirib, hamyondan besh tiyin olishni moʻljalladi, keyin birdan mayda chaqa yoʻqligi esiga tushib qoldi, non sadaqa qilishni oʻylab, javonga qaytdi, oʻzicha xijolat boʻldi, nonni qizgʻandi, Lukeryaga bir boʻlak kesishni tayinlab, oʻzi yana chaqa uchun yuqoriga yoʻl oldi. “Mana senga, – dedi oʻzicha, – xasisligingning jazosi”.

Sadaqani uzatar ekan, har doim boʻlganidek, qaysi tilanchi boʻlmasin, oʻzining saxovatidan gʻururlana olmasdi, aksincha, juda oz inʼom etayotganidan uyalardi. Tilanchining koʻrinishi ancha salobatli edi.

Xristovo mulkiga yetguncha uch yuz verst yoʻl bosib, horigan, ozgan, qorayganligidan qatʼi nazar, sochi qirqilgan, poʻrim telpagi, xuddi shunday etigi unniqib qolgan, gʻamboda holda bukchayib turishiga qaramasdan Sergiy otadan oʻziga yarashiqlik salobat ufurib turardi. Ammo Praskovya Mixaylovna uni qariyb oʻttiz yildan beri koʻrmagan edi, tanimadi.

– Tortinmang, otaxon. Balki tamaddi qilishni xohlarsiz?

U non va pulni oldi. Praskovya Mixaylovna hayron boʻldi, chol qimirlamas, unga tikilib turardi.

– Pashenka. Men senikiga keldim. Meni qabul qil.

Uning qora koʻzlari sinchkovlik va oʻtinch bilan tikilib, quyilib kelgan yoshlardan yiltirab turardi. Oqara boshlagan moʻylovlari ostidan labi ayanchli titrardi.

Praskovya Mixaylovna qoq suyak koʻksini changallab, angraygancha lol qotgan mahzun nigohlari bilan tilanchiga boqqan alpozda behush boʻlib qoldi.

– Nahotki? Boʻlishi mumkin emas! Stepa! Sergiy! Sergiy ota!

– Ha, men oʻzim, – asta soʻzladi Sergiy. – Faqat Sergiy emas, Sergiy ota emas, sharmandali gunohkor Stepan Kasatskiy, mahv boʻlgan laʼnati gunohkor. Qabul qil, menga koʻmak ber.

– Nahotki, boʻlishi mumkin emas, siz qanday qilib bu koʻyga tushdingiz? Yuring, ichkariga kiring.

Ayol qoʻlini uzatdi; rohib uning qoʻlidan ushlamadi, ayolning orqasidan ergashdi.

Biroq qayerga olib boradi? Xona juda tor. Unga boshida xuddi qaznoqdek kichkina xonani ajratishdi, keyin ana shu omborchani qiziga berdi. Mana, hozir Masha shu yerda oʻtirib, goʻdagini emizayapti.

– Mana bu yerga oʻtiring, hozir, – dedi Sergiyga oshxonadagi kursini koʻrsatib.

Sergiy shu zahoti oʻtirdi va odati boʻyicha oldin bir yelkasidagi, keyin ikkinchi yelkasidagi xaltalarini shaxt bilan yechdi.

– Voy, xudoyim sizni oʻzi yetkazdi, otaginam! Qanday yaxshi, yana birdaniga…

– Masha, bilasanmi, bu kim?

Praskovya Mixaylovna qiziga pichirlab, Sergiyning kimligini tushuntirdi, ular ikkalasi qaznoqdagi toʻshak belanchakni boʻshatib, Sergiy uchun olib chiqishdi.

Praskovya Mixaylovna Sergiyni hujrachaga boshlab kirdi.

– Mana shu yerda dam olasiz. Xijolat boʻlmang. Men esa ketishim kerak.

– Qayerga?

– Mening darsim bor, vijdonan aytsam, musiqa oʻqitaman.

– Musiqa, bu – yaxshi-ku. Faqat bir narsa, Praskovya Mixaylovna, men siznikiga ish bilan kelganman. Siz bilan qachon gaplashsam boʻladi?

– Bajonudil roziman. Balki oqshomdadir?

– Boʻladi, faqat yana bir iltimos: kelganim haqida, men haqimda hech kimga aytmang. Men faqat sizga sirimni ochdim. Mening qayerga ketganimni hech kim bilmaydi. Shunday boʻlsin.

– Eh, qizimga aytib qoʻyibman.

– Uf, undan iltimos qiling, hech kimga ogʻiz ochmasin.

Sergiy etigini yechdi va shu zumda bedor kecha, qirq verst piyoda yurishdan keyingi charchoq bilan dong qotib uxlab qoldi.

* * *

Praskovya Mixaylovna qaytganda Sergiy ota kirib olgan hujrachasida oʻtirar va uni kutardi. Mehmon tushlikka chiqmadi, faqat Lukerya keltirgan yovgʻon va boʻtqa bilan tamaddi qildi.

– Nega aytgan vaqtingdan ancha oldin kelding? – dedi Sergiy. – Endi gaplashsa boʻladimi?

– Qanday baxtliman, menikiga kim tashrif buyurdi? Men darsni oʻtmadim. Keyin… Men huzuringizga borishni orzu qilganman, sizga xat yozganman va birdaniga mana bunaqa omadni qarang.

– Pashenka, marhamat qil, hozir men nima gapirsam, ularni xuddi vasiyatdek, jon berish oldidan Rabbining qarshisida aytiladigan iqrordek qabul qilgin. Pashenka, men avliyo emasman, hatto oddiy, koʻp qatori faqir odam ham emasman: men gunohkor, iflos, qabih, yoʻldan ozgan, takabbur, munofiq, bilmadim, bulardan ham yomonmanmi, biroq eng yomondan ham yomonman.

Pashenka dastlab koʻzini chaqchaytirib qaradi; u ishondi. Keyin, qachonki u toʻla ishongach, qoʻlini uning qoʻliga qoʻyib, iztirob bilan jilmaygancha dedi:

– Stiva, balki sen bir oz oshirib yuborayotgandirsan?

– Yoʻq, Pashenka. Men daydi, buzuqi, qotil, Xudodan qaytgan va aldamchiman.

– Voy Xudoyim! Bu qanaqasi boʻldi? – ovozi titrab dedi Praskovya Mixaylovna.

– Ammo yashash kerak. Men hamma narsani bilaman, deb oʻylardim, hammaga qanday yashashni oʻrgatardim, afsuski, hech narsani bilmas ekanman, sen menga oʻrgat – sendan oʻtinib soʻrayman.

– Senga nima boʻldi, Stiva? Sen kulyapsan. Nima uchun hamma mening ustimdan kuladi?

– Xoʻp, mayli, men kulyapman; faqat menga ayt, qanday yashayapsan, hayoting qanday oʻtdi?

– Menmi? Men eng qabih, behalovat hayot kechirdim, endi Xudo meni qilmishimga yarasha shunday jazolayaptiki, shunaqa ahmoqona yashayapman, shunaqa ahmoqona…

– Qanday erga tegding? Ering bilan qanday yashading?

– Hammasi ahmoqona boʻlgan. Tegdim – qattiq sevib qoldim. Otam buni xohlamagandi. Men hech narsa bilan hisoblashmadim, tegdim. Turmushga chiqqanim – erimga yordamlashmoqchi edim, keyin esa rashk bilan uni koʻp qiynadim, oʻzimni bundan tiya olmadim.

– U ichar ekan, buni eshitgan edim.

– Ha, men uni hech jilovlay olmadim. Unga tazyiq qildim. Ichkilikbozlik kasallik-ku. U oʻzini ushlay olmasdi, hozir esimga tushib qoldi, unga qanday kun bermaganim… Hayotimizda dahshatli voqealar koʻp boʻlgan.

Ayol tiyrak, xotiralardan mahzun tortgan koʻzlari bilan Kasatskiyga termuldi.

Kasatskiy Pashenkaning eri qanday doʻpposlagani haqida eshitganlarini esladi. Hozir uning ozgʻin, quloqlari ortidagi chuqur ajinlar qoplagan, tirishgan boʻynini va siyraklashib qolgan, oq oralagan mallarang sochlarining hurpayib turishini koʻrib, oʻsha janjallar qanday kechganini tushungandek boʻldi.

– Keyin men ikki bolam bilan hech vaqosiz qolib ketdim.

– Menimcha, sizlarning mulkingiz bor edi…

– Bularning hammasini Vasya bilan sotib, oxirigacha… yeb boʻlgandik. Yashash kerak edi, mening esa barcha boy xotinlar kabi qoʻlimdan hech vaqo kelmasdi. Hammadan ham men nochor, madadsiz edim. Ilojsiz shunday yashadik, bolalarimni oʻqitdim – oʻzim ham ozroq saboq oldim. Mitya toʻrtinchi sinfda kasalga chalindi, uni Xudo koʻp koʻrdi. Manechka pochchasi Vanyani sevib qoldi. Nima deyman, Vanya yaxshi odam, faqat baxtsiz. U kasal.

– Oyijon, – qizi uning soʻzini boʻldi. – Mishani olib turing, undan ajrala olmayapman.

Praskovya Mixaylovna choʻchib tushdi, oʻrnidan turdi-da, titilib ketgan boshmogʻini oyogʻiga ilib, shoshib tashqariga chiqdi va tezda qoʻlida ikki yashar nabirasini tutib kirib keldi, bola oʻzini orqaga tashlar, qoʻllari bilan kampirning sochidan ushlashga urinardi.

– Shunday, nimada toʻxtagan edim? Ha, mana, uning oʻsha joydagi vazifasi yaxshi edi – mehribon rahbar, biroq Vanya chiday olmadi, isteʼfoga chiqdi.

– U qanaqa kasal edi?

– Nevrasteniya, bu dahshatli kasallik. Biz maslahatlashdik, biroq ketish kerak edi, mablagʻ boʻlsa yoʻq. Baribir umid qilaman, bu oʻtib ketar. Unda qattiq ogʻriq yoʻq, ammo…

– Lukerya! – zaif, lekin zardali ovoz eshitildi. – Qachon kerak boʻlsa, biror yoqqa ketgan boʻladi. Onasi…

– Hozir, – yana gapini boʻldi Praskovya Mixaylovna. – U hali tushlik qilmadi. Biz bilan oʻtira olmaydi.

Ayol chiqib ketdi, nimanidir joylashtirib, qoraygan, ozgʻin qoʻllarini artgancha kirib keldi.

– Mana shunday yashayapman. Hamma narsadan shikoyat qilamiz, hamma norozi, lekin, xudoga shukur, nabiralar yoqimtoy, sogʻlom, demak, hali yashasa boʻladi. Oʻzim haqimda boshqa nima deyishim mumkin?

– Ha, nimaning hisobidan kun koʻrayapsizlar?

– Mening bir oz daromadim bor. Bir vaqtlar musiqadan bezor boʻlgandim, bugun u kunimga yarab turibdi.

Ayol kichkina qoʻlini oʻtirgan sandalning ustiga qoʻydi-da, xuddi mashq qilgandek ozgʻin barmoqlari bilan sandalni tiqirlatib qoʻydi.

– Darsingiz uchun qancha toʻlashadi?

– Bir rubl ham toʻlashadi, ellik tiyin ham, baʼzan oʻttiz tiyin ham. Ular, baribir saxiy odamlar.

– Nima desam ekan, yutuqlar bormi? – koʻzlari bilan kulib soʻradi Kasatskiy.

Praskovya Mixaylovna dabdurustdan savolning naqadar jiddiyligiga ishonmadi va uning koʻzlariga savol nazari bilan tikildi.

– Yutuqlar ham topildi. Bitta dongʻi chiqqan qiz bor, qassobning qizi. Oqila, yaxshi qiz. Mana, agar men uddaburon ayol boʻlganimda edi, tabiiy, otamning mavqeidan kelib chiqib, oʻzimga qoyim joydan kuyov topardim. Men esa hech narsa qila olmadim va shu kunlarga giriftor boʻldim.

– Toʻgʻri, toʻgʻri, – dedi Kasatskiy boshini egib. – Xoʻsh, qandaysan, Pashenka, cherkov hayotida ishtirok etasanmi? – soʻradi Kasatskiy.

– E, qoʻysangiz-chi. Shunday ahmoqona, shunchaki… tashlab qoʻyganman. Bolalarim bilan roʻza tutaman va cherkovda boʻlaman, baʼzan oylab boʻlmayman. Bolalarni yuboraman.

– Nima uchun oʻzing boʻlmaysan?

– Agar rostini aytsam, – qizarib ketdi ayol, – vijdonan aytganda, qizim, nabiralarim qurshovidan uzilib ketishim qiyin, biroq yangilik ham yoʻq. Shunchaki erinaman.

– Xoʻsh, uyda ibodat qilasanmi?

– Choʻqinaman, ibodat ham el qatori. Bilaman, bunaqasi ketmaydi, chinakam ixlos yoʻq, faqat oʻzingning barcha yaramasliklaringni bilib turasan, xolos…

– Ha, ha, shunday, shunday, – xuddi tasdiqlaganday quvvatladi Kasatskiy.

– Hozir, hozir, – ayol kuyovining chaqirigʻiga javob berdi va boshidagi roʻmolini toʻgʻrilagancha xonadan chiqdi.

Bu safar uzoq vaqt qolib ketdi. U qaytganda Kasatskiy oldingidek qoʻllari bilan tizzasiga tayanib, boshini quyi egganicha oʻtirardi. Biroq xaltalari yelkasiga ilingandi.

Ayol gardishsiz, temir chiroq koʻtarib kirib kelar ekan, u chiroyli, horgʻin koʻzlari bilan tikilib qoldi va chuqur, yanada chuqur nafas oldi.

– Men unga sizning kimligingizni aytmadim, – deb dadil gap boshladi u, – faqat men biladigan duoxon tilanchilardan dedim. Oshxonaga ketdik, choy ichamiz.

– Yoʻq…

– Xoʻp, men shu yerga olib kelaman.

– Yoʻq, hech narsa kerak emas. Pashenka, seni Xudo panohida asrasin. Men ketdim. Agar zarracha rahming kelsa, meni koʻrganingni hech kimga aytma. Rabbim nomi bilan iltijo qilaman: hech kimga aytma. Senga rahmat. Men oyogʻingga yiqilib, qulluq qilishim mumkin, biroq bu, bilaman, seni xijolatga qoʻyadi. Rahmat, Iso Masih hurmati, maʼzur tut.

– Duo qilib turing.

– Xudo yorlaqasin. Iso Masih hurmati, maʼzur tut.

U ketmoqchi boʻldi, ayol uni chiqqani qoʻymadi va non, teshik kulcha hamda yogʻ olib keldi. Kasatskiy hammasini oldi va tashqariga chiqdi.

Qorongʻi tushib qolgan edi, ikki uydan oʻtgach, ayol uning qorasini ilgʻamay qoldi, faqat itlarning bir-biriga basma-bas vovullashidangina uning ketib borayotganini bilardi.

 

 

* * *

“Tushimning taʼbiri mana shu edi. Pashenka men boʻlishim kerak boʻlgan, biroq boʻla olmagan odam. Men Xudo nomi bilan odamlar uchun yashadim, u esa odamlar uchun yashayotgandek boʻlib, Xudo uchun yashayapti. Ha, bitta xayrli ish, hech mukofot talab qilmay, minnatsiz uzatilgan bir piyola suv mening odamlarga oʻqigan pand-nasihatimdan afzal. Biroq Xudoga xizmat qilaman degan zarracha xolis xohish boʻlganmidi?” – soʻradi oʻzidan va javob qaytardi: “Ha, biroq bu xohishlarning hammasi inson qavmiga xos shuhrat istagi bilan yondi, ulgʻaydi. Kim men singari shuhrattalab boʻlib yashasa, uning uchun Xudo yoʻq. Men endi Uni izlayman”.

U xuddi Pashenkanikiga kelgandek qishloqdan-qishloqqa oʻtib, erkak-ayol tilanchilarga duch kelib, ulardan yiroqlashib, Iso Masih hurmati uchun non va boshpana soʻrab, izgʻib yurdi. Baʼzida uni badjahl xonimlar, ichib olgan mardumlar quvib solardi, asosan, koʻpchilik yeb-ichirar, boqar, hatto yoʻl xarji ham berardi. Uning salobatli qiyofasi koʻp joyda qoʻl kelardi. Ayrimlar hatto boylar ham qashshoqlashibdi, deb oʻylab xursand boʻlardi. Baribir uning yuvoshligi hammasidan ustun kelardi.

U uylardan Injil topib olib oʻqir, odamlar esa bir vaqtning oʻzida yangi hamda allaqachon tanish hikmatlarni undan eshitib, har qachon va hamma joyda ham qulluq qilishar, ham hayron boʻlishardi.

Agar odamlarga maslahati yoki savodi asqotib qolsa yoki janjallashganlarni yarashtirib qoʻysa, bundan magʻrurlanib ketmas, tamaʼ qilmas, chunki bunday hislardan uzoqlashgandi. Shunday qilib, Xudo unda oʻzini oz-ozdan namoyon qila boshlagandi.

Bir marta ikki qari kampir va askar bilan ketar edi. Yoʻrtoq ot qoʻshilgan aravaga oʻrnashib olgan boy va boyvuchcha, ot minib borayotgan erkaklar toʻdasi ularni toʻxtatdi. Boyvuchchaning eri qizi bilan otda borishar, odatdagidek, boyvuchcha va sayyoh-fransuz yakka ot qoʻshilgan ikki gʻildirakli yengil arava – sharabanda edilar.

Ular mehmonga rus xalqi uchun xurofot boʻlgan, ishlash oʻrniga u joydan-bu joyga sangʻib yuradigan les pelerins[12] koʻrsatish maqsadida daydilarni toʻxtatishgan ekan.

Ular fransuzchalab gaplashishar, bularni tushunmaydi, deb oʻylashardi.

– Demandez leur, – dedi fransuz Sils sont bien surs de ce que leur pelerinage est agreable a dieu[13]. Ulardan soʻrashdi. Kampirlar javob berishdi:

– Xudoning irodasi. Kimniki qabul boʻladi: oyoq bilan kezgannikimi, qalbi bilan berilgannikimi?

Soldatdan soʻrashdi. U yolgʻizligini, bundan boshqa ovunchi yoʻqligini bildirdi. Kasatskiyning kimligiga qiziqishdi.

– Xudoning quliman.

– Qu’est ee qu’il dit? Il ne repond pas. Il dit qu’il est un serviteur de dieu. – Cela dit etre un fils de pretre. Il a de la race. Avezvous de la petite monnaie?[14]

Fransuzga mayda topib berishdi. U hammaga yigirma tiyindan tarqatib chiqdi.

– Mais dites leur que ce n’est pas pour des cierges que je leur donne, mais pour qu’ils se regalent de the; choy, choy – dedi u kulib, – pour vous, mon vieux[15], – soʻz qotdi qoʻlqopli barmoqlari bilan Kasatskiyning yelkasidan turtib.

– Xudo yorlaqasin, – dedi Kasatskiy telpagini kiymay, taqir boshini pastga egib.

Kasatskiy uchun bu uchrashuv juda quvonchli boʻldi, negaki, odamlarning munosabatidan jirkanib, shunga javoban behuda, joʻn bir ish qildi – yigirma tiyinni oldi-da, uni kiprik qoqmay hamrohiga, koʻr gadoyga berdi. Unga odamlarning marhamati qanchalik ahamiyatsiz tuyulsa, u Xudoni shunchalar kuchli his qila boshladi.

 

* * *

 

Kasatskiy sakkiz oy sarson-sargardonlikda kezindi, toʻqqizinchi oyda gubernya shaharchasida uni tilanchilar bilan tunab yotgan joyida ushladilar va pasportsizlar qatorida qismga olib ketdilar. U hujjating qayerda, kimsan, degan soʻroqlarga hujjatim yoʻq, oʻzim Xudoning quliman, deb javob berdi. Uni sayoqlar safiga qoʻshdilar va sud qilib, Sibirga joʻnatdilar.

Sibirda bir boy odam ijaraga olgan hovliga oʻrnashdi va hozir shu yerda yashayapti. U xoʻjayinning polizida ishlaydi, bolalarni oʻqitadi, kasallarni davolaydi.

 

Rus tilidan Hakim SATTORIY tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–11

 


[1]Liza, oʻngga qara, bu oʻsha (frans).   

[2] Qani, qani? U unchalar xushroʻy emas-ku. (frans).

[3] Ikonostas – mehrobni ajratib turadigan, ikonalar qoʻyilgan yengil devor. (Tarj.).

[4] Venzil – ism sharif bosh harflari bir-biriga chirmashtirib tuzilgan bezak, tugʻro. (Tarj).           

[5] Akselbant – yelkaga taqiladigan zarbof chilvir. (Tarj).          

[6] Sharoitga qarab (frans.)..  

[7] Rotonda – ayollarning yopinchiq koʻrinishidagi yengsiz qishlik kiyimi. (Tarj.).       

[8] Arximandrit – ibodatxona boshligʻi. (Tarj.)    

[9] Verst – 1 verst 1,06 km.ga teng masofa.    

[10] Pasxa – Nasroniylar roʻzasi va shunga bagʻishlangan bayram.   

[11] Troitsa – ota xudo, oʻgʻil xudo va muqaddas ruhdan iborat yagona xudo; shunga atalgan bayram.           

[12] Tilanchilarni (frans).

[13] Soʻrang-chi, ularning ibodati Xudo dargohida ijobat boʻlishiga oʻzlari ishonishadimi?

[14] U nima dedi? U javob bermayapti.

– U, men Xudoning quliman, deyapti.

– Bu dindorning oʻgʻli boʻlsa kerak, bitishidan koʻrinib turibdi, oliy nasab. Sizda mayda bormi?

[15] Aytib qoʻying, men ularga sham uchun berayotganim yoʻq, balki choy ichib huzurlansinlar… mana sizga, boboy (frans.).

https://saviya.uz/ijod/nasr/sergiy-ota/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x