Sanʼatkorning mangu umri

Jahon adabiyoti dargʻalari – Sofokl, Gotssi, Shekspir, Shiller, Gogol, Ostrovskiy, Gorkiy, Chexov, Tagor asarlarida betakror obrazlar yaratgan aktyor Olim Xoʻjayev 1910 yilning 24 sentyabrida Buxoro shahrida dunyoga kelgan. Nutqi ravon, ovozi shirali va jarangdor, nafasi oʻtkir ijodkor 1929 yili Buxoro maorif institutini tugatgach, Toshkentdagi Hamza teatriga aktyorlik lavozimiga ishga qabul qilinadi. U talabalik davridayoq institutning havaskorlik toʻgaragida ishtirok etib, mashhur rejissyor Mannon Uygʻur eʼtiboriga tushgan edi. Bu eʼtibor keyinchalik Nizomiy, Navoiy, Hamza, Obidiy kabi shoirlar obrazini yaratishga va elga manzur boʻlishga zamin yaratdi.

Rus tilida1967 yilda nashr qilingan besh jilddan iborat “Teatr sanʼati ensiklopediyasi”da ham Olim Xoʻjayevning ulkan sanʼatkorlik salohiyati eʼtirof qilinadi: “… xalq artisti Olim Xoʻjayev sanʼati lirik ohangdorligi hamda teranligi bilan betakrordir. Uning ijrosi ziyolilarga xos nozik, ifoda vositalari nafis, nutqi musiqiy, qomati va harakatlari goʻzal”, – deb yakunlanadi.

Sanʼatkor talqinidagi Hamlet, ungacha ijro etilgan shahzoda obrazlari orasidagi eng tafakkurlisi, falsafiy mushohadalari teranligi va taʼsirchanligi bilan teatr sanʼati zarvaraqlarida qolgan. Olim Xoʻjayev bu yutuqqa qanday erishganligini esa quyidagicha sharhlash mumkin: 1935 yili Mannon Uygʻur sahnalashtirgan “Hamlet” spektaklida aktyor Rozenkrans rolini ijro etadi. 1936 yilda shu spektaklda Laert rolini oʻynaganligi ham qayd etilgan. Rejissyor besh yil uzluksiz ijro etilgan spektakldagi Hamlet – Abror Hidoyatov biroz zoʻriqib, charchab qolayotganini his qilgach, 29 yoshli Olim Xoʻjayevga bu rolni ishonib topshiradi. Bir spektaklda bosqichma-bosqich uch rolni va bosh qahramonni 30 yil uzluksiz ijro etish shekspirshunoslik tarixida faqat shu buyuk sanʼatkorga nasib qildi. Uning talqinida Hamlet adolat va haqiqatni tiklash uchun bel bogʻlagan shaxs sifatida gavdalanadi. Bunday talqin Hamlet ijrosi tarixida munosib oʻrniga ega boʻldi. Unga Shekspirning mashhur tragediyalarini “Olim Xoʻjayevga xos uslub”da talqin etish nasib qildi. Abror Hidoyatov bilan “Hamlet” spektaklida ishtirok etish, “Otello”da ham Yagoni talqin qilish ham uning aktyorlik taqdiriga yozilgan ekan. “Yuliy Sezar” da Yuliy Sezar, “Qirol Lir”da Qirol Lir ijrosi uchun Olim Xoʻjayev ustozi Abror Hidoyatovdan keyingi oʻzbek teatr sanʼatining tragik aktyori sifatida tan olindi. Shekspir tragediyalarini Olim Xoʻjayevday koʻp va xoʻb ijro etish teatr sanʼati tarixida boshqa biror aktyor taqdiriga bitilmagan. “Hamlet”, “Otello”, “Yuliy Sezar” va “Qirol Lir” tragediyalarining oʻzbek aktyorlari tomonidan mohirona ijro etilishi “Oʻzbek teatrlarida Shekspir asarlari talqini” nomli ilmiy tadqiqotni yuzaga keltirdi.

Tragik aktyor sifatida sharaf qozongan Olim Xoʻjayev serqirra ijodkor ekanligini ilk qadamlaridayoq isbotlagan edi. Uning oʻziga xos ijro uslubi shakllanishida Karlo Gotssining “Malikai Turandot” spektaklidagi Kalaf va Gogolning “Uylanish” komediyasidagi Anuchkin kabi komik obrazlarning oʻrni beqiyos. Shuningdek, oʻzbek dramalarida turli zamondoshlari obrazini yaratishda orttirilgan tajribalar ham aktyorni kelajakdagi tragik qahramonlar qiyofasining yangicha talqiniga ruhan tayyorlab borgan.

1935 yili Shillerning “Qaroqchilar” tragediyasida Ferdenand obrazini ijro qilgan Olim Xoʻjayev 1955 yilda qayta sahnalashtirilgan spektaklda Karl Moor obrazini ham maromiga yetkazib oʻynadi. Bir spektaklda ikki xil obrazni ijro etish ham omadli aktyorning taqdiriga bitilgan ekan. Uch marta qayta sahnalashtirilgan “Hamza” nomli spektaklda bosh qahramon obrazini tobora takomillashtirib borish ham faqat Olim Xoʻjayevning aktyorlik faoliyatida kuzatiladi. Bunday ijodiy jarayonni 1942–1949-1960 yillarda sahnalashtirilgan spektakllarda ham koʻramiz.

“Alisher Navoiy”spektakli oʻzbek teatr sanʼatida va Olim Xoʻjayev ijodida alohida ahamiyatga ega. 1945 yilda sahnalashtirilib, to 1948 yilga qadar takror-takror muhokama qilingan spektaklda Abror Hidoyatovga dublyor qilib tayinlangan aktyor Mannon Uygʻur va Nazira Aliyevalarning “sahna nutqi” borasida qoʻygan talablarini bajarib, adabiy til meʼyorlarini yanada mukammal oʻzlashtirdi. Navoiyning “tilga eʼtibor – elga eʼtibor” degan hikmatli soʻzi spektaklning va oʻzbek teatr sanʼatining shioriga aylandi. Aktyor Navoiyning insoniy, ijtimoiy va ijodiy fazilatlarini shoirlik tabiati orqali ochib bera oldi. Olim Xoʻjayev bu rolni yigirma besh yil davomida ijro etib keldi. Bunday davomiylik ham kamdan kam aktyorlarga nasib qiladigan ijodiy yutuqdir.

Salbiy obrazlar yaratishda Olim Xoʻjayev oʻziga xos uslubga ega edi. “Otello” spektaklidagi Yagoning mansabparastligi, “Sepsiz qiz”dagi Paratovning takabburligi, “Yuliy Sezar” tragediyasidagi Sezarning shuhratparastligi reallikka ega salbiy obrazlarning xususiyatlaridir. Aktyor bu personajlarning ijtimoiy mohiyatidan kelib chiqib, ularning tubanliklarini yorqin ifodalay oldi. Shuningdek, oʻzbek dramaturglarining shu ruhdagi personajlariga tomoshabinlarda nafrat uygʻotuvchi qudratga ega ijodkorga aylandi.

Milliy ruhdagi qahramonlar orasida “Imon”spektaklidagi professor Komilov obrazi alohida tahsinga sazovor. Ziyolilar oilasidagi namunali turmush tarzi, ilmda halollik masalasi spektaklning asosiy gʻoyasi edi. Bu gʻoyani Olim Xoʻjayev takrorlanmas darajada, yuqori badiiy saviyada ifodalay oldi. Mutaxassislar taʼkidlagan zukkolik, mutafakkirlik, aktyor yaratgan Komilov obrazida aniq namoyon boʻladi.

Olim Xoʻjayevning tinimsiz izlanishlari, yaratuvchanlik salohiyati, oʻziga xos ijodiy uslubi, xalqchil, turli obrazlarning takrorlanmas badiiy ijrosi munosib baholandi. “Alisher Navoiy” spektakli ijrosi uchun 1949 yili ittifoq darajasidagi Davlat mukofotiga, “Qirol Lir”dagi Lir obrazi uchun 1967 yili Oʻzbekiston Davlat mukofotiga, Salvadore va Kreont obrazlari uchun 1977 yil ikkinchi bor ittifoq darajasidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Sanʼatkor bu borada ham betakror taqdir egasi ekanligini koʻrsatdi.

Olim Xoʻjayevning obraz yaratish va nutq uslubi, soʻz ustida ishlash jarayoni professorlar Nazira Aliyeva va Lola Xoʻjayevalar tomonidan teatr sanʼati institutining “Aktyorlik mahorati” va “Sahna nutqi” fanlarini oʻqitishda amaliyotga tatbiq qilingan. Ular akademik teatrda yaratilgan adabiy til talaffuzi meʼyorlarini, oʻzbek tilining amaliyotdagi musiqiyligi va goʻzalligini Olim Xoʻjayev ijrosi timsolida isbotlab, “sahna nutqi” fanining umumiy talabiga aylantirdilar.

Ijodkorning rejissyorlik faoliyati alohida tadqiqot mavzusidir. Teatr sanʼati ensiklopediyasida Olim Xoʻjayev haqida 1951 yilda Moskva GITISining rejissyorlik kursini tugatdi, deb yozilgan. Olim Xoʻjayev rejissyor sifatida “May toʻkildi”, “Yurak sirlari”, “Boy ila xizmatchi”, “Tarix tilga kirdi” kabi toʻrt spektaklni sahnalashtirgan. Oʻzbek mualliflarining mashhur asarlarini chet el sahnalarida sahnalashtirish kamdan-kam rejissyorlarga nasib qiladigan omad. Olim Xoʻjayev rejissurasida bunga ham misol bor: u “Boy ila xizmatchi” dramasini Bolgariyaning Xaskovo shahri teatrida sahnalashtirdi. Bahrom Rahmonning “Yurak sirlari” asari 1953 yili sahnalashtirildi. Bu talqin uzoq muddatlar bahs-munozaralarga sabab boʻladi, goh sahnadan olib tashlanadi, goh yana qaytadan qoʻlga olinadi. “Rejissyor sahnalashtiradigan har bir spektakl bahs va munozaralarga sabab boʻlishi kerak!” – deydi zamonamizning zabardast teatr arbobi Bahodir Yoʻldoshev. Bizningcha, xalqqa manzur spektakl ijtimoiy-siyosiy tazyiqlar tufayli sahnadan olib tashlangach, rejissyorning “yuragida bir shiddat” paydo boʻlib, bor mahoratini aktyorlik faoliyatida namoyon qilishga qaratgan.

Oʻzbek kinorejissyorlari ijodkorning havas qilgulik, oʻziga xos usulidan ekranda ziyolilar obrazini yaratishda toʻgʻri va unumli foydalanishgan. Olim Xoʻjayevning kinodagi ziyolilar obrazi koʻplab tasmalarda muhrlanib qoldi.

Serqirra aktyor, oʻziga xos rejissyor jamoat arbobi sifatida ham namunali ishlar qildi. 1955–1977 yillarda Oʻzbekiston teatr jamiyatining raisi sifatida faoliyat olib borgan O. Xoʻjayev bor tashkilotchilik imkoniyati va mahoratini oʻzbek sahna sanʼatini rivojlantirishga sarf qildi. U Teatr sanʼati instituti talabalari va pedagoglari amaliyotini Moskva va Peterburg shaharlarida oʻtashini tashkil qildi va bu ishni doimiy nazorat qilib bordi. Poytaxt va viloyat teatrlari rejissyorlarini markazdagi mashhur dargohlarda malaka oshirishlarini yoʻlga qoʻydi. Yosh ijodkorlarning Moskvadagi oliy rejissyorlik kurslarida oʻqishlarini tizimga soldi. Buyuk aktyor 1977 yilning 14 fevralida oltmish yetti yoshida vafot etdi.

 

Mamur UMAROV,

Falsafa fanlari nomzodi, OʻZDSMI dotsenti

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

https://saviya.uz/hayot/nigoh/sanatkorning-mangu-umri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x