“Shu damda bexosdan kelasan yodga”

Uilyam SHEKSPIR

 

Sonetlar

 

***

Kim qulay soatda tugʻilgan ekan,

Shuhratu davlatdan baland dimogʻi.

Menga iltifotni tole kim qilgan,

Menga muhabbatdir baxtlar bulogʻi.

 

Shahzoda mahrami, bekning ulfati,

Vallomat lutfidan sharob ichadi,

Qachonkim, oftob botib ketadi,

Kungaboqarning ham zari oʻchadi.

 

Zafarlar erkasi mashhur sarkarda,

Oxiri urushda yengilsa bir kun,

Butun xizmatlari puch boʻlar birdan,

Uning shum qismati sokitlik, surgun.

Mening unvonimga yoʻq zavol kuni:

Sevdimu, sevaman, sevarlar meni.

 

* * *

Dunyodan, falakdan boʻlsam dargʻazab,

Boshimga kelganda falokat qator,

Men garang va loqayd samoga qarab,

Yalinaman, ammo bu hech qilmas kor.

 

Shoʻrlik qismatimdan nuqul noliyman,

Sanʼatda, ijodda sovrunlar olgan,

Elning arzandasi umidga toʻlgan

Baxtlilar oʻrnida boʻlsaydim, deyman.

 

Shu damda bexosdan kelasan yodga,

Oʻzim sustligimni qargʻayman paqqos,

Boʻysunmay falakka va samovotga,

Ruhim toʻrgʻay kabi qiladi parvoz.

 

Sening sevging bilan xotirang bilan

Dunyo shohlarining baridan zoʻrman.

 

“HAMLET” DAN PARCHA

 

II PARDA

 

Ikkinchi sahna

 

Hamlet

Oh, men qanday yaramas, olchoq bandaman!

Bu qanday gap: oʻtkinchi bir aktyor munda –

Oʻz xayoli toʻqigan sezgilariga

Shuurini shunchalik qaram qildikim –

Mengzidan qon oʻchdi, koʻzi yoshlandi,

Tovushlari boʻgʻildi, butun turishi –

Yuragini qaqshatgan dardlarga oyna,

Soʻrasangiz: ne uchun shuncha dard, alam?

Gekuba uchun emish!

Gekubaga bu kimdur?

Yo Gekuba bunga kim?

Ammo bu-chi, noliydi shuncha yurakdan.

Agar mening dardlarim boʻlsaydi unda

Ne-ne mudhish toʻfonlar yogʻdirardi ul?

Xunob boʻlib zorlagan boʻlardi sahna.

Uning rolin koʻrganda mot boʻlib darhol

Aqlidan yozar edi gunohkor kishi,

Begunohlar, kamtarlar ibrat olardi.

Qulogʻlar ham, koʻzlar ham poymol boʻlardi.

Men-chi:

Ayanch, anqov, maxluqman, daydi, sarsari,

Uyquaro yuraman. Bekorchi tanbal.

Na oʻz haqim toʻgʻroli bir ogʻiz gap bor,

Na qirolning qasosi uchun harakat,

Axir uni tojidan, uni jonidan

Koʻp jirkanch nayrang ila ajratdilar-ku!

Yoki men qoʻrqoqmanmi? Kimda jurʼat bor?

Qani menga shapaloq urmoqchimilar?

Yo berurlar boladay oʻgit-nasihat?

Burnimdan ushlaydilar yoki bemalol –

Meni beburd, yolgʻonchi ataydilarmi?

Kim bu ishga ishqivoz? Dadil soʻylasin?

Hammasiga xoʻp deya tilxat beraman.

Chunki mening jigarim – kaptar jigari,

Chunki yoʻq jigarimda safroyu zarda.

Boʻlmasa men bu battol yirtqichni soʻyib

Jasadin quzgʻunlarga tashlamasmidim!

Oh, muttaham, badaxloq! Qonxoʻr, yolgʻonchi,

Zino qilib yuruvchi nomard badkirdor!

Oh, intiqom!

Qanday eshak ekanman oʻzim darvoqe!

Oʻldirilgan otaning farzandi boʻlsam,

Menga, qasos ol, desa falakning oʻzi,

Men-chi, buzuq xotinday hasrat qilaman,

Yoki dashnom beraman oqsochlar kabi!

Tfu, laʼnat! Uygʻongin, ey mening zehnim!

Qaydadur eshitgandim: goʻyo oʻtmishi

Qorongʻu boʻlgan kishi oʻz qilmishiga

Oʻxshashlik bir oʻyinni tomosha qilsa –

Serpayib oʻz aybiga iqror boʻlarkan.

Qotil qancha jim tursa, indamasa ham

Bildirib qoʻyar ekan oʻz jinoyatin.

Aktyorlarga topshiray tamosho chogʻi

Otamning oʻlimiga oʻxshashli biron

Voqia oʻynasinlar amakim uchun.

Amakimdan koʻz olmay qarayman oʻzim,

Agar boʻlsa bezovta – u yogʻi maʼlum.

Biroq, koʻrgan arvohim balki iblisdur.

Istagan qiyofatga kirolur iblis.

Balki shayton majolsiz holimni bilib,

Meni halok qilgani dasisa qurgan!

Koʻrganimdan ham yaqqol dalillar lozim.

Ular bu yozuvlarda. Endi sahnada

Qirolning vijdoniga quraman tuzoq.


 

Nozim HIKMAT

 

TUN SHEʼRLARI

 

1

Eng ajib dengiz –

hali biz kezmagan dengizdir.

Eng ajib goʻdak –

hali ulgʻaymagan goʻdakdir.

Eng ajib kunlarimiz –

hali biz yashamagan kunlardir.

Va senga aytmoqchi boʻlgan

eng ajib soʻzim

hali aytilmagan soʻzimdir.

 

2

Choʻkka tushdim, qarayapman tuproqqa,

maysalarga qarayapman.

Qoʻngʻizlarga qarayapman,

yashil-yashil gullar ochgan butoqlarga qarayapman.

Sen bahor tuprogʻi kabisan sevgilim,

senga qarayapman…

Chalqasiga yerga yotdim osmonni koʻrayapman.

Daraxtlarning butoqlarin koʻrayapman

Sen, bahor mavsumida

osmon kabisan sevgilim,

seni koʻrayapman…

Tunda qirda olov yoqtim,

olovga men tegaman,

suvlarga men tegaman,

emishga men tegaman,

kumushga belanaman.

Sen, yulduzlar tagida

yoqilgan bir olovsan, sevgilim,

senga taqilaman…

Men insonlar oʻrtasida yashayman,

sevaman insonlarni.

Harakatni sevaman.

Tafakkurni sevaman.

Kurashimni sevaman.

Sen kurashim ichida bir insonsan sevgilim,

seni sevaman.

 

3

Soat 21.

Maydon ustida soat jom urdi,

allaqayda yotoqlarning

eshiklari bekildi.

Bu gal mening bandiligim

sal uzoqqa choʻzildi:

sakkiz yil!

Yashamoq umidli bir ishdir,

sevgilim!

Yashamoq:

seni sevish qadar

jiddiy bir ish…

 

4

Seni oʻylamoq koʻp goʻzal yumush,

umidli yumush.

dunyoning eng xushxon ovozin,

eng shirin qoʻshigʻin eshitish kabi

lazzatli yumush…

Lekin, hozir umidning oʻzi.

Faqat umidgina yetmaydi menga,

men endi qoʻshiq tinglashni tugul,

qoʻshiq kuylashni istayman.

 

5

Oʻtgan kunlar xotirjam, qoʻmsamayman,

– faqat bir yoz kechasidan qatʼiy nazar, –

va koʻzimning soʻnggi marta lipillashi

kelgusidan keltiradi senga

xushxabar.

 

6

“Bolga toʻldi mum hujralari”,

yaʼni, koʻzlaring quyoshga toʻliq…

Koʻzlaring, sevgilim, koʻzlaring

ertaga yotsa-da tuproqda, –

oʻsha bol boʻlak bir mum hujralarin

toʻldirmoqda davom etgusi…

 

7

Tabiat – onamiz bir kun bizlarga:

– “Boʻldi, bas, jigarim,

Kulgilar, yigʻilar muhlati bitdi,

boʻldi, yetadi!

Alvido!” deydi.

Va keyin boshlanar tagʻin qaytadan

Cheksiz, chegarasiz, bilonihoya –

Soʻzlamas, tushunmas va koʻrmas hayot.

 

8

Chirimas oynaday tiniq qish kuni

top-toza olmaning etin tishlamoq!..

Bu – mening sevgilim, bir archazorda

erkin nafas olish baxtiga oʻxshar.

Seni sevishim ham shu taxlit, jonim!

 

YASHAMOQQA DOIR

 

Yashamoq, bu hayot degani.

Hayotda esa

maynabozliklar

sira ketmaydi.

Parijlik koʻp erkin boʻlmogʻi lozim,

masalan, olmaxon turmushi kabi.

Yaʼni, sen hayotning tashqarisida,

boʻlak bir narsani kutmaysan asti.

Yaʼni sening barcha intilishlaring

yashamoq,

yashamoq

boʻlmogʻi kerak.

Hayotda koʻp jiddiy yashamogʻing shart.

Va shu darajada, shu yoʻsindaki,

masalan, qoʻllaring bogʻlogʻliq boʻlsa,

devorga orqangni tayantirsalar,

yoxud kattagina koʻzoynak bilan

va oq koʻylak bilan

laboratoriyada

insonlik yoʻlida, insonlar uchun

oʻlmoq darkor boʻlsa oʻla olgaysan.

Ha, bashar yoʻlida, insonlar uchun,

hatto yuzlarini sen koʻrolmagan

insonlar uchun,

hatto hech kim senga bunday oʻlimga

Zoʻrlamay, qistamay turgani holda,

hatto eng chiroyli, eng shirin narsa

hayot ekanini bilganing holda

insonlik yoʻlida oʻlmoqdan qoʻrqma!

Yaʼni hayotingni shu qadar jiddiy,

shuncha ishonch bilan davom ettirki,

hatto yetmishlarga kirgan chogʻingda

xotirjamlik bilan zaytun ekkaysan.

Va bundan bolalar bahra koʻrar deb

oʻzingni chekkaga chiqarma, aslo!

Yoʻq, sen ham ishongin, u mevalardan

terib yemoqlikka.

Oʻlimdan qoʻrqma,

ammo, oʻlim bor deb ishonmagin ham…

 

Maqsud Shayoxzoda tarjimalari

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

https://saviya.uz/ijod/nazm/shu-damda-bexosdan-kelasan-yodga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x