Ultugʻan

Ultugʻanning boshiga ogʻir musibat tushdi, onasidan judo boʻlgani yetmaganday, otasi ham qazo qildi. Yor-birodarlar taʼziya bildirgani kela boshladilar. Motamning uchinchi kuni ham oʻtdi. Shundan soʻng hassakashlar birin-sirin uy-uylariga tarqaldilar-da, eng yaqin jigarlar Ultugʻanni yonlariga oʻtqazishib yupatgan, tasalli bergan boʻldilar:

− Chirogʻim, Ultugʻan, buyogʻiga endi sabr bersin. Oʻzingni qoʻlga ol. Otang ham, onang ham sendan rozi boʻlib ketishdi. Baraka top, asl farzandlik qilding. Aslo kam boʻlma. Oʻgʻil boladan ham ziyoda oqibat koʻrsatding.

Mana endi, Ultugʻan ikki xonali, motamsaro sukunat hukmron uyda yolgʻiz oʻzi qoldi. Uning xoʻrligi kelib, koʻzlaridan duv-duv yosh oqa boshladi. Holbuki Ultugʻan koʻzimda yosh qolmagan, deb oʻylardi. Yoʻq, hali koʻp koʻz yoshi toʻkadiganga oʻxshaydi. Takdir qaysi gunohi uchun bunchalar jazolayapti uni? Aybi qiz bola boʻlib tugʻilganidami? Ultugʻan ota-onasini jonidan ortiq koʻrsa-da, ularning baʼzi qiliqlaridan qattiq ranjirdi. Shunday donoyu oqila ota-onalari xurofot botqogʻiga botgandilar. Ular jaholat orqasida qiz koʻrishni xohlashmagan, oʻgʻillik boʻlishni istagandilar. Birdan-bir orzulari oʻgʻil oʻstirish edi. Koʻp yillar tirnoqqa zor ona nihoyat homilador boʻlgach, otaning boshi osmonga yetgan, ammo oʻgʻil emas, qiz tugʻilgandi. Kelgusida oʻgʻil koʻrish ilinji bilan qizga Ultugʻan ismi qoʻyilgandi.

Ota-onasining kasalvandliklari Ultugʻanni uyga ipsiz bogʻlab qoʻygandi. Vaqt oʻtishi qalin paxsa devorni ham nuratgani kabi kun sayin ota-onaning sogʻliklari puturdan ketib borardi. Yolgʻiz Ultugʻangina ularning issiq-sovuqlariga qarab turishi kerak. Qiz boyaqish nolimasdi. Axir oʻnta oʻgʻil bolaning ham oʻrnini bosa olishga ahd qilgan shu Ultugʻan emasmidi?! Qiz ota-onasining dillaridagini bir ishora bilanoq darhol ilgʻab olardi. U tongda bemorlarning dardi bilan uygʻonib, tunda ularning dardi bilan yotardi.

Ultugʻan ota-onasini oʻylab, kelgan sovchilarni ham qaytarib yuboraverdi. U har bir odamning manglayida bitilgani boʻladi, degan umidda vaqti kelib peshonasi yarqirashiga ishonardi…

Qani oʻsha peshonasining yarqirashi? Qachon baxti kuladi uning? Yoki chap berib ketganmikin tolei? Buyogʻi qariqiz boʻlib qolgan hisob. Kimga ham kerak endi qariqiz?

Ultugʻan shunday mungli xayollar ogʻushida qancha vaqt oʻtirganini oʻzi ham sezmadi. Tashqarida esa hayot oʻz maromida davom etyapti, devor ortidan odamlarning ovozi eshitilyapti, ular qandaydir yumush bilan bandlar. Banogoh eshik gʻirchillab, Ultugʻan sergaklandi. Kimdir tapir-tupir ichkariga kirdi-da, dahlizda turib qoldi. Ultugʻan taʼziya bildirgani kimdir keldi shekilli, degan xayolda koʻz yoshini artdi-da, oʻrnidan turib, chiroq piligini koʻtardi. Ammo kelgan odam bezovta qilmaslik uchun dahlizda turib qolgandek edi. Ultugʻan dahlizga chiqib, eshik bilan sandiq oraligʻida yashirinib turgan baland boʻyli odamni koʻrib qoldi.

− Kim u? − soʻradi havotirlanib Ultugʻan.

− Ultugʻan, qoʻrqma, bu men… Maydonman, − dedi aybsingan ohangda baland boʻyli odam.

− Ie, sizmisiz, nega bekinasiz bunaqa? Nima ishingiz bor edi? − koʻksiga tupurib qoʻydi Ultugʻan.

− Ultugʻan, iltimos, sekinroq… Jim. Anavi oʻtib ketsin.

Shu payt hovlidan ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqayotgan ayolning shangʻillashi eshitildi. Bu Maydonning xotini Sandibala edi. Ovulda unga yetadigan shallaqi topilmasdi. Jodugar deb laqab qoʻyishgandi Sandibalaga.

− Ha, yergina yutgur! Qaysi goʻrga berkinding?! Chiq buyoqqa, qorang oʻchgur! Chiq dedim! − Hovlini boshiga koʻtara boshladi Sandibala.

Maydonning qoʻrquvdan koʻzlari ola-kula boʻlib ketdi. U shu tobda uch bukilib, sandiqning tagiga kirib ketishga ham tayyor edi.

− Ultugʻan, oʻtinib soʻrayman, mening bu yerdaligimni unga aytma, xudo xayringni bersin! − yalinib-yolvordi rangi quv oʻchgan Maydon.

Shu payt eshik qasirlab ochildi-yu, qoʻlida oʻqlogʻ, sochlari toʻzigan Sandibala quyunday ichkariga otilib kirdi. Hang-mang Ultugʻan jonholatda Sandibalaning yoʻlini toʻsdi. Bu xonadondan yaqinginada oʻlik chiqqanini unutmagan Sandibala xiyol hovridan tushib, yigʻlay-yigʻlay xun boʻlib ketgan Ultugʻanga koʻzi tushgach, xijolat boʻlib:

− Maydon senikiga kirmadimi? − deb soʻradi.

− Yoʻq, kirmadi! − javob qaytardi Ultugʻan bir oz ikkilanib.

Sandibala nima qilarini bilmay garangsib qoldi, soʻng oʻziga-oʻzi gapirayotgandek: “Yergina yutgur, qayoqqa gumdon boʻldiykin yaramas?!” deya vaysagancha tashqariga yoʻnaldi. U koʻchada ham ovozi boricha erini qargʻay-qargʻay keta boshladi.

− Xotiningiz ketdi, chiqing endi! − dedi Ultugʻan qochoqdan ensasi qotib.

Maydon yashiringan joyidan chiqarkan, sovuq ishshaydi:

− Bir oʻlimdan qutqarib qolding-da meni, Ultugʻan! Sira esdan chiqarmayman bu qilgan yaxshiligingni. Koʻrding-ku, oʻldirib qoʻyishdan ham toymasdi u yosuman.

Maydonning koʻzlari boyqushnikiga oʻxshab sovuq edi. U Ultugʻanga yaqinlashgandi, ogʻzidan qoʻlansa aroq hidi anqidi. Kayfi taroq Maydon xotinini yomonlay boshladi, bundan Ultugʻanning gʻashi keldi.

− Koʻrgan kuningiz qursin! − deb yubordi u beixtiyor.

− Qanday bas kelib boʻladi unaqa shallaqiga? Gʻalchaning oʻzginasi, na yaxshi gapga koʻnadi, na yomon gapga. Uray desam, qoʻlim bormaydi, − nolidi Ultugʻanning gapini notoʻgʻri tushungan Maydon.

Ultugʻan oʻz gʻami bilan oʻzi boʻlgani uchun hozir yuragiga hech narsa sigʻmasdi.

− Boring, chiqib keting! − deya oldi u.

− Haydama, Ultugʻan! Yana bir oz haydama, − yolbordi Maydon.

Ultugʻanga endi bari bir edi, mast qochoq ketadimi-yoʻqmi, parvosiga kelmasdi. Ultugʻan eshikni yopgach, karovatga borib oʻtirdi-da, qoʻlini iyagiga tiragancha xayolga botdi. Ammo hozir uning avvalgi tushkunlik kayfiyati tarqab, oʻzini yolgʻiz his etmasdi. Faqat qattiq uyqu tortardi. Maʼraka kunlari toliqqani endi bilinmokda edi. Ultugʻan biror narsa tatib olishim kerak, degan xayolga borsa-da, ammo oʻrnidan turishga majoli yetmasdi. Nihoyat, u engil-boshini ham yechmay, oʻringa kirdi-yu, dong qotib uxlab qoldi.

U uygʻonganida tungi soat toʻrt edi. Shiftda xira chiroq hamon yonib turardi. Ultugʻanni yana yolgʻizlik dahshati qamrab oldi. U sukunatga diqqat bilan quloq tutdi. Hovlida xuddi Ultugʻanning yuragiga dalda bermoqchiday xoʻroz qichqirdi. Ultugʻan tirik mavjudot borligidan bir oz yengil tortdi. Banogoh u dahlizdan xurrak ovozi kelayotganini payqab qoldi. Ketma-ket kimdir yoʻtaldi. Ultugʻan Maydonni esladi, u xotini Sandibaladan qoʻrqib, sandiqning ortiga yashirinayotgani yodiga tushib, miyigʻida kulib qoʻydi. “Bechora, xotinidan ham shunchalik qoʻrqadimi?! Uyiga borolmay, shu yerda yotib qolgan boʻlsa kerak-da!”

Yolgʻiz emasligidan koʻngli taskin topgan Ultugʻan oʻrnidan turib, chiroqni oʻchirib qaytgach, deraza orqali tong yorishib kelayotganini tomosha qilib yotgan koʻyi yana koʻzi ilindi. Uyqu tushga ulandi… Ultugʻan zilol suvda choʻmilayotganmish. Koʻlmi, daryomi bilib boʻlmasmish. Suv iliq badanga xush yoqar, Ultugʻanni koʻtarib ketayotganmish. Suzishni bilmagan Ultugʻan avvaliga bir oz qoʻrqib turdi, keyin esa suv sathida oʻzini momiqdek yengil his etayotganini sezib qoldi. Qoʻllari bilan tanasi kumushdek tovlanarmish.

Deraza tagida chumchuqning qattiq chirqillashi Ultugʻanni uygʻotib yubordi. Kuyosh terak boʻyi koʻtarilib qolgandi. Ultugʻan oʻrnidan turib, kerishdi-da, koʻylagining gʻijim boʻlgan yerini tekislab, dahlizga chiqdi. Dahlizni qoʻlansa aroq hidi tutib ketgandi. Maydon ketib boʻlibdi. Ultugʻan aftini bujmaytirib, darhol eshik va derazalarni lang ochib tashladi, soʻngra boshqa ishlarga unnab ketdi: sigirni sogʻib, podaga qoʻshib keldi, samovarga olov tashladi. Avvallari unga yolgʻiz odamning hech qanday tashvishi yoʻqdek tuyulardi. Ultugʻan samovar oldida choʻqqayib, koʻrgan tushini esladi va qoramagʻiz qoʻllariga qarab turib, kulgisi qistadi. “Tavba, gʻalati tush-a!” deb qoʻydi oʻziga-oʻzi. Uning yolgʻizlikdan iborat dastlabki kunlari boshlangan edi. Ultugʻan oʻzini nima bilandir ovutishi kerak. Uch kundan keyin yana odamlar toʻplanib, marhum otasining maʼrakasi oʻtkaziladi. U yugurib-yelib, maʼrakaga tayyorgarlik koʻra boshladi. Maʼrakada odam koʻp yigʻildi. Kechqurun ovulga poda qaytayotgan vaqtda kelgan odamlar birin-sirin tarqaldilar. Ultugʻan uyda yana bir oʻzi qoldi. Yana tanholik azobi.

Ultugʻan bir-ikki kun yon qoʻshnisining oʻn yashar oʻgʻlini yonida olib yotdi. Bolakay shirinlikka oʻch, oʻziga yetguncha shum ekan. U Ultugʻandan qand-qurs soʻrar, ertak aytib berishni talab qilardi. Bolakay nihoyat nafsi qonib, keyin pish-pish uxlab qolardi.

Ultugʻan uning boshini silab, erkin nafas olishiga quloq solardi. Bolaning tushiga har xil oʻyinlar kirib, oʻzicha gʻuldirar, goh-goh oyoq-qoʻlini qimirlatib qoʻyardi. U birontaning ketidan quvar yoki oʻzi qochardi. Bolakaydan Ultugʻan allaqachon unutib yuborgan bolalarga xos chang va ter hidi anqirdi. Yana qandaydir notanish is ham bor. Bunday is hech qachon Ultugʻanning dimogʻiga urilmagan. “Oʻshanda Oʻroqqa tegsam, oʻgʻilmi-qizim shu yoshda boʻlardi”, deb qoʻydi fikran Ultugʻan. U Oʻroqni eslagan zahoti bir vaqtlardagi xotira yodiga tushdi. Ex, Oʻroq, Oʻroq! Shirin orzuga aylandi xolos u! Ultugʻanning koʻz oʻngida zabardast, baquvvat yigit gavdalandi. Kamgap edi Oʻroq. U indamay oʻtirar, qiziq biron gap eshitsa, faqat miyigʻida kulib qoʻyardi, xolos. Kulganda ham xuddi yoʻtalgandek “ihi-ihi” deb qoʻyardi.

Ultugʻan Oʻrokdan ilk bor maktub olganida juda hayratga tushdi. Maktubda yigit muhabbat izhor etgandi. Ultugʻan maktubning birinchi satrini oʻqiganidayoq buni Oʻroqning oʻzi emas, balki doʻstlaridan biri yozganligini faxmladi.

“Azizlarning azizi, oltindan ham qimmat, kumushdan ham vazmin Ultugʻanga!” − deb yozilgandi. Soʻng ishq – muhabbat toʻla soʻzlar shunday topib yozilgandiki, Oʻroqning bunday maktub yozolmasligiga kichkina bolaning ham aqli yetardi. Shunday boʻlsa-da, Ultugʻan maktubni oʻqirkan, yuragi duk-duk urib ketdi. U bu sodda yigitni, garchi qolgan qizlar uni mayna qilishsa ham pinhona sevib qolgandi. Ultugʻan oʻsha kuni kechqurunoq javob maktubi yozib, oʻzining ham Oʻroqqa koʻngli borligini sezdirdi. Shundan soʻng ular uchrasha boshladilar, qoʻl ushlashib, jimgina ovulning ovloq joylarida sayr etadigan boʻlib qoldilar. Qanday totli kunlar edi oʻsha kunlar! Oydin tunlar, yoqimli bahor, yoz oqshomlari… Kunlardan bir kuni Ultugʻan yigitga shunday dedi: “Oʻroq, oʻzingga maʼlum, ota-onam keksayib qolishgan, ular kasalmand. Men ularni tashlab ketolmayman. Rozi boʻlsang, kel, nikohdan oʻtamiz-da, biznikida yashay qolamiz, xoʻpmi?”

Oʻsha kuni Oʻroq qizning gapiga lom-mim deb javob qaytarmadi, shartta burilib, ketib qoldi. Shu-shu Oʻroq bir haftagacha qorasini koʻrsatmay yurdi. Keyin Ultugʻanga maktub yoʻlladi. Oʻroq maktubni boshqa odamdan yozdirib olgani koʻrinib turardi. “Quyonni qamish halok qiladi, yigitni esa nomus”. Maktub shunday soʻzlar bilan boshlangandi. Keyin Oʻroqning nomidan u xuddi uy-joyi yoʻq, koʻchada qolgan darbadarday ichkuyov boʻlishni xohlamasligi aytilgandi. “Ichkuyovlik nomusidan oʻlganim yaxshiroq”, deyilgandi maktub soʻnggida.

Ultugʻan maktubni oʻqib chiqqach, oʻksinib-oʻksinib yigʻladi-da, qogʻozni mayda-mayda qilib yirtib tashladi. Shunday qilib, ilk muhabbat barham yedi. Ultugʻan alamini ichiga yutib, bu toʻgʻrida hech kimga churq etib ogʻiz ochmadi. “Ilojim qancha, vaqti kelib, munosib odam topilib qolar”, deya oʻzini oʻzi yupatdi u.

Mana shu paytgacha oʻsha “munosib odam” topilmay kelayotir. Umr esa, oqar suvday gʻizillab oʻtib boryapti… Oʻroq oʻsha yiliyoq uylanib oldi. Hozir oltita bolasi bor. Ultugʻan goho Oʻroqqa duch kelib qoladi. Oʻroq kolxoz fermasida mudir. Ultugʻan uning yoniga borib, suhbatlashishni juda-juda istaydi-yu, ammo sira yuragi dov bermaydi…

Ultugʻan qanchalik oʻzini yupatmasin, bari bir yolgʻizlik suyak-suyagidan oʻtib borardi. Kunduzlari baharnav, biror ermak topiladi, ammo qosh qoraydi deguncha, Ultugʻanning koʻngliga gʻulgʻula tusha boshlardi. Koʻziga uyqu ilina qolmas, tiq etgan tovushdan ham choʻchib tushar, tinimsiz xayol surgani-surgandi. Mana, bugun Ultugʻan endi oʻringa yotmoqchi boʻlib turgan ham ediki, dupir-dupir qadam tovushi eshitilib, kimdir eshikni ochdi. Ultugʻan dahlizga otilib chiqib, kayfi baland, bazoʻr oyoqda turgan Maydonni koʻrdi.

− Bu qanaqasi, nega tunda uyimga bostirib kirasiz? Nima kerak sizga? − jerkib soʻradi Ultugʻan.

Maydon miq etmay, ishshayib turaverdi.

− Chiqing bu yerdan! Qorangizni koʻrmay uyimda! Qani, joʻnang!

Maydon qoqqan qozikday joyidan qimirlamadi. Kamoli gʻazabi qoʻzigan Ultugʻan devordagi osigʻliq qamchini olib, Maydonning gardaniga tushira ketdi:

− Mana boʻlmasa, mana boʻlmasa, basharang qursin seni!

Maydon qamchi zarbiga ham dosh berib, hamon qimirlamay turaverdi. U boʻynini yelkalari orasiga qisib olgandi.

− Odam ham shunaqa shilqim, surbet boʻladimi-a?! Chiq dedim uyimdan, xudo hayringni bersin! − yolvorishga oʻtgan Ultugʻan noiloj qamchinni nari uloqtirib yubordi. Maydon boʻlsa, shartta yerga gʻujanak boʻlib oʻtirdi-da, hoʻngrab yigʻlay boshladi. Ultugʻanning Maydonga rahmi kelib ketdi. “Tavba, oilasi, bola-chaqasi boʻlsa ham mendan battar baxtsiz odam ekan-da bu!” degan fikr kechdi uning xayolidan.

Maydon keng kafti bilan goʻyo koʻz yoshini sidirib tashlamoqchi boʻlganday, yuzlarini artdi-da, soʻng ketishga chogʻlanib turdi.

− Yarim kechada qayoqqa borasan? Mayli, shu yerda tunay qol, − dedi picha jahlidan tushgan Ultugʻan. Keyin u ichkaridan koʻrpa bilan yostiq olib chiqqach, dahlizda Maydonga joy solib bera turib:

− Buguncha yot, lekin barvaqt turib ketgin, yana bitta-yarimta qorangni koʻrib qolmasin, − dedi.

Ultugʻan bu oqshom birinchi bor xotirjam uxladi. U tunda qoʻrquv nimaligini bilmay tong ottirdi.

Ultugʻanning dilidan Maydon oxiri xotini bilan ajrashib, menikiga boshpana soʻrab kelib qoladi-yov, degan fikr tez-tez kechadigan boʻlib qolgandi. Darhaqiqat, uch-toʻrt kun oʻtgach, Ultugʻan kechki taomdan soʻng mayda-chuyda yumushlarini bitkazarkan, endi oʻringa yotmoqchi boʻlib turgandi, shu payt Maydon kirib keldi. U koʻp ichganmi yoki qattiq yigʻlaganmi, koʻzlari qip-qizil edi. Yoʻq, ichmagan ekan. Kayfi yoʻqligi shundoqqina sezilib turibdi.

− Kechir meni, Ultugʻan… uzr… Hoynahoy, kelganimga jahling chiqayotgan boʻlsa kerak. Qandoq qilay axir?.. Boʻlak boradigan joyim boʻlmasa, − dedi shikasta ovozda Maydon.

− Kel, oʻtir, − taklif etdi Ultugʻan suyunganini bazoʻr bosib. Soʻngra shartta borib derazani yopdi.

− Choy ichasanmi?

Maydon indamay bosh silkib qoʻydi. “Tavba, xuddi yigʻlayverib, xun boʻlib ketgan bolaga oʻxshaydi-ya”, deya xayolidan oʻtkazdi Ultugʻan. Maydon keltirilgan choyni xoʻrillatib icha boshladi. Oxiri nafsi qondi shekilli, piyolani nari surib qoʻyib, xona devorini koʻzdan kechirarkan, nigohi beixtiyor devordagi osigʻliq ayol suratiga tushdi. Ayol Ultugʻanning onasi edi.

− Onang ajoyib ayol edi, joyida tinch yotsin. Ovqatlarini mazza qilib yerdim. Esizgina… E, gap ovqatda emas… − dedi Maydon xayolga tolib.

Bu gapdan koʻngli buzilgan Ultugʻan yigʻlab yubordi. Maydon ham koʻziga quyilib kelgan yoshni artdi. Ular bir-birlariga tasalli berib, dardlashdilar. Ultugʻan oʻzining yolgʻizligidan noliy boshladi. Maydon boʻlsa, ota-onasining xohishi bilan Sandibalaga uylanib, turmushi azobda oʻtayotganini aytdi. Ular oʻzaro hasratlasha-hasratlasha tong ottirdilar. Shu kundan boshlab Maydon Ultugʻannikiga kunda keladigan odat chiqardi. U Ultugʻanning yoniga kayfsiz, mutlaq hushyor keladigan boʻlib qolgandi. Ikki omadi chopmagan bechoralar kabi ularning sira suhbatlari adogʻ boʻlmasdi.

Kunlardan bir kuni Maydon chiqib ketgach, Ultugʻanning miyasiga bexosdan: “Maydon ajoyib, moʻmin-maʼqul, yuvosh-a! Unga koʻngil qoʻyib qolmasamiydi…” − degan fikr urildi. Ultugʻan Maydon haqida tez-tez oʻylaydigan boʻlib qoldi. Xoʻsh, Maydon-chi, u yoqtirarmikin Ultugʻanni? Aslini aytganda, ular oʻrtasidagi munosabatini faqat doʻstlikkina deb boʻlmasdi.

Bir kuni ular odatdagidek, yarim tungacha gaplashib oʻtirishdi. Oxiri Maydon kutilmaganda:

− Ultugʻan, men seni yaxshi koʻrib qoldim, − deb qoldi. Avvaliga u bu gapni tortinibroq aytdi, keyin dadil izhor etdi dil rozini: − Sen men uchun jonimdan ham ortiqsan!

Ultugʻanning aʼzoyi badani jimirlab ketdi, u bir ogʻiz gapirishga ham madori yetmay, Maydonning qoʻlini olib yuziga bosdi. Ultugʻanning yuzi lov-lov yonar, boshi aylanardi. Maydon qiz tomon yaqinlashib, ikkinchi qoʻli bilan uni bagʻriga tortdi-da, yuzidan boʻsa oldi. Dam oʻtmayoq bu ikki jismga oʻt ilashdi…

− Maydon… keragi yoʻq… yoʻq… yoʻq… toʻxta… − yolvorardi Ultugʻan hansirab.

− Ultugʻan, bebahoyim, joni-jahonim… − deyardi Maydon ham yuragi qinidan chiqqudek boʻlib.

Qiz qarshilik qilmay yigitning quchogʻida toʻlgʻanar, Maydon entikkan koʻyi Ultugʻanni erkalarkan, uning yonoqlari, lablari, peshonasi va koʻzlaridan ketma-ket boʻsa olardi…

Maydon ikki kecha Ultugʻannikida qolib ketdi. Sevishganlar hamma narsani unutib, faqat bir-birlari haqida oʻylardilar. Ularni intiq, uzoq kutilgan baxtli visol sarxush etgan, biror kimsa taʼqibi ham, taʼna toshlari otishi ham parvolariga kelmasdi. Ular qorongʻi xonada bir-birlarining ogʻushlariga kirib yotar ekanlar, barcha uchrashuvlari va oralarida boʻlib oʻtgan gaplarni eslashar, baʼzi noshudliklari, pirovardida bundayin bir tan-bir jon boʻlib ketishlarini bilmaganliklarini shivirlashardilar. Birinchi kundayoq jiddiy suhbatlashib olsalar, jahl ustida ora ochiq boʻlar, umrbod yuz koʻrmas boʻlib ketishlari mumkin edi. Hozir, mana, taqdir ularni birlashtirdi. Maydon anchadan buyon Ultugʻanga oshiq boʻlib yurganini tan oldi.

Ikkinchi kuni tunda ular ishrat gashtini surib, olam tashvishini unutib yotgan paytlarida, nogahon eshik qattiq taraklay boshladi. Eshikni ketma-ket taraqlatayotgan Maydonning xotini Sandibala edi.

− Ultugʻan, hoy Ultugʻan! Eshikni och, manjalaqi! − deya ovozining boricha shangʻillardi Sandibala eshikning turumini buzgudek boʻlib.

Oʻzlaridan boʻlak hamma narsani unutishgan Maydon bilan Ultugʻan qoʻrqib ketib, taxtadek qotib qoldilar.

Eshik hamon tinmay taraqlardi. Sandibala endi eshikni temir bilan urayotgan edi.

− Nima qilish kerak? Eshikni ochsammikin? − vahima bilan soʻradi Ultugʻan.

− Jim… Ovozingni chiqarma…

Sandibala eshikni taqillatishidan natija chiqmagach, deraza tomonga oʻtdi, − u Ultugʻanning goʻriga gʻisht qalab, ogʻziga kelgan yomon soʻzlar bilan uni haqorat qila ketdi. Sandibalaning tili kilichdek oʻtkir va zahar edi. Ultugʻanni odam zoti chidab turolmaydigan soʻzlar bilan haqorat qilardi u. Ultugʻanni umri bino boʻlib hech kim bunday haqorat qilmagandi. Sandibalaning gapiga ishongan odam bu dunyoda Ultugʻandek buzuq ayol yoʻq deb oʻylardi. Ultugʻan otasining oʻlganiga hali hech qancha vaqt boʻlmay, boʻsh-bayov erkaklarni yoʻldan urayotgan fohisha emish!

Sandibalaning har bir haqoratli soʻzidan Ultugʻan xuddi qattiq qamchi zarbi yeganday bir seskanib tushardi. Sandibala esa hamon vaysashdan toʻxtamasdi:

− Eshityapsanmi, hoy, gʻar… Qani, erimni qoʻyningdan chiqarib yubor hoziroq! Boʻlmasa, oynalaringni chil-chil qilib tashlayman! Eshityapsanmi? Hali qarab tur, koʻradiganingni koʻrasan, xotinchalish Maydon! Boshingga it kunini solmasam, otimni boshqa qoʻyaman!

Ultugʻan bilan Maydon churq etmayotganlaridan battar gʻazabi qoʻzigan Sandibala derazani ochishga urina boshladi. Qoʻrquvdan, nohaq haqoratdan dir-dir titrayotgan Ultugʻanning qulogʻiga deraza oynalarining sharaqlab singan ovozi eshitildi. Ultugʻan bilan Maydon oʻrinlaridan sapchib turdilar-da, bir-birlarini turtib-surtib, qorongʻida har yoqda sochilib yotgan kiyimlarini topib, apil-tapil kiyina boshladilar.

− Mana, mana, senlarga! − jazavasi tutgan Sandibala oyna siniqlarini jahl bilan ichkariga itqita boshladi.

Nihoyat, Sandibalaning hansirab nafas olishi, oyna siniqlarining oyogʻi ostida qarsillashi yaqqol eshitila boshladi.

− E-ha, senlarga bu ham kamlik qilyaptimi? Mana boʻlmasa!.. − deya Sandibala qolgan deraza oynalarini ham sindira boshladi. U hamma oynalarni sindirib boʻlgach, boshini derazadan ichkariga tiqdi-da:

− Ana endi istaganlaringcha yalab-yulqashib yotaveringlar, benomuslar! − deya oʻz yoʻliga ketdi.

Sandibalaning qadam tovushi uzoqlashdi, koʻchani boshiga koʻtarayotgan ovoz oʻchib, atrofga jimlik choʻkdi. Muzdek shamol deraza koʻzlaridagi pardalarni yelpitardi.

Maydon bilan Ultugʻan boʻlib oʻtgan mojarodan soʻng ancha paytgacha dovdirab, oʻzlariga kelolmay qoldilar. Nihoyat, sergak tortgan Maydon ketishga shaylangan edi, Ultugʻan unga mahkam yopishib oldi:

− Hech qayoqqa ketmaysan! Seni qoʻyib yubormayman! − dedi u yigʻi aralash.

Maydon ketish niyatidan qaytib, turgan joyida tek qotdi. Oshiq-maʼshuqlarning hozir chiroq yoqsa dillari yorishmasdi. Togʻ tomondan salqin shabada esa boshladi. Ultugʻan qoʻl uzatib adyol oldi-da, uni oʻzi bilan Maydonning yelkasiga tashladi.

Asta-sekin tong yorishib, xonadagi narsalar koʻzga tashlana boshladi. Maydon bilan Ultugʻan bir-birlariga tikildilar; ularning yuzlari xorgʻin tus olgan, koʻzlari ich-ichiga tushib ketgandi. Maydon Ultugʻanning yelkasidan quchdi.

− Bugun ovulda rosa shov-shuv boʻladi-da. Odamlarning koʻziga qanday qarayman endi? Uyat! Qanday sharmandagarchilik! − shivirladi Ultugʻan qoʻllari bilan yuzini berkitib yigʻlarkan.

− Qoʻy, yigʻlama, − iltijo qildi Maydon.

− Xoʻp, yigʻlamayman. Meni tashlab ketmaysanmi, Maydon? − soʻradi Ultugʻan umidsiz ohangda.

− Yoʻq, hech qayerga ketmayman.

− Aldayapsan, ketib qolasan, sezib turibman!

− Jonim, aytdim-ku senga, ketmayman deb! Yotib bir oz damingni ol.

Shundan soʻng Maydon ishga ketdi.

Uyda yolgʻiz qolgan Ultugʻan oʻzini chalgʻitishga harakat qila boshladi. Tong gʻira-shirasida sigirni sogʻdi – da, oʻzi podaga qoʻshilib ketar deb koʻchaga haydab chiqargach, nonushta ham qilmay shartta oʻrniga qaytib yotib oldi.

Choshgoh payti eshik taqilladi, ammo Ultugʻan oʻzini eshitmaslikka solib, yanada qattiqroq burkanib yotaverdi. Eshik taqillatgan odam singan oyna parchalarini gʻichir-gʻichir bosgan koʻyi yaqinlashib, deraza koʻzidan ichkariga bosh suqdi:

− Xoy, uyda birorta odam bormi oʻzi?

Ultugʻan keksa oynachini tanib, boshini koʻtardi.

− Ex-xa, shu yerda ekansan-ku! − dedi oynachi. − Meni oynalaringni solishga yuborishdi. Kim bunday chil-chil sindirdi oynalarni? − Soʻngra u qandaydir qoʻshiqni xirgoyi qilib, ishga kirishib ketdi. Ultugʻan boʻlsa, hammayogʻidan tamaki hidi anqiyotgan Ivan oynachidan uni kim joʻnatganini ham soʻramadi. Endi unga hech narsaning qizigʻi yoʻq, oʻzi holi boʻlsa bas edi.

Keksa Ivan amaki ishni bitirib, uydan chiqib ketdi. Ultugʻanning xiyol koʻngli aynir, eti uvishib, boshi tars yorilgudek ogʻrir, toʻyib-toʻyib yigʻlagisi kelardi. “Kasal boʻlib qolmadimmikan? − deb qoʻydi ichida u. − Maydon qaytib kelarmikin yoki butunlay ketib qoldimikin?”

Quyosh botib, qosh qoraya boshladi. Nihoyat, zimiston qorongʻilik choʻkdi. Oʻrinda yotgan Ultugʻan qimirlagisi kelmas, bosh ogʻrigʻi battar kuchaygan edi. U peshonasini mahkam bogʻlab, yana oʻringa choʻzilarkan, miyasiga nuqul: “Keladimi yoki yoʻqmi?” degan savol urilar va shu zahoti: “Yoʻq, kelmaydi!” javobi yangraganday boʻlib, qattiq xoʻrligi kelardi.

Ultugʻan garchi sergak yotgan boʻlsa-da, negadir dahliz eshigi ochilganini sezmadi. Tuyqus qadam tovushi eshitildi-yu, chiroq yoqildi. Ultugʻanning tepasida Maydon turardi.

− Nega kelding? Nega? Ket! Hoziroq ket! − qichqirdi Ultugʻan va shartta oʻrnidan turib, yigitning boʻyniga maxhkam yopishdi. Ayni damda Maydon maʼshuqasining ogʻushidan qutulib chiqishi amrimahol edi.

− Yoʻq, yoʻq, Maydon. Hech qayerga ketmaysan, hech qayoqqa qoʻyib yubormayman seni!

Maydon Ultugʻanning asab torlari taranglashib ketganini tushundi. Nihoyat, u Ultugʻanni qoʻlida koʻtarib, oʻrniga olib borib yotqizdi… Ishrat nashʼasidan sarxush sevishganlar hamma narsani unutishgan, yutoqib bir-birlariga talpinardilar…

Tunda ular tagʻin Sandibalaning baqir-chaqiridan uygʻonib ketishdi, es-xushlarini yigʻib olishga ulgurmayoq oyna sharaqlab sindi-da, xonaga tosh yogʻila boshladi. Maydon oʻrnidan sakrab turib, koʻchaga otildi. Oradan bir daqiqa oʻtgach, Ultugʻanning qulogʻiga:

− Voy-y-voy-y, qutqaringlar! Oʻldirib qoʻyadi! − degan Sandibalaning faryodi eshitildi. Birpasda hammayoqni tapir-tupur odamlarning shovqin-suroni, itlarning hurishi bosib ketdi. Bu shovqin-suron qanday tez boshlangan boʻlsa, yana shu kabi tez tindi. Lekin Maydon Ultugʻanning yoniga qaytib kirmadi. Ayol tong otguncha mijja qoqmay chiqdi. Uning janjal nima bilan tugaganiga aqli yetmasdi. Balki Maydon Sandibala bilan yarashib ketgandir? Axir aytishadi-ku, “er-xotinning urishi − doka roʻmolning qurishi” deb. Nahotki Maydon endi bir umr qaytib kelmaydigan boʻlib ketgan boʻlsa? Ultugʻan iztirobli oʻy-fikrlardan oʻzini chalgʻitish maqsadida oʻrnidan turib, uy ishlariga unnadi. Uyni supurdi-sidirdi, toshlarni, singan oynalarni tashqariga olib chiqib tashladi.

Ertalab kolxoz idorasidan pochtachi keldi. Rais chaqirtirganini eshitgan Ultugʻanning yuragi orqasiga tortib ketdi. U idoradagi odamlar oldida izza boʻlishni sira-sira istamasdi. Begona odamlarga qanday qilib Maydonni yoqtirishini aytadi.

− Bormayman! − jahl bilan javob qaytardi Ultugʻan pochtachiga.

Keksa pochtachi bir narsa demoqchi boʻlib labini juftladi-yu, lekin Ultugʻanning hozirgi vajohatidan unga hech qanday soʻz taʼsir qilmasligini koʻrgach, tashqariga yoʻnaldi. U ostona hatlayotib, loqaydgina:

− Hozir militsiya keluvdi… Maydonni rayonga olib ketishdi, − dedi.

− Nima uchun? − kapalagi uchib soʻradi Ultugʻan.

Pochtachi “oʻzing bilsang kerak” deganday koʻzlarini katta-katta ochib Ultugʻanga qararkan, izoh berishga oʻtdi:

− Tunda xotinini kaltaklabdi. Uning hammayogʻi momataloq boʻlib ketibdi. Maydonni qamashsa kerak. Tavba, nega uradi, a? Hozir xotinlarni uradigan zamonmi, axir…

Pochtachi gapini oxiriga yetkizmay, qoʻl siltab chiqib ketdi. Bu xabar Ultugʻanni dahshatga soldi U oʻzini qoʻyarga joy topolmay uy ichida uyoqdan-buyoqqa yurar ekan, dam-badam oʻziga-oʻzi: “Nobud boʻldi, nobud boʻldi”, − derdi. U tuyqus negadir tashqariga yugurib chiqdi-da, yana qaytib ichkariga kirdi. Soʻng u samovar qaynayotganini eslab, undagi olovni oʻchirdi. Hozir choy ichishga balo bormi? Qayoqqadir borib, kimdandir yordam soʻrash kerak. Xoʻsh, kimdan soʻrash kerak oʻsha yordamni? Maydonga kim ham yordam berardi deysiz?..

Bundan bir oy muqaddam Ultugʻandan: “Senga Maydon yoqadimi?” deb soʻrasalar, hoynahoy u: “Voy, turqi qursin, uning nimasi yoqsin? Naynov, besoʻnaqay, qachon qarasang, ichgani-ichgan, yurish-turishining tayini yoʻq, koʻzi oʻlgan qoʻyning koʻziga oʻxshaydi”, − deb javob qaytargan boʻlardi. Hozir esa, Maydon Ultugʻan uchun eng aziz, eng qadrli, undan yaxshi inson yoʻq edi.

Ultugʻan apil-tapil otlandi-da, bir tugun yegulik bilan avtobusda rayon markaziga yoʻl oldi. Benzin hidi anqiyotgan avtobusning ichi hammomdek issiq, dim, yoʻlovchilar qaro terga botib ketishgandi. Ammo Ultugʻan buni sezmasdi. U yoʻl boʻyi Maydonni qanday qilib qutqarish rejasini tuzib borardi. U militsiyaxonaga yetgach: “Maydonni qoʻyib yuboringlar, unda hech qanday gunoh yoʻq, hamma ayb menda, meni qamanglar!” deb aytadi. U toʻppa-toʻgʻri militsiya boshligʻining oldiga kiradi-da, hammasini bir boshdan gapirib beradi. Qanday qilib yolgʻiz oʻzi qolganini va Maydon bilan qanday topishganini ochiq aytadi. U Maydonni qoʻyib yubormagunlaricha militsiya boshligʻining huzurida yigʻlab oʻtiraveradi. Maydonning oʻrniga uni qamab qoʻya qolsinlar. Jinoyat sodir boʻlsa, kimdir jazolanmay qolmaydi.

Ultugʻan avtobusdan tushgach, odamlardan militsiya binosi qayerdaligini bilib oldi. Yozning jazirama issigʻi asfaltni bilqillatib yuborgandi. Tuflining tagi xuddi pashsha shiraga yopishganday asfaltga chip-chip yopishib qoladi. Havo nihoyatda issiq va dim. Negadir Ultugʻanning koʻngli ayniy boshladi. Oʻzini gʻalati xis etdi. “Nima balo, boʻyimda boʻlib qolganmikan?” degan oʻy miyasiga yashindek urildi. U homilador ayollar oʻzlarini qanday xis etishlarini eshitgandi. “Yo tavba, nahotki boʻyimda boʻlib qolgan boʻlsa?” Ultugʻan vaqt oʻtib ketayotganini sezib, qadamini yanada jadallatdi. Boshdan uning ishi yurishmadi. Militsiyaga qoq tush payti yetib keldi. Boshliq qayergadir ketgan ekan. Ultugʻanni qorachadan kelgan, koʻzlari chaqnoq yosh navbatchi yigit kutib oldi. Ayol Maydonning oldiga kelganligini eshitgach, militsiya yigit birdan tusini oʻzgartirib:

− Sen unga kim boʻlasan? Hoynahoy xotinidirsan? − dedi sensirashga oʻtib.

Ultugʻan oʻzini kim deb aytishni bilmay, dovdirab qoldi, na “ha”, na “yoʻq” deyishga tili aylanmasdi. Ammo bu yerda indamay turishning iloji yoʻq edi. Ultugʻan sezilar-sezilmas bosh qimirlatganday boʻldi. Ammo navbatchi yigit Ultugʻanning ishorasini “ha” degan maʼnoda tushundi.

− Xoʻsh, demak… − choʻzib dedi u. − Demak, eringni koʻrmoqchisan, shundaymi?

− Ha, − eshitilar-eshitilmas javob qaytardi Ultugʻan.

Militsioner yoʻtalib qoʻydi-da:

− Qamokda saqlanadigan fuqarolar bilan uchrashish qatʼiyan man etiladi, − dedi rasmiy ohangda.

− Yoʻq, yoʻq, men boshligʻingiz bilan gaplashmoqchiman. Unga bor gapni aytib bermoqchiman. Maydonda ayb yoʻq!

− Hoy xotin, boshliqning boshini qotirma! Sensiz ham ishi boshidan oshib yotibdi. Siz xotinlarga tekkan kasal shu: eringiz gʻiring desa, “voy urdi, voy soʻkdi!” deb shikoyat qilasizlar, keyin, “u aybdor emas”, deb obidiyda qilasizlar. Nima, militsiya sizlarga oʻyinchoqmi?

− Axir u meni urgan emas!..

− Boʻlsa bordir. Boʻpti, ovulingga ketaver. Oʻn besh sutkadan keyin oʻz oyogʻi bilan yoningga kirib boradi, − dedi militsioner shartta, soʻng gap tamom deganday taxta toʻsiq ortiga oʻtib ketdi.

Ultugʻan tashqariga chiqdi-da, zinapoyaga oʻtirib, boʻlim boshligʻining qaytishini kuta boshladi; nihoyat, tushlik ham tugadi, oradan bir-ikki soat vaqt oʻtdi, lekin militsiya boshligʻidan hamon darak yoʻq edi. U har bir pogon takkan militsionerga, “siz boshliqmisiz?” degan savolni berardi, lekin ular kulib: “Yoʻq, hali boshliq boʻlganimizcha yoʻq”, − deb javob qaytarishardi. Nihoyat, navbatchi yigit derazadan boshini chiqarib baqirdi:

− Hoy xotin, boshliqni bekorga kutib oʻtiribsan. Oʻrtoq mayor viloyat markaziga ketgan. Ikki kundan keyin keladi, undan oldin kelmaydi. Gapimga ishonmaysanmi? Mana, hozir uning oʻzi qoʻngʻiroq qildi.

Militsioner Ultugʻanning ishonmayotganligini sezib, uzun simli telefon trubkasini derazadan chiqarib koʻrsatdi.

− Mana, hozir gaplashdim!

Ultugʻan hech bir natija chiqarolmay, horib-charchab, kechki avtobus bilan ovulga qaytib keldi.

Yarim tunda Ultugʻanning nazarida kimdir derazani asta, ehtiyotkorlik bilan chertayotgandek tuyuldi. Ultugʻan shartta oʻrnidan qoʻzgʻalib, karavotda oʻtirib oldi-da, diqqat bilan qorongʻilikka tikildi. Uning yuragi xapriqib, duk-duk ura boshladi. Xona ichi suv quygandek jimjit. “Tushimda shunday tuyulgandir”, hafsalasi pir boʻlib oʻyladi Ultugʻan. Ayni shu daqiqada deraza oynasi yana ehtiyotkorlik bilan chertildi.

− Ultugʻan, bu menman…

Ultugʻan oʻqday otilib borib eshikni ochgani va Maydonning bagʻriga tashlanganini oʻzi ham sezmay qoldi. U Maydonni quchgancha ostonada turaverdi. Kimdir koʻrib qolishidan ham istihola qilmasdi hozir Ultugʻan.

− Shoshma, Ultugʻan. Uyga kiraylik. Hammayogʻim chang, kir-chir. Yoʻlda iflos boʻlib ketdim, − dedi xijolatda Maydon.

− Kir-chir, chang deysanmi? Boʻlsa boʻlar! Qoʻyaver! Qoʻyaver!..

Ultugʻan Maydonning yuz-koʻzidan, boʻynidan choʻlp-choʻlp oʻpardi.

− Kir-chir boʻlsang ham bari bir seni oʻpaveraman! Bilasanmi, seni shundayam sogʻinib ketdimki! Seni oʻylayverib, jinni boʻlayozdim!..

Nihoyat, ular dahlizga kirishib, ancha vaqt bir-birlaridan ajralolmay turdilar.

Uy ortidagi saroyda xoʻroz qanot yozib qichqirdi…

− Ultugʻan, qoʻyib yubor, yuvinib olay!

− Hozir, hozir suv isitib yuboraman. Seni oʻzim choʻmiltirib qoʻyaman.

Ultugʻaning oyogʻi olti, qoʻli yetti boʻlib ishga kirishib ketdi. U zumda qozonning ostiga oʻt yoqib, suv isitdi. Soʻng Maydonning qarshilik qilishiga va uyalishiga qaramay uni yechintirdi-da, xuddi toʻngʻich boladek choʻmiltira boshladi.

− Bechoraginam, ilgariyam semiz emas eding-ku, lekin hozir qovurgʻalaring sanalib qolibdi-ya! − derdi sochiq bilan Maydonni artar ekan.

Maydon endi qarshilik qilmay, itoatgoʻylik bilan jimgina turardi. Ultugʻan unga otasidan qolgan koʻylak va shimini kiydirib qoʻydi-da, Maydonning kir-chir kiyimlarini yuvishga tutindi. U kir yuvaturib, dam-badam Maydonga qarab-qarab qoʻyardi. Maydon ham Ultugʻandan koʻz uzmas, uning har bir harakatini kuzatib oʻtirardi. Maydonning sochi taqir qilib oldirilgan, yuzi chakak-chakak boʻlib ketgandi. Faqat uning koʻzlari maftunkor, yoshlarga xos porlab boqardi.

− Yotib, bir oz damingni ol, − dedi Ultugʻan.

− Kutib turaman, birga yotamiz.

− Qanday kelding?

− Yayov kelaverdim.

− Yo tavba, rayondan shu yergacha piyoda keldingmi? − vahima bilan soʻradi Ultugʻan.

− Kechqurun qoʻyib yuborishdi. Oxirgi avtobus ketib qolgan ekan. Qarasam, ertalabgacha kutish foydasiz, ustiga-ustak, yonimda sariq chaqa ham yoʻq edi. Shuning uchun ham yayov kelaverdim.

− Qorning ham ochib ketgandir?

− Sal-pal.

Ultugʻan kirlarni apil-tapil yuvib boʻlgach, samovarga oʻt tashlab, dasturxon yozdi. Bor yeguliklarni dasturxon ustiga toʻkib tashladi. Bu gal Ultugʻanga damlagan choy juda totli tuyuldi: ular uzoq vaqt suhbatlashib oʻtirib, choy ichdilar. Ertalabga yaqin Ultugʻan sigirni sogʻdi-da, koʻchaga qoʻyib yubordi. Soʻng eshikni tashqaridan qulflab, uyga derazadan oshib tushdi.

− Meni uyda yoʻq, qayoqqadir ketgan deb oʻylashsin. Boʻlmasa, tinchlik berishmaydi, − deb tushuntirdi u hayron boʻlib turgan Maydonga.

Shundan soʻng ular ancha vaqt visol lazzatini sura-sura, oxiri uxlab qolishdi, tungi soat oʻn ikkilarga yaqin uy oldiga otliq odam kelgandagina koʻz ochishdi.

Otliq eshik oldida bir-ikki aylandi, Ultugʻan Sogʻinboyning ovozini tanidi.

− Hoy, xola, Ultugʻan qayerga ketgan? − deb soʻradi u qoʻshni kampirdan.

− Kim biladi deysan? Ertalabdan buyon eshik qulf, − javob qaytardi kampir.

− Yana rayonga ketgan boʻlsa kerak! − gʻuldiradi brigadir, soʻng oʻziga-oʻzi javob qaytardi: − Rostdanam rayonga ketganga oʻxshaydi. Tavba, u butunlay esini yoʻqotib qoʻyibdi, − dedi-da, otini yoʻrttirib ketdi.

Ultugʻan bilan Maydon qoʻshni kampir hamda brigadirni boplab laqillatganlaridan miriqib kuldilar. Soʻng bir-birlarining pinjlariga kirgan koʻyi tagʻin uyquga ketdilar. Navbatdagi bu uchrashuvning oqibati nimaga olib kelishini ular mutlaqo xayollariga ham keltirmas edilar.

− Qamoqxonada qiynalgandirsan-a? − soʻradi oʻrinlaridan turishgach Ultugʻan.

− Nimasini aytasan. Birinchi tuniyoq oʻzimni oʻldirgim keldi. Soʻri ostidan bir tigʻ topib oldim-da, yashirib qoʻydim. Hamma uxlaganda tomirimni kesib tashlashga qaror qildim. Bunday sharmandagarchilikdan oʻlganim yaxshi-da axir!

− Ogʻzingdan shamol uchirsin, bunday dema!..

− Hammasi orqada qoldi, Ultugʻan. Seni oʻylab, tigʻni tashlab yubordim. Ultugʻan, oʻlishga haqqim yoʻq. Chunki dunyoda sen borsan, sevgilim! Boshingga kulfat tushgandagina dunyoda eng aziz inson kim ekanligini tushunar ekansan.

Bu uzun va baxtli kun shu alfozda oʻtdi. Tunda ovul uxlab, koʻchada hech zogʻ qolmaganda Ultugʻan derazadan oshib, tashqariga chiqdi-da, eshik qulfini ochdi va uy-roʻzgʻor ishlariga unnab ketdi: sigirini sogʻdi, ariqdan suv olib keldi. Maydon ham tinch turmay unga yordamlashdi; oʻtin yorib, erkaklar qiladigan ishni bajardi. Ertalab Ultugʻan eshikni yana qulflab qoʻydi, ular yana odamlar koʻzidan yashirinib oldilar.

Bu kun ham ular uchun uzun va baxtli boʻlib tuyuldi. Oshiq-maʼshuqlar orom olishar, uygʻonib, bir-birlarini suyishar, visol sururidan toliqib yana uxlab qolardilar. Uy tashqarisida odamlar gʻovur-gʻuvur qilishar, buzoqlar maʼrar, xoʻrozlar qichqirishardi. Koʻchadan tinmay ot mingan odamlar dupir-dupir oʻtishardi. Xullas, tashqarida hayot oʻz maromida davom etar, Ultugʻan bilan Maydon esa bu hayotdan uzoqda edilar.

Ikkinchi kuni tunda Maydon bilan Ultugʻan uydan chiqib, qoʻl ushlagancha ovul ortidagi dashtda sayr eta boshladilar. Ular qirov bosgan va issiq badanlariga xush yoquvchi koʻkat ustida oʻtirib, kelajak haqida reja tuza boshladilar.

− Yaxshisi, bu yerdan bosh olib ketsak durust boʻlarmidi? − dedi Maydon. − Shahardagi stansiyada ishga kiraman, xohlasang, sen ham ishlaysan, ishlashni xohlamasang, uy bekasi boʻlasan. Birgalikda umrguzaronlik qilamiz. Qoʻl uchida kun koʻrsak ham nolimayman. Bizga koʻp narsaning keragi yoʻq.

− Toʻgʻri aytasan, bizga koʻp narsaning keragi yoʻq, − tasdiqladi Ultugʻan. − Ovqat qilib, sening ishdan qaytishingni kutish men uchun katta baxt, Maydon.

− Shunday boʻladi, Ultugʻan.

− Maydon…

− Nima deysan, jonim?

− Men, bilasanmi… Senga nima desam ekan… nazarimda, boʻyimda boʻlib qolganga oʻxshaydi.

− Rostmi? Buni shunday orziqib kutgan edimki… Endi biz umuman ajralishmaymiz. Endi biz bir umr bir-birimizga bogʻliqmiz!.. Ie, judayam sovqotib ketibsan-ku!

− Yur uyga, Maydon, − haqiqatan ham Ultugʻan sovqotib junjikdi.

Sharq tarafdan tong yorishib kelmoqda edi. Qorongʻilik asta-sekin gʻarb tomon chekinib, dasht yorishib borardi. Yon-atrof gʻira-shira boʻlib qolgandi. Bedanalar “bit-bildiq, bit-bildiq” deb sayray boshladi.

Uchinchi kun avvalgilariga qaraganda uzoqroq choʻzilganday boʻldi. Vaqt goʻyo toʻxtab qolgandek edi. Ular birinchi kundagi sogʻinch-muhabbat hislarini qondirgan va uyquga toʻygan edilar, shuning uchun endi uxlamay, shunchaki yonboshlab suhbatlashishar, goh-goh xona ichida uyoqdan-buyoqqa yurishar edi. Yo boʻlmasa, darpardani qiya ochib, koʻchaga moʻralashar, koʻrgan-bilganlari haqida soʻzlardilar.

− Maydon, qara, qoʻshnimizning gʻozi uloqni quvlab yuribdi, − kulib Maydonni yoniga chaqirdi Ultugʻan.

− Ultugʻan, Sogʻinboy oʻtib ketdi. Hoynahoy, seni qidirib kelgandir, eshik qulflogʻligini koʻrib, hafsalasi pir boʻladi endi, − hazillashdi Maydon.

− Seniyam Sandibala qidirayotgan boʻlsa kerak. Erginasi qayoqqa gʻoyib boʻlganini bilmay, boshi qotayotgandir, − hazilga hazil bilan javob qaytardi Ultugʻan va darhol hazilim ogʻip botmadimikan, deya hushyor tortdi.

Maydon xafa boʻlmagandi, u beparvolik bilan:

− Qidirsa, qidiraversin. Topib boʻpti meni! − dedi.

Oradan bir-ikki soat vaqt oʻtdi. Ultugʻan xoʻrsinib xayol surarkan:

− Qachongacha odamlardan berkinib yuramiz? Bir kunmas bir kun kimdir bizni koʻrib qoladi, − dedi.

Ular nigohlari toʻqnash kelishidan qoʻrqqanday koʻzlarini yerga tikdilar: ertami-kechmi, bari bir, rohatda oʻtayotgan bu kunlari nihoyasiga yetishini tushunganlari uchun kayfiyatlari buzilgandi.

− Maydon, nechta bolang bor? − soʻradi Ultugʻan nihoyat.

− Toʻrtta. Bolalarim oʻnta boʻlgandayam uyga qaytib bormayman! − qizishib javob qaytardi Maydon.

− Ketishni xohlasang ham men seni chiqarib yubormayman! − xitob qildi Ultugʻan, − Sandibalaning bolalari bilan necha pullik ishim bor? Sen menikisan, ha, ha, yolgʻiz menikisan!

Shundan soʻng ular oqshom boʻlishini orziqib kuta boshladilar. Oshiq-maʼshuqlar yana dashtga chiqib, xuddi kechagidek qoʻl ushlashgan holda sayr etishni intiq boʻlib kutar edilar. Baxtga qarshi, kechga tomon osmonni qora bulut qopladi. Momaqaldiroq gumburlab, chaqmoq chaqdi va sharros yomgʻir quyib, niyatlarini chippakka chiqardi.

Yogʻingarchilik Ultugʻan bilan Maydonning yuraklarini siqib, zeriktira boshladi. Ular maʼyus, jim oʻtirardilar. Goh-gohida bir-birlariga luqma tashlab qoʻyardilar xolos.

Tushdan keyin bulutlar orasidan charaqlab quyosh chiqdi. Ovul quyosh nurlariga gʻarq boʻldi. Kayfiyati yaxshilangan Ultugʻan suyuklisiga murojaat etdi:

− Maydon, yur, tashqariga chiqamiz. Dashtni qara, qanday ajoyib! Uyda oʻtirish jonga tegib ketdi.

− Bizni koʻrib qolishlari mumkin, − ogohlantirdi Maydon.

− Juda yaxshi. Koʻrishsa nima qipti?

− Ultugʻan, oʻzing chiqib aylanib kela qol. Men shu yerda oʻtira turaman.

− Zerikib qolmaysanmi?

− Yoʻq, faqat eshikni tashqaridan qulflab ket.

− Boʻpti, unda odamlar nima ish qilishayotganini bir koʻrib kelay. Qayerda eding, deb soʻrasalar, shaharga borib keldim deyman.

Ultugʻan koʻchaga chiqdi. Borliq uning koʻziga goʻzal boʻlib koʻrindi. Yomgʻir chor-atrofni yashnatib yuborgandi. Osmon ham begʻubor. Ultugʻanning koʻziga uzoqdagi togʻ choʻqqilari goʻyo tiniq, sehrli oq marmardek yaraqlab koʻrina boshladi.

Ultugʻan oʻzini bu bepoyonlikni umrida birinchi bor koʻrib turgandek his etdi.

Atrofdagi kenglik va erkinlik Ultugʻanni tamoman oʻziga rom etib, ruhida qandaydir yengillik paydo qilarkan, u istagan joyiga borishi haqidagi fikrdan yayrardi. U koʻchada bemalol yurishni juda-juda sogʻinib qolgandi. Ultugʻan toʻgʻri magazinga yoʻl oldi. U koʻchadagi oʻtkinchilar kuzatayotganini payqab, qaddini rostladi-da, qadamini ildamlatdi.

Magazinda odam siyrak: ikki molboqar yigit bilan bir necha bolalar bor edi, xolos. Qorachadan kelgan kulcha yuzli bir bola sotuvchiga ikkita boʻsh shishani uzatib:

− Mana bularni olib, menga shirinlik bering, − dedi.

− Shishangni olmayman. Hali yoshsan. Bor, onang kelib topshirsin, − koʻnmadi sotuvchi ayol.

− Onam kasal yotibdi, ola qoling, − boʻsh kelmadi bola.

− Ola qolmaysanmi? Buncha tarang qilmasang?! − gapga aralashdi yigitlardan biri.

− Tarang qilayotganim yoʻq. Bolalardan shisha olish mumkin emas… Hay, mayli, bu safar ola qolay. Ammo keyingi gal shisha koʻtarib kelganingni koʻrmay, bolakay, bari bir olmayman, − dedi sotuvchi, soʻng shishalarni qaytara turib bolalarga bir qisim shirinlik uzatdi.

− Uyimizda boshqa shisha yoʻq, − dedi quvongan bola va oʻrtoqlari bilan tashqariga yugurib chiqib ketdi.

− Ajoyib bola ekan! Kimning oʻgʻli? − soʻradi Ultugʻan havasi kelib.

− Ie, tanimaysanmi, Maydonning oʻgʻli-ku?! − beparvolik bilan javob qaytardi sotuvchi va dabdurustdan hushyor tortib, jim qoldi.

Bu gap Ultugʻanga bir tarsaki tushirgandek boʻldi. Uning yuziga qon tepib, yuragi qattiq urib ketdi-da, jadal tashqariga chiqarkan, nariroq borgach, nafasini rostlash uchun toʻxtadi.

Yaqinda turgan boyagi bolalar shirinlikni boʻlishayotgan edilar.

Ultugʻan ularga qarab qoldi. Qaysi biri Maydonning oʻgʻliykin? E, anavinisi boʻlsa kerak! Shirinlikni boʻlishayotgani.

− Hoy bola! Menga qara! Isming nima? − soʻradi Ultugʻan hayajonlanib.

− Saylan, − javob qaytardi bolakay beparvo.

− Onang rostdanam kasalmi?

− Ha, rost. Bugun doktor keldi. Onamning yuragi kasalmish.

Bolalar shirinlikni boʻlishib olgach, koʻcha boʻylab yugurib ketdilar. Saylan hammadan oldinda yugurib borardi. Ultugʻan turgan yerida taxtadek qotib qoldi. Hozirgina uni qamrab olgan xush kayfiyat, ruhiy yengillikdan asar ham qolmagandi. Uning yelkasini nimadir bosib turardi. “Yoʻq, yoʻq, unday boʻlmasa kerak. Hammasi baravariga yomonlik bilan tugashi mumkin emas-ku! Bola sotuvchining rahmini keltirish uchun shunday deb aytdi, menga ham sir boy bermadi, chunki u meni magazinda koʻrdi”, − oʻyladi Ultugʻan va beixtiyor Maydonning uyi tomon burildi. U hoziroq Sandibalani koʻrishi shart! Bolaning gapi notoʻgʻriligiga ishonishi kerak!

Bu uyni Maydon bundan toʻrt yil muqaddam brigadir boʻlib ishlab yurganida qurgan edi. Katta-katta toʻrtta xona. Oldiga uzun qilib ayvon solingan. Ayvonda oʻn yoshlar chamasi, sochlari patila-patila bir qizcha togʻorada kir yuvmoqda. Ultugʻan bu Maydonning toʻngʻich qizi ekanini fahmladi. “Burni bilan ogʻzi Sandibalaga, koʻzlari esa Maydonimning koʻzlariga oʻxshab ketar ekan”, − dedi Ultugʻan rashk olovida qovrilib. Qizaloq yuvgan koʻylagini siqdi-da, ayvonning panjarasiga osib qoʻydi.

− Hoy, qiz, onang uydami? − soʻradi Ultugʻan muloyim ovozda.

Qizcha Ultugʻan tomonga oʻgirildi-yu, rangi gezarib ketdi. Uning boʻyi choʻzilib qolgandi. Aftidan hamma gapdan xabari borga oʻxshaydi, oʻyladi Ultugʻan va qiz oldida oʻzini haqiqatan ham aybdor bilib, noqulay his etdi.

− Onam uxlayaptilar. Ularni uygʻotish mumkin emas, kasallar, − dedi qiz noxush ohangda.

Dili ogʻrigan Ultugʻan ayvonga koʻz yugurtirdi. Ochiq turgan eshikdan xonaning bir chekkasi koʻzga tashlanib turardi. Ayvon bilan uy ichi ivirsiq, supirilmagan, u yer-bu yerda bolalarning kiyimi sochilib yotardi. Stol ustida yuvilmagan idish-tovoq qalashib yotibdi. Polni chirk bosgan. Qizcha polni yuvishga yuvibdi-yu, lekin chala-chulpa.

Ultugʻan Sandibalaning kasalligiga, uyi shunchalik iflos boʻlib ketganligiga oʻzini sababchi deb bildi. Ich-ichidan bir narsa uzilib ketganday boʻldi. Qizcha boʻlsa, goʻyo chaqirilmagan mehmonni unutgandek kir yuvishda davom etardi. Ultugʻan nima kutayotganini oʻzi ham bilmay joyida turaverdi.

Shu tob yosh bolaning yigʻlagan ovozi eshitildi. Qizcha Ultugʻanning yonidan hoʻl qoʻlini peshbandiga artgancha yugurib oʻtib ketdi va bir ozdan soʻng uni kimdir koyiy boshladi:

− Qayoqlarda sanqib yuribsan? Aytgandim-ku, yigʻlatmay bir oz oʻynatib tur, deb!

Ultugʻan kir yuvayotgan qizdan yoshroq qizcha aravada oʻtirgan bolakayni sayr qildirib yurganini koʻrib qoldi-da, shartta orqasiga burilib, uyi tomon jadal yurib ketdi. U bamisoli chopib borar, tez yurganidan nafasi boʻgʻziga tiqilayotgandi. Nihoyat, eshikdan ichkariga kirarkan:

− Maydon! Hoy, Maydon? Hoziroq uyingga bor! − dedi halloslab.

− Tinchlikmi? Nima boʻldi? − soʻradi Maydon dahlizdan chiqa turib. U shim bilan maykada edi.

− Hoziroq kiyin!

Maydon hech narsaga tushunmay, yelkasini qisib qoʻydi-da, koʻylak kiyish uchun ichkariga kirib ketdi. Ultugʻan devorga suyanib qoldi.

− Nima boʻldi oʻzi? Rangingda rang qolmabdi-ku! − ichkaridan turib soʻradi Maydon.

− Uyingga borib kel.

− U yerda nima qilaman? − dedi koʻylagini kiyib chiqqan Maydon hang-mang boʻlib.

− Borsang koʻrasan… Maydon, men uchun borib, u yerdagi ahvolni koʻrib kel. Men hech qayoqqa ketmayman. Shu yerda boʻlaman. Maydon, oʻtinaman, yoʻq dema. Keyin qaytib kelasan.

Maydon nimadir demoqchi boʻldi-yu, lekin boshini xam qilgancha uzoq vaqt churq etmay turib qoldi. Ultugʻan oʻz gapida qatʼiy turib oldi. Ultugʻan aytganini qildirmay qoʻymasligiga aqli yetgan Maydon maʼyus qiyofada:

− Yaxshi, boraman. Ammo bilib qoʻy, ertagayoq yoningga qaytib kelaman. Sensiz hayotning menga qizigʻi yoʻq, − dedi.

− Rahmat, Maydon… Ketishingdan avval meni bir oʻpib ket! Endi bora qol, azizim…

Ultugʻan derazadan Maydonning boshini xam qilgancha koʻchaga chiqib ketayogganini kuzatib turardi, uning barvasta gavdasi qanchalar qadrli boʻlib qolgandi…

Maydon ertasi kuni vaʼdasiga koʻra Ultugʻanning uyi tomon yoʻl oldi, lekin avval yoʻl-yoʻlakay kolxoz raisi bilan gaplashib olmoqchi boʻlib idora tomon yurdi. Idorada odam koʻp edi. Kolxozchilar toʻplanishib, nimanidir qizgʻin muhokama qilib turardilar. Ular Maydonni koʻrgach, jim boʻlib qolishdi. Ammo shu payt odamlar orasidan oʻtib unga peshvoz chiqqan Sogʻinboy:

− Maydon, Ultugʻan ketib qoldi. Qayerga ketganini hech kim bilmaydi… − dedi.

Maydon Sogʻinboyning gapini oxirigacha eshitmadi, u quloqlariga ishonmay Ultugʻanning uyi tomon yugurib ketdi. Ultugʻan haqiqatan ham uyda yoʻq, eshik va derazalar lang ochiq, hovli kimsasiz edi.

Maydonning oyoq-qoʻli boʻshashib, ostonada oʻtirib qoldi. Shu ondayoq u Ultugʻandan ayrilib qolganini his etdi. Ammo Maydon bir narsaga sira tushuna olmas va oʻziga-oʻzi: “Nega? Nima uchun Ultugʻan bunday qildi?” deya savol berar, dunyo koʻziga tor koʻrinib ketgandi.

 

Rus tilidan Nazira JOʻRAYEVA tarjimasi

 


Sayin Muratbekov 1936 yili Olmaota viloyatining Qapal tumanida tugʻilgan. 1963 yil Qozon Davlat universitetini, 1971 yili Moskvadagi Oliy adabiyot kursini bitirgan. Respublika gazetalarida muxbir, adabiy nashrlarda bosh muharrir, nashriyot direktori, Yozuvchilar uyushmasining kotibi vazifalarida ishlagan. “Mening singlim”, “Yashil maysalar”, “Oʻtov”, “Yovvoyi olma”, “Doʻst izlab” va boshqa koʻplab asarlari bir necha tillarga oʻgirilgan. Adib 2007 yilda vafot etdi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

https://saviya.uz/ijod/nasr/ultugan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x