“Oʻlmasun”

Yoridin hech kim meningdek zoru mahjur oʻlmasun,

Jumlai olamda rasvoliqqa mashhur oʻlmasun.

 

Men boʻlay ovora to ishqimdin aylab guftuguy,

Oti oning har kishi ogʻzigʻa mazkur oʻlmasun.

 

Jonima bedodu zulmin, yo Rab, ulmiqdor qil,

Kim aning oshiqligʻi har kimga maqdur oʻlmasun.

 

Men xud oʻldum, lek har oshiqqi, bordur pokboz,

Navha tortib motamim tutmoqda maʼzur oʻlmasun.

 

Pand ila koʻnglum uyin qilma imorat, ey rafiq,

Bizni buzdi, hargiz ul, yo Rabki, maʼmur oʻlmasun.

 

Kechalar ul gul chekar ermish qadah, ey tong yeli,

Voqif oʻl holimni aytur chogʻda mahmur oʻlmasun.

 

Yor vasligʻa quvondim, qovdi kuyidin meni,

Ey Navoiy, hech kishi davlatka magʻrur oʻlmasun.

 

Mazkur gʻazal Alisher Navoiyning yorga boʻlgan ishqiy kechinmalariga bagʻishlangan. Gʻazalning matlaʼsidanoq lirik qahramon hijrondan shikoyat qilmoqda. Oshiq hijron bilan bogʻliq oʻrtanishlarni oddiy inson kabi kechirmaydi. Mahjurlik hukmi savdoyilik boʻldi, oqibatda oshiq rasvolik bilan shuhrat qozondi. Albatta, avom nazarida bu holat bilan obroʻ-martabaga erishib boʻlmaydi. Bu xil rasvolik malomat keltiradi, xolos. Oshiq bir muddat hushyor boʻldi, aqlini yigʻdi, xavfli tus olgan firoqning holati va darajasidan boshqalarni ogoh qildi: hech bir kimsa u kabi yoridan ayrilib zor boʻlib, hijronda qolmasin. Devonalik joʻsh urib jami bashar nazdida sharmandai sharmisor boʻlmasin.

 

Yoridin hech kim meningdek zoru mahjur oʻlmasun,

Jumlai olamda rasvoliqqa mashhur oʻlmasun.

 

 Oshiqning badnomligi, rasvoligi uning oʻziniki. Koʻplar suratiga bino qoʻysa, obroʻ, hurmat, eʼtibortalab boʻlsa, oshiq hud-behud bu xil tushunchalarni yer bilan yakson qildi. Birgina yori bor edi, undan-da ayrildi, hijrondan boʻlak hech narsasi qolmadi.

 

Mazkur gʻazalni ingliz tiliga L.KLEYeTYUK tarjima qilgan.

 

Inglizcha tarjimasi:

 

May no one be deprived of his beloved and lament as I do,

May no one shamed in the eyes of the world as I am.

 

Soʻzma-soʻz tarjimasi:

 

Hech kim men boʻlganimdek suyganidan mahrumlikdan nolib

                                         koʻz yosh toʻkmasin,

Hech kim mendek dunyoning koʻziga uyatli koʻrinmasin.

 

Tarjimada asliyatdagi maʼno toʻla ochib berilishi bilan birga mahjur va mashhur soʻzlari hosil qilayotgan ohangdoshlik ingliz tilida lament as I do, shamed as I am tarzida “qilmoq” va “boʻlmoq”yordamchi feʼllari bilan qayta yaratilgan. Garchi bu ikki yordamchi feʼl orasida bir qarashda hech qanday fonetik hamohanglik boʻlmasa-da, ingliz tilida bu ikki koʻmakchi feʼlning as I do, as I am tarzida kelishi nihoyatda chiroyli xushohanglikni hosil qiladi. “Oʻlmasun” radifi tarjimada May no one tarzida berilgan. Umuman oʻzbek mumtoz gʻazalini ingliz tiliga tarjima qilishda tarjimon qoʻllayotgan tabdil eng maʼqul yechim hisoblanadi. Yaʼni radifni misra boshiga chiqarib, raviyni misra oʻrtasi yoki oxirida berish asliyat ritmiga omixta bir ohangni hosil qiladi.

 

Yoridin hech kim meningdek zoru mahjur oʻlmasun,

Jumlai olamda rasvoliqqa mashhur oʻlmasun.

 

May no one be deprived of his beloved and lament as I do,

May no one shamed in the eyes of the world as I am.

 

 Biroq, majnunlik uchun sheriklik yot ekan! Bunday savdoni oshiq oʻzgalarga ravo koʻrmoqchi emas:

 

Men boʻlay ovora to ishqimdin aylab guftuguy,

Oti oning har kishi ogʻzigʻa mazkur oʻlmasun.

 

“Savdoyi” oshiqning endigi vazifasi – odamlarga yoriga boʻlgan hijronli muhabbatini soʻzlash, yoki boshqacha aytganda, uning vasfini kuylash, uni taʼriflash. U haqda asarlar, sheʼrlar, dostonlar, hatto avom Yorni anglashda yoʻldan adashmasligi uchun kitoblar bitish. Darhaqiqat, oshiq shunday darajaga yetishgan. Allomalar ilm oʻqib, irfonga erishsa, oshiq bor haqiqatni ayriliq davridayoq anglab yetdi! Yor bilan bogʻliq har narsa va holat aziz, oʻzi kabi nomi ham qadrli. Uning ismini zikr qilish uchun zokir nafs illatlaridan xoli, pok xayolli va ezgu niyatli boʻlishi shart.

Inglizcha tarjimasi:

 

May I become a wanderer of whose love everyone gossips

But let no lips dare pronounce her name.

 

Soʻzma-soʻz:

 

 Men sevgisi doim kishilar gʻiybat qiladigan darbadarga aylanay,

Lekin hech kim uning ismini aytish uchun hatto

                   labini qimirlatishga ham botina olmasin.

 

Asliyatda lirik qahramon tangridan “men oʻz ishqimdan soʻzlash bilan shu darajada band boʻlayki, boshqalarda ishq bobida gapirishga imkon qolmasin” demoqda. Ammo tarjimada guftugoʻy – koʻp soʻzlovchi – wanderer – jahonni kezuvchi, darbadar deb tarjima qilinmoqda.

Oshiqning maqsadi vasl edi, nasibasi hijron boʻldi. Buni oshiqlikning qismati deb qabul qildi. Biroq u undan xafa emas. Zero, oshiqlikning eng ulugʻ maqomi sabrdir:

 

Jonima bedodu zulmin, yo Rab, ulmiqdor qil.         

Kim aning oshiqligʻi har kimga maqdur oʻlmasun.

 

Inglizcha tarjimasi:

 

O Lord, let the in just suffering she has inflicted on my heart be of such measure

That is would be unbearable to any other but me.

 

Soʻzma-soʻz tarjimasi:

 

O Tangrim, menga uning berayotgan azoblarini shunday miqdorga solginki,

Bu boshqa birovlar uchun chidab boʻlmas azob boʻlsin.

 

Ayriliq azobining eng koʻp miqdorini asl oshiq oʻz boʻyniga olishni faxr deb biladi. Shu bilan bir qatorda, lirik qahramonimiz xudbin emas. U oʻzining boshqa gʻanimlari – mahvashning boshqa oshiqlariga ham xayrixoh.

Lirik qahramon ularni oʻzlarining holatidan kelib chiqib, qiynoqlardan xoli qilmoqchi.

 

Men xud oʻldum, lek har oshiqqi, bordur pokboz,

Navha tortib motamim tutmoqda maʼzur oʻlmasun.

 

Lirik qahramon ularni oʻzlarining mohiyatidan kelib chiqqani holda asramoqchi, qiynoqlardan xoli qilmoqchi. Tangriga qilgan yuqoridagi iltijolarning davomi bu. Savdoyi oshiqning fikricha, bordiyu, uning dardi gʻolib kelib vafot etsa, “pokboz” oshiqlar uning motam marosimida koʻp yigʻi-sigʻi qilishlari munosib ish emas. Shu sababli firoq jununligi ularni chetlab oʻtishi oshiqning ham maqsadi. Zero, har oshiqning oʻz mavqei, darajasi va xoli bor.

Inglizcha tarjimasi:

 

Though I alone have dead of love, let not any other who is in love,

While he remains faithful, believe himself redeemed by mourning my end.

 

Soʻzma-soʻz tarjima:

 

Men sevgimdan yolgʻiz oʻzim oʻlgan boʻlsam-da, boshqa oshiqlar

                                     bu holga tushmasinlar,

Toki u taqvodor ekan, mening azam (badalidan)dan

                                        oʻziga ishonchi ortsin.

 

Asliyatda oshiqlar mening motamimda aza tutib oh chekmasin deyilsa, tarjimon oʻz tilida mening oʻlimim badali oshiqning sevgisiga sadoqatini yanada oshirsin deb tarjima qiladi. Bunga tarjimonning gʻarbcha qadriyatu tushunchalar ruhida kamol topgani sabab boʻlgan. Chunki Yevropa adabiyotida jangda yengilgan oshiqning magʻlubiyati, raqibining motamida navha tortib maʼzur boʻlishini emas, masrurlikda gʻalaba nishonasini surishini taʼminlaydi. Shu sabab sharqona chin oshiqlik eʼtiqodini anglash, ingliz kitobxonida mushkullik tugʻdiradi. Chunki, gʻarbliklar tafakkurida raqib oʻlimi gʻalaba nashidasi bilan qoʻshilib ketgan. Binobarin ular, Navoiy siymosidagi oʻlimidan soʻng raqibiga mehribonchilik qilayotgan lirik qahramon istaklarini tushunishga ojizlar. Bu oʻrinda tarjimonning tutgan yechimi maʼqul. Yaʼni agar oshiq oʻlsa, oshiqlarning sevgiga boʻlgan sadoqatlari oshsin, ular chekayotgan gʻam-sitamlarni birgina oshiqning oʻlimi badali yuvib ketsin. Tarjimadan anglashilayotgan mazmun, Navoiy ilgari surayotgan falsafiy maʼnoga ancha yaqin. Eng asosiysi kitobxonda tushunmovchilik tugʻdirmaydi.

Hijrondagi savdoyi oshiqning bu xil istak va niyatlari, Tangriga iltijolari uni tinglaganlarni beeʼtibor qoldirmadi. Hayrat, achinish va pushaymonlikni tuyayotgan yaqinlari uning sarxushu bexushlikni tezroq tark etishini istashadi, turli oʻgit va nasihatlar orqali aql mezoni bilan ish koʻrishga chaqirishadi:

 

Pand ila koʻnglum uyin qilma imorat, ey rafiq,

Bizni buzdi, hargiz ul, yo Rabki, maʼmur oʻlmasun.

 

Biroq har qanday maslahat amalda hech qanday ahamiyatga ega boʻlmay qoldi. Oshiq koʻnglini koʻtarmoqchi boʻlganlar, uni oldingidek sogʻlom holda koʻrishni istaganlar endi maqsadlariga erisholmaydilar, uni yana tiklashga urinmoqchi boʻlganlar qattiq yanglishadilar. Chunki, uning koʻngil uyi batamom buzilib boʻlgan. Qolaversa, oshiqning oʻzi uning tiklanishini sira istamaydi.

Inglizcha tarjimasi:

 

O Friend, do not aspire to build in my heart with your preaching,

My love has turned my heart in to a ruin and it,

God willing, will never again obey her orders.

 

Soʻzma-soʻz:

 

O doʻstim, oʻz pandu nasihating bilan koʻngil uyimni tuzatishga urinma,

Mening sevgim yuragimni vayronaga aylantirgan va u,

Xudo xohlasa hech qachon uning buyruqlarini bajarmaydi.

 

Asliyatdagi ikki misra yaʼni bir bayt tarjimada uch misraga aylanib ketgan, chunki tarjimon mazmunni berishga harakat qilib, astoydil mashaqqat bilan qayta tiklagani uchun ohang va ritm buzilib ketgan. Asliyatda oshiq yordan ginalanib, rafiqqa uning koʻnglini vayronaga aylantirgan yorning roʻshnolik koʻrmasligini tilashini aytmoqda, ammo tarjimadan bunday maʼno anglashilmaydi. Shuningdek, “yo Rabki” murojaati “ey xudo” deb emas, God willing “xudo xohlasa” deb tarjima qilingan. Bu esa ilohiy qahramonning ruhiy holatini butunlay notoʻgʻri talqin qilishga olib keladi. Bu baytni quyidagicha tarjima qilsa, asliyatga yaqin maʼno hosil boʻlishi mumkin:

 

O Friend, do not aspire to build in my heart with your preaching,

O Lord, let her also will not live in joy, breaking the loops of my heart.

 

Soʻzma-soʻz:

 

O doʻstim, oʻz nasihatlaring bilan yuragimni tiklashga harakat qilma,

O Tangrim, yuragim choklarini uzgan u ham roʻshnolik koʻrmay yashasin.

 

Oshiq oʻz ishqiy kechinmalari girdobidan bir muddat chetga chiqib, yor tomondan xabar oladi va qiziq holga duch keladi: yor kechalarini mayxoʻrlik bilan oʻtkazar ekan. Parokanda va oshufta xayollarini yigʻib olgan oshiq oʻzi bilan sodir boʻlayotgan holatdan yorini voqif qilmoqchi, biroq xabarchi vazifasini oʻtaydigan shamol arzi holni yetkazish chogʻi yor hushyor holda boʻlarmikan:

 

Kechalar ul gul chekar ermish qadah, ey tong yeli,

Voqif oʻl holimni aytur chogʻda mahmur oʻlmasun.

 

Yorning hushyor boʻlishi, oshiq uchun juda muhim, chunki aynan shu vaqtda mahbuba oshigʻining holatini anglaydi, zarur topsa, yaqin oladi. Bunda Alisher Navoiy mahbubaning nafaqat mast boʻlmagan vaqtini, balki niyat va istaklar samoviy darajada nisbatan koʻproq ijobat boʻladigan vaqtni, tunni, juma kunini, ramazon oyini, qadr kechasini ham nazarda tutmoqda. Chunki alloma shoir gʻazallarining oldingi tahlillarida keltirib oʻtganimizdek, “yor” koʻp maʼnolarda qoʻllanilib, u dunyoviy mahbuba ham, Tangri ham, umuman olganda insonning oliy istagi sifatida talqin etiladi.

Inglizcha tarjimasi:

 

I have learned that this flower like a sparkling goblet

                              sways on her stem all nights

And in the morning breeze I hope she is not giddy

                                when she learns of my state.

 

Soʻzma-soʻz:

 

Men oʻrganib bildimki, u gul yaltiroq jom kabi kechlari

                                tinim bilmay chayqalar emish,

 

Tonggi shamol mening ahvolimni eshitsa u befarq boʻlmasa kerak.

 

Asliyat mazmuni tarjimada aniq ifoda etib berilgan. Ammo I have learned (oʻrganib bildim, yod oldim) bu oʻringa biroz mos tushmagan. Sababi oshiq yorning qilmishlari haqida kimlardandir eshitgan, shu sabab asliyatda chekar ermish tarzida yor haqidagi gap-soʻzlar goʻyoki mish-mish koʻrinishida berilgan. Oshiq bu haqiqat yo rostligini bilmaydi, u eshitganlarini tahlil qilib-oʻqib-oʻrganishga qodir holatda emas. Shu sabab u tonggi shamolga murojatan yoriga holu abgori haqida bir darak berishini aytib zorlanib yuzlanmoqda. Bu oʻrinda tarjimada: They said – aytishlaricha – deb berilsa maqsadga muvofiq boʻlur edi.

Oshiqning hijrondagi azoblari oʻz intihosini topdi. Intilishlari samarasi oʻlaroq, yor vasliga erishdi. Biroq oshiq nazdidagi ulkan davlat, yaʼni yor vasli zavqu shavqi uni magʻrur qilmasligi lozim har qanday kibr, taltayish oshiqni ne azoblar ila erishilgan baxtdan mosuvo qilishi mumkin:

 

Yor vasligʻa quvondim, qovdi kuyidin meni,

Ey Navoiy, hech kishi davlatka magʻrur oʻlmasun.

 

Inglizcha tarjimasi:

 

The thought of seeing her gave me joy but she dismissed me,

O Navoiy, let no man boast of his attainments.

 

Uni koʻrmoq istagi menga huzur baxsh etdi, ammo u meni rad etgan,

O Navoiy, hech kim oʻz erishganlaridan magʻrurlanmasin.

 

Bu bayt tarjimasi ham ingliz tilida aniq ifoda etilgan.

Avvalgi tahlillarimizda kuzatganimiz – baytning botiniy maʼnosini tushuna olmaslik, obrazlar adekvatligi va yuksak uslubning buzilishi kabi holatlar bu gʻazal tarjimasida kamroq. Sababi, gʻazalda dunyoviy ishq kuylanmoqda. Ammo, Navoiy gʻazallarini ingliz tilida qayta yaratishda koʻzga tashlanayotgan eng katta muammo bu vazn, qofiya va radifning buzilib ketayotganligidir. Tarjimonlar sharqona klassik ohangni chet tilida qayta yaratishda hamon maʼlum bir yechim yohud aniq bir amaldan foydalanib ish koʻrmayotganligidir. Modomiki, chet tillaridan tarjima qilishda sheʼrning janr xususiyatlaridan kelib chiqib, blyuzni blyuz, sonetni sonet, haykuni hayku qilib tarjima qilar ekanmiz, nega mumtoz gʻazaliyotimiz tarjimasini shunchaki, qoʻl uchida oʻgirish mumkin.

Mazkur gʻazalning tahlil uchun tanlangani bejiz emas. Asarning hazrat Alisher Navoiy muxlislari nazdida nihoyatda sevilib oʻqilishi, hofizlar tomonidan maroq bilan ijro etilishi ham buning sabablardan biri sifatida keltirilishi mumkin. Yana bir jihat deb, asarda adibning sof dunyoviy muhabbati bilan bogʻliq boshdan oʻtkazgan hislari, ayriliqdagi iztiroblari, visol kayfiyatlari juda tiniq va badiiy mukammal tarzda tasvirlanganligidir. Unda shoirning hayotida alohida oʻrin tutgan va koʻnglida ishqiy hislarni uygʻotgan sevikli insonning xotirasi namoyon boʻlgan. Toʻgʻri, bunda albatta alloma adibning falsafiy dunyoqarashi, olam, odam, yaratuvchi bilan bogʻliq fikrlari ham mujassam. Umuman olganda, shoirning hech bir asarida xoh u sheʼr boʻlsin, xoh doston, undagi mohiyat yuzaki tasvir bilan cheklanib qolinmaydi, ayniqsa, ishq bilan bogʻliq masalalarda. Biroq, bu asarlar orasida dunyoviy muhabbat tasviri bir muncha ustun boʻlgan va muhim oʻrin tutganlari ham borki, mazkur gʻazal aynan shunday asarlar sirasiga mansub.

 

Shuhrat SIROJIDDINOV,

filologiya fanlari doktori,

Gulnoza ODILOVA,

filologiya fanlari nomzodi   

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/olmasun/

1 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x