Shayxzoda – tarjimon

XX asrning 20-30-yillarida yangi oʻzbek adabiy tilining shakllanishi nafaqat “Oʻtgan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Qutlugʻ qon” singari oʻlmas epik polotnolarning, Choʻlpon, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon singari shoirlar qalamiga mansub lirik durdonalarning maydonga kelishiga, balki jahon adabiyoti oʻlmas namunalarining oʻzbek tiliga zoʻr mahorat bilan tarjima qilinishiga ham katta imkoniyat yaratdi. Shu yillarda tarjimon – yozuvchilar oldiga birinchi navbatda rus adabiyoti klassiklari asarlarini, 30-yillarning oʻrtalaridan boshlab esa oʻrta maktablarning adabiyot dasturlaridan oʻrin olgan jahon adabiyoti namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish vazifasi yuklandi. Shu muborak jarayonda Choʻlpon boshchiligida oʻzbek badiiy tarjima maktabi maydonga keldi.

Shu maktabda saboq olgan tarjimon-shoir va tarjimon – yozuvchilar orasida Maqsud Shayxzoda faxrli oʻrinlardan birini egallaydi.

1936 yilda ulugʻ rus shoiri A. S. Pushkin vafotining 100 yilligini nishonlash boʻyicha katta tayyorgarlik ishlari boshlanadi. Oʻzbekiston hukumati shu qarorga asoslangan holda isteʼdodli tarjimon-yozuvchilarni Pushkin asarlarini tarjima qilish ishiga jalb etib, Toshkent viloyatidagi xushmanzara maskanlardan biri Chimyonda ular uchun ijodiy sharoit yaratib beradi. Yetti yozuvchi 1936 yilning erta bahoridan qariyb kuz oylariga qadar shu yerda tikilgan yetti oʻtovda ijod bilan shugʻullanadilar.

Rus tilini, rus va jahon adabiyotining mumtoz namoyandalari ijodini aksar hamkasblariga nisbatan yaxshi bilganligi sababli, Shayxzodaning ham shu yetti tarjimon-yozuvchilar guruhidan oʻrin olishi tabiiy edi. U Chimyonda Pushkinning badiiy olamiga yanada chuqur kirib, uning oʻndan ziyod lirik durdonalarini katta ilhom bilan oʻzbek tiliga joʻshib-qaynab tarjima qiladi. Soʻngra buyuk shoirning “Mis chavandoz” dostoni hamda “Motsart va Salyeri” “kichik tragediya”sini oʻzbek tili navolarida sayratib yuboradi.

Zamondoshlarning naql qilishlaricha, yetti tarjimon uchun bitta “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat” boʻlgan. Shu lugʻat oʻtovdan-oʻtovga koʻchaverib va titkilanaverib bir haftaga qolmay, shaloqlanib ketgan. Faqat ikki kishigina bu lugʻatga kamdan-kam murojaat etishgan. Bular Oybek bilan Shayxzoda edi.

Shayxzodaning Pushkin lirikasidan qilgan tarjimalariga nazar tashlagan kishi tarjima qilingan sheʼriy matnning yombidek quymaligini sezmay iloji yoʻq. Shayxzoda rus shoirining har bir sheʼridagi lirik tuygʻu va fikr harakatini chuqur his etibgina qolmay, shu sheʼrga poetik joziba bagʻishlagan ritm, intonatsiya, takror, qofiya va tovush tovlanishlariga xos badiiy nafosatni ham oʻz tarjimasida berishga intilgan. Afsuski, shoir 50-yillar avvalida olis oʻlkalarga badargʻa qilingani va tirik qaytib kelganidan keyin ham sovet davlatining tavqi laʼnatidan xalos boʻlmaganligi sababli, Pushkin asarlari toʻrt jildligining 1954–1955 yillardagi nashrida uning tarjimalari yosh shoirlar tomonidan oʻzbek tiliga qayta oʻgirilgan. Natijada Pushkinning Shayxzodaning oltin qalami bilan ado etilgan tarjimalari qayta nashr etilmagan.

Sovet davrida rus va jahon yozuvchilari asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilishda asosan ikki omil yetakchilik qildi. Ularning biri – yubileylar, mashhur yozuvchilarning yirik tavallud sanalari, qardosh xalqlar adabiyotlarining Oʻzbekistondagi haftaliklari. Ikkinchisi – rus va jahon adabiyoti namoyandalari asarlarining maktab oʻquv dasturlariga kiritilishidir. Shayxzoda shu ikki omilning “sharofat”i bilan qardosh xalqlar, rus va jahon adabiyoti namoyandalarining yuzlab sheʼrlarini Qodiriy va Choʻlpon tilida jaranglatib yubordi. Shubhasiz, oʻtkinchi davrlar talabi bilan oʻzbek tiliga oʻgirilgan bu sheʼrlarning bir qismi oʻzining dolzarblik fazilatini allaqachon yoʻqotgan. Ammo ular orasida mehr va mahorat bilan tarjima qilingan sheʼriyat durdonalari ham oz emas. Biroq ular qaysidir gazeta va jurnal taxlamlari orasida chang bosib, oʻz tadqiqotchi-izlanuvchilarini kutib yotibdi.

Yaxshiyamki, shoir “Asarlari”ning soʻnggi, 6-jildiga Shekspirning 8 ta soneti, Bayronning “Chayld Garold ziyoratlari” (1-qoʻshigʻi), Mayakovskiyning 6 ta, Nozim Hikmatning 8 ta, Sulaymon Rustamning 6 ta sheʼri va Samad Vurgʻunning “Negrning orzulari” dostonidan parcha kiritilgan ekan, ular Shayxzoda tarjima asarlarining koʻlami toʻgʻrisida chala boʻlsa-da, tasavvur beradi.

Shayxzoda yangi ozarbayjon sheʼriyati beshigida ulgʻayganligi tufayli unga sarbast sheʼrlar, kutilmagan poetik obrazlar, poetik tafakkurning gʻayritabiiy oʻyinlari begona emas edi. Shu hol uning Mayakovskiy ijodiga ham adabiyotshunos olim, ham tarjimon sifatida murojaat etishiga sabab boʻlgan. Shoʻro davrining Mayakovskiyga boʻlgan haroratli munosabati, shu davrda Mayakovskiy va Hamza singari “minbar shoirlar”ga, “jangchi va jarchi shoirlar”ga boʻlgan ehtiyoj Shayxzodadagi shu maylga oziq berib turgan. Shayxzodaning Mayakovskiydan qilgan tarjimalari (inqilob dohiysi haqidagi va “Juda soz” dostonlari) garchand 50-yillarda salbiy baholangan va tarjimon tarjimada siyosiy xatolarga yoʻl qoʻygan, deb ayblangan boʻlsa-da, ular oʻzbek badiiy tarjima sanʼatining oʻsha davrdagi eng yuksak namunalari boʻlgan va hozir ham shunday boʻlib qoladi.

Tarjimon-shoirning adabiy merosida, yuqorida tilga olingan asarlardan tashqari, yana uchta mumtoz tarjima asar bor. Shularning biri – buyuk ingliz dramaturgi U. Shekspirning “Hamlet” tragediyasidir. Bu asar 1935 yilda Choʻlponning buyuk tarjimasida Hamza nomidagi teatr (hozirgi Oʻzbekiston Milliy akademik drama teatri)da sahnalashtirilib, tomoshabinlar oʻrtasida zoʻr muvaffaqiyat qozongan va tarjima oʻzbek tarjima madaniyatining shoh namunasi sifatida eʼtirof etilgan. Ammo Choʻlpon “xalq dushmani” deb eʼlon qilinishi bilan uning nomi teatr afishalaridan oʻchirib tashlangan. Oʻtgan asrning 50-yillarida mazkur asarga boʻlgan katta ehtiyoj talabi bilan mazkur teatr jamoasi Shayxzodaga murojaat qilib, asarni qayta tarjima qilib berishni iltimos qiladi. Shayxzoda “Hamlet”ni tarjima qilishga rozilik beradi. Buyuk soʻz ustasidan keyin “Hamlet”ni tarjima qilish oson emas edi. Shayxzoda bu oʻta jiddiy va masʼuliyatli vazifaga kirishishdan avval “Hamlet”ning Choʻlpon qalamiga mansub tarjimasi va turli talqinlarini qunt bilan oʻrganadi. Choʻlponning soyasi boʻlib qolmaslik uchun tarjima ustida qattiq ishlab, oylab bedor tunlarni oʻtkazadi. Spektaklda band boʻlgan artistlar, koʻnikmaga koʻra, Choʻlpon tarjimasidagi replikalar, monolog va dialoglarni ijro etishda davom qilgan boʻlsalar-da, “Hamlet”ning Shayxzoda qalamiga mansub tarjimasi ham daho asarga munosib ijodiy ish edi.

Shayxzoda 60-yillarda mazkur teatrning iltimosi bilan Shekspirning yana bir asari – “Romeo va Julyetta” tragediyasini ham tarjima qilib berdi. Ammo mudhish tamgʻa shoir manglayidan hali olib tashlanmagani uchun raqiblar bu tarjima asosidagi spektaklning namoyish etilishiga tish-tirnoqlari bilan qarshilik koʻrsatishdi.

Kun bilan tundan, oq bilan qoradan, hayot bilan oʻlimdan iborat hayotning gʻaroyibligini qarangki, qonli 1937 yilda gruzin adabiyotining asoschisi Shota Rustaveli tugʻilgan sananing 750 yilligi “koʻp millatli sovet xalqi”ning bayrami sifatida nishonlandi. Shu tarixiy voqea munosabati bilan oʻzbek shoirlari zimmasiga “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon” eposini oʻzbek tiliga oʻgirish vazifasi Gʻafur Gʻulom, Shayxzoda, Mirtemir, Amin Umariy, Temur Fattoh, Davron, Gʻiyos Soatiy, Xolid Rasul va Jumaniyoz Sharifiyga yuklandi. 6500 satrga yaqin boʻlgan asarni qisqa muddatda tarjima qilish oson boʻlmagani uchun undan 1700 satr ajratib olindi. Asar “Odisseya” va “Iliada”lar uslubiga yaqin, Rustavelining oʻzi kashf etgan uslubda yozilgani uchun uni oʻzbek tiliga tarjima qilish qiyin kechdi. Gʻafur Gʻulom, Mirtemir va Amin Umariy tomonidan qilingan tarjimalar muallif uslubiga yaqin boʻlgani uchun 1937 yilda “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon” asari Shayxzodaning kirish va xotima soʻzlari bilan birga X. Qurbonov, S. Husayn va N. Oxundiy muharrirligida nashr qilinadi. Asar yosh avlod tomonidan, ayniqsa, qizgʻin kutib olinadi. Shu hol bois M. Davron tomonidan toʻldirilib, 1941 yili A. Umariy muharrirligida qayta chop etiladi.

1959 yilda Moskvada oʻzbek adabiyoti va sanʼatining oʻnkunligi oʻtkazilishi munosabati bilan respublika rahbariyati “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon”ni toʻliq tarjima qilib, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi nashriyotiga uning akademik nashrini tayyorlash vazifasini topshiradi. Nashriyot gruzin adabiyotining bu shoh namunasini oʻzbek tiliga tarjima qilishga tarjimonlik faoliyatlari bilan katta hurmat va eʼtibor qozongan Shayxzoda va Mirtemirni jalb etadi.

“Har ikki tarjimon ham akademiya nashriyotining taklifini mamnuniyat bilan qabul qilib, ijodiy ishga gʻayrat bilan kirishdilar” – deb yozgan edi J. Sharifiy.

Nashriyot Gruziyadan “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon” asarining maxsus qilingan ruscha satrma-satr tarjimasining toʻla matnini oldi. Bu tarjima 1937 yildagidan tamoman farq qilar edi. U hatto bir necha martaba ruschaga badiiy tarjima qilingan ilgarigi matnlardan, masalan, K. Balmont, P. Petrenko, Sh. Nitsubidze, G. Sagarali tarjimalaridan ham katta farq qilardi. Shu narsa Shayxzoda bilan Mirtemir uchun yana qoʻshimcha qiyinchiliklarni tugʻdirdi. Natijada ular oʻzlarining 1937 yilda qilgan tarjimalarini ham qaytadan tarjima qilishga majbur boʻldilar.

Muhtaram tarjimonlarimiz Shayxzoda va Mirtemir “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon”ning toʻla va mukammal matnini oʻzbek tiliga tarjima qilib, unutilmas yodgorlik, bebaho asarni xalqimizga taqdim etdilar”.

 

Naim KARIMOV

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/shayxzoda-tarjimon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x