“Topishdik-u, topolmadik baxt uchin”

Iran GʻAYIB

 

1947 yil Qiziloʻrda viloyati Sirdaryo tumanida tugʻilgan. Shoir, dostonnavis. Politexnika institutining Togʻ-kon fakultetini tamomlagan, Moskvadagi Oliy adabiyot kurslarida oʻqigan.

“Qoʻrqitning qabri” kitobi uchun Qozogʻiston Davlat mukofotiga sazovor boʻldi.


 

SAKKIZLIKLAR

 

Attang-ay!

Barin kech bildim, –

Sehr taratgan sozmiding?

Sheʼriday oʻtli Pushkinning,

Iforlar sochgan yozmiding?

Yashirgan qaygʻu-nolasin,

Uloqday uchrading, oʻ, qanday!

Yotsinib, hurkib qarashing, –

Dantesning otgan oʻqinday!

 

* * *

Endi, qalqam, yoʻq odamsan men uchun,

Men ham yoʻqman, baxting-taxting kelishsin.

Bir tuproqdan yaralganmiz ikkimiz,

Topishdik-u, topolmadik baxt uchin.

“Menikisan…”, “Senikiman…” dedik chin,

Izimizda nelar qolgan, oʻylagin.

Yoʻq duldulga minib olgan yuragim,

Koʻp zorlanmay, yupat deb ham soʻragin.

 

* * *

Oʻtgan umrim – koʻrgan tush,

Oʻtdi, koʻrdim, bas qildim.

Tushdagilar oʻngmi deb,

Oʻtgan kunga tikildim.

Oʻtgan kunlar – oʻkinch,

Kelyotgan kun – ajoyib.

Oʻkinchlar koʻpaymoqda,

Ajoyiblar ozayib.

 

* * *

Oʻlmaslik-chun kurashaman oʻla-oʻlguncha,

Qani kim bor kurasha olsa xuddi mencha.

Emlanaman, emlayman jon yarasin,

To boʻynimga vaqt quruq[1] ilmaguncha.

Men umr surgim kelmas oʻlmoq uchun,

Ibrat boʻlib qolsin, mayli, mening ishim.

Sutdan oq, qordan oppoq boʻlmogʻim shart

Qora yerning ostiga kirmoq uchun.

 

* * *

Kelmoq uchun ketmoq kerak, deding sen,

Qadrimga ham yetmoq kerak, deding sen.

Yoʻlin topib, qilov solmay koʻngilga,

Qilkoʻprikdan oʻtmoq kerak, deding sen.

Koʻp gaplarni aytmoqchiyding, toʻsilding,

Chorasizda chiqqanin koʻr esimning.

Taqdir muhri peshonamga bosildi,

Taqdir muhri – qora xoli koʻksingning.

 

Muzaffar AHMAD tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

 


[1] Quruq – otni boʻysundirish uchun boʻyniga tashlanadigan arqon, chilvir.

https://saviya.uz/ijod/nazm/topishdik-u-topolmadik-baxt-uchin/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x