Radiodagi amaki

– Mana shunday yoqimli taronadan keyin aʼlo kayfiyatni saqlab qolgan holda dasturlarimizni davom ettiramiz…

Radioboshlovchi shunday deb oraga bir necha soniyalik musiqa qoʻshdi va bu orada boya tutatgan sigaretasidan yana bir tortib oldi.

– Demak, bizda yaqinlariga salom yoʻllashni niyat qilgan yana bir tinglovchimiz bor, – davom etdi unga qoʻngʻiroq borligini ishora qilgan operatorga bosh chayqab. – Ular bilan tanishamiz. Assalomu alaykum!

– Assalomu alaykum, radiodagi amaki…

Salomiga qoʻngʻiroqdek yoqimli, chamasi toʻrt-besh yoshlardagi qiz bolaning ovozi shunday alik oldi. Boshlovchi shu zahoti unga iljayib turgan operatorga qaradi-yu, qoʻllarini ikki yonga choʻzib: “Bu nimasi?” degandek ishora qildi. Operator ikkala qoʻlini “toʻpponcha” qildi-da, bir koʻzini qisib goʻyo boshlovchiga bir necha marta oʻq uzgandek qilib: “Bopladimmi?” degandek taassurot uygʻotdi.

– Allo, amaki?

Qizchaning ovozi boshlovchini sergaklantirdi.

– Allo, allo, qizaloq, yon-atrofda kattaroq kishilar bormi? Aka-opang, ota-onang?

– Yoʻq, uyda hech kim yoʻq. Qoʻshnimiz menga qarab turgandilar uylariga chiqib ketdilar. Men ularning telefonlaridan qoʻngʻiroq qilyapman…

– Ha, mayli, – ensasi qotgan boʻldi boshlovchining. – Kimga salom yoʻllamoqchisan?

– Oyimga.

– Yaxshi, oying qayerdalar?

– Menga uka olib kelgani ketgandilar. Haliyam qaytmadilar.

Boshlovchining yuziga tabassum yugurdi.

– Hali uka topolmagandir-da.

– Yoʻq! – qatʼiy ohangda gapirdi qizaloq. – Ukam kecha keldi. Ammo oyim kelmadilar…

Boshlovchining yuzidagi tabassum asta yoʻqolib, qoshlari ham chimirila boshladi. Qizaloq esa soʻzida davom etdi:

– Ukamni dadam olib keldilar. Ular qaydan topganlarini soʻray olmadim. Meni dadamning oldiga kiritishmayapti. “Bezovta qilma, oʻzi ahvoli ogʻir!” deyishadi. Oyimni soʻrasam ham hech kim javob bermaydi, meni quchoqlab olishadi. Yigʻlab ham berishadi.

Boshlovchi kresloga suyanib oldi, u koʻzlarini bir nuqtaga tikkancha, qoshlari chimirilgan holda qizchaning gaplarini diqqat bilan tinglardi.

– Siz doim hammaning salomini boshqalarga yetkazasiz. Mening ham oyimga salomimni yetkazing! Ukam kelganini ayting! Ular hali ham qidirib yuribdilar, shekilli.

Boshlovchi javob bermadi. U hamon oʻsha holatda oʻtirardi.

– Allo, amaki. Salomimni yetkazasizmi?

– Qizaloq, – ovozi kutilmaganda titrab ketdi boshlovchining. – Men sening gaplaringni oyingga yetkaza olmayman. Kechir!

– Nega? – yigʻlamsirab soʻradi qizcha. – Nega endi yetkaza olmaysiz?

– Chunki bizning radiotoʻlqinlar oying ketgan joylargacha yetib bormaydi. Ammo… – boshlovchi yigit boʻgʻziga tiqilgan yigʻi sababmi, gapirishga qiynala boshladi. – Ammo sen oʻzing yetkazishing mumkin. Oʻrgataymi?

– Oʻrgating! Oʻrgating! – quvnab ketdi qizcha.

Boshlovchi xuddi sirdoshiga gapirayotgandek taraddudlanib, past ovozda gapira ketdi:

– Har kuni uxlashga yotganingda, xonada sendan boshqa hech kim qolmaganida, yaxshilab oʻrnashib olgin-da: “Ey Xudo, hozir oyim sen bilan, iltimos, bu gaplarimni oyijonimga yetkaz!” deb hamma gaplaringni ayt! Ishonaver, oying seni albatta eshitadi.

– Rostdanmi? Javob ham qaytaradilarmi?

– Yoʻq, ammo astoydil gaplashsang, tushingga kirishlari mumkin.

Qizaloqning shodon hayqirigʻi eshitildi. Boshlovchi tovush chiqarmay yigʻlay boshladi.

– Qoyil, rahmat sizga amaki, rahmat. Bugunoq oyimga shunday qilib xabar joʻnataman. Rahmat sizga…

– Qizaloq… – boʻgʻiq ovozda yana gap boshladi boshlovchi. – Endi men ham sendan bir narsa iltimos qilmoqchiman.

– Mayli, iltimos qiling! – quvnoq ovozda javob berdi qizcha.

– Oying bilan gaplashib boʻlgach… Oying bilan gaplashib boʻlgach, radiodagi amakingning oʻgʻliga ham ikki ogʻiz gapni yetkazib qoʻyasanmi? U ham oying ketgan yoqda hozir.

– Ha, albatta yetkazaman. U ham oʻziga uka olgani ketganmidi?

– Yoʻq… U shunchaki muzqaymoqqa ketgandi…

Boshlovchini yana yigʻi tuta boshladi.

– Muzqaymoqqa? Ha mayli, unga nima deb qoʻyay?

– Unga… – borgan sari gapirishga qiynala boshladi boshlovchi. – Unga “dadang bilan oying seni judayam yaxshi koʻrishadi” de. Juda sogʻinganimizni ham. Keyin… Tushimizga ham tez-tez kirib tursin. “Dadang oʻsha kuni uyga muzqaymoq olib kelishni unutgani uchun haliyam afsus chekyapti”, deb ayt…

Boshlovchi ogʻzini qoʻli bilan berkitgancha ezilib yigʻlay boshlaydi. Uning peshonalari tirishgan, yuzlari esa qizarib borardi.

– Xoʻp, albatta buni ham aytaman. Ha-ya, nimaga oʻzingiz ayta qolmaysiz?

Boshlovchi javob bermadi, berolmasdi chogʻi.

– “Radiotoʻlqinlaringiz” u yoqqacha yetmasdi-a? Aytgancha…

Boshlovchi bir necha marta bosh egib tasdiqlab qoʻydi. U hamon ovozsiz yigʻlardi…

 

Muhammadxon YUSUPOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

https://saviya.uz/ijod/nasr/radiodagi-amaki/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x