Ezgulik mavjlari

Ijodkorning hayotida unib-oʻsgan, aqlini tanigan joy gʻoyat muhim oʻrin tutadi. Ulgʻayib, boshqa maskanlarga ketganida ham bolalik va oʻsmirlik kechgan manzillar xayoli uni tark etmaydi. Ijodkor qaysi jugʻrofiy-tarixiy mintaqa haqida yozmasin, aslida oʻzining bolalik va yoshligi oʻtgan yerlarni tasvirlayotgan boʻladi. Abduqayumning koʻnglida hamisha oʻzi unib-oʻsgan Sirdaryo turgani bois boʻlsa kerak, “Mubtalo”, “Puankare” singari qator bitiklarida Sirdaryo odamlari, choʻlli daryo tabiati aks etadi. Mana, ijodining gullagan davriga kelib adib “Daryo” degan roman yozib, hukmingizga havola qilmoqda.

Romanda Sirdaryo butun zalvori, koʻlami bilan tasvirlangan. Lekin asar daryoning oʻzi toʻgʻrisida emas, balki uning atrofida kun kechirayotgan odamlar haqida. Asarning bir necha oʻrinlaridagina Sirdaryo goh tinch va ulugʻvor, goh mehribon va emlagʻuvchi, goh poʻrtanali va qasoskor, goh dolgʻali va tajovuzkor yoʻsinda tasvir etiladi. Muallif daryoning holatini personajlar xatti-harakatlari, ruhiyati va qilmishlari bilan uygʻunlikda tasvirlar ekan, hayotiylik meʼyorini buzmaslikka erishadi. Daryo timsoli romandagi koʻplab personajlarning maʼnaviy sifatlarini belgilashda oʻziga xos mahaktosh hisoblanadi.

Muallif bitikdagi har bir timsol tabiatini mohirlik bilan individuallashtira olgan. Undagi biror obrazni boshqasiga oʻxshatib boʻlmaydi. “Daryo”ning bosh qahramoni halolligi bois boshi tashvishdan chiqmaydigan Tohir, oriyatli, chapdast, ammo halol bilan haromning farqiga bormay, vositani emas, maqsadnigina muhim hisoblaganidan hamisha gʻalvalar qurshovida yashaydigan Berdiqul, ulkan tashkilotchilik, tadbirkorlik va halollikni oʻzida uygʻunlashtira bilgan Muhiddinboy, uning orzulari yuksak va barcha niyatlariga oʻz kuchi bilan erishishga ahd qilgan oʻgʻli Dilshod, baxtsizu omadsizligidan alamzada va buning uchun eng yaqin doʻstiga xiyonat qilishdan ham qaytmaydigan Mansur tengboʻyinsa uch oqsoqol singari personajlarning ruhiy dunyosi betakror tasvir etilgan.

Romandagi har bir timsol tasvirida davr nafasi yaqqol seziladi. Yozuvchi odamga qoliplar asosida yondashmagani uchun har bir personaj ruhiyati va feʼli-xoʻyidagi betakror jihatlarni koʻra biladi va taʼsirli aks ettira oladi. Shu sababli ham romanda yoshlar yoshlardan ayirmali tasvirlangani yangligʻ qariyalar ham bir-biridan tubdan farq qiladigan yoʻsinda aks ettirilgan.

Romanda, Siz, aziz oʻqirman, mangu tirik daryo va uning atrofida yashayotgan zamondoshlar kechmishu taqdirlari bilan tanishasiz. Ishonamanki, bu tanishuv gʻoyat foydali va xayrli kechadi. Odamiylik daryosiga sayringiz maroqli boʻlsin.

 

Qozoqboy YOʻLDOSH,

filologiya fanlari doktori

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ezgulik-mavjlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x