Navoiyning Hindisonlik muxlislari

Ulugʻ oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy faxriya sifatida yozgan edi:

 

Olibmen taxti farmonimgʻa oson,

Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.

 

Hayotda esa uning ijodi muxlislari Volga boʻylaridan to Nil daryosigacha boʻlgan hududda, hatto Hindiston mamlakatida ham koʻp boʻlganligi maʼlum. Mashhur xattot Sulton Ali Mashhadiy “Xamsa” va “Terma devon”1dan nusxalar koʻchirgan boʻlib, ushbu noyob qoʻlyozmalarga Boburning nabirasi Jaloliddin Muhammad Akbarshoh (1556–1605) va chevarasi Nuriddin Muhammad Jahongir (1605–1627) saroyi kutubxonasida xizmat qilgan atoqli hind rassomlari Dharamdas, Laʼl, Manohar, Mukund, Govardxan va Markaziy Osiyodan Hindistonga borib qolgan Farruxbek nafis moʻjaz rasmlar ishlagan. Sharq kitobat sanʼatining mazkur shoh asarlari bugungi kunda Angliyaning Vindzor saroyidagi qirollik kutubxonasida saqlanmoqda. Bu suratlardan namunalar professor Hamid Sulaymon va olima Fozila Sulaymonova 1982 yili chop etgan “Alisher Navoiy asarlariga ishlangan rasmlar”2 nomli albomdan oʻrin olgan edi.

“Xamsa” qoʻlyozmasining oʻn sahifasi, qoʻsh zarvaraq, toʻrt dostonning unvoni naqshlari hamda toʻrtta rasm chop etilgan. Unda oltita rasm mavjud.

Chop etilgan rasmlarning birinchisi (albom, 81-rasm) “Hayrat ul-abror” dostonidagi “Soʻz taʼrifi”ga bagʻishlangan 14-bobga ishlangan boʻlib, bunda rassom buyuk mutafakkirning jamiyat hayotidagi soʻz oʻrniga oid fikrlarini yuksak badiiy mahorat bilan ochib bergan. XVI asr oxirida yashagan hindistonlik rassom shoir gʻoyalarini batafsil, yettita juft yoshlar vositasida tasvirlaydi. Bu rasmni oʻsha davr dunyoqarashi boʻyicha, orzudagi jannat bogʻining tasviri deb atash mumkin.

Ikkinchi rasm (83-rasm) rassom Dharamdas tomonidan chizilgan boʻlib, unda Alisher Navoiy Sulton Husaynga “Xamsa”ni taqdim etayotgani tasvirlangan. Bu voqea ochiq maydonda, ulkan chinor daraxti tagiga tikilgan shomiyona gilam ostidagi toʻrtburchak chodirda, ulkan gilam toʻshalgan supada, saroy aʼyonlari, sozandalar, xorijiy libosdagi elchi, sovgʻa uchun tayyorlangan tulporlar, ov qushi, miltiq ushlagan ikki askar va boshqalar ishtirokida boʻlib oʻtmoqda.

Uchinchi rasm (85-rasm) ham “Hayrat ul-abror” dostonining “Vafo bobi”ga ilova qilingan ikki vafodor doʻstning jang maydonidagi fidoyiligiga bagʻishlangan qissaga ishlangan. Bu ikki doʻstning oʻzaro sadoqatini koʻrgan Amir Temur shahar aholisining hayotini ularga bagʻishlaydi.

Qoʻlyozmadagi rasmlarning biri (20-a varaqda) asli balxlik, toj-taxtdan voz kechgan mashhur tasavvuf vakili Ibrohim Adham va Bibi Robiya qissasiga bagʻishlangan. Navoiy “Ibrohim Adhamning Kaʼbaga namoz bila borgʻoni va Robiai Adviyagʻa Kaʼbaning niyoz bila kelgoni” sarlavhasi ostida mashhur qissaning sheʼriy talqinini keltiradi. Maʼlumki, Ibrohim Adham haj amalini ado etishni niyat qilib, oʻn toʻrt yil davomida har qadamida ikki rakaat namoz oʻqib, yoʻl yurib, Makkaga borib koʻrsaki, Kaʼba oʻrnida yoʻq.

 

“Chekti figʻonkim, “Bu nedur, yo Iloh?

Hotife un berdikim: “Ey piri roh,

 

Bodiya qatʼida durur bir ajuz,

Shavqi muhabbat yukidin qaddi goʻz.

 

Zaʼfdin ul boʻlmish edi, notavon,

Kaʼba aning tavfigʻa boʻldi ravon.

 

Ayladi hayron ani bu voqia,

Boqsa keyin koʻrdi kelur Robia.

 

Dedikim: “Ey Arsh matofing sening,

Kaʼba qilib azmi tavofing sening.

 

Koʻrki, jahon ichra solibsen ne shoʻr!”

Robia dedi angakim: “Qilma zoʻr!

 

Shoʻr seningdur bori olamda bil,

Bodiya qatʼi uchun oʻn toʻrt yil”.

 

Bu voqea xulosasi sifatida Alisher Navoiy Robiya nomidan yozadi:

 

“Senga samar berdi, namozu riyo,

Bizga bu bar berdi niyozu3 fano”. 4

 

Ayni shu voqea “Hayrat-ul abror” dostonining 25-bobida keltirilgan boʻlib, unda chin ixlos namoz va riyodan afzal koʻriladi. Beshinchi rukn hajni ado etishda umid, oʻtinch va yolvorish, har qadamda riyo bilan namoz oʻqib borishdan afzal ekanligi taʼkidlanadi.

Bu voqeaga hindistonlik rassom Govardxan surat ishlagan. Rasmning pastki qismida Ollohga murojaat qilayotgan oq sallali, koʻk qabo kiygan Ibrohim Adham qoʻllari Robiya tomonga choʻzilgan. Yuqorida esa, qizil toshdan ishlangan masjid ichida Kaʼbaning tosh asosi, qoʻllari duoga ochilgan oq kiyimli Bibi Robiya tasvirlangan.

Yuqorida keltirilgan qissadan odam koʻnglidagi ixlos bilan ibodat qilgani afzalroq, degan hissa kelib chiqadi. Bu ibratomuz mazmundagi rasmni rassom yuksak mahorat bilan ishlagan. 5

Insonlarni ezgulikka chorlagan bu rasmning pastdagi hoshiyasida “Amali Govardxan” yozuvi bor. Govardxan Akbar, Jahongir va Shohi Jahon davrida yashab, barakali ijod etgan, uning oltmishdan ortiq asarlari bizgacha yetib kelgan. U rassom Bhavonidas oʻgʻlidir. Oʻz imzolariga “xonazoda” soʻzini qoʻshib qoʻygani podshoh xonadonida tarbiya topganiga ishoradir6. Navoiyning “Xamsa” asari qoʻlyozmasiga ishlangan rasmlar Jahongir hukmronligi davriga, yaʼni 1605–1627 yillarga toʻgʻri keladi.

Albomdagi toʻrtinchi (87-rasm, 35-a varaq) rasm Sulton Alouddin Muhammad Xorazmshohning oʻsha davr yirik olimi Faxr Roziy bilan hammomdagi tasodifiy uchrashuviga bagʻishlangan. Sulton olimdan oxiratda odamlar qay ahvolda boʻladilar deb soʻraganda, hammomdagi kabi, shon-shavkat, qimmatbaho kiyimlar tashqarida qolib, inson faqat oʻzining ezgu ishlari va bilimi bilan boʻladi, yaʼni inson bu dunyoda oʻziga kerakli narsalarga ega boʻlsa, unga ana oʻshalar asqotishi mumkin deya javob beradi. Rasmning pastdagi hoshiyasida “Amali Govardxan” yozuvi bor. Demak, bu rasmdagi kishilar qiyofasini Govardxan Hindistonda qayta ishlab chiqqan.

Xattot Sulton Ali Mashhadiy tomonidan XV asr oxirida Hirotda koʻchirilgan “Terma devon” Vindzor qirollik saroyi kutubxonasida “Buxoro qoʻlyozmasi” nomi bilan yuritiladi. Unda yettita rasm mavjud boʻlib, chop etilgan beshtasida hindistonlik rassomlardan Farruxbek, Laʼl, Manohar va Mukund nomlari bitilgan.

Rasmlarning birinchisi (92-rasm) “Xazoyin-ul maoniy” toʻplamining ikkinchi devoni “Navodir-ush shabob”ga kirgan “sayd” (ov) radifli gʻazalga bagʻishlangan boʻlib, rasmning yuqorisida quyidagi uch bayt bitilgan:

 

“Bilgay ul kofir anga telmurmagimni, bilsakim

Ne tazallum birla qotilni qilur nazzora sayd.

 

Murshidi jozib tilab, topmay gum oʻldim, voykim,

Boʻldi bu sahroda sayyod ista-yu ovora sayd.

 

Telba qushdekdir Navoiy koʻngli savdo dashtida,

Oni to sen aylamishsen, ey pariy ruxsora, sayd”. 7

 

Rasmda sahrodagi sher ovi tasvirlangan boʻlib, uning markazida koʻk tusli qabo kiygan yosh shahzoda Salim qoʻngʻir rangli ot minib turibdi. U endigina kamonidagi paykonini otib boʻlgan. Roʻparasida, sal pastroqda yarador sher. Qoʻlida ov qushini ushlagan mulozim hayrat barmogʻini tishlagan. Rasm pastida tasvirlangan koʻkimtir kiyimdagi ovchining chap qoʻlini sher tishlagan. Ovchi uzun xanjari bilan sherni yaralamoqda, oʻngroqdagi ikki ovchi esa unga yordamga shoshilmoqda. Rasmdagi kishilar kiyimi XVI asr oxiri Hindistonga xos. Rasm yuqorisida, jadval orasida rassomlar Laʼl va Mukund nomlari bitilgan.

Ikkinchi rasm (93-rasm) shoirning toʻrtinchi devoni “Favoyid-ul kibar”ga kirgan 138-gʻazal matniga ishlangan. Rasm ostida gʻazal matlaʼsi va yana bir bayt bitilgan:

 

“Parvona qanoti arokim, dogʻ ila qondur,

Hajr oʻtiyu gʻam yarosidin ikki nishondur.

 

Soriq, qizil alvon bila xilʼatlaring ey gul,

Raʼnoliq erur ulki, libosingda ayondur”. 8

 

Ammo rasm “Farhod va Shirin” dostonidagi lavhaga ishlangan. Ariq qaziyotgan Farhodning ishini koʻrishga kelayotgan Shirinning oti botqoqda yurolmay qolganda, qahramon goʻzalni oti bilan birga koʻtarib, balchiqdan oʻtkazib qoʻyadi. Rasm markazida ot ustidagi Shirin hayrat barmogʻini tishlamoqda. Farhod dadillik bilan goʻzal va uning otini koʻtarib shaxdam qadam tashlab ketmoqda. Shirinning kanizaklari ham turlicha hayrat holatida tasvirlangan. Rasmning pastida rassom nomi Farrux deb bitilgan.

Toʻrtinchi rasm (94-rasm) uchinchi devon “Badoiʼ-ul vasat”dagi 230-gʻazalni bezashi kerak edi. Rasm pastida gʻazalning quyidagi uch bayti bitilgan:

 

“Aylagan qaddu yuzing borida sarvu gul havas,

Dahr boʻstonida andoq boʻlmagʻay bir bul havas.

 

Nozanin qadding niholi birla ruxsoring gulin,

Koʻrgali ne sarv qildim orzu va ne gul havas?

 

Sarvinozim boshida to koʻrdi mushkin kokilin,

Shamʼ aylabtur muanbar dudidin kokil havas.

 

Koʻrdi to sarv qadu guldek yuzingni bogʻbon,

Gulshan ichra qilmadi shamshod ila sunbul havas”. 9

 

Ushbu gʻazalning oxirgi bayti – maqtaʼsida shoir yozgan edi:

 

“Ayladi bir xoli hindu roʻzgorimni qaro,

Ey Navoiy, tong yoʻq, etsam Hind ila Kobul havas”. 10

 

Taqdir taqozosi bilan ulugʻ shoir devonining ushbu noyob qoʻlyozmasi Kobul orqali Hindistonga kelib qolgan. Podshoh Jaloliddin Muhammad Akbar yoki shahzoda Sulton Salim (boʻlgʻusi podshoh Nuriddin Muhammad Jahongir) oʻz saroyidagi musavvirlarga buyurib, bu gʻazalni bezash uchun avval yaratilgan rasm asosida kishilarni XVI asr muhitiga mos koʻrinishda aks ettirishgan. Bu rasmda Hirot uslubidagi bino sahnida sozanda, hofiz va qoʻlida kitob ushlagan ulugʻ yoshli shoir Alisher Navoiyning ramziy tasviri. Ochiq bino ichida shahzoda va soqiy. Ular oldida ham kitob. Bino ustida ikki goʻzal ayol tasviri.

Bu rasm taʼkidlanganidek, avvalgi nusxasi asosida ijod qilingan boʻlib, unda bino naqshlariga oʻzgartirish kiritilmagan. Ammo insonlar qiyofasi, osmon, Hindistonga xos ikkita daraxt tasviri kiritilgan.

Shoir lirik qahramonini taʼriflar ekan, rassom, shahzoda va soqiyni yosh va chiroyli yigitlar sifatida yuksak mahorat bilan tasvirlagan. Taqdir taqozosi bilan “Xamsa” va “Terma devon” qoʻlyozmasi Hindistonga kelib qolib, unga oʻz davri podshohlari Akbar va Jahongir rasmlar ishlatgani ajib bir holdir.

Devondagi beshinchi rasm (95-rasm) yuqorisida “Badoyiʼul vasat” devonidagi “maraz” (kasallik) radifli 278-gʻazaldagi uchinchi baytdan boshlanib quyidagi besh bayt bitilgan:

 

“Gar marazning lozimi dard oʻldi, bilmon, ey koʻngul,

Dardmand etgaymi oz dilsitonimni maraz.

 

Sadqasi aylang meni mardudni, ey doʻstlar,

Kim zaif etmish ulustin tonlagʻonimni maraz.

 

Dardligʻ koʻnglum halokin istaramkim kuyida,

Yoqmish ul ovorai bexonumonimni maraz.

 

Yuz tuman mendek kuhan pir oʻlsa oning sadqasi,

Qilmasun ozurda, yo Rabb navjavonimni maraz.

 

To mariz oʻlmish nigorim – qon toʻkar giryon koʻzim,

Ey Navoiy, dey olurman – toʻkti qonimni maraz”. 11

 

Ushbu sheʼrning ostiga suls yozuvida adxalallohu aljannata”12 deb bitilgan. Bu gʻazalning matlaʼsi va ikkinchi bayti quyidagicha:

 

“Qilgan ermish notavon sarvi ravonimni maraz,

Zor oʻlarmenkim, qilibtur zori jonimni maraz.

 

Chu topar ozor jononim marazdin, yoʻq ajab,

Aylasa ozurda joni notavonimni maraz”. 13

 

Rasmda biz shahzoda sulton Salim, doʻsti va uning sevgilisi tasvirini koʻramiz. Goʻzal ayol oʻng qoʻlini koʻksiga qoʻyib shahzoda ishqida maraz – kasal boʻlganini namoyish etmoqda. Bu rassomning sheʼr ruhiyatini juda yaxshi tushunganini koʻrsatadi. Ulkan daraxt yaqinida shahzoda oʻz suhbatdoshi bilan yoy va kamon toʻgʻrisida soʻzlashayotganday koʻrinadi. Oʻng tomonda esa oʻz dardi – kasalligini izhor qilayotgan maʼshuqa. Rasm pastida nilufar gullar qiygʻos ochilgan, ikki juft oʻrdaklar tasvirlangan.

Oltinchi rasmda (96-rasm) “Gʻaroyib-us sigʻar” devonidagi 355-gʻazalning oxirgi besh bayti bitilgan:

 

“Toki saydingmen, ishing nevchun gʻazabdur chun mudom,

Qush giriftor oʻlsa koʻngli xush boʻlur sayyodning.

 

Oʻlmogʻimni boqma hijroningda, ey sultoni husn,

Qatl hukmi qilsa shoh ne erki bor jallodning.

 

Rokeʼ erdim, chang uni keldi sahargoh, ohkim,

Bordi mutrib nagʻmasigʻa hosili avrodning.

 

Yoʻl qorongʻudir, talab noqis, qadam ne nav uray,

Yorumay komil damidin mashʼali irshodning.

 

Ey Navoiy, necha bulbuldek figʻon ul gul uchun,

Yoʻq anga taʼsiri chun bu nolau faryodning”. 14

 

Rasmda Hirot uslubidagi bino sahnida koʻngil ochayotgan Xusrav siymosi yoki Hindiston shahzodasi sulton Salim. Uning ikki tarafida aʼyonlari va mulozimlari. Pastroqda sozanda va xonandalar. Rassom shoir gʻazalidagi dardini shunday ifodalamoqdaki, ayshu bazm ham uning ishqi dardini pasaytira olgani yoʻq.

Rassom Farruxbek nomi yana bir miniatyura15 tagiga yozilgan boʻlib, uning hoshiyasiga nastaʼliq xatida Alisher Navoiyning “Erur” radifli gʻazalidan quyidagi oʻn bayt bitilgan:

 

“Vah ne sarvidurki to, xilʼat kiyibdur savsaniy,

Chok oʻlub gul xilʼati, bulbul ishi vayron erur.

 

Savsanu sarvi agar yoʻqtur damimdin bogʻ aro,

Oʻrtanibon sarvu savsan xullasi barbod erur.

 

Ayni iffatdin oʻshul pokiza gavhar jismida,

Xilʼat ermaskim naqsh etkan kabi poʻlod erur.

Shomi gʻam koʻnglum uzoru xullasin yod aylabon,

Mehr oʻti har yon binafsh etgan bulutdin yod erur.

 

Qozgʻoni gʻam Besutun togʻin Navoiy ilkida,

Vahki savsan bargi ermas, teshai Farhod erur”.

 

Bu baytlar shoirning “Xazoyin-ul maoniy” toʻplami toʻrtinchi devoni “Favoid-ul kibar”dagi 194-gʻazaldan olingan. 16

Kitobdagi va miniatyura hoshiyasidagi gʻazal matni solishtirilganda, miniatyuradagi uchinchi bayt nashrda yoʻq ekanligi maʼlum boʻldi.

Miniatyura oʻrtasida qiygʻos gullagan savsan daraxtlari oldida, binafsha rangli, bulutlarning ramziy naqshi tushirilgan – ustida “savsaniy” – binafsha rangli xalʼat – toʻn, ichidan sariq qabo kiygan, yelkasiga sochiqsifat mato tashlagan, katta salla oʻragan, quyuq qoshli, qulogʻiga sirgʻa taqqan yosh yigit tasvirlangan. Daraxt shoxlaridagi gullar koʻrkamligidan xonish qilib, “ishi barbod” boʻlayotgan beshta bulbul turli holatlarda naqsh etilgan. Orqadagi toʻq sargʻish dala va uzoqdagi oppoq osmonning yuqori qismida “har yon binafsh etgan” moviy bulut tasviri.

Rasmning oʻng qismida “Amali Farruxbek, yetmish yoshida chizgan” degan yirik, dagʻalroq nastaʼliq xatidagi qayd mavjud.

Bu rasm keyinchalik katta ziynatlangan lavhaga oʻrnatilgan boʻlib, pastki hoshiyasiga “Amali Farruxbek” degan nastaʼliq xatida bitik kiritilib, hoshiyasiga hind uslubida turli gullar tasviri bilan bezak berilgan.

XVI asrning ikkinchi yarmi – XVII asr boshlarida Hindistonda juda mashhur boʻlgan rassomlardan biri Farruxbek aslida kim edi?

Movarounnahrlik boʻlgan Farruxbek 1585 yilda Akbar saroyiga kelib, “Tasvirxona”da oʻz oʻrnini topgan.

Farruxbek Akbarning vaziri, tarixchi olim Abulfazl Allomiyning “Akbarnoma” va “Oyini Akbariy” asarlarida qayd etilgan ikki rassomdan biridir. Farruxbek nomi Nuriddin Muhammad Jahongirning “Tuzuki Jahongiriy” asarida ham qayd etilgan boʻlib, rassom oʻz asari uchun ikki ming rupiy mukofot olgani yozilgan.

Yozma manbalarda Farruxbekning ilk ijodi va hayotining soʻnggi yillari toʻgʻrisida maʼlumot uchramaydi. Rassom Erondagi safaviylar va Movarounnahrdagi shayboniylar davri ijodkorlarining zamondoshi edi. U oʻz ijodini dastavval Kobul shahrida, Humoyun Mirzoning ikkinchi oʻgʻli Mirzo Muhammad Hakim homiyligida boshlagan boʻlib, yana bir Farrux Husayn nomli rassom bilan birga ijod qilgan. Muhammad Hakim Mirzo vafot etgach, Akbar saroyiga taklif etilgan.

Bizgacha Mirzo Muhammad Hakim va uning xizmatkori Hoji Yoqut tasviri yetib kelgan. Bu surat Farrux Husayn tomonidan hijriy 998 yili yaratilgan boʻlib, Jahongir tuzgan mashhur “Muraqqaʼi gulshan” asaridan oʻrin olgan.

“Muraqqaʼi gulshan”da Farruxbek yaratgan yosh yigitlar va nuroniy moʻysafidlarning ajoyib rasmlar turkumi ham saqlanib qolgan.

Rassomning Akbar tasvirxonasida yaratgan rasmi Nizomiyning “Xamsa” asari qoʻlyozmasiga ishlangan. Kitobda oʻttiz oltita rasm boʻlib, shulardan kamida yettitasi Farruxbekka tegishli. Ulardan ikkitasini bir oʻzi yaratgan, qolganlarini yaratishda yosh rassomlardan Dharamdas (198-b va 205-a vv.), Dhanraj (203-a v.) va Behzod (Xoja Abdussamadning ikkinchi oʻgʻli) (209-a, 249-b vv.) ishtirok etgan. Bu rasmlarni 1586–1588 yillarda yaratilgan deyish mumkin.

Farruxbek rasmlarining tarhlari Jomiyning 1556–1565 yillari yaratilgan “Haft avrang” asariga ishlangan rasmlarga yaqin. Ular oʻz oʻrnida Alisher Navoiyning “Devoni” rasmlariga oʻxshashdir. Farruxbek shahzoda Salim tasvirxonasida xizmat qilgan Oqa Rizo, Abulhasan va Vishnudaslar kabi qaytariqlar chizmaydi, balki har bir rasm uchun alohida, oʻziga xos tarh topishga harakat qiladi.

Barcha rassomlar uchun umumiy xususiyatlar shakllanishi ularning ijodiy hamkorligiga bogʻliq, ammo Farruxbek bundan istisno tariqasida, keyinchalik yaratilgan asarlarini bir oʻzi tugallashga harakat qilganini kuzatamiz.

Farruxbek ishtirok etgan rasmli qoʻlyozmalardan yana biri “Boburnoma” boʻlib, uning varaqlaridan oʻn sakkiztasi Londonda, Angliyaning Viktoriya va Albert muzeyida saqlanmoqda. Bulardan uchtasi 1912 yili Genri Vever majmuasida boʻlgan, hozir esa Vashingtondagi Artur M. Sakler galereyasida saqlanadi.

Rassom umri davomida Akbar, soʻngra Jahongir va keyinchalik Shohi Jahon xizmatida boʻldi. Uning yetmish yoshligida oʻzini bir moʻysafid sifatida tasvirlagan rasmi bor. Surat tagiga Shohi Jahon oʻz qoʻli bilan “musavvir Farruxbek asari va oʻz rasmi” deb yozgan. Uning nomi tarixchi Abulfazl Allomiyning “Akbarnoma” va qomusiy xarakterga ega boʻlgan “Oyini Akbariy” asarida eslatilgani diqqatga sazovordir.

Farruxbek Alisher Navoiyning “Majolis-un nafois” tazkirasi matni lavhasi bitilgan varaq oʻrtasiga kitob oʻqiyotgan qora moʻylabli yosh yigit tasvirini ishlagan boʻlib, chetda mayda nastaʼliq xatida “shabihi Shoh Tahmosib, podshohi Eron” deb yozib qoʻyilgan. Rasm hoshiyasi boʻlgan mehrobiy naqsh ichida esa quyidagi yozuv mavjud: “Ikki matlaʼ bitilur, biri bukim:

 

“Ishqi tu ki, sarmoyai mulki du jahon ast,

Alminnatu lillahki, maro bar dilu jon ast”.

 

Yana biri bukim:

 

“Rindemu oshiqemu jahonsoʻzu joma chok,

Bo davlati gʻami tu zi fikri jahon chi bok”.

Bu faqir avval nazmekim, oʻrganibmen, bu soʻnggi matlaʼdur. Hamono uch yosh bila toʻrt yoshning orasida erdim. Azizlar oʻqimoq taklifi qilib, baʼzi hayrat izhori qilurlar erdi. Va masnaviylari hazrat mavlono Jaloliddin (quddisa sirrihu) masnaviylarining vaznidakim, “ramali musaddas”17 soʻzida tugaydi.

Bu varaqdagi matn Alisher Navoiyning “Majolis-un nafois” tazkirasidagi shoir va soʻfiy Amir Qosim Anvor toʻgʻrisidagi maʼlumotning aynan oʻzidir.

Ikkinchi rassomning oʻz rasmi chetidagi mehrobiy naqsh ichida yana shu tazkiradan quyidagi matn lavhasi chiroyli nastaʼliq xatida bitilgan:

“… derlar voqeʼ bu tururkim, misraʼkim:

 

“Bud dar Tabriz sayyidzodaye”

 

Andin, goʻyoki maqsud oʻzlaridur va tarjeʼlarining bandi va baytdurkim:

 

Tui asli hama pinhonu paydo,

Ba afʼolu sifotu zotu asmo.

 

Va ul hazratning muborak marqadi Jom viloyatida Xarjard qasabasidadur. Faqir ham ul ostona jorubkashlaridinman. Vafotlari sanai xamsa va salosina va samona miada voqe boʻlubdur. Zero batarki…”18

Oʻz vaqtida XVI asr tarixchisi Qozi Ahmad Qumiy oʻzining “Gulistoni hunar” kitobida “Majolis-un nafois” tazkirasining Sulton Ali Mashhadiy xatida bitilgan rasmli qoʻlyozmasini koʻrganini yozib qoldirgan edi. Bu noyob qoʻlyozmaning bir varagʻi AQSH majmualaridan birida saqlanib qolgan boʻlib, Hindistonda u qoʻlyozmaning baʼzi varaqlariga Farruxbek rasm ishlagan ekan.

Bizning tadqiqotlarimiz shuni koʻrsatmoqdaki, Alisher Navoiy davridagi yuksak madaniyat keyinchalik boburiylar davrida davom ettirilgan, buyuk musavvir Kamoliddin Behzod va uning shogirdlari yaratgan anʼanalar Hindiston zaminida Akbar, Jahongir va Shohi Jahon tomonidan homiylik qilinib, davom ettirilgan, bunda esa buyuk bobokalonimizning uchta asari – “Xamsa”, “Terma devon”, “Majolis-un nafois” tazkirasi alohida oʻrin tutgan. Navoiy asarlariga Hindistonning mashhur rassomlari Farruxbek, Laʼl, Dharamdas, Mukund, Govardxan, Manoharlarning ajoyib rasmlar ishlagani quvonchli holdir. Bu mumtoz miniatyuralarni Oʻzbekiston va Hindiston doʻstligining noyob obidalari deb baholash mumkin.

 

Abdumajid MADRAIMOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–4

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiyning-hindisonlik-muxlislari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x