Tilla baldoq

– Oʻgʻil koʻrsam, tilla zirak olib berasiz-a? – erkalanib soʻradi Zulayho eridan.

– Shuncha ziraklaring bor-ku… Ha, mayli, agar bolamiz menga oʻxshasa, olib berganim boʻlsin! – Toʻylariga uch yil toʻlib, xotini nihoyat birinchi farzandiga homilador boʻlganini eshitgan Akbar ham erib ketdi.

Bu gap Akbarning yodidan ham koʻtarilib ketgan edi. Ammo Zulayho erining vaʼdasini unutmagandi. Tugʻruqxonada intizor kutilgan farzandini bagʻriga bosgancha, erining bir olam quvonch hamda tilla baldoq bilan kirib kelishini tasavvur qilgan ayolning shodligi yanada koʻpaydi. Zulayhoning shirin xayollarini har kuni ularning palatasini tozalab yuradigan farrosh ayol – Sanobar opa buzib yubordi.

– Eson-omon qutulganing rost boʻlsin, qizim. Buning jajjiligini qaranglar… Mengayam shunaqa nevaralar nasib etsin!

– Iloyim, opajon. Oʻzingiz tuzukmisiz?

– Rahmat. Mana bu lash-lushlarni olib chiqib ketaveraymi? Keraklisi yoʻqmidi ichida?

– Yoʻq, bemalol, – Zulayho ikki-uch kundan beri oʻziga yaqin boʻlib qolgan ayol bilan biroz suhbatlashgisi keldi.

– Opa, tunov kungi sovchilik yaxshi oʻtdimi? Rozi boʻlishdimi ishqilib?

Sanobar opa Zulayhoga yakkayu yagona oʻgʻli suyib qolgan qizning eshigini taqillatib bormoqchiligini aytgandi.

– Ha, bordik, koʻrdik. Qiz chiroylikkina ekan. Faqat… shu… ota-onasining orzu-havaslari kattagina koʻrinadi. Yoʻq, deyishmadi-yu lekin… ancha balanddan kelishdi.

Sanobar opa ham dardini kimga aytishni bilmay turgan ekanmi, palatada Zulayhodan boshqa birov yoʻqligi uchun darhol stulga oʻtirib gap boshladi.

– Yoʻgʻ-e? Sharoitim shunday-shunday edi, deb aytmadingizmi oʻzingiz ham? Axir “xoʻjayin”ingiz olamdan oʻtgan, oʻgʻlingiz endigina ishga kirgan boʻlsa…

– Oʻgʻlim ikkimizning ancha yildan beri yigʻib qoʻyganimiz bor. Ammo ular aytgan toʻyni qilishga bu urvoq ham boʻlmasa kerak. Qizning oldida oʻgʻlimning boshi xam boʻlmasin deb indamadim. Non sindirildi. Oʻgʻilginamning bu xushxabardan boshi osmonda. Bolam uchun hamma boyligimni sarflashga tayyorman. Ammo qani oʻsha pul zormanda?

– Koʻpam siqilmang, opa, Xudo yetkazadi. Muhimi rozi boʻlishibdi-ku? Qarindosh-urugʻlar ham qarab turishmas…

– Shundogʻam ulardan ancha qarzdor boʻlib qolganman. Uch yil avval qizimni chiqarganimda… Xullas, endi ikki oyga qolmay toʻyni oʻtkazishimiz kerak. Onamdan qolgan tilla baldoqlarni sotsammikin, deyapman. Aslida-ku, uni toʻy kuni kelinimning qulogʻiga taqib qoʻyishim kerak edi. Ammo nachora…

Zulayho uning quloqlaridagi qadimiyligi, asl tillaligi bilinib turgan, koʻzlarni yal-yal oladigan baldoqlarga achinish bilan boqdi.

– Onangizdan meros ekan-da, afsus…

Ularning suhbatini eshikdan kirib kelgan hamshira buzdi. Sanobar opa “Hay, mayli”, – dedi-da, yana ishiga shoʻngʻidi. Hamshira Zulayhoga tashqaridan eri kiritib yuborgan xaltani tutqazdi. Ayol darhol xaltaga koʻz yugurtirdi: yeguliklar, kiyim-kechak, dori-darmon va maktub. Shosha-pisha maktubga koʻz yugurtirgan Zulayho baldoq haqida lom-lim deyilmaganidan ranjidi. Shu zahoti boʻshagan idish va ortiqcha buyumlarga qoʻshib javob xati chiqazib yubordi. Ginalarga toʻlgan maktubda oʻsha berilgan vaʼda eslatilgan va oʻgʻilchasi unga quyib qoʻygandek oʻxshashi aytilgandi. Uni oʻqigan Akbar roʻzgʻor ishlarida esarligi pand beradigan xotinining bunaqa narsalarda xotirasi kuchliligiga tan berib kulib qoʻydi. Soʻng pahlavondek oʻgʻil quvonchi sabab vaʼdasini bajarishga kirishdi…

Zulayho tugʻruqxonadan chiqar kuni hamma bilan bir-bir xayrlashdi. Ammo Sanobar opaga koʻzi tushmadi. Darvoza tagida uni eri, ota-onalari va yaqinlari kutib turar, Zulayho istaganidek, xorijiy mashina, gullar, videokamera, hammasi taxt edi. Qoʻlida goʻdagi bilan zinadan tushib kelayotgan ayolni eri guldasta bilan qarshi oldi. Oʻgʻlini bagʻriga olarkan, choʻntagidan moʻjaz qutichani chiqarib Zulayhoga tutqazdi. Quvonchi ichiga sigʻmagan ayol darhol qutichani ochdi.

– Vuy, muncha chiroyli…

U shunday dedi-yu baldoqlarga birmuncha vaqt tikilib qoldi. Avvaliga qizardi, soʻng koʻzlari pirpiradi.

– Qayerdan… oldingiz buni?

Akbar xotining oʻzgarib qolganini tushunmay, javob berdi:

– Kecha tilla bozorda bir ayoldan sotib oldim. Asl tilla dedi… Senga yoqmadimi?

Ha, xuddi oʻzi. Sanobar opaning baldoqlari edi bular!

– Bu endi meniki, a? Nima qilsam ixtiyorimmi? – soʻradi ayol.

Akbar hayron boʻldi.

– Ha… Tinchlikmi?

– Meni kechiring…

Zulayho bu gapni kimga va nega aytganini Akbar tushunmadi.

– Yuraqol endi, yaqinlarimiz kutib qolishdi, – u darvoza tomon imo qildi.

– Hozir bir daqiqa, opa bilan xayrlashib kelay… – gulzor atrofini supurayotgan Sanobar opaga koʻzi tushgan Zulayho oʻsha yoqqa shoshdi. Akbar bolani olib, mashina tomon ketdi.

– Opa… – Zulayho tezgina ayolning quloqlariga nazar tashladi. Sanobar opaning quloqlarida baldoqlar yoʻq edi.

– Menda bir narsangiz qolib ketibdi, – Zulayho Sanobar opaga qutichani tutqazdi. – Yaxshi kunlarga ishlating!

Sanobar opa bir nima deyishga ulgurmay, Zulayho chopgancha mashina tomon ketib qoldi. Uni ortidan hayron kuzatib qolgan opa qoʻlidagi qutichani ochdi-yu yigʻlab yubordi…

 

Nodirabegim IBROHIMOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

https://saviya.uz/ijod/nasr/tilla-baldoq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x