Qirgʻiz adabiyoti

Qirgʻiz xalqining ota-bobolari juda qadim zamonlardayoq Oʻrta Osiyo, Tyan-shan va Yettisuv viloyatlaridagi gunnlar, shuningdek, saklar, skiflar va boshqa qoʻshni qabilalar bilan yaqin aloqada boʻlib, ularning madaniyati, dini va urf-odati taʼsiri ostida yashaganlar.

Qirgʻiz xalqining adabiyoti va madaniyati XX asrga qadar xalq ogʻzaki ijodi shaklida rivojlandi. Bizgacha yetib kelgan xalq ashula va qoʻshiqlari, maqol, ertak va dostonlarida qirgʻiz xalqining uzoq asrlar davomidagi koʻchmanchi-chorqachilik hayoti, ularning oʻz xoʻjayinlariga qarshi olib borgan kurashlari haqqoniy aks ettirilgan. Folklor asarlarida qirgʻiz xalqining mehnatsevarlik, vatanparvarlik va adolatparvarlik gʻoyalarini ifodalovchi juda koʻp qoʻshiqlar, ertaklar, dostonlar mavjud.

Qirgʻiz xalq ogʻzaki ijodida xalq qahramonlik dostonlari ayniqsa mashhur. Asrlardan beri ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, bizgacha yetib kelgan “Koʻrman yek”, “Ertobildi”, “Ertushtuk”, “Jonil Mirzo”, “Manas” dostoni oʻziga munosib oʻrin egallaydi. “Manas” qirgʻiz xalqining koʻp asrlik hayotini va chet el bosqinchilariga qarshi olib borgan qahramonona kurashini keng planda aks ettiruvchi salmoqdor sheʼriy asardir. Hajmi unchalik katta boʻlmagan bu doston boshdan-oyoq sheʼriy yoʻl bilan yaratilgan boʻlib, taxminan 500 ming baytdan iborat.

“Manas” dostoni uch katta qismdan iborat. Birinchi qismda xalq qahramoni Manas, ikkinchi qismda Manasning oʻgʻli Semetey va uchinchi qismda Manasning nabirasi Seytekning hayoti, sarguzashti va qahramonliklari tasvirlangan.

XX asrning 20-30-yillarida qirgʻiz adabiyotining umumiy taraqqiyotidan xiyla orqada qolgan proza janri elliginchi yillarga kelib birmuncha taraqqiy etdi, yangi-yangi hikoya, ocherk, povest va romanlar bilan boyidi. Urushdan soʻnggi davr qirgʻiz adabiyotida bu salmoqdor adabiy janrni rivojlantirishda keksa avlod vakili T. Sadiqbekov bilan bir qatorda yosh prozaiklardan N. Boytemirov va Ch. Aytmatovlarning ham xizmati katta.

Talantli adib Chingiz Aytmatov oʻzining soʻnggi yillarda eʼlon qilgan hikoya va qissalari bilan qirgʻiz prozasi saviyasini bir pogʻona yuqori koʻtardi. “Oq yomgʻir”, “Raqiblar”, “Qizil olma” hikoyalarida ham, “Jamila”, “Birinchi muallim”, “Sarvqomat dilbarim”, “Boʻtakoʻz”, “Yuzma-yuz”, “Somon yoʻli”, “Baydamtol sohillarida” qissalarida ham u koʻproq zamonaviy mavzularda qalam tebratdi. Ch. Aytmatov qirgʻiz yozuvchilaridan va rus proza ustalaridan gʻoyaviy oʻtkir, original, shakl jihatdan xiyla ixcham va pishiq hikoya, povestlar yaratish mahoratini oʻrgandi.

Chingiz Aytmatovning yetakchi qahramonlari – oddiy kishilardir. Yozuvchi ana shu oddiy kishilarning insoniy fazilatlarini, juda boy va murakkab ichki dunyosini, oʻziga xos xulq-atvori va yurish-turishini haqqoniy chizadi.

“Jamila” qissasidagi jamila, Doniyor; “Birinchi muallim” qissasidagi Duyshen, Oltin; “Yuzma-yuz” qissasidagi Saida; “Sarvqomat dilbarim” qissasidagi Asal Ilyoslar hayotda juda koʻp uchraydigan oddiy kishilardir. Bu asarlardagi qahramonlarning goʻyo bir-biridan farq qiladigan xislat-fazilatlari yoʻqday koʻrinadi. Haqiqatda esa Ch. Aytmatov qissalarini oʻqigan oʻquvchining koʻz oʻngida oʻz taqdiri, bosib oʻtgan hayot yoʻli, saviyasi, tushunchasi va tashqi qiyofasi bilan sira bir-biriga oʻxshamaydigan tipik obrazlar gavdalanadi.

Chingiz Aytmatov – harakter yaratishga usta yozuvchi. Chunki u hayotni sezgirlik bilan kuzatadi, kishilarning insoniy fazilatlarini yorqin chizib berishga harakat qiladigan hayotiy konfliktlarni tanlaydi. Adib bir-ikki shtrix bilan Jamila, Saida, Oltin, Asallarning ham, Doniyor, Duyshen, Ilyos va Abubakrlarning ham kimligini yaqqol gavdalantirib beradi.

Ch. Aytmatov qirgʻiz adabiyotidagina emas, balki mustaqil davlatlar hamdoʻstligi adabiyotida ham shakl va mazmun novatori sifatida tanildi. Shu sababli uning gʻoyaviy-badiiy yetuk qissalari jahon progressiv yozuvchilari diqqatini ham oʻziga tortdi. Chunonchi, “Jamila” qissasini fransuz tiliga tarjima qilgan atoqli fransuz yozuvchisi Lui Aragon bu asarni, haqli ravishda, “dunyodagi muhabbat toʻgʻrisida yaratilgan qissalarning eng yaxshisi” deb atadi.

Chingiz Aytmatovning ijodi – yangicha tafakkur tarzining samarasi oʻlaroq, oʻziga nisbatan ongli munosabat, idrok, saviya va yuksak madaniyat sohibi boʻlishni talab etadi. Uning asarlariga eskicha andoza yo sxema bilan yondashib boʻlmaydi.

Chingiz Aytmatov oʻzbek xalqiga juda koʻngli yaqin yozuvchi. U qoʻli qadoq xalqimizning taqdir va qismatiga munosabatdosh, uning baxtiga sarafroz, tashvishlariga sherik, musibatiga qaygʻudosh. Oʻzini oʻzbekka oʻzbekning oʻz farzandiday yaqin oladi.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qirgiz-adabiyoti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x