Turkman adabiyoti

Turkman xalq ogʻzaki ijodida ertak, ashula, qoʻshiq va doston janrlari juda keng tarqalgan. Ashula, qoʻshiq va ertaklar turkman folklorida eng qadimgi janrlar hisoblanadi. Keyinchalik xalq ertaklari syujetidan kengkeng foydalanish asosida xalq qahramonlik va ishqiy-lirik dostonlar yuzaga keldi. Turkman xalq dostonlarining bir qismi Sharq klassik adabiyoti asarlari va diniy kitoblar (masalan, “Layli va Majnun”, “Yusuf va Zulayho”) mazmunini qamrab olgan boʻlsa, bir qismi uchun ertaklar va rivoyatlarning syujetlari asosiy manba boʻlib xizmat qilgan (“Shasenem va Gʻarib”, “Zoʻhro va Tohir”, “Asli va Karam”).

Yozma adabiyot Turkmanistonda taxminan XI-XII asrlarda, dastlab Ahmad Yassaviy va Ali singari diniy motivlarni tarannum qilgan shoirlarning ijodi taʼsiri ostida turkiy (chigʻatoy) tilida yuzaga keldi.

XIV asrda turkman yozma adabiyotining yirik vakillari Burhoniddin Sivosiy va Sayid Imoniddin Nasimiylar yashab ijod etdilar. Xorazmda tugʻilib, hayotini Kichik Osiyo shaharlarida oʻtkazgan Sivosiy oʻz sheʼrlarini birinchi boʻlib turkman tilida yozdi. U poeziyaga aruz vaznini kiritdi. Hunarmand oilada tugʻilib oʻsgan va oʻqimishli kishi boʻlib yetishgan Nasimiy oʻz asarlarini Turkiyaning shahar va qishloqlarida darbadarlikda hayot kechirgan yillarida yaratdi. Nasimiy oʻzining oʻtkir hajviy asarlari uchun ruhoniylar tamanidan vahshiylarcha oʻldirildi.

Turkman klassik adabiyotning yirik vakili Maxtumquli mamlakatda Eron shohi Nodirshoh hukmronlik qilgan davrda yashadi. Uning yoshligi Gurgon shahri yaqinidagi Hojigavshan qishlogʻida oʻtdi. Maxtumquli Xivadagi Shergʻozixon madrasasida taʼlim oldi. Eron qoʻshinlari bilan boʻlgan janglardan birida asir tushgan shoir bir necha vaqt Eronda yashadi.

Maxtumqulining ijodi turkman klassik adabiyotining choʻqqisi hisoblanadi. Chunki hayotning achchiq-chuchugini totgan, koʻp safarlar qilgan Maxtumquli Sharq klassik adabiyotini chuqur oʻrganib, turkman klassik poeziyasini shaklan va mazmunan mukammal gʻazallar, ruboiylar, qitʼalar bilan boyitdi.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/turkman-adabiyoti/

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x