Zamonaviy ertak
Bobom boshladi,
Chiqazolmadi.
Buvim ishladi,
Chiqazolmadi.
Dadam kirishdi,
Chiqazolmadi.
Ayam tirishdi,
Chiqazolmadi.
Opam koʻchirdi,
Akam oʻchirdi,
Chiqazolmadik,
Chiqazolmadik.
Eh, masala ogʻir,
Urindik qancha,
Kompyuterda oxir
Yechdi “sichqoncha”.
Guldondan chiqqan aql
– Voy, uy buncha
Top-toza?
Supurdingmi
Gulnoza?
Kimdan chiqdi
Bu aql?
Jilmayib deydi,
Oqil:
– Tushib ketib
Javondan,
Aql chiqdi
Guldondan.
Qorboboning xatosi
Pufak tegdi hammaga,
Shokirboyga shokolad.
“Ikki”chiga nimaga
Saxiylik boʻldi, gʻalat?
Bu haqsizlik, ajabo,
Kimning xatosi ekan?
Keyin bilsak, Qorbobo
Uning otasi ekan.
Yaxshi nom
Usta Azim,
Huri Chevar,
Qanday goʻzal
Shirin soʻz.
Hunarlini
Hamma sevar,
Hamma tutar
Yaqin doʻst.
Hunarsizning
Nomi chatoq,
“Bekor, soʻtak,
Quruq, choʻp”.
Biri “qaloq”,
Biri “shaloq”,
Hunarsizga
Laqab koʻp.
Mix
Qiyshaysa mix –
Mugʻambir,
Ishga tushadi
Ombur.
Mix egilib
Sugʻrilar,
Bolgʻa urib
Toʻgʻrilar.
Tep-tekis qilar
Sixday,
Mix yana boʻlar
Mixday.
Tuzatilgan xato
Dumsiz sichqon
Kechagi
Xatosin
Toʻgʻriladi:
Pishloqni
Qopqondanmas,
Bufetdan
Oʻgʻirladi.
Oʻyin
Omonmisiz, dugona,
Esonmisiz, dugona?
Issiqqina gapingiz,
Buncha sovuq labingiz?
Oyna bilan Oybuvi,
Oʻynadi: “Buvi-buvi.”
Yangi etik
Kiyganim garchi etik,
Oddiymas, “gʻarchchi” etik.
Uni yaxshi koʻraman,
Yaltiratib yuraman.
Etigimdan tunda ham,
Ajralmayman shunda ham.
Qoʻnjin tashlab boʻynimga,
Olib yotdim qoʻynimga.
Avtoportret
Chivin meni
Boʻyoq deb,
Qalamini
Botirdi.
Keyin oppoq
Devorga
Suratini
Qotirdi.
Xudoyberdi KOMILOV
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–12
https://saviya.uz/ijod/nazm/qanday-gozal-shirin-soz/