Porloq yulduz

Uygʻoq inson shundayki, oʻtmish va kelajakni emas, bugunini sevadi.

LU SIN

 

Hikmatlarida eng avvalo oʻzini topgan Chin oʻlkasining zabardast yozuvchisi Lu Sin bir umr uygʻoq insondek yashashga intildi. Toʻgʻri, oʻtmishdan saboq oldi, oʻrgandi, biroq kechagi kun uchun, kechagi xatolar uchun bugunini zoye ketkazmadi. Kelajakka, yorugʻ kunlarga umid qildi, biroq shirin orzular girdobida oʻralashib qolmadi. U faqatgina buguni, bugungi kun, hozirgi zamon nafasi bilan yashadi. Holbuki, muzaffar adibning “buguni” tarixga-da, kelajakka-da oʻz imzosini qoldirdi.

1881 yil 25 sentyabr tongi Shaosindagi Joular oilasi uchun xushxabar hozirlagandi: orziqib kutilgan oʻgʻil, (boʻlajak adib) dunyoga keldi. Boboyu buvisining erkatoyi, ota-onasining ovunchogʻiga aylangan bolakayga Jou Shujen deb ism berishdi. Ziyolilar oilasida tugʻilgan chaqaloqning adabiyotga, ijodga oshno boʻlishida, albatta, oilaviy muhitning taʼsiri katta boʻldi. Ayniqsa, Jou “Chan oyi” deb atovchi enagasini, bolalikdagi sevimli kitobi “Dengizlar va ummonlar tarixi”ni ulgʻayib, katta ijodkor boʻlganida ham bot-bot eslaydi. Garchi u keyinchalik kasb tanlashda harbiylikni afzal koʻrgan boʻlsa-da, mutolaa Jou Shujenning eng sevimli mashgʻuloti boʻlib qolaveradi.

Dastlab, Jiangnan harbiy akademiyasi, soʻngra qoʻmondonlik bilim yurtida tahsil olgan Jou ilk bor Gʻarb madaniyati va ilmi bilan shu yerda tanishadi. Nemis va ingliz tillarini qunt bilan oʻrganadi, bu tillardagi adabiyotlarga muhabbat qoʻyadi. Tirishqoq va intiluvchan Jou Shujenga omad kulib boqadi, davlat granti asosida Yaponiyaga oʻqishga yuboriladi. U yerdagi tahsili davomida yapon madaniyati, adabiyotini ham oʻrgandi, oʻzining dastlabki adabiy esselarini, “Qadimgi xitoyliklar” asarini yozdi, shuningdek, jujutsu (yapon jang sanʼati) bilan ham muntazam shugʻullandi. Vaqtini oltinga teng bilgan talaba bir yilga borib-bormay, ota-onasining tinimsiz qistovi bilan oʻz yurtiga qaytib keladi. Bu yerda endi uni hayotidagi eng katta “xatosi” kutib turardi. 22 yoshli yigit oyoq tirab turib olishiga qaramay, kattalarning amri vojib, savodsiz bir qishloqdoshi bilan umr yoʻlini bogʻlaydi. Muhabbatni majburan, zoʻravonlik bilan uygʻotib boʻlmaydi, deganlaridek, adibning bir umr rafiqasiga koʻngli ilimadi. Biroq, erlik vazifasini unutmadi, oilasini moddiy tomondan doimiy taʼminlab turdi.

Hayot unga turli-tuman sinovlar tayyorlab qoʻygandi. Garchand shaxsiy hayotidagi koʻngilsizliklarda otasini sababchi deb bilsa-da, biroq unga juda qattiq bogʻlanib qolgan, mehri boʻlakcha edi. Surunkali kasalga chalingan otani yetaklab koʻrsatmagan tabibi, bormagan joyi qolmadi. Tabiblar aniq tashxis qoʻyolmay, adib va uning otasini sarson-sargardon qilishdi. Oʻlimiga sanoqli damlar qolgandagina otasining bedavo kasallik – silga chalingani ayon boʻldi. Shu-shu Jou Shujenning Xitoy xalq tabobatiga na ishonchi qoldi va na hurmati. Nafrat uni alanga boʻlib chulgʻab olgan, puf desa olov boʻlib yonib ketadiganday edi. Mazkur mudhish voqea sabab u taqdirini oʻzgartirishga jazm qildi. Harbiy akademiyadan ketib, Gʻarb tibbiyotini oʻrganishni, yetuk shifokor boʻlishni koʻngliga tugdi. Shu tariqa Jou 1904 yili Yaponiyaning Senday tibbiyot akademiyasiga oʻqishga kirdi.

Akademiyadagi hayoti bevosita ustozi Fujino Genkurou bilan bogʻliq: undan hech kimdan koʻrmagan mehrni topadi, qatʼiylik, adolatni oʻrganadi. Ustoziga boʻlgan hurmati uning xotiralarida bir umrga muhrlanib, ijodida ham aks etadi, ustozga atab “Janob Fujino” essesini yozadi. Oradan ikki yil oʻtib, 1906 yil, daraxtlar kurtak yoza boshlagan pallada akademiyani toʻsatdan, hech kimga lom-mim demay tark etadi. Bu voqeaga muallif “Harbiy xizmatga chaqiruv” nomli asarida alohida toʻxtalib oʻtgan: rus-yapon urushida (1904–1905) hech qanday dalil-isbotsiz bir xitoylikni josus deb topilib, oʻlimga hukm qilinganidan yapon yoʻriqchisi maʼruzasi chogʻida xabardor boʻladi. Boʻlajak yozuvchi xitoyliklarning oʻz yurtdoshlariga nisbatan loqaydliklaridan iztirob chekadi. Soʻng bu yerdagi jismoniy xastalardan koʻra, u yerdagi ruhiy kasallarni davolash muhimroq, degan qarorga keladi va Jou oʻz vataniga qaytadi.

Vatanparvar oʻgʻlon shiddat bilan Xitoyga qaytgach, oʻz ona shahri – Shaosindagi bir qator ilm dargohlarida talabalarga dars bera boshlaydi. 1918 yildan ijodga jiddiy kirishgan adib Lu Sin “porloq yulduz” taxallusi ostida koʻplab asarlar, hikoya va esselar yozadi. Dastlabki hikoyasini “Telbaning kundaligi” nomi bilan kitobxonlar eʼtiboriga havola etadi. Gogol hikoyalaridan ilhomlanib yozilgan bu asarda Xitoyning foydasiz urf-odatlari oʻtkir tanqid ostiga olinadi va mamlakatdagi feodalizmga “madaniylashgan odamxoʻrlik” deya taʼrif beriladi. Mazkur hikoya unga mislsiz shon-shuhrat keltirdi, muallif zamonasining eng nufuzli yozuvchilari qatoridan oʻrin oldi. Xalq eʼtirofidan ruhlangan adib “Ah Kyuning haqiqati”, “Tong gulining shomgi zavoli”, “Yovvoyi maysa”, “Xitoy afsonalarining tarixi” kabi kitoblarini birin-ketin chop ettiradi. 1926 yilning 18 martida Syaomen, Amoy va Guanjouda roʻy bergan talabalar namoyishini bostirish uchun joʻnatilayotgan guruhga aʼzo boʻladi. Har yomonlikda ham bir hikmat zohir boʻlganidek, namoyish bahona guanjoulik talaba qiz, boʻlajak rafiqasi Su Guanping bilan tanishib qoladi. Necha yillardan beri koʻnglidagiday yorni topolmayotgan Lu Sin talaba qizda qandaydir jilva, oʻzgacha mehr – xullaski, izlayotganini topganday boʻladi. Su Guanping bilan umrning oxirigacha baxtli turmush kechiradi, Hay Ying ismli oʻgʻil koʻrishadi.

Ijodida ham qizgʻinlik, yorqinlik koʻzga tashlanadi. “Yoshlik” va “Nihol” gazetalarida muharrir sifatida faoliyat olib boradi. Jamoat ishlarida hamisha faol yozuvchi Sharq va Gʻarb adabiyoti orasida koʻprik oʻrnatishga, Osiyo va Yevropa xalqlarining ziddiyatlarga boy turmush tarzini boricha yoritish bilan birga ikki mintaqa madaniyatiga hurmatni shakllantirishga butun umrini bagʻishladi. Shunday boʻlishiga qaramay, u oʻz asarlarida Xitoy milliy qahramonini yarata olgan ijodkorlar sirasiga kiradi. Shu bois ham Lu Sin el orasida “oddiy xalq qahramoni” nomi bilan hanuzgacha mashhur. Adib zamondoshlaridan serqirra ijodi, uslubining betakrorligi bilan ajralib turadi. Undagi mahorat, soʻzga chechanlik, topqirlik bilan mushtarak boʻlib, jasoratga aylangan edi. Axir, vatanida, koʻz oldida sodir boʻlayotgan chirkin illatlarni qoralash, ularni asarlarida baralla yoritish uchun ham, ikki – umuman boshqa-boshqa qitʼa madaniyatini uygʻunlashtirish uchun ham jasorat kerak emasmi?! Lu Sin oʻzida ana shunday kuch, chidam va jasoratni topa olgandi. Ijodida satira va yumorning keng ishlatilganligi, hikoyalarining soʻzlashuv tilidagi maʼlum ohanglar bilan boyitilganligi bois boshqa tillarga tarjima jarayoni ancha murakkab kechadi. Biroq, adibning qaysiki asari boshqa tillarga tarjima qilinar ekan, oʻquvchilar tomonidan qizgʻin kutib olinadi. Chunki uning asarlaridan oʻzgacha joziba, haqiqat ufurib turadi.

Xitoyliklarning sevimli yozuvchisi Lu Sin taqdirida ham otasining kechmishi takrorlandi, yaʼni, muttasil tamaki chekish oqibatida sil kasaliga yoʻliqdi. Bedavo xastalik adibni 1936 yilning kuzida bu hayotdan olib ketdi. Ismi jismiga monand xitoylik yozuvchi Lu Sin jahon adabiyotida “porloq yulduz” boʻlib qoldi.

 

Sevara ALIJONOVA tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/porloq-yulduz/

1.5 2 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x