“…kulgu bilan sen aldading”

Muqagʻali MAQATOYEV

(1931–1975)

 

XX asr qozoq sheʼriyatidagi yorqin yulduzlardan biri. Shoir va tarjimon. Shekspir sonetlarini, Dantening “Ilohiy komediya”sini qozoqchaga tarjima qilgan. Koʻplab sheʼrlari xalqning sevimli qoʻshigʻiga aylanib ketgan. Qozogʻiston Davlat mukofoti sovrindori (1999 yil vafotidan keyin).


 

AYOLLAR

 

Ayollar-ay, ayollar-ay, qandaysiz?

Goʻzallikda Quyoshdaysiz, Oydaysiz!

Birov qovoq uysa – undan qolmaysiz,

Birov sevdim desa – sizlar bormaysiz.

 

Ayollar-ay, ayollar-ay, qandaysiz?

Shirinlikda asaldaysiz, boldaysiz!

Ayollar-ay, mugʻombirlar, quvlar-ay,

Ayol desa – koʻzlar porlab turgan-ay.

 

* * *

Tugʻiladi chin shoir, tugʻilar u,

Halizamon bol – zahar tomizar-ku.

Yesirlarning ayrilmas sirdoshi boʻp,

Jallodning ham koʻzidan yosh oqizar u.

 

KUYLASAMMIKAN?..

 

Kuylasammikan, yigʻlasammikan – bilmayman,

Oldimda turgan odamni manov kim deyman?!

Oldimda turar adashib yurgan orzuyim,

Yigʻlatsammikan, yupatsammikan – bilmayman…

 

Oldimda mening adashib ketgan huv armon,

Ayiruv qiyin chehrasin buning munglardan.

Yetilmayotib gullarin uning kim yulgan?

Oldimda mening – ogʻoch-ku koʻklay quvralgan!

 

– Tanimadim-ov… topolmadim-ov seni men,

Koʻzlaring oʻxshash, jonim-ov, qayda koʻrganman?

– Oxirgi marta adashib kelib, sen bilan,

Sirlashmoq uchun, munglashmoq uchun kelganman…

 

Samarim mening koʻkladi, biroq oʻsmadi,

O, qachon menda yoshlikning oʻti oʻchgani!

Bir paytlar meni orzu qilgansan, toʻgʻrimi?

Esingga ol-chi… (esiga oldi – esladi!..)

 

– Esimda, ha-ya, esimga tushdi qora qiz,

Unutilib ketgan, sovushib ketgan oramiz.

Kechagi xumor, mastona jonning oʻrnida

Tandir boʻp qolgan ayol oʻtirar, qarangiz!

 

Yoshlikdan yolgʻiz qovoq bilan bir qosh qolgan,

Qop-qora sochlar endi oqara boshlagan.

Olov boʻp sevgan, joniday koʻrgan “jon yori”

Oʻqilgan xatday toʻrt buklab yirtib tashlagan.

 

– Esimda mening yoningga sening borganim,

Parvo qilmading, soʻzimni mening olmading.

Osmonda eding, kulgu bilan sen aldading,

Aldagan koʻyi olislayverding, armonim!..

 

– Olislayverding, olislayverding, armonim,

Adashib sendan, dovonlar turar oldda ming.

Zuvvlatib oʻtgan, changlatib ketgan yoʻlingda

Gul boʻlib oʻsib, quray[1] boʻp qotib qolganman.

 

– Esimda mening, esingga sen ham olib koʻr,

Ul kundan qolgan esdalik bormi, olib kel.

Ilashib ketgan, adashib ketgan sen bilan

Yoshligim qayda, yoz kunim qayda – topib ber!

 

– Eshikni ochib, yoʻlga kuzata olmadim,

Xush boʻl deb endi qoʻlingni qisib qolmadim.

Payqamabman ham, ne boʻlib ketdi yon-yogʻim,

Choʻrt kesildimi umidsiz mening armonim?!

 

Jonimda mening armon boʻp mangu yur, mayling,

Lop etib soʻngan umidning nesin puflayin?

Yoshlik-ov, seni tushunish qiyin, bilmayin,

Kuylasammikan, yigʻlasammikan, bilmayman…

 

Muzaffar AHMAD tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

 


[1] Quray – qurib-qotib qolgan daraxt, shox.

https://saviya.uz/ijod/nazm/kulgu-bilan-sen-aldading/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x