Polyak mumtoz sheʼriyatidan

Adam MITSKEVICH

(1798–1855)

 

Adam Mitskevich buyuk polyak shoiri, milliy ozodlik harakati arbobi, polyak romantizmi asoschisi. Polyak yoshlarining “Filomatlar” (“Fan doʻstlari”), “Filaretlar”(“Yaxshilarning doʻstlari”) tashkilotlarida faol ishtirok etgan. Uning asarlari milliy mustaqillik uchun kurash ruhi bilan sugʻorilgan, “Pan Tadeush” dostoni esa polyak turmushining qomusi, milliy epopeyasi hisoblanadi.

 

FILARETLAR QASIDASI

 

Tinmasin hayot hech, gupirsin!

Dunyoga kelganmiz bir marta:

Qalbimiz singari koʻpirsin

Billuriy qadahlar qoʻllarda.

 

Davrada charx urgan ol sharob –

Yoshlikka egizak ilhomchi!

Yuksalsin, har qadah – bir oftob,

Qolmasin tubida bir tomchi!

 

Polyakning sharobi bolimiz,

Emasmiz yot tillar oshigʻi.

Tutashar dillarga dilimiz,

Yangrasa ona xalq qoʻshigʻi.

 

Kitobiy gaplarni suymaymiz,

Ajdodlar sabogʻi bebaho:

Quvnasak yunonday quvnaymiz,

Jang qilsak – rimliklar rahnamo.

 

Keldi qonunpazlar! Ey, mezbon,

Qoʻyaver qadahni oʻrtaga:

Haq erur buguncha zoʻravon,

Haqiqat zoʻr kelur ertaga.

 

Hurriyat dardini tortganlar

Buguncha nafasin yutadi.

Ahillik tuzini totganlar

Dil yozmoq damini kutadi!

 

Poʻlatni bukolgan kishilar

Zamonni ham oxir boʻlajak:

– Ofarin sizlarga, yaxshilar, –

Deb Baxus ol sharob tutajak!

 

Dilbarin tabarruk tilidan

Tabarruk soʻz tatib kimyogar,

Oʻshanda minnatdor elidan

Tashakkur tinglagay donolar.

 

Arximed – yulduz-la muttasil

Sirlashib yashagan zoʻr odam.

Lekin u oʻz tayanch nuqtasin

Topolmay koʻz yumdi dunyodan.

 

Nyuton qoʻli ham qisqargan,

Qisqadir jahonni quchmoqqa,

U yorliq soʻrasin bizlardan,

Ahd etsa yangi yoʻl ochmoqqa.

 

Qalbi muz sayyora emasmiz,

Samoviy xarita ne darkor? –

Kuchanib ovora etmasmiz,

Kuch emas, ishonchda hikmat bor.

 

Qalbimiz qoʻrini oʻlchagan

Qoʻllarni bosajak qaltiroq:

Bir – zaif ikkiga nisbatan,

Ikki-chi? Birlikdan zaifroq!

 

Onlar ham, hayot ham gupirsin!

Dunyoga kelganmiz bir marta:

Qalbimiz singari koʻpirsin

Billuriy qadahlar qoʻllarda.

 

Vujudda qonimiz toʻngmasin

Boʻsh oʻtib umrning bir oni

Va Felli nigohi soʻnmasin,

Deb kuylar Filaret oʻgʻloni.

 

KEMACHI

 

O, hayot ummoni dahshatsan, dahshat!

Soʻlim siynang uzra chiqqandim yoʻlga,

Hayqira boshlading taratib vahshat!

Yurib boʻlmas ekan na ort, na oldga,

Qoʻllarga itoat etmagach murvat!

 

Oʻzin baxtli sezar kemachi – malloh,

Goʻzallik va Mehr koʻrsatganda yoʻl:

Borliqni zimiston quchganda nogoh,

Shu ikki farishta choʻzib unga qoʻl,

Orzu sharobi-la etarkan ogoh.

 

Mehr qadahini koʻtarsang agar,

Shuhrat choʻqqisiga yetmogʻing oson,

Bu boda kayfidan tugʻilgay zafar;

Malloh-chi, Goʻzallik jilmaygan zamon,

Ezilib ketsa-da, yoʻlini topar.

 

Afsuski, Goʻzallik yuz koʻrsatib sal,

Gʻoyib boʻlishi ham mumkindir tezda.

Umiding iplari boʻlaru chigal,

Yetimday sezasan oʻzni shu kezda

Va alam qalbingga soladi changal.

 

Samoviy Goʻzallik tark aylagan chogʻ

Zulmatda boʻron-la olishmoq azob:

Qoʻl izlab, xarsangga yoʻliqasan goh,

Yo muz quchogʻida boʻlasan xunob,

Qanday chidar bunga tirik jon, evoh!

 

Men-ku, zulmat quchib, oʻkirsa hayot,

Qutulishim mumkin bir imo qilib…

Lekin oʻzgalar-chi? Toʻlqinda hayhot,

Na oʻlar, na qolar: borar osilib,

Nahot shu yashash deb atalur, nahot?!

 

Menga deydilarki, hayot – oʻtkinchi,

Men esa ishonchdan olaman madad.

Chalgʻitib tursa-da oʻlja ilinji,

Nurin tarayverar abadul-abad, –

Ruhiyat yulduzin buzilmas tinchi.

 

Sohildan keldimi bu baqir-chaqir?

Xah, doʻstlar yoʻqlabdi qoyada turib.

Tavba quchsa hamki tuman-toshbagʻir,

Oʻpqon-la olishib yotganim koʻrib,

Ogʻrib ketmadimi koʻzingiz axir?!

 

Hozir boʻla qolsam toʻlqinga taslim,

Tushunmasangiz ham neligin boʻron,

Garchi yoʻq hech kimdan hech qanday qarzim,

Tilingiz zahriga boʻlardim nishon

Va taʼna toshidan qutulolmasdim.

 

Azoblar roʻyxati boʻlmasdi tamom:

Kemamning hamrohi – yomgʻir, doʻl, chaqmoq.

Menga tomoshabin aytmasin ahkom,

Hakam qalbimdadir, hakamim – iloh,

– Siz qayting, men yoʻlda etaman davom.

 

Rus tilidan Husniddin ShARIPOV tarjimalari


 

Siprian NORVID

(1821–1883)

 

Siprian Kamil Norvid oʻz ijodi bilan polyak adabiyoti tarixida yorqin iz qoldirgan siymo hisoblanadi. Oʻta murakkab hayot yoʻlini bosib oʻtgan Norvid ijodiy merosining katta qismi yoʻqolib ketgan. Shoirning asarlari Varshava, Peterburg, Parij, Londonda nashr etilgan toʻplamlarda saqlanib qolgan.

 

BOʻRON

(parcha)

 

Ildamroq, yosh doʻstim! Yaqindir jarlik,

Osmon gumburlaydi – yangi guldirak.

Gulxandan chiqasan, yulduzlar, borliq,

Seni nurlantirar olmos chambarak.

 

Sellardan kechasan, garchand yuk tashlar

Ulkan xarsangtoshlar oqsa-da, aslo

Seni bosib qolmas laʼnati toshlar,

Gʻingshiyotgan, uysiz it kabi, illo.

 

Ofatlarda yolgʻiz kurashda bedor,

Tovushing eshitmas hech kim, ehtimol.

Koʻz yoshlar besamar, iltijo bekor,

Bundayin boʻronda topgusi zavol.

 

Sehrgar tumorlar kuch qoʻshar, tutar,

Qoʻlingdan tushmasa bas eshkaklaring.

Choʻkmaysan ummonga, chirpirak etar

Toʻlqin yollarini yosh mushaklaring.

 

Bir qultum ichsang gar yuragingdan to

Dengizga qadarlik – ilohiy hayrat.

Moʻjiza jilvagar bulutlar aro

Sen ularni ushlab qolasan albat.

 

Eng uzun yoʻlga tush joʻshqin va magʻrur,

Boʻron shon-shuhratga bersa-da xalal.

Safdoshlaring – suyanch, oʻylaringda nur,

Dunyoga keladi muazzam haykal!

 

UCH BAND

 

Menga azob berding, deya aldama,

Yoʻl solding ming yillik ayriliq sari.

Ummon tublariga koʻzing qadama,

Koʻmdim koʻz yoshlarim – marvaridlarim!

 

Oʻylama, quvonchli lahzalar faqat

Baxtiyor muxlislar taqdiri – bekor.

Borliq boʻm-boʻsh, rangsiz demagil, hayot

Bir bora berilar dilbar, betakror!

 

Olis xayol surma, mabodo men ham

Gullata olmasam orzularingni.

Omadsiz yulduzlar ostida bu dam

Qabul et uzrimni, tuygʻularimni.

 

SOʻRAMA…

 

Shoirdan soʻrama joʻn qoʻshiq,

Tovush qotdi – sira kelmaydi.

Sukutdaman, oqmadim joʻshib,

Guldan bugʻdoy yasab boʻlmaydi.

 

Men dunyoning yolgʻiz gʻaribi,

Yuragimda gʻalayon, sehr.

Muhabbatim – menday gʻaribim,

Bir yon – nafrat, bir yoni mehr.

 

Birodarim, kengliklar aro

Kezar ruhim olgan kabi oʻt.

Ogʻriqlari sogʻinchning – daryo…

Kel, yaxshisi saqlaymiz sukut.

 

Kalava ip yigirar tinmay

Yuragingda charxchi beshafqat.

Tangri seni qoʻllaydi, sinmay,

Sabrli boʻl, sabrli faqat.

 

LIRIKA VA MATBUOT

 

1

“Muhabbat bobida sheʼrlar toʻqidim…”

Dedingmi munofiq, firib berguvchi:

Nega barmoqlaring titramaydi, jim,

Sen shoir emassan – harf teruvchi!

 

2

Liraga qaraysan bepisand, unut,

Qoʻlingga olsangu, chalsangu qoʻysang!…

Qoʻshiq – qanotlari yarqiroq burgut,

Qoning bor, joning bor, oh, qani toʻysang!…

 

3

Senga nechun lira – mavzu turganda,

Ruhlar esa doim ruhlarga joiz.

Oʻylar oʻylaringga selday urganda

Hech narsa koʻrmassan, bilmassan, essiz…

 

4

Foydaxoʻr sanaydi har bir chaqani,

Beparvo dunyoning kamu koʻstiga.

Ravo koʻrmas senga hatto taqani,

Duch kelma hech qachon bunday nodoʻstga.

 

HAYKALTAROSH

 

Haykaltarosh – mohiyat va sir,

Shular bilan tirik koʻz solsang.

Akslanadi ruhingda parqu

Ilohiylik oʻzing-la qolsang…

 

Yuksalasan, oʻsasan bardam,

Qoʻllaringni ochsang – cheksizlik.

Tasavvurga sigʻmaydi olam,

Uchib chiqsang qanotlaring tik!

 

Suvrat chizar odamlar zarhal,

Tebratadi beshiklarni jim.

Raqsga tushar, yaratar haykal,

Bu – musavvir, bu-chi, – nusxachim.

 

Tuproq kabi tashnadir barcha

Yomgʻir isi, tovushlariga.

Ruhingizni etmasin parcha:

– Koʻnmang ohang sovushlariga!

 

Rus tilidan Oygul SUYUNDIQOVA tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–11

https://saviya.uz/ijod/nazm/polyak-mumtoz-sheriyatidan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x