Millatiga jonfido adiblar

XIX asr oxiri va XX asrdagi Polyak adabiyoti tarixiga nazar soladigan boʻlsak, ajib holatning guvohi boʻlamiz: shu ikki asr mobaynida toʻrt nafar polyak yozuvchisi Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan – 1905 yilda Genrik Senkevich, 1924 yilda Vladislav Reymont, 1980 yilda Checlav Milosh va 1996 yilda Vislava Shimborskaya. Bu bejiz emas, albatta. Polsha jugʻrofiy jihatdan qulay hududda joylashgan boʻlib, qadimdan Yevropaning madaniy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy markazlaridan biri boʻlib kelgan. Shuning uchun bu zamindan jahon tamadduni rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan koʻplab ulugʻ insonlar yetishib chiqqan. Ayniqsa, Kopernik kabi “quyoshni toʻxtatib, yerni aylantirgan” buyuk olimlar zumrasining jahon ilmu faniga qoʻshgan hissalari asrlar osha oʻz ahamiyatini yoʻqotmay kelmoqda.

Polsha adabiyotida azaldan xalqchillik masalasi dolzarb boʻlgan. XIX asr boshlarida bu adabiyotga germanizm gʻoyalarining zoʻrlab singdirilishi polyak ijodkorlarini qattiq tashvishga solgan edi. 1897 yilda olamdan oʻtgan lirik shoir Adam Asnik va u bilan yelkadosh boʻlgan shoira Mariya Konopnitskaya ijodi hali-hanuz polyak adiblari uchun ibrat namunasi boʻlib kelmoqda. Har ikkala adibning asarlarida mazlum va baxtiqarolarga hamdardlik hissi joʻshib turadi. Polyak adabiyotida satira va yumor katta oʻrin tutgani hech kimga sir emas. Bu janr ustalaridan Fredro, Narjimskiy, Blizinskiy, Lyubovskiy kabilar oʻzlarining badiiy jihatdan puxta asarlari orqali mamlakatning oʻzida ham, undan tashqarida ham mashhurdirlar. Mazkur davr polyak adabiyotining ilgʻor vakillari Vladislav Reymont, Vatslav Seroshevskiy-Sirko va boshqalar mamlakat aholisi quyi qatlamining ayanchli taqdirini mahorat ila tasvirlar ekan, satira va yumordan ham ustalik bilan foydalanadilar. Shuningdek, Genrik Senkevich, Boleslav Prus va Eliza Ojeshko singari isteʼdodli romannavislar asarlari ham jahonning koʻplab mamlakatlarida sevib oʻqilmoqda.

Qishloq hayotini jonli boʻyoqlarda ifoda etishda Adolf Digasinskiy ijodi alohida eʼtiborga loyiq. Holbuki, u yashagan davrda yozuvchilarning katta qismida fransuz naturalizmi tomon ogʻish roʻy bergan va bu hodisa polyak adabiyotining milliyligiga sezilarli salbiy taʼsir koʻrsatgan edi. Maʼlum bir davrda individualizm va kayfiyatchilik adabiyoti yosh avlod shuuridan chuqur oʻrin oldi. Bu yoʻnalishning taniqli vakillaridan biri sifatida polyak va nemis tillarida ijod etuvchi Stanislav Pshibishevskiyni tilga olish mumkin.

Pushkinning zamondoshi, mumtoz shoir Adam Mitskevich (1798–1855)ning shunday satrlari bor:

 

Polyakning sharobi – bolimiz,

Emasmiz yot tillar oshigʻi.

Tutashar dillarga dilimiz,

Yangrasa ona xalq qoʻshigʻi.

 

Chindanam, adabiyot dillarni dillarga tutashtiradigan, ellarni bir-biriga yaqinlashtiradigan vositadir. Muhtaram jurnalxonlar! Jurnalimizning ushbu soni aynan Polsha adabiyotiga bagʻishlangani bois shu mamlakatning turli davrlarga mansub shoir va yozuvchilari ijodidan namunalar havola etmoqdamiz. Xususan, Adam Mitskevich, Siprian Norvid, Vislava Shimborskaya, Andjey Bursa, Edvard Staxura, Anna Svirshinskaya, Taduyesh Rujevich, Miron Byaloshevskiy singari shoir va shoiralar nazm ipiga tizgan inja hislar oʻquvchilar qalbiga alohida iliqlik, yaqinlik baxsh etishi tayin.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–11

https://saviya.uz/hayot/nigoh/millatiga-jonfido-adiblar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x