“Osiyo” yoki “Aziya”

Makrotoponimlari hamda “os”, “az” va “mang” atamalari borasida

 

Inson dunyoga kelib aqlini tanibdiki, olamni bilishga intiladi va unga qiyosan oʻzini anglashga harakat qiladi. Zero, u tabiatda sodir boʻladigan turli-tuman sirli hodisalar va ularni harakatga keltiruvchi kuchlar hamda hayotiy oqibatlarini maʼlum darajada idrok etib, ozmi-koʻpmi tasavvurga ega boʻlgach, ayrim amaliy vositalar topib, imkoni darajasida ulardan foydalanishga urinib kelgan. Oʻta muammoli bunday hayotiy ishtiyoq, shubhasiz, dastavval insonni kindik qoni toʻkilgan maskan – Vatanni belgilab olishga undagan. Soʻngra esa mazkur muqaddas diyorda qad koʻtargan obod qishlogʻ-u shahar, tumanlar-u viloyatlar hamda oʻlka-yu yurtlarni aniqlab olib, ularning oʻziga xos tabiati, aholisi va uning turmush tarzi hamda istiqomat qiladigan goʻshalarining qiyofasiga monand nomlar bilan ifoda etishga chorlagan. Masalan, Yer kurrasining sathi jihatidan eng katta qitʼasi dunyo xaritasi va globuslarida Osiyo va Aziya shakllarida ataladi hamda hududlari aniq belgilangan, uning markaziy qismi esa Oʻrta Osiyo deb qayd etiladi. Jahonda Oʻzbekiston nomi bilan shuhrat topgan Vatanimiz esa azaldan Oʻrta Osiyoning markaz mintaqasida muqim qaror topgan.

Agarda yuqorida tilga olingan Osiyo, Aziya va Oʻrta Osiyo makrotoponimlari fonetik jihatdan tahlil etilsa, mazkur leksemalarning har biri alohida ikki mustaqil boʻgʻinga ajraladi. Ularning birinchi bandi “os” yoki “az”, ikkinchi bandi esa “iyo” yoki “iya” talaffuzida ayrimayrim leksemalar bilan ifodalanadi. “Os” va “az” iboralari oʻz navbatida makrotoponimning negizi, yaʼni substratini, ikkinchi boʻgʻinidagi “iyo” va “iya” shakllaridagi iboralar esa toponimning nom yasovchi birikma – suffiksi, yaʼni morfemasi sifatida izohlanishi joizdir. Bunday talqinda “os” va “az” iboralari makrotoponimning maʼnosini belgilab, uning tarixan geografik qiyofasini gavdalantirsa, “iyo” yoki “iya” kabi birikmali morfemalari esa makrotoponimning geografik manzil yoki mavze ekanidan dalolat beradi. Ushbu dastlabki ayrim fikr va mulohazalar tarixiylik nuqtai nazaridan qisman kengaytirib izoh berilsa, Osiyo makrotoponimi tarkib topib, shakllanish jarayoni yanada oydinlashadi. Chunki mazkur muqaddas diyorning nomlanishining oʻziyoq, ushbu maskanda dunyoga kelib, voyaga yetgan inson guruhi yoki toʻpi jam boʻlib birlashgan yer, joy, maydon yoki yurt va mamlakat kabi qator maskanlarni anglatishi mutlaqo shubha qoldirmaydi. Darhaqiqat, oʻtmishda Osiyo, Aziya yoki Oʻrta Osiyo “os” yoki “az” va ularning jam boʻlib birikishi asosida tarkib topgan sak, skif yoki massagetlar kabi qadimgi ajdodlar yurtni oʻzlashtirib, uni oʻz nomi bilan sharaflagani ayondir.

Biroq, shunday boʻlsa-da, tarixan ulkan yurt hayotan qanday omillar asosida Osiyo va Aziya nomlari bilan sharaflanadi? Tabiatan bunday umumbashariy uzviylik qay tarzda izoh etiladi? Bu kabi oʻta hayotiy muammoli savollar oʻz-oʻzidan yuzaga chiqishi muqarrardir. Bunday savollarga Toshkent – Nazarbek zilzilalarining sabablari borasida oʻtkazilgan jiddiy ilmiy (geografik, geologik, petrografik, litologik va arxeologik) tadqiqotlarning dastlabki natijalaridan maʼlum darajada ijobiy tushuncha olish mumkin. Holbuki, Osiyo qitʼasi, xususan, uning markazida joylashgan Toshkent vohasining tarkib topishi azaldan yerning ichki va tashqi jarayonlari va ularning oʻzaro nisbatiga bevosita bogʻliq holda kechgan. Toshkent zaminida toʻqqiz kilometr chuqurlikdagi togʻ jinslari orasida ohaktoshlarning qatlamlanishi 400 million yil davomida quruqlik bilan dengiz toʻrt marotaba oʻrin almashganidan dalolat bermoqda. Tetis nomi bilan atalgan oxirgi dengiz esa xalq rivoyatlarida Nuh paygʻambar davrida harakatga kelgan dahshatli toʻfon natijasi sifatida tilga olinadi. Oʻsha zamonlarda dengizni faqat sharq tomondan quruqlik oʻrab turgan ekan. Miloddan 30–24 million yil avval tektonik harakatlar taʼsirida dengiz garchi oʻlkani butunlay tark etgan boʻlsa-da, ammo Gʻarbiy Tangritov (Tyan-Shan) tizmalaridan boshlangan Kalos, Chirchiq va Ohangaron daryolari miloddan avvalgi 24 millioninchi yilliklardan to 100 minginchi yillar davomida togʻ choʻkmalari bilan uzluksiz ulkan chuqurliklarni toʻldirib, Toshkentning tabiiy poydevorini bunyod etgan ekan. Miloddan avvalgi 100–50 ming yilliklarda uning maydonlari kaftdek tekis qiyofaga kirgan. Soʻngra esa u Qoraqamish, Boʻzsuv, Boʻrijar, Shibli, Salor va Qorasuv kabi soy va jarliklar bilan qiymalanib, doʻng-u oʻrliklar hamda tekisliklar-u qirliklardan iborat oʻnqirchoʻnqir-u past-baland yer sathi maydoni yuzaga kelgan.

Uzoq oʻtmishda million yilliklar davomida oʻta murakkab taraqqiyot bosqichlari osha tarkib topgan Osiyo relefi keyinchalik ham necha bor tubdan oʻzgargan. Tabiati ham oʻzgacha darajotlarda unga moslashib, barcha mavjudotlari esa yangi turlar qiyofasida muqimlashgan boʻlsa-da, uning oʻta qiymalangan sirtining qadimiy tarixiy manzarasining inʼikosi ayrim oronim va gidronimlarda maʼlum darajada muhrlanib qolgan. Masalan, Oʻrta Osiyoning markaziy qismida yastangan Turon pasttekisligi; Yassi dashti – Dashti qipchoq; Yassi – Ahmad Yassaviyning ona shahri (Turkiston); Peshqoq – (hozirgi Beshkek) – qoʻy otarlari suvloti; Yassikoʻl (hozirgi Issiqkoʻl); Yalangʻoch – ochiq tekisliklar, yaʼni yalanglik; Boʻz – qoʻriq yer yoki qoʻriqxona kabi atamalarda nafaqat landshaftning ayrim qismi yoki suv manbalari, balki ularning ifodali shakllarda ham Oʻrta Osiyo sathining qadimiy jilosi oʻziga xos tasvirda namoyon etilishidan dalolat beradi. Oʻrta Osiyoning oʻta murakkab tabiiy geografiyasi shakllanib yuzaga kelgan bosqichda, shubhasiz, inson nasli daryo vodiylarida hayot kechirmagan. Holbuki, u ilk oʻtmishda togʻli hududlarda, asosan, ungur va gʻorlarda muqim qaror topgan edi. Oʻzbekistonning togʻli mintaqalarida qayd etilib oʻrganilgan 20 dan ortiq tosh asriga oid nodir arxeologik yodgorliklar: Selungur (Fargʻona), Koʻlbuloq (Ohangaron), Omonqoʻton, Qoʻtirbuloq, Zeribuloq (Samarqand), Teshiktosh (Boysun), Obirahmat (Boʻstonliq) kabi ibtidoiy manzilgohlar ovchi, terimchi va baliqchi toʻdalari yashagani tarixiylik hamda geografik jihatdan tasdiqlaydi. Zero, mazkur osori atiqalar ilmiylik jihatdan nihoyatda kuchli daliliy isbotdir.

Fikrimizcha, mazkur manzillarda qaror topgan odam zotining hayoti, shubhasiz, nihoyatda ogʻir kechgan. Yashamoq uchun u tinmay harakat qilgan. Avval hayotiy omillar izlab yer sathini kezgan, uni sinchiklab koʻzdan kechirgan. Soʻngra yemakliklar topgach, xilvatroq yerga joylashib olgani ajablanarli emas. Modomiki, tabiatning ongli aʼzosi qiyofasida yaratilgan inson, garchi yer yuzidagi noz-neʼmatlarning tarqalgan joylarini belgilab, uning hosilali mevalarini isteʼmol etgan boʻlsada, ammo bunday barakatli maskanni nomlashdek ruhiy salohiyatga hali ega boʻlmagan.

Arxeologik qadriyatlar koʻlamidan ayon boʻlishicha, miloddan avvalgi 4–2 ming yilliklar davomida ona urugʻdoshligi zamonida odamzot toʻplari tobora ortib, aql-idrokli avlod voyaga yetgan. Soʻngra ona urugʻdoshli jamoalari tashkil topgan. Ular togʻ yonbagʻri, jar, koʻl, suv adoqlari boʻylari, buloq, koʻlmakli qoq atroflari va oʻtloqli margʻiy yerlarda qaror topgan boʻlsa-da, gʻor-u ungurlarni hamon tark etilmagan ekan. Chunki ularning hayoti ov va terimchilik bilan muttasil bogʻliq boʻlgan. Shu boisdan oʻzlashtirilgan yangi joylar ham turdosh nomlar bilan belgilangan boʻlishi taajjublanarli emas.

Miloddan avvalgi 6–2 ming yilliklarda ona urugʻdoshligi rivojlangan zamonda xoʻjaliklarda mis va jez (bronza)dan xomashyo sifatida foydalanishga oʻtilgan. Mazkur maʼdanlardan dastavval muqaddas siymo – Ona va odamlarni hayotiy ozuqa – goʻsht, moy, teri va jun bilan taʼminlagan turli zot, ov hayvonlarining haykalchalari, soʻngra esa ayollar zebi-ziynatlari, roʻzgʻor buyumlari-yu asboblar hamda mehnat qurol-yarogʻlar yasalgan. Ayollar kashfiyoti bilan urugʻ-u qabila hamda jamoalarning qorni toʻqlanib, kiyintiradigan ilk chorvachilik, dehqonchilik va kasana hunarmandchiligi kabi ishlab chiqaruvchilik xoʻjaliklariga asos solingan. Miloddan avvalgi birinchi ming yilliklarda esa temirni otashgohda toblab xomashyo sifatida foydalanish joriy etilgach, insoniyatning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotida keskin taraqqiyot boshlangan. Avvalo, otalar rahnamoligida oila, urugʻ va qabilalar birlashuvi asosida jamoalar va ularning alohida mulklari, el-u elatlari tashkil topgan. Osiyoning bepoyon dashtlik va pasttekisliklarida koʻchmanchi chorvachilik xoʻjaliklari rivojlanib, alohida yaylovlardan iborat ulkan yurt qaror topgan.

Daryo vodiylari esa oʻtroq dehqonchilik paykallariga aylantirilib, ayrim qishloqlar-u qalʼalar qad koʻtargan. Ularning oʻta qurama ziroatkor va hunarmand aholisi shakllangan. Taraqqiy etgan xoʻjalikda hayot kechirgan qishloq jamoalari va koʻchmanchi hamda yarim oʻtroq chorvador urugʻ-u qabilalar oʻrtasida, shubhasiz, oʻzaro iqtisodiy va madaniy aloqalar oʻrnatilib, mahsulotlarni ayirboshlash, savdo munosabatlari muqimlashgan.

Shunisi eʼtiborliki, chorvador urugʻ-aymoqlar hamda oʻtroq dehqon sohibkor jamoalar oʻrnashgan el-yurt, muzofot yoki ayrim turarjoylarning lisoniy asoslaridan aniq ayon boʻlishicha, miloddan avvalgi 2–1 ming yilliklardanoq Osiyoning shimoliy qismida chorvachilik bilan hayot kechirgan qabilalar asosan turkiy tilda soʻzlashuvchi boʻlganlar va uning janub va janubi-gʻarbida istiqomat qilgan qadimgi oʻtroq jamoalar esa fors-eroniy tilli boʻlganidan dalolat bermoqda. Turkiy urugʻ va qabilalar oʻz kelib chiqish ibtidosi – ongon – totemlari: “az”, “os”, “uz” va “mang” (ming) kabi shakllardagi qator turdosh otlar bilan, oʻtroq qishloq jamoalari esa turarjoylarining tabiiy belgilariga taqlidan shakllarda, masalan, Baxtar – oqar (oyoq) suv; Sugʻd – gʻorugʻut (ungur) tomon; Surxon – qizil (loyqali) daryo; Xorazm – xush – yaxshi (mustahkam) qalʼali yerlar kabi dongdor nomlar tarzida ifoda etganlar.

Mazkur turkum turdosh va nomdor atamalar qanday shakllarda qayd etilib, ifodalanmasin, fikrimizcha, ular Oʻrta Osiyoning geografik xaritasida belgilangan eng qadimiy yurt va mavzelarning dastlabki ilk nomlanishidan guvohlik beradi. Turarjoylarning hududiy chegaralari belgilanib, atoqli nomlari qatʼiy muqimlasha boshlagan jarayonda nom yasovchi morfema sifatida turdosh otlar makro va mikrotoponimlarning asosiy negizi shaklida atoqli nomlarni yuzaga keltirgan.

Miloddan avvalgi II ming yillikning ikkinchi yarim – I ming yillikning birinchi yarmida chorvachilik xoʻjaligi kengayib, u uch mustaqil tarmoqlar: podachilik, yilqichilik va qoʻychivonliklarga ajralib, chorva boshqaruvida kasbiy sohalar tashkil topadi. Oqibatda oʻtloqlardan iborat bepoyon keng umumyurtning sharqiy qismida, asosan shoxli yirik qoramol (sigir, hoʻkiz va qoʻtos) podalari, gʻarbiy qismida esa deyarli yilqi podalari (ot, tulpor va argʻumoq biyalari) uyurlari va uning janubi-sharqiy yayloqi dashtlarida faqat qoʻy (qoʻzi, echki va uloq) otarlari boqilgan. Uch toifali mazkur soha chorvachilarini oʻtroq aholi kasbiga asosan, “os”, “az” va “mang” yoki “ming” kabi turdosh nomlar bilan atagan. Ushbu kasb otlariga “qoʻnoq” maʼnosidagi “iyo” va “iya” kabi qoʻshimchalar biriktirilib, mulkdor chorvachilarning oʻtloqlaridagi yozgi qarorgohlarining nomi belgilangan. Natijada Yer kurrasining eng katta qitʼasining sharqiy qismi “Osiyo”, yaʼni oslar yurti, gʻarbiy qismi esa “Aziya” yoki azlar mamlakati kabi maʼnolarda, ikki shakldagi makrotoponimlar bilan nomlangan. Osiyoning janubi-sharqiy qismidagi oʻtloqlarda asosan, qoʻy – mang otarlari boqilgani bois ushbu oʻlka “Manglu”, yaʼni qoʻychivonlar yaylovi deb ifodalangan. Keyinchalik Osiyodan Amudaryo janubiga tomon siljigan oslarning kattagina qismi egallab olgan hududlari – Xuroson (Haroson), yaʼni katta oslar va Eronning janubi-sharqiy qismiga borib oʻrnashgan saklarning joylashgan yerlari esa Sakiston (hozirgi Seyiston) nomlari bilan shuhrat topgan.

Tarix sahifalarida qayd etilgan joy nomlari, shubhasiz, hali qardosh xalqlar shakllanmasdan bir necha asr muqaddam yashagan va mazkur diyorga nom berib, uni obod etishdek xayrli, umumbashariy faoliyatga dastlab qoʻl urgan qadimgi ajdodlar siymosi bilan bevosita bogʻliqdir.

Xulosa qilib aytganda, Osiyo va Aziya hamda uning markaziy qismida joylashgan Oʻrta Osiyoning landshafti buyuk qudratning boqiy jilosi, tarixan ulkan qitʼaning fazilatli atoqli nomlari esa insoniyat hayotining barakatli, noz-neʼmatlari maskani qutlugʻ sharafining boqiyligini anglatib turadi.

 

Abdulahad MUHAMMADJONOV,

akademik

 

“Sogʻlom avlod uchun” jurnali, 2010–8

https://saviya.uz/hayot/nigoh/osiyo-yoki-aziya/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x