“Bir goʻsha manga ikki jahondin yaxshi”

Boburning yoshligi Turkiston taxti uchun kurash avjga chiqqan davrga toʻgʻri keldi. Garchand maʼrifatga tashna qalb ilmu ziyo sari talpinib tursa-da, taqdir unga na Buxoroi sharif madrasalarida, na Samarqandda Mirzo Ulugʻbek bino solgan madrasada va na Bagʻdod bayt ul-hikmalarida tahsil koʻrmoqlikni nasib etdi.

U imkoni boʻlsa, oddiy insonlar kabi xotirjam ilm olishni istaydi. Uning talabi maʼrifat kasb etmoq. Biroq qachonki ilm oʻrganadigan vaziyat boʻlganda unda imkon boʻlmaydi. Imkon boʻlganda vaziyat qoʻldan boy berilgan boʻladi. Shu sababli boʻlsa kerak, u bir ruboiysida shunday yozadi:

 

Kim yor anga ilm, tolibi ilm kerak,

Oʻrgangali ilme tolibi ilm kerak.

Men tolibi ilmu tolibi ilme yoʻq,

Men bormen ilm tolibi, ilm kerak.

 

Boburning hayoti sargardonlik bilan oʻtdi. Biroq u shu qiyinchiliklardan egilmadi, sinmadi, balki yangidan-yangi kuch-quvvat bilan oldida turgan muammolarni bartaraf qilishga kirishdi.

 

Ovvoraliq asru xonumondin yaxshi,

Bir goʻsha manga ikki jahondin yaxshi,

Ovvoraliq boʻlurni yaxshi ermas demagil,

Boʻlsam agar ovvora ne andin yaxshi.

 

Umarshayx Mirzoga tobe bir necha bek va hokimlar yosh hukmdor Boburga boʻysunishdan, unga itoat qilishdan bosh tortadilar. Fitnachi beklarning ayrimlari Boburning ukalarini yoqlasa, qolganlari mustaqillik daʼvosini qiladi, yana bir toifalari ham bor ediki, ular Boburga raqib boʻlib, shahzodaning amaki va togʻalariga qoʻshilib, uni jisman yoʻq qilish payiga tushdilar.

Bobur qarindoshlarining bu xil qiliqlaridan xafa boʻlgan holda “Yaxshiligʻ” radifli gʻazalini yozadi. Oʻz yaqinlaridan ham yomonlik koʻrganini eslab, faqatgina yaxshilik qilsang, yaxshilik koʻrasan, degan gʻoyani ilgari suradi. U “Har kimki, vafo qilsa, vafo topqusidir” misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysida yaxshilik va yomonlik haqida hukm chiqaradi.

Boburning Afgʻonistondagi amaliy faoliyati unga butun Xuroson va Movarounnahrda qudratli davlat arbobi va muzaffar sarkarda sifatida katta obroʻ keltirdi.

Bobur qisqa vaqt ichida Hindistondagi siyosiy muhitni moʻtadillashtirdi, Hindiston yerlarini birlashtirdi, xalqni ortiqcha soliqlardan ozod etib, shaharlarni obod qildi. Bobur bu martabaga erishguncha, boshiga Hindiston tojini kiyguncha bu kajraftor falak uning boshiga ne balolarni solmadi.

 

Davron meni oʻtkardi saru somondin,

Oyirdi meni bir yoʻli xonumondin,

Gah boshima toj, gah baloyi taʼna,

Nelarki boshimgʻa kelmadi davrondin.

 

Bu ruboiyda “Davron” soʻzi sheʼrning boshida va soʻnggi misra oxirida keltirilib, tasbeʼ sanʼati hosil boʻlmoqda. Boburning eʼtiroficha, davron, yaʼni aylanuvchi dunyo uni boshtin oyoq sinovlardan oʻtkazibdi. Bu sinovlar oqibatida lirik qahramon barcha narsasidan mosuvo boʻlibdi. Lekin Bobur aytgandek, davron aylanuvchi, demak, bir balo olib kelsa, bir omad keltiradi. Buni Bobur amalda oʻz boshidan oʻtkazdi va shunday xulosaga keldi: dunyo mening boshimga bir toj kiygizdi, bir taʼna balolarini yogʻdirdi va yana… Xullas, navbati bilan yaxshi-yomon narsalarni boshidan oʻtkazdi. Bobur Hindistonda buyuk imperiyaga asos soldi, biroq buning xuni Bobur uchun juda qimmatga tushdi. Uning bahosi – Vatan!

Birodarkushlik va fitnalar, isyon va suiqasdlar tufayli u umr boʻyi qilichning damida turgandek, beorom, behalovat umr kechirdi. 1526 yilning dekabr oyida Boburga qarshi suiqasd uyushtiriladi. Necha bor muqarrar oʻlim changalida qolib, har safar mehribon va marhamatli yaratguvchining qudrati bilan yana hayotga qaytdi. Biroq umr daryo kabi tez oqar.

1527 yil oktyabr oyida u oʻzi eʼtiqod qoʻygan Xoja Ahror Valiy ruhidan madad istab, uning nasrda bitilgan “Volidiya” asarini ixlos bilan sheʼriy tarjima qiladi. 243 baytli bu asar katta ijodiy ilhom bilan juda qisqa vaqt ichida nihoyalangan.

Boburning ayrim ruboiylari vasiyat mazmunida yozilgan. Jumladan, quyida keltirilayotgan misralarda Boburning oʻzidan keyin qoladigan yaqinlariga nasihatlari bayon etilgan:

 

Ahbob, yigʻilmoqni farogʻat tutungiz,

Jamiyatingiz borini davlat tutungiz,

Chun gardishi charx budurur, tengri uchun,

Bir-birni necha kune gʻanimat tutungiz.

 

Bobur doʻstlariga yigʻilib turmoqlikning oʻzi farogʻat, jamiyat, bordi-keldining mavjudligi davlat ekanligini uqtirmoqda. Dunyo bevafo va oʻtkinchi. Shu sababli yigʻilib, kengashib turishning oʻzi ham gʻanimat, bunday narsalar doʻst va qavmu qarindosh, ogʻa-ini oʻrtasida oqibatni, birdamlikni yaratar ekan.

 

Erkin MUSURMONOV,

SamDU dotsenti

 

Tolib JOʻRAYEV,

filologiya fanlari nomzodi

 

zarnews.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bir-gosha-manga-ikki-jahondin-yaxshi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x