Vazzordan chiqqan allomalar

IX-XIII asrlarda Samarqand shahrida ilm-fanning turli sohalari qatori hadis ilmi ham rivojlandi. Bir qancha yetuk muhaddis allomalarining yetishib chiqishi bu yerda hadis ilmi maktablari shakllanishiga zamin yaratdi. Samarqanddan toʻrt farsax uzoqlikda joylashgan Vazzor qishlogʻi ham ana shunday allomalarga beshik boʻlgan. Atrofi togʻ va adirlardan iborat ushbu soʻlim maskanda “Vazzoriy” nisbasi bilan ijod qilgan bir qancha muhaddis allomalar yetishib chiqqan. Quyida ularning ayrimlari haqida maʼlumot beramiz.

 

Siboʼ Vazzoriy. Allomaning toʻliq ismi Abu Muzahhim Siboʼ ibn Nazir ibn Masʼada ibn Bujayr ibn Nazir ibn Hubayb (Habib) ibn Abdulloh Bakriy Vazzoriy boʻlib, Samarqand shahrining ulugʻ martabali davlat arbobi va muhsin kishilaridan biri boʻlgan. U oʻzining yuksak fazilati, diyonati bilan maʼrifatli va pokiza inson sifatida ulugʻlangan. Alloma bir qancha asarlar yaratgan boʻlib, ammo ular bugungi kunda mavjud emas. Siboʼ Vazzoriydan Abu Iso Termiziy, Muhammad ibn Isʼhoq Samarqandiy, Hasan ibn Ali ibn Nasr Tusiy, Muhammad ibn Munzir Hiraviy va boshqa muhaddis allomalar hadis rivoyat qilishgan. 

Siboʼ Vazzoriy Vazzor qishlogʻida masjid barpo qildirgan. Alloma Iroq shahridan hijriy 200/815 yil qaytib kelgan va hijriy jumadu-l-avval 209/824 yil sentyabr oyida vafot etgan. Siboʼ Vazzoriy Vazzor qishlogʻining quyi pastligidagi joylashgan masjid yoniga dafn qilingan.

 

Ali Vazzoriy. Allomaning toʻliq ismi Abu Hasan Ali ibn Umar Taqiy ibn Kulsum ibn Ibrohim ibn Abdulloh ibn Abdurahmon Samarqandiy Vazzoriy boʻlib, Abu Bakr Ahmad ibn Ismoil ibn Amir Samarqandiy, Abu Homid Ahmad ibn Abdulloh ibn Dovud Marvaziy Tajir, Ahmad ibn Ali Maqro va boshqa allomalardan hadis rivoyat qilgan.

Salmo ibn Hus Dabbusiy, Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Sura Termiziylar allomadan hadis rivoyat qilgan. 

 

Abu Bakr Vazzoriy. Alloma Abu Hasan Ali ibn Umar Vazzoriyning oʻgʻli Abu Bakr Muhammad ibn Ali Umar Vazzoriy boʻlib, odob-axloq, tarbiyasi bilan boshqalardan ajralib turgan. U otasi va boshqa samarqandlik bir qancha allomalardan hadis rivoyat qilgan.

 

Muhammad Vazzoriy. Allomaning toʻliq ismi Abu Ali Muhammad ibn Jaʼfar ibn Abdulloh ibn Hinod ibn Vanif Vazzoriy boʻlib, Vazzor qishlogʻining hokimi lavozimida faoliyat olib borgan va hadis ilmi bilan shugʻullangan. 

 

Muhammad Vazzoriy. Allomaning toʻliq ismi Abu Amr Muhammad ibn Hatim ibn Abdurahmon Vazzoriy boʻlib, fiqh, hadis ilmi borasida yetuk ilm sohibi boʻlgan. Umar Nasafiydan taʼlim olgan. Muhammad ibn Homid ibn Muhammad ibn Hamid Xaruʼniydan hadis rivoyat qilgan. Alloma otasi va Amir Nasr ibn Ahmad ibn Asad, Abdulloh ibn Abdurahmon Samarqandiy kabi va boshqa muhaddis allomalardan ham hadis rivoyat qilgan. 

 

Ahmad Vazzoriy. Allomaning toʻliq ismi Ahmad ibn Abdulloh ibn Hasan ibn Muhammad ibn Solih Vazzoriy Vazzor qishlogʻining imom-xatibi boʻlib, solih, taqvodor kishi boʻlgan. Abu Hafs Umar ibn Mansur ibn Habib Hafiz va boshqa ulamolardan hadis rivoyat qilgan. Umar Nasafiy: “Mening qoʻshnilarimdan biri boʻlib, majlislarimda yozib oʻtirardi. 503/1110 yil Baroat kechasi Samarqandda olamdan oʻtdi va Yangi Namozgohdagi Sankdiyzastondagi qabristoniga dafn qilindi”, deb alloma haqida xotirlab yozgan.

 

Abu Isʼhoq Ibrohim Vazzoriy. Alloma Ahmad Vazzoriyning oʻgʻli boʻlib, Vazzor qishlogʻining notigʻi, xushfeʼlli, insonparvar, koʻngli ochiq, solih, taqvodor kishi boʻlgan. Otasi va Abulqosim Abdulloh ibn Umar Koshoniy, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad Badliy kabi boshqa muhaddislardan hadis eshitgan. Alloma hijriy 487/1089 yilda Vazzor qishlogʻida tugʻilgan.

 

Iroda DAURBEKOVA,

Imom Buxoriy xalqaro markazi

hadisshunoslik boʻlimi mutaxassisi

 

zarnews.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/vazzordan-chiqqan-allomalar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x