Oliy odam roʻyomi, roʻyob?

Chin mamlakati deganda, barchaning koʻz oʻngida eng avvalo, pastakkina odamchalaru uzun choʻpchalar, Buyuk Xitoy devoriyu Pekin operasi… va Konfutsiy gavdalansa ajab emas. Yunon falsafasida Suqrotning oʻrni qay darajada boʻlsa, Xitoy falsafasi ham Konfutsiy bilan barhayot. Oradan qancha vaqt oʻtmasin, oltin yillar osha sayqal topgani singari uning purmaʼno hikmatlari ham asrlar osha yangi-yangi qirralari bilan jilolanmoqda. Konfutsiy (xitoycha 孔子 Kun Szi, mil. avv. 551–479 y. y.) – Xitoy falsafasiga tamal toshi qoʻygan, konfutsiylik taʼlimoti asoschisi va siyosiy arbob boʻlib, u ilgari surgan gʻoyalar nafaqat Xitoy, ayni vaqtda Yaponiya, Koreya, Vyetnam xalqlarining oʻy-fikri va hayotiga chuqur taʼsir koʻrsatgan. Konfutsiy taʼlimoti markazida “oliy odam” (tushunchasi, gʻoyasi, maqsadi?) turadi. U hukmron tabaqaning ideal vakili boʻlib, Konfutsiy taʼlimoti yordamida oʻzida oliyjanob fazilatlarni shakllantirgan. Faylasufning “Hikmatlar”i “oliy odam”ning shunday yuksak insoniy fazilatlarini aks ettiradi. Aniqroq aytganda, bu zot oliy hukmdorga nisbatan chuqur ehtiromli, xalqqa muruvvatli boʻlib, butun kuch va qobiliyatini jamiyat oldidagi burchini oqlashga, milliy urf-odat va anʼanalarning toʻla-toʻkis bajarilishini taʼminlashga sarf etuvchi kishidir. Shuning uchun ham uning oʻgitlari, pand-nasihatlari Xitoyda hanuzgacha eʼzozlanib, qadrlanib kelinadi. Konfutsiy davridan bizgacha “Toʻrt asos” va “Besh asos” degan ulkan yozma yodgorliklar yetib qolgan. “Besh asos” Konfutsiyga qadar yaratilgan “Qoʻshiqlar kitobi”, “Taomillar kitobi” (“Marosimlar kitobi”), “Rivoyatlar kitobi” va “Folbinlik kitobi” (“Oʻzgarishlar kitobi”) singari qismlardan iborat boʻlgan. Lekin bu kitoblarning barchasi Konfutsiy taʼlimoti asosida qayta ishlangan va taʼlimotning mohiyatini ochishga xizmat qilib kelgan. “Toʻrt asos” esa Konfutsiy “Hikmatlar”idan tashqari, “Menszi” (“Ustoz Men”), “Buyuk taʼlimot” va “Oraliq haqidagi taʼlimot” singari Konfutsiy shogirdlarining hikmatli soʻzlaridan iborat toʻplamlardan (jamlanmalaridan) tashkil topgan.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/oliy-odam-royomi-royob/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x