Romanlarga aylangan xotiralar

Herta Myuller Germaniyaning nufuzli Genrix fon Klayst mukofoti (1994), Yevropa Ittifoqining “Aristeyon” mukofoti (1995), Xalqaro IMPAC Dublin adabiy mukofoti (1998), Frans Kafka nomidagi (1999), Yozef Broybaxt (2003), Konrad Adenauer (2004) nomidagi mukofotlar va nihoyat Xalqaro Nobel (2009) mukofoti sovrindori, Germaniya til va adabiyot akademiyasi aʼzosi (1995), sheʼrlari, romanlari, hikoya va esselari xitoy, yapon, ingliz, shved, polyak, rus, fransuz, ispan singari dunyoning yigirmadan ziyod tillariga oʻgirilgan.

Jahon adabiy jamoatchiligining bu qadar eʼtiroflariga sazovor boʻlgan bu yozuvchi ayol kim ekan deb bir oʻzbek kitobxoni sifatida qiziqib qolishingiz tabiiy. Chunki hali uning biror asari oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan.

Herta Myuller 1953 yil 17 avgustda Ruminiya gʻarbidagi Banat hududining Nitskidorf qishlogʻida tavallud topgan. Besh yuz xonadon istiqomat qiladigan bu qishloqda bir necha asr oldin boʻlib oʻtgan Avstriya-Vengriya urushidan soʻng qolib ketgan nemislarning avlodlari yashardi. Hertaning bobosi fermer, otasi yuk mashinasi haydovchisi boʻlgan. Ikkinchi jahon urushi davrida qishloqning asosiy qismi natsistlar tarafida boʻlib, Hertaning otasi ham SSda xizmat qilgan. Sovet qoʻshinlari tomonidan Ruminiya egallangach, Hertaning onasi Katarina 19 yoshida Ukrainaga, mehnat lageriga surgun qilingan. Besh yildan soʻng qaytib kelgach, majburiyat yuzasidan Myuller bilan nikohga rozi boʻlgan. U qiziga doim: “Agar urush boʻlmaganda hech qachon otangga turmushga chiqmagan boʻlar edim”, deb taʼkidlar edi. Herta maktabni tugatganida onasi uning tikuvchi boʻlishini xohlab, gimnaziyada oʻqishiga qarshilik qiladi, chunki u gimnaziya kitob oʻqitib odamlarni buzadi deb hisoblardi.

Herta nafaqat gimnaziyada, balki Timishoardagi universitetda ham oʻqidi, nemis va rumin tillari, adabiyoti boʻyicha mutaxassis boʻldi. Talabalik davrida nemiszabon adabiyotchi yoshlarning “Banat aksiya guruhi” deb nomlangan norasmiy toʻgaragiga aʼzo boʻladi. Bu toʻgarak faollari orasida uning boʻlajak turmush oʻrtogʻi, yozuvchi Rixard Vagner ham bor edi. Ushbu guruh mavjud sotsialistik tuzimga fitna uyushtirishda ayblanadi va 1975 yilda taqiqlanadi. Herta Myullerning rus tiliga tarjimonlaridan biri Mark Belorusetsning yozishicha, guruh aʼzolari Mandelshtam va Svetayevani gʻoyaviy maslakdoshlari sifatida sevib oʻqishgan.

1977–1979 yillarda H. Myuller “Texnometall” traktor zavodida tarjimonlik qiladi. GDR, Avstriya, Shvetsariyadan keladigan dastgohlar va texnik jihozlar yoʻriqnomalarining tarjimasi bilan mashgʻul boʻladi. Oʻsha paytda Ruminiya rahbari boʻlgan N. Chausheskuning maxfiy politsiyasi – sekuritate uni hamkorlik qilishga yollamoqchi boʻladi. Herta rad etadi va uni dushmanlar roʻyxatiga kiritib, ishdan boʻshatishadi. Uzoq yillar davom etgan taʼqib va tahdidlar boshlanadi. Bu davrdagi ruhiy terror haqida Herta Myullerning oʻzi shunday xotirlaydi:

– Biz yoʻq paytimizda maxfiy politsiya uyimizga kirar, oʻzining shu yerda boʻlganini bildirib ataylab izlar qoldirib ketardi – sigaret qoldiqlari, agʻdarilgan stullar, devordan koʻchirib olingan fotografiyalar… Eng dahshatlisi – polda yotgan tulki terisini marhumnikiga oʻxshatib oyoq-qoʻlini chalishtirib ketishardi. Timishoarda men oʻzimni xavfsiz sezadigan biror joy yoʻq edi. Tunda oʻrnimda yotib liftning koʻtarilayotgan ovozini eshitsam, meni olib ketishga kelishyapti deb uxlamay chiqardim. Olib ketishgan paytlari esa uyga qaytib kelamanmi-yoʻqmi, bilmasdim.

Sekuritate Hertani ruhan sindirish uchun u haqda turli xil tuhmatlar tarqatadi, josus deb eʼlon qiladi. Herta tishini tishiga bosishga, muttasil sukut saqlashga, qoʻrquvda yashashga koʻnikadi. Maxfiy politsiya agentlari oʻzlarining bu tahdid va siquvlari bilan katta bir yozuvchini dunyoga keltirayotganliklarini bilmas edilar.

Shunday qilib Herta Myuller qalam va qogʻozga murojaat qila boshladi. U ovozini chiqarib erkin gapira oladigan dargoh – adabiyot dunyosi boʻlib qoldi.

1979 yili H. Myuller “Tubanliklar” nomli 14 miniatyura va qissadan iborat nasriy asari qoʻlyozmasini nihoyasiga yetkazadi. Asarning qaychilangan va “tahrir qilingan” nusxasi 1982 yilda Buxarestda nashr etiladi. Unda unutilgan va umidsiz Nitseldorf qishlogʻining hayoti syurrealistik nigoh ila tasvirlanadi. Nashrdan koʻngli toʻlmagan adiba kitobning asl nusxasini maxfiy ravishda Germaniyaga yuboradi va u 1984 yilda toʻla holicha chop etiladi. Jamoatchilik va tanqidchilik tomonidan iliq kutib olinadi. Ona qishlogʻida esa uydagi janjalni koʻchaga olib chiqqani uchun uning yuziga tupurishadi. Sekuritate ham gʻazab otiga minadi. Herta Myuller ustidan toʻplangan maʼlumotlarda bu kitob haqida “Birorta ham nekbin obraz yoʻq, birorta ham ijobiy jumla yoʻq” – deb yozishadi. “Tubanliklar” Germaniyada chop etilgach, Hertaga Ruminiyadan chiqishni taqiqlab qoʻyishdi, soʻngra kitob mukofotlar bilan taqdirlanganini koʻrib, taqiq bekor qilinadi va ular taʼqibning boshqa usullariga oʻtishadi.

Herta Myuller bogʻchada tarbiyachi boʻlib ishlaydi, nemis tilidan xususiy dars berib tirikchilik qiladi. Nihoyat, turmush oʻrtogʻi R. Vagner bilan birgalikda 1987 yili Germaniyaga doimiy yashash uchun muhojir sifatida chiqib ketishga majbur boʻladi.

1989 yili Chaushesku rejimi tanazzulga yuz tutib, diktator shoshilinch tarzda rafiqasi bilan birgalikda qatl qilinadi.

Shunga qaramasdan, oradan 20 yil oʻtib, Ruminiyaga tashrif buyurgan adibaga uni kuzatishlar davom etayotganligi, u hali ham maxfiy xizmatlar eʼtiborida ekanligi ayon boʻladi.

Nobel mukofotini olish arafasida Herta Myuller maxfiy politsiya tomonidan oʻzi haqida toʻplangan maʼlumotlarni koʻrishga muyassar boʻladi. Taʼqiblar va kuzatuvlarning hisobotlari, telefonda soʻzlashganlarining protokollari, yaqinlari, tanishlari haqidagi maʼlumotnomalar jamlangan uch jild – 914 sahifalik xufiyanomada dahshatli tazyiqlar va soʻroqlar haqida hech gap yoʻq edi.

Yevropa Herta Myullerni germaniyalik deb hisoblamaydi, ammo nemiszabon yozuvchi deb eʼtirof etadi. Avlodlari va ona tili nemis boʻlishiga qaramay, u ham oʻzini Germaniyada muhojir deb biladi. Garchi u Ruminiyadan ketgan boʻlsa ham, bu mamlakatni tark etolmadi. Ruminiya bulutlari, daraxtlari, itlaru chorva mollari bilan, partiyaning malaylari, isyonchilari, makkajoʻxori dalalari, Timishoardagi asfalt koʻchalari, shvablar qishlogʻining oʻziga xos nemischa tili bilan uning kitoblarida yashab qoldi.

Herta Myuller yozuvchilik bilan otasining oʻlimidan soʻng shugʻullana boshlagandi. “Men ortga qaytishim va bolaligimni, otam, onamni, qishlogʻimizni qayta yaratishim lozim edi”, – degandi u. Uning asarlari ana shu zamin va tuzum tugʻdirgan ruhiy ogʻriqlar haqida, yolgʻon va sotqinliklar ichra kechgan kunlar haqida, inson shaʼni, or-nomusining oʻz maʼnosini yoʻqotishi haqida, qoʻrquv va diktatura fikr va tafakkurni oʻldirishi haqida. “Balki boshqa narsalar haqida ham yozishni istagan boʻlarmidim, ammo menga tanlash imkoniyatini qoldirishmadi”, – deydi Herta Myuller.

Darhaqiqat, urush, diktatura, qatagʻonlar ichidan oʻtgan yozuvchilar mavzuni emas, mavzular ularni tanlaydi. Herta Nobel maʼruzasida:

– Adabiyot oʻtmishdagi yovuzliklarni oʻzgartira olmaydi, ammo ruhiy qadriyatlar tanazzulga yuz tutgan paytda bizning ichimizda, atrofimizda nimalar yuz bergani haqidagi haqiqatlarni til vositasida izlashi, ayon etishi mumkin, – degan edi.

“Tubanliklar”dan soʻng uning “Vazmin tango” (1984), “Oyoqyalang fevral” (1987) nomli nasriy toʻplamlari nashr etiladi. Maʼnaviy tanazzulga yuz tutgan Rumin qishlogʻining bola nigohi ila tasviri, kamsonli nemislar turmushining satirik manzaralari, siyosiy rivoyatlar, syurrealistik hikoya va esselardan iborat bu toʻplamlarda asosan oʻz boshidan kechirgan hayot lavhalari aks etib turadi.

Shundan soʻng birin-ketin uning romanlari eʼlon qilina boshlaydi. Ularning ichida adabiy mukofotga sazovor boʻlganlaridan biri “Oʻlik pashshani sudragan chumoli” romanidir. Bu romandagi lupa orqali tasvirlangan hayot parchasida davlat terrori taʼsirida istiqbolning yoʻqqa chiqarilish xavfi aks ettiriladi.

“Bir oyoqlab sayohat” (1989) romanida 30 yoshli nemis-rumin muhojir qizi Iren duch kelgan muammolar orqali siyosiy fikr va gʻoyalarning qanday qilib shaxsiy gʻoyalarga evrilishi tasvirlangan.

“Tulki oʻshanda ham ovchi edi” (1992) romanida esa yuqorida tilga olingan toʻplamlaridagi Rumin qishlogʻi odamlarining ruhiy-maʼnaviy hayotining yangi qirralariga duch kelasiz.

Herta Myullerning nomini jahonga mashhur qilgan “Yurakdagi maxluq” (1996) romani dunyoga kelguncha oʻtgan toʻqqiz yil mobaynida uning oltita kitobi nashr qilingan edi. Romanda Chaushesku hukmronlik qilgan yillardagi etnik yosh nemislarning – bir qiz va uch oʻspirinning hayoti aks ettirilgan. Yuliya Shtutina “Transilvaniya faxri” maqolasida shunday yozadi: “Myuller bu romanida dahshatli bir iqtibosni yorita olgan: diktaturadan xoʻrlangan, huquqsiz rumin nemislari Gitlerga beqiyos muhabbat bilan boshqa diktaturani orzu qilib tasalli topadilar”. Roman ramzlarga boy, bir qaraganda oyogʻi osmonda jumlalar bilan yozilganday tuyuladi, ammo sirli va shoirona tili maftun qiladi.

1997 yilda yozib tugallagan “Bugun oʻzimni uchratmasam yaxshi edi” romanida esa jamiyatdan ajralgan, tuzum va atrofdagilarning risoladagiday yashash meʼyorlariga sigʻmaydigan shaxsning ichki dunyosini, hissiyotlarini tasvirlaydi.

“Nafas argʻimchoqlari” (2009) Herta Myuller ijodining choʻqqisi, Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan asar. Romanda 1945 yilda SSSRga surgun qilingan oʻsmir nemis yigitining hayoti qalamga olinadi. Asarni Herta Myuller yaqin doʻsti, yurtdoshi, shoir Oskar Pastior bilan hammualliflikda yozishni rejalashtirgan edi. U 2001 yildan boshlab Oskarning Donbassdagi mehnat lagerida oʻtkazgan besh yillik hayoti haqidagi xotiralarini yozib ola boshlaydi. 1945 yilda sovet qoʻshinlari Ruminiyani egallagach, Stalin buyrugʻi bilan 17 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan rumin nemislari tekin ishchi kuchi sifatida SSSRga joʻnatiladi, ularning safida 18 yoshli Oskar ham boʻlgan. Bir yil davomida Herta Oskarning xotiralarini yozib oladi, soʻngra ular birga Ukrainaga kelishadi, Oskar ishlagan sement zavodini borib koʻrishadi. Ammo 2006 yilda Oskar toʻsatdan vafot etadi va Herta Myullerning romanni bir oʻzi yozishdan boshqa iloji qolmaydi. Nobel mukofoti maʼruzasida Herta Myuller Oskarning nomini minnatdorchilik bilan toʻqqiz marta tilga oladi. Buni qarangki, 2010 yilda hatto Oskarning ham 1961–68 yillar davomida sekuritatening maxfiy xabarchisi boʻlganligi fosh boʻladi. Jurnalistlar bu voqeani nemis madaniy hayotidagi bomba portlashiga qiyoslashadi, 1999 yilda Nobel mukofotini olgan yozuvchi Gyunter Grassning bir paytlar SS aʼzosi boʻlganligi maʼlum boʻlib qolganligi voqeasi bilan tenglashtirishadi.

– Bu yangilikni tarsaki yeganday qabul qildim, – deydi Herta Myuller. – Baribir men uchun ikkita Oskar bor – biri men bilgan, biri – men bilmagan Oskar.

Ayni paytda Herta Myuller Berlinda yashaydi, universitetlarda adabiy ijod mahorati haqida maʼruzalar oʻqiydi, maqola, esse va hikoyalari muntazam chop etiladi. Uning yozuvchilik mahorati haqidagi “Koʻzgudagi shayton” maʼruzalar majmuasi, “Ochlik va ipak”, “Qahva tutgan rangpar janoblar” singari qator kitoblari koʻp tillarga tarjima qilingan.

Herta Myuller zamonaviy nemis adabiyotiga ulkan hissa qoʻshgan ijodkor sifatida qadrlanadi. Uning Nobel mukofotiga sazovor boʻlishi oʻsha vaqtda dunyo adabiy jamoatchiligini biroz hayron qoldirgan boʻlsa-da, u hayʼat aʼzolarining “hamma narsadan bebahra kishilar hayotining nasrdagi ifodasi va badiiyati uchun” degan taʼrifiga munosib ekanligini oʻz asarlari bilan isbotladi.

 

Bibi Robiʼa SAIDOVA tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–8

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/romanlarga-aylangan-xotiralar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x