Oʻyinning tugashi

Xulio KORTASAR

 

 

Quyosh tandirdek qizdirayotgan pallada, jaziramaga ham qaramay, men, Letisiya, Olando uchovimiz temiryoʻl yoqasiga oʻynagani borardik. Oyim bilan Ruf xolam tushlikdan soʻng dam olgani xona-xonalariga kirib ketishlari bilanoq, hayhotdek hovlimiz etagida kesakisiz, toʻgʻridan-toʻgʻri devorga oʻrnatilgan oq eshikchadan lip etib chiqardigu, qanot bogʻlab uchardik. Ikkovlari har kuni idish-tovoq yuvaverib bezib ketishgan, birpasda charchab ham qolishardi, shu sababli Olando ikkimiz ularga jonimiz achir, idish-tovoqlarni yuvib-artishga qarashib yuborardik. Ammo ming afsus, doim aksiga olar, yordam beramiz deb, ularga ish orttirar, bu ham yetmagandek, asablarini buzar edik. Negaki qizdirilgan yogʻ hidi bilan Xose degan mushugimizning bagʻ-bugʻi, Olando ikkovimizning koʻngilga uradigan baqir-chaqirimiz, talashib tortishishlarimiz hamda qoshiq-sanchqilarning sharaqa-shuruqlari tutib ketgan nimqorongʻi oshxona chidab boʻlmas bir ahvolga kelar, pirovardida, bizning dastyorchiligimiz janjal-toʻpolon, gina-araz bilan tugar edi.

Hammasini Olando boshlardi. Ochigʻini aytganda, u janjal chiqarishga juda usta edi, xohlasa hammani urushtirib qoʻya olardi. Goh hozirgina yuvib-tozalangan stakanni yuvindi toʻla chelakka bilmagandek tushirib yuborar yoki kutilmaganda: “qoʻshnimiz Losalar bunaqa qora ishlar uchun uylariga ikkita xizmatkor ayol olishibdimi?” – deya soʻrab qolardi. Men esa boshqacha yoʻl tutardim: Ruf xolamga: “oyim agar yuvishni xush koʻradigan ryumkalar bilan likopchalar qolib, qorayib ketgan tunuka kastryulkalarni qirib qirtishlaridan nariga oʻtmas ekansiz, qoʻllaringizning otashkurakdan farqi qolmaydi” – deya shama qilar va shu tariqa ikkovlarini osongina bir-birlariga qayrab qoʻyardim. Mabodo taʼna-dashnom, bezorijon pand-nasihat, ota-bobolarimizning ibratomuz hayoti, odob-axloqi haqidagi “maʼruzalar” boshlanib qolsa, soʻnggi chorani ishga solardik – mushugimiz Xosega qaynab turgan suvdan bir choʻmich sepib yuborardik. “Qaynoq suvda kuygan mushuk sovuq suvdan qochadi”, deyishadi. Bekor gap! Bizning Xose xuddi “qani, yuz daraja qaynogʻidan boʻlsin, iliqroq boʻlsa ham zarari yoʻq, yana bir sepinglar-chi” – degandek atay oʻchoq yonidan ketmay, oʻsha orada aylanishib yurardi. Bunaqa hodisa tez-tez takrorlanib turganiga qaramay, mushukka hali hanuz ziyon-zahmat yetmagan, soppa-sogʻ yuribdi, ammo oʻsha damlarda uyimiz gʻalvaning iniga aylanardi, bu qiy-chuv, janjal, odatda, Ruf xolamning avj pardalarda baqirishi bilan nihoyasiga yetardi. Aloha, oyim to bizga qadrdon boʻlib qolgan tayoqni izlab topgunlaricha Olanda ikkimiz juftakni rostlab qolardik, uzun yoʻlakdan oʻtib, hovlining narigi boshida Letisiya bizni kutib oʻtirgan xonaga kirib yashirinardik; oʻsha kezlar Letisiya Pongsong dyu Terraylning Rokambola haqidagi kitobini qoʻymay oʻqib oʻtirgan boʻlardi. Nimasi yoqib qolgan unga bu kitobning – sira aqlimiz yetmasdi. Shundan shunga kelgan oyim Letisiyaning xonasiga yetib kelgan hamon birdan boshimizda yongʻoq chaqish niyatidan qaytib qolardi. Ichkaridan eshikni tambalab olib, yalinib-yolborishga tushar, diydiyomiz birpasda oyimning joniga tegar, Olanda ikkimiz pushaymonligimizni yigʻlamsirab, sahna aktyorlaridek taʼsirli tarzda ijro etardikki, ham koʻngli yumshab, ham toqati bitgan oyim barchasiga qoʻl siltab iziga qaytardi. Ketayotganida: “Hah rasvo qizlar-a, bir kuni koʻchaga haydab yuboraman, ana oʻshanda taʼziringizni yeysiz!” – deya poʻpisa qilib qoʻyishni kanda qilmasdi.

Hayronman, bizga yopishgan koʻngilsizliklarning bari oyim jazo tariqasida aytayotgan ana oʻsha koʻchada, aniqrogʻi, biz vujud-vujudimiz bilan oshiqayotgan temir yoʻl yoqasida barham topardi. Uyda janjal-toʻpolon tinchib, xatto Xose ham xushboʻy is taratayotgan limon butasining soyasida asalarilarning viz-viz “kuyidan” zavqlanib yotganida biz sekingina oq eshikdan chiqib, uni yana xuddi shunday – gʻijirlatmay yopgan zahotimiz dilimiz ozodlikning gʻayrat, zavq-shavqiga toʻlib, uchovimiz ham sevimli maskanimiz sari yeldek uchardik. Temir yoʻl yoqasidagi tepalikka yetib kelgach, oʻsha yerdan turib yastanib yotgan saltanatimizni ichki bir iftihor va mehr bilan tomosha qilardik.

Bu yer, chindanam, biz uchun bir saltanat edi. U temir yoʻl keskin burilgan nuqtadan boshlanib hovlimizning orqa tarafidagi devorlarga dovur taqalib oʻtgan yerlarni oʻz ichiga olardi. Bu zamin shagʻal, temir izlar, mayda toshlar orasidan nish urib chiqqan nomsiz giyohlar hamda togʻ jinslaridan iborat edi, xolos. Mana shu togʻ jinslarining tarkibidagi kvars, dala shpati va shaffof zarralar oftob nurida xaqiqiy gavhar kabi jilolanardi.

Biz hadik, xavotir ichida (poyezd kelib qolishidan emas, balki uydagilardan: ular bizni har daqiqada koʻrib qolishlari mumkin edi-da) choʻk tushib temir izlarni ushlab koʻrardik, choʻgʻdek qizigan toshlardan taralayotgan qaynoq hovur yuz-koʻzimizga urilar; soʻng qaddimizni rostlab daryo tomon yuzlanardik, daryodan esayotgan namxush, lekin oʻta issiq hovur yuz-koʻzlarimizu, quloqlarimizga urilib kuydirgudek boʻlardi, oqibat terlab ketar va pastga yugurib tushardik, zum oʻtmay yana tepalikka koʻtarilardik; shu tariqa bir necha marta chiqib-tushar va har safar dam quruq jaziradan sernam otashkadaga, dam sernam otashkadadan quruq jaziraga tushib-chiqqandek boʻlardik. Lov-lov yonayotgan kaftlarimizni aʼzoyi-badanimizga bosib, ter quyilishini his qilishdan huzurlanar edik. Koʻz oʻngimizda qizgʻish tusda tovlanayotgan temir yoʻl shpallari, kumushdek tovlanib oqayotgan daryo manzarasi zavqimizga zavq qoʻshardi.

Aloxa, tepalikdan tushib, oʻsha qayroqi toshlardan terib koʻtarilgan oq eshikli devor yoqasidagi majnuntollarning salqin soyasiga borib oʻtirardik. Saltanatimizning markazi, biz uchun afsonaviy maskan – tabarruk oʻyingoh shu majnuntollar ostida edi. Biz sevgan oʻyinlarning hammasini zukko va erkatoy Letisiya oʻylab topgandi. Bunday deyishimning sababi, uning hayoti havas qilarli darajada maʼmur – hamma uning koʻngliga qarar edi. Bizga oʻxshab idish-tovoq yuvmas, oʻrin-koʻrpa solmas, supur-sidirdan darxon edi, koʻngli nimani tusasa, oʻshani muhayyo qilishardi, xohlasa uzzukun rasm chizib, haykalchalar yasab oʻtirar yoki kitob oʻqir va hatto, xohlasa kattalar bilan allamahalgacha bemalol gaplashib oʻtirardi. Bu hali holva ekan! Alohida xona ajratib berishgani-chi?! Xontaxtasidan arimaydigan shirinliklar-chi?! Izzat-ikrom, ayab erkalashlarni ayting! Bunday marhamat va mavqedan Letisiya qolib, men foydalanaymi? U nafaqat oʻyinlarimizga bosh boʻlar, balki butun saltanatimizga hokim edi. Uning chizgan chizigʻidan chiqishni xayolimizga ham keltirmasdik, aksincha, jon-jon deb itoat etardik. Ehtimol, hammasiga oyimning pand-nasihatlari sabab boʻlgandir: u Letisiyaga qanday muomala qilish, qanday muomala qilmaslik haqida ertayu kech eslatib turardi. Balki singlimizni astoydil yaxshi koʻrganimiz uchun barcha erkalik va injiqliklarini koʻtarar va buyruqbozlik qilishiga ahamiyat bermasmidik?! Ammo esizgina, Letisiyaning turqi-tarovati rahbar boʻlishga porom kelmasdi. Boʻyi past, buning ustiga oʻta ozgʻin. Olando ham nozikkina, bunday qaralsa, mening ham vaznim ellik kiloga yetmas – qoʻrqmasdan aytishim mumkin – oriqqina edim. Biroq Letisiyaga oʻxshagan qizlarni uchratish amri-mahol; eti suyagiga yopishgan, boʻyni, quloqlari ham etsiz, rangpar edi. Ehtimol, xastalik uni shu koʻyga solgandir?! Uning umurtqasi lat yegan, shu sababdan boshini tutolmas, qoʻshnimizning oshxonasida devorga suyab qoʻyilgan dazmol taxtasini eslatardi. Tavba qildim, chindanam dazmol tahtasining oʻzginasi-ya! Shunga qaramay, bizni istagan koʻyga solishini ayting!

Bir kunmas bir kun oyim bilan Ruf xolam bizning oʻyinlarimiz haqida bilib qolishganda uyda nimalar boʻlishini tasavvur qilsam yuragim orqaga tortib ketadi. Aniq, kimdir hushidan ketgan, kimdir suv keltirib sepgan, Ruf xolamning “si-bemol” pardasiga chiqib chinqirishi… ketidan dod-voy boshlanishi; yelga sovurilgan umr, bekordan-bekor yoʻqotilgan salomatlik, “koʻrgan kunim qursin, shularni deb yashasamu, evaziga shumi rahmat?!”, pirovardida, biz “osiy bandalar” – quloqsiz bolalarga koʻriladigan jazo roʻyxati ovoza qilinadi. Eng oxirida esa eshitaverib koʻnikib ketganimiz oʻsha iddao: “Yaramas kasofatlar, bir kuni koʻchaga…” Nega koʻcha bunchalik yomon, nimasi qoʻrqinchli – tushunolmayman.

Oʻyin boshlanishidan oldin Letisiya qurʼa tashlardi. Baʼzan esa mayda toshchani olib kaftiga berkitar, toshcha qaysi qoʻlida ekanini topish kerak boʻlardi, baʼzan esa yigirma birgacha sanash orqali aniqlanardi, gohida boshqa bir nima oʻylab topardi… Yigirma birgacha sanash chogʻida azbaroyi qulaylik uchun bunday qilardik: goʻyo bizlar uch kishi emas – beshta yoki oltitamiz, basharti xayolimizdagi qizlardan birontasining chekiga yigirma birinchi boʻlish tushib qolsa, yana boshidan sanashga tushardik, to men, Letisiya va Olandodan bittamiz yigirma birinchi boʻlib chiqib ketmaguncha sanoq davom etaverardi. Shu hal boʻlgach, Olando ikkimiz katta xarsang toshni surib, uning ostidagi maxsus qazilgan oʻradan taqinchoqlar toʻla qutini olardik. Chek tashlaganda Olando yutib chiqdi deylik, Letisiya bilan men oʻzimizga manzur taqinchoqlarni tanlab berardik. Oʻyinimiz asosan ikki xil edi, bittasi “xaykal”, ikkinchisi esa “holat” degan oʻyin. Ikkinchi oʻyin uchun libos yoki taqinchoqlar shart emasdi, asosiysi, yuz-koʻz orqali holatni ifodalash, sodda, tushunarli ishoralar bilan aks ettirishdan iborat edi. Mana masalan, hasadni oling, bu holatda mushtlar tugiladi, azbaroyi qattiq siqilgani uchun barmoqlar oqarib ketadi, koʻzlar chaqnaydi. Shafqatmi? Marhamat – iltijo bilan osmonga termulgan koʻzlar, farishtadek maʼsum chehra, uzatilgan qoʻllarda bir parcha matomi, tol novdasimi, koptokchami, qisqasi, tasavvurdagi bironta yetimchaga niyat qilingan xayr-ehson… Hammasidan ham nomus yoki qoʻrquvni aks ettirish oson edi. Lekin gʻazab yoki rashkni ifodalashda qiynalardik. Liboslar bilan bezaklar “haykal” oʻyinida asqotardi. Xohlagan narsangni, xayolingga kelganini aks ettirish cheksiz imkoniyat. Biz qoyilmaqom ifoda yaratish uchun uzoq tortishardik. Qoida boʻyicha haykal boʻluvchining oʻzi uchun bir tutam tasma yoki tugmachadek narsa tanlashga ham haqqi yoʻq. Unga nima ravo koʻriladi – sheriklariga bogʻlik edi, sheriklari nimani tanlab berishsa, oʻshanga qarab toʻn bichardi, yaʼni qanday haykal boʻlib turishni oʻzi uchun hal qilardi. Ushbu oʻyinning oʻziga yarasha qiyinchiligi bor edi, chunki baʼzan bezaklarni tanlab berayotgan ikki kishi qasddan, atayin “haykal”ni qiynash uchun, eng koʻrimsiz va keraksiz narsalarni tanlab berardi. Aksar hollarda esa haykal rasvoyi jahon boʻlardi. “Holat” oʻyini chogʻida boʻlsa hammasi tinchgina, bejanjal va gina-kuduratsiz oʻtardi.

Men aytib berayotgan bu voqealar Xudo biladi, qachon boshlangan, biroq, aniq esimda – vagon oynasidan birinchi maktub uchib tushgan kundan eʼtiboran hamma narsa ostin-ustun boʻlib ketdi. Rostini aytsam, agar oʻyinimizni tomosha qiluvchi boʻlmasa, haykalga oʻxshab qotib turishlaru har turli holatlarni ifodalab berishlar juda tez jonimizga tegardi. Oʻyinimizning butun mohiyati shundan iborat ediki, chekiga tushgan qiz soat roppa-rosa ikkiyu sakkizda Tigre shaharchasidan chiquvchi poyezdni temir yoʻl yoqasidagi tepalikka chiqib kutib olishi va yoʻlovchilarga oʻzini koʻz-koʻz qilib turishi lozim edi. Odatda poyezdlar bu yerdan katta tezlikda oʻtar, shu bois biz oʻz sanʼatimizni vagon derazalari orqali koʻrishga ulguruvchi yoʻlovchilarga namoyish etishdan uyalib oʻtirmasdik. Boshida ola-chalpoq qilib hech narsani koʻrolmasdik, lekin sekin-asta poyezdning koʻz ochib yumguncha lip etib oʻtib ketishiga koʻzimiz oʻrgandi va hatto ayrim yoʻlovchilarning biz bilan salomlashish istagida qoʻl silkishlari, jilmayib qarashlarini aniq-taniq koʻradigan boʻlib qoldik. Muguzdan ishlangan koʻzoynakli moʻysafid, sochlari qordek oppoq janob har safar oynadan boshini chiqarib, roʻmolchasini silkitgancha tepalikda qotib turgan “haykal”ni olqishlar edilar. Vagon zinapoyasida oʻtirib olgancha maktabdan qaytayotgan oʻquvchi bolalarni aytmaysizmi! Baʼzilar bir nimalar deb qiyqirgan boshqalari bizlardan jiddiy nigohini uzmagan. Afsuski, haykal boʻlib turgan yoki holat ifodalayotgan qiz buni koʻrmasdi. Buning iloji ham yoʻq edi. Chunki uning butun diqqat-eʼtibori poyezd oʻtib ketguncha qilt etmay turish va chayqalib ketmaslikka qaratilardi, bir soʻz bilan aytganda oʻzidan ortmasdi. Biz esa, oʻyinimizning asosiy ishtirokchisi yoʻlovchilarga qanday taʼsir qilganini majnuntol soyasidan kuzatib turardik. Mart oyining boshlarida, yanglishmasam, seshanba kuni ikkinchi vagon oynasidan oʻsha mashʼum maktubcha uchib tushdi. Maktub “gʻiybatchi” holatini ifoda etayotgan Olandoning oldidagi toshga urilib koptokdek sapchib toʻppa-toʻgʻri mening oyoqlarim ostiga kelib tushdi.

Toʻrt buklangan noma temir gaykaga bogʻlangan edi. Uni erkak kishi yozganligi sezilib turardi – qingʻir-qiyshik harflar bilan quyidagilar yozilgandi: “Men ikkinchi vagonning uchinchi oynasi oldida oʻtiribman. Ariel B.” Shundan-shunga zalvorli gaykaga bogʻlab uloqtirilganidan nomaning qoʻlimizga tegishini juda-juda istagan odam yozgani aniq. Birok, ajabo, u shuncha tashvish chekishga arzimaydigan darajada qisqa va hissiz yozilgan edi. Lekin ming qilganda ham boshimiz osmonga yetdi va oʻsha zahoti qurʼa tashladik. Qurʼa menga chiqdi. Ertasiga birontamizning tepalikka chiqib sanʼatimizni namoyish etgimiz kelmasdi, tavba. Hammaning fikru xayoli – Ariel B. ni yaxshilab koʻrib qolish. Keyin mulohaza qilib, oʻyinni bir marta ham toʻxtatmaslik kerak, (Ariel buni notoʻgʻri tushunishi mumkin) degan qarorga keldik-da, kim topsa oʻsha yutadi, deya Letisiya mayda toshchani kaftlari orasiga yashirdi. Letisiyaning oʻzi yutib chiquvdi, Olando ikkovimiz quvonganimizdan bir-birimizni quchoqlab oldik. Sababi, boyaqish singlimiz haykal boʻlishni juda boplar edi. Qimir etmay qotib turganida uning nogiron ekanini hech kim payqamasdi. Gap bunda ham emas, eng muhimi – uning butun qiyofasidan, har bitta harakatidan alohida poklik va masʼumlik yogʻilib turardi. Agar “holat” oʻyini boʻlsa, u odatda Shafqat, Itoat, Fidoyi, Himmatni ifodalashga urinardi. Bordiyu haykal boʻlishga toʻgʻri kelsa, qay jihati bilandir katta uyimiz devoriga osilgan, Ruf xolam qachon qaramang “Miloslik Venera” – deb tilga oladigan suvratdagi sohibjamolga oʻxshashga harakat qilardi. Nimasini aytasiz… oʻsha kuni Letisiya nima kiygani maʼqul, qaysi taqinchoqlar unga koʻproq yarashishi borasida uzoq oʻyladik. Oʻzi niyatimiz bita – Arielni lolu-hayron qoldirish. Letisiya yengsiz kalta koʻylakda edi, biz yashil baxmaldan tunukasifat yopinchiq bichdik, boshiga esa majnuntol novdalaridan yasalgan chambarak kiydirdik, Letisiya hayron qolarli darajada qadim-yunon maʼbudasiga oʻxshab qoldi. U qanday holatda turmoqchi ekanini tushuntirganda hayajonlanib ketganimizdan Arielni munosib kutib olish uchun tepalikka uchovimiz ham chiqib turmoqchi boʻldik.

Letisiya haddan ziyod ochilib ketgandi, unga qaragan odam koʻzini uzolmasdi, u to poyezd oʻtib ketgunicha qilt etmadi. Yonga burilolmagani uchun boshini orqaga tashladi va ikkala qoʻlini tushurib qotib qoldi, – yashil yopinchigʻini qoʻyavering, – qoyil! Miloslik Veneraning xuddi oʻzi!

Ikkinchi vagonning uchinchi oynasi oldida oʻtirgan mallasoch oʻspirinni bir qarashda tanidik – salomlashib qoʻl silkiganimizda quvonchdan ogʻzi qulogʻiga yetdi Uni atigi bir soniya koʻrishga koʻrdik, lekin uch soatdan keyin ham u haqdagi bahs-munozaramiz toʻxtay demasdi: kostyumining rangi qanaqa – kulrang edimi, koʻkish edimi, qizil galstugi qanaqa tusda tovlanardi, umuman, Arielning oʻzi-chi – xushroʻymi, suxtasi sovuqmi va hokazo mavzularda bahsimiz davom etaverdi. Payshanba kuni men iztirob holatini aks ettirayotganimda, “Uchovingiz ham bir-biringizdan ajoyib ekansiz. Ariel B.” degan mazmunda yana bir noma oldik. Shundan soʻng har safar poyezd oʻtganida Ariel vagon oynasidan boshini chiqarib, bizga qoʻl silkitadigan boʻldi. Biz uni oʻn sakkiz yoshda (holbuki, uning oʻn oltiga ham kirmaganiga uchovimizning ishonchimiz komil edi), har kuni oʻqishdan ingliz kollejidan qaytayotgan boʻlsa kerak, deya taxmin qilardik. Kollejda oʻqishiga shak-shubha yoʻq chunki bizning Ariel oddiy bilim yurtida oʻqishi mumkin emas edi, nazarimizda! Qanaqa xonadonning farzandi ekani shunday koʻrinib turibdi-yu!

Olandoning omadi kelib, qatorasiga uch kun qurʼa tashlanganda yutib chiqdi. Birinchi kun umidsizlik holatini bopladi, ertasiga Gʻarazni betakror bir qiyofada oʻrinlatib qoʻydi; uchinchi kun aks ettirgan Raqqosasi haqida-ku gapirmasa ham boʻladi. Shunaqa ham qoyillatdiki, asti qoʻyavering, koʻrgan odam tasannolar aytmasdan iloji yoʻq. Poyezd muyulishda koʻringanidan to saltanatimiz yonidan oʻtib ketgunicha, yana tagʻin oyoq uchida qilt etmay turishning oʻzi boʻladimi?

Nixoyat, menga ham navbat keldi, oʻsha kuni men vahimaga tushgan odam holatini ifoda etib turganimda birov uloqtirgan gugurt qutisidek gaykaga bogʻlangan noma vagon oynasidan uchib tushdi. Uni oʻqib, dabdurustdan tushunolmadik: “Orangizdagi… eng yokimtoyroqdir”. Letisiya Ariel kimni nazarda tutayotganini sal kechikibroq fahmladi, fahmlagach – qizarib ketdi va bir chekkaga oʻtib oldi. Toʻgʻrisini aytganda, Olando ikkimizning hazilakam achchigʻimiz chiqmadi. Bu Ariel deganlari qip-qizil ahmoq ekan-u! Letisiyaga aytib boʻlmaydi-da bu gapni, ham nozik, ham koʻngli yarimta. Lekin, har qalay, nomani olib kissasiga solib qoʻygani nimasi, kimga atalganini sezgan-da! Uyga qaytayotganimizda yoʻlda uchovimiz churq etmay ketdik, kechqurun esa har kim oʻzidan ortmay, bir-birimizni deyarli koʻrmadik ham. Kechki ovqat paytida Letisiyani koʻrsangiz edi, u bir gapirib oʻn kular, koʻzlari por-por yonardi. Oyim Ruf xolamga bir-ikki marta maʼnoli qarab qoʻydiki, buning tagida ana koʻrdingmi, boshlanishi chakki emas, oʻzgarib qolganini qara, ikki kunda-ya, – degan maʼno anglashilardi. Gap shundaki, oʻsha kunlari Letisiyaga yangi dori-darmon bera boshlashgan edi.

Kechasi Olando ikkimiz bu yogʻiga nima qilish kerakligi haqida allamahalgacha gaplashib yotdik. Ming qilganda ham Arieldan xafa boʻlishningkeragi yoʻq edi. Nima qipti, vagon oynasidan qarasa qarabdi, nimadir, kimdir unga koʻproq yoqibti, shungayam ota goʻri qozixonami?! Lekin Letisiya-chi, uni nima jin urdi, nega bunaqa qilyapti, uyda hech kim mushugini pisht demasligini, qattiq-qurum gapirib dilini ogʻritmasligiyu, aybini koʻrib koʻrmaslikka olishlariga ishonchi komil boʻlgani uchun shunday qilyaptimi? Yoki hammasini bilishsa ham, bilmagandek churq etishmaydi, deya oʻylayaptimi?! Odamzod haddidan oshmasin ekan. – Letisiyaning dasturxon tepasidagi qiliqlari, oʻsha zormanda nomani faqatgina oʻziga tegishlidek kissasiga solib qoʻyishlari shundan dalolat bermaydimi?! Bunisi endi ortiqcha! Oʻsha kuni men yana alagʻ-chalagʻ tush koʻrib chiqdim. Tushimda sahar payti emishu, men son-sanoqsiz temir izlar kesishgan hayhotdek maydonda turgan emishman. Hali chap tomonimdan, hali oʻng tomonimdan poyezdlar shitob bilan oʻtib qolarmish, mana hozir orqamdan kelayotgan poyezd meni yanchib bosib ketadi, deya qoʻrqarmishman… Ertalab uyqudan turganimda kechasi koʻrgan tushimni eslab oʻtirishga imkon ham boʻlmadi, hojati ham qolmadi, chunki Letisiyaning ahvoli chatoq edi, u hatto birovning koʻmagisiz kiyinolmasdi ham. Uyqudan turganda shu ahvolda ekan… Aftidan kechagi qilmishidan qattiq pushaymon yeb, oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib uxlolmay chiqqan boʻlsa kerak-da. Bizlar birimiz olib, birimiz qoʻyib uning koʻnglini olishga tushib ketdik: oʻzingni hadeb urintiraverma, toliqqansan, hech qayerga chiqmay bir-ikki kun dam ol, kitobingni oʻqib yot, deya maslahatlar berdik. U eʼtiroz bildirmadi-yu, lekin biz bilan nonushta qilgani chiqdi va hatto oyim bilan Ruf xolam xol-ahvol soʻrashganda, “ancha yaxshiman, oʻtib ketdi”, – dedi. Shu alfozda ham Letisiya dam Olandoga, dam menga tikilib qarar edi.

Oʻsha kuni chek tashlaganimizda men yutib chiqdim, lekin nima uchundir – negaligini oʻzim ham tushunolmayman – navbatimni Letisiyaga bagʻishladim. Nega, nima sababdan, farqi nima – bagʻishladimmi bagʻishladim, gapni aylantirishning hojati yoʻq. Modomiki, Ariel uni yoqtirar ekan, husni jamoliga toʻysin… Letisiya, asosan, “haykal” oʻyinini yaxshi koʻrardi, boshqasiga uncha qiziqmas edi, shu sababli unga osonroq deb biron-bir odmiroq narsa tanladik, bechorani qiynab nima ham qilardik? U xitoy malikasiga oʻxshab turishni lozim topdi. Bu judayam oson edi: xitoy malikalariga monand kaftlarini koʻksida qovushtirib, bir ibo bilan yerga boqib tursa bas – xuddi oʻzi-da! Uzoqdan biz kutayotgan poyezdning qorasi koʻringan zahoti Olando atay oʻgirilib oldi, men esa Arielning faqat Letisiyaga termulib qaraganlarini, poyezd oʻtib ketguncha va muyulishga borib koʻzdan gʻoyib boʻlgunicha undan koʻz uzmaganini koʻrib turdim! Aniqki, xitoy malikasi timsoliga aylangan Letisiya Arielning intizor termulganlarini koʻrolmadi. Ammo qaytib majnuntol ostiga kelganimizda uning avzoyidan shu narsani fahmladimki, Letisiya hamma gapdan boxabar va u liboslarini ertalabgacha yechmay xitoy malikasining qiyofasida yurishga tayyor edi!

Chorshanba kuni Letisiyaning talabiga binoan faqat Olando ikkimizning oʻrtamizda qurʼa tashlandi (insof yuzasidan olganda bu odilona talab edi!). Yana Olanda yutdi – juda omadli qiz-da! Ammo-lekin Ariel uloqtirgan noma mening oyoqlarim tagiga kelib tushdi. Avvaliga uni Letisiyaga bermoqchi boʻldim, keyin fikrimdan qaytdim, nega hadeb uning koʻngliga qarayverishimiz kerak!! Nega? Toʻrt buklangan qogʻozni ochdim, unda Ariel bizlar bilan uchrashish niyatida ekani, shuning uchun ertaga narigi stansiyada tushib qolib bizning oldimizga kelmoqchiligini maʼlum qilgan edi. Uning dastxati oʻta xunuk edi, shunga qaramay oxirgi jumlasi bizga moydek yoqib tushdi: “Uchala haykalga alangali salomlar. Ariel B.” Imzosini koʻrsangiz – aji-buji, lekin shu bilan birga qandaydir oʻziga xos gʻayrioddiy edi.

Men ushbu nomani baland ovozda oʻqib berdim, tavba, singillarim talmovsirab ogʻiz ochishmadi! Ularning bu turishlaridan achchigʻim chiqdi, Ariel “Ertaga sizlarni koʻrgani kelaman, – deb tursayu, ogʻzingizga talqon solib olganingizni-chi”, – deya jerkib berdim oʻzimcha. Nima qilamiz, nima deymiz, gaplashib olish lozim. Agar Arielning kelishi haqida uydagilar bilib qolishsa yoki Losalardan bittasi koʻrib, aytib berishsa bormi, ana unda koʻring! Ulardan ehtiyot boʻlish kerak, bu qoʻqilchalar judayam rasvo, gʻarazgoʻy, gʻayirliklarini aytmaysizmi – voy-voy! Letisiyaning taqinchoqlarini jimgina yechib oldik, indamay savatga soldik va xuddi bir-birimizdan arazlagandek, churq etmay, oq eshik yonigacha bordik.

Ruf xolam Olanda ikkovimizga “Xoseni choʻmiltiringlar” – deb topshiriq berdi-da, Letisiyani ichkariga olib kirib ketdi, Letisiyaning dori-darmon ichadigan vaqti boʻlgan edi. Olanda bilan yolgʻiz qolgach, nihoyat gaplashib olishimiz uchun imkon tugʻildi. Odamning ishongisi kelmaydi – Ariel bizni koʻrgani kelarkan! Nihoyat birinchi marta oʻgʻil boladan doʻst orttiryapmiz-a, Xolavachchamiz Tito oʻgʻil bola boʻlgani bilan bir latta, ovsargina edi, haligacha burni oqib yuradi. Ertangi uchrashuv haqida oʻylab shunaqayam toʻlqinlanib ketdikki, azbaroyi Xose buning jatiga qoldi. Boshlab Letisiya xaqida Olanda (menga yoʻl boʻlsin) gap ochdi. Mening boshim qotardi: Arielga bor gapni aytsak, hammasi tamom – bu bir, ikkinchi tomondan yashirishdan nima foyda, baribir bir kunmas bir kun hammasi oshkor boʻladi, oʻz baxtiyen uchun birovning baxtini barbod qilmaslik kerak, axir. Lekin qandoq qilsak, Letisiyaning dili ogʻrimaydi – mana asosiy masala! Bechora, shundoq ham unga ogʻir, boz ustiga yangi muolaja boshlashgan, buni eshitsa bormi…

Kechkurun bizning deyarli soʻzlashmayotganimizni koʻrgan oyim hayratdan yoqasini ushladi: “Nima balo, tilingiz tanglayingizga yopishib qoldimi hammangizning?! U Ruf xolamga maʼnoli qarab qoʻydi, ikkovlari ham qizlar bir ishkal qilib qoʻyishganu, shu bois oralariga sovuqchilik tushgan, yuzlari chidamayapti, deb oʻylashdi, shekilli. Letisiya esa ovqat suzishganda qoʻl ham urmay, “tobim boʻlmayapti, xonamga borib yota qolay”, degancha chiqib ketdi. Olanda kuzatib qoʻyish uchun oʻrnidan dik etib turuvdi, zoʻrgʻa rozilik bildirdi, men oʻsha zahoti toʻqishga tutindim – judayam hayajonlansam shunaqa, chalgʻish uchun shu mashgʻulotga tutinaman. Olanda negadir uzoq qolib ketdi – sabrim chidamay qarab kelmoqchi boʻldim lekin andisha qilib bormadim. Nihoyat Olanda qaytib chiqdi, kelib yonimga oʻtirdi, maʼnodor qilib tomogʻini qirib qoʻydi, lekin indamadi. Oyim bilan Ruf xolam idishlarni yigʻib-terib chiqib ketishlarini ochiqdan-ochiq kutib oʻtiraverdik. “Ertaga Letisiya hech qayoqqa chiqmas ekan, – dedi Olanda nihoyat yolgʻiz qolganimizda, – meni soʻrasa, manovi xatni berib qoʻyinglar, deya iltimos qildi”. U gapining isboti uchun bluzkasining choʻntagini kengroq ochib binafsha rang konvertni koʻrsatdi. Koʻp oʻtmay taqsimcha yuvish uchun chaqirib qolishdi-yu, gapimiz chala qoldi. Soʻngra xonamizga kirib bir ogʻiz ham gaplasha olmadik, chunki Olandayam, men ham kun boʻyi asabiylashib, judayam toliqqan ekanmiz, oʻringa kirgan zahoti dong qotib uxlab qolibmiz.

Ertasiga ertalab meni bozorga yuborishdi-yu, Letisiyani koʻrolmadim. Tushlikka yaqin hol-ahvol soʻrab qoʻyay, degan niyatda birrovgina oldiga kirgandim, u deraza yonidagi krovatda beholgina yostiqqa yastanib oʻtirar – tizzasida sevimli kitobi “Rokambala”ning toʻqqizinchi jildi yotardi. Uning rang-roʻyi bir hol edi, shunga qaramay meni xushxandon qarshi oldi va oynaga tinimsiz kelib urilayotgan betayin ari tushiga kirganini kula-kula aytib berdi. Men, “Majnuntollar ostiga sensiz borgimiz kelmayapti”, – dedim. Toʻgʻrisi, shu gapni aytishga aytdimu lekin ovozim zoʻrgʻa chiqdi… “Agar xoʻp desang, Arielga “Tobi qochib qoldi”, deymiz…” Biroq Letisiya bunga koʻnmadi. Shunda men sal oʻzimni bosib, uni koʻndirishga harakat qilib koʻrdim; ikki oyogʻimni bir etikka tiqib olganim yoʻgʻu, lekin, harqalay, koʻngil uchun “biz bilan borgin”, deya iltimos qildim. Soʻng “hech narsadan choʻchima, haqiqiy tuygʻu odamning yuragida, koʻnglida boʻlishi kerak”, deyishga ham botindim. Hatto “Hikmatlar xazinasi” degan kitobda oʻqigan goʻzal va purmaʼno oʻgitlardan bir-ikkitasini eslatib ham oʻtdim. Biroq Letisiya churq etmadi. Men, ochigʻi, oʻkindim, u derazadan koʻz uzmas, hozir yigʻlab yuboradigandek oʻpkasi toʻlib oʻtirardi. Oxiri “oyimning ishlari bor edi”, degan bahonada yugura chiqib ketdim.

Tushlik qandoq oʻtdi, bilmayman, Olanda dasturxonga tekkan dogʻ uchun Ruf xolamdan eshitadiganini eshitdi. Taqsimchalarni yuvganimizni ham, oq eshikcha yoniga qanaqa qilib borganimizni ham yaxshi eslolmayman. Qadrdon majnuntol ostiga borgach, boshimiz koʻkka yetib quvonganimizdan bir-birimizni quchoqlab, yigʻlab yuborishimizga oz qolgani aniq esimda. Olanda basharti soʻrab qolsa, oʻzimiz haqimizda nima deymiz, Arielning hafsalasini pir qilib qoʻymasmikinmiz, deya tashvishlanardi. Yuqori sinfda oʻqiydigan bolalarni bilasizu, endigina boshlangʻich sinfni tugatgan, koʻylak bichish bilan sutni kuvlab moyini olishdan boshqasini bilmaydigan qizchalarni mazax qilishdan nariga oʻtmaydilar. Roppa-rosa ikkidan sakkiz minut oʻtganda avval poyezdning, keyin hadeb qoʻl siltayotgan Arielning qorasi koʻrindi, bunga javoban biz “Xush kelibsiz!” deb yozilgan roʻmolchalardan tikilgan shiorimizni baland koʻtardik. Yarim soatlardan soʻng, Ariel tepalikdan tushib keldi, – egnida koʻkish kostyum, u biz oʻylagandan koʻra tikroq edi. Tanishuv marosimi qanday boshlandi, kim avval gapirdi – yaxshi eslolmayman. Ariel judayam tortinchoq ekan, ogʻzidan gapi tushib ketardi, shunday ajoyib nomalar yozib, koʻrgani kelgan odam shunaqa boʻladimi?! U dastavval bizning haykal va surat boʻlib turishlarimizni koʻrib qoyil qolgani haqida toʻlqinlanib gapirdi, soʻng ismimizni, nega uch emas ikki kishi ekanimizni soʻradi, Olanda “Letisiya kelolmadi”, degandi, u “Afsus, ming afsus”, dedi va ortidan “Letisiya… judayam chiroyli ekan ismi!”, deya qoʻshib qoʻydi. Aloha, Sanoat bilim yurti, u yerdagi mashgʻulotlar, oʻrtoqlari haqida qiziq-qiziq narsalarni gapirib berdi (ana sizga ingliz kolleji!). Oxiri taqinchoqlarimizni koʻrsatishni iltimos qildi. Olanda xarsangtoshni surib, bor bisotimizni oldi-da, uning oldiga yoyib qoʻydi. Ariel katta bir qiziqish bilan taqinchoq va bezaklarni tomosha qila boshladi, ora-chora biron bir buyumni sinchiklab koʻzdan kechirarkan, oʻziga-oʻzi gapirgandek: “Bir safar Letisiya mana shunga oʻranib olgandi”, yoki “Buni Sharq malikasi boʻlganda kiygandi”, deb qoʻyardi.

Bizlar majnuntol ostida oʻtirardik, Arielning afti-angorida mamnuniyat ifodalari zuhur etib turgan boʻlsa ham, gaplarimizni faromushxotirlik bilan tinglar, odob yuzasidangina shartta turib ketvormayotgani sezilardi. Suhbatimiz hozir tugab qoladigandek tuyulgan lahzalarda Olanda menga oʻgʻrincha qarab qoʻyar edi. Ikkovimiz ham bir xilda qiynalardik, tezroq shu savil qolgur uchrashuv tugasa-yu, tezroq uyimizga ketsak, qayerdan ham tanishgisi kelibdi-ya biz bilan! Ariel yana Letisiyaning salomatligi haqida soʻragan edi, Olanda mendan koʻz uzmay turib: “U kelolmadi tamom vassalom” dedi. Men esa hozir hammasini ochiq-oydin aytib beradi, deb kutardim… Ariel choʻp bilan yerga har xil shakllarni chizar, dambadam oq eshik tarafga qarab qoʻyardi. Hammasi soʻzsiz tushunarli edi, shu sababdanmi Olanda binafsharang konvertni chiqarib Arielga uzatganda quvonib ketdim. Ariel esa avvaliga hayron boʻlib turdi, buni Letisiya berib yuborganini tushungandan soʻng, qip-qizarib ketdi va bizning oldimizda ochib oʻqishni istamadimi, konvertni choʻntagiga soldi. Shundan keyin oʻrnidan turdi va: “Sizlar bilan tanishganimdan bagʻoyat xursandman” dedi-yu, xayrlashgani qoʻlini uzatdi – uning kafti oʻta yumshoq, hatto bir qadar irgʻamchiq edi. Biz tanishuv marosimining bunchalik tez tugab qolganiga zarracha achinmadik, lekin Arielning koʻkish koʻzlari bilan gʻayrioddiy tuyulgan tabassumini anchagacha eslab yurdik. Xayrlashayotgan chogʻidagi “Uzr va alvido” degan kalomi ham bizni xayratga soldi. Chunki biz bunaqa soʻzlarni umrimizda eshitmagandik. Uning bu soʻzlari bamisli sheʼriy misralar kabi betakror va taʼsirli edi. Letisiya bizni bogʻimizdagi limon butasi ostida kutib olgan chogʻda oqizmay-tomizmay hammasini aytib berdik, men toʻlqinlanib ketganimdan bizdan berib yuborgan xatingda nimalarni yozganding deb soʻrashimga oz qoldi, biroq atay konvertga solib, azza-bazza yelimlab soʻngra Olandaga topshirgan boʻlsa qanaqasiga soʻrayman – qisqasi botinolmadim, ikki opa-singil birimiz olib, birimiz qoʻyib Arielni taʼriflashga oʻtdik, “Seni soʻrayverib esi ketdi-da oʻziyam” – deb rosa gelladik. Toʻgʻrisini aytsam, shunday qilmasak ham boʻlmasdi – farosati bor odam kosaning ostida nimkosa borligini fahmlaydi, – boshqa ilojimiz ham yoʻq. Lekin bir tomondan yaxshi – Letisiya oʻzini baxtiyor his qiladi, ikkinchi tomondan yomon – shu sabab Letisiya yigʻlab yuborishdan oʻzini zoʻrgʻa-zoʻrgʻa tiyib turardi. Oqibat doimgidek: “Ruf xolamning ishlari bor edi” deya bahona qilib asta qochishdan oʻzga yoʻl topolmadik, Letisiya esa limon butasining yam-yashil, top-toza yaproqchalari ostida asalarilarning tinimsiz gʻoʻngʻillashi ichra bir oʻzi qoldi.

Kechkurun, yotar oldidan Olanda: “Meni aytdi dersan, ertaga oʻyinimiz tamom!” – deya shipshidi. Uni yanglishdi ham deyolmayman, toʻgʻri aytdi, deb ham boʻlmasdi. Ertasiga tushlik chogʻida endi shirinlik keltirishgandi, Letisiya bizga imo-ishora qilib qolsa-chi?! Ochigʻi dovdirab qoldik. Zum oʻtmay achchigʻimiz chiqdi, yaxshimas, shuyam insofdanmi! Nima boʻlgan taqdirda ham, idish-tovoqni yigʻishtirib, yuvib-tozalagach, oq eshik yonida koʻrishdik-da, uchovimiz temir yoʻl tomonga qanot bogʻlab uchdik. Majnuntol ostiga yetib borgach, Letisiya beparvogina, indamay – holbuki biz koʻrib sarosimaga tushdik – choʻntagidan oyimning bir shoda marvaridi bilan tilla bilaguzugi hamda Ruf xolam koʻzlariga surib taqadigan yoqut koʻzli uzukni oldi. Yuragingga balli! Xudo koʻrsatmasin, chaqmachaqar Losalar sezib qolsa bormi, oʻsha zahoti oyimga oqizmay-tomizmay yetkazishadi – ulardan kutsa boʻladi! Ana unda koʻring tomoshani! Oyim bilan Ruf xolam bitta qoʻymay yuladi-ya sochimizni! Ammo Letisiya pinagini buzmasdi, “qoʻrqmanglar, hammaga oʻzim javob beraman”, – dedi-da, yerdan koʻzini uzmay turib xasta bir ovozda iltimos qildi: “Bugun men haykal boʻlib tursam maylimi?”. Biz jon-jon deb rozi boʻldik, hatto hali koʻksimizdagi gina-kudurat koʻtarilib ulgurmaganligiga qaramay, Letisiyaga mehrimiz tovlanib ketdi, shu daqiqalarda uning har qanday talab-istagini bajo keltirish, koʻngliga qarash istagi joʻsh urardi yuragimizda. Unga eng sara zeb-ziynatlar – tovus patlaridan tortib uzoqdan qaraganda kumush tusda tovlanguvchi tulki moʻynasi, sallaga oʻxshatib oʻrasin uchun pushti rang sharfni olib berdik. Bularning bari uydan keltirilgan qimmatbaho tilla taqinchoqlar bilan “yigʻlab” koʻrishardi. Letisiya xayol surgancha jim turar, aftidan moʻljallagan haykalini qanday aks ettirish haqida oʻy surardi. Poyezdning qorasi koʻringanda u tepalikka chiqib oldi, shunda dafʼatan butun zeb-ziynat, tilla taqinchoqlari quyosh nurida koʻzlarimizni qamashtirib yuborgudek yaraq-yaraq tovlanib ketdi. Ilkis u shaxd bilan ikkala qoʻlini azot koʻtardi-da, boshini bir siltab orqaga tashladi (bechora yon tarafga qimirlatolmasdi, qisqasi, oʻzga iloji ham yoʻq edi!) va novdadek chunonam egildiki, azbaroyi xudo, koʻrib, chin soʻzim, yuragim orqamga tortib ketdi. U ijod qilgan haykal goʻzal, beqiyos edi. Bu bamisli bir moʻjiza ediki, odamning ishongisi kelmasdi. Bizlar hatto vagon derazasidan boshini chiqarib koʻziga haykaldan boshqa hech narsa koʻrinmay, tikilib qarayotgan va to poyezd muyulishga singib ketmaguncha Letisiyadan koʻz uzmayotgan Arielni ham unutib yuborganimizni sezmay qolibmiz. Sababini aytib berolmaymanu, biroq poyezd gʻoyib boʻlgan hamono Olanda ikkimiz Letisiyaning yoniga yugurdik. U ham koʻzlarini chirt yumgancha qotib turar, koʻz yoshlari yomgʻir tomchilari kabi yonoqlarini yuvib oqardi. U koʻmaklashish niyatida uzatgan qoʻllarimizni ohista, beozorgina qaytarib, tepalikdan oʻzi tushdi. Kimmatbaho taqinchoqlarni yechib choʻntagiga soldi-da, churq etmay, shalviragancha uyimiz tarafga keta boshladi. Bizlar uning ortidan lolu hayron qarab qoldik. Soʻng oxirgi marta Letisiya yaxshi koʻrgan zeb-ziynatlarni qutiga solib joyladik. Endi bu yogʻiga nima boʻlishini koʻnglimiz sezardi, shunga qaramay ertasiga biz Ruf xolamning “Shovqin solmanglar, Letisiyaning tinchi buziladi”, deganlariga ortiqcha ahamiyat bermay, majnuntollar oʻsgan saltanatimiz sari yugurdik. Bechora Letisiya tobi qochib yostiqdan bosh koʻtarolmay yotardi. Qizigʻi, poyezd yonimizdan oʻtayotgan mahal ikkinchi vagonning derazasi yonida hech zogʻ koʻrinmaganiga qilcha ham ajablanmadik. Bir-birimizga maʼnodor qarab kulimsirab qoʻydik. Lekin yashirishdan nima foyda bir jihatdan achchigʻimiz chiqdi, ikkinchi jihatdan yengil ham tortdik. Bizning Ariel esa – shunday boʻlishini bilardik – vagonning narigi tarafida, moviy koʻzlarini sokin oqayotgan daryodan uzmay jimgina tomosha qilib borardi.

 

Rus tilidan Olim OTAXON tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

https://saviya.uz/ijod/nasr/oyinning-tugashi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x