Oila qurish va jinsiy hayotga tayyorlash (Ota-onalar uchun)

O‘smir yoshlarning balog‘atga yetish davri ularning organizmida o‘ziga xos psixologik va fiziologik o‘zgarishlar kuzatilishi, bu fiziologik jarayonlarning asosida o‘smirlar organizmidagi ichki sekretsiya bezlari ishining faollashuvi yotishi hamda bularning mutlaqo me’yoriy fiziologik jarayon ekanligini ta’kidlab o‘tish o‘rinli.

Oila qurish

Yoshlarning jinsiy jihatdan yetilish jarayonlari fiziologiyasini bilish, uni davrlarga ajratib o‘rganish, har bir davrning o‘ziga xos hususiyatlaridan kelib chiqqan holda gigiyenik talablar qo‘yilishi va tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatilishi muhim amaliy ahamiyatga ega. Jinsiy yetilish jarayoni 10-17 yoshlar orasidagi davrni o‘z ichiga qamrab oladi va bu davrda ular organizmda jismoniy, ruhiy va axloqiy o‘ziga xos o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.

15-18 yashar o‘smir jinsiy jihatdan yetiladi va unda o‘zga jinsga nisbatan intilish mayli paydo bo‘ladi. Jinslar o‘rtasidagi masalalarga qiziqa boshlaydi; o‘smirning gavda shakli, ruhiyati, xulq-atvori o‘zgaradi.

O‘smir tez o‘sadi, bu unga haddan tashqari tez o‘sganday tuyuladi, o‘smir o‘zini besunaqay sezadi, sut bezlari kattalashadi, o‘g‘il bolalarning yuziga husnbuzarlar toshadi.

O‘smir o‘z holatidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ota-onalariga tushuntirishlari va ulardan bu borada bamaslahat to‘g‘ri tushunchalar olishlari lozim.

Ota-onalardan uyalib, zarur narsalar haqida tushunchalar o‘z vaqtida olinmasa, o‘spirin yoshlar bilmasdan og‘ir oqibatlarga, hatto fojialarga olib boradigan ishlar qilib, xatoliklarga yo‘l qo‘yadilar.

Jinsiy balog‘atga yetish muddati har bir shaxsning jinsiga, sharoitiga, millatiga, salomatligiga, yashash va boshqa xususiyatlariga qarab 11-12 yoshdan boshlanadi va qizlarda 18 yoshda, o‘g‘il bolalarda 19-20 yoshgacha cho‘ziladi.

Ba’zan o‘smir yigit va qizlarda balog‘atga yetish kechikadi. Bunday hollarda albatta endokrinolog vrachlar bilan maslahatlashish lozim.

Qizlarda balog‘atga yetish har oylik hayz sikli bilan namoyon bo‘ladi. Bu davrda qizlar gigiyena qoidalariga amal qilib jinsiy a’zolarini doimo toza saqlashga e’tiborli bo‘lishlari lozim. hayz ko‘rish davrida ichki kiyimlarni tez-tez almashtirib turish, zo‘riqtiradigan og‘ir jismoniy ish qilmaslik, sakrash, yugurish, raqsga tushish, ot, velosiped minish, suv havzalari (basseyn)da suzish mumkin emas.

Ilmiy tekshirishlar shuni ko‘rsatdiki, yigit va qizlar 18 yoshga yetganda morfologik va fiziologik jihatdan (bosh miya, skelet, muskullar, ichki sekretsiya bezlari, xususan, jinsiy a’zolar) endigina takomilga yetgan bo‘ladi. 18 yoshga to‘lmasdan turmush qurishning aksariyat hollarda yigitga ham, qizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi ilmiy ravishda isbotlangan. Ma’lumki, 18 yoshda yigit-qizlar to‘lishib, bo‘ylari o‘sadi, yigitlarning ovozlari do‘rillab qoladi, ammo bu hali ularning anatomik va fiziologik jihatdan butunlay yetilganliklarini bildirmaydi.

Ayrim yigit va qizlar bir yil oldinroq balog‘atga yetishlari ham mumkin. Bu hol respublikamizning janubiy viloyatlarida yashovchi yoshlar o‘rtasida ko‘proq kuzatilgan. Bunga sabab iqlim sharoitining issiqligi, tashqi muhitning odam organizmiga ta’siri natijasidir. Biroq ilmiy ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, oilaviy hayot qurishga 18 yoshdan oldin shoshilmaslik lozim.

Nikoh qurish avvalo farzand ko‘rishdek murakkab fiziologik jarayonlar bilan aloqador bo‘lganligi sababli, juda erta turmush qurish ko‘pincha pushtsizlikka, bolaning oy-kuni yetmay tug‘ilishiga va shuningdek homilaning noto‘g‘ri rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qizlar va yigitlar deyarli 20 yoshdan keyingina anatomik va fiziologik jihatdan butunlay kamolatga yetadilar.

Ba’zi hollarda yigit va qizlarning o‘ziga xos iqlimga oid xususiyatlarini, yetilish ko‘rsatkichlarini hisobga olib, bu yoshni bir oz kamaytirish mumkin. Ko‘pgina mutaxassis olimlarning ma’lumotlariga (statistik ko‘rsatkichlarga) ko‘ra, qizlar 20-22 yoshda, yigitlar 23-25 yoshlarda turmush qurganlari ma’qul.

Sog‘lom turmushni izdan chiqaradigan irsiy kasalliklarga sababchi bo‘ladigan salbiy urf-odatlardan biri yaqin qarindosh-urug‘lar (tog‘avachcha, xolavachcha, amakivachchalar) o‘rtasidagi nikohdir.

Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar haqida ushbu maqola orqali batafsil ma’lumot oling: Qarindoshlar o‘rtasida nikoh

Manba: Tib.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x