Oʻz erkini anglagan robot bola

Oʻzbek bolalar adabiyoti umumadabiyot, jahon va qardosh xalqlar bolalar adabiyoti taʼsirida, ayniqsa, bolalar ijodkorlarining mustaqillik arafasi va istiqlol yillarida yozgan badiiy barkamol, uslubiy va shakliy jihatdan qiziqarli, gʻoyaviy dolzarb asarlari bilan toʻlishdi. Jumladan, Anvar Obidjonning turli buyumlar, jonzotlar, oʻsimliklar haqida, Vatan va yurt ozodligiga bagʻishlangan sheʼr va doston-qissalari oʻquvchini har jihatdan zukko, mahnaviy yetuk, yurt tarixi va xalqiga eʼtiqodli boʻlishga undaydi. Uning “Oltin yurakli Avtobola” (1985) ertak-qissasi esa davr nafasini oʻzida yorqin aks ettirgan asarlardan biridir. Ertak-qissa sobiq mustabid tuzum davri bolalar adabiyotining mavjud “qolip”lariga chek qoʻyib, jahon ilmiy-fantastikasi, oʻzbek mumtoz abiyotida kuzatilgan noanʼanaviy fantastik obraz yaratish, tafakkuri yangilanayotgan zamon ruhini bolalar adabiyotida namoyon boʻlishi dalilidir.

Ertak-qissadagi yetakchi obraz – Avtobola. U oddiy emas, oltin yurakli robot bola. Oʻzbek adabiyotida robot obrazini koʻpgina asarlar, jumladan, fantast adib H. Shayxovning “Olmos jilosi” qissasidagi Beganaz timsolida koʻrish mumkinligi ilmiy asoslangan. [3.30] Anvar Obidjonning Avtobolasi esa ancha mukammallashgan, shu bilan birga, oʻzbek bolalar adabiyotidagi asar bosh qahramoni boʻlgan ilk robot boladir. U ayyorlikni mutlaqo bilmaydigan, toʻgʻrisoʻz, soddadillik, mehribonlik va pokizalik timsoli. Bu obraz qissaning toʻrtinchi hikoyasidan boshlab, asosiy qahramonlar – Bekxoʻja, Kamol Kamtariy, Supersur hayotidagi voqealardan yigirma yil oʻtgach, muxbirlar tarqatgan yangilik sifatida tilga olinadi. Muxbirlardan birining shov-shuvli hodisa haqidagi savoliga professor Kamtariy javobidan bu robot fikran barkamol avtoodam emas, balki jamiyat oldidagi burchini hali chuqur his qila olmaydigan kibernetik Avtobola ekani, uning mustaqil fikrlay olish qobiliyati birmuncha chegaralangani, unga muntazam ravishda yoʻl-yoʻriqlar berib turish joizligi anglashiladi.

Oltin eng noyob qimmatbaho, nodir metall, zar, tilla boʻlib, har qanday qimmatbaho yoki aziz narsaga nisbatan ham aytiladi. [2.118] Har bir bolaning yuragi chindan ham dunyodagi eng pokiza, asl tuygʻularga limmo-lim. Faqat nosogʻlom muhitgina ularni qingʻir yoʻlga boshlashi mumkin. Bola tabiatan yoʻl-yoʻriqqa ehtiyojmand boʻlsa-da, “avto” (yunoncha “autos”) soʻzining “oʻzi”, “oʻzim” maʼnosini anglatishida bolaning mustaqillikka intilishi yotadi. Ayni paytda uning soatiga 170 kilometrgacha yugurib, avtomatik boshqarilishi natijasida har qanday topshiriqni bajarishi zohiriy maʼnosidir.

Anvar Obidjon asarda ezgulikka yoʻgʻrilgan bolalik olamini oʻz manfaatlari yoʻlida yovuzlikka boshlagan jamiyat munosabatini ifodalaydi. Bekxoʻjaning otasi bir vaqtlar paxtachi boy boʻlgan. Hokimiyat “qizil”larga oʻtgach, u bor bisotini tuyalarga ortib, toʻngʻich xotini va bolalarini ergashtirib, uzoq yurtga bosh olib ketadi. Kenja xotini qattiq shamollashdan betob yotgani sababli olti oylik oʻgʻli Bekxoʻja bilan shaharda qoladi. Boyning paxta zavodi, dangʻillama uylari, qolgan-qutgan mol-mulki davlat tomonidan musodara qilingach, faqat shahar chetidagi kichik chorbogʻ kenja xotiniga xatlab beriladi. Bekxoʻjaning onasi savodxon ayol boʻlib, hamma uni Otin bibi deb atardi. Otin bibi oʻgʻlini bilimdon, tadbirkor, soʻzamol qilib tarbiyalaydi. Bekxoʻja yoshi yetib, maktabga borgach, dunyoviy ilmlarni egallashga ham zoʻr ishtiyoqi borligini koʻrsatadi.

Bekxoʻja nomida beklik, xoʻjayinlik boʻlsa-da, uning oʻtmishi “qorongʻi”. Bolaligida uni “sarqit”, “paxtachi boy”ning zurriyodi sifatida tahqirlashgan. Maktabda zehni oʻtkir boʻlishiga qaramay, armoni koʻp. “Olamda shunaqa narsalar borki, – deydi Bekxoʻja Kamol Kamtariyga, – ularni laboratoriyalarda yasab boʻlmaydi. Koʻz oʻngimda qanchadan-qancha jahonshumul kashfiyotlar qilindi, lekin biron-bir kashfiyotchi menga ota yasab berolmadi. Bolalik, oʻspirinlik davrim mungʻayish, farzandini erkalab turgan otalarga ichikib termulish bilan oʻtdi. Sen buni tushunasanmi, olim”. [1.251] Ertak-qissada Bekxoʻjaning yoshligida tarixni sevishi, ajdodlarimiz qahramonliklaridan faxrlanishi, tarix darsini oʻqimagan, tushunmagan tengdoshlaridan gʻazablanishi tilga olinadi. Xususan. Muqannani Torobiy bilan adashtirgan Kamolni “kallavaram” derdi.

Ammo Bekxoʻja oʻn toʻrt yoshga yetganida toʻsatdan shol boʻlib qoladi. Shundan keyin Gʻani zargar degan togʻasi uni “tarbiyasi”ga olib, oʻz kasbini ham oʻrgata boshlaydi. Bekxoʻjaning butun taqdiri, tafakkuri va hayotga boʻlgan munsabati shundan keyin keskin oʻzgaradi. U toʻrt-besh yilda zargarlik kasbining sir-asrorini puxta oʻzlashtiradi. Uning shahar chetidagi osoyishta chorbogʻi Koʻrshapalak laqabli mashhur qulfbuzar toʻdasining bosh maslahatxonasiga aylanadi. Bekxoʻja qismati endi shu toʻda bilan bogʻliq kechadi. Paxtachi boy qurdirgan sirli yertoʻlalar oʻgʻirlangan mol saqlanadigan ombor boʻlib qoladi. Gʻani zargar yashirincha tilla sotayotib, qoʻlga tushadi, qamaladi. Bekxoʻja togʻasini qutqarish chorasini izlab, bir paytlar maktabda birga oʻqigan, endilikda texnika fanlari nomzodi ilmiy unvoniga ega Kamol Kamtariyga maktub yozadi…

Kamol Kamtariy maʼrifatga intilgan olim. U fan-texnikaga qiziqadi, kashfiyotlar orqali xalqning ogʻirini yengil qilmoqchi boʻladi. Ammo, jamiyatda kechayotgan jarayonlar, inson taqdiri, oʻtmishi, millat tarixi uni mutlaqo qiziqtirmaydi.

Shu tariqa ertak-qissada zargar, qallob, oʻgʻriboshi Bekxoʻja bilan ilm-fan olamida obroʻ-eʼtibor topgan Kamol Kamtariyning hayot falsafasi toʻqnashadi. Bolaligida bir xil maqsad – aʼlo oʻqish, yetuk inson boʻlishga ishtiyoqmand doʻstlar, turlicha tarbiya taʼsirida qasoskor raqibga aylanadi.

“ – Lekin nima boʻlgandayam, ustunlik baribir men tarafda, menda pul bor, – deydi Bekxoʻja zargar Kamtariyga. – Pul kishining hamma nuqsonini yashiradi: nodonni donodan hurmatliroq qiladi, nimjonni polvon ustidan hukmron etadi, sichqonni qoplonga aylantiradi. Bilimda bunaqa imtiyoz yoʻq, aqalli kamxarjligingniyam begona koʻzdan berkitolmaydi”.

“ – Nahotki, kamxarjlikni nuqson deb oʻylasang?”

“ – Harholda u fazilat ham emas…” [1.197]

Bekxoʻja pulning qudratini isbotlash uchun, barcha pastkashliklarga qoʻl uradi: Kamtariyni xotinidan judo qiladi, bolasi Xoldorni chaqaloqligidayoq oʻgʻirlaydi, ezgu maqsadlar yoʻlida yaratayotgan Avtobolasini ham tortib olib, yovuz rejalari boʻyicha “tarbiyalaydi”. Pulga munosabat masalasida usta zargar hamda halol va kamtarin olim oʻrtasida ayovsiz jang boradi. Kamol: “Pul guldor qogʻoz, xolos. Ilmu fan oʻtdayam kuymaydi” desa, Bekxoʻja: “Ilmu fan yaratgan moʻjizalar pulga sotib olinadi. Pul kuchli” deydi. Boylik ortirishga ruju qoʻygan Bekxoʻja va uning qoʻl ostidagi xizmatkorlari – Koʻrshapalak, Supersurlar jamiyatga zarar yetkazish, odamlarni talash, qalloblik bilan mashgʻul boʻlib, oʻz hayotlarining jar yoqasiga kelganidan bexabar qoladilar.

Yozuvchi ertak-qissani shu tariqa real hayot muammolari bilan toʻyintirib boradi. Anvar Obidjon oʻzbek bolalar adabiyotida birinchilardan boʻlib yosh avlodni iqtisodiy jihatdan toʻgʻri tarbiyalashga eʼtibor qaratib, shaxsiy manfaatdorlik, pul va boylikning inson hayotidagi oʻrnini koʻrsatar ekan, inson pulga sajda qilib, uni hayotining mazmuniga aylantirib yubormaslik, hayotda undan qimmatliroq narsalar – mehr-oqibat, vijdon va insof, gʻurur borligini kitobxonlar ongiga yetkazishni maqsad qilib qoʻyadi.

Qissadagi Avtobola, Pufak momo, Xoldor kabi obrazlar timsolida esa erk va ozodlik, hur fikrlilik, maʼnaviy farovonlik, ezgulik gʻoyalari ulugʻlangan. Pufak momo va uning paxmoq sochli nevarasi eshak minib, koʻchama-koʻcha tomosha koʻrsatib yurishidagi erkinlik har qanday tilla buyumlar-u saroydan afzalligini qafasdagi qush singari qamab qoʻyilgan Avtobola va Xoldor beixtiyor anglab yetadi. Oʻzlarining tutqun ekanligini Koʻrshapalak va Supersur suhbatidan yashirincha bilib olgangan bolalar xoʻjayinlaridan ozodlik va erkinligini talab qilib, oshkora tahdid boshlaydi. Bekxoʻja esa “aldagani bola yaxshi” qabilida ish tutadi. Bolalarni tilla buyumlar koʻrgazmasidan oltin dubulgʻani oʻgʻirlab kelgach, ozodlikka chiqarishga vaʼda beradi. Ammo, Avtobola bu topshiriqni bajarishi bilan “oʻlim”ga – temir-tersakka aylanishga hukm etiladi. Odamlardan qattiq ranjigan Avtobola “oʻlgan”da ham koʻzlari ochiq qolib: “Erkimni himoya qilolmas ekansan, nega meni yaratding?” – degan savolni tinimsiz takrorlayotganga oʻxshardi. [1.249]

Ha, roppa-rosa bir asr ilgari el-yurt ozodligi, erki uchun shunday aldam-qaldam vaʼdalar berilgani, ezgu-maqsad yoʻlida tinimsiz saʼy-harakat qilgan yosh jadidlarning qatagʻonga duchor boʻlgani va bu qatagʻon turli koʻrinishda yana uzoq yillar davom etgani zamondosh oʻquvchiga tarixdan maʼlum. Zero, ertak-qissa yozilgan davr ham buni “aytsa til kuyadi”gan zamonlar edi. Shunga qaramay, Anvar Obidjon oʻzbek bolalar adabiyotida birinchilar qatorida temirtan bola timsolida oʻz tutqunligini anglab yetgan avlod qismatini hikoya qildi. Istiqlol tongini oldindan koʻra olgan ijodkor bekxoʻjalarning jar yoqasida ekanini taʼkidlaydi. Avtobola temir-tersakka aylanishida esa yozuvchining gʻoyaviy maqsadi ayon: erksiz va tutqunliqda yashash endi mumkin emas. Ayni paytda, Avtobolaning nidosi ota-onalarga ham qaratilgandek goʻyo. Har bir bolaning kelajagiga ularni dunyoga keltirgan ota-ona masʼul. Aks holda dunyoga keltirish kerak emas. Bu tushunchaning mohiyati hamon dolzarbdir.

 

Bashorat JAMILOVA,

filologiya fanlari nomzodi (BuxDU)

 


Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Anvar Obidjon. Oʻq oʻtmas bolakay. T., “Sharq”, 2005.
  2. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2007.
  3. Quvvatova D. Sirli olam musavviri. T., “Fan”, 2004.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/oz-erkini-anglagan-robot-bola/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x