Gul bir yon, chaman bir yon…

Toʻra Sulaymon sheʼrlaridan

 

ILTIJO

 

Bahor kelsa, boshlanur bogʻda bulbul xonishi,

Saʼva, qumri nagʻmasi, suralay tovlanishi.

Qirlarda lola sayli, qishloqlarda yilboshi:

Toʻxtagay tabiatdan haqqushlar zorlanishi

Bahor, ketma mening bogʻimdan.

 

Qilmishi qingʻir zotga davr qayda, davron qayda?

Vatangado kimsaga beminnat makon qayda?

Yolgʻiz otga olamda nom qayda, nishon qayda?

Bahor, sensiz sahroyu togʻu toshga jon qayda?

Ketma, Bahor, mening bogʻimdan.

 

Oʻlmaslikka ishora – oʻlanga oshiqligim.

Saodatga ishora – zamonga oshiqligim.

Teranlikka ishora – ummonga oshiqligim,

Goʻzallikka ishora – boʻstonga oshiqligim.

Bahor, ketma mening bogʻimdan.

 

Bu kun qay bir yerda qish, qayda xazon rezgilik,

Qaylarda yoz, qayda kuz, qayda jondan bezgilik.

Koʻklamning har nafasi umrga arzigulik

Bogʻsiz, bogʻbonsiz yerda ne ham qilsin ezgulik…

Ketma, Bahor, mening bogʻimdan.

 

Giyoh bilan qoplanmish koʻhna qabr boshlari,

Maysadagi shudringlar – kimlarning koʻzyoshlari?

Bu yerda yotar otam ham uzangidoshlari

Har bahor eslar uni qavmi-qarindoshlari,

Bahor, ketma mening bogʻimdan.

 

 

Yoz boʻyi qorga zorman, qishda bahorga zorman,

Chamanda gul boʻyiga intiqman, intizorman,

Kuz kelmay xazon boʻlgan sevgi, guldan bezorman,

Bahorsiz ham diyorsiz el ichra benazarman.

Bahor, ketma, mening bogʻimdan.

 

 

UMR OʻTMOQDADIR DARYo MISOLI

 

Esiz, bolalikni qoldirib ortda,

Umr oʻtmoqdadir daryo misoli.

Qoldirib-qoldirmay iz bu hayotda,

Umr oʻtmoqdadir daryo misoli.

 

Oppoq tongni ulab tiyrai shomga,

Birda shak keltirib sirli olamga,

Goho taʼzim qilib badkor, badnomga,

Umr oʻtmoqdadir, umr oʻtmoqda.

 

Qay kezlar ushalmay orzu-armonlar,

Birda gʻolib kelib tulkisimonlar,

Birda boy berilib bebaho onlar,

Umr oʻtmoqdadir, umr oʻtmoqda.

 

Dengizday mavj urib, qirgʻoqdan toshib,

Yurar yoʻlimizdan birda adashib,

Kim bilandir zimdan mansab talashib

Umr oʻtmoqdadir, umr oʻtmoqda.

 

Yaratib ne sirlar, ne moʻjizalar,

Qutlugʻ kun ketidan kun oʻtkazilar.

Behuda oʻtgan dam – koʻngil ezilar…

Umr oʻtmoqdadir, umr oʻtmoqda.

Har tongda toʻrgʻaydan oldin uygʻonib,

Chamanlar yaratish ishqida yonib,

Birda-chi: eʼtiqod, imondin tonib

Umr oʻtmoqdadir, umr oʻtmoqda.

 

Erta bilan bogʻliq – ne damlarimiz,

Bilib-bilmay bosgan qadamlarimiz,

Xayrli ish, alam, qaramlarimiz

Umr oʻtmoqdadir daryo misoli.

 

Keksalik moʻralab eshik qoqmoqda,

Bolalik qaytadan qaytarilmoqda…

Bizdan erta kunga nelar qolmoqda?

Umr oʻtmoqdadir, umr oʻtmoqda.

 

Oʻlmas sozni oʻylab deging kelmaydi,

Oʻchmas izdan soʻylab deging kelmaydi,

Mangulikka boʻylab deging kelmaydi

Umr oʻtmoqdadir daryo misoli…

 

 

OʻXSHAR

 

Kuyga kuy ulanur bazm oqshomi,

Yeru koʻk xazonsiz faslga oʻxshar.

Bazm oqshomi, bu – nazm oqshomi,

Toʻyxona bahoriy saylga oʻxshar.

 

Mehnat, muhabbatsiz kechgan umrning,

Yomgʻirsiz bulutday koʻchgan umrning,

Sham misol bir yonib oʻchgan umrning

Mazmuni eskirgan naqlga oʻxshar.

 

Haqqushga xatarsiz oshyon munosib,

Koʻklam qushlariga chaman munosib.

Yigit-qizga ahdu paymon munosib,

Busiz koʻngil zilu zambilga oʻxshar.

 

Kuyovga vafoli qalliq yarashmish,

Tillari shakar ham bolli yarashmish.

Na baxtki, yuzlari xolli yarashmish

Kelin gulga, kuyov bulbulga oʻxshar.

 

Kelin qaynonaga esh boʻlib yursa,

Boʻyqizlar ichinda pesh boʻlib yursa,

Taʼbi ravshan vaqti xush boʻlib yursa,

Yurgan yeri rayhoi, jambilga oʻxshar.

 

Kelinchak bor uyning koʻrki boʻlakcha,

Kelinning kuyovga erki boʻlakcha.

Boshida ukpari, boʻrki boʻlakcha,

Sochlari sahroyi sumbulga oʻxshar.

 

Manzil, murodi bir, ahdi bir boʻlmish,

Orzu-oʻylari bir, baxti bir boʻlmish,

Taqdir, talpinishi, taxti bir boʻlmish

Ikki yoshning yoʻli bir xilga oʻxshar.

 

Osmonidan oʻlan arimas bu el,

Yuzga kirmay eli qarimas bu el,

Tegrasiga qazo darimas bu el

Oltin darvozali Chambilga oʻxshar.

 

 

TEBRATAR

 

Qadimgi qimizchi chollar qoʻshigʻi

 

Shamol shamolni tebratar.

Shamol bulutni tebratar.

Bulut yomgʻirni tebratar.

Yomgʻir tuproqni tebratar.

Tuproq maysani tebratar.

Maysa biyani tebratar.

Biya qimizni tebratar.

Qimiz yigitni tebratar

Yigit suluvni tebratar.

Suluv beshikni tebratar.

Beshik bolani tebratar.

Bola dunyoni tebratar.

 

 

KELARMISAN?

 

Koʻzlarim yoʻllaringda

zor, giryon, kelarmisan?

Dildorsiz ne ham qilsin

tanda jon, kelarmisan?

 

Bu tashna lab, tashna dil,

bu oshufta koʻngilga

Jon ato qila bilmish

Zarafshon, kelarmisan?

 

Gulshanning qulf urishi

abri nayson bilandir,

Sen bilan bogʻ-rogʻlarim

bexazon, kelarmisan?

 

Sevib, sevilmaganlar

bebaxt bir kimsalardir.

Seningsiz boʻlmas bagʻrim

farovon, kelarmisan?

 

Yor mehri, diyor mehri,

el mehri turgan yerda

Ne hojat menga taxti

Sulaymon, kelarmisan?

 

 

SOZCHI QOʻShIGʻI

 

Olti oy erimas Oqtovning qori,

Koʻkida charx urar qarchigʻay, sori.

Oʻziga mos boʻlsa yigitning yori,

Baxtidan shod boʻlsa onaizori.

Maqtovin keltirar sayroq torim, hey.

 

Yaxshilik bor yerda shay boʻlgan sozsan,

Tunlari toʻlishgan oy boʻlgan sozsan.

Tashna lab dillarga soy boʻlgan sozsan.

Ne ezgu kuylarga boy boʻlgan sozsan,

Sayrasang qolmagay nola, zorim, hey.

 

Jonimga payvasta bogʻ, bodomzorim,

Bulbullar maskani – gulu gulzorim.

Jahonda tengi kam ozod diyorim.

Bu yurtda boʻlmagay nolai zorim.

Vatanga armugʻon dilda borim, hey.

 

Armonim yoʻq doʻstu oʻrtoqlar bilan

Zap yigit-qiz, baxti barhaqlar bilan.

Mehnatkash, yoʻllari porloqlar bilan –

Gʻayrati daryoday qaynoqlar bilan

Yashnagay shu ulugʻ lolazorim, hey.

 

 

MUQADDAS QOʻShIQ

 

Assalom, ona yurt, tonglar oʻlkasi,

Taʼrif-tavsifingning yoʻq nihoyasi.

Senga bagʻishlanur muqaddas qoʻshiq,

Bu – oʻzbek elining oʻz madhiyasi.

 

Koʻhna ota yurtim, qadim Turonim,

Oʻz beshik, oʻz tilim, shavkatim, shonim.

Yetti iqlim ichra tengi topilmas –

Tuproq, toshi oltin Oʻzbekistonim.

 

To bashar bor ekan, bor ekan quyosh,

Birlashgan elga yov otolmagay tosh.

Yovqur yigitlaring, lochin qizlaring

Gʻanimlar oldida egmaganlar bosh.

Dasturxoni ochiq, xirmoni baland,

Samoviy togʻlari nomiga monand.

Olamga mashhur ne zotlar Vatani,

Mehring qon-qardoshlar mehriga payvand.

 

Sen – toshqin Jayhunim, teran Sayhunim,

Sen – mening oʻtmishim, sen – yorugʻ kunim.

Yelkadosh oʻlkalar bilan hamnafas,

Shonli Turkistonim – Oʻzbekistonim.

Guling gulzor boʻlsin, qirlaring oʻrmon,

Daryolaring dengiz, koʻllaring ummon.

Hududing daxlsiz, yaloving yuksak,

Sen – Sharqning mashʼali, sen – dorulomon.

 

 

QAYTA KETMAS BOʻLIB KELDINGMI, BAHOR

 

Yeru samovotda Navroʻz nafasi,

Bogʻu boʻstonlarda andalib sasi,

Bu nafas, bu sasning yoʻq muqoyasi.

Qayta ketmas boʻlib keldingmi, bahor?

 

Dastlab tong chogʻinda koʻrgandim seni,

Soʻng Tangri togʻinda koʻrgandim seni,

Qizlar yonogʻinda koʻrgandim seni.

Qayta ketmas boʻlib keldingmi, bahor?

 

Malak holatinda koʻrgandim seni,

Qushlar qanotinda koʻrgandim seni,

Kuychi bayotinda koʻrgandim seni.

Qayta ketmas boʻlib keldingmi, bahor?

 

Hali aytilmagan taʼrifing qancha,

Sen to oʻru qirni aylanmaguncha

Bogʻlar gulga kirmas, ochilmas gʻuncha.

Qayta ketmas boʻlib keldingmi, bahor?

 

Qoshlari oʻsmalim, koʻzi surmalim,

Etak-etak gulli, bari burmalim,

Seni dunyoda hech kima bermalim!

Qayta ketmas boʻlib keldingmi, bahor?

 

Sen qayta yaralish, yoshlik timsoli,

Hayot baxsh etguvchi Masih misoli.

Sensiz odamzodning ne kechar holi?

Qayta ketmas boʻlib keldingmi, bahor?

 

Toʻrt faslning tanho malikasi sen,

Tugal goʻzallikning nihoyasi sen,

Oshiq-maʼshuqlarning tamannosi sen!

Qayta ketmas boʻlib keldingmi, bahor?

 

Yer birla osmonning tillaqoshi sen,

Aytar qoʻshigʻimning avval-boshi sen,

Oltin beshigimning safardoshi sen!

Qayta ketmas boʻlib keldingmi, bahor?

 

 

ARMON

 

Er yigit oʻzi uchun emas, eli uchun yashaydi.

Maqol

 

Bobomning orzulari amalga oshmas boʻlsa,

Yurgan yoʻlimda oʻlan, qoʻshiq qalashmas boʻlsa,

Qoʻshiqlarim bogʻlardan, togʻlardan oshmas boʻlsa,

El-yurt baxtini kuylash menga yarashmas boʻlsa,

Koʻnglimda armon yotar

Tura bilmas nor misol.

 

Xeshlarimning bemavrid koʻzlarida yosh koʻrsam,

Bir mard bilan nopokning taqdirin tutash koʻrsam,

Qaysi bir begunohni keng yoʻlda adash koʻrsam,

Bir betayin kimsaning oyogʻida bosh koʻrsam…

Koʻnglimda armon yotar

Terskaydagi qor misol.

 

Aro yoʻlda qolguday boʻlsa biror yoʻldoshim,

Manzilga yetmay turib qoqilsa qaygʻudoshim,

Muhtoj boʻlsa kimgadir jon ayamas qurdoshim,

Badkor degan nom olsa biron-bir vatandoshim,

Koʻnglimda armon yotar,

Ulab boʻlmas tor misol.

 

Gulzorni alaf bossa, zogʻ bossa bogʻbon turib,

Muallaq qolsa kimdir yer turib, osmon turib,

Gar gazanda toptasa tuproqni posbon turib,

Bir yoʻrtoq yoʻl boshlasa qudratli karvon turib,

Koʻnglimda armon yotar

Ahvoli abgor misol.

 

Ayrilar boʻlsa magar kimda kim oshyonidan,

Muqaddas tosh-tuprogʻi, seryulduz osmonidan,

Karvon oʻz sarbonidan, bola soyabonidan,

Qumri oʻz gulshanidan, qunduz Zarafshonidan,

Koʻnglimda armon yotar

Bebaxt, benazar misol.

 

 

 

SOZIM

 

Sening tilaklaring boʻlmas mustajob,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

Nolam Biru Borga yetsa ne ajab,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

 

Sen aytganday, ermak, kasb-kor emas bu,

Koʻplar yeta bilmas orzu-havas bu.

Bobomlardan qolgan yolgʻiz meros bu,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

 

To ona tabiat menga yor ekan,

Har dami gʻanimat, betakror ekan,

Diyonat bor ekan, yaltoq xor ekan,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

 

Birning taqdiri – bu tuman taqdiri,

Sarbonga bogʻliqdir karvon taqdiri,

Sozchining qoʻlida kamon takdiri,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

 

Tong – talʼat belgisi. Tun esa Tanglik.

Oy – oqshom erkasi, quyosh – Mangulik

Badnomga boʻlmasa Yerda yurgulik,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

 

Xohi rozi boʻlgil, xohi norizo,

Xohi motam tutib, xohi och aza,

Dovruqlari boʻlib elga ovoza,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

 

Senga qolgan kunim, kunmas – qabohat.

Koshki sendan kutsam imdod, inoyat!

Meni qoʻllay olur, qilur himoyat,

Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim!

 

 

TAVALLO

 

Onam Mukarrama usta Nurmat polvon qizining

sharofati bilan bitilgan mashqim

 

Nelardandir koʻngil boʻlib gʻash,

Ham egilib bu egilmas bosh,

Koʻzlarimda qalqib tursa yosh,

Bu holimga berolmay bardosh

Mushtipar bir Onam yigʻlaydir,

Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir.

 

Qaytar boʻlsam quruq qoʻl ovdan,

Qora qozon qolsa qaynovdan

Ham ayrilib oʻlja, ulovdan,

Qarzga botar boʻlsam birovdan,

Taskin berib Onam yigʻlaydir,

Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir.

 

Birda haqdin, birda nohaqdin,

Jabr koʻrsam bir betavfiqdin.

Ortda tursam qalbi quroqdin,

Qadrim xarob boʻlsa tuproqdin.

Ohlar urib Onam yigʻlaydir,

Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir.

 

Ogʻa-ini oʻrtasida gap…

Alhol, kelib chiqmish ixtilof:

Biri izzat, biri mulk talab.

– Bu oq sutim, mehrimga xilof, –

Deya shoʻrlik Onam yigʻlaydir,

Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir.

Sinalmoqning gali kelganda,

Nohaq magʻlub boʻlsam maydonda,

Nomim qolmas boʻlsa jahonda,

Kim doʻst-dushman bilinar onda

Ahvolimga Onam yigʻlaydir,

Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir.

 

Gʻanim bir yon, men bir yon boʻlsam,

U ustivor, men uryon boʻlsam,

Bu ham kamday nogiron boʻlsam –

Ogʻoch otga yonma-yon boʻlsam,

Oy tutilib, Onam yigʻlaydir,

Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir.

 

Boʻlsam gumroh, boʻlsa gunohim,

Vujudimga solmasdin vahm,

Qabul aylab tavallo-ohim,

Darigʻ tutmay mehring, ilohim,

Yigʻlatmagil mushfiq Onamni,

Volidai muhtaramamni.

QAYGA QOʻYDILAR?

 

Otam Sulaymon mullo Boybek oʻgʻlining

oʻlmas xotirasiga

 

Azaldan bor narsa meros degan gap,

Yigʻib, yigʻinarlar topganin maqtab.

Soʻnggi kun bisotda borini atab,

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning oʻzini qayga qoʻydilar?

 

Qirq qubbali jugan, zarli yolpoʻshlar,

Yoqut, olmos misol “topilmas” toshlar,

Ichi nelargadir toʻla bolishlar

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning oʻzini qayga qoʻydilar?

 

Koʻmmada, qoʻrada neki bor – bari,

Bogʻu chorbogʻlari, loʻkchayu nori,

Bobolardan qolmish qoʻldagi tori

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning oʻzini qayga qoʻydilar?

Aqiq misol mudom begʻubor soflik,

Xeshlarga sadoqat, dushmanga daflik,

Goʻroʻgʻli sultonday bir soʻz, bir gapli

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning oʻzini qayga qoʻydilar?

 

Salkam bir tanob yer, qoʻsh tut, qoʻsh hoʻkiz,

Tilla qashov, oltin toʻqmogʻu muguz,

Simobi poʻstin ham qirgʻizi kigiz

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning oʻzini qayga qoʻydilar?

 

Yemay-ichmadilar ertani oʻylab,

Oʻlmay turib oʻlim toʻshagin boʻylab…

Borliq topganlarin asrab-avaylab

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning oʻzini qayga qoʻydilar?

 

Dunyosiz dunyoni bekor dedilar,

Yoʻqsillar har qachon xor-zor dedilar,

Endigi bor savdo, bozor dedilar,

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning oʻzini qayga qoʻydilar?

 

Tugamas xazina, ketmas bir davlat,

Yetar-yetmas kunda sabru qanoat,

Baland martabayu ulkan saodat

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning oʻzini qayga qoʻydilar?

 

Choʻlpon goʻzalligi, tong tiniqligi,

Oftob azalligi, togʻ buyukligi,

Donish siniqligi, qoʻl yugrukligi

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning oʻzini qayga qoʻydilar?

 

Hali ushalmagan ne orzu-oʻylar,

Hali chalinmagan sehrli kuylar,

Xazonsiz chamanlar, muattar boʻylar

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning oʻzini qayga qoʻydilar?

 

Norday bir bardoshlik, togʻday sabot ham,

Farovon rizqu-roʻz, barqaror baxt ham,

Shu boqiy umr, shu porloq hayot ham

Otadan bolaga qolsin, dedilar,

Otamning oʻzini qayga qoʻydilar?

 

 

BIZLAR TOMONDA

 

“Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal” ,

Choʻlpon desa Choʻlpon – undan-da goʻzal.

 

Raʼno ismli hamshira qizga

 

Senday gul koʻrmadim hech bir chamanda,

Bir chamanmas, na Chin, na Xurosonda.

Taʼrifing eshitib aqldan ozmish

Bir pahlavon yigit bizlar tomonda.

 

Bu qoshlar, bu koʻzlar, bu olma yuzlar,

Bu iffat, bu ibo, bu hayo, nozlar.

Andoza oladir ne sarvinozlar,

Senga ishqi tushgan qolmas omonda!

 

Koʻrinmasmish kunduz koʻzga seni deb,

Paydo boʻldi ekan qay bir kuni deb,

Qanday baxtli ekan Qays-Majnuni deb,

Yulduzlar oh urar ermish osmonda.

 

Seni deb qanchalar sitam tortadir,

Shoirlar madh etib qalam tortadir,

Tun pardasin birda Oy ham tortadir,

Birda Shams qolarmish lolu hayronda.

 

Ne dillarga gʻulu sola keldilar,

Ne sanamlar ortda qola keldilar.

Ayamasdin oʻchin ola keldilar,

Qasosim bor deb bir T. Sulaymonda.

 

Sen oʻsgan bu boʻston, bu oshiyonni,

Jahon koʻchib kelgan kavkabistonni,

Ins-jins doriy bilmas qutlugʻ qoʻrgʻonni

Zabt etolmas hatto sohibqiron-da.

 

Shartlaring ovoza boʻlsa Turonda,

Magʻribda, Mashriqda, Mochin, Eronda,

Jarchilar desalar: “Maydon mardniki,

Malika hamon oʻz ahd-qarorinda!”

 

Maydonda shohlar ham boʻlsa sharmisor,

Gʻolib boʻlmoq boʻlsa dushvordin-dushvor.

Oʻzing yorlaqa, deb, yo Parvardigor,

Qolgan umrim kechsin dorulomonda…

 

Alplar ham noumid boʻlsalar magar,

Ustivorlik qilib biron-bir digar,

Poyandoz toʻshalsa Oʻsh, Urganch qadar

Gʻulomi boʻlgaymiz biz oʻsha onda…

 

 

HIKMAT

 

Sochga bir-bir oq tushmoqdadir,

Bundan koʻngil yorishmoqdadir.

Qor boʻlarmi pastqam togʻlarda,

Boshim koʻkka tutashmoqdadir.

 

Ulkan togʻda qor saltanati,

Tegrasida sor saltanati.

Oydin yoʻlga chiqqan karvonsiz

Boʻlarmidi nor saltanati.

 

Choʻng choʻqqilar yil boʻyi qorli,

Bagʻri mudom nurli, shunqorli,

Ona yerning siynasi qorsiz,

Boʻla bilmas bogʻli, bahorli.

 

Hikmat asli sochning oqligi,

Ezgulikka esh, chanqoqligi.

Shukronakim, qolgan umrning

Tunmas, tongga yovuqroqligi.

 

Qor tamomi qoʻnmishdir boshga,

Qaramasdan koʻngilga, yoshga.

Buyuk togʻlar misoli boshim

Yaqin boʻlar endi quyoshga…

 

 

TOPOLMASMAN

 

Izlay-izlay horib boʻldim, sensiz yolgʻiz, gʻarib boʻldim,

Endi bosgan izlaringni toʻrt tomondin topolmasman.

Toliqib ham tolib boʻldim, qirqqa kirmay qarib boʻldim,

Laylu nahor seni izlab yer-osmondin topolmasman.

 

Ajab taqdir, ajab qismat bu boshda borga oʻxshaydir.

Oydin boʻla kelgan yoʻlim uzilgan torga oʻxshaydir,

Sensiz qoshim qabogʻimda qurilgan dorga oʻxshaydir,

Seningdek bir gulandomni Gulistondin topolmasman.

 

Bahor oʻtib yoz ham keldi, hamon sendin xabar yoʻqdir.

Besohib bogʻ-rogʻlarimda qumri, saʼva, samar yoʻqdir.

Gar xayolot daryosiga gʻarq boʻlsam bir kanor yoʻqdir,

Na-da sahro, na-da sayhon, Koʻhistondin topolmasman.

 

Hali bargrez kuz oldinda, ne shoʻrish, ne ish oldinda,

Hech kim imdod bera bilmas qahri qattiq qish oldinda.

Qarta-qarta qon oʻrnida koʻzdin oqar yosh oldinda,

Hargiz seni izlab Xoʻton, Chin-Mochindin topolmasman.

 

Xazon fasli yetib kelmay judolik bu boshga tushmish.

Yigʻlamoqdin oʻzga choram yoʻqdir ogʻu oshga tushmish,

Musibat bir boshga ermas yer-koʻk, togʻu toshga tushmish,

Endi sendek dilkushoni Shom, Bolqondin topolmasman.

 

QOLMISH

 

Amirqul Poʻlkanni eslab

 

Jigarim, bunchalar shoshmasang edi,

Oʻzansiz daryoday toshmasang edi,

Oraga oʻlimni qoʻshmasang edi.

Kimda qolmish koʻklam,

Yozlaring seni?

 

Bahorday barq urib ochilgan choqda,

Qoldirib ketding sen bizlarni dogʻda.

Endi uchrashgaymiz qaysi bir bogʻda?..

Qayda qolmish qutlugʻ

Izlaring seni?

 

Sen bilan qora yer toʻyarmi edi?

Toʻyib, bu odatin qoʻyarmi edi?

Sening ham koʻroning tayyormi edi?

Kelmay turib toʻyin

Koʻzlaring seni?

 

Aytgil, bu chiningmi, hazilingmidir?

Judolik atalmish gʻazalingmidir?

Bu gʻazal makoning, manzilingmidir?

Kimga ayon, aytgil,

Rozlaring seni?

 

Hali kuz kelmasdan qishing tushdimi?

Xatarli qafasga qushing tushdimi?

Tuynuksiz kulbaga ishing tushdimi?

Moʻlmasmidi aytar

Soʻzlaring seni?

 

Munis sheʼriyating – iffatli qizday,

Hali qoʻl tegmagan yangi qoʻbizday,

Qori, qirovi yoʻq bahorday, yozday,

Qayga uchmish suqsur,

Gʻozlaring seni?

 

Orzularing faqat soʻzingda qolmish,

Izlaring dalayu tuzingda qolmish,

Qolgan borliq umring nazmingda qolmish,

Qoʻldan qoʻlga oʻtgay

Sozlaring seni.

 

KOʻRDIM

 

Koʻrdim, koʻrdim dunyoni

Hamisha bir kam koʻrdim.

Yaxshini armon birla

Yomonni bekam koʻrdim.

 

Bagʻri butunlarni but,

Yolgʻizni gʻarib koʻrdim.

Birda nodon, nojinsni

Maydonda gʻolib koʻrdim.

 

Haqlarni mudom birday

Yalqovni yorti koʻrdim.

Koʻngli ochiq zotlarni

Hotamdan ortiq koʻrdim.

 

Birlarni aro yoʻlda,

Birni armonli koʻrdim.

Birda munofiqlarni

Davru davronli koʻrdim.

 

Birlarni dunyoparast,

Birni imonli koʻrdim.

Nopokni shod, dononi

Yuragi qonli koʻrdim.

 

Birlarni beeʼtiqod,

Birlarni riyo koʻrdim.

Birlarni oʻz eliga

Tamom mahliyo koʻrdim.

 

Birda koʻrib oʻkindim

Oyoqni bosh oʻrnida.

Laʼl oʻrnida sopolni,

Gavharni tosh oʻrnida.

 

Voajab, birda koʻrdim

Qulni xoqon oʻrnida,

Birda koʻrdim lolani

Bir qatra qon oʻrnida.

 

Birda koʻrib lol qoldim

Daryoni soy oʻrnida.

Quyosh oʻrnida yulduz,

Yulduzni oy oʻrnida.

 

 

GUL BIR YON, ChAMAN BIR YON

 

Singlim Kommunaga

 

Chaman ichinda bir gul, gul bir yon, chaman bir yon.

Sarvi, sanobarmidir? – Soch bir yon, suman bir yon.

Sahar, subhi sodiqda mushk bir yon, mujgon bir yon.

Tun pardasin tortsa gar

oy bir yon, osmon bir yon.

 

Oʻsgan bogʻiga alqov, oʻstirgan bogʻboniga,

Xavfu xatardan saqlay kelgan soyaboniga,

Andalib qoʻnar, zogʻlar qoʻnolmas boʻstoniga.

Maqtoviga men bir yon,

borliq suxandon bir yon.

 

Hakim zoti bor yerda dard bir yon, darmon bir yon.

Yoring jafokash boʻlsa uy bir yon, zindon bir yon.

Ikki jon bir boʻlmasa – sham bir yon, shamdon bir yon.

Ayri boʻlsa yoʻllari

tugʻ bir yon, tugʻyon bir yon.

 

Qoʻriqchisi boʻlardim bogʻimda unar boʻlsa,

Kuzim kelmay bahorim qayta boshlanar boʻlsa,

Solnomachisi boʻlay magar u Qamar boʻlsa,

Qasam ichib aytaman:

namak bir yon, non bir yon.

 

Qumri, saʼva oshiyon aylar bir gulafshon bu.

Bir kokili Sir boʻlsa, ul biri Zarafshon bu.

Ilohiy sanamlardan bir zuryod, bir nishon bu.

Kerak boʻlsa magar jon,

jon bir yon, jahon bir yon.

 

Bu olamda Oy tanho, muborak Quyosh tanho,

Boʻyqizlarning ichinda bir shu egma qosh tanho.

Uningdek hech kim menga boʻlmasa sirdosh tanho,

Goʻroʻgʻli sulton bir yon,

Toʻra Sulaymon bir yon.

https://saviya.uz/ijod/nazm/gul-bir-yon-chaman-bir-yon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x