Ignabarg sheʼr va tinish belgilari

Sheʼrda ifoda etilgan tinish belgilari sheʼrning gʻoyasi va mazmunini ochishda, taʼsirchanligi, emotsionalligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Grammatik va mazmuniy vazifa qoʻshilib, uchinchi vazifa – tovushdagi badiiy-estetik ohangni taʼminlaydi. Tovushning musiqiyligi, mazmunning hajmi, tuygʻuning dinamikasi aynan punktuatsiya orqali yaqqol namoyon boʻladi. Buni Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning koʻp nuqtaga koʻproq murojaat qilishida ham koʻrish mumkin. Odatda, koʻp nuqta ifodadagi fikrning tugamaganligini, davom etishi mumkinligini, soʻzga sigʻmagan fikrni anglatishini koʻrsatishi lozim. Bundan tashqari, lirik qahramonning kechinmalarini soʻzsiz ifodalash, unga oʻquvchi dunyoqarashidan kelib chiqib ham baho berish yoki sheʼr mazmuni haqida oʻquvchini oʻylashga majbur qiluvchi vositasi sifatida ham olish mumkin. Chunki, soʻzsiz ifoda vositasi deganda, muayyan shartlilikni unutmaslik kerak.

Ammo, sheʼriy matnda kuchli tuygʻu, fikrning serqirraligini, koʻtarinkilikni, joʻshqinlikni, kechinmalarni soʻz orqali ifoda qila olmaslik kabi holatlarni ham bildiradi. Bu bilan shoir koʻp nuqtaga oʻzining badiiy niyatini yuklaydi. Anvar Obidjonda tez-tez qator oʻrtasiga nuqta qoʻyilganiga duch kelamiz. Shu tariqa misraning ritmik va intonatsion butunligi boʻlinadi. Ammo, aynan shuning natijasida, ixchamlik va ifodaviylik yanada yaxshiroq his etiladi. Sheʼr goʻyoki ikkiga ajraydi. Har ikkala tomon ham ritmik qatordan oʻzining alohida intonatsiyasi va mazmuniy xosligi bilan koʻzga tashlanadi.

 

Yerni soʻkdi… osmonga chiqqach.

 

Sheʼr goʻyo ikkiga ajralgan. Aynan koʻp nuqta personajning hayotini ham ikkiga ajratib koʻrsatmoqda. Xarakterning ikki qirrasi yuzaga chiqqaniga urgʻu berish uchun ishlatilgan. Bu esa, asosiy gʻoyani oʻquvchiga tez va ixcham shaklda yetib borishini taʼminlagan. Toʻgʻri, bu yerda yer, osmon soʻzlari oʻzaro qarshi tasvir va holatni ifodalab kelgan. Sheʼr mazmunidagi qarama-qarshilik va personaj nutqidagi kechinmaning yanada dramatik tus olishini taʼminlagan. Ammo, bu xususiyatlar koʻp nuqtasiz bu qadar taʼsirli chiqmagan boʻlardi. Chunki, koʻp nuqta zamiriga shoir har bir oʻquvchi dunyoqarashi va tushunchasi doirasidagi voqealarni joylaganki, bu uning mahoratini koʻrsatadi. Koʻp nuqtada kechinma tabiati va ohangdagi oʻziga xoslik taʼsirli chiqadi. Shu oʻrinda, koʻp nuqtaning boshqa bir vazifasi, yaʼni, birinchi parchadan keyin toʻxtam va ikkinchi, yakuniy xulosani aytishga tayyorlash vazifasini ham aytib oʻtish lozim.

Shuningdek, boshqa bir oʻrinda koʻp nuqta obʼyektiv voqelikni aniq harakatda tasvirlash va hayotiy xulosalarni aforistik tarzda ixcham va taʼsirli yetkazish uchun ishlatilgan:

 

Koʻr hassada axtarar… nurni.

 

Darhaqiqat, koʻzi ojiz odam hassasi orqali oʻziga yoʻl qidiradi, uning koʻrligini bilmagan kishi esa hassaning harakatidan oʻziga xos xulosa chiqarishi mumkin. Bu, avvalo, hassaning harakatida koʻrinadi. Chunki hassa, aynan koʻzi ochiqlar uchun nur bajargan vazifani bajarmoqda. Buni tushunish uchun esa fikrlar oqimi va tuygʻular dinamikasida bir oz toʻxtash, avvalgi voqelikni tahlil qilish imkoni boʻlishi kerak. Koʻp nuqta bu yerda dastlab sheʼrni ikkiga ajratyapti. Pauza va maʼnolar harakatning oʻziga xos oqimini ham taʼminlayapti. Uning ostiga bir necha hayotga teng mazmun singdirilgan.

Koʻp nuqtani satr oʻrtasida qoʻllaganda, shoir, avalo, poetik pauza va uning badiiy-estetik funksiyasiga tayanadi. Chunki, soʻzsiz ifoda, mantiqiy pauza orqali katta poetik gʻoya, poetik usul yuzaga chiqishi mumkin.

Masalan, “Koʻmaklashding… rahmat… ket endi” sheʼrida koʻp nuqta aynan mantiqiy pauza boʻlib, tomonlarning oʻzaro munosabati va niyatining amalga oshishida muhim oʻrin tutgan. “Koʻmaklashding” soʻzidan keyin kelgan koʻp nuqta lirik qahramonning oʻzi murojaat qilayotgan odamga nisbatan oʻta kuchli, keskin tuygʻulari borligini, ular bir-biriga yordam beradi-yu, ammo birga boʻlolmasligini anglatyapti. Keyingi oʻrinda esa soʻzlovchining irodasi kuchli ekanligini koʻrsatishda eng nozik nuqtani koʻrsatish, yaʼni, oldidagi odam ketishini xohlamasa-da, ketishi kerakligini ifodalashga xizmat qilyapti. Bunda, ikkala tomonning kechinmasi emas, ketishi muhim ekanligiga urgʻu berilgan. Demak, bu yerda psixologik holatni tasvirlash uchun ham koʻp nuqta ishlatilgan.

Anvar Obidjon oʻz sheʼrlarida koʻp nuqtani uning anʼanaviy vazifasi – fikrlar davomiyligini ifodalash uchun ham ishlatgan.

 

Yirtiq paypoq nafaqa kutar…

 

Bu yerda koʻp nuqta kinoya usuli orqali aytilgan fikrning davomini ochib bermoqda. Matn tarkibida esa majoz ham mavjud. Undagi paypoq, konkret shaxs obrazi boʻlishi haqiqatga yaqinroq. Uning yirtiq epiteti bilan sifatlanganida ham uning uzoq yillar ishlab, oʻzining bor imkoniyatlarini ishga solgani va oxiri chorasiz qolgani va aynan shu davrda nafaqa, yaʼni, yordam kutishi shart va tabiiyligi koʻrsatilgan. Lekin bu oddiy holni anglash uchun uni majoziy obraz va kinoyaviy usulda berilishida turli maʼno bor.

Tinish belgilarining ishlatilishidagi olima R. Joʻrayevaning: “koʻp nuqta soʻz sanʼatining muhim xususiyati soʻzning yangi, ochilmagan maʼnaviy qirralarini topish va uni muhrlash hamda bu ijodiy topilma oʻquvchini qamrab olishida koʻrinadi”, degan fikrida ham koʻzga tashlanadi. Olima oʻz monografiyasida, ijodkorlarning tinish belgilarini bir yoki qoʻshaloq qoʻllashi natijasida oʻziga xos maʼno ottenkalarini va turli darajadagi hissiy munosabatlarni yuzaga chiqarishini taʼkidlaydi. Garchi, olima oʻz fikrlarini rus sheʼriyati misolida isbotlasa-da, ammo, bu hodisa barcha xalqlar, jumladan, oʻzbek sheʼriyatiga ham xosdir. Buni Anvar Obidjonning ignabarga sheʼrlarida tire, koʻp nuqta, soʻroq, undov belgilaridan hamda ularning oxirgi ikkitasini qoʻshaloq qoʻllash natijasida, sheʼrning mazmunidagi serqirralikka, yangi hissiy taʼsirga olib chiqilganida ham koʻrishimiz mumkin.

Toʻgʻri, shoir ignabarg sheʼrlarida oʻxshatish, istiora, jonlantirish kabi sanʼatlar, koʻchimlarning metafora, metonimiya, epitet, kinoya, majoz, perifraza, litota, sinekdoxa, qiyoslash kabi turlaridan inson badiiy tafakkurining birinchi darajali shakli, obraz yaratish vositasi, assotsiatsiya hosil qilish, badiiy-estetik funksiyani bajaruvchi sifatida foydalanadi. Ayniqsa, obraz = metafora + simvol + mif formulasining bir oz qayta ishlangan; obraz = til + metafora + metonimiya + punktuatsiya; obraz = til + metonimiya + punktuatsiya variantlaridan unumli foydalangan. Sheʼr, qayd etilgan formulasiga asosan, tinish belgilariga alohida va oʻziga xos poetik vazifa ham yuklaydi. Tinish belgilarining xarakterli ekanligini ham isbotlaydi. Masalan:

 

Hayf senlarga sevgim va oʻzim!

 

Bu oʻrinda, tire sheʼr dialogining bir qismi va unda ikkinchi tomon borligini bildiryapti. Ikkinchidan, soʻzlovchining gapi muhim ekanligini koʻrsatish uchun keltirilgan. “ – Ona… ona… Juda tanish nom…”; “ – Elga bering… toʻyimdan ortsa” kabi sheʼrlarda ham tire shu maʼnolarda ishlatilgan.

Anvar Obidjon sheʼrlarida tire, ikki nuqta kabi ishoratlarning koʻplab qoʻllanishi, shoirning”… badiiy nutq tiplari va shakllaridan unumli foydalangan…”ligini koʻrsatadi. Chunki, adabiyotshunos olim Yoʻldosh Solijonov qayd etganidek, “…asar leksik, semantik, stilistik, fonetik va sintaktik jihatdan nihoyatda rang-barang koʻrinishlarga ega” boʻlsagina, badiiy puxta va mukammallik kasb etadi. Buni quyidagi sheʼr misolida koʻrish mumkin. Unda shoir tirega badiyatni ifodalash vazifasini yuklagan:

 

Och – yigʻlar, toʻq – tinglar qilpillab.

 

Och va yigʻlar, toʻq va tinglar soʻzlari oʻzaro zidlik, kutilmagan voqea-hodisani ifodalash, obrazlarni konkret sharoitga olib chiqish, badiiy-estetik munosabatga kirishish va ega vazifasidagi soʻz hamda u anlatgan obrazga eʼtibor berish uchun tire ishlatilgan. “Qilpillab” soʻzi esa obrazlarning majoziy xususiyatlarini ochib bergan. Demak, tire mazmunni ochishda asosiy vazifani bajargan.

Anvar Obidjon ignabarg sheʼrlarida oʻttiz bir oʻrinda undov, olti joyda soʻroq belgisidan foydalangan. Bundan tashqari undovni ikki marta takror qoʻllagan, soʻroq va undovni besh marta aralash ishlatgan. Bu esa sheʼrlardagi hissiy ekspressivlikni va lirik qahramon hayratini ifodalash hamda oʻquvchiga ham taʼsir oʻtkazishni taʼminlashda asosiy vosita hisoblanadi. Masalan, “Koʻm-koʻk dala! Sap-sariq odam!” sheʼrida gʻoya metonimik asosda yuzaga chiqqan. Lekin uning ostidagi fojianing hissiy taʼsiri undov belgisi va uning ohangi yordamida paydo boʻladi. “Shoir, jarning yoqasida yur!” sheʼrida esa undov badiiy murojaatni kuchaytirib beruvchi vosita sifatida ishlatilgan. Bu orqali, mazmundagi asosiy gʻoyaga, uni qabul qiluvchiga taʼsir koʻrsatish maqsad qilingan. Shoir ushbu sheʼrda matndan tashqaridagi elementlar borligini ham koʻrsatyapti.

Yuqoridagi kuzatuvlardan kelib chiqqan holda, shoirning ignabarg sheʼrlaridagi tinish belgilarini mazmun va asosiy gʻoyani ochishdagi oʻrniga qarab, quyidagicha turlarga ajratish mumkin:

Sheʼrdagi koʻp nuqtalar mantiqiy pauza, psixologik holat, lirik kechinma ifodasi boʻlib, yangi poetik gʻoya yuklash, badiiy niyatni va taʼsirchanlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega;

Metaforik asosda ishlatilib, ramziylik kasb etadi, oʻzi ham xarakterlanadi va obrazlarni xarakterlash, his-tuygʻuni ifodalash xususiyatiga ega;

Personaj nutqini ajratish, badiiy murojaatni koʻrsatish, matndan tashqaridagi elementlarni ham koʻrsatish maqsadida ishlatiladi;

Tinish belgilarini ishlatish shoirning individual uslubi ironik kayfiyatining yuzaga chiqishiga ham yordam beradi.

Anvar Obidjon ignabarg sheʼrlarida tinish belgilarining badiiy matndagi oʻrnini toʻgʻri belgilagan, ularni oʻz ijodiy laboratoriyasidan oʻtkazib qoʻllagan. “Sanʼat – hayotning tili, uning yordami bilan reallik oʻzi haqida gapiradi” tamoyiliga amal qilgan. Natijada, shoirning ignabarg sheʼrlari imkon darajada ixcham va mazmunan teran holga kelgan.

 

Qahhorjon YOʻLCHIYEV,

FarDU tadqiqotchisi

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ignabarg-sher-va-tinish-belgilari/

2.5 2 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x