“Yoz tonglari, buncha goʻzal, oq manglay!”

Esengʻali RAVSHANOV

 

Shoir, tarjimon, noshir, essenavis. 1957 yil Qoraqalpogʻistonda tavallud topgan. Qozogʻiston Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Hamza Hakimzoda Niyoziy sheʼrlarini qozoq tiliga tarjima qilib, kitob holida nashr qildirgan. Koʻplab sheʼrlari rus, litva, bolgar, chex, ukrain, oʻzbek va ingliz tillariga tarjima qilingan. 2010 yilda “Qushlar bizning doʻstimiz” nomli esselardan iborat kitobi oʻzbek tilida nashr qilingan.


 

SIYOSIY BOʻLMAGAN SHEʼR

 

– Chet ellarda kiming bor?

– Soʻramanglar!

– Yoʻq, sen ayt!

– Unday boʻlsa, aytay takror:

Qoʻldan kelsa, olib kelgin, oʻzga yurtda

Otam, onam, ikki buvim, bir akam bor.

 

Qay bir yili, soatni sanab tongda,

Oʻzim ham oʻtib ketgim kelgan edi.

Onam paqir “qoʻy-qoʻy”lab, chirqiradi,

Bir ogʻiz soʻz bilan olib qolgan edi.

 

Qozogʻiston zaminidan ketgan bari.

– Xat yozadimi?

Kelmadi hech xatlari.

Osmoniston degan huv mamlakatdan

Tunni yopinib oʻzlari kep turadi.

 

Sapchib turaman men shunda, tikilaman,

Nega buni aytdi dema, bu bir alam.

Qozogʻiston yeridan ketganimda

Oʻsha yurtga ketajakman hali men ham…

 

* * *

 

Besh yuz yil muqaddam

Xuddi shu togʻda

Shohona xabari boʻlib zamonning,

Xuddi shu muddatda,

Xuddi shu chogʻda

Chodiri turgandi Bobur sultonning.

 

Buni qushlar aytdi menga azongi,

Gullar aytdi menga shivirlab.

Tun boʻyi yaralgan yangi gʻazalni,

Yerga bir tekkizib olgan irimlab.

 

Tilak tilab otlangan u shu yerda,

Shu togʻlarga qoʻlin yoygan qahramon.

Yoʻqsa, nega Bobur yozgan soʻzlarda

Olmaotaning oq yomgʻirin koʻraman?!

 

U shoshildi zabt etay deb zamonni,

Bir shahd ila otlanganin anglarsiz?

Yana bir kun qoʻnsa edi, dunyoni

Bayt bilanoq egallardi janglarsiz.

 

Yarim olam – Boburshohning merosi,

Gang tomonga ot yoʻrttirar shoh Bobur.

…Hindilarning koʻrar boʻlsam kinosin,

Men shularni yod olaman negadir…

 

Ana, togʻlar!

Tap tortmaydi hech kimdan,

Yoz tonglari, buncha goʻzal, oq manglay!

…Koʻnglim yayrab uygʻonaman uyqumdan,

Shoh Boburning chodirida yotganday…

 

Muzaffar AHMAD tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

https://saviya.uz/ijod/nazm/yoz-tonglari-buncha-gozal-oq-manglay/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x