OʻSIMLIK MODDALARI KIMYOSI INSTITUTI

OʻSIMLIK MODDALARI KIMYOSI INSTITUTI, Oʻzbekiston Respublikasi FAning Sobir Yunusov nomidagi Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti — ilmiy tekshirish muassasasi. 1956-yilda Oʻzbekiston FA tarkibidagi Kimyo instituti alkaloidlar kimyosi lab. (1943) negizida tashkil etilgan. Intning asosiy fundamental ilmiy va amaliy yoʻnalishi oʻsimliklar tarkibidagi biologik faol moddalar hamda sintez yoʻli bilan olingan birikmalarni kimyoviy, farmakotoksikologik va texnologik tadqiq qilish, molekulyar genetik izlanishlar olib borish, oʻstiruvchi moddalar, gerbitsidlar, fungitsitlar, defoliantlar va boshqalar oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini kashf etishdan iborat. Intga asoschisi S. Yu. Yunusov nomi berilgan. In-tda alkaloidlar, glikozidlar, lipidlar kimyosi, yuqori molekulali oʻsimlik moddalari, kumarinlar kimyosi, molekulyar genetika, sintetik preparatlar texnologiyasi, farmakologiya va toksikologiya, sitotoksikologiya. dorivor oʻsimliklar, organik sintez va boshqalar lab. lar, tajriba ishlab chiqarish korxonasi. kompyuter markazi, ilmiytashkiliy boʻlim, sertifikatsiya va standartizatsiya boʻlimi, bosmaxona bor. In-tda Oʻzbekiston, Markaziy Osiyo va boshqalar hududlardagi oʻsimliklardan 2200 dan ortiq tabiiy birikmalar — alkaloidlar, glikozidlar, fitoekdisteroidlar, kumarinlar, flavanoidlar, murakkab efirlar, polisaxaridlar, laktonlar, proantotsianidlar, lipidlar, fosfolipidlar, gʻoʻzapoya, sholi qipigʻi ligninlari va oʻsimlik oqsillarining kimyoviy tuzilishi, transformatsiyalari va biologik faolligi, rekombinat oqsillar va monoklonal antitelolar asosida diagnostikumlar va vaksinalar olish hamda fitogormonlar taʼsirining mexanizmi oʻrganildi. Kimyoviy, farmakologik tadqiqotlar natijasida 60 dan ortiq dorivor moddalar, 30 dan ortiq preparatlar olish texnologiyasi ishlab chiqildi va tibbiyotda koʻllashga tavsiya etildi. 30 mingdan ortiq organik birikmalar sintez qilinib, ulardan butilkaptaks, sitodef defoliantlari, nikomizolon fungitsidlari, nitrolin oʻstiruvchi moddalar va boshqalarni amaliyotda qoʻllash mumkinligi aniqlandi. Chigit kunjarasidan ozuqa oqsilini ajratib olish, shirinmiya ildizidan koʻpiklatkich olish usullari, steviya oʻsimligidan qanddan 50—150-marta shirin boʻlgan shirinlatgich ajratib olish texnologiyasi ishlab chiqildi. «Limonchiki», «Goʻzal», «Alga», «Akanta» nomli kosmetik vositalar uchun qoʻshimchalar tayyorlandi, «Jisten» va «Jistenin» bioqoʻshimchalar ishlab chiqarishga joriy etildi. in-t faoliyati S. Yu. Yunusov, X. N. Oripov, N. K. Abubakirov va boshqalar nomi bilan bogʻliq. In-tda 300 dan ortiq xodim, jumladan, 1 Oʻzbekiston FA akad. (A. M. Glushenkova), 2 Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, 21 fan dri, 60 fan nomzodi faoliyat koʻrsatadi (2005). in-t xodimlarining 2 ilmiy ishi Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan.

Tohir Doʻstmuhamedov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x