Oʻrta va katta maktab yoshidagi bolalarga tavsiya etiladigan ertaklar

Maktabgacha taʼlim va kichik maktab yoshidagi bolalarga tavsiya etiladigan ertaklar yuqorida koʻrib oʻtganimizdek hajm jihatidan kichkina, mazmuni sodda boʻlishidan tashqari, rasm va boʻyoqlar bilan boy boʻlishini ham taʼkidlab oʻtgan edik. Bu ikki guruhga kiruvchi ertaklar vositasida tabiat, ona-Vatan, hayvonot olamiga gʻamxoʻrlik qilish, toʻgʻri soʻzli, odobli boʻlish, kattalarni hurmat qilish, kichiklarni eʼzozlash singari masalalar kichkintoylarning ong-tushunchalariga yetkazilishini eslatib oʻtish lozim.

Endilikda bu davr bolalariga oʻqish uchun tavsiya etiladigan ertaklarning asosiy qismi dovyuraklik, vatanparvarlikdan tashqari, yaxshi kasb-kor egasi boʻlish, xalq va Vatan uchun jon fido qilishga chorlovchi ertaklardan iborat boʻladi. “Pahlavon Rustam”, “Birlashgan oʻzar”, “Uch ogʻa-ini botirlar”, “Egri bilan Toʻgʻri”, “Ona yer farzandi”, “Sardorning oyni ushlab olmoqchi boʻlgani” (turk xalq ertagi), “Donishmand qiz” (xitoy xalq ertagi), “Qadrdon uyning mixi” (shved xalq ertagi), “Chollar, hoʻkizlar, Boʻrka va pop” (gruzin xalq ertagi) singari ertaklarni oʻqish uchun tavsiya etish mumkin.

Ota-bobolarimizdan qolgan iboratomuz bir gap bor: yaxshi hayot kechirish insonning oʻziga bogʻliq. U nechogʻlik toʻgʻri soʻzli, aqlli, tadbirkor, pok koʻngilli boʻlsa, doʻstga, vatanga xiyonat qilmasa, yolgʻon gapirmasa, topshirilgan ishni oʻz vaqtida bajarib, vaʼdasiga vafo qilsa, uni el dildan sevadi, hurmat qiladi, ertaklardan ana shu fikrlarni uqish mumkin.

Bizga ozgina boʻlsa ham ezgulik qilgan odamga ezgulik qaytarish burchimiz ekan, dunyoga kelishimizga sababchi boʻlgan, oʻstirgan, tarbiya qilgan ota-onalarimizga doimo muhabbat, hurmat, itoat va xizmat qilish boʻynimizdagi sharafli burchdir. Bu sharafli burchni ado qilib, ota-ona olqishini olgan farzand, shubhasiz, dunyoda baxtli, saodatli boʻlib yashaydi. Buning yorqin namunasini “Uch ogʻa-ini botirlar” ertagida koʻrishimiz mumkin. Ertakdagi ota uzoqni koʻzlab ish koʻradiganlardan. Oʻgʻillariga yaxshi tarbiya beradi. Natijada oʻgʻillari ota izmidan borib, komil insonlar boʻlib kamol topadilar. Ota duosi, oʻgit-nasihatlarini dillariga jo qilib olganliklari uchun hayotda kam boʻlmaydilar.

Uch zabardast oʻgʻil. Uchovlarining qoʻllari koʻksida, otaga taʼzimda. Aql, kuch – jasoratda tengi yoʻq bu yigitlar odobda butun olamni qoyil qoldiradilar. Negaki, taʼlim va tarbiya shunday boʻlgan. Ota birinchidan, kambagʻal, ikkinchidan, botir – pahlavon oʻgʻillarini koʻzining tirikligida hayotda oʻz yoʻllarini topib olishlarini orzu qiladi.

Darvoqe, odam qanchalik tarbiyali va halol-pokligi oʻzga odamlar bilan doʻstlashganda, koʻpincha safarga chiqqanda, mard – pahlavonligi esa kurashda, jangda bilinadi. Ota xuddi shunday reja, oʻy bilan farzandlarini uzoq safarga joʻnatadi. Bunday olib qaraganda otaning boshqa otalardan uncha farqi yoʻqdek tuyuladi. Ammo ertakni sinchiklab oʻqib, ota nasihatiga nazar tashlaydigan boʻlsangiz u dunyodagi eng bilimdon, uzoqni koʻra oladigan, aql-zakovatda tengsiz bir inson ekanligini sezasiz. Otaning farzandlariga aytadigan soʻzi – nasihati bir jumlagina. Lekin uning maʼnosi, taʼsiri, kuchi olamcha bor.

Ota nasihatini bir necha boʻlimlarga ajratib oʻrganish mumkin. Nasihatning birinchisida har bir ota-ona oʻz farzandiga olamga kelishi bilan unga yaxshi, oʻziga munosib ism qoʻyib, toʻytomoshasini oʻtkazib, oʻqitishi, xat-savodli qilishi haqida gap boradi:

– Oʻgʻillarim, men boy emasman, mendan qolgan davlat sizlarning maishatingiz uchun kifoya qilmaydi, oʻzimdan keyin baxtsiz boʻlib qolmanglar, deb sizlarni oʻqitdim. Yaxshi ot qoʻydim. Toʻy qildim. Voyaga yetkazdim.

Hamma zamonlarda ham bola tarbiyasi muhim masalalardan biri hisoblangan. Nasihatning ikkinchi boʻlimida bola tarbiyasi haqida soʻz boradi. Bolani chinakamiga sogʻlom, tetik, kuchquvvatli qilib voyaga yetkazish, ona-Vatan himoyasiga doimo tayyor kishilar qilib tarbiyalash, foydali mehnat koʻnikmalariga eʼtibor berish taʼkidlanadi:

Sizlarni uch narsa bilan tarbiya qildim. Birinchidan, sogʻlom vujudli qilib tarbiyaladim – quvvatli boʻldingiz. Ikkinchidan, yarogʻ bilan tanishtirdim – yarogʻ ishlatishga usta boʻldingiz. Uchinchidan, qoʻrqitmay oʻstirdim – qoʻrqoq boʻlmay, botir boʻldingiz.

Nasihatning uchinchi boʻlimi juda muhim. Unda toʻgʻri, halol, pok insonlar boʻlish suv bilan havodek zarurligi, ayni paytda, maqtanchoqlik va dangasalik yomon illatlarga olib kelishi keskin qoralanadi:

– Yana uch narsani aytaman, quloqlaringizga quyib olinglar, eslaringizdan chiqarmanglar. Toʻgʻri boʻling – bexavotir boʻlasiz. Maqtanchoq boʻlmang – xijolat tortmaysiz. Dangasa boʻlmang – baxtsiz boʻlmaysiz.

“Uch ogʻa-ini botirlar” ertagining qahramonlari mehribon, oʻz vaqtida qattiqqoʻl, shu bilan birga talabchan ota tarbiyasini olganliklari uchun safarda katta muvaffaqiyatlarga erishadilar. Yoʻlda oʻzlariga duch kelgan barcha toʻsiqlarni yengib, botir va dovyurakliklari bilan el-yurtni lol qoldirib, baxtiyor boʻladilar.

Har bir bola dunyoda olim va fozil boʻlishga, oʻzini soflik va toʻgʻrilik ziynati bilan bezashga intilishi, Vatan va xalqiga munosib xizmat qilishi shart. Oʻz ota-onasini esa halol xizmatlari bilan mamnun etishi kerak. Yoshligidan mehnat qilishga intilgan, toʻgʻrisoʻz va sofdil inson doimo el-yurt olqishiga muyassar boʻlgan.

Xullas, kimki xalq ogʻzaki ijodiga mehr qoʻysa, ayniqsa, ertaklarni koʻproq oʻqisa, hayotda kam boʻlmaydi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/orta-va-katta-maktab-yoshidagi-bolalarga-tavsiya-etiladigan-ertaklar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x