Maktab yoshidagi kichik bolalarga tavsiya etiladigan ertaklar

Avval taʼkidlab oʻtganimizdek, bu davr bolalari maktabga oʻzlari mustaqil boradigan, ozmi-koʻpmi kitoblar oʻqiydigan darajada boʻladilar. Bu davr bolalariga oʻqish uchun tavsiya etiladigan ertaklarning ham koʻp qismi ona-Vatan, tabiat, axloq-odob, mehnat, oʻqish haqida boʻlishi talab etiladi. “Zumrad va Qimmat”, “Oltin tarvuz”, “Dehqon bilan ayiq”, “Non va tilla” (arab xalq ertagi), “Haqqush” (tojik xalq ertagi), “Danak” (qirgʻiz xalq ertagi), “Qizgʻanchiq Pak” (koreys xalq ertagi), “Kuchuk va topqirlik” (latish xalq ertagi), “Oʻtinchi yigit”, “Boʻri bilan echki” singari asarlar kichik maktab yoshidagi bolalar sevib oʻqiydigan ertaklardir.

Bu yoshdagi bolalarga koʻproq igʻvo, gʻiybat, munofiqlikdan yiroq boʻlgan ertaklar yoqadi. Negaki, yaxshi, mukammal tarbiyalangan bola boshqalarga hech bir ozor yetkazmasligini, takabburlik qilmasligini, hech kimga haqorat koʻzi bilan qaramasligini, rostgoʻy boʻlishini avvalgi davr bolalar kitobxonligida tavsiya etilgan ertaklar orqali bilib olishgan. Demak, u oʻzidan kattalarga hurmatli, kichiklarga shafqatli va marhamatli, shirin soʻzli va xushmuomala boʻladi. Mana shularga oʻxshash goʻzal xislatli bolalarni el sevadi, eʼzozlaydi. “Zumrad bilan Qimmat” ertagidagi Zumrad xuddi shunday fazilatli obrazlardan biridir.

Zumrad! Xalq orzu qilgan, istagan, eʼzozlagan qizlarning yorqin timsoli. Bugungi qizaloqlar Zumraddan qanchalik ibrat olishsa, Zumrad kabi chiroyli, odobli, muloyim, aqlli, mehnatsevar boʻlishsa arziydi. Qarang, yoʻlda lolalar, rang-barang gullar Zumradni koʻrib boshlarini egib, unga salom beradilar. Zumrad maysalar ustida oʻtirib dam olganida, gullar uni olqishlab, bulbullar quvonib, unga qoʻshiqlar aytib beradilar. Xoʻsh, bunday maqtov, bunday eʼzoz qaysi qizaloqqa yoqmaydi! Hammaga yoqadi. Bunga muyassar boʻlish uchun esa tinimsiz mehnat qilish, kattalarning, ota-onalarning, muallimlarning oʻgitnasihatlariga qattiq amal qilish kerak. Ana oʻshandagina xuddi Zumrad kabi behisob boylig-u shon-sharafga, hurmatga sazovor boʻlish mumkin.

Zumrad el sevadigan darajada chiroyli, odobli, muloyim, aqlli. Uni bir koʻrgan, bir suhbatlashgan kishi yana koʻrsam, yana suhbatlashsam deb orzu qiladi.

Zumrad otasini, odamlarni yaxshi koʻradi, hayvonlarni, tabiatni, maysa-yu oʻtloqni sevadi, ularga xizmat qiladi. Hammasiga muloyim boqib, qoʻli bilan silab-siypalab erkalaydi. Bundan gullar, oʻt-oʻlanlar, bulbullar quvonib, unga taʼzim qilishadi, qoʻshiqlar aytib berishadi.

Mehnatkash xalq oʻz farzandlarini xuddi Zumrad kabi ishchan, mehribon, iboli, boy-badavlat boʻlishini orzu qilgan, lekin Qimmat kabi erka, tantiq, ishyoqmaslarni yomon koʻrgan. Qimmat obrazi ishlamay tishlashga oʻrganib qolgan, injiq, muttaham va bedavo farzandni eslatadi.

Bizda va, ayniqsa, ertaklarda oʻzidan kattalarni hurmat qilish va keksalarni eʼzozlash, odamoxunlik va mehnatsevarlik, iboli va hayolilik asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Savol tugʻiladi. Xoʻsh, Qimmatda yuqoridagi fazilatlardan qaysi biri mavjud? Hech qaysisi yoʻq.

Xalq farzandiga toʻgʻri tarbiya bera olmagan onani yoqtirmaydi. Shuning uchun har ikkalasi ham oʻlimga mahkum – ajdar yutib yuboradi. Bu holga xalq aslo achinmaydi, aksincha, toʻgʻri boʻlibdi, deb mamnun boʻladi.

Kitobxon bolalar ham hayotda Qimmat qiyofasiga tushib qolmaslik uchun oʻzlarini oʻnglab olishga, mehnatni sevishga, koʻproq dars qilishga, kitob oʻqishga intiladigan boʻladilar. Axir Qimmatni ishyoqmasligi, odobsizligi tufayli juda koʻp narsalar xush koʻrmaydi. Hatto uning yurish-turishi, xatti-harakati kuchug-u sehrgar kampirga ham maʼqul boʻlmaydi. Dangasaligi, kekkayganligi, qoʻrs, qoʻpolligi oʻzining boshiga yetadi.

Mehnatkash xalq bechorahollik bilan hayot kechirgan, koʻpincha ochlik, yupunlik ularning bir umr hamrohi boʻlgan. Uzun tunlari bir-birlarini ovutish, koʻngillarini koʻtarish maqsadida ertaklar aytishgan. Oʻzlari toʻqigan ertaklar zaminida unumli mehnat qilish, farzand rohatini koʻrish, baxtiyor boʻlish va boshqa koʻpgina gʻoyalar yotadi. Oʻrni kelganda birdaniga boy-badavlat boʻlib, behisob boylik bilan el-yurtni, boybadavlatlarni qoyil qoldirish mehnatkash xalqning ezgu tilagi boʻlib kelganligi hech kimga sir emas. “Oltin tarvuz” ertagi xuddi shunday oʻy-xayol, oliy istak bilan toʻqilgandir.

“Oltin tarvuz” yosh kitobxonni koʻp narsaga oʻrgatadi. Birinchidan, mehnatkash boʻlish, chunki dehqon oʻz yeriga qayta-qayta ishlov beradi. Ikkinchidan, parranda-yu darrandaga gʻamxoʻrlik qilish, negaki dehqonning uyda yeydigan hech vaqosi yoʻq. Laylakni soʻyib yeyishi mumkin edi. Ammo u bu ishni qilmaydi:

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim oʻtgan zamonda bir kambagʻal dehqon bor ekan. Uning atigi bir tanob yeri bor ekan. Dehqon yer hayday boshlabdi. Yerni ikki marta haydab boʻlib, yaqinidagi katta soyning boʻyida salqinlab oʻtirsa, osmonda uchib ketayotgan bir laylak yerga qattiq zarb bilan tushibdi. Dehqon qarasa, laylakning qanoti singan ekan. Dehqon haligi laylakni darrov uyiga olib borib, siniq qanotiga taxta bogʻlab, uni bir qancha vaqt boqibdi. Laylak sogʻayib, uchib ketibdi.

Laylakka qayta umr bagʻishlagan dehqon biror narsadan umidvor emas. Shu majruh laylakni davolab, uning yordami bilan behisob boylikka ega boʻlaman, degan fikr uning xayoliga, oʻyiga ham kelmagan. Laylak tashlab ketgan tarvuz urugʻini yerga ekib, unga mehr bilan ishlov berar ekan bu – oltin (tarvuz) degan tushunchaning oʻzi unda boʻlmagan.

Dehqon ochkoʻz emas, bir parcha nonni ham oʻzgalar bilan, qoʻni-qoʻshni, oʻziga oʻxshagan kambagʻallar bilan baham koʻradiganlardan. Sabr-toqat bilan tarvuzlarning obdan pishishini, yetilishini kutgan dehqonning yaqin qarindoshlarini, oshnaogʻaynilarini ham mehmonga chaqirishi va tarvuz soʻyishi kitobxon bolalarda yaxshi taassurot qoldiradi:

Dehqon bir kuni tarvuzdan uchtasini uzib, uyiga olib ketibdi. Tarvuzlar juda katta ekan. Dehqon oʻzining yaqin qarindoshlarini va oshna-ogʻaynilarini mehmonga chaqiribdi. Bir mahal tarvuzga pichoq ursa, pichoq sira botmas emish. Uni qoʻyib, ikkinchisini soʻymoqchi boʻlibdi, pichoq oʻtmabdi, uchinchisi ham shunday boʻlibdi. Dehqon ham, mehmonlar ham hayron boʻlishibdi. Yerga bir urib yorib qarasalar, ichi toʻla tilla emish. Kambagʻal sevinib ketib, hammasini mehmonlarga ulashibdi, ular ham xursand boʻlib, uy-uylariga tarqabdilar. Uch tup tarvuzning har biri oʻntadan solgan ekan. Dehqon qolgan tarvuzlarni ham yigʻib olibdi. Shunday qilib kambagʻal dehqon juda boyib ketibdi.

Xalq voqeani bunday qoldirmoqchi emas. Yon-atrofdagilarni, kambagʻallarning boyib ketganini koʻra olmaydiganlarni hech boʻlmasa ertak orqali tanqid qilmoqchi, ularning jirkanch xayollari-yu ashaddiy yovuzliklarini, boylik va davlat deb qingʻir ishlarga ham qoʻl urishlarini oshkor qilish maqsadida qoʻshni – xasis boy obrazini toʻqigan.

Dehqon qanoti sinib, toʻdasi bilan ucha olmay qolgan laylakka yaxshilik qilib, oyogʻiga taxta bogʻlab tuzatgan va laylakning inʼomi bilan behisob boylikka ega boʻlgan boʻlsa, boy bu voqeadan xabar topgach, sogʻ laylakning oyogʻini sindirib, soʻng davolaydi. Bu laylak ham boyning dalasiga tarvuz urugʻini tashlab ketadi. Biroq tarvuzdan oltin emas, balki qovogʻarilar chiqib, koʻpchilikni chaqadi. Boyning halok boʻlishi esa yosh kitobxonda unga nisbatan achinish hissini uygʻotmaydi. Aksincha, u tabiatga, qushlarga ziyon yetkazganligi, boylik ustiga behisob boylikka erishish uchun laylakning oyogʻini sindirganligi sababli bu ish toʻgʻri boʻldi, degan ijobiy xulosaga keladi, xolos.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/maktab-yoshidagi-kichik-bolalarga-tavsiya-etiladigan-ertaklar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x