Oʻlmas oʻlanlar kuychisi

Tasavvurga qanot bergan tasvir

Oʻqigan kishining fikri va tasavvurini tiniqlashtiradigan, koʻngliga zavq bagʻishlaydigan, olis bolaligini, yuragiga yaqin tuygʻularni esga soladigan sheʼrlar boʻladi. Yirik oʻzbek shoiri Mirtemir sheʼrlari haqida xuddi shunday fikrlarni aytish mumkin. Shoir ijodi oʻzbekonaligi, samimiyati, tabiiy ohanglari va ajoyib topildiqlari bilan oʻziga xos.

Yaxshi ijodkor haqida gap ketganda “shoirona nigohi bor” degan ibora ishlatiladi. Bunda voqea-hodisa yoki manzarani shunchaki qogʻozga tushirish nazarda tutilmaydi. Gap ohorli oʻxshatish va boʻyoqlarni topish, tasvirga maʼno yuklash va kayfiyatni bera olishda. Uztoz Mirtemir sheʼriyatida ana shu jihatlar mujassam. “Safarbar” sheʼrida yaqinlari, yori, qishlogʻini tashlab, safarga otlangan dehqon yigitning kechinmalari shunday ifodalanadi:

 

Chayqalaman yuqori taxta ustida,

Uzoq vaqt koʻzimga kelmaydi uyqu.

Oʻylayman: “Shu osmon ostida

Ayriliqday ogʻir dard yoʻq-ku…”

 

Yoʻl azobi va charchoqdan horigan odamning koʻziga uyqu tez ilinadi. Lekin sevganlaridan uzoqqa ketayotgan odamda bunday emas. Shiftga termilib oʻy surar ekan, ustiga zil bir yuk tushganday boʻladi, yuragining bir parchasi uzilib ortda qolib ketayotganday tuyuladi. Bunday holga deyarli hammamiz tushganmiz. Shoir chizgilari bizda oʻsha kayfiyat va tuygʻuni uygʻotadi. Mana bu toʻrtlik lirik qahramonning holatini yanada yorqinroq koʻrsatadi:

 

Men oʻylayman: poyezd gʻildiraklari

Yoʻl bosadi oʻzicha kuy chalib.

Yiqilganday qolur yoʻl teraklari,

Qora aygʻir qichqirur tolib-tolib.

 

Uxlolmay, u yon-bu yonga yonboshlab, noiloj atrof-borliqni kuzatib, chalgʻib ketmoqchi boʻlgan yigitning uygʻoq idrokiga gʻildiraklarning tovushi balandroq eshitiladi, qora aygʻirday uchib borayotgan poyezd qattiq-qattiq qichqiradi, yoʻldagi terakar esa yiqilayotganga oʻxshaydi. Kishining tasavvuri shu yerda birdan jonlanib ketadi: haqiqatan, tez ketayotgan poyezd oynasidan teraklar xuddi ortga qulab tushayotganday koʻrinadi. Xoʻsh, bu ajoyib topilma faqatgina manzarani tasvirlash uchungina ishlatilganmi? Menimcha, unday emas. Bu yigitning ruhiy holati bilan ham bogʻliq. Hatto daraxtlar ham u tashlab kelayotgan tomonga – yaqinlari, sevganlari qolgan tomonga agʻnaydi. Maʼno yuklangan ushbu tasvir sabab ayriliq hissini yanada aniq tuyasiz.

 

Bir soʻzga jo maʼnolar

Baʼzida birgina soʻz yoki ibora butun bir misraga, butun bir sheʼrga joziba berib yuboradi:

 

Chiqib qoldi oʻzi bexabar,

Tashlagandi qiya shol roʻmol.

Qarab turdi jindek bexatar,

Barq urardi guldayin jamol.

(“Sarguzasht”)

 

Yuqoridagi misrada “oʻzi bexabar” degan iboraga diqqat qaratmoqchiman. Mana shu soʻzda sevikli yorning hayosi, noz-istigʻnosi, hatto feʼl-atvori oʻz aksini topgan. Agar qiz yigit shu yerdaligini bilganida, xabari boʻlganida, koʻchaga chiqmasdi, chiqqanda ham kuttirib-kuttirib chiqardi, oshiqning sabrini sinab koʻrardi va tezda uyiga qaytib kirib ketardi. “Bexatar” soʻzi ham jumlalar bilan izohlanishi mumkin. Gulday jamol egasi oshigʻiga biroz qarab turadi-yu, ketishi kerakligi yodiga tushadi. Chunki sevgi oʻti qanchalik kuchli boʻlmasin, ibo harorati oldida ojiz. Yuzlari lovullab yongan qiz koʻzlarini olib-qochadi-da, yoʻliga ravona boʻladi… Sheʼrni oʻqir ekansiz, lirik qahramonga qoʻshilib sizning koʻnglingizda ham oʻsha goʻzalga mehr, yaqinlik paydo boʻladi.

Biroq bu sheʼr baxtli muhabbat haqida emas, armonli sevgi haqida. Ayriliqqa mahkum oshiq qiz yashagan uy yonidan oʻtib qoladi:

 

Oʻsha oshna eshik oldidan

Oʻtar choqda azobda qoldim.

Ne uchundir toʻlgʻanardi jon,

Kimlargadir gʻazabda qoldim.

 

Lirik qahramon eshikni “oshna” deb sifatlar ekan, shu soʻzda ham muhabbati izhor qilinayotganday tuyuladi. Oʻzi tanimagan-bilmagan kishilarga gʻazab qilishi, tushuniksiz qiynoq ichida toʻlgʻanayotgani uning ilojsiz holatini aniq-tiniq ifodalab beradi.

Mirtemirning muhabbat mavzusidagi sheʼrlari original topilmalari, nozik oʻxshatishlari, mehr ufurib turgan misralari bilan yuragingizga suvday singishib ketadi. Shoir bir oʻrinda “Yohu, goʻzallikka bormi andoza?” deya goʻzallik qoliplarga tushmasligi, uni qalb koʻzi bilan koʻrish mumkinligi haqida soʻzlasa, boshqa oʻrinda “Saratonda soyaboning boʻlayin” deya yoriga mehr izhor qiladi. “Oy tuqqandan yaxshiroq Oqshom sen kelgan mahal” satri yorning tashrifi qorongʻu olamni yoritib yuborishini obrazli ifodalasa, “Oʻlmas oʻlanlardan koʻzgu qoʻndirsam” misrasi yorning chiroyi, mehru vafosini kuylashni niyat qilgan shoir kechinmalarini chizib beradi.

 

“Boʻsh mahkam” misralar

Baʼzi odamlar boʻladi: koʻrinishi, gap-soʻzi sodda-doʻlvarday koʻrinadi-yu, oʻz ishiga pishiq-puxta. Xalq bunday kishilarga “boʻsh mahkam” deb ot qoʻygan. Qiliqlarini koʻrib, soʻzlarini eshitib zavqingiz keladi, biror masalada tortishayotgan boʻlsangiz, darrov yon berasiz. Mirtemirning xuddi shunday xarakterdagi sheʼrlari bor:

 

Yigit yoshimgacha qishloqi edim,

Quyonlarim qashqa, toychogʻim toʻriq.

Bola xayolimni olib uchardi

Yavshon taglardan uchgan bulduriq,

 

deydi u “Qizgʻaldoq” sheʼrida. Bolaligimda quyonu toʻriqlar, bulduriqlarga oshno boʻlib yuraveribman, der ekan, lirik qahramon aslida afsuslanmaydi. Lekin hayotning goʻzalligi, shavqu zavqi muhabbatda ekanini bilmaganini quvlik bilan taʼkidlaydi. Shoirning “boʻsh mahkam”ligi “Mayli…” sheʼrida judayam aniq koʻzga tashlanadi:

 

Nima yetmay qoldi ikkimizga, yor,

Dilda ne gʻubor?

Nahot shu keng dunyo bugun bizga tor,

Qandoq qutqu bor!

Axir jahonga teng yurt-ku oʻrtada,

Nahot boʻlishsak?

Nima yetmay qoldi, dil nedan zada,

Nahot urishsak!

 

Yori bilan goʻyo “urishayotgan” oshiq narsalarni boʻlishishga kirishadi:

 

Mayli, boʻlishaylik – bogʻlarni sen ol,

Choʻl menga qolsin.

Daryolarni sen ol, togʻlarni sen ol,

Koʻl menga qolsin.

 

Bir dunyo narsa ajrim qilinadi. Quyosh, oy, yulduz, tun, kunduz, sharob, choy, ayron, Samarqand, Sayram, Turkiston – xullas hamma narsa boʻlinadi. Oshiq yaxshi narsalarni yorga beradi, “mundayroq”larini oʻzi oladi, hatto shularni ham berib yuborishga tayyor. Hammasi yorga boʻlsin, faqat:

 

Olaver, olaver, barisini ol,

Oshiq indamas,

Barini olgin-u, menga-chi, Oyxol,

Oʻzing qolsang bas.

 

Mana shu soʻnggi misra odamni yayratib yuboradi. Zoʻr sheʼr shunday boʻladi, mening nazarimda. Nuqtasiga uradi, koʻngilning eng nozik yerlariga borib yetadi…

Ayrim mavhum sheʼrlarni oʻqib, maʼno-mazmunini anglay olmay garang boʻlasan kishi. Uni yozgan shoir tushunmagan-u, oʻqigan yori qanday tushunardi? Menimcha, bunday sheʼrlar his qilinmagan yoki chala his qilingan tuygʻularni ifodalashga urinish natijasida paydo boʻladi. Mirtemir domla bizga bu borada katta saboq beryapti: avvalo tuygʻu samimiy va sof boʻlsin, keyin uni shoirday ifodala.

 

“Onaginam oʻtin qalar oʻchoqqa…”

Shoir ijodida maromiga yetkazib kuylangan mavzulardan yana biri ona mavzusidir. “Tovonimga chaqir tikanakday botguvchi – gʻashlik” deb boshlanuvchi “Onaginam” sheʼrini bilmaydigan odam kam. Bu oʻrinda soʻz xuddi shunday sarlavhali boshqa bir sheʼr haqida. U:

 

…Ona bagʻrin qoʻmsab oʻtdi goʻdaklik,

Taqdir olib ketmish edi yiroqqa.

Goh oʻksuklik, gohi shoʻxlik, tentaklik,

Tagʻin bir yoz qaytib keldim qishloqqa, –

 

misralari bilan boshlanadi. Uyda oʻgʻilning yoʻqligi bilingan:

 

Ne koʻrayin? Ketmon yotur zang bosib,

Sopi siniq, qarab boʻlmas oʻroqqa.

Ogʻil, chetan, quduq boshi chang bosib,

Onam shoʻrlik oʻxshar jonli qurchoqqa.

 

Tugʻilgan yeridan, yaqinlaridan uzoqda yurgan oʻgʻil ahvolni koʻrib ichidan zil ketadi: hovli-joy, roʻzgʻor tartibga muhtoj, ona bechora yanayam keksayib, qoqsuyak boʻlib qolgan. Lekin oʻgʻli kelganidan oʻzida yoʻq xursand, singilning koʻzlarida ham milt-mil yosh aylanadi. Yaqin-yiroqdan qarindoshlar, tanish-bilishlar keladi. Uyda toʻy boʻlib ketadi goʻyo. Vaqt allamahal boʻlib hamma tarqaydi. Oʻgʻil oʻziga oʻzi soʻz beradi, ahd qiladi:

 

Tong otmayin oʻroqni ham soplagum,

Ketmonni ham duch qilgayman qayroqqa.

Loy qilaman, loyga somon qoplagum,

Erta bilan doʻstlar kelur shuvoqqa.

 

Biroq bularning bari endi xayol, xolos. U oʻtgan kunlarini eslayapti, bari olisda, qoʻletmas tomonlarda qolib ketgan:

 

Qaydan bilsin ne savdolik yosh boshim,

Ona qalbi oʻxshar oydin buloqqa.

Xayollarda sovib qolar soʻk oshim…

***

Onaginam oʻtin qalar oʻchoqqa…

 

Armonga lim-lim qalb egasi oʻkinch bilan onasini, xizmatini qilolmagan mushtipar volidasini eslaydi. Xayolida unga atalgan soʻk oshi sovib qoladi. Ona bechora esa xayolda boʻlsa ham shu oshni isitib berish uchun oʻchoqqa oʻt qalay boshlaydi…

 

Xalqona hikmatlar

Falsafiy fikrlarni odamga yuqadigan darajada xalqchil ifodalash shoirdan katta mahorat talab etadi. Mirtemir kishilardagi manfaat va xudbinlik haqida gapirar ekan, oʻquvchini minnatli marhamatlardan shunday ogoh etadi:

 

U goʻyo saxiy ermish,

Koʻlik beraman, dermish.

Olmagin koʻligini,

Ortadi oʻligini.

(“U goʻyo…”)

 

“Koʻlik” soʻzi “ulov” maʼnosini beradi. Baʼzi odamlar bor: qilgan yaxshiligidan tamasi kattaroq. Shoir shunday kishilar obrazini xalqona usulda tasvirlab beradi: senga goʻyo saxovat qilganday ot-ulov beradi. Biroq uni minolmaysan, unga oʻzining oʻligini – ish, tashvishini yuklagan boʻladi. Endi sen bu koʻlikni tortib yurishing kerak.

Mirtemir sheʼrlarida oʻzbekona tantilik, mardonavorlik ham oʻz aksini topgan:

 

Doʻstlik – yarashiq bizga,

Olamlar oshiq bizga.

Duchor kelsa mashaqqat,

Tantilik – mashq bizga, –

 

deb yozadi shoir bir toʻrtligida. Bu misralar turli mashaqqatlaru qiyinchiliklar oldida esankiramaslikka, zaiflik qilib, shaʼnimizni boy berib qoʻymaslikka oʻrgatadi. Ustoz shoirning shu yoʻnalishdagi sheʼrlari koʻpni koʻrgan, mardona hayot kechirgan nuroniy boboning oʻgitlariday jaranglaydi.

Mirtemir domla umrining soʻnggi yillarida yozgan bir sheʼrida shunday soʻzlarni aytgandi:

 

Qancha yoʻllar bosdim, gohida toldim,

Lekin xalq nomiga yuqtirmadim gard.

Faryod solar choqda jim boʻla oldim,

Xalqim dardi edi dil oʻrtagan dard.

(“Roziman, rizoman, oʻla-oʻlguncha…”)

 

Xalq dardini koʻngliga joylab, bir umr Vataniga, eliga xizmat qilgan shoirning ijodi avlodlar uchun tengsiz xazina, bebaho boylikdir. Bu sheʼriyat chinakam sheʼr zavqini sogʻingan qalb chanqogʻini qondirib, fikrlarni charxlab, tasavvurga qanot berib yashayveradi.

 

Orif TOLIB

 

“Maʼrifat” gazetasining 2016 yil 12 mart sonida chop etilgan.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/olmas-olanlar-kuychisi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x