Xotirani qanday yaxshilash mumkin?

Juda koʻp oʻsmirlar, yigit-qizlar xotirasi yaxshi emasligidan noliydi. Bu holat yoshi kattalarda kuzatilsa, uncha eʼtibor berilmaydi. Lekin yoshlarning xotirasi sustligi ancha tashvishlanarli holat. Bu narsa faqat sogʻlik bilan bogʻliq emas. Toʻrt muchasi sogʻ, tetik bolalar ham baʼzida darslarni oʻzlashtirishga, oʻqituvchilar yoki ota-onalarining topshiriqlarini bajarishga qiynaladi. Bunga esa, koʻpincha aqliy mehnatning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani, miyaning keraksiz axborotlar bilan toʻlgani sabab boʻladi. Mutaxassislar xotirani yaxshilash uchun bir nechta usullarni taklif etadi. Ularga toʻlasicha amal qilish kutilgan natijaga tezroq yetishish imkonini beradi. Quyida shu usullardan ayrimlari sanab oʻtiladi. Ularni oʻzingizda sinab koʻring, samarasi boʻlishi aniq:

1.  Yaxshi badiiy kitob oʻqing.

Albatta, televizor koʻrish, internetda oʻtirish yoki kompyuterda oʻyin oʻynashni bir chetga yigʻishtirib, kitob oʻqishga kirishish juda qiyin masala. Oʻzingizda bunga kuch topish uchun esa, bitta narsaga oydinlik kiritib oling: sizga qay biri muhim – xotira qobiliyatingizni rivojlantirishmi yoki qoloq oʻquvchi boʻlib qolishmi? Ertaga kollej-litseylarga, oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirish vaqti keladi. Agar bugun toʻgʻri qaror qabul qilish uchun irodangiz yetmasa, keyin afsus-nadomat chekasiz, xolos.

Albatta, kitob oʻqishda ham meʼyor boʻladi. Dam olishni yigʻishtirib, faqat mutolaa bilan shugʻullansangiz, bu narsa bora-bora joningizga tegishi mumkin. Shu sababli oʻlchovni bilish zarur. Kitob tanlash ham muhim. Agar qanday kitob oʻqishni bilmayotgan boʻlsangiz, oʻqituvchilaringizdan, ota-onaningizdan maslahat soʻrang. Darsliklarda mustaqil oʻqish uchun tavsiya etilgan badiiy kitoblarni topib oʻqishingiz ham mumkin.

2.  Yangi narsalarni oʻrganing.

Yangi koʻnikma va tajribalar xotirani kuchaytirishning eng yaxshi usullaridan biri. Masalan, yangi sport turi bilan shugʻullanishingiz mumkin. Sport va jismoniy mehnat faol hayot tarzi demakdir. Qoni yurishib turgan, harakatchan bolaning miyasi ham yaxshi ishlaydi. “Sogʻ tanda sogʻlom aql”, deb bekorga aytishmagan.

3.  Lugʻat boyligini oshiring.

Yangi soʻzlarni va ularning izohli maʼnolarini oʻrganing. Masalan, ingliz tilidan bilimlaringizni oshiring. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ni oʻrganish ham katta foyda beradi. Deylik, badiiy kitob oʻqiyotib maʼnosi tushunarsiz yoki toʻla tushunarli boʻlmagan soʻzlarga duch keldingiz. Ularning maʼnolarini oʻrganish lugʻat boyligingizni oshiradi, bu esa insho va mustaqil ish yozganingizda juda qoʻl keladi.

4.  Sheʼrlar yod oling.

Oʻzingiz yoqtirgan sheʼrlarni yodlab boring. Bu xotirangizni rivojlantirishdan tashqari, sizda boshqa yaxshi xususiyatlar shakllanishiga ham turtki beradi. Soʻzni his qilishni oʻrganasiz, yodlagan sheʼrlaringizni aytib yurish miya uchun mashq boʻladi, talaffuzingizni yaxshilaydi. Biror mavzuda fikr aytish zaruriyati tugʻilganda, zaxirangizdagi sheʼrlardan unumli foydalanishingiz mumkin.

5.  Raqamlarni esda saqlang.

Ota-onangiz, yaqinlaringizning tugʻilgan sanalari, muhim voqealar, tadbirlarning vaqtini yodingizda tuting.

6.  Meʼyorida uxlang.

Uyqu vaqtida miya oʻtgan kunni sarhisob qilib, yodda saqlab qolish kerak boʻlgan narsalarni aniqlaydi. Uyqu jarayonining buzilishi esa,  xotirani qayta qurish ishlariga xalal beradi.

7.  Eslatmalar yozib qoʻying.

Dars tayyorlayotganingizda yoki chet tilini oʻrganayotganingizda kerakli soʻzlarni, qoidalarni qayd qogʻozlariga yozishga odatlaning. Qaydlar qisqa jumlalardan yoki soʻzlardan tashkil topishi kerak. Ularga koʻzingiz tushganda ular bilan bogʻliq maʼlumotlar kengaygan holda xotirangizda jonlanadi. Bu esa ularni yodda saqlab qolishga koʻmak beradi.

8.  Qismlarga ajratib oʻrganing.

Oʻrganayotgan narsangizni qismlarga ajrating. Bir boʻlagini toʻla oʻzlashtirib boʻlgandan keyin ikkinchisiga oʻting. Chunki miya kichik hajmdagi maʼlumotlarni oson eslab qoladi.

9.  Chalgʻimang.

Agar yoningizda kompyuter yoki telefon turgan boʻlsa, chalgʻishingiz juda oson. Ularga vaqt ajratmagan taqdiringizda ham, ongosti bogʻliqligi saqlanib qoladi. Bir xayolingiz shu narsalarda boʻladi.

10.  Aqliy mehnat jarayonida tanaffus qilib turing.

Bu juda ahamiyatli. Toʻxtovsiz ishlayotgan miya faoliyatining unumliligi borgan sayi kamayaveradi.

11.  Shunchaki nafas oling.

Tanaffus paytida koʻkragingizni toʻldirib nafas oling. Miyaga yetarli miqdorda kislorod oqimining yetib kelishi xotira kuchayishiga juda katta taʼsir koʻrsatadi.

Yuqorida tavsiyalarni kuchli xohish va iroda bilan bajarsangizgina foyda beradi. Ishga kirishish uchun yangi hafta boshlanishi yoki maʼlum bir muddat kelishini kutib oʻtirish shart emas. Harakatga hoziroq kirishing. Shunda marra sizniki boʻladi.

 

Orifjon Madvaliyev tayyorladi.

 

“Maʼrifat” gazetasining 2016 yil 5 mart sonida chop etilgan.

https://saviya.uz/shaxsiy-tarbiya/xotirani-qanday-yaxshilash-mumkin/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x