Qutlugʻ dargohdagi saboqlar

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi yosh ijodkorlarning “Isteʼdod maktabi” seminarini anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelyapti. Bu yil sakkizinchi bor tashkil etilayotgan seminarning respublika bosqichida nazm, nasr, bolalar adabiyoti, adabiy tanqid, badiiy publitsistika, badiiy tarjima va dramaturgiya yoʻnalishlarida oʻttizdan ortiq yosh ijodkor ishtirok etdi. Anjuman 23-25 noyabr kunlari “Doʻrmon” ijod uyida boʻlib oʻtdi. Unda Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda istiqomat qilayotgan oʻttiz besh nafar yosh ijodkorning ijodiy ishlari koʻrib chiqildi.

– Qoʻliga qalam olib, adabiyot boʻstoniga qadam qoʻygan har ijodkorning orzusi – ustoz adiblarga ilhom baxsh etgan “Doʻrmon ijod bogʻida boʻlish”, – dedi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Bu qutlugʻ dargohda har yili oʻtkazilayotgan “Isteʼdod maktabi” oʻquv-seminarlari chinakam ilhom sarchashmasi, chinakam darsxona, ulugʻ ijodxona vazifasini oʻtamoqda. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Ijod” fondi mablagʻlari hisobiga har yili yosh ijodkorlarimizning ilk kitoblari yigirma ming nusxadan chop etilib, mamlakatning barcha oʻquv dargohlariga bepul tarqatilayotgani – istiqlol yillarida isteʼdodli yoshlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklarning yorqin namunasidir.

Yurtimizning turli hududlarida yashab, ijod qilayotgan yosh isteʼdodlarni kashf etish va ularga har tomonlama gʻamxoʻrlik koʻrsatish – Uyushmaning doimiy diqqat-eʼtiborida. Bundan yigirma yil oldin – 1995 yili Jizzax viloyatining xushmanzara Zomin tumanida ilk bor yosh ijodkorlarning respublika seminari oʻtkazilgan edi. Shundan soʻng Qoraqalpogʻistonning Ellikqalʼa, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanlarida uyushtirilgan yoshlar seminarlari yosh ijodkorlarga katta ilhom berdi, ularni yuzaga chiqardi.

“Isteʼdod maktabi” VIII seminari ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi, adabiyot haqidagi tasavvurlarini boyitdi, ularga olam-olam zavq berdi. Navbatdagi sahifada seminarda qatnashgan yosh ijodkorlarning mashqlari va anjumandan olgan taassurotlari bilan tanishasiz.


 

 

Gulrux Xudoyorova

1991 yili tugʻilgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti magistranti.

“Isteʼdod maktabi” seminari haqida tengdoshlarimdan eshitar ekanman, har safar ularga havas bilan boqish barobarida menda ham shu seminarda ishtirok etish orzusi paydo boʻlgan edi. Bu yil orzum amalga oshdi. “Isteʼdod maktabi” VIII respublika yosh ijodkorlar seminarida nazm yoʻnalishi boʻyicha ishtirok etdim. Bir necha kunlik ijodiy muloqotlar natijasida yurtimizda isteʼdodli, adabiyotni chinakamiga sevadigan yoshlar koʻp ekanligiga yana bir karra guvoh boʻldim. Ustozlarning samimiy suhbatlari nafaqat menda, oʻylaymanki, men qatori seminarda ishtirok etgan barcha tengdoshlarimizda katta taassurot qoldirdi. Tengdoshlarimizning sheʼrlarini tinglab, kezi kelganda oʻz kamchliklarimni ham bilib oldim. Bu seminar biz uchun tajriba maktabi boʻldi, katta ilhom berdi. Oʻylaymanki, olgan taassurotlarimiz hali uzoq yillar bizga yoʻldosh boʻladi, qalbimizni shuʼlalantirib turadi.

 

 

Sarbinaz Tureshova

1994 yili tugʻilgan. Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi.

– Hamma narsaning birinchisi oʻzgacha, betakror taassurotlarga boy boʻladi. “Doʻrmon” ijod uyida kechgan adabiyot bayrami haqida ham shunday deyish mumkin. Bu yerda kechgan anjumanda birinchi bor ishtirok etayotgan tengdoshlarimiz kelajakda bundan-da yirik adabiyot bayramlarida qatnashishiga shubha qilmayman. Lekin ularning qalbida Doʻrmon seminari umrbod saqlanib qolishi shubhasiz.

Men seminarda badiiy publitsistika yoʻnalishi boʻyicha ishtirok etdim. Taniqli publitsist Saydi Umirovdan koʻp narsalarni oʻrgandim. Kelajakda ijodiy faoliyatimda asqotadigan qimmatli maslahatlar oldim. Imkoni boʻlsa, kelgusi seminarlarda ham jon deb qatnashardim.

Biz kabi yoshlarga shunday sharoitlar yaratib berayotgan, adabiyot ahlini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgan davlatda yashayotganimizdan benihoya baxtiyormiz.

 

 

Elbek Jumanov

1986 yili tugʻilgan. Qarshi davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini tugatgan.

El ardogʻidagi mashhur shoiru yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar bilan uchrashish, ular bilan jonli muloqot qilish ijodiy va ilmiy faoliyatimizda evrilish yasashi shubhasiz. Ustoz adiblarning umid va ishonch bilan bildirgan mulohazalari, samimiy eʼtiroflari, kezi kelganda oʻrinli va ayovsiz tanqidlari oʻzimizga chetdan nazar solish imkoniyatini yaratdi.

Ulugʻ ajdodlarimiz, jahon adabiyotining eng yetuk namoyandalarining asarlari, shaxsiyati, hayot yoʻli haqida koʻproq bilganing sari hali qancha izlanishing, oʻrganishing kerakligini his etasan kishi.

Rost tuygʻular, toza koʻngil, yuksak orzular haqida yozilgan asargina uzoq yashaydi, muhabbat, bagʻrikenglik, hayotsevarlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni ulugʻlagan kitoblar zamon va makon chegaralaridan oʻta oladi. “Isteʼdod maktabi” seminari bizga bu haqiqatni yana bir karra uqtirdi.

 

 

Vazira Ibrohimova

1993 yili tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tugatgan.

Seminarda qatnashib, adabiyotga, ijod olamiga kirib kelayotgan har bir yosh ijodkorga katta umid bilan qarayotganini angladim. Ustozlar ham, kitobxonlar ham bizdan yangi fikr, yangicha ohanglar, samimiylik va tabiiylikni kutishadi.

“Badiiy publitsistika” yoʻnalishidagi mashgʻulotlarda, Saydi Umirov, Ahmadjon Meliboyev kabi jurnalistikamizning zabardast vakillari suhbatidan, oʻgitlaridan bahramand boʻldim. “Publitsistikada faqat his-tuygʻuning oʻzi yetarli emas. Fakt va dalillar, hujjatlilik ham muhim oʻrin tutadi”, deydi Saydi Umirov.

Seminar davomida yana bir katta saboq xotiramga muhrlandi: adabiyotga nimaningdir ilinjida yoki tama bilan kirib boʻlmaydi. Yurakdan chiqqan samimiy misralar, albatta, yuraklarga yetib boradi, chuqur bilim va mushohadaga asoslangan asarlar boshqalarni ham oʻylashga, fikrlashga undaydi.

 

 

Shohsanam Nishonova

1995 yili tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi. 2016 yili “Yurt kelajagi” tanlovi gʻolibi boʻlgan.

Ustozlarning izi qolgan qutlugʻ Doʻrmon bogʻiga borishni, “Isteʼdod maktabi” seminarida qatnashishni istamagan yosh ijodkor boʻlmasa kerak. Bu yil menga ham ishtirokchi boʻlish nasib qildi. Toʻgʻrisi, Doʻrmonga birinchi kelishim emas, lekin har doimgidek koʻnglimni kuchli hayajon chulgʻadi. Uch kun davom etgan seminarda Muhammad Ali, Enaxon Siddiqova, Saʼdulla Hakim kabi ustozlar imtihonidan oʻtib, yutuq va kamchiliklarimizni bilib oldik. Yurtimizning turli hududlaridan kelgan yoshlar bilan doʻstlashdik. Bu seminar bizni yanada birlashtirdi, ilhom bagʻishladi. Uchrashuvlar barchamizning qalbimizda chuqur taassurot qoldirdi. Bir soʻz bilan aytganda, Doʻrmonda oʻtgan har bir kun umrbod esda qolarli, asrga tatigulik kun boʻldi.

 

 

Mansur Jumayev

1991 yili tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tugatgan.

Seminar ilk daqiqalaridanoq qalbimga beqiyos hayajonlar soldi. Dastlab Navoiy bobo haykali poyiga gul qoʻydik, soʻng Chigʻatoy qabristoniga borib, ustozlarimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripovning qabrlarini ziyorat qildik. Soʻng “Doʻrmon” ijod uyiga yoʻl oldik.

Asarlar muhokamalari, munozaralar, tortishuvlar va tanqidlar… Bularning bari bir umr esdan chiqmaydigan goʻzal xotiralar boʻldi men uchun. Ustozlardan olgan saboqlarimiz, tengdoshlarimiz bilan kechgan mushoiralarni endi sogʻinib-sogʻinib eslaymiz. Ijodiy va ijobiy raqobat, sheʼrxonliklardan koʻp narsa oʻrgandim: kimdandir qanday yozishni, kimdandir qanday yozmaslikni. Xursandchiligimning yana bir sababi, endi respublikamizning har bitta viloyatida, shaharu qishloqlarida doʻstlarim bor. Hamqalam, hamqadam, hammaslak doʻstlarim.

Biz yoshlarga ana shunday unutilmas damlarni tuhfa qilgan barcha-barchaga tashakkur aytaman.

 

 

Orifjon Madvaliyev

tayyorladi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/qutlug-dargohdagi-saboqlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x