Nurli tarix qoʻynida quyoshimsan, ey Vatan!

* * *

 

Sen –

mening hayotimsan,

tariximsan, ey, Vatan!

Yashil kunim, yodimsan –

taqdirimsan, ey, Vatan!

 

Yaqinu yiroqdan ham

mehribonsan, sen oʻzing.

Tomirimda ulgʻaygan

xotiramsan, sen oʻzing,

 

Amudaryo, Sirdaryo

gulli-gulli belbogʻim,

Samarqandu Buxoro,

Xiva ulli charogʻim,

 

Barcha shahru aziming

koʻnglimni yorugʻ aylar,

Boshingda xush taʼzimi –

aylanar kunlar, oylar,

 

Ezguliklar oʻyida

bardoshimsan, ey, Vatan!

Nurli tarix qoʻynida

quyoshimsan, ey, Vatan!

 

* * *

 

Menga

ovoz kelar ufqni yorib,

shafaq tomchilatib, maysaga qorib.

Qizgʻaldoq changiday pok gʻubor soʻzing

kelar, oʻzing qachon kelgaysan yorim?

 

ALPOMISH

 

Gʻariblikda jondan toʻydim,

Yorugʻlik nurlarin suydim,

Tulporimni erkin qoʻydim,

Bu yoʻllardan biz oʻtarmiz.

 

Yakkamixni sugʻurar ot,

Noshud sohib dushmanga mot,

Yer sovuq, koʻrpa samovot,

Bu yoʻllardan biz oʻtarmiz.

 

Shahd aylasam, shafaq singay,

Loyqa suvlar oʻynab, tingay,

Qizgʻaldoqlar kuyib, ungay,

Bu yoʻllardan biz oʻtarmiz.

 

Togʻlar – sifat, suvratimdir,

Daryo, yoʻllar ulfatimdir,

Keng koʻngillik qismatimdir,

Bu yoʻllardan biz oʻtarmiz.

 

Ultontozlar sayrab qolgan,

Qilichini qayrab qolgan,

Qayqubotlar hayron qolgan,

Bu yoʻllardan biz oʻtarmiz.

 

Pir duosi shiddatimdir,

Yiroqdagi qudratimdir,

Qaldirgʻochoy gʻayratimdir,

Bu yoʻllardan biz oʻtarmiz.

 

Chashma suvi koʻzidadir,

Koʻnglidadir, yuzidadir,

Mushtipar togʻ boʻgʻzidadir,

Bu yoʻllardan biz oʻtarmiz.

Chohga tortmoq yot tashvishi,

Oy qoʻl choʻzar ulugʻ ishi,

Gʻam chekmoqlik alplar ishi,

Bu yoʻllardan biz oʻtarmiz.

 

Soyday toʻliblar, tosharmiz,

Koʻkdan tuynuklar ocharmiz,

Falakdan nurday osharmiz,

Bu yoʻllardan biz oʻtarmiz.

 

Esh boʻlarmiz hur yoʻldoshga,

Mehribon bagʻri quyoshga,

Bu elni koʻtarib boshga,

Bu yoʻllardan biz oʻtarmiz.

 

* * *

 

Qolgan

kuygu dogʻlarda

yongan bir koʻngil koʻrdim.

Charsillagan bogʻlarda

ohu koʻzli gul koʻrdim.

 

Ohu koʻz gul dardidan

charsillab yonar bu bogʻ.

Toʻlin oy hasratidan

koʻlning koʻksi qirmiz dogʻ.

 

Bagʻringda soyang mahzun

xuddi sen oʻzimdasan.

Ohlar urarman uzun

qirmizi koʻksimdasan.

 

* * *

 

Togʻay Murod va Maʼsumaga

 

Qizgʻaldoqzor qirmiz ufqdan

tomchilagan qonga oʻxshaydi.

Tomchilari mahzun qoʻshiqqa

oʻxshar hayajoni qoʻshiqqa

titrayotgan jonga oʻxshaydi.

 

Qir ustida bir parcha gulxan,

bir qizgʻaldoq sanga oʻxshaydi.

Gulxan yoqqan ne kutmish guldan,

ishq oʻtida tanga oʻxshaydi…

…Oʻtda ishq va tanga oʻxshaydir.

 

* * *

 

Olam

kitobida bobsan –

toʻla, goʻzal iztirobsan.

 

Yerga soya har bargi

bogʻlar shamoli rangin.

 

Suvmi – bu obi hayot,

toti torttirar faryod.

 

Chashmaki chashmi giryon

intizor ming-ming jahon.

 

Bir goʻzal oshiq xayol

bir buyuk koʻngil misol.

 

Rangin shamolli bogʻlar

har bargi soya chogʻlar.

 

* * *

 

Ey,

yuragi samo qadar keng,

ey, kiprigi yulduz shuʼlasi,

barmoqlari oy nuriga teng

ey, nasimdan toza nafasli,

kel, deyman, kelmassan, ammo, kel,

sigʻmassan, koʻnglim tor, sigʻaqol…

…Sahroda qaqragan gulman, men,

ey, chashmi zilol, nurli shamol,

menga issiq emas, nur kerak,

sovuq emas, kerak sarinlik,

baxt yoʻq, nuring bilan shod yurak,

daf aylaydi gʻamning barini.

 

* * *

 

Ketmoqdaman

keng dashtdan,

oʻralganday osmonlar.

Tomirda shiddat, shashtdan

darz ketar ufq tomonlar.

 

Tushar bir parcha shafaq,

gurillar adir usti.

Bahor ezgulik shafqat,

dimiqqan koʻngil doʻsti.

 

Ne istayman yoʻrtmoqda

ufqdan naridan yoʻl.

Shafaqlarni yirtmoqda,

qizgʻaldoqlar bagʻri hoʻl.

 

* * *

 

Ruhimga

bostirib kirar sahrolar,

koʻnglimdan chiqadi goho xush bogʻlar.

Sahrodan keladi baʼzan daryolar,

dilim bulogʻidan suv ichar togʻlar.

 

* * *

 

Naparmon

tonglarda seni oʻylayman,

ufq kiprigida quyosh kabi qon.

Koʻklagan zaminga nur keldi qaydan,

meningchi, tanimda tipirchilar jon.

 

Koʻz oldimga kelar daryolar boʻyi,

kimsasiz sohillar sogʻinch iziday.

Togʻlarning soyasi suv ichar toʻyib,

daryo oʻzi tashna yetim qoʻziday.

 

Yorugʻ qoʻshigʻini aytadi quyosh,

men uchun boshlanur bepoyon qaygʻu.

Quyoshning bagʻrida sogʻinch va bardosh,

zaminning bagʻrida sevinch, ishq, tuygʻu.

 

Yoʻldosh ESHBEK

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

https://saviya.uz/ijod/nazm/nurli-tarix-qoynida-quyoshimsan-ey-vatan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x