Rizolik

Ayolning umr shami lip-lip etgancha bir yogʻdulanib, bir nursizlanib soʻnib borardi.

Qandoq singlim boridi-ya, – Usmonjon vujudini sirqiratib kelayotgan yoshni sirtiga chiqarmaslik uchunmi, koʻzlarini yumib, ichidagi titroqlarni kuch bilan bosdi.

Bedavo dard uch oyki toʻshakka mixlagan, quruq suyakka aylangan, suratigina qolgan singlisiga tabassum qilib ozgʻin kaftlariga yuzini bosdi.

Oʻn kundirki, tildan qolgan juvon yosh boladek moʻltirab qaraydi. Usmonjon singlisining koʻzlari kengayib, bezovta boʻlayotganini sezdi. Uning ich-ichiga botgan gʻamangiz, mungligʻ nigohlarida soʻngsiz armon, anduh, kimgadir ilhaqlik, intizorlik muhrlanganday eshikdan koʻz uzmayotganini payqadi. Ilhaqlikni bolalarini qoʻmsashiga yoʻydi. Qoʻshni xonada oʻynayotgan oʻgʻillaridan birini koʻtarib, birini yetaklab kelib, singlisining yoniga tizzaladi. Singlisi yotgan koʻyi ozgʻin qoʻllari bilan kichkinasining boshini bagʻriga oldi. Keyin kattasining sochlarini silab, qoʻlchalaridan oʻpdi.

Usmonjonga singlisining koʻzlari xuddi vidolashayotgandek tuyuldi-yu, yuragi uvushib ketdi.

Bu toychoqlarni oʻqitamiz, uylaymiz, hali oʻzing koʻrasan. Otasi yoʻq, deb oʻksima, oʻzim otalik qilaman, faqat sen tezroq sogʻaysang boʻldi.

Bu soʻzlardan bemorning yuzida yumshoq kulimsinish zohir boʻldi.

Mastura akasining ruhiyatini koʻzlaridan uqdi. Oʻpkasi toʻldi, lekin koʻzlariga bir tomchi ham yosh kelmadi. Taqdirning achchiq zarbasidan toʻyib, yigʻlayverib, allaqachon koʻzyoshlari qurigan. Akasiga rahmi keldi. Bechoraning rangi roʻyi kasaldan battar, oʻzini oldirib qoʻyibdi. Qani endi moʻjiza roʻy berib, sogʻayib ketsa, umrining oxirigacha ularning qoʻlida supurgi boʻlib xizmat qilishga ham rozi. Lekin moʻjizalar faqat ertaklarda roʻy beradi. Uning esa sanoqli kunlari qoldi xolos, buni bilib turibdi. Afsuski, akasi bilan yangasidan oʻz qilmishlari uchun kechirim soʻrashga ulgurmadi. Olloh unga gunohlari uchun bedavo dardni jazo qilib bergani yetmaganidek, zabonini ham oldi. Juvonni qattiq ogʻriq iskanjaga olib, yuzlari boʻzarib ketdi, yoʻtalib, qon tupurdi. Akasi shoshilinch qoʻshni hamshirani chaqirtirib, ukol qildirgach, vujudini soʻngsiz ogʻriq asta-sekin tark eta boshladi.

Lekin yuragini tinimsiz parmalayotgan nihoyasiz ogʻriq, armon, oʻkinchni sugʻurib oladigan na biror kuch, na malham bor. Endi bu iztiroblarni oʻzi bilan qabrga olib ketadi. Axir shu farishtadek yangasiga qancha sitamlar oʻtkazdi-ya. Agar unga bu dunyoda jannati ayolni koʻrsat desalar, soʻzsiz yangasini koʻrsatgan boʻlardi. Yuragi pushaymonlik, afsus oʻtida kuyadi, lekin foydasi yoʻq.

Mastura yana eshik tomonga intizorlik bilan qarab qoʻydi. Soʻng birdan talvasaga tushgandek akasining kaftlarini qattiq siqdi. Usmonjon bu xasta vujudda shuncha kuch borligidan hayratga tushib, bir qoʻlini singlisining peshonasiga qoʻydi-yu, birdan uning manglayidan muzdek ter quyilganini, qoʻllari boʻshashib, harakatsiz qolganini his etdi, boʻgʻziga toshdek narsa qadaldi. Singlisining qorachiqlari bir nuqtada toʻxtab qoldi.

Akaning faryodi butun uyni larzaga soldi. U harchand singlisining ochiq qolgan koʻzlarini yopishga urinmasin, bu dunyoning gʻamu gʻurbatlariga toʻymagandek, kimgadir ilhaqdek, ochiqligicha qoldi.

…Gʻamguzor ona yolgʻizgina qizini yer-koʻkka ishonmasdi. Nuridiydasiga tekkan bedavo dard onani yiqitdi. Toʻsatdan qurigan daraxtdek quladi. Soʻnggi kuni xuddi oʻlimini oldindan sezgandek, oʻgʻlini yoniga oʻtqizib vasiyat qildi:

– Hammalaringdan mingdan-ming roziman. Lekin bilib qoʻy, singlingga endi otayam, onayam oʻzingsan. Agar uni, bolalarini birovga zor qilsang, goʻrimda tikka turaman.

Bu bevaqt vasiyatdan karaxt boʻlgan oʻgʻil oʻziga kelib bir nima demoqqa ulgurmay, ona beozorgina jon berdi…

Nahot endi singlisiniyam tuproqqa topshiradi? Onasining ruhi oldida nima deydi? Koʻrsatmagan doʻxtiri, tabibi qolmadi, singlisining dardiga davo-malham topilmadi. Singlisining bolalariga nima deydi, ularga ota oʻrnida boʻla oladimi? Koʻkragi qattiq sanchidi. Yo falak! U soʻngsiz, nihoyasiz oʻylar iskanjasida qoʻni-qoʻshnilar, qarindosh-urugʻlar taʼziyasini qabul qilarkan, xotiniga odam yubordi.

Malohat sovuq xabarni eshitib, garchi qaynisinglisining dardi bedavoligi, doʻxtirlar uning yashab ketishiga umid yoʻqligini aytishgan boʻlsa-da, yuragiga muz kirib, oyoq-qoʻli boʻshashib oʻtirib qoldi. Yodiga rahmatli qaynonasi keldi. U yolgʻiz qiziga bor jahonini berar, “oyimtoʻtim”, deb erkalardi.

Oʻta tantiq, arzanda oʻsgan bu qiz tushgan joyida ham qaynona-qaynota, kuyovga boʻyin bermadi, onasining oʻta mehribonchiligimi yoki tilini oʻtkirligidanmi, alal-oqibat ikkita bolali boʻlganda roʻzgʻori buzilib qaytib keldi. Lekin yangasiga kun bermadi. “Oʻtirsa – oʻpoq, tursa – soʻpoq” qilib akasiga chaqdi, mahallaga gapini chiqardi. Tili shunday zahar ediki, ilondek chaqardi, yangasini yerga urib, kamsitar, bundan huzur qilardi. Hatto bir gal qoq qahraton qishda, bir arzimagan gapning orqasidan yangasi bilan gap talashib, uni bitta koʻylakda darvozadan haydab chiqarib, eshikni yopib oldi. Yangasi zorlanib eshik oldida uzoq turdi-yu, axiyri sovqotib, qoʻshninikida uxlamay tong ottirdi. Erta tongda esa gʻayirlik bilan zaharxanda qarab turgan qaynisinglisiga salom berib, goʻyo hech nima boʻlmagandek odatdagi yumushlarni qilib ketaverdi. Biror marta eriga shikoyat qilib janjal qoʻzgʻamadi, aka-singilni urishtirmadi. Bolalarini tirik yetim qilishni istamadi.

Qaynisinglisi bexos ogʻir dardga chalindi-yu, birdaniga oldingi shaxdi yoʻqoldi, soʻnib borayotgan shamdek pasaydi. Oʻychan, parishon, asabiy boʻlib qoldi. Ayniqsa, onasining oʻlimidan keyin kasali zoʻraydi.

Qaynonasi har gal “shu dumbul, qaysar, odobsizning gunohidan oʻting, suyaksiz til-da, bilmay gapirdi”, deb yozgʻirardi.

Dardi zoʻraygan kunlari qaynisinglisi yotgan joyida portladi:

– Sizga qilgan zulmim, koʻrsatgan hoʻrliklarim uchun Olloh menga shu bedavo dardni yubordi. Mening nodonligimni yuragingizdan chiqaring, mendan keyin Xudoning yoʻliga shu farzandlarimga oʻzingiz onalik qiling, birovning qoʻlida qolishmasin, – deb koʻzyoshlarini daryodek toʻkdi.

Malohat xasta qaynisinglisini yuvib-taradi, pokladi, koʻnglini koʻtardi, bolalariga gʻamxoʻrlik qildi. Lekin qilayotgan yaxshiliklari baʼzan Masturaning ichini qurtdek kemirayotganini his etardi.

U darvozadan ezilib, yigʻlab kirib borarkan, yigʻi-sigʻi qilayotganlar orasida koʻzida yosh halqalanib turgan bolalarga koʻzi tushib, iztiroblari alangalandi.

Malohat xonaga kirishi bilan yigʻlayotgan ayollar unga yoʻl berishdi. U karavotga yotqizib qoʻyilgan jasadga yaqinlashdi-yu, koʻzlari ochiq qolgan jonsiz tanani koʻrib, yuragi uvushib, orqasiga tortdi. Rozi-rizolik soʻrashga ham ulgurmadi. Soʻnggi nafasida yonida boʻlolmadi.

U armonu iztirob bilan qaynisinglisining muzdek yuzlariga yuzini qoʻyib, achchiq-achchiq yigʻlarkan, faryod qildi:

– Bizdan rozi keting, singiljon, biz ham sizdan rozimiz.

Toʻsatdan jonsiz tana titragandek boʻldi. Marhumaning ikki chetida turib yigʻlayotgan ayollar seskanib, qoʻrqqanlaridan uvvos tortib oʻzlarini orqaga tashladilar. Malohat murdaning tepasida dahshatdan qotib qoldi. Hayhot! Marhumaning koʻzlari katta ochildi, keyin unga soʻngsiz iltijo bilan boqdi, jonsiz lablari qimirlagandek boʻldi, koʻzlaridan oqib tushgan bir tomchi yosh yonogʻida sirgʻalgancha turib qoldi. Qaynisinglisi goʻyo koʻzlari bilan rizolik soʻrashardi. Zum oʻtmay bu nursiz koʻzlar abadiy yumildi.

Ollohning bu moʻjizasidan karaxt boʻlgan va bir zum sukunatga choʻmgan hovlini yana azadorlarning alamli yigʻisi tutdi.

 

Enaxon SIDDIQOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

https://saviya.uz/ijod/nasr/rizolik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x