Jalada

Sattor yuz-qoʻlini yuvib, mollariga qaragani ogʻilxonaga kirdi-yu, serraygancha turib qoldi. Boʻrdoqiga boqilayotgan novvoslarining eng boʻlasi yoʻq. Yuragi hapriqib, uzoqdan onasiga qarab baqirdi:

– Qora no-v-v-os, – boʻgʻilganidan nafasi ogʻziga tiqildi. – Qora novvos yoʻq!

Onasi oʻgʻlining vajohatini koʻrib, idishdagi qaynoq suvni choynakka emas, qoʻliga quyib yubordi:

– Voh, qurib ketsin, qoʻlim kuydi.

Keyin haliyam koʻzlarining paxtasini chiqarib turgan oʻgʻliga qarab tutiliqdi:

– A-ka-ng, akang bozorga olib ketuvdi…

– Nima-a-a? – Sattor osmonga irgʻidi. – Nega, nima haqi bor, boqayotgan novvosimni bozorga olib chiqib sotishga?!

– Bilasan-ku, bolam, – onasi yozgʻirdi. – Akang yolgʻizqoʻl, buning ustiga qoʻli yupqa, yogʻin-sochingacha tomini yopib olmasa, urgan devori bir uyum tuproqqa aylanadi.

– Menga nima, – u alam bilan baqirdi. – Bir yildan beri tuproq yalab, shu mollarga oʻt tashiyapman, biror marta yordam berdimi? Akam boʻlsa oʻziga. Qani, sotib bir tiyinini ishlatib koʻrsin-chi?

– Jon-jigaring-ku, bir-birlaringda qolib ketmas, oʻsha uyni bitirib olay deb xotini boyoqish bilan dalaga kapa tikib yotibdi.

Sattor apil-tapil kiyinarkan, ayyuhannos soldi:

– Agar sotib yuborgan boʻlsa, bir mirisini ham bermayman, choʻntagini kesib olaman, kerak boʻlsa, pichoqlashaman.

– Voy shoʻrim, oʻzingni bos, jon bolam, otangning ruhini chirqiratma, goʻrida tikka turadi-ya!

– Hech qachon, otam meni yaxshi koʻrardi, siz meni yomon koʻrasiz, oʻsha arzandangizni yoqlaganingiz yoqlagan!

U onasining zorlanishlariga quloq ham qoqmay hovlidan oʻqdek otilib chiqib ketdi.

Katta koʻchaga chiqib “Damas”ga oʻtirdi. Agar oldida odamlar boʻlmasa alamidan hoʻngrab yigʻlab yuborishga ham tayyor edi.

Odamlarning akalari erkalatib olib yurishadi, oʻqitishadi, uylashadi. Uning akasi boʻlsa mashina olaman deb boqayotgan tuyoqlariga koʻz olaytirsa, yana bir ogʻiz soʻrab oʻtirmasa…

U mashina oynasidan charaqlab turgan osmon birpasda qorayib, changlashib borayotganiga qarab taʼbi tirriq boʻldi, kayfiyati battar tundlashdi, kostyumining choʻntagiga qoʻl solib qoʻliga ilingan dudama pichoqni mushtlari bilan mahkam siqdi.

 

* * *

Mirkomil molbozordan chiqib, qoʻlidagi bir xalta pulga hasratli boqdi. Chakki qildi-da shu ukasining novvosini sotib… Eshitgan boʻlsa, osmonga chiqib, yerga irgʻiyotgandir. Bir tomoni, onasi qoʻymadi, bir tomoni, boshqa iloji ham yoʻq. Hali uyining paxsasi toʻliq qurib ulgurgani yoʻq. Agar qattiqroq yomgʻir yogʻib bersa bormi, holi Xudoga qoladi. Buning ustiga bu yetishmovchiliklardan xotinining chakagi yopilmay qoldi, javragani javragan. Unga ham qiyin, xotin boshi bilan buyragi xastaligiga qaramay, u bilan teng olishib, ustalarga loy tashiydi. Axir ukasi-ku, bugun boʻlmasa ertaga dastiga Olloh berar, Xudo xohlasa, keyingi yil dehqonchiligidan kiradigan daromadini ukasiga beradi, uyning tomini yopib olsa boʻldi, keyiniga Xudo poshsho. Ukasi orzulari ushalib bir mashina minsin!

U shu oʻylar bilan oʻzini ovutgan boʻldi, qorayib borayotgan osmonga xavotirlik bilan boqib, yuragi uvushgancha yogʻoch bozoriga shoshildi.

 

* * *

Aka, Yangiqishloqqa tashlab oʻtsangiz, uzoq emas, bir chaqirimlik yoʻl.

– Uka, xafa boʻlmaysiz, shoshib turibman, buning ustiga benzinim yoqilgʻi shaxobchasigacha zoʻrgʻa yetadi, – taksichi yigit muyulishda mashinani toʻxtatdi.

Sattor chorrahadan qishloq yoʻliga burilib ulgurmay yomgʻir tomchilay boshladi. Kuchli momaqaldiroq gumburlab, chaqmoq osmonni kesib oʻtdi. Bir zumda tomchilayotgan yomgʻir shiddatli jalaga aylandi, paqirlab quya boshladi, bir qadam narini koʻrib boʻlmay qoldi. U kostyumini pana qilib yoʻl chetidagi katta sadaqayragʻoch tomon chopdi. Birpasda usti boshi shallabo boʻldi, tuflisining ichi qum aralash suvga toʻldi. Oyoqlari uvushib, badani junjikdi. Tabiat quturib jazavaga tushganga oʻxshardi.

U birdan roʻparadagi soʻqmoq yoʻldan sigir yetaklab kelayotgan cholga koʻzi tushdi. Ozgʻingina, suyaklari turtib chiqqan bu moʻysafid shamol aralash qarsillatib urayotgan yomgʻirni pisand qilmaganday arqonni oʻz holiga qoʻyib, boshini quyi eggancha shoshilmay kelardi.

Tavba… yigit oʻzining qunishib, dildirab turgan ahvolidan xijolat tortdi. Xuddi charaqlagan oʻtloqda poda boqib yurganday-a? Cholning ohori tushib unniqib ketgan doʻppisi, yuzlaridan oqib tushayotgan yomgʻirdan ogʻirlashgan toʻni, loyga botgan etigi zalvoridan oyoqlari chalishib-chalishib ketardi. Yigit cholga qarab shu tobda oʻzini unutdi, sovqotgani, usti boshining shalabboligi ham yodidan chiqdi.

Chol yigit bilan roʻbaroʻ kelganda yer ostidan unga ilkis qaradi-yu, chogʻroqqina darvozadan koʻrimsizgina chorboqqa indamay kirib ketdi.

Yigitga yolgʻiz oʻzi bepanoh, kimsasiz, butun bir olam bilan qolganday boʻldi. Tobora kuchayib borayotgan jalada akasining paxsa devorlari yomgʻirga qoʻshilib oqayotgani koʻz oldidan oʻtdi. Alam oʻtidanmi, bunga achinmayotganini his etdi. Shu yerda junjikib, qaltirab turganiga akasining oʻzi aybdor emasmi? Shu payt xayolini cholning hazin ovozi buzdi:

– Qani mehmon, ichkariga.

U chol ortidan indamay ergashdi. Uning bundan boshqa iloji ham yoʻq edi. Yomgʻir ayamay savalardi.

Orqama-keyin darvozaning qoʻltigʻidagi gʻaribgina uychaga kirishdi. Loysuvoqli uy, yagona xonaning (agar shunday deb atash mumkin boʻlsa) yarmi yerdan bir metr koʻtarilib, pol qilingan. Qolgan yarmiga urinib ketgan sholcha toʻshalgan.

Yigit xonani koʻzdan kechirib chol beshikdoʻz usta chogʻi, degan toʻxtamga keldi. Chunki xonada yangigina gul solingan, chala bitirilgan beshiklar, hunarmandchilik asbob-uskunalari batartib terib qoʻyilgandi. Chol yigitga oddiygina yogʻoch kursi qoʻyib berdi. Gugurt chaqilishi bilan oʻchoqdagi quruq oʻtin gurillab yonib, alamazonga aylandi. Moʻysafid olovga yana shox-shabba tashladi.

– Bemalol ust-boshingizni quritib olsangiz boʻladi, – dedi-yu, oʻziga bu gap taalluqli emasday, toʻnidan oqayotgan suvga parvo ham qilmay oqsoqlangancha tashqariga chiqib ketdi.

Yigit “rahmat” deyishga ham ulgurmay qoldi. Birpasda koʻylaklari qurib, taniga issiqlik yugurdi, joni orom topdi. Koʻngliga shu gʻaribgina kulba eng bexavotir, rohatbaxsh joy boʻlib tuyuldi. Hayal oʻtmay xonaga chol, orqasidan qotmadan kelgan, yetmishlardan oshgan, lekin tetikkina kampir kirdi. Yigit bilan bosh irgʻab salomlashib, dasturxon yozdi.

– Bu yerlikka oʻxshamaysiz, yoʻl boʻlsin, yigit? – soʻradi moʻysafid oʻchoqdagi oʻtni joʻnashtirarkan.

Dabdurustdan berilgan savoldan yigit dovdiradi.

– A-a-kam-nikiga kelayotuvdim, akamnikiga. Akam Yangiqishloqdan chek olib, imorat quryapti. – Aka degan soʻzni ich-ichidan mehri tovlanib aytganiga oʻzi ham hayron qoldi. – Hali ustini yopmagandi. Shunga… paxsalari…

Iy-e, nega yolgʻon toʻqiyapti, oʻzini farishtaday pok koʻrsatmoqchimi bu cholga? He, ablah, hozirgina akang bilan qirpichoq boʻlishga tayyor eding-ku! Qoʻynidagi pichoq shundoq yuragiga botgandek boʻldi. Agar chol uning yuziga sinchiklab qaraganda albatta, yolgʻon toʻqiyotganini sezardi. Lekin chol oʻz oʻylari bilan andarmon edi.

– Akamnikiga deng, – chol boshini yerdan koʻtarib shivirlab gapirdi. – Ogʻa-ining boʻlgani Xudoning marhamati. Yolgʻizlik yomon… Mana, mening hech kimim yoʻq, qabrimga bir kaft tuproq tashlaydigan ham.

– Farzandlaringiz yoʻqmi? – u cholning ahvoliga astoydil achindi.

– Tangrim bir qiz, bir oʻgʻil ato etgan. Qizimni chiqarganman, oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlib ketgan, balki shunisi ham durustdir. Oʻgʻlim olisga ishlagani ketgan, besh yildan oshdi chamasi-yov…

Chol koʻzini yumib uzoq sukutga ketdi, goʻyo oʻzi bilan oʻzi olishayotganday edi. Qumgʻondagi suv biqirlab, choʻqqa tushib chisirladi. Chol uzoq uxlab uyqudan uygʻonganday seskandi, keyin parishonxotirlik bilan choy damlay boshladi.

– Hoʻ-oʻ, nodon bola-ya, menga bir dunyo pul bilan ikki enlikkina xat yuboribdi. “Ota, hashamatli uy qurdiring, qishloqda hammanikidan baland boʻlsin”, debdi, – chol kuldi. – Bir oyogʻim yerda, bir oyogʻim goʻrda boʻlsa… Odamlar oʻnlab xonali koshonalar solishadi, qani, bir xonadan ikkinchi xonasiga oyogʻini uzatib yotolsa edi. Tugʻilganimizda bir gaz boʻzga ega boʻlamiz, shuncha yugurib-yelib, dunyoni bir-birimizdan qizgʻanib, olib ketarimiz uch gaz surp, he-ye!

U dasturxondagi nondan sindirdi. Doʻltali, sutli nonning hidi ishtahasini qitiqladi. Kampir qaymoq shoʻrva olib kirdi.

– Juda qoʻli shirin-da, kampirimning, qani oling, – deya manzirat qildi.

– Gulni ham yaxshi chizarkanlar, – yigit burchakdagi beshikka ishora qildi.

Kampirning beshikka solgan naqshlari xuddi qadimiy yozuvlarga oʻxshab ketardi.

– Lekin Xudoning moʻmin quli, umrida qoʻliga pul ushlamagan, pul sanashni bilmaydi. Agar u dunyoda ham ahvol shu boʻlsa, pul sanashni oʻrganib olmasang, notavonligingcha qolib ketasan, deyman, – chol yana kuldi.

Shu bilan shoʻrva ichib boʻlinguncha bir ogʻiz ham gapirmadi.

Yigit jala tinganini koʻrib ketmoqqa izn soʻrash uchun bir qoʻzgʻalib qoʻydi. Chol esa koʻzlarini yumgancha yigitgami, oʻzigami hasrat qila boshladi:

– Bu dunyoda akang boʻlgani qanday yaxshi, seni yoʻqlaydiganlar boʻlishi qanday yaxshi… Kampirimga bir kun boʻlsa ham sendan oldin ketay deyman, xoʻrlik koʻrmasdan.

Oʻtning alangasida moʻysafidning nigohlari donishmandlarnikiday oʻychan qiyofaga kirdi. Choʻgʻni titkilab eski qoʻshiqmi, baytni xirgoyi qila boshladi:

 

Nilufar bargi uzra shabnamcha yoʻgʻmi himmating.

 

Shu oxirgi misra yigitning qulogʻiga aniq-tiniq kirdi. Beixtiyor ichida takrorladi:

 

Nilufar bargi uzra shabnamcha yoʻgʻmi himmating…

 

Hazrat Navoiy xoʻb aytgan-da, – chol uning borligini ham unutganday olovga soʻzsiz tikilgancha turib qoldi.

“Shu qishloqi, qari chol Navoiydan bayt aytyapti, sen birorta sheʼr bilasanmi oʻzi?”

Yigit oʻziga-oʻzi savol berarkan, alifbodan yodlab olgan sheʼrlaridan boshqa biror satr yodiga tushmadi. U shu topda chol uni sinov qiladiganday uyatli bir holga tushdi, shoshib oʻrnidan turdi. Chol boshini koʻtarib yigitga boshdan-oyoq nazar tashladi:

– Mayli, akangizning oldiga tezroq boring, ishqilib paxsalari jalada ivimagan boʻlsin.

Sattor jinoyat ustida qoʻlga tushgandek qizarib ketdi. Chol bilan tuzukroq xayrlashishga ham botinmay tashqariga chiqarkan, yengil nafas oldi.

Osmon yorishib ketgan edi. Yigit jaladan soʻng oʻzini tiklay boshlagan maysa-giyohlarni bosishga jurʼat etolmay, yoʻl boshida bir zum toʻxtab qoldi.

Qayoqqa boradi? Koʻz oldidan akasining oftobda kuyib ketgan horgʻin yuzi, hasratli chehrasi oʻtdi.

Hozir nima qilyaptiykan bechora? Amal-taqal qilib tiklagan devorlari jalada loyga aylangani aniq, yana ortiqcha sarf-xarajat, mehnat… Tomini yopgani bitta novvosning puli yetarmikin? Yana bitta novvosini bozorga olib chiqib sotib beradi-da. Oʻrtoqlariga shu kuzda mashina olaman deb maqtanib qoʻygan boʻlsa nima qipti? Bu yil boʻlmasa yanagi yilga olar. Osmon uzilib yerga tusharmidi? Axir ular jon-jigarlar-ku, bir-birlarini suyashlari kerak.

Sattor qoʻynidagi pichoqni olib bir chetga uloqtirib yubordi-da, xavotirda oʻtirgan onaizorining koʻnglini tinchlantirish uchun katta yoʻlga chiqib mashina kuta boshladi.

 

Enaxon SIDDIQOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

https://saviya.uz/ijod/nasr/jalada/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x