Nodir Jonuzoq. “Ustoz” (Uztoz va murabbiylar bayramida oʻqilgan sheʼr)

 

Koʻchirib olish (Tas-IX)

 


Mundoq oʻylab qarasam,

Sizga bitmabman hech sheʼr.

Qalam haqqiga qasam,

Sizsiz zabun edi Yer.

 

Ne boʻlgay holi, maʼlum,

Xatsiz yoʻli xatodir.

Dunyoda ilk muallim,

Shaksiz, Odam Atodir.

 

Dunyo – zulmat, qorongʻu,

Chimmatga choʻmgan chogʻda.

Porlab yulduz qarogʻi –

Goʻyo choʻgʻday oʻchogʻda…

 

Olamga mayoq boʻlib,

Lovullab porlagansiz.

Koʻz, qoʻlu oyoq boʻlib,

Nur sari chorlagansiz.

 

Siz – Beruniy,

Siz – Sino,

Siz – Farobiy, Ulugʻbek.

Oq qogʻozdek pok siymo,

Sehringizga yoʻqdir chek.

 

Cheklab Haqqa yot ishni,

Olamga solmish suron –

Poyingizda yotishni

Baxt bilmish Sohibqiron!

 

Hali-hanuz bu – ibrat,

Abadiy tuzuk kabi.

Baxsh etar gʻurur, hikmat –

Temurbeklar maktabi.

 

Men ham – bir ilmi tolib,

Hali chala darsim koʻp.

Qanday ketayin tonib,

Oldingizda qarzim koʻp.

 

Garchi “Qoʻygil, bu ne gap,

Egma boshing hech…” deysiz.

Xom, gʻoʻr sheʼrlarim tinglab,

Balli, bahong “besh”, deysiz.

 

Yengingizga yuqqan oq –

Boʻrmas, koʻnglingiz yuqi.

Zimmangizda ulkan togʻ –

Yorugʻ kelajak yuki.

 

Men ham siz-la yonma-yon

Shu yukni koʻtarsaydim.

Oldda – buyuk imtihon,

O, undan oʻtolsaydim!

 

Balki shunda salgina

Boʻlgaymi yuzim yorugʻ.

Oʻzimdan qilmay gina,

Olsam maqtovli yorligʻ…

 

Siz-chi, kutmaysiz olqish,

Sizga ilinj, tamaʼ yot.

Oʻqib-yozib toliqish –

Sizga kundalik hayot.

 

Dasta-dasta daftarga

Sochasiz koʻz nurini.

Sinf-sinf saflarga

Ulashib bor umrini…

 

Tolmang!

Fidoyi Ustoz,

Sizga tirgak shu Vatan.

Qancha taʼzim qilsak – oz,

Qancha alqasak-da kam.

 

Dunyo – keng saboqxona,

Dunyo – rang-barang maktab.

Qutlarkan, shu bahona

Yurtimni qoʻyay maqtab.

 

Tasdiqlaydi toʻrt tomon,

Darsi olamga yoddir:

Donishmand Oʻzbekiston –

Maʼrifatda Ustoddir!

 

Nodir Jonuzoq

https://saviya.uz/audio-video/nodir-jonuzoq-ustoz-uztoz-va-murabbiylar-bayramida-oqilgan-sher/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x