MUVAQQAT FARGʻONA HUKUMATI

MUVAQQAT FARGʻONA HUKUMATI, Fargʻona muvaqqat muxtoriyat hukumati — Fargʻona vodiysida Madaminbek boshchiligida tuzilgan hukumat (1919.22.10—1920.6.3). Sovet rejimiga va qizil armiyaga qarshi kurashayotgan Fargʻona harbiy muxolifati tomonidan Pomirning Ergashtom ovulida boʻlgan anjumanda tashkil topgan. Hukumat tarkibiga Madaminbek bosh vazir va oliy bosh qoʻmondon, krestyanlar armiyasining raxbari polkovnik K. Monstrov unga oʻrinbosar, generalmayor Muxanov harbiy vazir, yirik savdogar Hakim-jon Azizxonov moliya vaziri, advokat Nensberg ichki ishlar va adliya vaziri, shuningdek, Sulaymon Kuchukov, Plotnikov, Fenin va b. (16 musulmon va 8 rus) vazir sifatida kiritilgan.

1919-y. okt. da Madaminbekning qarorgohida koʻp davlatlarning rasmiy vakillari boʻlgan. Muvaqqat Fargʻona Hukumatining nufuzi esa Fargʻona xalqi oʻrtasida juda kuchli boʻlgan. 1919-y. okt. da 150 tacha qoʻrboshi dastalari 4 ta yirik lashkarboshi: Madaminbek, Katta Ergash, Shermuhammadbek, Xolxoʻja Eshon boshchiligida birlashtirilgan. Mazkur dastalarning har birida sobiq podsho armiyasi ofitserlari va turk zobitlaridan tashkil topgan harbiy yoʻriqchi lavozimi joriy qilindi. Shuningdek, istiqlolchilar qoʻshini orasidan mustaqillik gʻoyasiga sadoqatli, mard va jasur yigitlar tanlab olinib, ular qoʻrboshilarni tayyorlash maxsus kurslarida oʻqitildi. Ular tajribali qoʻmondonlardan Sharq harbiy sanʼatini oʻrgandilar. Oʻsha davr voqealarining bevosita shohidi Alixontoʻra Sogʻuniyning yozishicha, bu kurslarda harbiy mashgʻulotlar «Temur tuzuklari» asari asosida oʻrgatilgan.

Muvaqqat Fargʻona Hukumati h – huzurida xorijiy mamlakatlardan qurol-yarogʻ sotib olish bilan shugʻullanadigan maxsus idora, shuningdek, hukumatning maqsad va vazifalarini xalqqa tushuntirish bilan shugʻullanuvchi gʻoyaviy uyushma ham tashkil etilgan. Uyushma, asosan, varaqalar, chaqiriqlar, murojaatnomalar va bayonotlar nashr qilish hamda ularni qoʻshin va xalq oʻrtasida tarqatish bilan shugʻullangan.

1920-y. boshlarida Rossiya markazidan Fargʻona vodiysiga kizil armiyaning yangi qismlari tashlangach, bir qator janglarda Madaminbek yigitlari magʻlubiyatga uchragan. Monstrov va Muxanov qizil armiya tomoniga oʻtgan. Madaminbek bilan bolsheviklar oʻrtasida sulh tuzilgach (1920.6.3), M. F. H. oʻz-oʻzidan tarqalib ketdi.

Ad.: Turkestan v nachale XX veka: v istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Oʻzbekistonning yangi tarixi [2-kitob], Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida, T., 2000; Rajabov K,., Xaydarov M ., Turkiston tarixi (1917—1924), T., 2002.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x