Istiqbol yoʻlida kechgan umr

 XIX asr adogʻi va XX asr avvalida dunyoga kelgan avlod orasidan shunday ajoyib siymolar yetishib chiqdiki, bu avlod oʻzbek xalqining maʼrifatli, oʻzbek diyorining ozod va obod boʻlishi yoʻlida fidoyilarcha mehnat qildi hamda yangi oʻzbek ijtimoiy va badiiy tafakkuriga, yangi oʻzbek fani, adabiyoti va sanʼatiga tamal toshini qoʻydi.

Taniqli shoir va jamoat arbobi Botu shu muborak avlodning munosib vakili edi.

Botu taxallusi bilan qalam tebratgan shoirning asl ism-sharifi Mahmud Hodiyev boʻlib, 1904 yil 16 mayda Toshkent shahri Shayxontohur dahasining Qatorterak mahallasida boʻzchi oilasida tugʻilgan. Otasi Maqsud Hodiyev zamonasining oʻqimishli kishilaridan boʻlmasa-da, maʼrifatparvar va taraqqiyparvar kishilar suhbatidan bahramand boʻlgan, farzandining ham “elim deb, yurtim deb” yonib yashayotgan zamondoshlari izidan borishini astoydil istagan kishi edi. Onasi Toʻxta aya esa aqlli, ziyrak, kitobxon, mehribon ayol boʻlish bilan birga, koʻplab xalq qoʻshiq va ertaklarining xazinaboni ham edi. Naql qilishlaricha, Mahmudjon besh yoshidayoq “Tohir va Zuhra” ertagini yod olib, biror soʻzini ham qoldirmay, onasiga qoʻshilib aytar ekan. Shunday zehni oʻtkir va tirishqoq bola XX asrning 10-yillarida dengiz yangligʻ joʻshib-toshgan maʼrifiy-ijtimoiy hayot bagʻrida tez ulgʻayadi. U 1918 yilda “Vatan” maktabi qoshida Said Ahroriy tashkil etgan “Izchi” toʻdasi mashgʻulotlarida, 1919–1921 yillarda esa Fitrat tashubbusi bilan tuzilgan “Chigʻatoy gurungi” tashkiloti yigʻilishlarida millatparvar va hurriyatparvar inson sifatida shakllana boshladi.

1919 yilda “chigʻatoygurungchilar” Navoiyning nomaʼlum bir rasmini topib, matbuotda ilk bor eʼlon qiladilar. Botu bu rasmni koʻrib, uning oʻz tasavvuridagi Navoiyga aslo oʻxshamasligini aytib: “Bu xayoliy bir surat boʻlsa kerak, chunki bu rasm, “Qiyofat ul-bashar”da aytilishiga koʻra, nozik tabiat, hassos, zarif va basiratli odamning suratiga oʻxshamaydi. Semiz, begʻam, dudogʻi qalin, barcha narsaga loqayd qaraydigan shaxsni eslatadi”, deydi va yana “Men folbinga oʻxshab ketdimmi-a?” deb qoʻshib qoʻyadi. Fitrat ijozati bilan eʼlon qilingan bu rasmga shubha bilan qarash ustozga nisbatan ham, uning ne hasrat bilan topgan rasmiga nisbatan ham hurmatsizlikka yoʻyilishi hech gap emas edi. Lekin Botu Navoiyga boʻlgan katta ixlosi tufayli shunday “shakkoklik”ka jurʼat etgan.

Darvoqe, Botu – yangi oʻzbek sheʼriyati tarixida Navoiyga bagʻishlangan birinchi sheʼrning ham muallifidir. Ulugʻ shoirning katta xizmatlaridan biri, uning nazarida, forsiy tili soyasida qolib kelayotgan oʻzbek adabiy tilida sheʼriyat durdonalarini yaratib, tilimizning forsiydek goʻzal va boy til ekanligini asoslab berganida edi. Shuning uchun ham Botu 1925 yilda yozilgan “Navoiy” sheʼrida ulugʻ shoir obrazini yaratishga shu adabiy “rakurs”dan turib yondashgan:

 

…Arab, forsiy qullari

U soʻzlarni eshitgach,

Xoxolashib kuldilar.

Mazax qilib: “Bu kishi

Telba boʻlmish”, dedilar.

 

Bunday yanglish soʻzlarga

U kishi hech boqmadi.

Buyuk tilak yoʻlida

Kecha-kunduz ishladi.

Soʻzlarining haqligin

Ishlar bilan koʻrsatdi.

 

“U kishi kim?” desangiz,

Aytib beray, oʻrtoqlar.

U kishini bilsangiz,

Buyuk shoir Navoiy.

Shuning uchun, bolalar,

Navoiyni sevaylik.

Navoiyning otini

Oltin bilan yozaylik.

 

Bu sheʼr yozilgan vaqtda dastlab Buxoroda Fitratning “Tong” jurnalida va keyinroq Qoʻqondagi “Fargʻona” gazetasi tahririyatlarida xizmat qilgan Botu Moskvaga borib, 1-Moskva davlat universitetining iqtisod fakultetida tahsil olayotgan edi. U sobiq SSSRning eng nufuzli oliy oʻquv yurtida bilim olish, shu yerdagi adabiy-madaniy hayotni maroq ila kuzatish bilan birga ayni vaqtda zamona zayli bilan Moskvada uyushib qolgan Fitrat va Choʻlpon, Turor Risqulov va Abdulla Rahimboyev, Nazir Toʻraqulov va Akmal Ikromov singari vatandoshlarining Turkiston Respublikasi vakolatxonasidagi yigʻilishlari, fikr olishuvlari, shatranj oʻynashlarida ham qatnashib, shoir va shaxs sifatida yuksalish imkoniyatiga ega boʻldi.

Shoir Botu baxtli yulduz ostida tugʻilgan edi. U 1919 yili yozgan dastlabki sheʼrlari bilan Fitratdek alloma shoir nazariga tushadi. Yosh shoirning yorugʻ kelajagiga ishongan ustoz uni “Chigʻatoy gurungi” tashkiloti yigʻilishlariga jalb etib, unda tarixga, Vatanga, millatga muhabbat tuygʻusini uygʻotadi. Oʻzining, Choʻlpon va Elbekning sheʼrlaridan tarkib topgan “Oʻzbek yosh shoirlari” (1922) toʻplamiga uning ham sheʼrlarini kiritadi. Bunday katta ishonchga sazovor boʻlgan Botu ustozlar umidini oqlash uchun oʻz ustida qattiq ishlaydi. 1925 yili uning “Umid uchqunlari”, 1929 yili esa “Toʻlqin tovushlari” toʻplamlari chop etiladi. Sheʼrdan-sheʼrga, toʻplamdan-toʻplamga qalami charxlanib, sheʼrlari yashnab borayotgan Botu shu yillarda yoshlarning eng sevimli shoiriga aylanadi. Bu quvonchli holning boisi Botu sheʼrlarida tengdoshlarini bezovta qilgan hayotiy muammolarning, ular qalbida javlon urgan tuygʻu va kechinmalarning yangi poetik boʻyoqlar bilan ifodalanganida edi. Ular nafaqat yosh shoirning lirik qahramonida, balki uning sheʼrlarida tasvir etilgan Sora Eshontoʻrayeva, Germaniyaga oʻqishga borayotgan Xayrinisa Majidxonovalarning obrazlari koʻzgusida ham oʻz ruhiy hayotlarining ifodalanganini, oʻz orzu-umidlarining roʻyobga chiqayotganini koʻrganlar va shu hol Botu ijodiga boʻlgan qiziqishlarini muntazam ravishda alangalatib turgan.

20-yillardagi oʻzbek sheʼriyatiga nazar tashlagan kishi poetik mavzuning xiyla yuzaki, hatto plakatlashgan tasviri ustuvorlik qilganini koʻrmay iloji yoʻq. Bunday qusur Botu sheʼrlariga ham begona emas. Ammo uning eng yaxshi sheʼrlari zamirida qandaydir sirli tuygʻular, sirli holatlar mavjud, shikasta qalb zamzamalari eshitilib turadi. Shoir oʻz qalbining tag-tagida tugʻyon qilib turgan tuygʻularni yuzaga chiqarmaydi. U oʻquvchini oʻz sheʼrlari magʻzini chaqishga taklif qiladi.

 

Soʻrma, oʻrtoq, koʻzlarimda oʻtli yosh qaynashganin,

Soʻrma hech bir yuzlarimda qaygʻular oʻrnashganin,

Soʻrma bu majnun koʻngilning dard ichida yonganin,

Soʻrma bu mahzun xayolning qay ochunda yurganin…

 

“Soʻrma” (1921) deb atalgan bu sheʼr quyidagi bayt bilan yakunlangan:

 

Dardlilar dard anglatolmas dardsiza soʻylov bilan,

Koʻrsatib boʻlmas quyoshni koʻzsiza maqtov bilan.

Fitrat oʻzining ilmiy risolalarida shogirdining bu sheʼrida qoʻllangan poetik usul va vositalarga eʼtibor qaratib, ularni bir necha bor tahlilga tortganki, bu hol “Soʻrma”ning unga ayniqsa manzur boʻlganidan shahodat beradi.

Botu sheʼrlaridan shu narsa seziladiki, u Moskvaga qilgan safari va Moskvadagi tahsil yillarida oʻziga va vatandoshlariga nisbatan sovuq munosabatni, hatto hurmatsizlikni koʻrgan. Ammo shoir bularning hammasi uning ezgu maqsadi oldida hech narsa emas, deb hisoblagan. “Yoʻlchi soʻzi” deb nomlangan sheʼrning quyidagi satrlari shundan dalolat berib turadi:

 

Yurtdan, eldan uzoqda

Istiqbol deb yuraman.

Nechundirkim tuzoqda

Elim ongin koʻraman.

 

Uzoq va yot yoʻllarda

Turli mudhish koʻrinish.

Bu zoʻr, ulugʻ dunyoda

Yashash uchun urinish…

 

…Koʻrdiklarim har biri

Menim uchun zoʻr saboq.

Bildiklarim har biri

Tuzoq uchun bir yaroq.

 

Shoirning safar va tahsil chogʻlarida chekkan xoʻrlik va xorliklari bu satrlar qatidan ingrab turgandek boʻladi. Uning “Koʻrdiklarim har biri Menim uchun bir saboq” singari satrlarida chaqilmagan maʼnolar yoʻq emas.

Botu yashagan davr har tomonlama ogʻir va murakkab edi.

U Moskvaning begona iqlimida yashagan yillarida yupun kiyingan va toʻyimli oziq-ovqatlarni isteʼmol qilolmagan boʻlsa kerakki, oʻsha yillarda keng tarqalgan sil xastaligiga yoʻliqqan. Hayoti uchun oʻta xavfli xastalikdan davo topish uchun Yaltadagi shifoxonalardan biriga borib davolangan. Shoir xayolida ming xil tuygʻular charx urib, bir-biri bilan oshno boʻla olmagan bu tuygʻular tazyiqida quyidagi satrlarni yozgan:

 

Kuchli borliq, sirli dunyo, koʻngildan ber bir darak,

Koʻpmi gʻavgʻo, koʻpmi savdo menga baxsh aylar falak?

Qaysi togʻda, qaysi bogʻda, qaysi chogʻda sayr etar,

Erki koʻngil erkini tun-kun qoʻriqlovchi malak?

 

Bu choʻlponona ruh bilan yoʻgʻrilgan sheʼrda Botu, Pushkinning “Yevgeniy Onegin” sheʼriy romanidagi Lenskiy singari, keyingi taqdiriga nazar tashlamoqchi va uni bilmoqchi boʻladi. U, balki, oʻzini qanday sinovu dahshatlar kutayotganini sezgandir, oʻshanda. Ammo agar sezgan boʻlishiga ham qaramay, “Men yashash maydonida qoʻrqib kurashdanmi qochay?” – deb maqsad yoʻlida ortga aslo qaytmasligini aytgan.

Ha, davr oʻta ogʻir va murakkab edi. Ammo, bir tomondan, uning yuragida yoshlik taronalari baland pardalarda yangrab turgani, ikkinchi tomondan, u oʻz oldiga xalq va Vatan taqdiri bilan bogʻliq buyuk maqsadni qoʻygani uchun davrning bu jabru jafolariga dosh berdi. Dosh beribgina qolmay, tabiatining sehrli manzaralariga suq bilan nazar tashlab, bu tashvishli dunyoni unutgandek boʻldi; oydin kechalardagi qora paranji yopingan daraxtlarning shitirlashlariga quloq soldi, oyning bulutlar bilan kurashib, ular qurshovidan gʻolibona salobat bilan chiqib kelishlarini koʻrdi, goʻzal orzular oqqush yangligʻ qanot yozgan qalbi mavjlarini qogʻozga tushirdi:

 

Oyli tun, oppoq, iliq qoʻyningda ozroq dam olay,

Kuchli bir dengiz kabi toʻlqinni tashlab, tinch qolay.

Bir nafas tinch qolganimda orqa-oʻngga bir qaray,

Kechdigim yoʻllarda qolgan turli izlarni sanay.

Turli izlar koʻnglidan tilsimli sirlarni soʻray,

Soʻngra turmush kaʼbasida sajdalarga bir qaray.

Soʻngra borliq boqchasinda qip-qizil gullar teray,

Sirli toʻlqin amriga fikru xayolimni beray…

 

Botuning bunday goʻzal lirik sheʼrlarini oʻqigan kishi uning kelajakda Choʻlpon anʼanalarini davom ettirib, oʻzbek sheʼriyatini yangi bosqichga olib chiqa olish salohiyatiga ega boʻlganiga qanoat hosil qiladi. Lekin, afsuslar boʻlsinki, davr unga bunday imkoniyatni bermadi.

Biz yuqorida Botuni baxtli yulduz ostida tugʻilgan, dedik. Afsuski, mustabid tuzum oʻzining qonli qilichini birinchi navbatda shunday siymolarga qaratgan edi.

Fitrat va Choʻlponning shogirdi boʻlmish Botu, zamondoshlarining shahodat berishlaricha, turkiy va forsiy adabiyotning Navoiydan boshlab hech qachon ogʻizdan qoʻymagan. “Botuning sevgan shoirlaridan biri, – deb yozgan edi Laziz Azizzoda, – Fuzuliy edi. Tabiat hammaga katta aql va yuksak isteʼdodni beravermaydi. Lirikasi bir olam boʻlgan Fuzuliy kabi bir shoirning dunyoga kelishi uchun koʻp vaqt kutish kerak boʻladi. Uning:

 

Ey Fuzuliy, manzili maqsuda yetmak istasang,

Hech rahbar oʻzmaz, atvori mustahsan kabi

 

parchasidan ham lazzatli sheʼr, ham koʻrkam axloq darsi olasiz,” der edi.

Sharq mumtoz adabiyotiga nisbatan otashin muhabbat ruhida tarbiyalangan Botu Moskvaga borganida bilim xazinasini boyitishga katta eʼtibor berdi. Agar u 1927–1929 yillarda Toshkentda ishlab turgan chogʻida Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) olimlaridan A. L. Vaynshteyn, V. A. Klyuchevskiy, V. I. Romanovskiy, A. E. Shmidt, A. Semyonovlar bilan yaqin munosabatda boʻlib, ular bilimidan bahramand boʻlishga intilgan boʻlsa, Moskvada uning qarshisida bundan-da katta imkoniyat paydo boʻlgani uchun dunyoga mashhur olimlarning, birinchi navbatda A. V. Lunacharskiyning adabiyot va sanʼat haqidagi maʼruzalarini “suvdek simirish”ni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Universitetda uyushtirilgan adabiy kechalarni, turli-tuman klublarda oʻtkazilgan va tongga qadar davom etgan bahs va munozaralarni, “Nikitin shanbaliklari”ni kanda qilmadi. Bu shanbaliklarda rus shoir va yozuvchilarining yangi asarlari Lunacharskiy ishtirokida tahlil qilinar, ijodiy bahslar oʻtkazilar, taniqli shoirlar oʻzlarining yangi sheʼrlarini oʻqib berishar edi. Botu shunday adabiy yigʻinlarda A. Serafimovich, M. Bezimyanskiy, M. Jarov singari qalam ahli bilan shaxsan tanishib, ular bilan muloqotda boʻlgan. Moskvaning qizgʻin adabiy hayoti Botuni mahliyo qilganiga qaramay, u mumtoz rus adiblaridan Pushkin, Lermontov, Tolstoy, Chexov asarlarini koʻproq oʻqigan. Shoirning rafiqasi Valentina Vasilyevaning xotirlashicha, Pushkin uning, ayniqsa, sevimli shoiri boʻlgan. “Botu, – deb yozgan edi u, – tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlar, goʻzal narsalarni koʻrganda mahliyo boʻlib qolar, quyoshning chiqish va botish paytidagi manzaraga uzoq tikilib turar, Moskvada kezinib yurishni sevar, koʻrkam uylar, bogʻlar, haykallarga alohida diqqat-eʼtibor berardi. Pushkin haykali oʻrnatilgan xiyobon esa uning eng sevimli joylaridan biri boʻlib, u shu yerda oʻy-xayolga berilib, hordiq olar edi”.

Botu Pushkin haykali qarshisida oʻtirib, oʻy-xayolga berilgan chogʻlarida ulugʻ rus shoirining soʻlim sheʼrlarini ichida yod oʻqir va taqdir unga ijod bilan shugʻullanish imkonini berganida ularni, albatta, oʻzbek tiliga tarjima qilishni orzu qilar ekan. Uning tarjimon sifatida orzularidan yana biri Chexovning gʻaroyib hikoyalarini ham oʻzbek kitobxonlariga taqdim etish boʻlgan. Afsuski, Botu Pushkinning birorta sheʼrini tarjima qilish sharafiga muyassar boʻlmadi. Chexovning esa faqat “Vanka” degan hikoyasinigina oʻzbek tiliga oʻgirdi, xolos.

Botu, naql qilishlaricha, Akmal Ikromov bilan doʻstona munosabatda boʻlgan. Akmal Ikromov Moskvaga kelganida, odatda “Metropol” mehmonxonasida yashar, ammo u Moskvaga onda-sonda kelgani uchun Botu xotini bilan birga uning xonasida istiqomat qilgan. Taniqli davlat arbobining farzandi Komil Ikromov otasi haqidagi kitobida shu haqda bahs yuritib, bunday unutilmas voqeani bayon etgan: “Mahmud (Botu demoqchi – N. K.) yotoqxonada, Akmal (Ikromov demoqchi – N. K.) esa “Metropol” mehmonxonasida yashagan. Omadni qarangki, Akmal tez-tez Osiyoga borib yashagani uchun xonasini bizlarga qoldirar edi. Biz uning xonasida doʻst-yorlarimizni kutib olardik. Mayakovskiy bizning mehmonimiz boʻlgan, palov yegan. Bir kuni Yesenin ham kelgan. Bizga uni piyanista deyishardi. U esa bir piyola ham ichimlik ichmadi. Palovdan urdi, aroqqa esa hatto qaramadi.

Mayakovskiy Akmalga Mahmudning isteʼdodli ekanini aytgan. Luncharskiy ham: “Oʻrtoq Ikromov, bunday shoirlarni ehtiyot qilish, ularga yordam berish lozim”, degan.

Biz uchovlon boʻlib teatr, konsert va adabiy kechalarga borar edik. Akmalning ruxsatnomasi bor edi, shu ruxmatnoma bilan bormagan joyimiz qolmagan. Keyin esa bizga Jenya (Akmal Ikromovning rafiqasi Ye. L. Zelkina – N. K.) ham qoʻshilib, biz toʻrtovlon birga boradigan boʻldik”.

Bu uzuq-yuluq xotiralardan Botuning Moskvada qaynoq adabiy hayotda yashab, ham zamonaviy, ham mumtoz rus shoir va yozuvchilarining asarlarini zavq bilan oʻqigani, ular mahorati “sir”larini qunt bilan oʻrgangani ravshan boʻladi.

Hikoya qilishlaricha, Botu Moskvadan qaytayotganida turli sohalarga oid 3 yarim mingdan ziyod kitobni olib kelgan. Bu kitoblar orasida rus yozuvchilaridan Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Tolstoy, Chexov va Gorkiyning, gʻarb yozuvchilaridan Gyugo va Zolyaning, olimlardan esa Bartold, Semyonov, Polivanovlarning koʻp va yakka jildlik asarlari boʻlgan, deyishadi.

Moskva Davlat universitetini birinchilar qatorida tugatgan Botuning 1927 yil yozida vataniga qaytishi faqat oilasi va yor-doʻstlari uchun emas, balki barcha toshkentlik yoshlar uchun ham bayram boʻldi. U respublikaning oʻsha yillardagi poytaxti Samarqandda qisqa muddat turli lavozimlarda ishlaganidan soʻng maorif xalq komissari oʻrinbosari etib tayinlanadi. Komissarlik ixtiyoridagi milliy maktablar rus maktablariga qaraganda bir necha marotaba koʻp boʻlganiga qaramay, komissarlikka oʻrnashib olgan kimsalar maorif uchun ajratilgan mablagʻning katta qismini rus maktablariga berib kelganlari maʼlum boʻladi. Nafaqat Maorif xalq komissarligi, balki boshqa davlat idoralarini ham ruslar egallab olib, milliy kadrlarga kun bermayotganlari haqidagi faktlar toʻla tasdiqlanadi. Botu shunday hollarni bartaraf etish maqsadida Maorif xalq komissarligida yerlilashtirish masalasini koʻtardi. Bu, tegishli idoralar tomonidan millatchilik sifatida baholanib, komissarlik xodimlarining Botu boshchiligida katta bir guruhi 1930 yil 23 iyulda qamoqqa olindi.

“1929–1930 yillar boʻlsa kerak, – deb eslagan edi Botuning oʻgʻli, tibbiyot fanlari doktori professor Erkli Hodiyev, – uyimizga Segizboyev, Akmal Ikromov, Fayzulla Xoʻjayev, adabiyotchilardan, yodimda bor, Julqunboy, shoir Abdulla Alaviy (u 1931 yili Yaltada oʻpkasidan qon kelib vafot etgan) va boshqalardan iborat katta davrda toʻplangan edi. Hozirgidek yodimda: norin tayyorlangan. Oʻshanda otam oʻrinlaridan turib, menga bagʻishlangan va yorqin kelajak tilagan sheʼrlarini oʻqib berganlar. Otam sheʼr oʻqib boʻlgach, hamma men kabi bolalarning nurli kelajak meʼmorlari boʻlishi va baxtli-saodatli yashashlariga ishonch bildirgan’’.

Bu Botuning oilasi va yaqin kishilari bagʻridagi soʻnggi baxtli kunlardan biri edi. Oʻn yillik qamoq jazosini Solovey orollarida oʻtayotgan Botu 1938 yil Moskvaga chaqirtirib olindi va qayta sud qilinib, oʻsha yilning 9 mayida otib tashlandi.

 

Naim KARIMOV

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/istiqbol-yolida-kechgan-umr/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x