Men sheʼr aytsam, aytmadim til uchinda

MASHʼALA

Haqiqat mashʼalasini

Koʻtargan qoʻllarim kuydi.

Qayta-qayta bosilgan-u,

Koʻkargan yoʻllarim kuydi.

 

Qanchalab oylarim kuydi,

Qanchalab yillarim kuydi.

Sochim toʻlqini ming tola,

Ming tola qillarim kuydi.

 

Goh doʻstlarim tondi haqdan,

Najotlar kutdim falakdan.

Boʻlolmay haq bilan yaktan,

Aytolmay tillarim kuydi.

 

Mashrab dodlab yelar menda,

Usmon bejo kular menda,

Kuyuk isi kelar mendan,

Vujudu dillarim kuydi.

 

Bu mashʼala kuyib ketgan,

Kaftlarimda ildiz otgan.

Oʻt koʻtarib ketayotgan,

Boʻysunmas qoʻllarim kuydi.

 

Shunday yashab oʻlaman men,

Deyman tushib choʻkka – qasam!

Yerga qasam,

Koʻkka qasam!

Qay kun mashʼal koʻtarmasam

Shul kun ketgan boʻlaman men.

 

Haqiqat mashʼalasini

Koʻtargan qoʻllarim kuydi…

 

 

AYOL OʻTIB BORAR

Sen soʻrama, men ham aytmayin,

Kuragimning singanini qars.

Shovqin solma, men uygʻotmayin,

Yuragimda yotar bir yoʻlbars.

 

Baland bir oʻt yongan ichimni,

Men sovutib yashashim kerak.

Oʻz-oʻzimga sarflab kuchimni,

Men ovutib yashashim kerak.

 

Ayol oʻtib borar, shoʻx yurib,

Shamollarda soch yoygan ayol.

Ich-ichida yoʻlbars oʻkirib,

Sirtdan mayin jilmaygan ayol!

 

 

BILMASLAR

Koʻrdim qishloq, goʻzal shaharlar koʻrdim,

Ohorlari ketib borar, bilmaslar.

Jamalaksoch pari-paykarlar koʻrdim,

Bahorlari ketib borar, bilmaslar.

 

Tugmak boʻlsa yetmas belbogʻ uchlari,

Dunyo molin mahkam tishlar tishlari.

Bogʻlarining shirinzabon qushlari,

Olqorlari ketib borar, bilmaslar.

 

Otlari-ya, qorabayir otlari

Gijinglaydi, deb oʻylasam, dodladi.

Yoli boʻron boʻlganligin yodladi –

Shunqorlari ketib borar, bilmaslar.

 

Kuzatib bu dunyoning oʻr-qirini,

Bilmay qoldim kelmak-ketmak sirini.

Yolgʻon yorlar yalashib bir-birini,

Chin yorlari ketib borar, bilmaslar.

 

Charsillagan bir oʻt yonar ichimda,

Men sheʼr aytsam, aytmadim til uchinda.

Bu talotoʻp, quv-quv, chop-chop ichinda,

Halima ham oʻtib borar, bilmaslar.

 

 

BARG TUSHIBDI YERLARGA

Onam oʻldi. Bor daryolar

Quriydi deb qoʻrqdim men.

Butun olam qora kiydi,

Koʻk kiydi deb qoʻrqdim men.

 

Har gullagan bogʻchayu bogʻ,

Oʻt olgaydir men kirgan chogʻ.

Ruh, vujudim boshdan oyoq

Choʻgʻ kiydi deb qoʻrqdim men.

 

Toshlar sindirdi shonamni,

Ajal chopdi peshonamni.

Endi qushlar faqat gʻamni,

Choʻqiydi deb qoʻrqdim men.

 

Qaroligʻlar shamni yengdi,

Toʻzgʻinliklar gʻamni yengdi.

Koʻzim faqat gʻamni endi

Oʻqiydi deb qoʻrqdim men.

 

Ammo…

Yo Ra-a-ab!

Gul-gul, qush-qush.

Barg tushmadi yerlarga.

Men kezarman tanho, behush

Tushunmay bu sirlarga…

 

Onam oʻldi. Bor daryolar

Quriydi deb qoʻrqdim men.

 

 

KOʻL

Koʻnglingiz bir uydir lang ochiq,

Oʻtgan-ketgan kiraveradi.

Mening koʻnglim – koʻzi yoshli jiq,

Bu holatni koʻraveradi.

 

Koʻnglingiz bir oyna – ochiq, lang

Oʻtgan-ketgan orolanadi.

Bu holatdan menga tegar sang,

Mening koʻnglim yaralanadi.

 

Koʻnglingiz – koʻl. Tozarmoq uchun

Oromini buzgisi kelmas.

Mening koʻnglim esa baliq – jim

Loyqa suvda suzgisi kelmas.

 

Ishq deganning koʻpriklari qil,

U yetgaydir – ohi yetganga.

Baliqlari tashlab ketgan koʻl –

Bir kun qolar oʻtgan-ketganga.

 

 

ERDA QOLGAN SOʻZLARIM

Oʻzni urdim oʻtgayu choʻqqa,

Kimga botdim,

Kim menga botdi.

Goh bayroqday yuksaldim koʻkka,

Goho poymol yerlarda yotdim.

 

Davom etgay hali bu jangim,

Bas kelgayman zaru zoʻrlarga,

Qanotimdan ayirma, Tangrim,

Kirgunimcha qaro goʻrlarga.

 

Kirganda ham tinmas boʻzlarim,

Boʻlar ular sharaf yo sharar.

Mening yerda qolgan soʻzlarim,

Bolalarni koʻkka koʻtarar!

 

 

Halima XUDOYBERDIYEVA,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 3-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/men-sher-aytsam-aytmadim-til-uchinda/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x